OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻrabek Ramazonov
Asar nomiKechikkan baxt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Joʻrabek Ramazonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kechikkan baxt (hikoya)
Joʻrabek Ramazonov

Alisherni kecha uchinchi operatsiyaga kiritishdi. Uning majruh boʻlib qolishi haqidagi taxmindan keyin Gulruxsor oʻzini tamomila yoʻqotib qoʻydi. Bir tomondan, kasalmand erining har qanaqa kutilmagan dardga chalinishi mumkinligini biladi. Lekin ba’zan haftada bir qozon qaynamaydigan uyda nogiron er bilan yashashni koʻz oldiga keltirib, yuragi orqaga tortib ketadi. Yangi turmush qurgan paytlari eri hartugul ishlar, roʻzgʻori but edi. Keyin negadir tez-tez tobi qochadigan boʻlib qoldi. Avvaliga oddiy shamollashga yoʻyilgan dard xavfli xastalik boʻlib chiqdi. "Oʻtib ketadi" deb xotinini ovutishni kanda qilmaydigan Alisherning oʻzi ham borib-borib kamgap odamga aylandi. Bu esa oʻz navbatida nochorlikdan nishona edi ayolning nazarida.

Bu oqshom ham shahar shifoxonasidan parishon qaytdi. Hali hech narsa ma’lum emasmish. Bidon idishni hafsalasizlik bilan ostonaga qoʻydi-da, yolgʻizlikning nafaqat hidi, balki boʻy-basti ham yaqqol koʻrinib turgan uyga bir qur nazar tashladi. Soʻng bu xonadondagi yakka-yu yagona sarishta xonaga ohista kirdi. Toʻrt yildan oshdi bu xonaga chimildiq tortilganiga. Uni yechish baxtini beruvchi kunni esa Tangri hali nasib etgani yoʻq. Qaysidir ma’noda u farzand koʻrishdan ham qoʻrqardi. Boshqacha aytganda, gʻaribona uyda qornini toʻygʻaza olmay, farzandi qarshisida gunohkor boʻlishdan choʻchiydi. Ammo baribir Gulruxsor hamma ayollar qatori onalik baxtini orzu qilardi. Bu baxt oʻzi taqdiriga bitilganmi-yoʻqmi, Xudo biladi.

Shu dam koʻchada mashinaning yengilgina toʻxtagani eshitildi-yu, koʻp oʻtmay hovlida allaqanday qogʻoz xaltachani qoʻltiqlab olgan Ne’mat koʻrindi. U erining bolalikdagi doʻsti, armiyada ham birga xizmat qilishgan. Oʻziga toʻq oila farzandi boʻlsa-da, nimagadir haligacha turmush qurmagan. Oʻttiz yoshli boʻydoq.
– Uydamisan? Eshik ochiq ekan, kirib kelaverdim, – dedi u Gulruxsorga koʻzi tushishi bilan.
– Aassalomalaykum. Keling.

Ne’mat qoʻlidagi xaltachani avaylab eski stol ustiga qoʻydi-da, hech qanaqa taklif va takalluf kutmay koʻrpachaga choʻkdi.
– Oʻtir, – dedi ayolga bir qarab qoʻyib. – Bilaman, senga qiyin, lekin... Bugun kasalxonaga oʻtgandim. Bilasanmi... Sen har qanday koʻngilsizlikka tayyor turishing kerak.

Ayol savol toʻla nigohi bilan bir qarab qoʻydi.
– Tushunmadim, – dedi keyin sekingina.
– Yolgʻon! Hammasini tushunib turibsan... Guli, menga rahmi kelyapti deb oʻylama. Faqat... Bunday yashamasliging kerak.
– Nima qilay boʻlmasa?

Ayolning ovozi mahzun, ammo afsus yoʻq edi bu tovushda. Yigit esa yerga qarab picha oʻylandi-da, soʻng shu koʻyi davom etdi:
– Alisher sogʻayib chiqqan taqdirda ham u bilan baxtli yasholmaysan. Bir umr farzandsiz oʻtasan, tushunyapsanmi?

Ayol unga "yalt" etib boqdi. Endi uning chiroyli, yumaloq koʻzlari katta-katta ochilgan va hayrat bilan toʻla, qiyofasi esa nihoyatda jiddiy tortgandi.
– Qaerdan oldingiz bu gapni? – yarim iltijo, yarim jiddiylik bilan soʻradi.
– Bilasanmi... U armiyada nam okopda uxlab qolgan. Oʻsha yoqdayoq ma’lum edi kasali. Shuncha payt jim yashadim. Lekin Alisher bilib turib seni baxtsizlikka boshlamasligi kerak edi. Nomard odamning ishini qildi u. Guli, men...

Uning keyingi soʻzlari ayolning qulogʻiga kirmadi. Gulruxsor kafti bilan ogʻzini yopib, unsiz yigʻlab yubordi. Bir lahzagina keyin ikki kaftini baravar yuziga bosib, hoʻngragancha yigʻlay boshladi. Va shu yigʻi aralash boʻgʻiq ovozi baland chiqdi:
– Nimaga keldingiz bu uyga?

Ne’mat boshini egganicha bir daqiqalar jim oʻtirdi. Soʻng yuziga ovozsiz fotiha tortdi-da, ohista qoʻzgʻaldi. Eshik oldiga yetganida toʻxtab, hanuz boshini koʻtarmay yigʻlayotgan ayol tomon oʻgirildi.
– Ezilishdan foyda yoʻq – dedi sekin tovushda. – Eng muhimi, hayotingni qaytadan boshlashga hali ulgurasan.

Ayol uning taklifini idrok etadigan holatda emasdi. Darvoza "gʻiyq" etib yopilgach, mashinaning oʻt olib, asta-sekin tovushi oʻchgandan keyingina Gulruxsor yuzini kaftlari iskanjasidan boʻshatdi. Qovogʻini yengilgina ishqalab, bir nuqtaga tikildi. "Hayotingni qaytadan boshlashga ulgurasan". Nimaga shama qildi u? Shuncha vaqt uylanmay yurganiga sabab, demak, uning ham koʻngli bor Gulruxsorda. Nega buni ancha kechikib aytayapti? Yo chindan ham hali qayta hayot boshlashga ulguradimi? Lekin eri-chi, u nima boʻladi? Yoʻq, gunohga botishdan qoʻrqadi ayol. Biroq Alisherning oʻzi umr yoʻldoshini aldab yashashi gunoh emasmi? Darvoqe, u xotiniga bu xususda ogʻiz ochmagan. Bepushtligi haqidagi xabarni bugun faqat Ne’mat aytdi. Nahotki bu rost boʻlsa, Xudo?! Nahotki bu uydagi chimildiq bir umr bezovta arvohdek tebranib turishga mahkum? Yoʻq, u bunga chidolmaydi. Ne’matning taklifini jiddiy oʻylab koʻrishi kerak. Eriga ming achinmasin, baribir dunyodan befarzand oʻtishni istamaydi-ku?! Qolaversa, Alisher oʻrtogʻi aytganidek nomard boʻlmaganida bu baxtsizlik girdobiga tortmas edi uni. Xoʻp, eri bilan orani ochiq qilgan taqdirida ham Ne’mat bilan turmushi baxtiyor kechadimi? Alisherning-ku hech kimi yoʻq, ammo oʻziga toʻq xonadon uni bir umr malomatga koʻmib qoʻymaydimi? Xullas, yo nogiron er bilan oʻlguncha befarzand yashash, yo boʻlmasa abadiy xoʻrlik... Qaysi biri ogʻir? Bu xayollar bora-bora uni jinni qilib qoʻymasaydi. Axir, hatto hayotdan ham bezgan u.

Bir oy davomida shahar shifoxonasiga borish uchun Gulruxsorning sariq chaqasi ham yoʻq edi. Oʻn ikki chaqirim yoʻlni yayov bosib oʻtishga esa majol kerak. Tirikchilik eng dahshatli muammoga aylangan uyda har baloni oʻylaydi kishi.

...Alisher butunlay sogʻaygan kun shifoxonadan atigi ellik qadamcha naridagi binoga Gulruxsorning jasadini keltirishdi. Dastlabki ekspertiza tekshiruvidayoq oʻz joniga qasd qilgan ayolning homiladorligi ma’lum boʻldi. Bu vaqtda hech narsadan bexabar yigit sogʻlom oyoqlarida ravon qadam tashlab, qishloqqa shoshardi.