OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻrabek Ramazonov
Asar nomiQasos (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Joʻrabek Ramazonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qasos (hikoya)
Joʻrabek Ramazonov

Men xotinimni sevmayman! Otam shunchaki nomardlik qildi: soʻnggi nafasida «Sharifaga uylanmasang rozi emasman», dedi. Toʻgʻri, boyaqish yomon qiz emas, uyni chinnidek orasta tutadi, bir kunda oʻn martalab soch tarashga ham erinmaydi. Ammo menga bu qoramagʻiz qizning koʻzlari yoqmas edi. Uning qorachiqlari qandaydir yaltirab koʻrinadi kishiga. Ayniqsa, biror bahonai sabab gʻijillashib qolganimizda shunday qarardiki, bu oʻtkir va sirli nigohga dosh berolmasdan, nafasimni ichimga yutardim. Lekin marhum otamning hukmi bois shu ayol bilan bir yostiqqa bosh qoʻyishga majbur edim men. Turmush qurganimizga ikki oydan oshgan boʻlsa-da, biror marta Sharifa bilan dildan gaplashmaganmiz. Farzand koʻrish-ku ikkalamizning ham xayolimizga kelmasdi. Goʻyo unga mening chinakam sevgim yoxud mehrim emas, shunchaki hissiz qiyofam kerakdek. Biroq oʻzim bir kechada ming oʻlib-tirilardim. Koʻnglim allaqanday tuygʻularga mushtoqlik sezganida, uning sehrli va yoqimsiz iskanjasidan qanday xalos boʻlish yoʻlini bilolmay, ich-etimni yeb yotardim.

Nihoyat shu zaylda oʻtayotgan bir-biriga oʻxshash xunuk kunlar barham topdi. Nima boʻldi-yu, bir kuni Sharifa uyda yoʻqligida Zebo chaqirib keldi. U bizdan ikki uy narida turadi. Bolalikdan birga oʻsganmiz. Sochini biror marta kesmagan, yuzlari oppoq, yoqimtoygina qiz. Uning menda koʻngli borligini qoʻshnilarimizdan koʻpchiligi payqagan. Yashirmay aytsam, oʻzim ham unga befarq emas edim. Ammo Sharifa bilan turmush qurganimizdan keyin qizgina arazlab, qadamini uzib qoʻygandi. Mana, oʻshandan buyon u ilk bora kirib keldi. Bu hissiz va goʻristondek sokin xonadonga bahor nafasi indi goʻyo. Vujudimda ancha vaqtdan beri uzoqlashib ketgan hayajon uygʻondi.
– Salom! – dedim jilmayib.
– Xotining uydami? – u ilgarigidek yarim jiddiy nigohlari, chiroyli koʻzlarini chala qisib qaragancha soʻradi.
– Yoʻq.
– Men... darrov ketaman. Nimaga kelganimni bilmayman.

Zebo hanuz ostonada qotib turar, men esa uning nimaga kelganini anglagandek edim. Qizginaning hamon menda koʻngli bor, demakki umidini uzmagan.
– Kechir, – dedim oʻzimni oqlamoqchi boʻlib. – Otam...
– Bilaman, – u nigohini yerga tikdi. – Senga ta’na yogʻdirish uchun kelganim yoʻq.
– Qiynalib ketdim, Zebo. Onam qazo qilganida oʻn ikki yoshda edim. Ulgʻaygunimcha otam meni koʻp azoblagan. Mana endi oʻzing koʻryapsan, oʻlimidan soʻng ham tinch qoʻymayapti u. Yetti uxlab, tushimga kirmagan qizga roʻpara qilib, hayotimni bogʻlab qoʻydi-yu...
– Xuddi shu haqda gapirmoqchi edim, – dedi boshini koʻtarib. – Bilasanmi, otang nega bunday qilgan?
– Yoʻq, Xudo haqi!

Zebo yana boʻynini egib, picha muddat oʻylandi. Keyin bir qarorga kelgandek boshini koʻtardi-yu... katta-katta ochilgan koʻzlari qandaydir dahshat ta’sirida qotib qoldi.
– Ilon! – dedi lablari titrab.

Yon tomonimga shahd bilan burildim. Qoramtir terisi yaltirab koʻzga tashlanayotgan maxluq aftidan meni emas, Zeboni moʻljalga olish payida edi.
– Qoch! – dedim bir lahza gangib.

Zebo eshikka qarab otildi. Men esa jon holatda devorga suyab qoʻyilgan belkurak tomon yugurdim. Ammo qurolni qoʻlga olishim bilan zaharli dushmanimning qayoqqa gʻoyib boʻlganini anglamadim. Butun hovli yaydoq yer, eshik esa Zeboning ortidan qarsillab yopilganicha turibdi. Xoʻsh, bu dahshatli ilon koʻz ochib-yumguncha qaerga ketishi mumkin? Belkurakni qoʻlimda mahkam ushlagan koʻyi butun devor boʻylab sinchiklab koʻzdan kechirdim. Ammo biror joyda qora ilon panoh topishi mumkin boʻlgan tuynuk-puynuk yoʻq edi.

Sharifa kunbotarda qaytdi. Undan qaerda yurganini soʻramadim, soʻragim kelmadi. Bugungi koʻngilsiz voqea haqida ham ogʻiz ochib oʻtirmadim. Umuman, bizning turmushimiz er-xotin hayotiga oʻxshamasdi oʻzi, bir-birimizdan hech nima da’vo qilmasdik. Bu oqshom u birinchi marta menga jilmayib qaradi-yu, hammomga tushmoqchi ekanligini aytdi. Jilmayishi allaqanday gʻalati edi. Shu onda ilk bor oʻz xotinimga xiyla e’tibor bilan qarayotganimni his etdim. Hammomdan birgina ichkoʻylakda chiqqanida ham diqqat bilan nazar tashladim. Sharifaning qoramtir badani inson vujudiga xos boʻlmagan qandaydir oʻzgacha tusda jilolanardi. Xullas, mening fikrim shu boʻldi: u boshqa ayollardan farq qiladi...

Ertasi kuni Zebo yana keldi. Tabiiyki, Sharifa uyda emas edi. Uni ostonada qarshiladim.
– Kecha rosa oʻtakamni yording-da! – dedi koʻrishish uchun qoʻl uzatib. – Aytmaysanmi uyimda ilon bor deb?
– Oʻzim ham bilmasdim, hech koʻrmaganman. Eshitishimcha, hozirgi paytda ilonlar uyquga ketgan boʻlishi kerak.
– Meni koʻrib atay uygʻotgansan-a? – dedi u tabassum bilan. Keyin qiyofasi bir oz jiddiy tortdi. – Kecha otang haqida gaplashayotgan edik. Demak, sen uning nima uchun bunday yoʻl tutganini bilmaysan?
– Soʻrashga ulgurmadim, – dedim kulimsirab.

Zebo ham chiroyli jilmaydi. Ammo bu yoqimli manzara juda qisqa boʻldi. U birdan tosh qotdi-da, bir soʻz ham demasdan, bor ovozda chinqirib yubordi. Tanish ilon bu safar oʻta gʻazabnok koʻrinardi. Men belkurakka kechagi joydan yaqinroq turibman. Oʻsha tomon otilishim bilan ilon Zeboga qarab yoʻnaldi. Biroq u ochiq eshikdan chiqishga ulgurgan edi. Men esa hech nimani oʻylab oʻtirmay, qoʻlimdagi qurol bilan maxluqning boshini moʻljallab urdim. Lekin belkurak uchi tezlikda ortga chekingan ilonning dumiga tegdi. Odatda ilonlar bunday holda kulcha boʻlib olishi lozim edi, menga yoʻliqqani esa anoyiga oʻxshamaydi. U yoʻlida davom etib, silliq zinalardan koʻtarilganicha uyga kirib ketdi. Ha, uyga! Bunisi endi kattaroq xavf uygʻotdi menda. Qadam tovushimni chiqarmay, ohista boʻsagʻa hatladim. Xonalarni birma-bir koʻzdan kechirib, ilon tugul chvalchangni bagʻriga sigʻdira oladigan biror teshikka duch kelmadim. Oshxonaga oʻtdim-u, yashil rangli sholcha ustidagi izni koʻrdim. Tuproqdan qolgan asorat tartibsiz yoʻnalishda idish-tovoq saqlanadigan shkaf ostiga qarab ketgandi. Demak, qora maxluq shu yerni makon aylagan, bunga shubha yoʻq. Bir oz urinib, shkafni oldinroq surganimda devor burchagidagi kavakka koʻzim tushdi. Avvaliga gʻor ogʻziga birorta qopqon qoʻymoqchi boʻldim. Keyin fikrimdan qaytib, naq bir chelak shagʻal bilan kavakni suvab tashladim. Shkafni oʻrniga surib qoʻyganimdan soʻnggina xotirjam nafas oldim. Zaharli jonzotdan batamom qutilganimga ishonardim men.

Sharifa bu oqshom kechagidan ham bemahal qaytdi. Darvozadan kirishi bilan angrayib qoldim unga qarab: oʻng oyogʻini oqsab bosardi.
– Oyogʻingga nima qildi? – soʻradim.
– Avtobusdan tushayotganimda nimadir tilib yubordi. Odamlar tirband edi.

Ishonmadim. Shunchaki tilingan oyoq oqsamaydi-ku, axir?!
– Qani, koʻrsat-chi! – dedim uyga kirgach.

Avvaliga unamadi. Keyin... koʻzim tushishi bilan aftim burishib ketdi: tovoni va tizza oraligʻi chuqur kesilgan, qizil emas, negadir qoramtir qonga belangan edi.
– Doʻxtirga borish kerak, – dedim.
– Hojati yoʻq. Ertagacha asar ham qolmaydi.
– Jarohat jiddiy, gazak olib ketishi mumkin.
– Balo ham urmaydi, – dedi u bamaylixotir. – Bunaqa jarohatlarni davolashni bilaman, bir paytlar onam oʻrgatgan.

Bu gapidan soʻng yelka qisib qoʻydim. Lekin shu asnoda xotinimning yana bir oʻziga xos jihatini ilgʻadim: uning badani baliqdek silliq, biror joyida bir dona ham tuki yoʻq.

Ikkalamiz bu kech ovqatsiz qoldik. Jarohati tufayli Sharifa qozonga unnagani ham yoʻq. Bir kosadan sutga non toʻgʻrab yedik. Kunduzgi noxush voqea toliqtirgan ekanmi, barvaqt uxlab qoldim.

Ertasi odatdagidan kechroq uygʻondim. Sharifa allaqachon ketgan ekan. Oyogʻidagi jarohatiga qandaydir malham qoʻygan shekilli, xonani yoqimsiz hid chulgʻagan edi. Derazani ochib qoʻydim. Quyosh ancha koʻtarilgan, yangi kun ham boshqalariga oʻxshardi. Shunda kecha yuz bergan voqealar yodimga tushdi-yu, ilon inidan xabar olmoq boʻlib oshxonaga kirdim. Birdan uyquga toʻymagan koʻzlarim sergak ochildi: shkaf oʻrnidan siljigan! Ajablanib, uning ortiga qaraganimda hayratim battar oshdi: kecha oʻzim suvab tashlagan kavak ochiq edi. Kimdir uni hafsala bilan tozalabdi. Dahshat chulgʻab oldi tanamni. Nahotki bu Sharifaning ishi boʻlsa?! Boshimni koʻtarganimda shkaf ustida turgan kecha ikkimiz sut ichgan kosalarga koʻzim tushdi. Xotinimning kosasidagi sut qoldigʻi sargʻimtir tusga kirgan edi. Yoʻq, boshqacharoq, sut yuzida qanaqadir irtik-irtik dogʻ. Hammasini tushundim-u, a’zoyi badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Demak, mening xotinim jodugar! Bunga shak-shubha yoʻq. Barcha taxminlarim shu yagona fikrga kelib taqalardi. Men ilonni qoʻyniga solib yotgan odamman. Dahshat! Lekin endi undan qanday xalos boʻlish yoʻlini bilaman. Ha, men sevgim uchun qasos olaman. Otamning bezovta ruhi chinqirsin, mayli, biroq endi oʻz yoʻrigʻim boʻyicha ish tutaman. Yo maqsadimga erishaman, yo zaharli dushmanimning qurboniga aylanaman...

Kavak atrofida bemalol harakatlanish uchun shkafni yanada oldinroqqa surdim. Keyin kosaga yarimlatib sut soldim-da, gʻor ogʻziga qoʻydim. Belkurakni qoʻlimda mahkam ushlaganimcha obdon poyladim. Yoʻq, gʻanimim meni koʻp kuttiradiganga oʻxshaydi. Hoynahoy uyqudan uygʻonmagan boʻlsa kerak. Shu asnoda qornim ochganini payqadim, ammo uyda sutdan boshqa biror yegulik yoʻq, men esa uni tanovul qila olmasdim. Endi choy-poyga unnayman deb turganimda tanish sado qulogʻimga chalindi. Zebo kelgan edi. Eshik tomon qadam qoʻyishim bilan qandaydir tovush eshitilgandek boʻldi. Taqqa toʻxtab, quloq soldim. Sezgim boʻyicha bu ovoz kavakdan chiqayapti. Belkurakni hujumga shaylab, devor burchagiga oʻtdim. Bu orada Zebo takror-takror chaqirib, uy ostonasiga yaqinlashib qolgan edi. Shu payt gʻordan qora ilonning xunuk va dahshatli boshi koʻrindi. Bir lahza uning koʻziga boqdim-u, xotinimning titroqqa soluvchi nigohi esimga tushdi. Vujudimga qaltiroq yugurarkan, boʻshashganday his etdim oʻzimni. Biroq hozir hech narsani mulohaza qilib oʻtiradigan payt emasdi. Bor irodamni jamlab, belkurakni ishga soldim. Boshini moʻljallagandim, zarba nishonga qoyilmaqom tarzda tegdi. Boʻynigacha kavakdan chiqqan maxluq jon holatda tipirchilay boshladi. Men esa yana urdim, yana... Nihoyat oʻlganiga, xavf bartaraf boʻlganiga ishonch hosil qilgach, tashqariga yoʻnaldim. Qiyofam qahramonona emas, aksincha, hozirgi ahvolimga havas qilib boʻlmasdi. Tanho yupanch shu – men gʻalaba nash’asini his etardim.

Chaqiraverib, toqati toq boʻlgan, endigina qaytish payiga tushgan Zebo meni koʻrdi-yu, zardali ovozda gapirdi:
– Nima balo, gʻaflat bosib yotibsanmi?

Indamadim.
– Biror gap boʻldimi? – dedi u boshdan oyoq razm solarkan. – Ranging oqarib ketgan?
– Men uni oʻldirdim, – dedim sekin tovushda.
– Kimni?
– Ilonni! Qora ilonni!

Zebo besoʻz qotib qoldi. Menga tikilgan nigohida yarim quvonch va yarim afsusga moyillik bor edi.
– Nimaga bunday qilding? – dedi birdan pinjimga tiqilib. – Nega uni oʻldirding? Endi oʻch oladi ikkalamizdan ham.
– Yoʻq, oʻchni biz oldik, – beixtiyor uning burnimga yaqin sochlarini hidladim.
– Qoʻrqyapman, – yigʻlamsiradi. – Baribir qoʻrqyapman. Sen uni oʻldirmasliging kerak edi.
– Xotirjam boʻl, bu uyda endi ilon yoʻq.

Zebo koʻksimga boshini qoʻyib, rostakamiga yigʻlardi. Men uning dilbar vujudi titrab-titrab ketayotganini his qildim. Oʻzimda ham bor edi titroq. U toʻsatdan boshini koʻtardi-yu, yoshini artdi.
– Seni yaxshi koʻraman, – dedi koʻzlarimga qarab. Keyin boshi tagʻin yelkamga tushdi.
– Men ham, – dedim sekingina.

Ancha vaqtim Zeboni yupatish bilan oʻtdi. Nihoyat uni ilk marotaba chinakam oshiqlardek kuzatib qoʻydim.

Peshinga yaqin qishloqda gʻala-gʻovur koʻtarildi. Koʻchaga chiqsam, xotinimning qonga botgan murdasini olib kelishibdi. Boshi majaqlangan jasad daradagi kamardan topilgan emish. Militsiya deganlari hech nimaning tagiga yetolmadi. Oshxona burchagidagi suvab tashlangan kavak eng mohir izquvarning ham e’tiborini tortmaydi. Oʻzim esa har nima boʻlganda ham xotinimning oʻlimiga doir barcha rasm-rusumlarni ado etishga majbur edim.

Ammo haqiqiy dahshat uch kundan soʻng yuz berdi: Zeboni oʻz uyida ilon chaqib oʻldirdi. U aytmagan gaplarni esa onasidan bildim. Ma’lum boʻlishicha, otam ham qachonlardir jodugarning makriga uchragan ekan. Shaharda Sharifaning bir tul opasi boʻlib, otam unga koʻngil qoʻygan. Afsuski, men bularni juda kech eshitdim. Ehtimol oldinroq xabar topganimda, Zebo hozir yonimda boʻlarmidi?..