OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻrabek Ramazonov
Asar nomiQora baxt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Joʻrabek Ramazonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qora baxt (hikoya)
Joʻrabek Ramazonov

Ishga kelishim bilan muharrir xonasiga chaqirtirdi.
– P. qishlogʻiga joʻnaysiz, – dedi salom-alikdan soʻng. – Itlar quturayotgan emish. Tegishli tashkilotdan odamlar borib, tozalash, emlash tadbirlarini oʻtkazishadi. Siz esa hammasini aniqlab, odamlarni hushyorlikka chaqiradigan maqola tayyorlaysiz.

Bu qishloq shahardan oʻn ikki chaqirim uzoqlikda joylashgan. Masofa uncha olis boʻlmasa-da, qishloq hududi asosan dala va adirlardan iborat. Men ilgari bir martagina borganman u yoqqa. Oʻshanda choʻponlardan birining qoʻyi uch oyoqli sogʻlom qoʻzichoq tuqqan edi.

Eski «UAZ»ga men bilan uchta oʻrta yashar odam mindi. Oʻzi shunday, yoʻli notekis hududga tuzukroq ulov qatnamaydi. Oʻtgan yili qishloq odamlarining ehtiyojini qondirish uchun avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilgan edi. Biroq shoʻrlik texnika quruq borib-kelavergach, tagʻin ikki-uch kunda bir yengil mashina odamlarga xizmat qiladigan boʻldi. Ba’zi tejamkor bekorchilar yayov kelib-ketaveradi shaharga.
– Qishloqda yashash ham xatarli boʻlib qoldi, – dedi hamrohlarimdan biri. – Choriboyning oʻgʻlini qanday gʻajib tashlaganini bir koʻrsangiz edi! Tibet giyohlari bilan davolaydigan tabib ham endi iloj yoʻq debdi.
– Itlarni bitta qoldirmay otib tashlash kerak, – fikr bildirdi ikkinchisi.

Uchinchi yoʻlovchi unga qarshi chiqdi:
– Birinchidan, itlarni otib, yana ulgʻaytirguncha qoʻylarni boʻri yeb ketadi. Ikkinchidan, guvoh boʻlgan odamlar faqat bitta qora itni koʻrgan. U yigitni gʻajigach, rahmatlik Toʻraning uyiga kiribdi. Odamlar tayoq koʻtarib, oʻsha hovlini obdon koʻzdan kechirishsa, pashsha ham yoʻq emish. Haligi, tomorqasida oralab yurgan Hakimboyning qizi ham hech narsani sezmabdi.

Suhbatga aralashmay, faqat jim quloq tutib borardim. Haydovchi sal qiziqqon shekilli, bora-borguncha yoʻlda uchragan tovuq, mollardan tortib yosh bolalargacha haqoratlab bordi. Nihoyat mashina qishloq markazi hisoblangan hovuz boʻyida toʻxtagach, hammamiz tushdik. Bu yerda meni deyarli hech kim tanimaydi. Ammo mehmonligimni sezib, tol ostidagi supada oʻtirgan odamlardan ikkita yoshrogʻi oʻrnidan turdi.
– Keling.
– Assalomu alaykum! – dedim qoʻl uzatib.
– Yaxshimisiz, mehmon. Keling qani.

Aslida ulardan mahalla raisini soʻramoqchi, hamma ishni rasmiy tarzda olib bormoqchi edim. Lekin zumda fikrim oʻzgarib, suhbatdoshimga yuzlandim:
– Menga Bakir choʻpon kerak edi.
– U daladan kech qaytadi. Lekin uyi yaqin. Anovi muyulishni koʻryapsizmi, oʻshandan uchinchi uy.

Oʻtgan yili uning adirdagi qoʻtonida boʻlgandim. Shaharda ham bir-ikki koʻrishgandik. Qishloqda meni taniydigan yagona odam edi u.

Hovlida hech kim koʻrinmagach, baland ovozda choʻponning nomini tutib uch-toʻrt chaqirdim. Nihoyat loysuvoqli ayvonda bola koʻtargan juvon bilan chiroyli bir qiz koʻrindi.
– Keling, – dedi ayol oyogʻiga kalishini ilib, quyi tomon yoʻnalarkan.
– Bakir aka kerak edilar. Shahardan keldim.
– Uyga kiring, – dedi toʻxtab. – Hali-beri qaytmasalar kerak.

Oʻngʻaysizlanib, oʻrnimda turaverdim. Rosti, hozir qanaqa yoʻl tutishni bilmay qolgandim. Bu dunyoda rejasiz yashash naqadar qiyin!
– Kiravering, – dedi kutilmaganda ostonadagi qiz. – Men sizni avval ham koʻrganman.

Bu e’tirofidan sal gʻalati holga tushsam ham qaerda koʻrganini soʻrab oʻtirmadim. Bir oz noqulaylik bilan indamay ayvonga chiqdim. Ayol toʻrdagi xonaga boshladi. Keyin bolasini qizga tutqazib, choy-poyga unnash uchunmi ketdi.
– Oʻtgan safar bunaqa ogʻir koʻrinmagan edingiz, – dedi qiz oʻtirishim bilan. – Bakir akaning qoʻtoniga kelganingizda koʻrgan edim.
– Ha... E’tibor qilmagan ekanman, qaerda edingiz?

U koʻrsatkich barmogʻini bigiz qilib yuqorini koʻrsatdi. Hech narsani tushunmay, qoshlarimni chimirgancha savol nazari bilan qarab turaverdim.
– Osmonda, – dedi soʻng pichirlab. – Yuqoridan sizni kuzatgan edim.
– Ancha shoʻx ekansiz, – dedim gapini hazilga yoʻyib. – Qishloq qiziga ham oʻxshamaysiz-a?
– Ismim Sadoqat.

Telbaga boqqanday qaradim unga. Rosti, ayni dam u juda gʻalati koʻrinardi koʻzimga.
– Buni soʻraganim yoʻq-ku?! – hayronligimni yashirib oʻtirmadim.
– Lekin soʻramoqchi edingiz, – kulimsiradi.

Darvoqe, shunday oʻy koʻnglimdan kechgan, biroq botinolmayotgan edim. Fikr oʻqishga usta bu qiz kimligini hali bilmayman.

Shu mahal juvon dasturxon koʻtarib kirdi.
– Bu kishini tanidingizmi? – dedi qiz unga. – Oʻtgan yili qoʻtonlaringga kelgan muxbir. Dunyoga jar soldilar-u, qoʻzichoqni oʻldirdilar.
– Qoʻzichoq oʻldimi? – dedim ajablanib.

Bakir choʻpon shaharda uchrashganimizda bu haqda ogʻiz ochmagandi.
– Ha, – javob qildi juvon. – Gazetaga yozganingizdan keyin qiziqqan odamlar kelib koʻraverdi. Bir oy oʻtmay dirkillab yurgan qoʻzi toʻsatdan oʻlib qoldi. Koʻz tegdimi, kim bilsin…

Xuddi hammasiga men aybdordek jimgina bosh egdim.
– Endi itlar haqida yozing, ular ham bir qirilsin, – dedi Sadoqat hazilni davom ettirib.

Ammo suhbat ayni menga kerakli mavzuga burilgan edi.
– Itlarning oʻlimi sizga nega kerak boʻlib qoldi? – oʻzimni goʻllikka soldim.
– Sizlarni bilaman, hech qaerga shunchaki bormaysizlar. Quturgan it haqida eshitib kelgansiz-a bu safar?

Ohista bosh qimirlatdim. Bu qiz balo chiqib qoldi.
– Siz uni koʻrdingizmi? – soʻradim.
– Kimni? Itnimi? Yoʻq. Odamlar vayrona uyga kirishganida men shundoqqina oʻn qadam narida turgandim. Hozirgina quturgan it shu yerga kirdi, deyishdi. Mening oʻzim ikki minutgina oldin oʻsha vayrona uyda edim. Xullas, odamlar menga ishonmadi, men ularga. Ertakchiga oʻxshayapmanmi?
– Qaydam, – dedim oʻyga botib.

Adashmasam, Hakimboyning qizi deganlari shu boʻlsa kerak. Uning xatti-harakatlari, oʻzini tutishi, muomala, fikrlashi ham, umuman, biror xislati qishloq qizlariga oʻxshamasdi. Yana bu mening fikrim.
– It gʻajigan bola sinfdoshim edi, – Sadoqat suhbatni davom ettirdi. – Mana shu koʻchada yuz bergan bu. Keyin it oʻsha uyga kirgan emish. Siz shu gapga ishonasizmi?
– Bilmasam.

Xonadon bekasi tovoqda qovurilgan goʻsht olib kirdi. Qiz ham dasturxonga yaqinroq surilarkan, yana chakagi ochildi:
– Behruz oʻzi sinfda eng boʻydor edi. It gʻajigan bolani aytayapman. Koʻp qizlarga yoqardi. Lekin menga emas. Bir gal urishib qoldik. Bir shapaloq urgandim, chunonam tepdiki oyogʻimga, bir hafta oʻrnimdan turolmay yotdim. Uydagilarga yiqildim dedim. Lekin otam kimdandir hammasini bilib, miltiq koʻtarib borganlar uyiga. Umuman, sinfimizdagi oʻgʻil bolalarning hammasi bilan janjallashganman.
– Boʻldi qilsang-chi! – dedi juvon unga qarab. – Uyalmay laqillashingni qara!

Uning tanbehidan xursand boʻldim. Chunki qiz hayajongami, xotiraga berilib, men uchun mutlaqo ahamiyatsiz boʻlgan mavzuga oʻtib ketgandi.

Bir ozdan soʻng u ketdi. Juvon ham bolasini olib tashqari chiqdi. Qirq daqiqalar xayol surib oʻtirdim. Yashirmay aytsam, nimagadir bu yerdagi vazifam xususida emas, Sadoqat haqida oʻyladim. Chechan qiz menda boshqacha taassurot qoldirgan edi. Ya’ni shahar qizlarida uchramaydigan nimadir bor edi unda.

Nihoyat ichim torlik qilib, koʻchaga chiqdim. Sal quyiroqda aftidan kimsasiz xaroba uy koʻrindi. Menimcha, u quturgan it yashiringan uy – yoʻlovchilardan biri ta’kidlagan rahmatlik Toʻraning uyi. Koʻchada hech zogʻ yoʻq edi. Ohista oʻsha tomon odimladim. Yetib borib qarasam, inson zoti istiqomat qilishi mumkin boʻlgan goʻsha emas ekan. Eshik-derazalarni kimlardir qoʻporib ketgan chogʻi. Loysuvoq devorlarni yomgʻir yuvib, juda achinarli holga keltirib qoʻygan. Shu mahal qishloq odamlarining olis-yaqin sadolari quloqqa chalinib tursa ham, negadir toʻsatdan quturgan it paydo boʻlib, hamla qilib qolishidek vahm oraladi yurakka. Endi izimga qaytmoqchi edim, Sadoqatga koʻzim tushdi. Xaroba uy bilan ularning hovlilari oʻrtasida hech qanaqa toʻsiq yoʻq ekan. Oʻzi meni koʻrib, shu tomon yaqinlasha boshladi.
– Zerikkanga oʻxshaysiz, – dedi jilmayib. – Yo razvedkaga keldingizmi?
– Qanaqa razvedka? – taajjublandim.
– Bilmaysizmi, bu uy quturgan itning makoni. Odamlar shunaqa deyishadi. Siz nima deb oʻylaysiz?
– Ishonish qiyin, – dedim uyga yana bir nazar tashlab.
– Yuring, sizga bir narsa koʻrsataman, – Sadoqat toʻsatdan jiddiylashib qoldi.

Indamay ergashdim unga. Pastqamgina, eshiksiz birinchi xona boʻsagʻasidan hatlashimiz bilan ishora qildi. Yerda son-sanoqsiz gʻajilgan suyaklar sochilib yotardi.
– Bular odamniki emasmi mabodo? – hazillashgan boʻldim.
– Yoʻgʻ-e, – seskanib ketdi u. – Bunaqa qoʻrqinchli gaplarni gapirmang. Oʻzi qishloqda bir kishini it qopdi-yu, toʻrt tomonga ovoza boʻldi. Lekin qishloqdagi hammaning iti oʻz joyida. Koʻrgan odamlar quturgan itning qora rangda ekanligini biladi, xolos. Xoʻsh, sizningcha nimaga boshqa itlar quturmayapti? Axir, uch kun boʻldi shu voqeaga.

Endigina maktabni tamomlagan qishloq qizining detektivona mulohazasi meni ham oʻylantirgandi. U yana nimalarnidir gapirishi mumkin edi, ammo uyi tomondan birov nomini tutib chaqirdi.
– Ertaga ketmasangiz, suhbatni davom ettiramiz, – dedi jilmaygancha uzoqlasharkan.

Ortidan kuzatib qolarkanman, gʻalati boʻlib ketdim. Nazarimda, uning hamma harakatlari oʻziga yarashadi. Xaroba hovli chetidagi tuproq uyumi ustidan bir hatlab oʻtgani ham...

Bakir choʻpon qosh qorayganda qaytdi. Meni koʻrgach, uncha qadrdon boʻlmasak-da, quchoqlashib koʻrishdi. Kechki ovqat ustida uch oyoqli qoʻzichoqdan boshlangan suhbatimiz quturgan itga borib taqaldi.
– Ertalab ikkitasi kelgan edi, – dedi choʻpon. – Veterinariyaning itlar bilan ishlash boʻlimidan ekan. Qariyb bir qop dori koʻtarib kelibdi shovvozlar.
– Izi ham topilmayotgan itga qanday qilib dori berarkan?
– Men ham shuni aytaman-da! Eng yomoni, soppa-sogʻ, ayrim odamlardan aqlli itlarni oʻldirmoqchi ular. Qattiq munozara boshlangan edi, asta itlarimni ergashtirib joʻnab qoldim. Ertaga siz ham ularga qoʻshilasizmi?
– Yoʻq, – dedim. – Lekin sizning itlaringizga tegishmaydi.
– Bizda qora it yoʻq, uchalasi ham oq-sargʻish. Oʻsha kuni bola dodlaganida birinchi boʻlib men chiqdim. Uni qonga boʻyab tashlagan qora it menga bir qaradi-yu, boshini quyi solib, Toʻradan qolgan uyga kirdi. Ortimdan katta vajohat bilan chiqqan uchala itim ham negadir uni koʻrib jimib qoldi. Odamlar toʻplangach, tayoq olib, oʻsha uyni obdon koʻzdan kechirdik. Na it bor, na biron izi. Sadoqat bogʻlarida yurgan ekan. Shu holida u itni koʻrmasligi mumkin emas. Lekin hech narsani sezganim yoʻq, deydi.
– Demak, bu yerga muxbir ham, veterinar mutaxassislar ham emas, eng mohir izquvarlar kelishi kerak, – dedim odatiy ohangda.
– Kinoya qilyapsiz-a? Toʻgʻri, bir qarashda kulgili hol. Lekin oʻlim toʻshagida yotgan bola esga tushsa, kulgi emas, dahshat tuyuladi bu.

Bakir choʻpon shunday deb endi piyolaga qoʻl uzatgan ham ediki, koʻcha tomondan baqir-chaqir sadolari qulogʻimizga chalindi. Tez qoʻzgʻalib, tashqari chiqdik. Tun nihoyatda oydin edi. Yigit kishining jon holatda dodlashi va shu barobarida itning gʻirillashiga oʻxshash tovushlarni eshitib, koʻcha tomon yugurdik. Yoʻl-yoʻlakay choʻpon qoʻliga ilingan tayoqni olib, itlarini chaqirdi. Koʻchaga chiqishimiz bilan esa oʻq ovozi yangradi-yu, orqa oyogʻi oqsoqlanib xaroba uyga kirib ketgan qora itni xiyol ilgʻab qoldim. Miltiq tutgan moʻylovli odam it ortidan chopishini ham, qolishini ham bilmay, nihoyat qonga botgancha ingrab yotgan oʻsmir ustiga engashdi.
– Nima gap, qoʻshni? – dedi choʻpon halloslagancha.

Ammo nima gapligini oʻzi koʻrib turgandi. Shu bois bir toʻxtab, yana yurishini davom ettirdi. Kimsasiz uy ostonasida qon izi oy yorugʻida koʻzga tashlanardi. Bunga yanada amin boʻlish uchunmi, choʻpon koʻkimtir nur taratuvchi chaqmoqtoshli fonarini yoqdi va belgi yaqqol koʻrindi. Qon izidan ohista boraverdik. Choʻpon yoʻgʻon tayogʻini mahkam qisib, oldinda odimlardi. It esa bizni ayni Sadoqat menga koʻrsatgan, sathida suyaklar sochilib yotgan xonaga yetakladi.
– Ehtiyot boʻling! – dedim yaqinlashganimizda.

Biroq saldan keyin bir-birimizga nochor termulishdan oʻzga ilojimiz qolmadi. Chunki qon izlari xona oʻrtasida tugagan, lekin tuproq, xas-choʻp va suyakdan boʻlak hech vaqo yoʻq edi bu yerda.
– Endi ishondingizmi? – choʻpon menga qaradi.
– Tushunmadim. Nimaga ishonishim kerak?
– Itning shu yerga kirganiga. Lekin u qayoqqa gumdon boʻldi?

Toʻgʻrisi, hech qanaqa fikr bildirish qoʻlimdan kelmasdi. Yarador maxluqning allaqayga gʻoyib boʻlganidan ham qon izlari xonaning qoq oʻrtasiga kelib yoʻqolgani qiziqtirardi meni. Toʻrt tomonga nazar tashlab, devorlar ostida it tugul kalamushni bagʻriga sigʻdiradigan tuynuk yoʻqligiga amin boʻldim. Bu dahshatdan koʻra koʻproq gʻayritabiiy hodisaga oʻxshardi.

Bir zumda butun guzar toʻplandi. Kimdir doʻxtirga chopdi, boshqa birov shaharlik mutaxassislar tunagan uyga. Men esa Bakir choʻponning bezaksiz xonasiga kirib, oʻy surishda davom etdim. Bir xayolim ertagayoq shaharga qaytib, shunchaki bir yuzaki maqola tayyorlamoqchi ham boʻldim. Toʻgʻri-da, bir dunyo ishim qolib, qaysi bir qishloqdagi quturgan it payiga tushish zaril kelibdimi menga? Eshitganlar nima deydi? Har tugul rosa masxara qilishsa kerak. Ammo Sadoqat esimga tushishi bilan bu qishloqni tark etgim kelmasdi.

Nihoyat Bakir choʻpon horgʻin holda qaytdi.
– Uch kundan beri birov koʻrmagan uni, – dedi koʻrpachaga choʻkarkan.
– Kimni?
– Itni aytayapman. Uch kun oldin Choriboyning oʻgʻlini qopganidan keyin hech kim koʻrmagan. Bu oqshom qaysi goʻrdan paydo boʻldi. Bilasizmi, oʻn minutcha oldin shu yerdan oʻsha bolaning singilchasi oʻtgan. Yaxshiyam unga tegmagan it.
– Bexabar qolgandir-da.
– Kim biladi. Lekin qizcha xuddi shu yerda katta qora itni koʻrdim deyapti. Bola-da, uning aytishicha, oʻsha it ortidan kuzatib qolganmish.
– Soddasiz-a, siz qishloq odamlari, – qoʻl siltab qoʻydim.
– Ilgarilari ham bitta-yarim it quturib turardi, – dedi choʻpon endi yonboshlab. – Qishloq chetida yashaydigan eshon buva qirq kun ichida dam-duosini qilgandan keyin quturgan it hamla qilgan odamlar ham, mollar ham hech narsa koʻrmaganday boʻlib ketardi. Lekin Choriboyning oʻgʻlini koʻrib, endi menga hojat qolmagan, debdi.

Birinchi kun sarguzashtlaridan tolganim sababmi, koʻzlarim uyquga moyil boʻla boshladi.
– Uxlayapsizmi? – dedi choʻpon. – Mayli. Aytganday, kechasi tashqari chiqmoqchi boʻlsangiz, meni uygʻoting.

Nazarimda, qishloq xavfli hududga aylangan edi. Har nima boʻlganda ham hali oʻlim holatlari yuz bergani yoʻq. Biroq tushunishimcha, quturgan it gʻajigan birinchi bolaning tirik qolishiga hech kimning ishonchi komil emas. Ikkinchisini ham Xudo biladi.

Ertasi nonushtadan soʻng choʻponning xotini yangi gap topib keldi:
– Kecha oqshom Sadoqat tomdan yiqilibdi. Oʻng oyogʻi ezilgan ekan.
– Bemahalda pishirib qoʻygan ekanmi tomda? – dedi Bakir choʻpon.

Keyin menga qaradi. Bu xabardan vujudimda titroq uygʻonib, boshimni quyi solgancha oʻtirardim.
– Yaxshi qiz u, – dedi choʻpon oddiy ohangda. – Kunora biznikiga kelib turadi.
– Kecha koʻrgandim, – dasturxonga qarab gapirdim.
– Kecha shu yerdamidi? Aytgancha, u sizni yaxshi eslab qolgan. Necha bor soʻradi mendan, qachon keladilar deb. Erga tegsang, toʻyingga keladi, dedim.

Zoʻraki jilmaydim. Ayni damgi kechinmalarim esa yolgʻiz oʻzimga ayon. Men uni bugun koʻrolmaslik dahshatidan ezilardim. Nima uchun unda bir necha kun qolishga qaror qildim bu yerda? Ehtimol ertaga ham koʻrmasman uni. Nega endi hamma qolib, Sadoqat tomdan yiqilishi kerak?
– Kechagi joyni bir koʻzdan kechirmaymizmi? – deb qoldi choʻpon toʻsatdan.

Ayni muddao boʻldi men uchun. Bahonada Sadoqatga bir-ikki qadam yaqinroq boʻlaman. Juvonning aytishicha, u uyida ekan. Umuman, bu oila kamdan kam hollardagina doʻxtirga murojaat etar, boshqa jarohatlarni giyohlar yordamida oʻzlari davolarmish.

Xaroba uy ostonasida choʻpon ikkalamiz bir-birimizga qaragancha qotib qoldik. Chunki tuproq yuzida biz kecha tunda yaqqol koʻrgan qon izlari yoʻq edi! Sherigim oʻzicha yer boʻylab alanglar, hassasini yoʻqotgan koʻr kabi ayrim joylarni paypaslab ham koʻrardi. Nihoyat boshini koʻtarib, tagʻin men tomon hafsalasiz nigoh tashladi. Mening esa nimagadir oʻz-oʻzidan asablarim taranglasha boshlagan edi.
– Bu qanaqasi? – dedi choʻpon. – Sizningcha, buni qanday izohlash kerak?
– Aytingchi, men Sherlok Xolmsga oʻxshaymanmi? – dedim yarim jahl bilan.
– Tushunmadim, – hayron qoldi. – Kim u Xolmsingiz?
– Nega hamma narsani mendan soʻrayverasiz? Nima, Aflotunmanmi sizga?
– Kechiring, – dedi nigohini mendan uzib.

Aminmanki, ayni damgi muomalam u uchun kutilmagan, ammo asabiylashganimni shundoq koʻrib turardi. Boshqa gapirmay, suyak sochilib yotgan xona tomon yurdi. Men joyimda qotib turaverdim, chunki u yerdan ham hech qanaqa qonli iz topilmasligiga shubha qilmasdim. Beixtiyor nigohim qoʻshni hovli taraf oqdi. U tomonda esa hech kim koʻrinmasdi. Telba koʻngil izmiga boʻysunib, kecha Sadoqat sakragan tuproq uyumi ustidan mening ham bir hatlab oʻtib ketgim kelardi...
– Ketdik, – dedi qaytib kelgan Bakir choʻpon.

Bu qishloqda qiladigan ishim qolmagan. Lekin shaharda nima bor menga? Yana oʻsha muharrirning koʻzoynak ostidagi sovuq koʻzlari, alifni kaltak deb yurganlarning oʻnlab qogʻoz qoralab yaltoqlanishi, sha’nimga soxta maqtovlar... Bari Sadoqatning bir tabassumiga arzimaydi, bilsangiz.

Uyga yetgunimizcha choʻpon bir ogʻiz ham soʻz qotgani yoʻq. Shu mahal bu uyda oʻzimni ortiqcha sezdim. Axir, meni deb u bugun molni yaylovga haydamadi. Dastyor boʻladigan bolasi ham yoʻq hali. Menda esa koʻngil istagidan oriyat ustun keldi.
– Endi qaytsam, – dedim sekin tovushda. – Yoʻl-yoʻlakay veterinarlarga uchrashib, qolgan gapni bilib olaman. Rahmat sizga!
– Bu gapingizni qoʻying. Ketish mehmondan emas. Zeriksangiz, men bilan yuring, mollarni sugʻorib kelaman. Boʻlmasa, uyda yo qishloqda aylanib turing.

Xullas, yana uyda qoldim. Tush mahali choʻponning xotini dasturxon yozishi bilan tashqaridan tanish sado chalindi qulogʻimga. Sakrab oʻrniimdan turgim, hayqirib eshikka otilgim keldi. Jimgina hayajonimni ichimga yutarkanman, oqsoqlanib Sadoqat kirib keldi.
– Endi qutuldik, kelmaydi deb oʻylaganmidilaring? – dedi salom-alikdan soʻng.
– Emaklab kelishdan ham toymaysan-ku, – hazil qilgan boʻldi juvon.
– Sizga nima, akamni koʻrgani keldim.

Bu gapdan soʻng u shunday qaradiki... mana shu nigohda dunyoning bor goʻzalliklari, Tangri insonga ato etishi mumkin boʻlgan jami nafosat mujassam edi goʻyo. Aslida uning choʻponnimi, menimi nazarda tutganini aniq bilmasdim, biroq ikkinchi toʻxtamimga koʻproq ishonar edim.
– Laylakka oʻxshab qolibsiz-ku, – dedim men ham oʻz navbatida hazil bilan.

Uning oʻng oyogʻi toʻpigʻigacha chandib bogʻlab tashlangan, oq lattaning ayrim joylarida qon yuqi qotib qolgandi. Shu payt birdan zehnim oʻz-oʻzidan ishlab ketdi.
– Kechagi gapingiz esimda, – dedim qizga qarab. – Sinfdoshingiz oyogʻingizga tepganida yolgʻondan yiqildim degansiz. Lekin bu safar durustroq bahona izlasangiz boʻlardi.
– Bu bilan tomdan yiqilganing ham yolgʻon demoqchimisiz?

Shunda qoʻshni xonadan bola ovozi eshitildi-yu, choʻponning xotini shoshib chiqib ketdi.
– Bilasizmi, Sadoqat, – davom etdim men, – tomdan yiqilganda oyoq sinishi, boʻgʻimidan chiqishi yoki lat yeyishi mumkin. Siz yo oyogʻingiz bilan biron oʻtkir narsaga kelib tushdingizmi?

U jim qoldi. Bir muddat sukunat choʻkdi oʻrtamizga. Keyin chala tabassum bilan men tomon boqib, gap boshladi:
– Yomonsiz. Aldar Koʻsa ham aldolmasa kerak sizni. Rostini gapiray sizga, lekin hech kimga aytmang, xoʻpmi? Kecha oqshom hovlimizda oʻz-oʻzidan oyogʻimda ogʻriq sezdim. Yoruqqa oʻtib qarasam, bir tomoni kesilib, qon oqayapti, suyagi esa zirqirab ogʻriydi...
– Toʻxtang, toʻxtang! – dedim shoshib. – Bundan koʻra birinchi bahonangizga ishonsam yaxshi emasmi?
– Ixtiyoringiz. Siz yolgʻon bilan haqiqatni ajratolmas ekansiz.
– Men teorema bilan yashayman, – dedim kulib, – aksioma bilan emas.
– Matematikani yomon koʻraman. Umuman, bironta fan yoqmasdi menga. Lekin kitob oʻqib turardim.

Nimagadir bu galgi suhbatimiz unchalik qovushmayotgandi. Darhol mavzuni oʻzgartirish maqsadida gap izlay boshladim. Biroq bunga ulgurmasimdan Sadoqatning oʻzi soʻrab qoldi:
– Qachon qaytasiz?
– Bilmasam, – dedim yelka qisib. – Sizningcha, men uchun ham qishloq xavflimi?
– Nimaga endi? Menga desa, butunlay shu yerda qolsangiz qani edi! Ishonsangiz, bu qishloqda biron kishi tushunmaydi meni.

Shu gapni aytarkan, yarador oyogʻi tolib qoldi shekilli, oldinga qarab choʻzdi-yu, men tomon uyalinqirab qaradi:
– Kechirasiz.
– Yoʻq, yoʻq, xijolat boʻlmang, – dedim oʻngʻaysizlanib.

Xonaga juvon kirdi-da, emizikli bolasini Sadoqatning yoniga yotqizib, chiqib ketdi.
– Faqat oyogʻimga ehtiyot boʻlasan, kichkintoy, – dedi u bolani qoʻyniga olib. Keyin menga yuzlandi. – Murodni ham quturgan it gʻajibdi-ya?
– Ha, kechagi bolami?
– U ham sinfdoshim.
– Qarang-a! – dedim yasama hayrat bilan. – Qishloqning hamma odami bilan bir sinfda oʻqiganmisiz deyman.

Sadoqat ilk bor yayrab kuldi. Va bu kulguga berilib ketib, «voy» degancha oyogʻini ushlab qoʻydi. Men esa unga kechagi fojiani miridan sirigacha aytib berdim. Albatta, qon izlarining gʻoyib boʻlishi haqida nima fikr bildirolardi u. Ammo diqqatimni tortgan javobi shu boʻldi:

– Menimcha, quturgan it deb atayotganlaring yo sirli, yo ongli narsa.

...Bakir choʻpon peshindan oʻtib keldi. Topgan gapiga qaraganda, kechagi ikkinchi bolani ham eshon buva qaytargan, noiloj shahar shifoxonasiga olib ketibdilar. Biz esa bunday koʻngilsizlik navbatdagi oydin oqshomda ham yuz berishini hali bilmasdik.

Bu safar es yoʻqotar darajada choʻpondan oldin oʻzimni koʻchaga urdim. Chiqdim-u... koʻzlari yonib turgan qora maxluq bilan yuzma-yuz keldim. Oʻshanda oʻlim hissi kechgani yoʻq tanamda. Aksincha, oʻzi bahaybat itning sargʻish koʻzlari allanechuk mungli tuyuldi menga. Ana shu ma’yus koʻzlarini uzmay tikilarkan, ortimdan tayoq koʻtarib chiqqan choʻponni koʻrib, shahdam burildi. Shunda men yerda qonga botib yotgan bolaga ham, hurkigancha ancha uzoqqa ketib qolgan eshakka ham e’tibor qilmadim. Hayotim xavf ostida qolishi mumkinligini oʻylab oʻtirmay, bira-toʻla hamma jumboqqa nuqta qoʻyish niyatida itning ortidan yugurdim. U oqsoqlanib choparkan, odatdagidek xaroba hovliga urdi oʻzini. Men ham katta tezlikda ostonaga yaqinlashdim-u, boshini xiyol egib kelayotgan qizga urilib ketishimga bir bahya qoldi.
– Sadoqat?!
– Siz? – uning katta-katta ochilgan koʻzlari hayratdan qotib qoldi. – Tinchlikmi?
– Koʻrdingizmi uni? – dedim hovliqib.
– Kimni?
– Itni! Quturgan itni!
– Qachon?
– Nimaga, axir?! – baqirib yubordim. – Nega koʻrmaysiz? Oʻn sekund ham boʻlgani yoʻq.

Shu asno kimdir qoʻlini yelkamga qoʻydi. Oʻgirilsam, choʻpon.
– Tinchlaning, – dedi sekin ovozda.

Alamdanmi, gʻazabdan tomirlarim titray boshladi. Qisqa-qisqa nafas olgancha ortga burilarkanman, bir zumda koʻcha odamga toʻlganini koʻrdim. Izdihomga yaqinlashdik. Qip yalangʻoch holga kelib qolgan oʻsmirning nafas olayotgani ham sezilmasdi.
– Farrux! – dedi Sadoqatning koʻzi tushib. – Sogʻ joyi qolmabdi-ku?! Qanday dahshat!

Shunday dedi-yu, kutilmaganda birdan bagʻrimga otilib, hoʻngrab yigʻlay boshladi. Yuragim toʻxtab qolgandek tuyuldi oʻzimga. Hamma bizga qaradi. Men esa oʻsha lahza nainki yerda chalajon yotgan bolani yo bir toʻp olomonni, balki butun borliqni unutishga tayyor edim. Telba edim men oʻshanda. Faqat bagʻrimda koʻksi silkinib yigʻlayotgan qizni nima deb ovutish mumkinligini oʻylardim, xolos. Ammo bundan avval uning nega koʻz yosh toʻkayotganini bilishim kerak edi.
– U... biron yaqing kishingmi? – dedim beixtiyor sensirab.
– Sinfdoshim.

Ana shunda miyamning qaysi bir qatlamlarida ogʻriq uygʻondi. Ohista oʻzimni qizdan tortarkanman, hayrat toʻla nigohini menga tikkan erkagu ayollarning bittasiga ham qaray olmadim. Nimagadir Bakir choʻponning uyiga ham kirgim kelmasdi. Kimsasiz kengliklarda tinmay yugurishni, boʻri kabi osmonga qarab uzoq-uzoq hayqirishni istardi yurak. Yurak telbalikni ixtiyor etayotgandi. Xuddi shu yurakka roʻparasida butun boʻy-basti bilan namoyon boʻlib turgan oʻlim hissi tamomila yot edi.

Sadoqat ortiga keskin burildi-yu, shoshganicha kimsasiz uyga kirdi. Men boshimni egganimcha choʻponning yogʻoch eshigi tomon odimladim. Aftidan yaradorning onasi boʻlsa kerak, roʻmoli sirgʻalib boʻyniga tushgan ayolning faryodi tun koʻksini yorardi. Boshqa ikki-uchta odamgina uning atrofida kuymalanar, qolgan hammasining tigʻli koʻzi menga qadalgan edi. Uyga kirib, oʻzimni koʻrpachaga tashlarkanman, isitmalagan bemor kabi a’zoyi tanim oʻt boʻlib yonardi.

Bakir choʻpon yarim soatcha keyin keldi. Men tomon istar-istamas bir qarab, toʻshakka choʻzildi.
– Bunisini shaharga olib borishga ham hojat qolmabdi, – dedi shiftga tikilib. – Onasi ham taqdirga tan berdi. E’tibor qilyapsizmi, la’nati it kundan kun vahshiylashayapti.
– Men boshqa narsaga e’tibor qaratyapman, – dedim oʻychan holda. – Ayting qani, nima uchun u faqat Sadoqat bilan bir sinfda oʻqigan yigitlarga hujum qilayapti?
– Kasbingizga xos tomonlaringiz seziladi-da! Bu shunchaki oddiy tasodif. quturgan it shu koʻchadan oʻtgan bolalarga hamla qilayapti.
– Nega unda kechagi bolaning singilchasini jim kuzatgan? – bu safar ovozimni sal koʻtardim. – Bu haqda oʻzingiz aytgan edingiz.

Choʻpon bir daqiqalar sukut saqladi. Allanimalarni mulohaza qildi chogʻi. Tagʻin mendan soʻradi:
– Xoʻsh, nima deb oʻylaysiz?
– Menicha, it bilan Sadoqatning oʻrtasida qanaqadir bogʻliqlik bor. U xaroba uyda bemalol yuradi. Bugun koʻrdingiz-ku nima yuz berganini. It uning yonginasidan oʻtganiga yuz foiz ishonchimiz komil boʻlsa ham, uni koʻrmadim dedi. Qon izlarini kim yoʻqotgan sizning fikringizcha?

Bakir choʻpon bu daf’a uzoqroq oʻylandi. Shu ogʻir sukunat davomida koʻksimga bosh qoʻyib yigʻlagan qiz koʻz oʻngimda turli qiyofada namoyon boʻlaverdi.
– Unda nega ikkilanib oʻtiribsiz? – dedi nihoyat soʻzlarni dona-dona talaffuz qilib. – Sadoqat bilan ochiqchasiga gaplashing. Hammasini soʻrang undan. Uchta sinfdoshi haqida ham, bugun nimaga sizning bagʻringizga otilib yigʻlagani haqida ham...
– Qoʻlimdan kelmaydi, – xoʻrsinib qoʻydim.
– Nega endi?
– Uni... yaxshi koʻraman.

Choʻpon ilon chaqqandek sapchib turdi oʻrnidan. Jiddiy qiyofamdan hazillashmayotganimni anglagach, oʻzga sayyoralikka duch kelganday qaradi.
– Siz unaqa odamga oʻxshamaysiz, – dedi nigohini uzmay.
– Tushunmadim. Umuman, odamga oʻxshamaysan, demoqchimisiz?
– Yoʻgʻe... haligi... Bilasizmi, Sadoqat hissiyotli qiz. Men aslida u sizni yoqtiradi deb oʻylab yurardim.
– Muhabbat uchun bitta odam kamlik qiladi.
– Siz buni muhabbat deb oʻylaysizmi?

Bosh qimirlatdim.
– Sizga qoyil qolmadim, – norozi boʻldi choʻpon. – Yosh boʻlsangiz ham koʻpni koʻrgan odam deb bilardim sizni.
– Ie, kecha uni ogʻiz koʻpirtirib maqtagan oʻzlari emasmi?
– Hali hammasi uchun meni aybdorga chiqararsiz, – choʻpon endi chin-hazil aralash valaqlay boshladi. – Birovni maqtasam, shartta oʻshani sevib qolish kerakmi?
– Tushunmadim, nega uni qizgʻanayapsiz?
– Men sizni qizgʻanayapman, – dedi allanechuk sirli ohangda. – Bilasizmi, Sadoqatning gʻalati tomonlari koʻp. Balki bu kulgilidir, lekin ba’zan undan qoʻrqayotganday boʻlaman.
– Hammasi it tufayli, – qoʻl siltab qoʻydim. – Koʻrasiz, ertaga bu jumboqning tagiga yetaman.
– Qanday qilib? Sizningcha, quturgan it odamga oʻrganishi mumkinmi?
– Bilmayman.

Biz yana ancha vaqt munozaraga berilishimiz mumkin edi. Ammo chiroq oʻchib qoldi-yu, uxlashni ma’qul koʻrdik.

Bugungi kun hammasidan ogʻir, shu bilan birga farahli kechdi. Sadoqatning ham menda koʻngli borligiga shubha qilmasdim. Aytib qoʻyay, men jiddiy odamman. Xat yozish ham, kimlarnidir oraga solish usuli ham yoqmaydi menga. Hamma narsani yuzma-yuz qal qilish tarafdoriman.

Ertasi Sadoqatni koʻrib esa koʻngil ochish xayolimdan uchib ketdi. Chunki u oqsamasdan, bamaylixotir ravon yurib kelardi.
– Ie, tuzalib qolibdilar-ku! – xursandligimni yashirmadim.
– Uncha jiddiy emasdi, – qoʻl uzatdi jilmayib. – Oʻzingiz qalay?
– Bir navi. Bu yerda yuraversam, jinniga aylanib qolish hech gap emas.
– Ketmoqchimisiz? – shoshib soʻradi.
– Bilmadim, – dedim xoʻrsinib.

Choʻpon mendan uzr soʻragancha, kallai saharlab molni haydab ketgandi. Darvoqe, uyida istaganimcha qolishimni, lekin shaxsiy muammolarim yoʻlida hech qanaqa yordam soʻrab ovora boʻlmasligimni qistirib oʻtdi. Xotiniga ham allanima deb shipshitgan shekilli, nonushtadan keyin umuman bezovta qilgani yoʻq u.
– Bir narsa soʻrasam maylimi? – dedi Sadoqat nigohini quyi tushirib.
– Nima ekan?
– Sevganingiz bormi?

Bir qalqib tushdim. Koʻrinishidan shoʻx-shaddod qizning hech qanaqa shamasiz, jiddiy holda birdaniga bu mavzuga oʻtganidan dovdirab qoldim. Biroq tezda oʻzimni qoʻlga olib:
– Bor, – dedim unga qaramasdan.
– Ismi nima?
– Oʻzingiz toping, – yana qaramay gapirdim. – Masalan, bu qishloqda eng koʻp tarqalgan qizlar ismi nima?
– Hech nima! – dedi u oʻrnidan turib.

Vaziyat qaltis tus olayotganini sezdim. Holbuki, u mutlaqo boshqa Sadoqatga aylangan edi. Ochigʻi, bu yogʻiga soʻz topolmay qoldim. U esa ostonada toʻxtab, tagʻin men tomon qaradi. Chiroyli koʻzlarida gina aralash gʻazab aks etayotgandi.
– Ketsangiz keting! – dedi dadil tovushda. – Lekin bilib qoʻying, bironta shaharlik qiz sizga qoʻl tekkizsa, gʻajib tashlayman!
– Toʻxta, tentak! – dedim burilishi bilan. – Hali gapim tugagani yoʻq. Sening goʻzalligingni sezibman-u, jahling burning uchida turishi xayolimga kelmabdi.

Birdan uning qiyofasi oʻzgardi. Yonoqlari avval bir oz oqarinqirab, keyin asta-sekin qizillik yugurdi. Zoʻraki jilmayarkan, koʻzlari kosasi namlanganini ilgʻadim.
– Nima, yigʻlamoqchimisan? – dedim oʻrnimdan turib.

U battarroq jilmayishga urindi. Biroq koʻzi yoshga moyil boʻlaverdi. Shu koʻyi ma’lum muddat nigohi ham, oʻzi ham qotib turdi-da, keyin birdan bagʻrimga otilib, kecha it gʻajigan bolani koʻrgan paytidagidan ham baland ovozda hoʻngrab yigʻlay boshladi.
– Qoʻysang-chi, jinni boʻldingmi, – dedim tartibsiz yoyilgan sochlari orasiga kaftim koʻmilib ketarkan. – Seni yigʻlatmoqchi emas edim.

Soʻng yuzini kaftlarim orasiga olib, qizargan koʻzlariga termuldim. Birdan etim seskanib, quturgan itning sargʻish koʻzlarini koʻrganday boʻldim. Padariga la’nat, taqdirim hal boʻlayotgan asnoda nega esimga keldi u maxluq? Axir, mening qoʻllarim orasida bir juft chiroyli koʻz turibdi. Bu koʻzlar meni yo bemisl baxtga eltishi, yo boʻlmasa hayotimni barbod qilishi mumkin.
– Menga nima demoqchi edingiz? – dedi Sadoqat burnini tortib qoʻyarkan.
– Qoʻyaver, koʻngilsiz mavzuda gaplashmoqchi edim. Lekin hammasi bir pul menga. Xohlamasang, hech narsa aytma.
– Nimaga? – uning nigohi tikka tikildi. – Sizni yaxshi koʻrishimni ham aytmayinmi?
–Tentak!

Nimagadir oʻzimning ham yigʻlagim keldi. Baxtdanmi, sarxushlikdan. Bu oniy lahzalarda muhabbatdan boshqasi bekor. Yovuz mavjudotlar ham, kerak boʻlsa oʻlim ham yoʻq bu dunyoda. Faqat sevgi bor. Faqat mening bagʻrimda turgan, endi unsiz yigʻlayotgan baxt bor, baxt!
– Ertaga ketaman, – dedim bir ozdan soʻng. – Lekin yana kelaman.
– Qachon?
– Balki darrov, balki...
– Men ham ketaman, – dedi u araz va erkalik aralash. – Siz unutib yuborasiz meni.
– Jinni boʻlma. Sen mening baxtimsan. Ishdan bir kunga ruxsat berishgandi. Shuncha qolib ketdim qishloqda.
– Meni eslab yurishingiz uchun esdalik qoldiraman, – dedi oʻng qoʻlimni ushlab.

Keyin kutilmaganda bilagimni shunday tishladiki, dodlab yuborishimga bir bahya qoldi.
– Esing joyidami? – dedim bir unga, bir qizarib tish izi qolgan bilagimga qarab. – Nima qilganing bu?
– Endi faqat meniki boʻlasiz! – dedi tish izi qolgan bilagimni silab qoʻyarkan. – Butunlay!

...Tushdan soʻng yolgʻiz qoldim uyda. Choʻponning ayoli ham qaergadir ketgandi. Bir mahal «Bakir aka!» degan ovozni eshitib, hovliga chiqdim. Bir oʻspirin bola choʻponni chaqirib kelgan ekan. Yoʻqligini bilib, koʻcha tomon burilganida, zerikkanimdan men ham darvozadan chiqdim. Shunda birdan nigohim qotib qoldi. Kimsasiz uydan tanish it chiqqandi. «Demak, bu bola ham Sadoqatning sinfdoshi», degan fikrga keldim toʻsatdan. Quturgan it esa meni koʻrib chekindi. Kallam sira ishlashni istamay, bor kuchim ila ortidan yugurdim. Egasiz hovliga hatlashim bilan uning suyak sochilib yotgan xonaga kirganini koʻrib qoldim. Ammo bu yogʻiga yurak dov bermadi. Yoʻlda davom etish uchun jur’at topmadim oʻzimda. Tizzalarimga qaltiroq yugurib, bir joyda qotib turarkanman, shu mahal koʻzim tushgan manzara ta’sirida vujudimdagi qon sovib qolganday boʻldi. Xuddi oʻsha vayrona xonadan Sadoqat chiqib keldi!
– Sen?! – tovushim ham qaltirab, tilim soʻzga aylanmay qoldi.
– Siz bu yerda nima qilyapsiz? – dedi odatiy ohangda.
– Oʻzing... nima qilyapsan?

Uyalinqirab jilmaydi oʻzicha.
– Toʻxta! Yaqinlashma menga! – dedim bir qadam orqaga tisarilib.
– Nima boʻldi sizga? – u toʻxtab, taajjub toʻla koʻzlarini menga tikdi.

Mening koʻzimda esa dahshat qotib qolgan edi. Bu galgi vaziyat shu qadar gʻayritabiiy ediki, xulosa tugul biror taxmin yaratishga ham ojizlik qilardi aqlim.
– Sen chiqqan joyga hozirgina quturgan it kirgandi, – dedim koʻzlariga tikilib.
– It? Hazillashyapsizmi? Chumoli ham yoʻq u yerda.

Yana bir muddat koʻzlariga qarab turdim-u, keyin sekin xaroba xona tomon odimladim. Yurak hovuchlab ichkariga nigoh tashlaganimda, chindan ham biror tirik jon yoʻqligiga amin boʻldim va boʻynimdan sovuq ter oqayotganini his qildim. Meni kuzatib turgan qiz tomon burilarkanman, nigohi savolga toʻla tuyuldi. Oʻzim esa esdan ogʻayotganga oʻxshardim. Boshimni eggan koʻyi indamay yaqinlashdim yoniga.
– Asabingiz charchagan koʻrinadi, – dedi hamdardona ohangda. – Koʻngilsiz voqealar ta’siri.

Hanuz jim edim men. Miyamga urilgan fikrdan butun vujudim titrar, tomogʻimga bir nima tiqilib qolgandek edi.
– Bilasanmi, – dedim keyin unga qarolmay, –men bir qora maxluqni emas, goʻzal va mehribon qizni sevishni xohlayman.
– Tushunmadim?
– Nimasini tushunmaysan? – baqirib yubordim. – Nega quturgan it sen bilan bir sinfda oʻqigan bolalarga hujum qiladi? Ularning hammasi sen bilan janjallashgani uchunmi? Nega biz koʻrgan itni sen koʻrmaysan? Nima uchun u kirgan xonadan chiqasan-u, hech nima bilmaysan?
– Bas qiling! – dedi u baland ovozda.

Soʻng yuzini chetga burdi-da... gʻirillab qoʻydi. Ana shunda yuragim urishdan toʻxtagandek tuyuldi oʻzimga. Nafasim qisilayotganini sezdim. Jon holatda yugurib, koʻchaga chiqdim. Boʻm-boʻsh edi koʻcha. Choʻponning uyiga kirdim-da, oʻzimni yerga otib, qorongʻu oʻrmonda yolgʻiz qolgan boʻri bolasidek uvillab yigʻlay boshladim. Bu koʻrgulik nima uchun aynan menga atalishi kerak?..

Choʻpon qosh qorayganda qaytdi. Tund qiyofamni koʻrib, hech narsa soʻrashga botinmadi. Jim ovqatlandik. Bir soatcha keyin esa oʻq ovozidan birdan sergaklanib, koʻcha tomon otildik.
– Men uni oʻldirdim! – dedi bizga koʻzi tushgan moʻylovli odam qoʻshogʻiz miltigʻini baland koʻtarib. – Aniq koʻrdim yiqilganini.

Yuragim dahshatdan taka-puka boʻlib ketdi. Qarshimdagi odam esa baloday koʻrindi koʻzimga. Keyin uchovlashib kimsasiz hovlini koʻzdan kechirdik. Hech qaerda yoʻq edi itning jasadi. Hang-mang boʻlganicha asabiylashayotgan erkak esa yer tepib baqirardi:
– Padariga la’nat! Xuddi mana shu yerda yiqilgan edi. Lekin qani?

Bizdan javob yoʻq edi, albatta. Choʻpon ikkimiz jim, sherigimiz esa soʻkingancha qaytarkanmiz, toʻsatdan qoʻshni uyda dod-faryod koʻtarildi. Uchalamiz bir-birimizga tartibsiz qaradik. Soʻng ikkisi oʻsha uy tomon yoʻnaldi. Men esa qimirlashga ham majolsiz edim. Yarim soatcha qotib turdim. Bu oʻttiz daqiqa azobday uzun, baxt kabi qisqa edi. Hayot yoʻq edi bu oʻttiz daqiqada. Faqat oʻlim, keyin baxt bor edi – ulkan, goʻzal, qop-qora baxt...

Nihoyat Bakir choʻpon qaytib, hamon mening oʻrnimda turganimdan ajablandi. Bosh egib yonimga yaqinlashdi-yu, picha taraddudlangancha menga qaramay gapirdi:
– Sadoqat... oʻzini oʻldiribdi.

Men oʻldirgan edim uni aslida. Meni sevgani uchun, meni asrashga moyilligi va menga ajal hadya eta olmagani uchun...

Men bu kunlarni hali koʻp eslayman. Ehtimolki chiroyli, bir maftunkor, lekin sargʻish nigoh olis-olislardan menga mehr bilan termulib turganini his qilarman. Oʻzim boʻgʻizlagan tuygʻularning qurboniga aylanaman bir kun. Oʻshanda hech kim idrok eta olmaydi buni. Chunki men yigʻlamayman. Faqat dunyoning jami musibatini, goʻzallikdan qolgan gʻamgin yodgorliklarni koʻzlarimda aks ettiraman. Shunda balki men uchun oʻlim istab kelgan yurak qoʻrqmay qarasa, koʻzlarimning sargʻish tusga kirganini ilgʻashi mumkin...

Ertasi ertalab choʻpon bilan xayrlashib, yoʻlga otlanayotganimda qishloq butunlay dod-faryod sadolari ostida qoldi. Shahar shifoxonasidagi ikkita bolaning jasadini ham olib kelishgan ekan. Xuddi oʻsha mashinaga yolgʻiz mingashdim. Koʻprikdan oʻtib, qishloqdan olislaganimizda kechagi kun yodi bilan oʻng qoʻlimga qaradim. Tish izi oʻz-oʻzidan yoʻqolibdi. Chuqur nafas olarkanman, vujudimda gʻalati oʻzgarish his qildim va... kimnidir gʻajigim keldi. Haydovchi zoʻr berib rul boshqarar, boʻyin tomiri esa boʻrtib chiqqandi...