OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻrabek Ramazonov
Asar nomiShaytondara (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Joʻrabek Ramazonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Shaytondara (hikoya)
Joʻrabek Ramazonov

I- qism

Xufton mahali darvozani tambalaganimdan soʻng hech qancha vaqt oʻtmay kimdir koʻchadan turib chaqira boshladi. Ovozidan tanidim – uchastka noziri.
– Salom, inspektor sohib! – dedim odatiy hazil bilan.

Uning yonida jingalak sochli, yuzlari tilingan, koʻrinishidan bu atrof odamiga oʻxshamaydigan nusxa bezovta turardi.
– Bu kishi mehmon ekan, – dedi nozir umumiy holda tanishtirib. – Mashinalari qoʻsh sada ostida tiqilib qolibdi, shoshilinch yordam kerak.
– Shaytondaradami? – soʻradim birdan hovliqib.

Bosh chayqadi suhbatdoshim. Aslida uning yordam uchun mendek bir jussasi kichik odamni tanlashi bejizga emas, ayni hozir tilga olinayotgan manzil boʻylab kechasi tugul quyoshli kunda ham birov yurmaydi. Kun uzogʻi dara orasidagi bu yoʻlga quyoshning parcha nuri tushmaydi. Bir paytlar asosiy serqatnov yoʻl edi u. Kunora avtohalokatlar yuz berib, shu yoʻldan oʻtgan mollar va odamlar oʻz-oʻzidan yoʻqolavergach, hech kim u tomon qadam bosmaydigan boʻldi. Borsangiz, har joy-har joyda mahalliy aholi «shayit» deb ataydigan kichik-kichik doʻngalakchalarga koʻzingiz tushadi. Lekin menimcha, ulardan bittasiga ham biron bir tirik jon koʻmilmagan. Qishloqda oʻzi yetim oʻsgan, xotini tashlab ketgan Norboy piyanista boʻlardi. Bir kuni ulfatlari bilan oʻtirib, yarim tunda bir oʻzi Shaytondaradan oʻtishga garovlashibdi. Ertasi kundan boshlab hech kim koʻrmadi oʻsha odamni. Kimdir «jar-pardan uchib oʻlgan» desa, yana birov «Rossiyaga ketgan» deb oddiy tashxis qoʻydi. Badal choʻpon ikkita bahaybat iti bilan bir oycha oldin molini oʻsha tomondan haydab oʻtganida uzoqdan bir sharpani koʻrganini, u Norboy piyanistaga judayam oʻxshashini aytganida qishloq ahli choʻponni «suv boʻyida uxlab qolib alahsiragan»ga chiqardi.
– Shaytondara deysizmi?

Bunaqa sovuq nomdan koʻzlari ola-kula boʻlayotgan mehmonning savoli xayolimni boʻlib yubordi.
– Mashinada boshqa hech kim yoʻqmi? – dedim savoliga javob qaytarmay.
– Xotinim bilan qizim…
– Shoshilish kerak! – dedi nozir.

Achchiqlandim. Ayni damda uning kasbiga xos shoshqaloqligi yoqmayotgandi menga.
– Shoshmang, oʻlimga ulgurasiz, – dedim piching qilib.
– Nafasingizni issiq qiling! Men sizni ham oʻzimga oʻxshagan fidoiy deb keldim oldingizga. Balki gazetangiz uchun biron qiziqarli maqola tayyorlarsiz.
– Yaxshi. Hozir kiyinib chiqaman.

Albatta, qogʻoz-qalam emas, sovuq qurollarga e’tibor qaratdim, chunki hozir gap hayot-mamot ustida borayotgandi. Belimga oshpichoq taqib, qoʻshogʻiz miltigʻimni oldim. Nozirga oʻzi yaqindagina qurol berishdi, xudo biladi otishni eplaydimi yoʻqmi…
– Nega ularni mashinada qoldirdingiz? – dedim mehmonga, yoʻlga otlanishimiz bilan.
– Eshiklari mahkam… Men tezroq qishloqqa kelib-ketay degandim.
– Sada osti tekis yoʻl edi-ku? – nozir aralashdi.
– To qarsillab ovoz chiqmaguncha men ham tekis yoʻldan boshqasini koʻrmayotgandim. Qarasam, oldinda xarsang tosh. Gʻildiraklar yerga yopishib qolganday qimir etmaydi.

Daraning ayrim joylari chuqur jarlik, qolgan qismi yuqoriga choʻzilgan baland qoyalardan iborat. Xuddi oʻsha toshqoyalar yuzi ham, jar sathi ham tikanli qargʻanaklar bilan qoplangan, pastga qarab toyib ketgan odamni jar tubidagi toshlardan avval tigʻli oʻsimliklarning oʻzi qonga boʻyab qoʻyadi. Keyin, ahyon-ahyon qoya tepasidan tosh tushib turadi.
– Nihoyatda jimjitlik, – dedi nozir qoʻlidagi fonar yorugʻini atrof boʻylab yugurtirarkan. – Donishmandlardan biri men jimlikdan qoʻrqaman, degan ekan.
– Hozir maqolning oʻrni emas, – dedim norozi ohangda. –Hammasi yaxshi tugashi hushyorligimizga bogʻliq.

Bizning xiylagina sirli suhbatimizdan notanish hamrohimizni battar hadik bosardi. Darvoqe, bu yer qoʻshni tumandan bizning qishloq orqali shaharga olib boradigan eng qisqa yoʻl. Lekin joni shirin odam uchun bundan koʻra ekvator chizigʻini kesib oʻtgan ma’qulroq.

Balandlikdan koʻtarilishimiz bilan nozir qoʻlidagi fonarning nuri ojizona olisni yoritib, gʻira-shirada qizil rangdagi «Jiguli» koʻrindi. Men ham fonarni oʻsha tomon yoʻnaltirdim. Yaqinlashganimizda esa uchovimiz ham turgan joyimizda qotib, mavjud manzaradan seskanib ketdik: mashinaning eshiklari lang ochiq, yerda oyna siniqlari bilan birga qon izlari bor edi.
– Yo Xudo! – deb yubordi mehmon. – Lo iloha…
– Toʻxtang! – amr qildi nozir. – Mashinada hech kim yoʻq.
– Buni qanday izohlaysiz? – dedim qon izlariga ishora qilib.
– Garov oʻynayman, yirtqichlar…
– Bu atrofda biron kishi hatto tulkini ham koʻrmagan.
– Itlar-chi? – tagʻin e’tiroz bildirdi nozir.
– It oynani sindirolmaydi.
– Menimcha mashinadagilar tashqariga chiqqan. Deylik, zarurat yuzasidan. Keyin…
– Oynani kim sindirgan? – dedim ovozimni bir parda koʻtarib.

– Ha-ya, oyna… Padariga la’nat! Taxminlar bir-biriga toʻgʻri kelmaydi.
– Yo, Xudo! – derdi hamon mehmon yigʻlagudek boʻlib. – Ular oʻlmagan-a?

Javob qilmadim. Nozir ham jim edi. Chunki hali ona-bolaning soʻnggi taqdirini hech birimiz bilmasdik.
– Qon izidan borish kerak, – dedim yerni yoritib.
– Shunday qilamiz, – nozir oldinga tushdi.

Ketishdan oldin mashina ichiga koʻz yugurtirishni ham unutmadik. Oʻrindiqlarning hatto gʻijimlanmay turishi, kalit oʻz oʻrnida ekanligi xulosa tugul biron taxmin yaratishga ham asos boʻla olmasdi.
– Ular tirik-a? – deb soʻradi yana batamom tahlikaga berilgan mehmon.
– Koʻp gapirmang! – asabiylasha boshlagan nozir jerkib tashladi.

Qon izlari siyraklashib, oxiri yoʻqoldi. Biz esa daraga koʻndalang jarlikning qoq oʻrtasiga kelib qolganimizni payqamadik.
– Qaytish kerak, – dedim birdan toʻxtab.
– Xotinim-chi? Qizim-chi? – tutoqib ketdi mehmon.
– Hammamiz oʻlamiz, – unga e’tibor qilmay, nozirga qarab siniq ovozda gapirdim.
– Pashshadan fil yasamang. Oxirigacha chidayman. Bu jumboqning tagiga yetishimiz kerak.

Rostini aytsam, bular bilan birga qolishdan ham yolgʻiz ortga qaytish xatarliroq edi. Yurak qurgʻur oldinda bizni katta xavf kutayotganini sezar, lekin nachora, kemaga tushgan jon. Nozirni bilmadim-u, men qahramonlik koʻrsataman deb bekorga oʻlib ketishni istaydigan ahmoq emasman.
– Nasi! –mehmonning qichqirigʻi choʻchitib yubordi odamni. – Nasi! Qaranglar u tirik ekan!

Bizdan oʻrtacha uzoqlikda baland boʻyli, oq koʻylagining biron joyida qon dogʻi sezilmaydigan chiroyli ayol turardi.
– Aytgandim-ku sizlarga u tirik deb, – oʻzini yoʻqotib qoʻygan mehmon oʻsha tomon qoqilib-surilib yura boshladi.

Shunda sovuq bir his chulgʻab oldi vujudimni. Chunki soʻzlash u yoqda tursin, xiraroq koʻrinayotgan yuzi biror ifoda kasb etmayotgan ayolning oyogʻi yerdan picha uzilgan holda muallaq turganini payqadim.
– Toʻxtang! – dedim birdan baland ovozda. – Bormang, u odam emas!

Ammo mehmon yo gapimga tushunmadi, yo boʻlmasa parvo qilmadi. Men esa miltiqni oʻsha tomon oʻqtalib, nozirga ham shu ma’noda ishora qildim. U toʻpponchasini qoʻliga oldi-yu, sekin pichirladi:
– Oʻqlanmagan.

Nafrat bilan burishtirdim yuzimni. Ahir, qattiq gap yoki oʻqsiz qurol bilan faqat odamni qoʻrqitish mumkin. Biroq hozir qarshimizda hatto fanga noma’lum boʻlgan yuraksiz bir mavjudot turardi.

Eri yaqinlashishi bilan ayolning gavdasi pasayib, oyogʻi yerga tegdi. Shu payt chala jilmayganini, ogʻzidan esa pastki lablari ustiga chiqqan ikkita qonli tishni koʻrdim-u, «mehmon tamom» degan fikr kechdi koʻnglimdan.
– Arvoh! – dedi qaltiroq bosgan nozir.
– Yoʻq, arvohda bunaqa tish boʻlmaydi.
– Boʻlmasa, nima?
– Bilmayman, – dedim oʻzimning ham barmoqlarimga titroq yugurib.

Ayol esa erini yelkasidan tutib, birdan boʻyniga yopishdi. Mehmon ming dodlamasin, xotinining quchogʻidan boʻshashga ojizlik qildi. Hech nimani mulohaza qilib oʻtirmay, tavakkal oʻq uzdim. Nishonsiz oʻq ovozidan boshini koʻtargan ayol biz tomon qaradi. Ana shunda Azroilni koʻrgandek oʻlim hissi qamrab oldi tanamni. Sochlari yoyilgan, qoʻrqinchli tishlari hamon koʻrinib turar, shu tishlarni boʻyashdan boshlangan qon esa lablari bilan birga boʻyniga oqib tushgandi. Uning qoʻlida koʻzlari yarim yumiq holda holsizgina turgan mehmonning boʻynida ikkita chuqur tish izi qolgan. Ayolning hozir erini qoʻyib yuborib, bizga tashlanishiga shubha qilmasdim. Ammo u osmonga qarab, insonga xos boʻlmagan gʻalati ovozda bir chinqirdi-yu, eri bilan birga pastga sakradi. Uning aks-sadosimi yoki boshqa oʻziga oʻxshaganlarning tovushimi, gʻalati ovoz bir muddat olis-olislardan eshitilib turdi-da, yana yurakni siqib yuboradigan sukunat boshlandi.
– Qaytamizmi? – soʻradi nozir umidsiz ohangda.

Indamay yoʻlga tushdim. Uning bu ohangda gapirishi behuda emas, Shaytondaradan tirik chiqib keta olishimizga oʻzimda ham umid qolmagan edi.
– Fonarni oʻchiring, – dedim. – Shunisi ma’qulroq.

Nozir aytganimni qildi. Oʻqsiz toʻpponchasini ham oʻrniga solib qoʻydi; chamasi, bu qurol bilan hozirgina oʻzi koʻrgan mavjudotni choʻchitib boʻlmasligini anglagan.

Sada ostigacha gaplashmay keldik. Bu yerda esa bizni yana bir jumboq kutib turardi: mashina oʻrnida yoʻq! Fonarni yoqdim-u, yerdagi oyna siniqlari, qon izlarini ham koʻrmadim.
– Sizningcha… – nozir oxirigacha gapirolmadi.
– Menimcha, tezroq daf boʻlish kerak! – dedim.

Shunda gapim ikki xil ma’no kasb etishini oʻylamagandim. Ya’ni «daf boʻlish» qishloqqa tezroq yetib olish, xolos, zinhor oʻlim deganim emas. Biroq bizga toʻrt tomondan ayni dam faqat ajal soya solib turardi.

Yuz qadamcha yurmay tanish chinqiriqlar eshitildi. Nozir choʻchib, fonarni yoqdi-yu, atrof boʻylab yugurtira boshladi. Shunda birdan fonar oʻchib qoldi.
– Padariga la’nat, batareya tugadi, – dedi fonarini bir-ikki qoʻliga qoqib.

Vahima bosib qoʻli titradimi, fonar tushib, pastlik boʻylab dumalab ketdi. Qorongʻuda ham sherigimning borgan sari asabiylashayotganini koʻrib turardim. Oʻzimning fonarimni olib yokdim – yonmadi. Batareya tugashi mumkin emas, uch kun oldin yangilaganimdan beri bugun ilk bor foydalanishim edi.
– Bu yogʻiga fonarsiz ketishimizga toʻgʻri keladi, – dedim ketma-ket yuz berayotgan tushunarsiz hodisalardan oʻzim ham boʻshashib.

Tun yarimdan oshgan edi. Taxminimcha, qishloqqa yetish uchun yana kamida olti chaqirim yurish kerak. Tekis yoʻl boʻlganida-ku bir yugurib bosib oʻtsa boʻladigan masofa. Biroq hozir men va sherigimning nainki oyoq, balki biror a’zomizda mador qolmagan oʻzi. Bir tomondan, bir-birimizdan uyalganimiz uchun, ikkinchidan tirik qolish ilinjida zoʻr berib harakat qilardik. Oysiz tunda, ustiga ustak fonarsiz dovon osha yaqin soʻqmoqdan borishni oʻylash dahshatli. Ikkimiz ham indamay katta yoʻl boʻylab ketardik.
– Mashina! – dedi nozir toʻsatdan.

Avvaliga yana biron bir ajali toʻlgan yoʻlovchi shu yoʻdan oʻtibdimi, deb oʻyladim. Lekin shundoq yonginamizda qizil rangdagi «Jiguli» turardi. Qoʻrqa-pisa yaqinlashdik unga. Shu on mashina ichida oʻtirib, omon qolgan yakka-yu yagona oynadan tashqariga mungʻayib boqib turgan qizchani koʻrdik. Uning koʻzlari qandaydir yaltirab koʻrinayotgandek tuyuldi menga.
– Anovining qizi boʻlsa kerak, – nozir mashina eshigiga qoʻl choʻzdi.
– Tegmang! – dedim buyruq ohangida.
– Tushunmayapsizmi, buning endi ota-onasiga keragi yoʻq.
– Bizga ham, – dedim sovuq qilib.

Qaysar nozir gapimga koʻnmadi. Nazarimda, fidoiylik hissi ustun keldi unda. Mendagi hislar esa vaziyat bilan hisoblashishni taqozo etardi. Oʻylaganimdek, nozir mashina eshigini ochishi bilan ma’yus boqib turgan qizaloq bir sakrab unga tashlandi-yu, yelkasiga yopishib oldi. Jon holatda nozir uni siltay boshlarkan:
– Bir nima qilsangiz-chi! – dedi nochor holatda.

Oʻylab oʻtirmay mitti yovuzga miltiq ogʻzini toʻgʻriladim. Ammo zumda qoʻlimdagi qurol qanday qilib qizchaning qoʻliga oʻtib qolganini anglashga ulgurmadim. Qizaloq oʻziga xos yupqa, lekin yoqimsiz tovushda bir chinqirdi-yu, miltiq-piltiq bilan gʻoyib boʻldi. Unda ham onasinikiga oʻxshash qonli tish borligini koʻrib qolgandim.
– Padaringga la’nat! – dedi nozir tirnalgan chakkasini silab. – Haqiqiy doʻzaxga tushib qolganga oʻxshaymiz.
– Chiqishni oʻylash kerak, – dedim horgʻin nafas olib. – Bu yogʻiga hech narsaga tegishga urinmang.

Miltiqdan judo boʻlganim alam qilardi. Yoʻq, alam emas, oʻlim degan dahshat ta’sirini bir pogʻonaga oshirgandi bu judolik. Hali ham belimda oshpichoq borligi ozgina taskin. Ammo umr bino boʻlib koʻrganimiz – qonsoʻrar yovuzlarga zambarak bilan bas kelish ham kulgili tuyulardi.

Soy boʻyiga yetganimizda atrof xiyla ravshanroq koʻrindi.
– Ana! – dedi nozir chiroq yoniq turgan tomonni koʻrsatib. – Badalning qoʻrasi.
– Qishloqqa qarab yurish kerak, – dedi oʻzimga ham qoʻra tomon yagona panoh boʻlib koʻrinayotganiga qaramay.

Nozir yana bilganidan qolmadi. Men ham noiloj ergashdim unga. Badalning yuzlab molga moʻljallangan qoʻrasida tosh sukunat hukmron edi. Bu yerda ham nimadir yuz berganiga aqlimiz yetdi, albatta. Shunday boʻlsa-da, nozir chiroq yoqilgan uy tomon yoʻlida davom etardi. Ayvondan chala yorugʻ tushib turgan hovlida yana bir bor hayratlanishimizga toʻgʻri keldi: choʻponning ikkita bahaybat iti uzala tushgancha qonga belanib yotardi. Ana shundagina nozirning qadami ogʻirlashdi. Oʻzini ovutib oʻrgangan shekilli, zinalardan koʻtarilayotganimizda qoʻli bir-ikki oʻqsiz quroli tomon borib keldi. Meni ham vahm bosib, oshpichoq dastasini mahkam ushlab olgandim. Xonaga ohista hatlashimiz bilan hammasi bir zumda tugadi. Chunki Badal choʻpon eshikka orqa oʻgirgan koʻyi toʻrda bamaylixotir tayoq yoʻnib oʻtirardi.
– Badal! – dedi nozir.
– Ie, – choʻpon oʻgirildi-yu, qoʻlini poʻstiniga artgach, koʻrishish uchun choʻzdi. – Bemahalda…

Shunda uning bilagi bogʻlanganini, oq latta ostidan qon sizib chiqayotganini koʻrdim.
– Bilasanmi…
– Bilaman! – dedi nozirning gapini boʻlib. – Bu yerga ham kelib-ketdi.
– Kim kelib-ketdi? – dedim ajablanib.
– Kim boʻlardi, Norboy-da! Ikkita itimni ham oʻldiribdi. Mollarni haydab yuborgan. Tutqanogʻi tutib, meni ham tishlay boshladi. Ikki tayoq urgandim, dodlaganicha qochib qoldi. Lekin yana kelsa kerak. Qorongʻida mol ortidan borishga yurak dov bermayapti. Kasali ja gʻalatiga oʻxshaydi.

Nozir ikkovimiz taxta boʻlib qolgandik. Choʻpon esa hali Norboyning insonlar safidan chiqqanini bilmas ekan.
– Bu yer oʻz nomi bilan Shaytondara, – dedim yumshoqroq tushuntirish maqsadida. – Siz aytayotgan gʻalati odamlar bir emas, bir nechta. Biz ham ularga oʻxshab qolmasimizdan qishloqqa qarab juftakni rostlash kerak.
– Men ertalab molni izlayman, – dedi choʻpon.

Biroq gapi tugar-tugamas bir oʻqchidi-yu, ogʻzidan qoramtir qon sachradi. Nozir va men oʻzimizni chetga oldik. Badal choʻpon xumori tutgan nashavanddek bir-ikki daqiqa yerda tinmay dumaladi. Keyin oʻrnidan turib, boshini chagallagancha ogʻzini katta ochib, bor ovozi bilan qichqirdi. Shunda uning ham tishlari qatorida ikkita qonli tish paydo boʻlganini koʻrib, oyogʻim uchigacha muzlab ketdim. Nozir hushyorlik qilib hozirgina choʻpon yoʻnib oʻtirgan kaltakni oldi va oʻziga tashlanayotgan qonxoʻrning boshiga tushirdi. Gandiraklab egilgan choʻponning gardaniga qanday pichoq urganimni bilmay qoldim. Bu safar atrof boʻylab laxta-laxta quyuq qon otildi. Boʻyni toʻrvadek osilib qolgan choʻpon qichqirishda davom etib, oʻqday otilganicha eshikdan chiqib, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Yuz bergan dahshat ta’siridan qimir etolmay, tilimiz ham soʻzga aylanmay qolgandi. Chuqur nafas olarkanman, roʻparamdagi devorga suyanib turgan nozirning tirnalgan chakkasida qonli yoriq paydo boʻlganiga koʻzim tushdi. Hammasidan ham sovuqroq his qamrab oldi vujudimni.
– Yuzingiz…
– Bilaman, – dedi siniq tovushda. – Endi qishloqqa bir oʻzingiz qaytasiz. Xotinimni ishontirish uchun tuzukroq bahona toping. Yoʻq, yaxshisi hech narsa demang. Umuman, birovga ogʻiz ochmang. Ikkimizning bu yerga kelganimizni hech kim bilmaydi. Agar qishloqqa omon qaytsangiz, avvalgiday jim yashayvering.

Ilk marotaba qarshimdagi odamning qadrdonligini his qildim. Shu boisdanmi, oyoqlarim oʻzimga boʻysunmay, joyimda turaverdim.
– Endi boring! – dedi nozir men tomon qaramay. – Tayoqni ham oling.

Rosti gap, hatto bunaqa tush koʻrishni istamas edim. Ammo mening nazdimda hayot koʻz ochib-yumguncha shu qadar notoʻgʻri burchak ostida oʻzgargan ediki, bir lahzada bir nechta ajalning oʻzi seni yoʻqlab keladi. Ming rahmdil boʻl, vaziyatga qarab zumda oʻzgararkansan. Diydang qotishi uchun yillar emas, soniyalar kifoya ekan. Hayot oldida qancha ojiz boʻlsang, ayni shu hayot uchun shuncha faol kurashasan. Masalan, men bir paytlar sevgan qizi tashlab ketganda oʻziga qarata oʻq uzmoqchi boʻlgan odam emasman hozir. Istagim ham, imkoniyatim ham hayot bilan hisoblashmoqda. Bordi-yu biror daraxt ostida toʻxtab, choʻzilganimcha ming harakat qilmayin, zarracha ham uyqum kelmaydi, chunki vaziyatga mutlaqo zid ish bu. Qolaversa, faqat men emas, alifni kaltak deb yurgan odam boʻlsa ham shu oddiy haqiqat izmiga boʻysunishi tayin.

Qulogʻim ilgan sharpadan choʻchib toʻxtadim. Qishloqqacha oz qoldi – yana bitta soydan oʻtib olsam bas. Kallam sira ishlashni istamay, oshpichoqni mahkam tutganimcha bor kuchimni oyogʻimga jamlab yugurdim. Goh qoqilib, goh yiqilib, toki qishloq itlarining najotbaxsh ovozi eshitilmaguncha chopaverdim. Tashqi chirogʻi yoniq oziq-ovqat doʻkoni yoniga yetganimda tamomila holdan toygandim. Tol ostidagi yaydoq supaga choʻzildim-u, uygacha borishga koʻzim yetmay, qisqa-qisqa nafas ola boshladim. Yoʻq, bu haqda yozish tugul birovga ogʻiz ochmayman. Chunki jinniligim ovoza boʻlsa, ishdan haydalishim aniq.

…Koʻzimni ochsam, zax yerda yotibman. Boshimni koʻtargancha tevarakka koʻz yugurtirarkanman, hibsxonadaligimni angladim. Oshpichoq bilan birga belimdagi kamarim, botinkamning bogʻichi ham yoʻq. Kallam ari inidek, yuz bergan voqealarni xotiramda tiklashga qancha urinmay, bari ayqash-uyqash boʻlib ketaverdi.

Hammasi bir soatcha keyin tergov mahali oydinlashdi. Kecha tunda yon qoʻshnimiz Noralining boʻlaklarga boʻlingan jasadi topilibdi. Dastlabki ekspertiza xulosasiga koʻra, qoʻlimdagi oshpichoqda qolgan qon guruhi marhumniki bilan bir xil emish. Men pichoqni qaerda va qay yoʻsin qonga botirganimni aytishim mumkin edi, biroq qamoqdan oldin jinnixonaga tushishni istamayman!

Andoza:Chala asar