OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻrabek Ramazonov
Asar nomiTelba dunyo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Joʻrabek Ramazonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Telba dunyo (hikoya)
Joʻrabek Ramazonov

Oqish osmon ostidagi oqshom sekin qorayib borardi. Shafaqning qizil ranglari ham quyuqlashar, umuman, oq, qizil va qora rang qorisha boshlagan edi osmonda.

Sumbula tinmay gapirar, men esa ketish lozimligini aytishga botinolmasdim. Ha, unga qizigʻi yoʻq – kechaning ham, kunning ham. Qolaversa, tabiatning tongdan boshqa mezoniy vaqtini his qilolmaydi u.

Yoʻq, yanglishgan ekanman. Sumbula birdan gapdan toʻxtab, diqqat bilan oʻzicha quloq tutdi-da, soʻradi:
– Nima, kech boʻldimi?
– Qaerdan bilding? – ajablandim.
– Koʻzim koʻrmasa ham qulogʻim eshitadi.

Darvoqe, tevarakda baqalarning odatiy kechki ovozi boshlangan, chinakam sukunatning yakka-yu yagona kushandasi boʻlayotgan bu ovoz esa Sumbulaga begona emas. Xayolimga kelmabdi shu.
– Kechir, – dedim oʻrnimdan turib. – Yur, ketdik!

U ohista qoʻzgʻalib, qoʻlini uzatdi. Kaftidan yengilgina tutarkanman, tanish tuygʻu qamrab oldi vujudimni. Yoʻq, tanish emas, aslida bu his nimaligini bilmayman. Faqat… meni koʻra olmaydigan qizni har kun koʻrgim kelishini bilaman, xolos. Yana shuni bilamanki, ikkimizni bu atrofda koʻpchilik koʻrolmaydi. Ogʻzi ochiq xotinlardan biri onamga nima debdi deng: men oʻzi bir Xudo qargʻagan qizni battar baxtiqaro qilayotgan emishman. Ha, Sumbula koʻp narsani bilmaydi. Hatto oʻlim degan tushuncha haqida tasavvurga ega emas u. Ammo uzzukun bir burchakda oʻtirishga mahkum odam bilan sayr qilish, unga oʻzi koʻrolmaydigan dunyoning faqat yaxshi tomonlarini gapirish gunohmi? Xoʻsh, bu telba dunyoning bevafoligi, masalan, Niginani otasi oʻzi tengi erkakka zoʻrlab unashtirgani yoki bir oyogʻi goʻrga borib qolgan Shodi boboning maktabdan qaytayotgan bolalarni itiga quvdirib zavqlanishini aytsam, koʻnglingiz joyiga tushadimi? Kechirib qoʻyibsiz! Bunaqa insoniylik doirasidan tashqaridagi voqealardan Sumbulaning oʻzi xabar topsin – qachon nasib qilsa, oʻsha payt. Men har kuni unga atrofning goʻzalligini, gullar rang-barang, dala koʻm-koʻk tusga kirib, yanada jozibaliroq koʻrinayotganini takrorlab charchamayman. Aslida bu atrofda birorta ham gul yoʻqligini, oʻt-oʻlanlar allaqachon xasga aylangani-yu, molboqar bolalar oʻyini oqibatida dalaga oʻt ketib, tevarak qop-qora tusga kirganini kim aytmoqchi boʻlsa aytaversin. Sumbula baribir menga ishonadi.

U aslida koʻzi ochiq kelgan dunyoga. Hali yaxshi-yomonni anglash, oq-qorani farqlash yoshiga yetmay, notoʻgʻri muolaja oqibatida ojizaga aylandi-qoʻydi. Avvaliga erta-indin deb yurgan doʻxtirlar keyinchalik butunlay bosh chayqaydigan boʻlishdi. Koʻrsatmagan joyi qolmadi Saltanat opaning. Nihoyat poytaxtdagi shifokorlardan biri buning chorasi borligini, faqat bemor balogʻat yoshiga yetishi lozimligini aytdi-yu, ertangi kunga umid bilan qarashdan boshqa iloj qolmadi ona uchun. Oʻzi taqdir Saltanat opani siylamagan. Toʻngʻich farzandi oʻgʻil, u ham kasalmand. Uchinchisi oʻlik tugʻildi-yu, bir yil oʻtmay eri qazo qildi. Yillar davomida qayta turmush qurmayotgan bu ayolning koʻnglidagi faqat Xudoga ayon. Bir yil boʻlgani yoʻq, kimsan Mengliboy ikki marta sovchi qoʻyib, rad javobini oldi.
– Kuni bir tutam beva menga yoʻq dedimi? – dargʻazab boʻldi boyvachcha. – Qishloqning eng old qiziga uylanmasam, erkak emasman!

Mengliboy aytganini qildi. Mana, Niginani otasi urib-soʻkib, unashtirib qoʻydi oʻsha odamga.

Sumbulani uyiga kuzatib, qaytib kelganimda tun batamom pardasini yoygan edi borliqqa.
– Oʻsha yerda tunamadingmi? – dedilar onam sal zarda bilan. – Peshin edi ketganing. Mollarni haydab kelaman deb ukang eshakdan yiqilibdi.
– Vaysama! – otam aralashdilar. – Yiqilib-yiqilib katta boʻladi. Senga esa, oʻgʻiltoy, maslahatli gap bor.

Xiyla hayajonlandim, chunki otam menga hech bu ohangda murojaat qilmaganlar.
– Ovqatini yesin, keyin aytasiz, – dedilar onam.

Otam bosh chayqab, yostiqqa yonboshladilar. Biroq ovqatlanib boʻlgunimcha pinakka ketib ulgurgandilar. Savol nazari bilan qaradim onamga.
– Kirib uxla, ertalab gaplashamiz.

Tuni bilan beorom boʻldim. Ota-onamning yuz ifodalaridan shunchaki aytib qoʻyilishi mumkin boʻlmagan gap nima ekan? Albatta, ularning har qanday amriga boʻysunishim shart, faqat bu hol meni Sumbuladan judo qilib qoʻymasa bas.

Ertalab nonushtadan keyin ukam mollarni haydab ketgach, otam gap boshladilar:
– Endi… ancha katta boʻlib qolding, oʻgʻlim. Oʻqi dedim, koʻnmading. Lekin sendan koʻnglim toʻq, qoʻlingdan hamma ish keladi. Faqat…

Otam chaynalib toʻxtashlari bilan onam ilib ketdilar:
– Qisqasi, seni uylantirmoqchimiz. Bir oʻzim qiynalib qoldim uy yumushlari bilan. Kecha Saltanat xolang bilan gapni bir qildik.

Birdan koʻksim hapqirib ketdi. Nahotki, ota-onam meni Sumbulaga uylantirmoqchi?! Odamlarning bir ogʻiz soʻzidan tepa sochi tikka boʻladigan onam-a? Chindan-da moʻ‘jiza bu! Ular menga koʻzi ojiz qizni ikki dunyoda ham ravo koʻrishmaydi deb xato oʻylab yurgan ekanman. Mana oʻzim choʻchib yurgan haqiqat!
– Oʻzing bilasan, – davom etdilar onam, – Sarvi juda yaxshi qiz. Bizga undan munosibroq kelin yoʻq.

Ana shundagina nafasim toʻxtagudek boʻlib, boʻynim muzday terga botganini his qildim. Men goʻlning xayolimni faqat Sumbula band etib, oʻz xolamning ham ismi Saltanat ekanligi esimga kelmabdi. Aslida mana bunisi men qoʻrqqan haqiqat.

Bir muddat haykal koʻyi qotib turdim-da, soʻng shundoqqina boʻgʻzimda turgan yigʻini zoʻrgʻa ichimga yutib, tashqariga otildim. Koʻchada ikkita chelak koʻtargan qiz ketib borar, sal naridan bir toʻp bola mol haydab kelardi. Men esa shunday yugurdimki, hatto Shodi cholning qopagʻon iti ham ortimdan chopib, zum oʻtmay iziga chekindi. Sumbula tong sahardan hovlilari oʻrtasidagi supaga chiqib oʻtiradi. Oʻzining aytishicha, quyosh chiqayotgan payt koʻz oldi boshqacha boʻlib ketarkan.

Uning oldiga yetganimda shunday hansirar edimki, nafasim bilan birga yurak urishim ham eshitilardi.
– Kim u? – dedi xiyla hayajonli tovushda.

Indamadim. Oʻpkam toʻlib, beixtiyor asta poyiga choʻkdim-u, telba dunyoning jami kulfatlarini bir lahzagina boʻlsa-da unutish murodida tizzasiga bosh qoʻydim. Sumbula avval bir seskandi, keyin boshimni ushlab, yuz-koʻzimni paypasladi-da, yengil nafas oldi.
– Nima gap, odamni qoʻrqitding-ku?

Birdan hoʻngrab yigʻlab yubordim. Ilk marotaba yer yuzida mana shunday nochorlik ham borligini Sumbulaga oʻz misolimda oshkor etdim.
– Yigʻlayapsanmi? Nima boʻldi, gapirsang-chi! – dedi oʻzi ham yigʻlagudek boʻlib.
– Seni yaxshi koʻraman, – dedim sekin, boʻgʻiq tovushda.
– Tentak! – ogʻir yutindi u. – Shunga shunchami? Oʻtakamni yording-ku. Men ham seni yaxshi koʻraman.

Sumbula oʻzicha koʻz yoshlarimni barmoqlari bilan artmoqchi boʻlar, men esa hozir ilk bora oʻzimga ogʻirlik qilayotgan boshimni uning tizzasiga qoʻygan koʻyi uxlab qolishni, keyin sira uygʻonmaslikni istardim.
– Boʻldi, – dedi oxiri kafti bilan engagimdan koʻtarib. – Men ham seni yaxshi koʻraman, dedim-ku, bas qil-da endi. Keyin, meni ikkinchi bunday qoʻrqitma. Shu gapni ham yigʻlab aytadimi odam!

Burnimni tortgancha boshimni koʻtardim-u, beton yoʻlakda oʻzi ham, nigohi ham tosh kabi qotgan Saltanat opaga koʻzim tushdi…

Otam ham, onam ham uylanishim mavzusida boshqa gap ochmadilar. Mening esa uyda oʻtirgim kelmas, yo Sumbula bilan birga, yoki suvi quriy deb qolgan soy boʻyida yolgʻiz oʻtirardim.

Nihoyat onasi Sumbulani Toshkentga olib borish taraddudiga tushdi. Qishloq ahli borini ayamadi. Saltanat opa esa Mengliboydan boshqa deyarli hammadan pul oldi.

Sumbulasiz oʻtgan kuzak kunlari asrlarday choʻzildi. Nima boʻlganda ham Xudodan uning shifo topishini soʻradim. Mayli, ota-onam oldimga ogʻir shart qoʻysin, Sarviga uylantirishsa ham mayli meni, faqat Sumbulaning koʻzlari koʻrsa boʻlgani.

Yomgʻirli kunlarning birida qoq tush mahali Sumbulaning qaytib kelgani-yu, hamma qatori hamma narsani koʻrayotgani ovoza boʻldi qishloqqa. Terimga sigʻmasdan, tinmay sakragim, duch kelgan odamni quchoqlab olgim keldi. Istaysizmi-yoʻqmi, bu baxtning bir qismi meniki! Oyogʻimni qoʻlimga olib yoʻlga otlandim-u… taqqa toʻxtadim. Birdan miyamga urilgan fikr oyoqlarim uchigacha muzlatib yubordi. Ilk marotaba ogʻir darddan forigʻ boʻlgan qiz qarshisida oʻzimning dardmandligimni tan olish dahshati bilan yuzma-yuz keldim. Ha, oʻng chakkamdagi piyola ostidek choʻtir chandiq oʻylantirgandi hozir. Sumbula meni qanday tasavvur qilardi-ya! Xayolida shahzoda boʻlib yashagan bola mana bunday koʻrimsizligini koʻrib, qay ahvolga tusharkan u? «Undan koʻra butun umr koʻr boʻlib yashasam yaxshi edi», deb ta’na qilsa, qanday javob qaytaraman? Yoʻq, u oʻsha Sumbula boʻlsa bunday demaydi. Faqat yigʻlashi mumkin. Ana shunda u soʻqir koʻzi bilan ham meni ovutgani kabi yupatolmaymanmi deb qoʻrqaman…

Horgʻin holda qaytib uyga kirdim. Onam qandaydir tugunni koʻtarib, yoʻlga otlanayotgan ekanlar.
– Sen bormaysanmi? – dedilar.

Javob qilmadim.

Kechgacha ich-etimni tirnalab, oʻn yoshga qariganday boʻldim. Qorongʻu mahali kirib keldilar onam. Orziqish bilan ogʻizlariga termuldim.
– Sumbula sendan rosa xafa boʻldi, – dedilar. – Ot minib tushgan rasmingni koʻrsatgandim, olib qoldi. Ertalab bormasang, oʻzi keladi. Haligi… koʻzi ba’zan ozgina xiralashayotgan emish. Doʻxtirlar bu vaqtincha debdi.

Demak, u suratda yuzimdagi chandiqni ilgʻamagan. Umuman, bu nuqsonimni birov yuzimga solgan emas. Lekin nega toʻsatdan shu haqda oʻylab qoldim – bilmayman. Nima boʻlsa boʻlsin, ertalab uni koʻrgani boraman.

Tunni qush uyqusi bilan oʻtkazdim. Oʻzimni boshdan oyoq takror-takror koʻzdan kechirgach, yoʻlga tushdim. Tepalik ortiga burilganimda dod-faryod sadolari qulogʻimga chalindi. Yana bir necha qadam qoʻygach, Saltanat opaning «voy bolam!» degan tovushini ajratib oldim-u, etim seskanib ketdi. «Oʻgʻli oʻlibdi-da, bechora», degan oʻy kechdi koʻnglimdan. Shoʻrpeshona ona! Bir farzandining baxtini endi koʻraman deganda ikkinchisidan ayrilib oʻtiribdi. Eng dahshati, Sumbula hayotning shafqatsiz zarbasini birinchi bor oʻz koʻzi bilan koʻradi. Unga qiyin boʻladi endi. Telba dunyo men ta’riflaganchalik pok va goʻzal emasligini, bu dunyoda faqat yaxshi odamlar yashamasligini koʻradi, idrok etadi. Balki meni yolgʻonchilikda ayblab, norozi ham boʻlar. Har nima boʻlganda ham bunday ogʻir damda unga dada boʻlishim, yolgʻizlatib qoʻymasligim kerak.

Shu payt qarshimdan ogʻirgina yugurib kelayotgan qoʻshni ayolni koʻrib, chala jur’at bilan soʻradim:
– Nima gap, xola?

U yurishdan toʻxtamay javob qildi:

– Sumbula tomdan yiqilib…