OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJorj Bredshou
Asar nomiBosh chanofi va boyoʻgʻli (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jorj Bredshou
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAhmad A’zam
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bosh chanofi va boyoʻgʻli (hikoya)
Jorj Bredshou

Ishi oʻngidan kelib yurgan kartina galereyasi egasi Eduard Lorillard, yumshoqkursiga yastangancha qotma gavdasini choʻzib, oyogʻini stolga qoʻydi-da, jiringlayotgan goʻshakni oldi. Uning xayolchan nigohi chiroyli buyumni, asl Vayoming nefritidan sayqallab yasalgan toʻq-yashil tuxumni silayotgan chap qoʻlida edi.
— Gazetalarni oʻqigandirsiz? – deb goʻshakdan Odri Makalisterning ovozi eshitildi.
— Ih-hm, - deb qoʻydi Edvard Lorillard.
— Nima deb oʻylaysiz?
— Nimani?
— Malerbni, - dedi Odri, goʻyoki shu kuni gazetalar faqatgina Malerb haqida yozgandek.
— A, bumi... - dedi Edvard ovoziga keraklicha befarq ohang berib.

Lekin oʻzining qoshlari chimirildi, barmoqlari toshtuxumni mahkam changalladi.
— Bu sizga biron naf keltiradimi?
— Yoʻq, - deb javob berdi Edvard. – Menda ikki-uchta suvrati, bir-ikkita ilk ofortlari bor, xolos.
— Menda esa bitta kartina. Bahosini hozirgina besh yuz dollarga koʻtardim, tasavvur qilasizmi...
— Tasavvur qilaman, - dedi Edvard va uning barmoqlari toshtuxumni yanada mahkamroq changalladi.
— Xoʻsh...
— Xoʻp, bir vaqt topganda kirarsiz... - dedi Odri.

Edvard goʻshakni ildi. Oyogʻini pastga tushirib, gazetani qoʻliga oldi. Uning magʻrur yuziga soya qalqdi.

Odrining Malerb haqidagi gaplari uni tashvishga soldi, hatto bir oz choʻchitdi ham. Xabarga uning koʻzi tushgan, lekin shunchaki qarab qoʻygan edi, xolos. Lekin, mana, bu yerda Parijdan berilgan telegramma gazetaning qariyb butun ustunini egallagan, undagi xabar shuncha muhim ekanki, halitdan London bilan Stokgolmda ham, Syurix bilan San-Frantsiskoda ham tarqalgan, xuddi shunday Nyu-Yorkka ham yetib ulgurgan. A men boʻlsam bunga qiziqib ham koʻrmabman, deb oʻyladi Edvard. Nima uchun?

Xabarning mazmuni quyidagicha edi: Moris Malerb yetmish sakkizta asarini yoqib tashlagani haqida bir haftadan beri Parijda yurgan mish-mishni tasdiqlabdi. Sakson yoshligi arafasida u, oʻzining aytishicha, ishlarini bir koʻrib chiqib, shu yetmish sakkizta suvratni oʻrtamiyona degan xulosaga kelibdi-da, oʻsha zahotiyoq ularni ustaxonasidagi koshinli pechkaga tiqib, yoqib yuboribdi.

Pechka Edvardning esida, yaxshi issiq berar edi.

«Men hali kuchga toʻlaman, - degan Malerbning soʻzlari ham keltirilgan edi. – Istagan paytimda kartina yarata olaman, lekin hammasi ham didimdagidek chiqavermaydi.»

Edvardning koʻz oldida Parij maktabining buyuk namoyandasi, orasta qora kostyum kiygan, nishasta oq yoqali, saf terilgan kartinalar oldida turib, hayot va san'at haqida nutq irod qilishni yaxshi koʻradigan cholning qiyofasi gavdalandi... Malerbdan boshqa hech kim hech qachon oʻrtamiyona kartina qilganman deb aytishga jur'at qilolmaydi. Telegrammada Malerb yoʻq qilgan kartinalardan bir nechtasining nomi aytilgan edi. Koʻpi, tabiiyki, notanish, chunki ularni Malerb ustaxonadan chiqarmagan, faqat ayrimlarigina koʻrsatilgan edi. Roʻyxatga koʻz yugurtirib, Edvardning nigohi toʻqqizinchi raqamda toʻxtadi: u yerda «Bosh chanogʻi va boyoʻgʻli» deb yozilgan edi.

U boshini koʻtardi. Kartinani u bilardi, qaerdadir uning reproduktsiyasini koʻrgan. U oʻrnidan turib, ma’lumotnomalarni saqlaydigan kabinetiga yoʻl oldi.

Lorillard-Gallerining orqa tomonida joylashgan kabinetdagi tartibsizlik bu xonaning qulayligi uchun qancha kerak boʻlsa, shuncha edi. Bu rangpar nok ogʻochi bilan ishlangan, xira-sariq tusli koʻn tortilgan divan, ustiga oq lolalar toʻzgʻigan koʻralar qoʻyilgan stollar qoʻyilgan chiroyli xona, stollarda ismliklar, muzey yoʻlkoʻrsatgichlari, plakatlar, bukletlar - butun dunyodan toʻplangan son-sanoqsiz reklama «ashqol-dashqollari» qalashib yotardi. Bu uyum Edvardning joni-dili, keyin bu unga ishonch berar, uning xotirasi ham shunday ediki, nimani qaerdan izlashni doim bilar edi. Hozir ham «Bosh chanogʻi va boyoʻgʻli»ning reproduktsiyasini bir zumda topdi, ikki marta natijasiz urinishdan keyin, 1937 yilgi «San'at ismligi»ni tortgan edi, unda, oʻzi kutganidek, reproduktsiya ham bor ekan.

Cholning kartinani yoqib yuborganiga ishonish qiyin. U juda mukammal, qizgʻish tagzamin, nozik oq ranglari, toʻyingan qora buyoqlari, yugurik-chaqqon chizgilari Malerbning oʻzigagina xos, muhtasham bir asar edi... Edvard kitobni stolga qoʻyib, deraza yoniga keldi... Ha, lekin savolning javobi qani: nima uchun bu xabar unga Odri Makalisterchalik ta’sir qilmadi? San'atda juda koʻp narsadan boxabar boʻlib ketib, haqiqiy dallolga xos havasmandlik ishtiyoqini yoʻqotib qoʻyganidan emasmi?

Bu son, yetmish sakkiz - mana, matbuotga nima ta’sir qilgan. Va bu tabiiy ham. Dunyodagi bironta muzeyda Malerbning shuncha asari topilmaydi. Ehtimol, tomoshabinlar uning buncha asarini birdaniga koʻrgani ham yoʻqdir. Oʻzigagina xos, faqat shulargagina xos dovruqli oʻn-oʻn ikki yorqin kartinaning bir zalda namoyish etilishining oʻziyoq har qanday tomoshabinning hushini oʻgʻirlaydi. Bu yerda esa yetmish sakkizta...

Tomoshabin tushunmaydigan bitta narsa bor, bu buyuk rassomlarning sermahsulligi. Agar Lorillard san'at olamida yuz berayotgan nimaiki boʻlsa, hammasidan hayrat titrogʻiga tushmay qoʻygan boʻlsa, demak, u oʻlgan. Hech boʻlmasa, ishbilarmon sifatida.

Edvard yana stolga oʻtirib, ismlikni oʻziga tortdi. Balki masala boshqa yoqdadir, - deb oʻyladi u. – balki, koʻp narsaga fahmi yetmaydigan «Makalister» bekasining mendan tezroq fikrlagani malol kelayotgandir?

Edvar shu kartinaga tegishli bor narsani oʻqishga tutindi, yarim soat ichida ismlikdan oʻziga kerakli narsalarni: qachon yaratilgani, oʻlchami, 1937 yili qanday peshvoz olinganini bilib oldi. Berilib oʻqiy turib, xuddi kutmaganda xayoliga allaqanday bir fikr kelib qolgandek yoki nimadir shu paytgacha noma’lum narsa birdan ochilgandek, titrab ketdi. U boshini koʻtarib, koʻrmayotgan nigohini kenglikka qadab qoldi. Xa-xa, deb xayolan kuldi u, Odri Makalisterga bir yaxshi saboq berib qoʻyadi.

Bir oylardan keyin, sokin tiniq bir oqshomda Edvard Odrini birga ovqatlanishga taklif qildi. Yettidan keyin, sal oʻtmay uning oltmishinchi koʻcha hududida joylashgan saloniga qogʻozga oʻralgan, holatdan kelib chiqilsa, faqat kartina boʻlishi mumkin narsani koʻtarib kirdi. U Odrini salon ichkarisidagi mehmonxonadan topdi. Odri och-jigarrang divanda gazeta oʻqib oʻtirgan ekan. Bu - bogʻ tomonga chiqadigan eshiklari oynavand, katta kaminli va, albatta, koʻp kartina devoriga osilgan, yerga qator terib qoʻyilgan chiroyli bir xona edi.

Odrining kulrang sochlarida nimadir sun'iylikni shubha qilish mumkin, lekin yuzi haqida bunday deb boʻlmas edi. Nozik, goʻzal, xotirjam va oʻziga ishongan - omadi yurishgan insonning yuzi. U Edvardga oʻta qalin koʻzoynagi ustidan qaradi-da, oʻramni koʻrsatib:
— Bu mengami? - deb soʻradi.
— Yoʻq, - deb Edvard oʻzi yaxshi koʻradigan yumshoqkursiga oʻtirdi. - Lekin bunda. Oʻylashimcha, sizni hayron qiladigan bir narsa bor.
— Biron nima ichasizmi?

Edvard bosh irgʻadi.
— Bir qadah martini, eng zoʻridan.

U oʻramni ochishga tutindi.

Odrining iste’dodi koʻp, martini tayyorlashi ham boshqa iste’dodlaridan qolishmas edi. Uning bir narsadan omadi kelgan - otasi urushgacha, ya’ni birinchi jahon urushidan oldin gʻamlab qoʻygan bir necha bochka vermut vinosini unga qoldirgan edi.

Edvard bir yutum qildi-da, koʻzlarini yumdi.
— Ilohiy, - deli u. – barmenlarni avliyolar qatoriga kiritishsa, siz birinchi boʻlasiz.

Odri yana divanga oʻtirdi.
— Bahs boylaymizmi, shu gapni hamma barmenlarga aytasiz - dedi u, - Xoʻsh, endi meni hayron qoldiring-chi.

Edvard sigaret oldi.
— Kichik kirish qilishim kerak, - dedi u. – Bir-ikki hafta oldin Malerb haqida gaplashgan edik, esingizdami?

Odri hushyor tortdi.
— Haligi, oʻtda yoqish, esladingizmi? - dedi Edvard.
— Ha, ha, esladim.
— Gaplashganimizdan keyin maqolani diqqat bilan yana oʻqidim. Juda hayron boʻlib qoldim... Malerbning ustaxonasida boʻlganman, bilasiz. Koʻp emas, lekin borib turardim.

Odri bosh irgʻadi.
— Bir marta borganman. Shunday bir shinam...
— Unda, - dedi Edvard. – koshinli pechkani ham eslaysiz?
— Eslayman.
— Gazetalarda uni kartinalarni xuddi shu pechkada qdi, deb yozildi.
— Ha.
— Xoʻsh, endi pechkaga kelsak. Uning eshikchasi oʻn sakkiz dyuymdan keng emas.
— Toʻgʻri.
— Xoʻp, mana. U yoqqan hamma kartinaning oʻlchamini bilmayman. Ularning koʻpi, ehtimol, ixcham boʻlgandir. Lekin bir narsani bilaman, hammasi ham kichik emas. «Bosh chanogʻi va boyoʻgʻli» uchga toʻrt fut edi.
— Ha, lekin... – deb gap boshlamoqchi boʻldi Odri.
— Albatta, bilaman, kartinani qiyib, matosini olib, yoqsa ham boʻladi. Lekin nimagadir cholning shunday qilishini sira koʻz oldimga keltirolmayman. Yoqib tashlashi mumkin, turgan gap, lekin u kartinani qiyadigan, yirtadiganlar toifasidan emas. Shunday qiladi deb oʻylaysizmi?
— Yoʻq, toʻgʻri aytyapsiz.
— Nima boʻlsa ham, aniqlashga kirishdim. Parijga Jan Lombardiga telefon qilib, undan ma’lumot olishni soʻradim. Va oʻtgan kuni... – shunda Edvard kartina oʻralgan qogʻozni ochishga kirishdi. – meni bojxonaga taklif qildilar, borsam meni nima kutyapti deng....

U tantanali ishora bilan kartina yuzini ochdi – bu Moris Malerbning «Bosh chanogʻi va boyoʻgʻli»si edi. Odri yaxshiroq koʻrish uchun oldinga egildi. Ha, xuddi oʻzi, yorqin va mukammal, faqat ozgina nuqsi bor: yuqori chap burchagini olov yalagan, boʻyogʻi xira tortgan edi.
— Chol kartinaning pechkaga sigʻmasligini hisobga olmagan, - dedi Edvard. – Yoki fikrni oʻzgartirgan. Balki haqiqatni biz umuman bilolmasmiz. Nima boʻlmasin, mana oʻzi – butun jilvasi bilan.

Odri oʻzini orqaga tashladi, qoʻllarini chalishtirib, oʻychan bosh chayqadi. Edvard jilmaydi.
— Faroyibmi? – deb soʻradi.
— Ha, Edvard, - dedi Odri va oʻrnidan turdi. – Bu siz oʻylagandan ham gʻaroyibroq.

U borib, shkafni ochdi, undan kartinani olib, Edvardning yoniga keldi va uni Edvardning kartinasi yoniga qoʻydi.

Ular ayniy, toʻgʻrirogʻi, qariyb ayniy, olov Edvardnikining yuqori chap burchagini, unikining esa pastki oʻng burchagini yalagan edi. Endi Edvard egildi va oʻz navbatida Odrining kartinasiga uzoq tikildi. Keyin qaddini rostlab, sigaret tutatdi.
— Siz tomoningizdan meni koshinli pechka toʻgʻrisida uzun tarixni aytishga majburlash shafqatsizlik emasmi? – dedi u.
— Siz tomondan meni chuv tushirishga urinish-chi, - dedi Odri. – Edvard, azizim Edvard, doʻstligimizni bundan ishonchliroq deb yurar edim. qalbaki narsalar borasida kelishuvimizni aytmaganda ham.
— Shu gapni gapirmang, - deb Edvard atrofga xavfsirab alangladi. – Aytgancha, siz kartinangizni...
— Sizga koʻrsatmoqchi edim. Lekin keyinroq. Ishtahangizni buzgim kelmagan edi.

Edvard kresloda oʻzini orqaga tashlab, kerishdi.
— Agar qanday ahvolga tushdingiz deb soʻrashsa, qip-qizil ahmoq boʻlganimni aytardim.
— Xoʻp, yetar, - dedi Odri, - sizga yana bitta martini qilib beray. Keyin toʻyib kulib olaman. Undan keyin ishni gaplashib olamiz.

Edvard Lorillard bilan Odri Makalisterning doʻstona munosabatlari oʻzaro ishonch siyosatiga qurilgan edi. Agar ayrim mayda chekinishlarni aytmasa, bu munosabatlar ikki yildan davom etib keladi.

Bir kuni Edvard Uchinchi avenyu, yetmishinchi koʻcha hududida ketayotib, antikvar doʻkon oynasida bir nechta kartinani koʻrib qoldi. Edvard Uchinchi avenyudan yaxshi xarid yo san'at durdonasi izlaydigan anoyilardan emas, lekin bari bir, toʻxtadi: nigohi bir kartinaga tushgan, bu kartina uni hayratga solgan edi. U doʻkonga kirar ekan, yuziga oʻziga xos ehtiyotkorlik bilan zerikkan tus berdi, lekin bir necha daqiqadan keyin buning sotuvchiga zarracha ta’siri yoʻqligini koʻrib, kartina uchun oltmish dollar toʻlashga rozi boʻldi. U chek toʻldirdi va oʻn daqiqadan keyin oʻz saloniga kelib oʻtirib, kartinani ochib koʻrdi.

U ayni istagan narsasini xarid qilganiga tezda ishondi. Kartinada chizimcha bilan bogʻlangan guldasta, gullar tagida bir nechta qalam chizgilar – barg va gulbarglar tasvirlangan edi. Fon yoʻq - nozik xolstga teginilmagan, u endi vaqt oʻtishi bilan sargʻish-jigarrang ifodaga toʻyingan edi. Lekin chizgi kuchi, boʻyoqning yotishi – suykumli qirmizi va mayin niliy ranglar jilosi – uning Yugyust Renuarning tugallanmagan eskizi ekaniga shubha qoldirmas edi.

Edvard hech bunaqa narsaga duch kelmagan edi. U kartinani hashamatli chorchoʻpga solib, salon kiraverishiga, yoruqqa oʻngʻay joyga osib qoʻydi.

Boʻlgan ish shuki, Ben Govard kirib keldi. Edvard uni Renuar tomoshasiga berilgan payti uchratdi – nimjon asabiy qomat, egnida eski yomgʻir poʻsh, aktyor yoki balki raqqosga xos nozik, yoqimtoy yuzli, beshpanjadan boshqa taroq nimaligini bilmaydigan qora jingalak sochli.

Edvardning shu yerdaligini payqab, Ben Govard unga murojaat qildi.
— Siz aytolmaysizmi, bu kartina qancha turar ekan?

_ Sakkiz ming besh yuz, - dedi Edvard.

Shu payti Ben Govardning yuzi qanaqadir gʻalati boʻldi, oʻta hayrat va zavqli bir tabassumdan yorishib ketdi.
— Sakkiz ming besh yuz, - deb takrorladi u xuddi ishonmagandek.
— Ha, - dedi Edvard. – Zoʻr-a, toʻgʻri emasmi?
— Siz bilan qanday... – deya ikkilanib gap boshladi Ben Govard. - qanday qilib ikkovimiz holi joyda gaplashib olsak.

Edvardning rozi boʻlishdan boshqa iloji qolmadi.
— Marhamat, menikiga yuring, - deb uni kabinetiga boshladi.

Ben Govard gapni aylantirib oʻtirmadi.
— Men buni oxirgi koʻrganimda, unda bu narsa yoʻq edi.

Edvard uni boʻldi:
— E, uni bilasizmi?
— Ha, Uchinchi avenyudagi komission doʻkonga men olib borganman. Sotishga.
— Shunaqa deng, – dedi Edvard.
— Hozir oʻsha yerdan kelyapman. Sotuvchi qirq dollar toʻladi, dedi sizni, menga ulushimni berdi. Yigirma toʻrt dollar.
— Sizni u aldabdi, - dedi Edvard, - men oltmishga oldim.
— Ajab emas, - dedi Ben Govard. – Bari siz uchun foydali bitim boʻlgan.
— Toʻgʻri lekin.
— Sizni keyin ham shunaqa bitimlar qiziqtiradimi?
— Ehtimol.

Ben Govard uyalinqirab, ehtimolki, kechirimli jilmaydi.
— Men aytmoqchi edimki, oxirgi koʻrganimda unda bu ismi shariflar yoʻq edi. O.R.ni nazarda tutyapman. Bu Ogyust Renuar degan ma’noda shekilli?
— Shunday shekilli, - dedi Edvard. – Buyuk rassomlar oʻz asarlariga imzo qoʻyishga kelganda beparvolik qiladilar. Lekin xaridor olgan narsasi ishonchli boʻlishini istaydi. Balki ayol deyishim kerakmidi. Ayollar ayniqsa imzoga oʻch boʻladilar. Shunga ishonadilar.

Ben Govard bosh irgʻadi.
— Xoʻp, tushunarli, - U keskin burilib eshikka yoʻl oldt. – Men yana kelaman. Sizga qaysi vaqt oʻngʻay?
— Ertalab, - dedi Edvard.
— Ertalab, - deb takrorladi Ben Govard. Keyin yana oʻgirilib, koʻzlarini katta-katta ochib, sekin shivirladi: - Sakkiz ming besh yuz!

Bu endi yoʻldan ozish edi.

Ben Govard ikki kun oʻtib keldi, keyin yana va yana keldi. Uning ishchanligi, Edvard bildiki, hayratomuz edi. Bir haftada uning moʻyqalami ostidan Xuan Grisning xushsurat suvboʻyoqlari, Kandinskiyning burama va aylanmalari chiqib kelaverardi. Bundan tashqari uning donolik darajasida aqli ham bor edi. U durdonalarni chizmaydi. «Durdonalar, - dedi u bir kuni, - ustalarning oʻzida turaversin. Mening ulushim - qoralama, tugallanmagan suvrat, kichkina bagʻishlovlar. Bugunga narx-navoda, bilib qoʻying, yetadi shu.» Edvard va Ben Govard oʻrtasida baxtli hamkorlik davri shunday boshlandi.

Bu ikki mubham juftlikning yasamalari rangtasvir ixlosmandlari qoʻliga oʻtib, Florida, Arkanzas, Oregondagi koʻplab badavlat xonadonlar devoriga koʻrk berdi.

Lekin bu davr uzoqqa choʻzilmadi.

Ustalarning kartinalarini nusxa qiladigan, qalbaki yasaydigan Ben Govard toifasidagi odamlarning koʻpi nafaqat ularning iste’dodidan, balki ochkoʻzlikdan ham bebahra edi. Lekin Ben Govard unaqa emas, u Edvarddan osmon qadar boʻnak soʻrar ediki, ajralish muqarrar boʻlib qoldi, baqir-chaqir, soʻkinish, oʻzaro aybsitish boshlandi va ular yuzkoʻrmas boʻlib ketdilar.

Ayni shu vaziyat kutilmaganda Odri Makalister bilan Edvardni yaqinlashtirib qoʻydi. Edvarning shahardagi yangilikdan bexabar qolmaslik uchun haftada bir-ikki marta boshqa salonlarni aylanadigan odati bor edi. U bir kuni kechqurun Odrining salonida yurganida uning kabineti eshigi ochilib, ichkaridan Ben Govard asabiy yugurib chiqdi va eshikka yoʻl oldi. Koʻp oʻtmay Odrining oʻzi chiqdi, uning fe’li aynigan, Ben Govardning ketganiga ishonch hosil qilish uchun shekilli, atrofga alanglab oldi.

Edvard bu sahnani boshqa koʻzlardan pana bir qulay joyda kuzatib turdi.

Edvardning kallasida fikrlar gʻujgʻon oʻynadi, lekin hayajoni ta’sirida ish tutdi. Odrining oldiga borib:
— Meningcha, siz bilan keragicha tanishmiz, bu sizni tushlikka taklif etishga huquq berar deb oʻylayman, - dedi.

Odri sinini buzmay, javob berdi:
— Men jon-jon der edim.

Bu tushlik, uning sababi hamdardlikmi yo ochkoʻzlikmi, ishqilib, Odri Bilan Edvard oʻrtasidagi harbiy ittifoqning boshlanishi boʻldi.

Ayni Odri kechqurun Edvardni hayron qoʻyib, jilovni qoʻlga oldi.
— Ba’zida oʻksinib ketaman, - dedi Odri dasturxon ustida. – oʻrta asrlarda tugʻilmaganimga.
— Nimaga endi? – dedi Edvard.
— Chunki u paytlari antiqafurushlar ancha oson yashaganlar. Oʻsha vaqtlari mijozlarga nima kerak edi? Avliyoning suyagi, ilohiy xochning bir parchasi. Bu talabni qondirish oson boʻlgan. Xoch parchalari nasroniy dunyoda shu qadar koʻp boʻlganki, butun boshli saroy qurishga ham bemalol yetgan. .
— Azizim, juda toʻkin yashagan boʻlar edik.

Odri unga qoʻshilib bosh irgʻadi.
— Shu kunlarda Omaxadagi bir mijozim oshxonasini bezash uchun Monening kartinasini ololmay yurganidan, aytganday, yaxshi bahoga, noumidlikda oʻzini ado qilyapti.

Eduard tashvishmand qiyofaga kirdi.
— Monening yangi kartinasini koʻrdingizmi? Anavi, oʻn toʻrtga yetti fut, kartina emas, uyning oʻlchamida, shunday emasmi... Toʻxtang. Menda sizga bop Mone topilarmikan...

Odri kulib yubordi.
— Tashvish qilmang. Aytgancha, menga bugun bitta Moneni taklif qilishdi. Sizning oshnangiz Ben Govard. Jirkanch kimsa.

Edvard qoshini hayron kerdi.
— Mening oshnam?

Odri uning koʻzlariga dadil qaradi.
— Oʻzingizni goʻllikka solmang, - dedi u. – Ben Govarddan men ham kartina olardim. Xuddi sizga oʻxshab.

Edvard stol uzra sekin egilib, qoʻlini Odrining qoʻliga qoʻydi.
— Endi, - dedi u, - biz ishga kirishamiz.

Betavfiq ittifoq gurkiradi. Buni ular maqsadi arzon olib qimmatga urish boʻlgan va keraksiz raqobatdan holi himoya uyushmasi qilib oldilar. Bunda, albatta, Ben Govard oʻyindan chiqarib tashlandi, chunki bu ishda qiziqqonlik xatarli. Ben Govardning yagona fazilati – koʻp qirralilik, lekin oʻzining tor sohasida mahorati hech kimdan qolishmaydigan odamlar ham koʻp, lekin ularning ajoyib fazilatlari – kamtarliklari bor edi. Ularning piri Gyote edi. Nusxakashlarning mehnatidan hayratga tushgan, bu mehnatni muqaddas nusxa deb atagan Gyote.
— Oxir-oqibat, - dedi bir kuni Odri. – agar suvrat goʻzal boʻlsa, uni kim chizganining nima farqi bor? Muhimi shunda-ku.
— Shunda, - deb takrorladi Edvard. – yana, pulida ham boʻlsa kerak...
— Axir, tushunasiz-ku, qalbaki deb yerga urish ahmoqlik. Oʻh, bu oʻn toʻqqizinchi asr, la’nati ahloqi bilan birga qurib ketsin. Mikelanjeloning yunon haykallaridan koʻchirgani hammaga ma’lum-ku. Odamlar bu bilan uni kam hurmat qilmaganlar.
— Ha, toʻgʻri, - dedi Edvard. – lekin Mikelajeloda qalbaki ham muayyan ichki qadriyatga ega edi... Yoʻq, azizim, oʻzimizni aldamaylik. Biz koʻchaning soya tomonidan yuramiz. Bu haqiqat, unga yo koʻnish kerak yoki, hech boʻlmasa, mardona dosh berish kerak. Bir koʻzing ariqchadan tilla tanga izlash bilan band boʻlsa, ikkinchi koʻzingni qonun vakillaridan uzmaslik kerak...
— Edvard, bilasizmi, - dedi Odri, - men hech qachon kambagʻallrga sotmayman.
— Siz qoʻyadigan narxlarga qaraganda, - dedi Edvard, - shunday boʻlsa kerak, deyman.

Albatta, ularning hamkorligi davomida Malerbning «Bosh chanogʻi va boyoʻgʻli»si bilan boʻlganidek voqea yuz bermagan. Bir tomondan, ikkalasining ham aqli shunday aniq-taniq ham hamohang ishlaganini oʻylab zavqlangan, ikkinchi tomondan, bu ularning ishi, ishda shunaqa boʻlib qolganidan tahlikaga ham tushgan edilar. Ular hammasiga tasodif deb qaradilar-da, tubini oʻylab oʻtirmadilar. Kartinalar voqeasida hech qanday firib yoʻq, ikkalasini ikki usta chizgan, Edvard oʻzinikiga oʻzi olov tekizgan edi, Odri ham oʻzinikiga.

Gap endi bu yogʻiga nima qilishda qoldi. Kartinalarning bittasi yoʻq qilinsa, aqldan boʻladi. Lekin qaysini? Odri oʻzinikini eng yaxshisi deb bilardi, Edvard esa oʻzinikini. Bahs choʻzildi, lekin kutilmaganda gazetadagi bitta xabar ularning tortishuviga chek qoʻydi.

Mendeks muzeyi Malerb kartinalari koʻrgazmasi ochilishini e’lon qildi. «Mendeks» ellik yil oldin German Mendeks asos solgan qadimiy, moʻ'tabar muzey boʻlib, narxlar arzon paytlari toʻplangan yaxshi kartinalarga boy xazinasi bor edi. Endi muzey Malerbning oʻz kollektsiyasi, boshqa muzeylar va shaxsiy kollektsiyalardan olingan katta koʻrgazmasini va’da qilgan, bunda albatta, kartinalarning yoqib yuborilgani haqidagi xabarning ham ta’siri ancha edi.
— Mana, nihoyat, - dedi Odri. – endi hammasini – Malerbning toʻlik kartina saylanmalarini bir vaqtning oʻzida koʻrib, ularga qaysimizniki rangi va uslubi boʻyicha yaqin ekanini hal qilamiz.

Ikkalasiga ham ochilishiga taklifnoma keldi va ular birga bordilar. Tomoshabin odatdagidek: kamtarona kiyingan boylar, boy kiyingan kambagʻallar, san'atni sevadigan televizionchilar va hech bir tadbir shularsiz oʻtmaydigan odamlar edi. Hamma bir-biriga, bitta yarim odam kartinalarga intilgan edi.

Edvard bilan Odriga kutilmagan sovgʻa muntazir ekan. Uchinchi zalga kirishlari bilan toʻgʻrilarida, devorning markazida boshqa kartinalardan alohida osigʻli, mukammal, zarar koʻrmagan, olov tegmagan «Bosh chanogʻi bilan boyoʻgʻli»ga koʻzlari tushdi.

Ular bir muddat hayrat bilan, unsiz sukutda kartinaga tikilib qoldilar, Keyin Odri Edvardning qoʻlini ushlab, titroq bilan siqdi.
— Oʻylab koʻring... – dedi u, - bir oʻylab koʻring, agar ham biz...

Ular kartina yoniga borib, tagidagi yorliqni oʻqidilar. Unda «Yangi xarid. Muzey mablagʻiga olindi» deb yozilgan edi.
— Men bilishim kerak, - dedi Edvard, – yuring.

Ular muzey saqlovchisi, koʻhna Nili xonimni oʻz kabinetidan topdilar: koʻksiga qadalgan ikki atirgul bilan qirqquloq novdasi unga vaziyat taqozo qilgan tantanali tus bergan edi.
— Ah, bumi! – deb xitob qildi u. – Xoʻsh, qoyilmisiz? Bir omadimiz keldi-da, deb oʻylaymiz. Bilasizmi... – u kimgadir jilmayib bosh irgʻadi, - kechirasiz... Malerb uni yoʻq qildi deyishar edi, lekin unday emas. Buning tarixi uzun. Malerbga qoʻshni turgan bir amerikalik yosh rassom unikiga haligi... ertasiga kirib, – u «yoqilgan» degan soʻzni aytgisi kelmadi. – «Bosh chanogʻi va boyoʻgʻli»ni koʻradi. Shu zahoti sotib oladi. Malerb buni ham yoqmoqchi boʻlgan shekilli, lekin nimadir boʻlgan, yo fikridan qaytgan, bu ham baxtimizga. Biz ehtimol, nima boʻlganini hech qachon bilmasmiz. Lekin bu voqeaning hammasi emas. Boshqa payti, bunchalar band boʻlmaganimda...
— Oʻsha amerikalik rassomning oti nima ekan? – deb soʻradi Odri.
— Oti, - dedi Nili xonim. – uni eshitmagan ham boʻlsangiz kerak. qariyb nom qozonmagan. Ben Govard uning oti.

Edvard koʻchada aytdi:
— Yaxshi, endi biz nima qilamiz?
— Met[1]ga boraylik, - dedi Odri. – Men san'at shaydosiman, rostdan ham qadimiy rassomlarning haqiqiy rangtasvirlarini koʻrgim kelyapti.

Kechqurun, taomdan soʻng ikkalasi Odrining och-jigarrrang divanida, issiqqina kamin qarshisida oʻtirar edilar. qahva ichilgan, Edvard qoʻlidagi armanyak toʻla qadahni jimgina aylantirar edi.

Nihoyat u:
— Hozirmi? – deb soʻradi.

Odri kiftini qisdi:
— Nimani ham kutamiz?

Edvard oʻrnidan turib, kamin yoniga bordi. Kaminning ikki tomonida «Bosh chanogʻi va boyoʻgʻli»ning nusxalari devorga suyab qoʻyilgan edi.
— Aval menikini, - dedi Edvard va oʻz kartinasini olovga tashladi.
— Har qalay sigʻdi-ku, - dedi Odri.

Edvard Odrining kartinasini ham kaminga tashlab, divanga qaytdi. Ikkalasi ham olovning kartinalarni yamlashishiga jim qarab qoldilar.
— Shuncha mehnat-a, - dedi Odri, - shuncha niyatlar! Lekin, mayli. Hammasi yaxshilikka shekilli.
— Shunday, - dedi Edvard.
— Bitta narsa aniq. Ben Govard tamom. Agar u ekspertlar tekshiradigan, curishtiradigan muzeylarga sotish darajasida ahmoq boʻlgan boʻlsa, ishonavering, bir kun emas, bir kun...
— qoʻlga tushadi, - dedi Edvard divanga yaslanib. – Lekin boshqa gap... – Edvard oʻylanib qoldi. – meni kartinaning oʻzi hayron qoldirdi. Ikkalamiznikidan juda oʻtib tushadi. Ben Govardning qachon boʻlmasin yaratgan hamma narsasidan shunchalar ortiq. Xayolingizga kelmadimi, bu..
— Asl oʻzi emasmi? – Odrining ovozida ikkilanish bor edi. –
– Siz uning qadriga yetmaysiz deb oʻylayman. Lekin, deylik, shunday ham boʻlsin. Bari bir, bizga u xavfli emas, asl kartinalar bilan savdo qilsa ham.

Edvard kulib yubordi. Oʻz qadahini koʻtarib, Odriga qadah uzatdi.
— Keling, Ben Govard uchun koʻtaraylik, - dedi u.
— Boʻladi, - dedi Odri. – Ha, koʻp narsada qarzdormiz undan.
— Ben Govard boʻlmaganida, - dedi Edvard. – hozir oyogʻimizni stolga qoʻyib, sogʻ-omon gunohga botib oʻtirmagan boʻlar edik...

Odri jilmayib qadah koʻtardi.
— Kelajak haqida oʻylab...


  1. «Metropoliten myuzeum of arte», Nyu-Yorkdagi yirik san'at muzeyi