OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJumanazar Beknazar
Asar nomiKarvon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jumanazar Beknazar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Karvon (hikoya)
Jumanazar Beknazar

...Quyosh ayni tikkaga kelgan. Undan taralayotgan nurlar qum zarralarini ayovsiz qizitardi. Qum barxanlari orasida horgʻin oʻrmalayotgan tuyalar ustida chayqalib ketayotgan ahli karvon yuzlarini oq surp matolar bilan yopib olishgan boʻlsalar ham oʻzlarini tandir ichida turgandek his qilmoqda edilar. Ayniqsa, bugun qilt etgan shabadani ham yutgan quyosh zabtiga olib, goʻyo karvonning bardoshini sinamoqchiday, pastga qarab hech ogʻay demas, buning ustiga, karvonning yurishi ham unmayotgandi.

Koʻzini ochib yurishdan koʻra, yumib yurishni afzal bilgan Karvonboshi tuyqusdan sergak tortdiyu, bir silkinib qaddini rostladi. Bunday qaltis harakatni kutmagan tuya boshini koʻtarib, uzoqlarga qaragan boʻldi-da, qadamini tezlatdi. Yoʻlboshlovchining tuyasiga yetib olgan Karvonboshining tuyasi xuddi buyruq berilganiday baravar qadam tashlab, goʻyo Karvonboshiga ana endi bemalol gaplashib olavering, degandek kavshanaverdi.

Karvonboshi Yoʻlboshlovchiga ahvol qanday, deganday nazar tashladi. Yoʻlboshlovchi boshini quyi egdi. Karvonboshi ahvolning oʻzi oʻylaganidan ham jiddiyroq ekanligini darhol angladi va orqaga qayrilib, tuya karvonini koʻzdan kechirdi. Tuyalar goʻyo oʻzlarining qadam tashlashlarini oʻzlari kuzatayotgandek, boʻyinlarini pastga osiltirishib, oldinga sudralishardilar. Tuya oʻrkachlari puchchayib, uning ustiga qoʻyilgan jabduqlar tuya tanasiga yopishib qolgan. Tuyalarning hech biri kavshanishmas, ogʻiz burchaklarida koʻpikdan mutlaqo darak yoʻq, burun kataklarini kengaytirib-kengaytirib nafas olishardilar, xolos.

«Chanqashibdi, bechoralar, agar ularning chanqovini biroz boʻlsa ham qondirmasak, yana ikki dovon oshgandan soʻng yotib qolishadi. Keyin tuyalarni turgʻazish juda qiyin», degan oʻyga borgan Karvonboshi Yoʻlboshlovchiga yana savolomuz qaradi. Yoʻlboshlovchi, juda oz qolgan, atigi ikki meshda, deb ishora qildi va indamay yoʻlida davom etaverdi. Karvonboshi Yoʻlboshlovchini soʻzsiz tushundi. Demak, Yoʻlboshlovchining yetaklab kelayotgan tuyasi ustiga ortilgan ikki meshda suv bor, xolos. Faqat oʻta chorasiz hollarda bu meshlar ochiladi. Yoʻq, hali ularni ochishga erta, yana ikki kun chidamoq kerak. Choʻlning yarmidan endi oʻtdik. Agar ikki kunlik yoʻlga adashmaganimizda hammasi moʻljaldagidek boʻlardi. Shahzodaning gapiga koʻnmaslik kerak edi. Ana endi yotibdi oʻzi, tuyaning soyaboni ostida lablari yorilib, arang koʻzini ochib...

Yoʻlboshlovchi: «Bu sarob, Shahzodam», deganida, «Sen oʻzingning qadringni oshirmoq ilinjida faqat oʻzingning soʻzingni ma’qullayapsan! Qara, qari tentak, qum barxanining shundoqqina ortida yashil daraxtlarni koʻrayapman! Karvonboshi, tuyangning boshini ana shu yoqqa bur! Mana shu koʻrinib turgan qum barxanidan oʻtsak, yashil vodiyga kirurmiz», deb qat'iy aytdi, na’ra tortdi. Uning xos qoʻriqchilari ham qilich qinlarining ustini silab-silab qoʻyishdi. Yaxshi hamki, Karvonboshi vaziyatni yumshatib, Yoʻlboshlovchiga biron kori-hol boʻlishdan saqlab qoldi, yoʻqsa qon toʻkilishi aniq edi. Shahzoda hali yosh, gʻoʻr, qum choʻlida yurishning xavfli taraflarini bilmaydi. Ammo buni kim unga yurak yutib ayta olardi... Ana endi Karvonboshi shu gʻoʻrlik azobini tortayapti. Biyday choʻlda kim ham senga bir mesh suv berardi? Uning har bir qultumi tilla tanganing mingtasidan qimmat boʻlsa...

Karvonboshi xos soqchilar boshligʻini chaqirib, unga vaziyatni obdon tushuntirdi, yoʻqsa Shahzoda oxirgi meshdagi suvni ham allaqachon ichib tamom qilardi. Axir karvonning hayot-mamoti xuddi shu meshlardagi, atigi ikki meshdagi suvga bogʻliq. Xudoga ming qatla shukrlar boʻlsinkim, karvonda savodi ancha pishiq, fikri tiyrak yigit bor ekan. Agar shu yigit boʻlmaganda karvon hali-beri toʻgʻri yoʻlga tushib ololmasdan, halok boʻlishi ham mumkin edi. Karvonboshi esladi...

...Quyosh botib, yulduzlar charaqlagan. Oftob tigʻidan rosa qizigan atrof-borliqqa iliq, ammo kishiga xush yoquvchi shabada endi esayotgan mahalda shu yigit Karvonboshiga uchrashdi.
— Taqsir, huv anavi qum barxani ustiga chiqsak. Sizga aytadurgʻon muhim gaplarim bor erdi.

Karvonboshi uning miqti gavdasiga, yarim tabassum bilan, ammo unga jiddiy boqib turgan yuziga, qirra burniga mos ajib yarashgan tekis qora moʻyloviga, tiyrak koʻzlariga qaradi-da, quyuq qoshlari tutashib ketishiga ozgina qolganiga, biroq koʻzlarining ziyraklik bilan qattiq tikilib boqayotganiga e’tibor berdi. Irodasi mustahkam yigit ekan, deb oʻyladi Karvonboshi va uning orqasidan biroz qorayib koʻrinayotgan qum barxani tarafga yurganini oʻzi ham sezmay qoldi. Bu yigitning niyati hali menga ma’lum ermas. Gumonim bor. Ehtiyotkorlik yaxshi. Karvonboshi shularni xayolidan oʻtkaza turib, ichki belbogʻida osilgan qindan xanjarini chiqarib, qalin yaktagining ichki choʻntagiga solib qoʻydi. Ikkalasi bir-birlariga soʻz qotmasdan, indamaygina qum barxanining eng tepasiga chiqib olishdi.

Karvonboshi e’tibor bilan atrofga boqdi: diqqatni jalb qiladigan biron narsa koʻzga tashlanmas, faqat qum barxanlari yastanib yotardi, xolos. Karvonboshi endi sal olisda qolgan karvon tuyalariga qaradi — ular oy yorugʻida yaqqol koʻzga tashlanardi. Oldinma-ketin qatorlashib kelayotgan tuyalarning eng orqasida Xazorasp hokimining tuyalari qadam tashlar, ular ustiga hali tikilmagan va ichiga kelin-kuyov kirishi mumkinu, lekin hali kirmagan oʻtovning keraga, oʻqlari, changgʻaroq va kigizlari, tizmalari yuklangan, ular ogʻir boʻlmasa ham biroq tuyalarni ancha horitgani bilinib turardi. Karvonboshining xuddi avvalgidek yana jahli chiqdi: karvonga hokim tuyalari kelib qoʻshilganda aytgandi, axir shunaqa oʻtov Buxoroda ham topiladi-ku! Siz tuyalarga jabr etmasdan savdoga keraklilarini yuklasangizchi, deganida, Hokim qoʻrslik qildi:
— Qizimning soʻzini yerda qoldirgim kelmas. Qoʻngʻirotning dongʻi ketgan ustalari yasagan. Xuddi Barchinoy oʻtoviga oʻxshaydi. Buxoroliklar Alpomish bilan Barchinoy qanday bejirim oʻtovda chillalarini oʻtkazganliklarini koʻrib qoʻyishsin.

Hokim shunday deb, sal choʻzinchoq, oq-sariqdan kelgan yuziga yarashgan mallatob moʻylovining uchlarini silab qoʻygan edi oʻshanda. Ana endi oʻzi ham yotibdi, sulayib, moʻylovini silashga ham holi yoʻq, lablari yorilib...

Karvonboshi mana shu oʻtov yuklarini oldirmaslik uchun qat'iylik qilmaganiga ming pushaymon boʻlayotgan boʻlsa ham endi foydasi yoʻqligini tushunar, karvonning kelgusi taqdirini oʻylab, ich-ichidan zil ketardi. Hali ham karvonning baxti bor ekan, karvon ichida Allohning yaxshi koʻrgan bandalari koʻp ekanmi, harqalay bironta ham oʻsimlik unmagan faqat qum hukmronligidan hansiragan choʻlda qum boʻroni koʻtarilmayapti.

Karvonboshi shularni xayolidan oʻtkaza turib, tuya ustiga yarashib oʻtirgan yigitga qaradi. Yigitning e’tibori esa osmonda edi.
— Qarang, biz kunbotardan kunchiqarga yurmogʻimiz lozim edi. Yoʻlimiz avval sal Shimol tomonga ogʻishib, Karmanaga yetganimizdan soʻng yoʻlimiz janubroqqa enmogʻi darkor, ya’ni boshimizni tikka tutib, soʻngra yelka yarmiga kelgandagiga mos burilgan yoʻnalishda yurmogʻimiz shart edi. e’tibor bering: Yetti Ogʻayni yulduzi karvon yoʻnalishining nisbatan oʻng va orqaroq tarafinda, oltin qoziq yulduz esa chap va orqaroq tarafdadur. Taxminimcha, karvonimiz Karmana toʻgʻrisidadur. Agar shundoq boʻlsa, toʻgʻri moʻljal shul erur: Oltin qoziq yulduzi karvonimizning chap yonida hamda tuyaning oʻrta beliga toʻgʻri kelmogʻi, lekin baribir chap tarafda qolmogʻi zarur. Ana shunda karvon yoʻli magʻribdan mashriqqa boʻlgʻay...
— Ushbular haqinda Yoʻlboshlovchi birlan gaplashdingizmu? — ohista soʻradi Karvonboshi.
— Yoʻlboshlovchingiz hozir oʻzida emaslar. Shahzodaning noma’qul va oʻrinsiz haqoratindin soʻng bu ishlarga aralashgusi kelmas. Gʻururi ancha baland erkan...

Yigit shu soʻzlarni ayta turib, oyoqlarini qimirlatmasdan, faqat uning atrofida aylanib, xuddi Karvonboshining xushboʻy gullar oʻstirilgan bogʻda, shundoqqina katta supaning oʻng biqinida ikki qarich boʻlib oʻsib, endi gullamoqchi boʻlgan nozboʻylarning anvoyi boʻylarini hidlayotgan kabi kalta-kalta nafas ola boshladi. Karvonboshi, ie, nima qilayapsiz, deb soʻramoqchi edi hamki, yigit ohista gapirdi:
— Yaqin 8-10 chaqirim masofada hech qanday oʻsimlik yoʻq. Hatto saksovul ham. Faqat qum...

Karvonboshi buni qaydan bildingiz demoqchi edi-yu, ammo yigitning karvon tomonga burilganini koʻrib, indamay qoʻya qoldi.

Karvonboshining bu yigitga mehri ilingandek boʻldi. Uning oʻzini erkin tutishi, soʻzlaridagi aniq dalillar, oʻz fikrini aytishdan hayiqmaslik Karvonboshi dilida safar avvalida paydo boʻlgan gʻubor va gumonni yoʻqotgandek boʻldi, ammo yaktagi ichki choʻntagidagi xanjarni yana bir bor silab qoʻydi. Endi shu gʻubor va gumonning koʻnglida paydo qilgan tumanini butunlay tarqatib, qalbini chiroq yoqilganidan ravshan tortgan qoʻrgʻon kabi yoritmoqchi boʻlib, shu qalb qoʻrgʻonning ayni boʻgʻzida tiqilib turgan gaplarni shoshmasdan gapirdi:
— Xvayrazamdan ikki kunlik yoʻl yurganimizdan soʻng, tuya karvonidan orqada qolib, tuyangizni yoʻrtillatib arang bizga yetib oldingiz. Haligacha sababini oʻylarmen...
— Toʻgʻri anglabsiz, — ohista javob berdi yigit: — Alhamdulullo musulmonmen. Ulugʻ hakim Ibn Sinoning ta’kidlashicha, Hazoraspga ayni ikki kunlik yoʻl qolib, shundoq tikka turganida quyosh botishiga ayni ikki qarich masofa boʻlsa ham kun issigʻi uning peshonasiga tushib, koʻzini qamashtirgan mahali ustozi alloma Masihiy jon taslim qilgan ekanlar. Allohning yaratgan ne’mati cheksiz yillar davomida qum zarralarining quyosh nurini emgan quvvatindin Ustozini barcha taomili birlan bahramand etgach,rosa qiynalib, Rahmatning Oliy hadyasidin ayrilib, oʻzi ham boqiylik tarafga yuz burishiga uch kunlik hilolning botishigacha vaqt qolganini anglagach, ilojsizlikdin Ustoz minib kelgan tuyaning katta boʻyin tomirini kesib, idishga toʻplabdilar. Yaxshi hamki, yonida qonni ivishdan saqlaydigan giyoh tolqoni bor erkan. Shu tolqonni qonga qoʻshib, to sovuginicha kutibdilar va soʻngra chanqogʻini qondirib eson-omon manzilga yetib borganlar. Men taxmin bilan Ustoz Masihiy zamin bagʻrida mehmon boʻlayotgan joylarini topdim. Eng avvalo 19 yashar navqiron Ibn Sino tarafindin, soʻngra oʻz nomimdin tabarruk oyatlardan oʻqub, u kishining ruhlarining tinchini Allohdin soʻradim. Soʻngra Sizlarga yetib oldim. Endi,Karvonboshi janoblari, yaktagingizning ichki choʻntagiga tiqilgan qoʻlingizni bemalol u yerdan olavering. Xanjarni tinch qoʻying...

Karvonboshi bu soʻzlarni eshitib, peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi, ammo tezda oʻzini oʻnglab olib, yigitga kulib qaradi. Karvonboshining bu yigitga mehri yana ham oshib ketdi. Uning qorachadan kelgan yuz ifodasida oddiy insonlar hali tushunib yeta olmaydigan iliqlik, mayinlik bor esa-da, lekin oʻzi aytgan soʻzini doimo va har qanday vaziyatda isbotlay olish bardoshi borligi va bu masalada ancha qat'iy ekanligi ravshan sezilib turardi. U har bir soʻzni aytishdan oldin biroz oʻylanar, soʻngra har bir gapni chertib-chertib, aniq va loʻnda ifodalar ediki, mulohazaga hech oʻrin qolmasdi. Ayniqsa, uning Ustoz Masihiy toʻgʻrisida gapirayotganida «Alhamdilullo, musulmonmen» deyishi Masihiyning boshqa din vakili ekanligini bilgani va shuni ta’kidlab boshqa savolga oʻrin qoldirmaganligi Karvonboshining unga hurmatini yanada orttirdi.

Yigit tuyasi jabdugʻi tagidan bir xalta oldi-da, Karvonboshiga uzatdi.
— Karvon ahliga tarqating. Tayinlangki, shu oʻrik donagidek toshni ogʻziga solib, tillari bilan betoʻxtov aylantirsinlar. Ozgina boʻlsa ham soʻlak ajralib, ogʻizlari namlangach soʻlakni yutgaylar. Bu tashnalik azobini bir qadar bosgay. Shu bois yana ikki kun suv ichish istagini xayoldan haydab, meshdagi ehtiyot suviga balkim tegmassiz.

Yigit bir pas xayol surib, biroz jimlikdan soʻng yana gap boshladi:
— Nahshab Malik choʻli birlan Marv orasi ancha yoʻldur, suvsiz, qaqragan choʻl. Shu choʻldin ikki marta oʻtganmen. Yoʻlboshlovchini, Xudo rahmat qilgur, Elomon sariq derdilar. Choʻlda yurmoqning sir-asrorlarini shul insondin oʻrganganmen. Ul tabarruk Alloh bandasi shul tadbirni oʻrgatgankim, doim menga uqtirardikim — shoyad unutmagʻaysen, deb.

Ikki kun davomida faqat kechasi yoʻl yurib toliqqan horgʻin karvon quyosh sal tikkaga kelgach, dam olishga shaylandi. Barcha tuyalar choʻkkan, ularning ham turib yurishga majoli qolmagan. Qilt etgan shabada yoʻq. Qayoqqa qaramang, qaddini baland tutgan, ammo sal shamol essa bukchaygan hoʻkizni eslatuvchi, biroq shamol esavergan sari uning bukchasi ham yer bilan bir tekis boʻladigan qum barxanlari yuraklarga vahima solar, ularga tikilgan saring yurakdagi vahima tanaga tarqalaverar, oqibatda endi oʻzing nuqul vahimadan iborat boʻlayotganingni sezmay ham qolar eding. Tuyalarning qumda qoldirgan izlari ham bir pasda yoʻqolib, tuya karvonining qayoqdan kelganiyu, endi qaysi tarafga bormoqchi ekanligini ham bilish amri mahol edi.

Karvonboshi shularni oʻylar ekan, quyosh nurlari tigʻining qalin yaktagidan, uning tagidan kiyilgan choponidan oʻtib qizdirayotganini his qildi. Suvsizlikdan darmonini yoʻqotib sulaygan gavdasini arang koʻtarib, atrofni kuzatdi. Quyoshning shundoqqina chap tarafidagi qum barxani salobati bilan karvonni bosib qolmoqchiday savlat toʻkib turardi. Karvonboshi yuragini bosib turgan vahimani yoʻqotmoqchi boʻlib, bor kuchini oyogʻiga jamlab, oʻzidan sal naridagi tekislikdan odam boʻyi baravar balandlashgan qum barxani ustiga chiqdi. Biroq vahima yoʻqolish oʻrniga gavdasining barcha qismiga, hatto barmoq uchiyu, qulogʻi solinchagʻigacha tarqaldi. Boshida guvillagan tovush paydo boʻldi-da, Karvonboshining yuragi urishdan toʻxtagandek, urishdan toʻxtagandek emas, balki koʻkragini yorib chiqib, havoga uchib ketgandek boʻldi. Gavdasini arang ushlab turgan kuch ham yoʻqolib, tizzalari oʻz-oʻzidan bukilib, qum ustiga oʻtirib qoldi. Koʻzlari vahimaning zoʻridan kosasidan otilib chiqqudek chaqchaydi, bir nuqtaga tikilganicha baqrayib qotib qoldi. U tikilgan nuqtada tobora osmonu falakka koʻtarilayotgan, chap tarafdan oʻngga shitob bilan siljiyotgan qora-sariq koʻlanka karvon turgan joyga jadal yaqinlashib kelardi.

Hali bu makonda qiladigan yumushlari va ularni uddalash, bulardan ham koʻra muhim — karvonning hayotiga mas’ullik hissi barcha gavda kuchini oyoqlariga yigʻib keldi-da, Karvonboshi iroda kuchi bilan yuragiga vahima solgan qarshisidagi qum barxani ustiga chiqdi. Chiqdi-yu, uning butun borligʻini avvalgisidan ham battar — shu qumlar orasida oʻligimiz qoladigan boʻldi, degan soʻzlarni xayoliga keltirgan, shuncha yillar davomida orttirgan ruhiy kuchining mustahkamligini sindirib yuboradigan vahima choʻlgʻab oldi. Biroq vahimaga tobe boʻlib, harakatsiz turish oʻlim bilan baravar ekanligini yaxshi tushungan Karvonboshi orqasiga keskin burilgandi, yiqildi va yulduzlar sanogʻidan ham koʻproq qum zarralari ustidan sirgʻalib pastga taraf oʻqday uchib ketdi. Qum zarralari uning tanasini koʻmishiga ozgina qolganda oʻzini oʻnglab oldi, oyoqlarini tirab oʻzini toʻxtatmoqchi boʻldi. Biroq uning oyoqlariga tirgak boʻlib, hayotda yashab qolish umidini saqlab qoladigan tayanchni topa olmadi. Va qum orasiga kirib ketdi. Nafas olmoqchi boʻldi, ammo burun kataklari qumga toʻlganidan buning uddasidan chiqa olmadi. « Xayr, bolalarim, xayr, xotinim, qarindosh-urugʻlarim! Alvido! Ey, Alloh!» degan soʻzlar xayolidan yashin chaqmogʻi kabi oʻtdi va ayni shu tobda tovoni qattiq narsaga urilib, qorni yumshoqroq buyumning ustida qolib, boshi pastga osilib tushganini payqadi. Allaqanday kuch uni yana bir marta yumalatgan edi, Karvonboshi qattiq narsaga urildi va koʻkragidagi bor nafas tashqariga shiddat bilan otildi, halqumida, yutqunida, ogʻzi-burnida tiqilgan qum zarralari ham tashqariga chiqib, u erkin nafas ola boshladi.

U karaxt xolda qancha vaqt yotganini bilmaydi, ammo koʻzini ochib tirsaklari bilan qumga suyanab, quyoshning chap tarafiga qaradi: qora-sariq koʻlanka quyosh yuzini qoplab olgan, koʻlankaning qalin pardasi orqasida uning nuri bazoʻr koʻrinar, ammo endi shovullagan haybatli tovush quloqni qomatga keltirmoqda edi. Karvonboshi hayotiga xavf solayotgan katta xatarni sezgach sakrab oʻrnidan turdi, avval chuqur nafas olib, bor quvvati bilan qoʻllarini ikki yonga yozganicha «a-a-a-a!« deya qichqirdi, soʻngra »Turinglar!» deb hayqirdi va oʻziga yarashmagan chaqqonlik bilan tuya safining boshida choʻkkalagan ikki oʻrkachli tuyaning juldiri ostidagi tayoqchani sugʻurib, tuya yonida osilib turgan nogʻoraga zarb bilan ura boshladi. Tuyachilar gumburlagan tovushdan uygʻonishib shu zahoti oʻrinlaridan turishib, tuyaning choʻzilgan safini aylana qilishib, tuyalarning boshini aylana markaziga qaratishib, ularning boshiga qalin va pishiq matoning maxsus teshigidan oʻtkazishib kiygʻizib qoʻyishdi. Shahzodaning tuya kajavasini ikki tuya orasiga joylashtirishib, ustidan tuya junidan toʻqilgan pishiq namatni yopishib, tuyalarning noʻxtasini bellariga bogʻlashib, oʻzlari ham doira ichiga yuz tuban boʻlishib yotib olishdi. Ular bu yumushlarni bajarib boʻlgan ham edilarki, karvonni quyun bosdi. Osmonu falakka koʻtarilgan qum toʻzoni quyosh yuzini qoplab, odamlarning koʻzini ochirmay qoʻydi. Agar koʻzlarini ochganlarida ham atrofda hech narsani koʻra olmasdilar. Endi choʻlda qum boʻroniyu hamda qorongʻulik toʻliq hukmronlik qilayotgandi. Boʻronning shovullagan, ba’zan kuchayib quloq pardasini yirtgudek chinqiriq tovushi quloqlarni qoʻl kafti bilan bekitishga majbur qilar, biroq bu ham yordam bermas, odamlar qum boʻroni esayotgan tarafga oyoqlarini choʻzib yotib olishar, boshlarini qum tagiga tiqishib, bu vahimali tovushni biroz boʻlsa-da pasaytirishga harakat qilishardi...

...Qum boʻroni qancha davom etganini hech kim bilmaydi, ammo bir narsa aniq: u qanday toʻsatdan boshlangan boʻlsa, xuddi shunday tugadi. Quyosh ancha pastga enib, choʻlning qoq oʻrtasida qumga koʻmilib yotgan odamlar va tuyalarga rahmi kelgandek, nur tigʻi oʻtkirligini ancha pasaytirgan. Karvonboshi oʻng qoʻlini qumga tirab, qum barxani yuzasiga uni ancha kuch bilan bosib turgan qumni ustidan agʻdardi-da, turib oʻtirdi, atrofni koʻzdan kechirdi. Ustida choʻkkan tuyalar va odamlar boʻlganligidan boʻron qumni uchirib keta olmagan, shu tufayli endi oʻzlari baland qum tepasi ustida qolishgandi. Atrof pastlikda esa mayda-mayda qum barxanlari dengiz toʻlqinidek, ammo chayqalmasdan yastanib yotibdi.

Karvonboshi karvonni halokat yoqasiga olib kelgan sabablarni qidirib, beixtiyor xayolga berildi, boʻlib oʻtgan voqealarni birma-bir esladi. Safar ogʻir boʻlishini aniq bilganidan tuyalarni oʻzi tanladi, necha mesh suv sarf boʻlishini hisoblab, ortiqcha besh mesh suv oldi. Ayniqsa, odamlarni sinchiklab koʻzdan kechirdi, har biri bilan alohida gaplashdi. Irodasi boʻsh, avvallari qiyinchilik koʻrmagan, safar mashaqqatlarini tasavvur ham qilolmagan odamlarni karvonga yaqin ham yoʻlatmadi.

Karvon endi yoʻlga tushay deb turganda, xonlikdan vakil kelib, Karvonboshiga yoʻliqdi:
— Siz baxtli odamsiz, Shahzodamiz ham Siz birla Buxoroga bormoqni niyat qildilar. Juda mas’ul yumushni bajarmoq maqsadinda xonimiz rahnamologida safarni ixtiyor etdilar. Mana bu tuyalarni ham tuyalar safiga qoʻshingiz. Ularga ortilganlar faqat shahzodaga atalgan. Ehtiyotlik choralarini koʻrursiz. Bu sizga ishonch, oqlarsiz... Bu borada ancha pishiqsiz. Bilurmiz...
— Tashakkur, taqsir. Xuddi aytganingizdek boʻlur. Bunga ishonchingiz komil boʻlgʻay...

Karvonboshi oʻsha payti xursand boʻlgan edi. Chunki xon arzandasining qoʻrqmas botir ekanini eshitgandi. Biroq uning fe’lini bilmasligi, hatto biron-bir arzirli gap quloqqa chalinmaganligi koʻnglining bir chetiga soya solganligi ayni haqiqat. Shahzoda uchun maxsus yegulik va ichmoq uchun suv tayyorlanib, tuyalarga yuklangani ham ancha tinchlantirdi—bir tashvishdan qutilibdi.

Karvonboshi diqqat bilan yana esladi: xon tarafindin kelgan vakil endi qayrilib ketishga hozirlik koʻrayotganida oʻng yonogʻi usti pir-pir uchdi, koʻzlari allanechuk tarzda yaltiradi.

Karvonboshi unga yana qayta tikilaman degunicha, vakil otiga qamchi urdi. Karvonboshi voqealar tizginini birma-bir xayoldan oʻtkazarkan, bundan bir hafta ilgari boʻlib oʻtgan voqeani esladi. Karvonboshiga sodiq tuyakashlardan biri yugurib kelgandi oʻshanda.
— Taqsirim! Shahzoda chanqogʻini hech qondira olmayaptilar! Oʻzlariga atalgan suvni tamom ichib boʻldilar. Bizdan ham ikki mesh ketmish. Uchinchi meshdagi suvning tugashiga ozgina qoldi. Ne qilurmiz?!

Karvonboshining rangi oqarib ketdi, peshonasini sovuq ter bosdi. Oʻzini tamomila yoʻqotib qoʻyishdan arang saqlab, ohista soʻzladi:

— Shahzodaga atalgan meshdagi suvdan ozgina boʻlsa ham bormi?
— Meshda yarmi qolganda, nimanidir gumon qildimda, yashirib qoʻydim.
— Barakalla! Ammo gumon toʻgʻrisida birovga ham churq eta koʻrma! Tezda menga olib kel, ammo buni hech kim bilmasin...

Karvonboshi oldiga sodiq tuyakash yarim kechadan oʻtganda, karvonni yurmoqqa hozirlashdan sal oldin keldi.
— Namuncha kech?

Karvonboshi javobni kutmasdan darhol yana qayta soʻradi:
— Olib keldingmi?!
— Ha!

Karvonboshi meshdagi suvdan bir qultum yutindi. Chap tarafiga burilib, qattiq tupurdi-da, jahl bilan gapirdi:
— Noinsoflar! Ablahlar! Sotqinlar!

Karvonboshi bir pas jim turdi-da, tuyakashga gapirdi:
— Bu toʻgʻrida ogʻiz ochma! Churq etma! Meshni avvalgi joyiga qoʻy. Ichidagi suvni hoziroq toʻkib tashla...

Karvonboshi bu qizigan qumlar hukmronligi karvonni oʻzining tobeligiga tamomila boʻysundirganda bir qultum suv ham jonga teng aziz boʻlishini bilgan rasvoning ishi ekanligini, bu ataylab qilinganini tushundi. Shahzodaning mas’ullikni sezmasdan, chanqogʻini qondira olmay, sarob koʻrganining sababini angladi.

Eh, Karvonboshi! Yillar davomida hayotda olgan tajribalaringdan birini ehtiyotsizlik qilib, shu safar unutibsanda! Xayoling nega parishon boʻldi oʻshanda?.. Nahotki bu oxirgi safarim boʻlsa... Ey, Alloh, oʻzing qoʻlla... Barcha meshdagi suvlarni oʻzim tatib koʻrdim-ku! Shahzodaga atalgan suvni ham tatib koʻrganimda ichiga qora dori solinganini anglagan boʻlardim-ku! Qora dori ichgan odamga suv bardosh beradimi? Axir u chanqash azobiga bardosh bera olmaydiku! Meshlarni boshqasiga almashtirish qiyin emasdi-ku! Landovur! Ey tavba, Shahzoda va karvonning oʻlimi kimga kerak boʻldi ekan... Ey, xudo, marhamatingni koʻrsat...

Karvonboshi xayolini band qilgan fikrlardan qutulib, aniq harakat qilmasa karvon suvsizlikdan halok boʻlishini yaxshi anglab turar, biroq bu harakat nimadan iborat boʻlishini topa olmay tobora boshi qotayotgandi. Ha, koʻp umrning zavol topishi uchun bir odamning xatosi yetarli ekan! Endi boqiy dunyoda men bunga qanday javob qilaman, deb oʻylayverdi, oʻylayverdi. Qancha oʻylaganini bilmasdan, ustidagi qumni qoqib, kun botish tarafga qaragandi, oʻzi yoqtirib qolgan zuvalasi pishiq yigitning Ka’baga qarab namoz oʻqiyotganiga koʻzi tushdi. Uning qum ostidan oʻzidan oldin turib, Allohga ibodat qilayotganiga ichida tahsinlar oʻqidi.

Karvonboshi mabodo gavdasi ixcham, ammo ziyrak bu yigitning Naxshabning Malik choʻli yaqinidagi Jeynov qishlogʻida tugʻilib, savodini toblash uchun Marv, Bogʻdod, Kufa, Madina shaharlarida boʻlib, katta allomalardan dars olganini, uning zehniga qoyil qolishib, Hazrati Imom Buxoriyning zohiriy shogirdi, deb ataganlarini, Hazrati Ahmad Yassaviyning tariqati yoʻlida juda koʻp ilm qilganini bilganida edi, Hazrati Bahovuddin Naqshband oʻz shogirdi Muhammad Porsoning tovonlarini oʻpganidek, Karvonboshi ham ming ta’zim ila uning poyiga choʻkkan boʻlardi. Afsuski, bu yigit bilan yaqindan tanishmoq Karvonboshiga hozircha nasib boʻlmayotgandi.

Karvonboshi yigitning chap yonboshi tarafidan joy olib, bilinar-bilinmas, ammo ancha yoqimli shabadadan yengil nafas olganicha uning bilan birgalikda Allohga hamdu sanolar aytib, yuziga fotiha tortdi.

Yigit Allohga yana shukronalar aytib, yuziga fotiha tortdi va birdan nafasini toʻxtatib, diqqat bilan bir nuqtaga tikildi. Soʻngra, yigit Karvonboshini hayratga solgan, ammo buning nima ekanini soʻray olmagan paytidagi kabi tez-tez, lekin nafasini toʻxtatib-toʻxtatib, birozdan keyin chuqur-chuqur nafas ola boshladi. Ie, yana Sizga nima boʻldi, deb soʻrashga ulgura olmagan Karvonboshining yonidan irgʻib turib, yoqimli shabada esib kelayotgan tarafga oʻttiz-qirq qadamlar chamasi chopib ketgan yigit tezda choʻkkalab oʻtirdi-da, qoʻli bilan qumni ikki yonga toʻzgʻitib yerni kavlay boshladi. Uning bu harakati jahldan oʻta gʻazablanib, tirnoqlari bilan yer kavlayotgan sherni eslatardi. Karvonboshi uning notabiiy bu harakatini tushunishdan ojiz, faqat hayrat bilan yigitni kuzatardi. Yigit birdaniga qum toʻzgʻitishni toʻxtatdi va osmonga boshini koʻtarib, «Ey, Alloh» deya na’ra tortdi. Karvonboshi majolsiz boʻlsa-da, kuchining boricha harakat qilib Yigitning yoniga yetib bordi va yillar davomida tuyaning jilovini ushlayverib qadoq boʻlib ketgan qoʻllarini uning yelkasiga qoʻydi. Yigitning yonoqlari ustiga hali yetib bormagan, deyarli oqishdan toʻxtagan koʻz tomchisiga, soʻngra yigitning qum toʻzgʻitgan joyiga avval hayron boʻlib qaradi. U yerda yarim qarich boʻlib, yantoqning sariq, hali yashil boʻlishga ulgurmagan nimjongina novdasi tebranardi. Yigitning koʻkimtir va nozik novdaning topilganiga, «Ey, Alloh!» deganicha hatto koʻz yoshini ham yamlab yutadigan tashnalikning ogʻir yukini parchalab tashlab, dil tugʻyonini quvonchga aylantirganlik irodasiga hayrat bilan nima demoqni bilmasdan turganida yigitning deyarli shivirlayotganini eshitdi:
— Ey, Alloh! Oʻzingga beadad shukr!

Yigit oʻziga yarashgan chaqqonlik bilan oʻrnidan turdi-da Karvonboshini quchoqlab oldi:
— Ey hazrati Inson! Biz qutuldik! Biz qutuldik!

Karvonboshi yigitning quchogʻidan chiqmasdan turib, tanasidagi barcha diqqat-e’tibori bilan koʻzlari nurining kuchini bir nuqtaga jamlab chor atrofga tikildi. Biroq horgʻin va majolsiz karvonni bu dahshatli qum oʻpqonidan chiqarib, hayotning zavqini qaytadan bagʻishlashga qodir suvni, hatto bir kichkina koʻlmakchani ham koʻrmadi yoki koʻra olmadi. Koʻzlarini yumib-ochib, yana bir bor tikildi, biroq avvalgi manzara takrorlandi.

Karvonboshi endi yigitni quchoqlab olib piqillab yigʻlay boshladi. Uning koʻnglidan shunday ajoyib yigit ham talvasaga tushib, vahimaning zoʻridan sarob koʻrayapti, jinni boʻlib qolib, aqldan tamoman ozib qolsa-ya, degan fikr oʻta boshladi.

Yigit esa Karvonboshining quchogʻidan chiqib, uni bir-ikki marta qattiq-qattiq siltadi va buyruq ohangida gapirdi:
— Odamlarni chaqiring!

Karvonboshi uning gapirish ohangidan norozi boʻlgan boʻlsa ham, ammo bu ohangning toʻlqin zarbasi gʻayrat suvi allaqachon tomiridan oqmay qoʻyganligi tufayli darmonsizlangan gavdasini arang koʻtarib turgan boshiga zarb bilan urilib kuch berganidan qaqrab yorilgan lablarini arang qimirlatib, nima uchun, deb soʻradi.

Yigit toʻlqinlanib, shoshib gapirdi:
— Karvonboshi, qarang! Bu yantoq! Yantoq suv bor joyda koʻkaradi. Uning tomiri 15-20 qulochgacha yer tagiga borib, suvni shimib oladi. Agar shu yerdan quduq qazilsa, suvga albatta yetamiz!

Karvonboshi bu aytilgan gaplardan bir pas garang boʻlib turib qoldi, soʻngra aytilgan gapning magʻzini chaqdi-da, yigitni qaytadan quchoqlab oldi.

Quduq qazish doirasi chizilib, odamlar ishga kirishdilar. Kimdir kamzulida, kimdir choponida, kimdir koʻylagida qumni uzoqroqqa olib borib tashlayverdilar. Suv daragini eshitgan odamlar tashnalikni unutishga bor iroda kuchlarini jamlab harakat qilayotgan va shu paytgacha dillarini vayron qilayotgan xuftonlikni qalblaridan asta-sekin chiqarayotganlarida, ikki quloch chuqurlikka yetgan quduqning bir cheti oʻpirilib ketdi, boshqa tarafi ham oʻpirilayotgandi. Qazilayotgan quduq tubiga agʻdarilib tushgan qum odamlarning ham umidini koʻmgan, anchasining orzusini chil-parchin qilganidan «Oh!» deb yuborishdi. Karvonboshi nima qilarini bilmay kalovlanib qoldi, hatto yigʻlab yuborishdan oʻzini arang tiya oldi. Chunki uning koʻz yoshlarini koʻrgan boshqalarning ruhiy kuchi batamom sinishi aniq ekanligini sezib, oʻzini qoʻlga oldi. Shu payti u yigitning oʻktam tovushini eshitdi:
— Tuyalar ustidagi oʻtovning kigizi, tizma, keraga va oʻqlarini olib kelingizlar! Tezroq!

Odamlar yigitning aytganlarini tezda bajarishdi. Oʻtovning kigizlarini uzun tasma qilib kesishib, oʻqlarini uning ustidan kuch bilan teshib kiritishib, soʻngra quduq devori ichkarisiga suqib kiritaverdilar. Endi quduq devori ichkariga yumalamas, oʻpirilib tushmas, ayniqsa, keraga tayoqlari va oʻtov tizim hamda tizimchalari xuddi shu maqsad uchun qilingandek edi. Bu hol odamlar qalbidagi umidni qaytadan uygʻotdi, hayotdan lazzatlanish hislarini qitiqlab, ularning ado boʻlgan koʻnglini qaytadan tikladi. Bu esa soʻngan gʻayratni jonlantirdi. Quduq chuqurlashgan sari qumning namligi ortib borar, endi qum tuyani bogʻlaydigan arqonlarga mahkamlangan, qum boʻroni paytida tuyaning boshini qum zarralaridan saqlagan pishiq matoda olib chiqilayotgandi. Quduq chuqurligi oʻn odam boʻyi boʻlganida oʻtovning changʻarogʻini ishga solishdi. Ustiga mato toʻshalib, quduq tubidagi qum solinib, toʻrt tarafiga mahkam bogʻlangan arqon tortilganidan quduq devorlariga arqonlar va changaroq ziyon yetkazmas, quduq devori ham endi oʻpirilmaydigan boʻlgan edi.

Bu ishlarning borishi va bajarilishini kuzatayotgan Karvonboshi Yigitning aql va farosati oʻzi tushunib turgan makondan tashqarida ekanligini, foniyda bunday bilim egasi kamdan-kam ekanligini tushunib, anglab turardi.

Oʻzi tushunib va anglab yetmagan xayollar ogʻushidagi, lekin quduq tubida koʻrinayotgan tiniq suvga mengzar, ammo qalbida soʻnishga ulgurmagan orzularning qayta gʻalayonidan tugʻilgan quvonch asirligidagi Karvonboshi asta borib, Yigitni quchoqlab bagʻriga bosdi:
— Karomat egasisiz, Sardor!

Yigit Karvonboshining chap yelkasiga iyagini bosib, sekin, lekin rad qilib boʻlmaydigan tarzda pichirladi:
— Yoʻq! Bu ilm zahmatlarining mahsulidir!

Quduqdan suvga toʻldirilib koʻtarilgan mesh tashnalikdan qiynalgan, uning azobidan tobelik tuygʻulariga koʻnikib kelayotgan odamlarga oʻlimga qul boʻlib qulluq qilishdek poymollangan gʻururni yana avvalgi holiga keltirib qaytarib berdi. Endi ular qanot bogʻlab, oʻz erklarining hukmroni boʻlib uchishga tayyor edilar...

...Karvon dadil qadam tashlar, odamlar yashash ilinjida emas, balki yaratuvchanlikning keng yoʻliga tushib olishib, farovonlikning baland supasiga chiqish uchun uzoq marralarni koʻzlab, kelajakni moʻljallab, maqsad sari yurmoqda edilar. Karvon safining oxirida Karvonboshi va Yigit bir pas quchoqlashib turdilar.
— Qachon koʻrishurmiz?!

— Alloh xohlagan paytda!