OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJumanazar Beknazar
Asar nomiMehrning achchiq sinovi (badia)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jumanazar Beknazar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Badialar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm60KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Mehrning achchiq sinovi (badia)
Jumanazar Beknazar

1

Togʻ choʻqqisi uzra otilib chiqayotgan buloqning havasni keltiradigan zilol suvi shiddat bilan pastga enar, uning tomchilari quyuq va boʻliq maysalarga, barglariga, gullariga osilib olishardi-da, soʻngra quyosh nurlarida ajib tovlanib, xohlaganicha oʻzlarini ranglantirmoqda edilar. Maftunkor gullar bargining oʻrtasiga qoʻngan ¬asalari ularni urugʻlantirish evaziga shirasini soʻrish bilan band. Oʻz «ishi»ni mohirona bajarib, manzili tomon zuvillab uchayotgan asalaridan minnatdor gul yaproqlari goho chapga, goho oʻngga tebranishadi. Asalari qoʻnmagan gullar esa shabadadan kuch olishib, sheriklari poyasiga suykalishadi, ularni tabriklashadi, qut-baraka tilashadi.

Tabiatning bu gʻaroyib manzarasi xilma-xil toʻlqinlarga qarab xayol surayotgan ikki kishini mutlaqo qiziqtirmasdi. Ular umrni oqar suvga qiyoslashib, bular oʻrtasidagi oʻxshash va nooʻxshash jihatlar xususida fikr yuritayotgan boʻlsalar-da, nimadandir qattiq tashvishda ekanliklari sezilib turardi. Ikkisining ham kumush sochlari, bejirim kuzalgan oppoq soqoli sal dumaloqdan kelgan yuzlariga yarashgan, enlikkina qoshlari bir-biriga tutashmagan boʻlsa-da, yoysimon boʻlib peshonadagi ajinlarini bekitib turar, yuz bichimi, boʻy-bas¬ti bir-biriga oʻxshash bu kishilarning koʻz qarashlari, har zamonda qoshlarini chimirib qoʻyishlari, sal qorachadan kelgan yuz terisining tiniqligi va tarangligi ularning hali ancha bardamligidan darak berar, yoshlari ulugʻ boʻlsa-da, tanalari baquvvat ekanligi sezilardi. Miqtidan kelgani gavdasini sal egib, tez-tez uyoq-buyoqqa qimirlab, harsang tosh ustida omonatgina oʻtirar, koʻnglidagi gʻashlik tufayli lablari qimtilgan akasi oldida qandaydir bir noma’lum sababga koʻra oʻzini noqulay sezmoqda edi. Koʻkragini toʻldirib, tez-tez chuqur nafas olarkan, uning nimanidir aytmoqchi ekanligi ma’lum edi.
— Aka! Onamning yalinib menga aytgan oxirgi iltimosi, bu, — deya gap boshladi u nihoyat.
— Axir, mening yoʻqligim darrov bilinadi-ku! Odamlar, meni soʻrashmaydimi!?
— Siz boshqa shaharga ketsangiz-chi?
— Hech qanday sababsiz, boshqa shaharga ketamanmi, axir! Oʻylab gapirayapsanmi, ukajon? Men oʻz vijdonimga qanday qilib qarshi boraman? Bu narsani aqlimga sigʻdirolmayman.
— Nima boʻlsa boʻlsin, ammo siz ma’rakaga bormasligingiz kerak, aka! Tushunsangiz-chi, axir!
— Mening bormasligim nahotki senga shunchalik kerak boʻldi? Hech tushunmadim, uka.
— Aka, akajon! Men dilimdagi gaplarning barini sizga botinib ayta olmayapman. Bu Onamning soʻnggi iltimosi deyapman-ku, axir!
— Tushungin, ukajon! Nahotki, marhuma onamning hurmatini oʻrniga qoʻya olmasam? Odamlar, qishloqdoshlarim, oshna-ogʻaynilarim nima deydi?! Ularning oldida nima degan odam boʻlaman?!
— Akajon! Shu safar odamlar bilan ishingiz boʻlmasin, oʻzingizni oʻylang. Kelishdikmi, akajon!
— Rostini aytsam jonga tegding-da, rosayam jonga tegding. Hali ancha kun bor-ku, oʻylab koʻrarmiz.
— Oʻylab ham koʻrmang, aka! Men orqali aytilayotgan onamning iltimosini bajaring, aka!
— Buyogʻi buyruq boʻldi-yu! Xoʻp, uka, oʻylab koʻramiz....

Ukasining koʻzlaridan oqayotgan yoshni yaqindagina boshga tushgan judolikdan deb tushungan akasi uning qoʻltigʻidan suyab turgʻazdi-da, choʻqqining shundoqqina biqinidagi qalin daraxtzor tomon boshladi. Ukasining hozirgina aytgan gaplarini oʻzicha mulohaza tarozisiga solayotgan akaning xayolidan shu gaplar oʻta boshladi: «Ukam nega ma’rakaga borishimni taqiqlayapti? Mutlaqo tushunmayman. Oʻzimning aqlimga yarasha dunyoni, unda yuz berayotgan hodisalarni, tabiat qonunlarini juda yaxshi tushunaman deb oʻzicha kerilib, gurrayib yurgan mendek odamni bu talab bilan hayratda qoldirsa ham, onamga nisbatan hurmatsizlik qilsam, bu menga aslo yarashmas. Axir, men farzandlik burchimni bajarishim shart-ku! Jarrohlik muo¬lajalari paytida barmoqlarimda qaltiroq boshlanib, quvvatim kamaygani aniq bilinayotgan, operatsiyadan keyin toliqib, endi jarrohlik bilan xayrlashuv onlari keldi, shekilli deb qarorim qat'iylashganda Onajonimning bir gapi bilan menda yana oʻzgacha hayot boshlangan edi-ku! Buni unutishga haqqim bormi?! Onaginam menga: «Oʻgʻlim, sizdan bir soʻrovim bor, siz «Fur¬qon» surasini yaxshilab qiroat bilan oʻqishni oʻrganib oling. Har kuni eng kamida bir marta, agar imkon boʻlsa, ikki marta takrorlang, jon bolam. Aytganimni bajarsangiz, sizdan juda minnatdor boʻlaman!», deganidan soʻng Onamning aytganini toʻla-toʻkis bajardim. Qiroatni Zaynuddin qoridan oʻrganib, rosa pishitib oldim. Qiroatim kelishgan sari oʻz jismimda moʻ'jiza roʻy berayotganini sezdim. Barmoqlarimda qaltirash, tanamda toliqish yoʻqolib, fikrimda tiniqlik gʻolib keldi, ham ruhan, ham jismonan bardam boʻlayotganimni aniq his qildim. Aqliy va jismoniy kuch goʻyoki gʻoyibdan berilayotgan edi menga! Balki aslida ham shundaydir. Kuchga toʻlayotganimni vaqt oʻtgan sari anglayverdim. Oʻshanda Onaning nozik va buyuk qalbi farzandi shuuridagi sezimlarni anglab, uning taqdirini yaxshilik nurlari bilan yoritish doimo fikri va zikrida boʻlishiga chunon ishondim-ku, axir! Boʻlib oʻtgan bu moʻ'jizaviy hodisani qanday qilib unuta olaman!

Ukam esa shunday ajoyib ma’suma va muslima onamizga boʻlgan beqiyos hurmatimni oʻrniga qoʻyishdek vazifadan meni mosuvo etmoqchi?! Nega?!»

Uning savollari javobsiz qoldi.

2

Quyoshning zarrin nurlari borliqni xilma-xil ranglarga burkadi. Yomgʻirdan soʻng daraxt barglari va maysalar quyoshning oltin nurlarini oʻzlariga singdirib, billurga aylangan munchoqlarini bir-birlariga koʻz-koʻz qilishar, bu jilvalardan yanada koʻproq zavqlanmoq va oʻz maftunkorliklarini namoyish etmoq ilinjida shabbodani oʻzlariga chorlashar edi.

Oppoq koʻrkam binoning quyoshga qaragan xonalaridan birida oppoq choyshabga burkanib, bir siqimgina boʻlib yotgan onaning xonasi jim-jit. Ona ikki kundirki, notinch, u kasallikdan forigʻ boʻlib, oʻziga intiq chevara-evaralarini tezroq bagʻriga bosgisi, ularning yuzlaridan toʻyib-toʻyib oʻpish ilinjida yotibdi. Har yarim soatda yengil shippak kiygan oʻgʻli ona holidan xabar olib, oq choyshabining bir maromda koʻtarilib tushayotganini birpas kuzatib, xotirjam nari ketadi.

Onaga hattoki nafas olish ham malol kelar, yuragi goho sekin, ba’zida tez urar, koʻzini yumib intiqlik bilan kimnidir kutayotgandek edi. Kutayotgani onaning oʻziga ayon, bu toʻgʻrida hech kimga ogʻiz ochmas, aytmoqchi ham emasdi. Qani endi kutgani tezroq kela qolsayu, undan oldin soʻz ochib, otasining tayinlaganiga atigi bir safar amal qilmay, jon-dili bilan ba’zi bir narsalarni soʻrab, aniqlab olsa. Shuning uchun «Menga ozgina boʻlsa ham muddat ber, darmonga kirib kuch olay. Hali ancha bajarilmagan, yaxshilikka yoʻgʻrilgan yumushlarim bor. Avval sendan hech narsani iltimos qilmaganman-ku!» — deya ichida iltijo qilmoqda. Axir, bu iltijo oʻzi uchun emas, balki aziz oʻgʻli uchun-ku! Axir hayotimning mazmuni farzandlarim!

Ona shu topda bir vaqtlar kimningdir «Farzandi taqdiri toʻgʻrisida oʻylamagan, qay¬gʻurmagan onaning yuragi misli sovuq tosh! Ilojsiz onlarda bunday yurak moʻltirab yordam soʻraydi. Ammo bu yordamni qanday olishning uddasidan chiqa olmaydi. Bundan esa uning xunobi battar oshadi. Chunki bu qabildagi yurak ajdodlaridan qaysidir birining bagʻrini bir paytlar sodir boʻlgan gunohi Kabir tufayli basir qilib qoʻygan» degan gaplarini esladi.

Ona dilida dam-badam paydo boʻlayotgan tilakning aniq maqsad uchun gʻoyibdan yuborilayotganiga qattiq ishonardi. Istakning hayotbaxsh kuchi ona quvonchini tobora oshirar, oʻgʻlining odamlarga naf keltiruvchi umr sohibi ekanligi bunga imkon yaratmoqda edi. U mana shu imkonning doimo mavjud boʻlishini ta’minlash uchun bunga intilib yashadi, kechayu-kunduz Allohdan soʻrardi: «Allohim! Nafsimni jilovla, yaxshilikka unda! Men sendan boylik, mol-dunyo soʻramayman, tan-jonimni sogʻ qil!»

Ikki kun tobi qochdi, avvaliga tuzalib ketarman, deya unchalik e’tibor bermadi, ammo kun sayin madori qurir, koʻzi tinar, koʻz oldi qoron¬gʻulashar, hech narsani koʻrmas, boshi aylanar, ibodat mahali muvozanatini zoʻrgʻa saqlardi. Biroq dard hali-beri onani oʻz tuzogʻidan boʻshatgisi kelmasdi. Dardni yengish osonga oʻxshamaydi, namozni yotib oʻqishga majbur. Ammo dard uni qiynashda davom etar, xastalik oyoqlari uchigacha yetib, shunday xuruj qilardiki, goʻyoki yuragi barmoqlari uchidadek rosa loʻqillardi. Ona jon taslim etishdan qoʻrqmas, hatto bunga oʻzi ham rozi edi, ammo oʻlimi oʻgʻlining taqdiri bilan chambarchas bogʻliq ekanligini bilganligi uchun dard ham ancha uzoq choʻzilyapti, shu bois xavotiri ham juda oʻrinli edi.

Ona shularni oʻylab: «Men hali yashayman, yashashim kerak! Eh, Xudoyim! Bu tilagimning amalga oshuviga oʻzing madad bergaysen!» — deya iltijo qilayotgan ham ediki, ohista shivirlash qulogʻiga chalindi:
— Qodirjon aka, qon bosimi tushib ketyapti. Hozir ham 100 ga 70. Kuchli dorilar bilan qon bosimini koʻtaryapmiz.
— Dorilarni ayamanglar, keraklisining barchasini topamiz. Onajonim albatta shifo topadi !
— Aytganingiz kelsin, aka!
— Surishtirdingizlarmi? Ogʻriq sababi nima ekan, nimadan boshlanibdi?
— Aka, gʻilay qassobdan ikki kilo goʻsht sotib olib, qaynatma shoʻrva qilgandik. Shoʻrvasini ichdi, goʻshtini ishtaha bilan yedi. Oradan yarim soat oʻtgach, mazam qochayapti, dedi. Shu, xolos.
— Qassobdan surishtirdingizlarmi? Yangi soʻyilgan jonliqning goʻshti ekanmi?
— Gʻilay qassob tergovdamish. Oʻgʻirlangan molning goʻshtini sotgan ekan.
— Mayli, oʻgʻirlangan boʻlsa, jazosini tortsin. Ammo onamning dardi zaharlanishga oʻxshayapti-ku! Ichki a’zolarida aytarli oʻzgarishlar yoʻq. Faqat qon bosimi tushyapti.
— Bu gapingizda jon bor, aka!

Ona boshqa gaplarni eshitmadi. Oʻtkir, ammo sovuq uchli bir kamon oʻqi qulogʻidan teshib kirib, miyasining oʻrtasigacha qadalib borganday boʻldi. Sochlarining uchigacha zirqiradi: «Harom luqma yutibman-da! Aqalli shu goʻshtning qaerdan va qanaqa ekanligini surishtirmabman-a?! Endi shu luqmadan batamom xalos boʻlmagunimcha darddan qutulmayman. Ha, uying bugʻdoyga toʻlgur gʻilay, evaramni tanimagansan yoki menga nisbatan gʻarazgoʻyliging bormidi...»

Onaning koʻngli aynidi, bir-ikki marta oʻqchidi.
— Qusgisi kelyapti, tez idish olib kelinglar.

Ona boshini chap tarafga burdi, qusgach yengillashdi. Qornini bosib turgan narsa yoʻqoldi, bir tekis nafas ola boshladi. «Allohga shukur! Harom luqmaning anchasi ketdi. Endi darddan forigʻ boʻlishim oson. Faqat Allohdan madad soʻrayman», deb iltijo qildi u. Ona oʻgʻlining bezovtalanayotganini bildi:
— Me’dani obdon yuvish zarur. Organizm poklansin.

«Ah, oʻgʻlim-a, dardimni topding! Harom luqmaning makruh zardoblari tanamdan chiqsa albatta, oyoqqa turaman». Ona burun teshigidan rezina naycha kiritilayotganini koʻrdi, tishini tishiga qoʻydi.
— Qodirjon aka, onangizni «Farishta momo» deb ataganlari rostga oʻxshaydi! Qarang, me’dasini yuvayapmiz-u, uning yuzidan nim tabassum arimaydi-ya!
— Ha, onamning chindan ham farishtasi bor!

... Shunda oʻgʻli yana oʻylanib qoldi. Qishloqdagi katta-kichik ayollar «Momojon! Siz naq farishtaning oʻzisiz-a, sizga hammaning havasi keladi. Rosa baxtli ayolsiz-da!» — deganlarida miyigʻida kulib qoʻya qolardi.

... Bahor ancha kech keldi. Hali qish zahrini qoʻyib yuborganicha yoʻq. Ikki marta laylak qor yogʻdi. Ba’zan qor maydalab uchqunlaydi, qish bahorga oʻrin boʻshatib bergisi kelmayotgandek, kunlar sovuq. Biroq bahor qishning qarshiligini sindirib, asta-asta tabiat tarozisining chuvoqli pallasini oʻz tomoniga ogʻdirmoqda edi. Qishning achchiq izgʻirinlaridan zada boʻlgan ¬xiyobon quyoshning yoqimli taftiga oʻzini toblardi.

Karvonning oldida ketayotgan tuyalardan biriga qizaloq oʻtirib olgan. Ufqqa yonboshlayotgan quyosh oʻzgacha tusda tovlana boshladi. Chumoli ham chiqishda sirpanib ketadigan Buxoro minoralari devoridagi naqshlarni umri bino boʻlib koʻrmagan qizcha bu manzaraga maftunkor boqadi.

Karvondagilarning atrofga befarqlik bilan qarab ketayotganliklari qiz bolani hayron qoldirar, oʻzi esa osmonga, minoralar ortiga, botayotgan quyoshning qizgʻish nurlariga suqlanib boqmoqda edi. Maysalar gilamdek qoplangan tepalikning ayni baland joyiga chiqqanida, u tuya oʻrkachi orasidan imkoni boricha gavdasini koʻtarib, boʻyini choʻzadi, ammo toʻntarib qoʻyilgan osmon qozonining faqat yerga tutashgan joyini ilgʻaydi, boshqa joylarni koʻrolmaydi. Tepalikdan pastga tushayotganda osmon ham u bilan birga enayotgandek tuyular, bundan nihoyatda xursand edi. Navbatdagi tepalikka koʻtarilayotganida esa xuddi osmon joyida qotib qolgandek boʻldi, keyingi tepalikdan oʻtganda oʻzini tobora osmon tubiga yaqinlashayotgandek his qildi. Qizaloq tong otishini orziqib kutar, adoqsiz kengliklar bagʻrida yana nimalarni koʻrish mumkinligini oʻylar, yorqin porlayotgan mitti yulduzlarga tikilardi.

Qizaloq yiqilmasligi uchun belidan ikki tarafga bogʻlab qoʻyilgan arqondan nozik barmoqlari bilan ushlaganicha «Yetti ogʻayni»ni kuzatar, Buxoro osmonida miltirab jimirlab koʻzni olayotgan bu yulduzlarning shakli-shamoyili va jozibasi uni tamoman maftun etgan ediki, iloji topilsa, u qanot qoqib uchsayu, ularning yonida boʻlib qolsa edi...

Ertalab yoʻlga tushgan karvonning yoʻli unmasdi. Qarshi tomondan mayda yomgʻir tomchilari aralash achchiq va sovuq shamol qizning yuziga urilar, qalin paxtali choponi, tuya junidan toʻqilgan kamzuli ham shalabbo boʻlib ketgandi. Uning a’zoyi badanini uvishayotganini sezgan otasi tuyasini jadallatib, qiziga yaqinlashdi-da, qalin chakmonini boshi uzra tashladi:
— Qizim, manzilimiz yaqin. Huv anavi saksovulga yetib olaylik, u yogʻi bir qadam! Havo ham ochilib qolar. Yana ozgina sabr qilsang boʻldi.

Ota chor-tarafga diqqat bilan nazar soldi-da, karvonga «Toʻxtang!« ishorasini qildi. Soʻngra qum tepaligi ustiga chiqib, allaqanday imo-ishoralar qildi, karvoni oʻng tomonga burishni buyurib, oʻzi tepalik ortiga gʻoyib boʻldi. Birpasdan keyin u yana tepalik ustida koʻnikib, «Kelaveringlar...» ishorasini qildi.

Qiz sal isigach, haligi saksovulni olazarak boʻlib izlay boshladi. Otasi aytgan, saksovul qani? Umrida saksovulni koʻrmaganligi bois, uni shoxlari tarvaqaylab oʻsgan, chinordan ham bahaybatroq daraxtga oʻxshatar, barglarini esa qozon qopqogʻiday kattalikda tasavvur qilardi. Saksovulga tirmashib chiqish, barglari bilan yomgʻirdan oʻzini himoyalagisi keldi. Daraxtni qachon koʻrarkin? Tuyalar ham aksiga olib imillab odimlashmoqda. Betoqat boʻla boshladi. Karvon esa hamon sust, ilgarilaydi. Kutilmaganda otasi «Tushamiz! Peshin namozini oʻqiymiz!«, — deb qoldi. Karvondagilar ibodatga taraddud koʻrishar ekan, qizning lab-lunji osilib ketdi. U akasi yordamida tuyadan tushdi-da, daraxt yoniga borib, uning tanasiga suyandi.» Namozlarini manzilga yetgach oʻqisa ham boʻlardi-ku! Saksovul tagida oʻqish oʻngʻaylik tugʻdirardi. Balki ozgina olov yoqib isinarmidi? Namoz qazo boʻlsa ham hech kim urishmasdi-ku!» — deb oʻylar ekan, u suyanib turgan daraxt oʻz-oʻzidan titray boshladi. Etni yana ham junjiktiradigan achchiq shamol esib, qizning sochlarini tortqilab oʻtdi. U beixtiyor shamol esgan tarafga qaradi va tarashadek qotib qoldi: oʻrta yoshlardagi oppoq libosli ayol unga ma’noli tikilib turardi. Ayol qoʻli bilan unga nimalarnidir ishora qildi. Ayolga tikilgani sari, qiz bola badaniga tarqalayotgan jimirlash kuchini his qilmoqda edi. Oʻz yurak yurishini siniq eshitdi: duk-duk-duk. Lahza oʻtib, yurak urishi sekinladi, ajabo bu qanday hol? U boyagi ayoldan koʻzini uzolmasdi, ammo qoʻrquv ham uni butunlay tark etgani yoʻq. Saksovulni mahkam quchoqlar ekan, kuchli turtki tufayli saksovulni quchoqlagan barmoqlari bir-biridan ajralib ketdi. Oyoqlaridan mador yoʻqoldi, tizzalari oʻz-oʻzidan bukilib daraxt tagiga yiqildi...

Oʻshandan beri koʻp yillar oʻtdi.

... Boshida gʻuvullagan ogʻriq turdi. Bosh barmogʻi bilan ikki koʻzi oʻrtasini bosib tursa, ogʻriq yoʻqolardi. Xuddi shunday qilmoqchi boʻldi, biroq qoʻllarini koʻtarish tugul, barmoqlarini ham qimirlata olmadi. Koʻrsatkich va oʻrta barmoqlari orasida silliq, biroz mayin, qalamga oʻxshashroq narsa yotganini bildiyu, ammo uning nimaligini aniqlay olmadi. Oʻng qoʻlini yon tomoniga siljitib, kaftini yumdi, baribir bilolmadi. «Ie, qimirlatmang, Onajon! Igna chiqib ketadi!», — deya hamshira yugurib yoniga keldiyu, uni baridan ogoh etdi.

«Ha, tomirimga osma dori berishayotgan ekan-da! Yaxshi hamki qoʻlimni tortib yubormapman », — deya xayolidan oʻtkazdi kampir. Qizning shirali tovushi qulogʻiga yoqdi. Tuzalsam, shu qizni chevaramga kelin qilaman, deya niyat qildi. Onaizor ziyrak koʻzlarini ochib, yoqimtoy tovush sohibasiga, uning boʻy-bastiga qaramoqchi boʻldi, biroq koʻzlarini ocholmadi.

Ha, qaribdi, kuch-quvvatdan qolibdi, kundan-kunga orqaga ketyapti, narigi dunyo bir qadam, oʻz oʻlimini koʻz oldiga keltirib, chuqur «uf» tortdi. Qulogʻiga yoqimsiz gaplar chalina boshladi:
— Nafas olishi tezlashayapti.
— Ha, hushiga kelayapti, shekilli.
— Tomir urishi, qon bosimi yaxshi.
— Hali qorin boʻshligʻidan shikoyat qilayotgandi, yaxshilab qaradingizmi?
— Oʻgʻli koʻrib, koʻrichakka oʻxshaydi, deb aytdi.
— Har ehtimolga qarshi operatsiyaga tayyorlanglar, biroq bu haqda oʻzi zinhor eshitmasin, deb tayinladilar.
— Ha, shunaqaga oʻxshaydi. Tomiriga qancha suyuq dorilar ketdi?
— Hozirgacha ikki litrga yaqin.
— Yaxshi! Jim, Qodirjon aka kelayaptilar.

Ona oʻgʻlining ismini eshitib sergak tortdi. Oʻgʻli boshida parvonami, darddan butunlay forigʻ boʻlishi aniq! Endi Onaning koʻngli toʻq. U oʻgʻli oʻng bilagini paypaslayotganini, uning tafti butun vujudiga tarqalayotganini sezdi. Ona tanasiga tarqalgan yoqimli quvvat tufayli darmonsizlik jimirlab tovonidan chiqib ketayotganini ilgʻadi. Tomiri oʻgʻlining barmoqlari tagida urib turibdi. Goʻyoki bir-birlariga jisman bogʻlanib qolgandek edilar. «Quvvatini Onasidan ayamagan jon bolam, senday mehribon bormikan dunyoda, senga bergan mehrimni qaytarding-a, bolam!», — deya ona qalbi olam-olam quvonchga toʻlib, fikrini bir joyga jamladi, bisotidagi eng yaxshi soʻzlarni bolasiga ilinmoqchi boʻlgan ediki, oʻgʻlining barmoqlari titrayotganini aniq sezdi va bundan bir necha yillar oldin sodir boʻlgan voqea yashin tezligida birma-bir xayolidan oʻtdi....

.... Bahor chor tarafga oʻz sepini, koʻrku jozibasini yoygan kunlarning birida otasi uni yoniga chaqirdi:
— Qizim, senga anchadan beri muhim bir gapni aytaman deb yuraman. Bugun shu gapni aytish buyurilgan ekan. Ilk bahorda safarga chiqqanimiz esingdami? Sen saksovul tagida hushingni yoʻqotding, daraxt tanasiga suyanib yiqilganingda namoz oʻqiyotgan edim. senga Namozni buzish mumkin emas. Oʻshanda nima boʻlganini sen ham aytmading, men ham soʻramadim. Qizim, oʻshanda qandaydir moʻ'jiza sodir boʻldi. Chunki saksovulning kichkina shoxlari qora koʻmirday kuyib qolgan, kurtaklari oʻrnida qora qurum hidi kelayotgan katta-katta nuqtalar yaqqol bilinardi. Shu sehrning oqibati qanday tugashini yoki nima boʻlishini bilmoqchi boʻlib, katta umid va sabr-toqat bilan kutdim. Xayolingdan noxush fikr oʻtgan boʻlsa, oʻshanda sen jazo olishing muqarrar edi. Ammo unday boʻlmadi, Xudoga shukr, ikkita oʻgʻling bor, hayotingda kamchilik yoʻq.

Koʻp yillar oʻtgach, oʻsha saksovulni borib koʻrdim. U butkul qurigan ekan. Sheriklari yashnab turishibdi. Doimo oʻylayman: nega bu saksovul qurib qolgan? Sening hayotingda bir moʻ'jiza roʻy berishini kutib yashadim. Balki baxtli yashayotganingning oʻzi moʻ'jizadir. Qizim! Men orzu-umidlar bilan yashadim. Sen ham orzularing roʻyobi uchun intilib yasha! Men koʻra olmagan moʻ'jizani sen, albatta, koʻrasan. Qalbingda doimo yaxshiliklarga, ezgu ishlarga umid boʻlsin! Saxiylik shioring boʻlsin!

Hech kimga aytmagan bir sirim bor. Men Buxoroda madrasa tahlilini tugatib, Bagʻdodda bilimimni charxladim, subhidam yoʻlga tushdim. Quyoshning zarrin nurlari atrofni ajib goʻzallikka burkagan borliq goʻzal edim. Oʻrta yoshlardagi oppoq kiyingan ayolga duch keldim. Uning oyoqlari yerga tegmas, yurmas, balki havoda suzardi. Endi anglasam, u farishta ekan. Uning pandu nasihatlariga hayotim mobaynida toʻliq amal qildim, qizim. Halol yashadim, ishimga, roʻzgʻorimga harom luqma aralashtirmadim.

Qizim! Ulugʻ bir avliyodan bobom eshitgan ekanlar: «Agar uch avlod vakillari halol yashab, nafslarini jilovlashsa, har xil harom luqmalardan hazar qilishsa, yaxshilik bilan oʻzlariga gard yuqtirmasalar, ulardan oxirgi bittasiga farishta koʻrinar erkan. Keyingi avlodlaridan biri mashhur alloma boʻlib, el orasida katta obroʻga ega boʻlarkan. Men esa qanoat qasrida umrguzaronlik qilganlarning bir vakiliman.

Men halollik, saxiylik tariqatiga amal qilganligim uchunmi, , yoshim toʻqson toʻrtdan oʻtdi. Senga ham, qizim, farishta uch marta koʻrinur. Lekin undan hech narsa iltimos qilma, talab qilma, soʻrama! Chunki farishtaning oʻzi sening dil sifatlaringga yarasha jazo yoki mukofatlashni Egamning oʻzidan soʻraydi.

Qizim, koʻngling noma’qul ishlarga hech moyil boʻlmasin. Shunda sen, inshoolloh, uzoq umr koʻrarsan. Oʻgʻlingning hayoti ham senga bogʻliq. Bilib qoʻy, qizim, Alloh nazari tushgan pok axloq egalari, benazir insonlarga bilib yo bilmay qilgan gunohlari uchun berilajak jazo katta va ogʻir boʻlur. Bunday gunoh uchun omi odamlarga ba’zan jazo ham ravo koʻrilmaydi"...

Qiz otasining hikoyasini tinglay turib: «Men ham shu farishtani ikki marta koʻrdim, otajon!«, — deb yuborishiga bir bahya qolgan edi oʻshanda. Bunga otasining titragan barmoqlari xalaqit berdi. Oʻgʻlining titragan barmoqlari oʻsha damlarni yodiga soldi: «Otamning nevarasi-da, ey hudoyim, moʻ'jizangdan aylanay!», — deya mahzun jilmaydi Ona. Ona oʻgʻlidan otasining yana boshqa xislatlarini topmoqchi boʻlib, asta koʻzini ochdi.
— Yaxshimisiz, Onajon! Tomir urishingiz me’yorida! Nasib etsa, hammasi yaxshi boʻladi.
— Yaxshi boʻlishimni bilaman, bolam. Sen yonimdasan-ku! Yana qanday tashvishga hojat bor, bolam? Onaning ajin bosgan yuzidagi ilinj koʻziga koʻchdi, koʻngli iyib ketdi, ich-ichiga choʻkib ketgan koʻzlarida gʻiltillagan yosh aylandi.

Ona oʻgʻlining peshonasiga qoʻlini qoʻyganini sezdi. Bu kaft naqadar issiq, naqadar taftli. Oʻgʻlining olis bolaligi koʻz oʻngidan oʻtdi. Oʻgʻlini oʻqishga joʻnatgani, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagani sharafiga uyushtirilgan toʻylar, davrada barcha oʻziga hurmat bilan tikilib qarashgani, bundan faxrlangani, hamma-hammasi yaxlit bir badiiy filmga oʻxshab ketadi. Oʻgʻlimni koʻrishga borayapman, deya faxrlanib qishloqdan shaharga joʻnaganlari-chi? Qanday maroqli damlar edi.

Oʻgʻli muloyimgina barmoqlarini uning oʻng yonboshiga ehtiyotkorona bosdi. Koʻz oldi negadir tinib ketdi. Ogʻriqning zoʻridan koʻzlarini yumib, «ih!» deb yubordi.
— Onajon, taqdir ekan-da. Operatsiya qilmasak boʻlmaydi!.
— Nega endi, bolam!
— Koʻrichak boʻlibsiz, Onajon! Olib tashlamasak, u yorilib ketadi.
— Operatsiyangni koʻtara olmasam kerak..
— E.e.e., Onajonim-ey! hali juda baquvvatsiz, qolaversa, yoningizda men borman.
— Gʻilay qassobning harom luqmasi koʻrichakka tiqilib qolibdi-da, bolam, — Ona shunday deya miyigʻida kulib qoʻydi va hayot tashvishlarini koʻnglida kamaytirib, kamaytirishga kuchi yetmaganlarini esa barmoqlarida qadoqqa aylantirgan, jarrohlik muolajalari bilan koʻplarning hayotini saqlab qolgan mehribon oʻgʻliga bemajol tikildi.

Ona oʻgʻlining beozorgina kaftidagi mehrni sezdi. Koʻzlarini ochib, oʻziga diqqat bilan tikilib turgan oʻgʻlining koʻzlariga tik boqdi: oʻgʻlining nigohlari tubida uchqunsimon sariq-qizil ingichka nurni ilgʻadi. Ona oʻsha nurdan hali umrida sezmagan, payqamagan yoqimli toʻlqin peshonasiga urilganini ham anglagandek boʻldi. Oʻgʻlining kaftidagi jimir-jimir oʻsha nur uning tanasiga oʻtib olgandek boʻldi. Ona qalbiga quloq tutdi: Boshini choʻlgʻab olgan toʻlqinlar kaftidagi sezgi bilan uchrashib, bir-birlariga singishib ketdilar. Bu holat qalbining mudroq imkonlarini ragʻbatlantirib, iroda qudratini oshirib yubordi. Bu holni aniq payqagan Ona boshini oʻgʻli tarafga sal qiyshaytirib, dadillandi:
— Oʻgʻlim, senga muhim gaplarim bor. Operatsiyadan keyin aytsam maylimi, oʻgʻlim?
— Mayli ,Onajon, mayli.

Ona bilagini siqib ushlayotgan oʻgʻlining barmoqlari titrayotganini koʻrib xayolan: «Eh, oʻgʻlim-a, meni deb qancha jabr chekding! Senga ortiqcha yuk boʻlmasdan tinchgina narigi dunyoga ketsam boʻlmasmidi!? Ey, Alloh, bolajonimga ortiqcha tashvish tugʻdirmay, jonimni tezroq ola qolgin» deya oh chekdi.

Shifoxonada favqulodda holat!
— Yuragi notinch urayapti! Tinchlantiruvchi doridan ukol qilinsin!
— Xoʻp, hozir!

Ona butun tanasiga yoqimli bir iliqlik taralib, ayniqsa boshida va koʻksida rohatbaxsh holat roʻy berayotganiga amin boʻldi.
— Bolaginam umridan baraka topsin! Ikki marta operatsiyada ham jonimni saqlab qolgan! Bu safar ham shunday boʻladi, ishonchim komil. Allohim, oʻzingga tavakkal qilaman! Ilohim, doʻst -dushmanlar oldida yuzimizni yorugʻ qilgin! Oʻgʻlimning boshi gʻamdan egilmasin. Bahovuddin Balogardon hazratim, mudom oʻzingiz balolardan saqlagaysiz! Oʻtgan safar ham shul hazratning ruhi balo-qazolardan saqlagan edi.

Xayol uni olis yillarga boshlab ketdi...

... Gumbazi moviy, eshiklariga jimjimador bezakli, kungirador qoshi jilvalanuvchi naqshlar bilan qoplangan obida. Boshiga oq, ammo moviyga tobroq salla oʻragan savlatligina nuroniy kumush rang hassasiga suyanganicha viqor bilan obidaga hayratomuz tikilib turibdi. Nuroniyning qattiq tikilayotgani uni bir tarafdan xijolatga solayotgan boʻlsa, boshqa tarafdan, tikilishning boisi nima ekanligini tushunmayotganidan buni soʻramoqchi boʻlib, old tarafga intildi. Biroq chol oldida qandaydir bir toʻsiq borligini sezdi va uning oʻta shaffof devor ekanligini angladi. Ona bu devordan oʻtmoqchi boʻlib bir necha bor urindi, biroq buning uddasidan chiqa olmadi. Yon-veriga hayron boʻlib qaradi, lekin uni tutib turuvchi hech narsa yoʻqligini bilgach, hayronligi yana oshdi. Bu devorning haqiqatan ham mavjud ekanligiga u qat'iy ishonch hosil qildi va bu mustahkam devorni hozirgi quvvati bilan yengib oʻta olmasligini, ojiz ekanligini tan olib, yordam soʻrash ilinjida umid bilan moʻysafidga tikildi. Nuroniy unga yana bir pas qarab turdiyu, boshini yon tomonga bir necha bor qimirlatib, «Fikringni uqdim, muridim. Biroq soʻrashing befoyda«, degandek boʻldi va oʻng qoʻlining koʻrsatkich barmogʻi bilan osmonga ishora qildi. Soʻngra sekin burilib, tepalikning narigi tarafiga shoshmasdan tusha boshladi. U qoʻllarini old tarafga choʻzib, Nuroniyga intildi, ammo shaffof devor unga yana xalaqit berdi. Jahl ila shaffof devorga musht tushirmoqqa ahd qilganida, tepalik orqasida arang boshi koʻringan Nuroniyning «Bunday qilish yaramas axloqdan nishonadur» degandek bosh irgʻaganini payqadi va shu zahoti bu qaroridan qaytdi.

«Axir, men sizning nima demoqchi ekanligingizni bilmogʻim zarur!» deya baqirmoqchi boʻlgan edi, yuzini kafti bilan silayotgan nevarasining gapidan uygʻonib ketdi.
— Momojon! Yotgan joyimda meni koʻkragimdan itarib uygʻotib yubordingiz.
— Hali men seni koʻkragingdan itardimmi, bolaginam?! Shu qoʻllarim senga doimo parvona boʻlib, xizmatingni qilib, jazosini tortsin!

Onaning uyqusi qochdi. Nevarasining ustiga koʻrpani yopib qoʻydi. «Axir, men hazrat Bahovuddin Balogardon pirimni tushimda koʻribman-ku!«, — deya ruhi yorishdi. Onaning koʻrgan tushini yana bir bor eslashga urindi. Koʻnglining bir chetida xavotir. «Pirim nega tepalikning narigi tarafiga enib, mendan uzoqlashdilar? Ishoralari ma’nosi ne erkan? Yoʻq, mendan Hazrat emas, balki men Hazratdan uzoqlashibman. Ul tabarruk zotning abadiy qoʻnim topgan joylarini ziyorat qilmaganimga bir yildan oshdi-ya! Turmush tashvishlariga oʻralashib iymon-e’tiqod butunligidan bir qadar chekinibman. Nafsimning quliga aylanib qolmadimmi? Iymon zaifligi sabab loqaydlik imorati ichinda qolibman-a! Yo, Alloh, oʻzing kechirgaysan, katta gunoh qilibman! Oʻzim oʻrgilay Sizdan, Bahoviddin Balogardon pirim, gunohlari yana koʻpaymasin deb tushimga kiribsiz-a!»

Ona oʻrnidan turdi-da, ikki rakaat namoz oʻqidi va ulugʻ pir Bahovuddin Balogardonning qabrini ziyorat qilmoq taraddudini koʻra boshladi.

«Qancha mashaqqat chekib, maqsadingga erishsang, uning rohati shunchalik lazzatli boʻlur». Bu gap ne uchun xayoliga keldi, oʻzi bilmaydi, ammo haqiqat ekanligini anglagan Ona piyoda yoʻlga tushmoqni niyat qildi. Kenja oʻgʻlining, «Tayyor ulov turganda piyoda yurishga ne hojat, Ona! — deya ming tavallo qilmasin, Ona shashtidan qaytmadi.

Ona oppoq surp koʻylagi ustidan dokani koʻkrak aylanasi boʻylab hafsala bilan uch marta aylantirib oʻradi. Allohning qazo qadardagi hikmatini anglagan qalbi bilan «Fotiha« surasini ixlos bilan oʻqigach, toza oq shohiga oʻralgan «Qur'oni Karim«ni avaylabgina qoʻliga oldi-da, uch marta oʻpib va navbatma-navbat uch bora peshonasiga tekizib, chap biqiniga qoʻydi, ustidan yana oq doka bilan koʻkrak aylanasiga mahkam bogʻladi. Ustidan oq harir koʻylagini shoshmasdan va hafsala bilan kiydi. Momo «Qur'oni karim»ning yuragiga lazzat bagʻishlayotganini his qilib Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi a’layhining: «Qur'oni Karim koʻtaruvchi Islom bayrogʻini koʻtaruvchidir. U Alloh taoloni ulugʻlash uchun behuda soʻzlovchi bilan behuda soʻzlashmasligi, unutuvchi bilan unutmasligi,bemaza ila bemazalik qilmasligi kerak. Uning birovda hojati boʻlmasin. Birovning unda hojati boʻlsin» degan gaplarini esladi va oʻzida ruhan inja shodlik hislari yugurayotganini aniq his qildi va bundan juda yayrab ketdi.

Gʻayrati joʻshgan Ona yoʻlda horiganini mutlaqo sezmadi, goʻyo Hazrat qadamjoysi sari har odimlaganida tanasi poklanayotgandek oʻzini yengil va xushhol sezmoqda edi. Yonidagi kenjasining injiqiklariga unchalik parvo qilmas, tobora qadam olishini tezlatardi. Ona bu gʻayrat oʻziga piri komili Bahoviddin Balogardon hazratlari tarafidan yuborilayotganiga ishonar, bunga ishonchi ortgan sari madori ortib, tamoman yangicha bir odamga aylanib borayotganga oʻxshardi.

Hazrat qabrini ziyorat qilayotgan chogʻda nafasi tezlashib, yuragi bezovtalandi, tanasi qizib ketdi, qalbida yengillik paydo boʻlib, yuragining tub-tubidagi gʻashlik tamomila yoʻqoldi. Ana endi rahmoniy ruhning gʻolib boʻlgani bilinayapti. Iymon zaifligi ham chekindi. Iroda qudrati oshganligi uchun Baxoviddin Balogardon piriga tahsinlar aytib, Allohdan ul zotning botiniy quvvat beruvchi xislatidan barcha ziyoratchilar bahramand boʻlishini tilab, koʻzda yosh bilan iltijo qildi. Momo Allohning haybatini, kuch-qudratini butun shuuri bilan yaqqol sezdi. Dil istagini mukammal bajo aylab, yana piyoda iziga qaytdi. Ziyorat maqomida qizigan tanasi hali beri damini yoʻqotay demas, tashlayotgan qadamlari dadil edi. Yoʻlning yarmini bosib qoʻyayozdi. Ona oʻzini lohas seza boshladi, ogʻzi qurib, chanqash azobi ham qoʻshildi. qadam olishi oʻz-oʻzidan yoʻl chetida, daraxtlar soyasida tarvuz sotayotganlar tarafga burildi. Kutilmaganda issiq garmsel yuziga urildi va bundan koʻngli behuzur boʻldi. Bundan bir necha yillar avval Abu Dardo roziyallohu anhuning aytganlarini kitobda oʻqigani yodiga tushdi: «Agar uch narsa boʻlmaganda bir kun ham yashashni istamasdim: kunduzi Alloh uchun chanqash, kechasi uchun Allohga sajda qilish, soʻzlarning yaxshisini tanlab gapiradigan qavmlar suhbati«. Ona hozir juda chanqaganligi sabab Bahoviddin Balogardon piri hazratlari uning qalbida ozmi-koʻpmi iymon zaifligi roʻy berganini payqaganligida deb bildi. «Allohdan yuborilajak savobning kamayib qolmogʻindan ogohlantirildim shekilli, u Pirning tushiga kirganligi ham bejiz emas».

Uyum oʻrtasidagi bir tarvuz Onaning koʻziga choʻgʻdek koʻrindi. Uning rangi havas qilarli darajada tiniq, poʻstlogʻi taram-taram kashtasi boshqalaridan naqshinkorligi bilan yaqqol ajralib turar, silliqligidan quyoshda tovlanardi. Ona uni xarid qilmoq niyatida tarvuz egasini qidirdi. Ammo, uyum chetida egasi koʻrinmasdi.
— Bolam, tarvuzning egasi kim ekan? — deya atrofga koʻz tashladi Ona.
— Egasi amakimiz Abdusattor. U har doim shu joyda tarvuz sotadi. Kelganidan keyin pulini toʻlayveramiz-da, — dedi oʻgʻli.
— Chindan ham Abdusattormikan?
— Koʻp marta koʻrganman!
— Undoq boʻlsa, huv oʻrtadagi kattakonini ol, bolam.

Ona tarvuzdan endi chanqogʻini qondirgan ham ediki, tarvuz egasi kelib qoldi. Tanidi, jahldorligi va farosatsizligi barobarida andisha bilmaydigan qishloqdoshi Karimberdi edi.
— Nega, birovning tarvuzidan ruxsatsiz oldingiz?
— Biz Abdusattornikimikan, deb oʻylabmiz! — deya oʻgʻli hijolatlandi.
— Abdusattorniki, ana, oʻng tomonda. Sizlar atay mening jahlimni chiqarish uchun shunday qilgansizlar. Nafslaringiz olovlanibdi-da, a, Onajon?!
— Bolam, achchiq qilma, tarvuzingning narxini ayt, soʻraganingni beramiz.
— Narxini oldin kelishish kerak edi, endi foydasi yoʻq, rozimasman.
— Bitta tarvuzga shunchami, Karimberdi aka! Agar bitta tarvuzingizga achinayotgan boʻlsangiz, men sizga oʻnta olib kelib beray! Ammo bizlarni ranjitmang. Qancha boʻlsa ham narxini ayting, aka!
— Bepisand qildingizlar! Soʻrashlaringiz kerak edi.

Ona Karimberdining haq ekanligini, oʻzlari ham shoshma-shosharlik qilishganini, egasini surishtirmay, uning roziligisiz nojoiz ish qilishganini, nafs balosining sabr-qanoat ustidan gʻolib kelganligini anglagan Ona afsuslangannamo qiyofada turar ekan, Karimberdi oʻlganning ustiga tepgan qilib shunday dedi:
— Hattoki paygʻambarimiz ham soʻramoq farz, deganlar. Sizlar esa...

Ona bu gapni eshitib joyida bir qalqib tushdi. Tashnalik qursin! Sabr-qanoat qilsa boʻlardi-ku? Beixtiyor tilida shu kalimalar aylandi: «Laa ilaaha illallohu, vahdahu laa shariyka. Laht, lahil mulku va lahul hamdu huva alaa kulli sha’in qodiyr».

Jim turish himmatni jamlash, fikrni sozlash, gʻazab — aqlning kushandasi va kishanlovchisi, deydilar. Allohning hifzi va yordamiga bandasining doimo hojati bor. Oʻz izzatini havoyi nafsidan ustun qoʻya olmaydi. Nega shunga aqli yetmadi, gʻururi, ori qayoqda qoldi? Ona oʻrnidan turdi. Karimberdining oldiga borib, qoʻllarini ushladi:
— Bolam, meni kechir, gunoh qilibmiz!
— Ana endi shu gunohni umr boʻyi koʻtarib oʻtasiz, momojonim!
— Unday dema, bolam! Bolalaringning baxtini va huzurini koʻrgin, bolam! Ilohim, Bahovuddin Balogardon pirimning ruhi u dunyoyu bu dunyoda seni qoʻllasin!
— Bahovuddin piringiz mening tarvuzimni qaytarib berarmidi, momo, qani ayting-chi?!

Onaning boshiga birov toʻqmoq bilan zarba bergandek boʻldiyu, miyasida qattiq ogʻriq paydo boʻldi. Quloqlari allaqanday xushtaksimon dagʻal tovushdan shangʻilladi, koʻz oldi qorongʻilashdi. Gʻazab oʻtini sochmoqchi boʻlgan ham ediki, xayoliga quyidagi soʻzlar quyilib keldi: «Allohumma, laa ya’ti bilhasanati illaa anta va laa yadfa’us Sayyaati illaa anta. Va laa havla va laa quvvata illa bika.» Boʻgʻzidagi gʻazab toʻlqini birpasda pasaydi.

Ona Karimberdi bilan gap talashish foydasizligini bilgach, u bilan adi-badi aytishishni bas qildi. Oʻgʻli tomonga yigʻlamoqdan beri boʻlib yuzlandi:
— Bolaginam, nima qilib boʻlsa ham Karimberdini rozi qil. Kelishini kutsak boʻlar ekan.

«Bitta tarvuz anqoning urugʻi emas-ku, Karimberdi aka! Onamni ranjitdingiz! Oling, qancha soʻrasangiz beray!». Bu — Oʻgʻli, ammo nuriydasining bozordagi qallobga yalinib-yolvorishi ham ish bermayotganligidan koʻngli battar oʻksidi. Uyga madorsiz kirib keldi-yu, toʻshakka yotib, yostiqqa boshini qoʻydi. Koʻzlari osongina yumildi. Qanchadir, balki, uch-toʻrt soat oʻtgach, oʻng qovurgʻasining ostida qattiq sanchiq turganidan uygʻonib ketdi. Bu sanchiqdan baribir xalos boʻlolmadi-da.

... Ikkinchi operatsiyaning beshinchi kuni. Endi oʻziga kelib, darmonga enayotgan mahali. Kun peshindan sal ogʻdi. U derazaga kelib qoʻngan oq kaptarni koʻrdi. Kaptar Onaga kiprik qoqmasdan tikilib turardi. Muncha chiroyli boʻlmasa bu jonivor? Oppoq boʻynidagi qora xoli yarashib turibdi. Qush ichkariga uchib kirdi-yu, momoni hayratda qoldirib ulkanlasha boshladi. Gʻaroyib moʻ'jiza bemor boshi uzra nimadir qattiq chirsilladi, tovush zarbidan koʻzini yumdi. Oppoq harir libos ichida nim tabassum qilayotgan ayolga koʻzi tushdi. Bolalik davrida, saksovul yonida koʻziga koʻringan ayolning aynan oʻzi! Yo, alhazar, farishta deganlari mudom bir xil yurarkan-da. Xayal oʻtmay, qarshisidagi farishta tilga kirdi!
— Men Sizning farishtangizman. Siz bilan ilk uchrashuvimiz esingizdami? Koʻnglingizga gunohga moyil fikr kelganda, otangizning namozini buzmagani sizni jazodan saqlab qolgandi. Jazo saksovulga tegdi. Otangizning Sizga aytganlarini takrorlamayman. hali qalbingizda yigʻilgan rahmoniy kuch iroda zaifligi tufayli nafs balosining quvvatini sindira olmabdi. Toki yuragingiz nafs balosining havas va intiqlikni qitiqlovchi yomon sifatlarini daf qilishga yetarli quvvatga ega boʻlmas ekan, sizning iymon kuchingiz ojizligicha qolaveradi. Isboti shuki, Shaytonning tarvuz koʻrinishida qoʻygan tuzogʻiga ilinib, axloq pokligini saqlay olmay, e’tiqod zaifligini namoyon qildingiz. Yaxshi hamki, Shayton tarafindin yonlangan ojiz bandaning qutqusiga uchmay, e’tiqod mustahkamligini oshkor etganingiz inobatga olindi. Biroq Alloh sevgan bandasi qalbida dilning muslim quvvati ojizligi namoyon boʻlganda jazo belgilanishi tayin. Shu safar ham Bahovuddin Balogardon ruhidan madad soʻraganingiz berilajak ogʻir jazoni yengillashtirdi. Va yana siz Nabiy Sallallohu alahi Vassallamning «Yaxshiliklarni Sendan oʻzga keltirmas. Yomonliklarni sendan oʻzga qaytarmas .Sendan oʻzgada kuch ham yoʻq, quvvat ham yoʻq», degan soʻzlarini aytganingiz Sizni jazodan butunlay xalos etdi. Va bizga shuni aytish buyurildikim, hakim oʻgʻlingizning foniy dunyodan boqiylikka safar qilishi sizning umringiz poyoniga yetganidan soʻng yana oʻn marta muborak ramazon oyi oʻtgandan soʻng roʻy beradi. Biroq bunga iymon-e’tiqod butunligi ta’sir qilishi ham uqtirildi. Rahmoniy ruh gʻolib kelaversa, orzuga erishmoq uchun intilish ham shunchalik qudratli boʻlur...

Shu soʻzlarni aytgan farishta oq kaptarga aylandi-da, uni taajjubda qoldirib osmonu falakka koʻtarilib ketdi.

Oradan koʻp oʻtmay, ona qalbida irodaning botiniy qudrati oʻgʻlining mehri tufayli uygʻonganiga ishonch hosil qildi. Oʻgʻliga mehrini bergan sari u ruhiy kamolotga erishib, yashirin imkoniyatlari kengayayotganini sezyapti. Allohga pinhoniy muhabbati oshganligidan xuddi dard koʻrmaganday boʻlib, ilohiy bir gʻayrat bilan uyiga qaytdi. Taxminan ikki oylar oʻtgach, bomdod namozini tugatib, nonushtaga oʻtirgan ham ediki, oldiga kenja oʻgʻli kirdi:
— Onajon, sizdan iltimosim bor, yoʻq demang!
— Ah, jonim, oʻgʻlim-a! Sen iltimos qilasanu, men yoʻq deymanmi?
— Karimberdi kelibdi, sizda gapi bor ekan.
— Oʻshanda rozi qilganding-a, bolam?
— Ha, albatta! «Ancha qoʻpol gaplarni bilmasdan aytib yuboribman. Onaxonga ayting, kechirim soʻrayman», — deb kelibdi.

Kechirimli boʻlish ham Allohning bandasiga bergan yaxshi sifati, iymonning poydevori mustahkam ekanligiga dalil sifatida uzrining qabul qilishini bir banda soʻrab kelibdi. Yoʻq dermidi, rozi boʻldi.
— Mayli, kiraversin, bolam.

Onaning huzuriga kirib kelgan Karimberdining oldingi kelbatidan asar ham qolmagan, ozganidanmi yoki biron azob beruvchi dardi borligidanmi, qaddi egilgan, yuzi qaygʻuli, koʻzlari nimadandir yoki kimdandir umid qilayotgandek boqar edi. «Assalomu alaykum» deya ruhsizgina salomlashdi.
— Onajon! — boshini egib, sekin, shikasta ovozda gap boshladi Karimberdi. — Meni kechiring, oʻshanda men sizning dilingizni behuda ogʻritdim. Nega shunday boʻldi, oʻzim ham tushunmayman. Sizni xafa qilmoqchi emasdim. Ana shu ahmoqona qiliqlarim uchun boʻlsa kerak, chap koʻkragimning terisi oqarib ketdi. Pes boʻlibman, onajon, men gunohkor bandaning aybidan oʻting. Meni kechiring,Onajon!

Karimberdining koʻzlarida yosh qalqidi. Shoʻrlik gʻaflat uyqusidan uygʻonibdi-da, Shaytonga qul boʻlishning azobini koʻribdi. Ammo gunohlardan dimiqqan dil makonini e’tiqodning pok havosiga almashtirib ulgurmagan odamning koʻnglini tergamoqdan ne naf?
— Bolam! Bu voqeani unutib yuborganimga ancha boʻldi. Men ham oppoqmasman. Gunohimizga yarasha tanbeh olganmiz, Karimberdi, oʻgʻlim! hech qanaqa yomon niyatim yoʻq. Yomon niyat tilamayman ham. Ilohim dardlardan qutilib, pok niyatli odam boʻl! Allohim seni quvvatlasin, omin!...

«Ha, har gal Hazrat Bahovuddin Naqshband balo-qazolardan saqlaydi. Bu safar ham shunday boʻladi». Allomalardan boʻlmish Abu Umoma Bohiliy «Qachon poklikni oʻz joyiga qoʻysang, gunohing kechirilgan holda oʻtirasan« degan ekan. Rumiy hazratlarining «qanday boʻlsang shunday koʻrin, qanday koʻrinsang shunday boʻl!» degan gapi hamisha yuragimda aks sado berib turadi. Ichki poklikni tashqi poklik kabi saqlash lozim. Eng yaxshi va nodir fazilatlarni oʻziga mujassamlantirishga harakat qilar ekan, yana qanday kamchiliklarim bor, deya oʻzini-oʻzi taftish qilishdan erinmasdi. «Koʻzni yumgil, koʻzga aylansin koʻngil!» — demish mavlono Rumiy. Ona koʻzini yumadi, koʻzi koʻngilga aylanadi.

Ona tomiridan dori kiritilayotganini sezdi. Uying bugʻdoyga toʻlgur shifokorlar omon boʻlsin ishqilib. Bemor tanasining ogʻirligi yoʻqolib, oʻzini qushday yengil sezdi, havoga parvoz qilayotgan boʻldi. Tevarak-atrofning goʻzalligini koʻrmoqchi boʻlarmikan? Ammo bunday imkoniyatdan mahrum koʻrinadi. Koʻzlarini ocholmayapti, elas-elas bir tovush eshitiladi:
— Yaxshilik alomati, qarang! Bemorimizning yuziga tabassum yugurdi. Dorining ijobiy ta’siri ...

Ona boshqa gaplarni eshitmadi. U endi yerdan ikki gaz balandlikda uchar, yashil, qizil, qirmizi, zargʻaldoq va nomini soʻrasalar aytib bera olmaydigan ranglar ogʻushida qolgandi. Birdan har xil tovlanuvchi gulzor oʻrtasida oppoq harir kiyimda qoʻllarini ikki yonga yozib, viqor bilan turgan ayolga koʻzi tushdi. Uning koʻylagi etaklarini, ixchamgina yelka va yenglarini, qop-qora qayrilma gulpagini shabada oʻynoqlar, bosh qismini oltinsimon nur oʻrab olgandi.

«E..e, bu ayol mening farishtam-ku!» — deb shodligidan baralla baqirmoqchi boʻlgan edi, ammo ulgurmadi. Farishtaning oʻzi biyron-biyron soʻzlay ketdi:
— Ha, men Sizning farishtangizman. Bilaman, meni ancha kutdingiz. Menga bugun izn berildi. qalbingizning rahmoniy ruh bilan kuchlanayotganligi, e’tiqodingiz mustahkamlanayotganligi va iymon pokligining chinligi azal daftariga yozildi. Biroq, alloma oʻgʻlingiz oʻzi bilib-bilmay gunoh sodir qilibdurkim, bu hol aslo kechirilmaydi. «Ustozi qabri ziyorat qilinayotgan mahali shogirdi «Furqon» surasini ayni qiroat bilan tilovat qilayotgan, suraning asl mohiyati izhor etilayotganida, «shoshayapman-ku, axir, qisqaroq qilsa boʻlardi-ku», degan fikr xayolida aylanibdur. Bilamiz, oʻrtalaringizdagi mehr mutlaqo uzilmas zanjirga aylangan. Biroq xayolida charx aylangan bezarar gunohga yarasha jazosi ham boʻlur, ya’nikim, oʻgʻlingizning qancha vaqt umr koʻrmoqligi sizga bogʻliq. Foniydan boqiylikka safari siz yetgan yoshda sodir boʻlur.

Farishta shu gapni aytdi-yu, koʻzdan gʻoyib boʻldi. U turgan joyda tillorang tuman koʻrindi. Saldan soʻng tumanlik oʻrnini arang payqaladigan yashil gʻuborli havo qopladi. Birozdan soʻng bu rang oʻrnini alvonrang egalladi, uning ichidan kulchalarga oʻxshash, oʻrtasi botiq, oʻta qizil rangli soqqachalar shitob bilan chiqdi. Ular onaning roʻparasida har xil harakatlar bilan jilvalanishardi-da, keskin burilishib, allaqayoqlarga uchib ketardilar. Ular son-sanoqsiz boʻlib, alvonrang muhit ichida oʻziga xos tartibga boʻysunishar edi. Alvonrang ichiga kirayotgan paytda ular qoramtir qizil, chiqayotganida esa oʻta qizil rangda koʻrinish kasb etardilar. Soqqachalarining yerga yaqinlashgan sari Ona oʻzining ham pastlayotganini sezdi. Onaning quvonchi tanasiga sigʻmasdi, yo tavba, jannatga tushib qoldimi? Bolamning umrini ziyoda qil! «Ey, Alloh! Oʻgʻlimga va menga uzoq umr ber! — deya iltijolar qildi. Kumushrang bulut qizgʻimtir tusga kirdi-yu, sekin-astalik bilan osmon tubida yoʻqoldi. Ona ham ohista yerga tushdi. «Xudoga shukr» deya yengil nafas oldi u. Zimiston oʻrnida yorugʻlik qanday baxt!
— Nafasi ravonlashayapti, shekilli?
— Ha, endi hushiga kelayapti.
— Operatsiya ham biroz choʻzildi-da!
— Yiring qorin boʻshligʻiga butkul tarqalib ketganidan oshqozonni yuvishga ancha vaqt ketdi. Chuvalchangsimon oʻsimtasi yorilibdi.
— 94 yoshidagi odamning shundoq ogʻir operatsiyani boshidan oʻtkazishi oson gapmi?!
— Yuragi baquvvat boʻlgani uchun!
— Kim operatsiya qilganiga ham bogʻliq-da...
— Oʻgʻlining qoʻli juda yengil ekan, shartta-shartta bajardi. Juda tez amallarni bajardi. Chokini bogʻlashga arang ulgurdim.
— Oʻgʻlining onasiga mehri shunchalik balandligiga tan berdim! Moskvada, xalqaro konferentsiyada qatnashayotgan ekan, telefonda xabar qilingan zahoti samolyotda uchib kelibdi-ya! Qoyilman!
— Ona mehri toshni eritadi, ogʻayni! Men uni operatsiya qilish fikridan qaytarishga urindim. Mabodo biron kor-hol roʻy bersa, bir umr koʻkayida pushaymon boʻlib qolmasin dedim-da, axir!
— Ha, bu yoshda shunday operatsiyadan sogʻ-omon chiqish, bilmadik. Buning uchun irodaning oʻzi kamlik qiladi! Hayotga muhabbati yuksak boʻlmagan odam bunday operatsiyani yenga olmagan boʻlardi.
— Hayotga muhabbatda buyuk hikmat va moʻ'jiza bor. Bu eng noyob va kuchli dorilardan ham ustun turadi.
— Taqdir hukmiga oʻzini tashlab qoʻyish emas, balki undan talab qilish xususiyatini ham orttirmogʻi kerak inson. Onamizda ana shu narsa bor!
— Jim, Qodirjon aka kelayaptilar.

Birozdan keyin Ona oʻgʻlining tovushini eshitdi:
— Onamning ahvollari yaxshimi?!
— Yaxshi, terisiga ham sal qon yugurdi. Xavotirga oʻrin yoʻq.
— Rahmat! Inshoolloh, onamiz oyoqqa turib ketar!
— Nasib, nasib...
— Ona, koʻzingizni oching! Xavfu xatar sizdan ketdi, ona!

Onaning koʻziga, eng avvalo, sal engashib turgan oʻgʻlining gavdasini bilinar-bilinmas tarzda oʻrab turgan ikki qavat nur koʻrindi. Oʻgʻlining koʻz qorachigʻida bir uchib, bir yonayotgan qizgʻish-sargʻish nur yuziga kelib urilayotganini payqadi. «Bu Mehr nuri boʻlsa kerak! Mehringni koʻrdim-a, bolam», — deya sekin pichirladi va qoʻlini koʻtarib, oʻgʻlining boshini silamoqchi boʻldi, biroq bunga majoli yetmadi. Bu holini oʻgʻli sezishini istamay yana asta koʻzlarini yumdi.
— Onajon, bardam boʻling! Xavf-xatarning barchasi ortda qoldi.

Peshonasini silayotgan oʻgʻlining kaftlari naqadar yoqimli! Bunday taftni faqat onalargina sezadi. Ona chap qoʻli bilan oʻgʻlining bilagini siqib ushladi, shikasta ohangda:
— Boringga shukr, bolam, sen boʻlmasang, holim ne kechardi!
— Onajon, siz hali koʻp yashaysiz! Evaralaringizning ham baxtini koʻrasiz.
— Bolam, men sen uchun yashayman. Ilohim, boshing toshdan boʻlsin, bolajonim! Allohdan tilaganim shu!
— Oʻgʻlim, Sizdan bir oʻtinchim bor. Siz «Furqon» surasini yaxshilab qiroat bilan oʻqishni oʻrganib oling. Har kuni eng kamida bir marta, agar imkon boʻlsa ikki marta takrorlang, jon bolam! Aytganimni bajarsangiz, Onangiz Sizdan rozi boʻladi, bolam!
— Onajon, aytganingizdek boʻladi. Oʻz farzandingizni sizlab gapirdingiz. Sizlagangiz — bu Qur'oni Karimga nisbatan hurmat bu, Onajon, bolangiz buni albatta bajaradi.
— Umring uzun boʻlsin, bolam! Allohdan shuni soʻrayman.

Ona koʻzlarini ohista yumdi.

«Farishtam aytganidek, men bolam uchun uzoq umr koʻrishim shart. Bir chimdim jonim bor ekan, yashamoqqa doimo intilmogʻim zarur. Ey, Alloh, oʻzingdan oʻzga madadkorim yoʻq!.» Ona tilaklari ijobat boʻlmogʻini Allohdan soʻradi. Chin dildan yalinib soʻradi. Kundan- kunga madori va quvvati oshayotganini sezdi. Tabiiyki, bir daqiqa ham jilmagan oʻgʻli ahvoli oʻnglanayotganidan mamnun edi. Xudoga beadad shukrlar boʻlsin, yana hayotga qaytdi. Oʻlim balosi chekindi. Oʻgʻli oʻlim qutqusiga oʻzini qalqon qilmaganida, kim bilsin, allaqachon narigi dunyoga ravona boʻlarmidi? Ona qoʻliga koʻzguni oldi, rangiga allanechuk qon yuguribdi. Ahvoli yaxshi tomonga oʻzgara boshlagan kunlarning birida ona oʻgʻlini yoniga chaqirib:
— Bolam! Mening hayotim bilan seniki bir sandiqda, — dedi siniqqina tovushda.
— Tushunaman, Onajon! Bilaman...

Rostdan ham tushunarmikan? Otamga, menga koʻringan farishta unga ham yoʻliqdimikan, balki koʻnglim uchun aytdimikan bu gaplarni? Nima qilsang ham, qanday tadbir qoʻllasang ham, jonimni saqlab qol, yoʻqsa sendan rozi emasman, qabilida tushunmadimikan bu gaplarni! Axir, oxirgi marta oʻsha farishta koʻzimga koʻrinib: «Sizning ruhingiz osmonu falakda, Alloh jamolini intiq kutayotganingizda, sevimli oʻgʻlingizning ruhi ham siz bilan birga boʻlishni xohlab qoladi. Chunki sizlarning mehrlaringiz bir-biridan ajralmas holga yetishdi. «Furqon» surasi oʻqilayotgan paytda aybi boʻlmaganida, mehrlaringiz zanjiri yanada mustahkam boʻlardi... » demaganmidi?!

Ha, Alloh jamolini koʻrmoqqa mushtoqman, ammo farzandimning bu yorugʻ olamda boshqalarga yaxshilik qilib yashayotganini koʻrib va bilib turibman-ku! Oʻgʻlimni boshqalar doimo intiq boʻlib kutishayotganini, uning odamlarga kerak ekanligiga oʻzim guvohman-ku, axir! Oʻgʻlim — mening gʻururim. U bilan faxrlanganman, faxrlanaman ham. Mana shu gʻurur va faxr uzoq yashashimning asosiy sababidir balki?!
— Ikkinchi operatsiyani koʻtara olarmikan?
— Operatsiya qilmaslikning iloji yoʻq, qornida yiring toʻplangan.
— Qodirjon akaning oʻzi bosh boʻlarkanmi?
— Ha, operatsiyaga tayyorlanmoqda!

«Yana operatsiya boʻlarkanmanmi?! Birinchisi yaxshi chiqmabdimi-a?! Yoʻq, boʻlishi mumkinmas! Oʻgʻlimning qoʻli yengil. Aslida gʻilay qassobning oʻgʻirlagan moli bir nochor bandaga tegishli boʻlsa kerakki, shuning qargʻishi menga ham urdi. Ha, Gʻilay, uying bugʻdoyga toʻlgur, tuzalib chiqay, sen bilan boshqachasiga gaplashaman. Bardoshimni sinab koʻrish vaqti endi kelganga oʻxshaydi. Men yashamogʻim shart! Oʻlishni istamayman. Butun kuchimni shu niyat uchun sarflayman.

Ona butun tanasi boʻylab iliqlik yugurganini his qildi. yugurdi. Rohatbaxsh iliqlik xuddi chilvir ipning silkinishidan paydo boʻlgan toʻlqinlarga oʻxshab tanasiga kelib urilar, soʻngra singishib va yep-engil boʻlib borardi. Alal-oqibat ona xona derazasidan uchib chiqib, osmonga koʻtarildi va muallaq holda oʻz vaznini yoʻqotdi. Oʻzi yotgan shifoxona binosi uzoqdan huddi gugurt qutisiga oʻxshar, atrofidagi binolar undan ham kichkina edi. Qayoqqa uchayapti? Oʻzi inon-ixtiyorisiz roʻy berayotgan uchish tufayli yuragiga vahima oraladi. Atrofida oq kaptar aylana boshladi. Qush qanotlarini tez-tez qoqib, onadan sal uzoqlashardi-da, yana qaytib oldida paydo boʻlar, tumshugʻini munchoqdek koʻzlarini «lik-lik» oʻynatardi. Ona uning boshini, qanotlarini mayingina silarkan, bundan fikri tiniqlashib, ruhan yuksalayotganini anglardi. Momo qushning boʻynida bittagina qora xoli borligini, koʻzining esa qizil-sariq boʻlib tovlanayotganini koʻrdi. Ha, bu oq kaptar uning farishtasi! U bilan bir necha bor uchrashdi. Shu shahzoda oq kaptar yer bagʻirlab pastlay boshladi. Ona uning ortidan ergashdi. Yana qancha vaqt oʻtdi, bilmaydi, oʻz xonasi derazasidan ichkari kirganiyu, oʻrniga yotganini biladi. «Xudoga shukur! Gʻaroyib sir-sinoatingdan aylanay, Ollohim! Oʻzingga beadad tahsinlar boʻlgʻay!», — deb astagina pichirladi.
— Ey, Onajon, tahsinni bizga emas, oʻgʻlingizga ayting! Qoʻllari juda yengil ekan, tezda oʻzingizga keldingiz, — dedi kimdir. Koʻzini ochdi-yu, deraza oldida oʻziga diqqat bilan tikilib turgan, boʻynida xoli bor oq kaptarni koʻrdi. Bu — bir baxt, bir moʻ'jiza edi.

3

Gʻilay qassobning oʻgʻirlangan mol goʻshtidan tanovvul qilgan harom luqma tufayli boshidan oʻtgan mash'um kunlarni, ancha yillar oʻtgan boʻlsa ham hozirgiday eslaydi. Unutib boʻlarkanmi, axir! Yaxshi-yomon kunlardan qochib qutulolmas ekansan. Hayotga intilib yashashning oʻzi bir baxt, oʻzi bir surur. Bu tuygʻu hayotning eng koʻrimsiz va xunuk narsalaridan ham ajoyib xislat topishga undaydi, odam hayotga chanqoq, tashna boʻlarkan. Balki meni deganlari ana shu tashnalikdan tugʻilar. Bundan esa koʻngil ravshan tortadi. Dunyoni aslida mehr degan shu buyuk tushuncha tutib turmaganmikan?
— Yoqubjon, koʻz tegmasin, ajoyib Onangiz bor-da! Ilohim umridan baraka topsin. Koʻrinishiga qarab hech kim 106 yoshdan oshgan demaydi. Beozor, yuvvosh, birovga burnidan baland gapirganini hech kim eshitmagan. Dili bilan tili bir! Shuning uchun siz farzandlari ham baxtlisiz.
— Toʻgʻri aytasiz. Biz Onamizning baxtiga sherikmiz. Kelgan baxtni saxiylik bilan hojatmandlarga ulashmoq katta barakat. Bundan huzur olmoq esa har kimga ham berilmagan fazilat.
— Mana shunga qoyilman-da, Yoqubjon aka! Butun qishloq ahli onangizni xuddi farishtaday gʻoyatda hurmat qiladi. e’tibor bering-a, sal mazasi qochibdiki, ahvolini soʻrab kelganlarning shifoxonadan qadami uzilmayapti.
— Hurmat-da, bu, Odiljon! Onamizning yuz beshdan oshganligi bizning faxrimiz. Sizga aytsam, Odiljon, onamning menga aytgan bir gapi hamon qoʻlogʻim tagida jaranglaydi: «Oʻgʻillarim! Ollohning nazari tushganlar uzoq umr koʻradi. Ollohning siylabdimi, shunga yarasha obroʻ bilan yashamoq lozim. Chunki sen Ollohning oldida boshqalarga nisbatan koʻproq mas’ulsan. Eng avvalo gunoh ishlardan oʻzingni tort, yaqinlashma, seni koʻpchilik kuzatadi. Gunoh qildingmi, jazosi ham shunga yarasha boʻladi. Bolalarim! Harom luqmadan saqlaninglar, nafs balosini yengib, saxiylik qilsanglar, qalbingiz, vijdoningiz tozaligidan huzur qilib yashaysizlar».
— Ha, shunday ekan-da! Mana siz ham saksonga yaqinlashdingiz, akangizning ham yoshi ulugʻ! Ana, Ollohning bergan barakasi, inoyati!

Ona azob berayotgan ogʻriqdan xalos boʻldi. Bunday e’tiroflarning hamdu sanolarning koʻpini eshitdi. Demak, bekorga yashamabdi, yashashdan maqsadni belgiladi. Faravon hayot kechirdi, gʻayirlik va xusumat soʻqmoqlariga burilib ham qaramadi, qalbidagi mehr bilan hammaga nazar soldi. Halollik shiori boʻldi. Otasi oʻgitlariga amal qilishning oxirati faqat yaxshilik boʻldi. Hayotingni shu taxlitda yashab oʻtsang, buning nimasi yomon?

Xayol ummonining sokin mavjlarida shoshilmasdan suzayotgan Ona hayot yoʻlining iftixorga sabab nuqtalarini koʻz oʻngidan birma-bir oʻtkazar ekan, quvonch toʻlqinlarida boʻlmoq bir sehr ekanligi, shu sehr xislatlarining roʻyobga chiqmogʻi uchun insonda maqsadli iroda boʻlmogʻi va shu maqsadga intilib yashamogʻi shart ekanligiga ishonchi yana ham ortdi. Yaxshi va mustahkam ishonch hamda ezgu e’tiqod bilan yashagan Inson insonlarga doimo qadrdon boʻlib qolaveradi.

Qarshidagi togʻ choʻqqilarida yoqut nuqtalar tovlanar, ba’zi joylarida yashil toshlar vaqti-vaqti bilan zargʻaldoq tusga kirardi. Togʻning sal qizgʻish joyiga ajablanib qaradi. U yerda har xil tusda tovlanayotgan, «Ishonch» deb yozilgan harflarni aniq payqadi. Ishonchga tayanmogʻing toqqa suyanmogʻing. Togʻ etagida yana unga tikilib turgan oʻsha farishtaga duch keldi.
— Siz va oʻgʻlingiz oʻrtasidagi mehr juda cheksiz! Sizning mustahkam e’tiqodingiz tufayli bir-biringizga ulkan suyanchiqsiz! Oʻgʻlingiz sizdan koʻproq umr koʻradi, buning uchun mehr ayrilmogʻi shart. Shundoq ekan, sizning qirq kunlik ma’rakangizda oʻgʻlingiz qatnashmasin.

Ona endigina ogʻiz juftlab, dilidagi gaplarni aytmoqchi edi, biroq farishta gʻoyib boʻldi. Oʻrnida boʻshliq qolgan edi, xolos. Nahotki shu boʻshliqni men toʻldirsam, deya koʻzini ochgan edi, deraza darchasidagi Oq kaptarga koʻzi tushdi, oʻsha xolli tanish kaptar. Qushning koʻzlaridan yosh oqayotganini koʻrib, yoqasini ushladi. Kaptar uch marta boshini koʻkrak tarafiga egib-egib, soʻngra tumshugʻini tik osmonga qaratdi. Bir pasdan soʻng asta boshini egib, tokcha taxtasiga choʻkib qoldi. Soʻngra qanotlarini keng yoyib, allaqanday ishora qildi-yu, farishta oʻrnida paydo boʻlgan boʻshliq tomon uchib ketdi. Ona uning ishorasidan «Endi bu dunyoda koʻrishmaymiz» degan ma’noni uqdi.

Ona shu boʻshliqni toʻldirish vaqti kelganini angladiyu, asta koʻzini ochdi. Tepasida oʻgʻli unga ilhaq qarab turibdi.
— Onajon, yaxshi uxladingizmi?
— Yaxshi uxladim, bolam. Oʻtir oʻgʻlim, yonimga oʻtir! Yoqubjon, bolam! Men sezayapman. Kunim bitganga oʻxshaydi! Yana uch kundan keyin, ayni qoq yarim kechada sizlar bilan xayrlashaman. Qarindosh-urugʻlar bilan ham xayrlashsam degandim. Nevara, evara, chevaralarimni ham chaqir. Koʻzim tirikligida senga bir muhim gapni aytay, bolajonim. Ollohga shukr,uzoq umr koʻrdim, armonim yoʻq. Birdan-bir tilagim–Yaratgan sizlarga uzoq umr bersin. Mendan ham koʻproq umr kechiringizlar. Akangga aytadigan gapni senga aytaman. Sen kichkinasan.

Ona «kichkinasan» soʻzlarini shunchalik avaylab, erkalab, muloyimlik bilan aytdiki, oʻgʻli oʻlim oldidagi vasiyat boʻlganligi uchunmi, sergak tortdi. Ona chuqur nafas olib, koʻzlarini yumdi. Avval oʻgʻlining qoʻllarini birpas siladi, soʻngra oʻgʻliga yuzlanib, tutilib-tutilib gapirdi:
— Sen..., jonim bolam, akangga ayt, bu — mening soʻnggi iltijoyim. Qirqimda akang ma’rakaga kelmasin! Bu gapni akangga aytish senga qiyin! Akang koʻnmasligi turgan gap! Biroq, sen uddala, jonim bolam! Yalinaman, yolvoraman bolam! Bu oxirgi, onalik iltimosim, bolajonim!

Ona boshini egdi,oʻgʻlining oʻng qoʻlini kaftlari orasiga olib uzoq siladi, koʻngli toʻlib ketdi, ammo iroda kuchi bilan koʻz yoshlarini tiydi-da, yuzida nim tabassum bilan soʻzladi:
— Men uchun yigʻlamanglar! Qani endi Allohim hammaga mening yoshimni bersa... Shuni tilardim, bolam! Oxirgi onalik iltimosimni bajar! Xoʻpmi, bolajonim!

«Bolajonim!« soʻzlarini deyarli shivirlab aytgan ona oʻgʻlining koʻzlariga uzoq tikilib turdi va oʻzi uchun yum-yum yigʻlayotgan oʻgʻlining «xoʻp» degan ishorasini angladiyu, xotirjamgina asta koʻzlarini yumdi...

4

....Tabarruk onaning qirq kunlik ma’rakasiga kelganlar, ilohim shu yoshga yetib yuraylik, Olloh bizlarga ham shuncha yosh bersin, deya yuziga fotiha tortdilar. Hovlida odatdan tashqari faryodga ajablanmaslikning iloji yoʻq edi. Hovli sahnida yasatilgan tobut.

Ma’rakaga kelganlar hovli girdida charx urib uchayotgan uchta oq kaptarning oʻyinini kuzatishar, qushlardan birining bolalar bosh atrofida koʻproq aylanib uchayotganiga mahliyo boʻlmoqda edilar. Yoqubjon esa akasini onasining qirqiga keltirmaslikning ilojini topa olmay, volidasining iltimosini bajara olmaganidan afsuslanib, boshini egganicha har zamonda «O,Taqdir!» deb ich-ichidan yigʻlardi.