OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJumaqul Qurbonov
Asar nomiQorakoʻz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Jumaqul Qurbonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qorakoʻz (hikoya)
Jumaqul Qurbonov

Choʻldagi xoʻjalikka yuk olib borgan Anvar tushdan soʻng shaharga qaytish uchun katta yoʻlga chiqdi. Ertalabdanoq goh tinib, goh toʻxtab yogʻayotgan kuz yomgʻiri ancha kuchaygan, hali-beri tinadiganga ham oʻxshamasdi.

Anvar havo aynigan shunday kezlari oʻzi yoqtirgan qoʻshiqni xirgoyi qilib, bir maromda yurishga oʻrgangan. Yomgʻir tomchilari zarb bilan mashinaning oynasiga urilar, havoda namxush rutubat kezardi.

Katta yoʻlda mashinalar qatnovi sust, bekatlarda odamlar siyrak. U kichik kanal ustidagi koʻprikdan mashinani ohista haydab oʻtayotib, bexosdan narirokdagi daraxt ostida qoʻl koʻtarib turgan ayolni koʻrdi.

«Biron zarur ishi bordirki, shunday paytda yoʻlga chiqibdi, — dilidan oʻtkazdi u, — hamroh boʻlsa zerikmayman. Bechora oʻziyam ancha iviganga oʻxshaydi. Soyaboni ham yoʻq ekan».

Mashinani ayolning yonida toʻxtatib, uzalib kabina eshigini ochdi.
— Qarshigacha olib keting, — dedi yoʻlovchi ayol unga iltijoli termulib, — avtobus ketib qolibdi.
— Chiqing, — dedi Anvar yoʻldan koʻz uzmay, — bari bir boʻsh ketyapman.

Ayol qoʻlidagi tugunni oʻrindiqqa qoʻyib, soʻng oʻzi ham chiqib oʻtirdi. Boshidagi qizil durrachasini yechib oldi, roʻmolchasini chiqarib, yuz-koʻzlarini artdi.
— Bemalol oʻtiring, — dedi Anvar uning koʻngliga tegmaydigan ohangda, - ichkari issiq.

Ayol indamadi. Mashina oʻrtacha tezlikda koʻlmaklarni sachratib borar, Anvar oyna tozalagichni kuzatgancha, yoʻldan koʻzini uzmasdi. Ahyon-ahyonda oʻziga boʻysunmagan qiziqish tufayli hamrohiga oʻgʻrincha qarab qoʻyardi. Ayol ham buni sezar, lekin oʻzini beparvo tutib, xayol surgancha ketardi. U koʻrinishidan yigirma besh-yigirma olti yoshlar atrofida edi. Chehrasi ochiq, bodomqovoq, peshonasiga tushgan soch tolalari oʻng koʻzini qoplagan, aftidan bu uning parvosiga ham kelmasdi. Anvar jim ketishni ep koʻrmay, ohista yoʻtaldi.
— Bu... begona mashinada ketishdan qoʻrqmaysizmi, singlim? — dedi shoʻxlik bilan.
— Yoʻq, — dedi hamrohi gap ohangiga yarasha, — koʻrinishingizdan yomon yigitga oʻxshamaysiz-ku?!
— Yomonlarning nima peshonasiga «yomon» deb yozib qoʻyilarmidi? — Anvar zavqlanib kuldi, — odamning qandayligini bilib boʻlarkanmi?
— Men bilaman, — dedi ayol boʻsh kelmay, — insonning kimligi rostdan ham peshonasiga yozib qoʻyiladi. Faqat uni koʻra bilish kerak.

«Balo-ku», deb oʻyladi Anvar. Soʻng: — Siz shifokor yoki muallimasiz, toʻgʻri topdimmi? — deb soʻradi.
— Yoʻq, — dedi ayol, — bogʻchada ishlayman.
— Sal adashibman, — Anvar tan oldi. — Bari bir begona mashinada kelganingizni koʻrib, xoʻjayningiz rashk qilsa kerak?
— Yoʻq, — dedi hamrohi yana kulimsirab va choʻzib. — Qilmaydi!
— Nimaga?
— Xoʻjayinning oʻzi yoʻq-da!

Anvar unga ajablanib qaragandi, ayolning yuziga nigohi tushib, yuragi beixtiyor seskandi. Ayolning oʻng koʻzi qorachigʻining oʻrnini butunlay oqish parda qoplagandi. Nafasi ichiga tushib ketdi. Ahvolini sezdirmaslik uchun undan ismini soʻraganini bilmay qoldi. Bir ozdan soʻng hamrohining «Qorakoʻz», deya istar-istamas javobi eshitildi. Oraga yana noqulay jimlik choʻkdi. Mashinaning guvillashi ham bu sukunatni buzolmasdi.
— Koʻrinishing bu ahvolda-yu, yana munaqa dabdabali ismga balo bormi, deb oʻylayotgan boʻlsangiz kerak, — toʻsatdan Qorakoʻzning oʻzi gap boshladi. - Toʻgʻri topdimmi?
— Yoʻgʻ-e, — Anvar rulni burib yuborishga sal qoldi.
— Menga baxtsizlik hadya etgan bu ismdan kutilishga koʻp harakat qildim. — Bu safar Qorakoʻzning ovozi soʻniq chiqdi. — Lekin onam koʻnmadi. «Bu ismni rahmatlik momong qoʻyganlar. Arvohi chirqillab qoladi. Senga koʻz tekkan, bolam». Men bu gaplarga ishonmasam-da, lekin onamni ayardim. Busiz ham u meni oʻylab, oʻzini oldirib qoʻygandi.
— Hayotda koʻngilsiz hodisalar koʻp boʻladi, uzoq vaqt farzand dogʻida kuygan tanishim yaqinda farzand koʻrdi. Goʻdakning bir koʻzi ojiz edi. Lekin ular shunday xursandki, asti qoʻyavering, — dedi Anvar ayolning koʻnglini koʻtarish ilinjida.
— Meniki tugʻma boʻlganda taqdirga tan berardim, — deb javob qaytardi Qorakoʻz. — Biroq, bu ancha keyingi voqea. Bunga bir odam aybdor. Ammo uning kimligini oʻzim ham bilmayman.
— Bu qiziq-ku, — dedi Anvar. — Sizni bir umrga nogiron qilib, oʻzi yallo qilib yursa... Siz uni bilmasangiz?

Qorakoʻz eski yarasi yangilangandanmi yoki manzilga hali uzoqligi uchunmi, boʻlib oʻtgan voqeani hikoya qila boshladi.
— Bu voqea sodir boʻlganida toʻrtinchi sinfda oʻqirdim. Bir kuni maktabga ketayotuvdim. Bexosdan qaerdandir bir tosh uchib kelib zarb bilan koʻzimga urilganini bilaman, xolos. Meni kasalxonaga olib borgan Rasul boboning aytishicha, chinqirib yotganimda bir bola paydo boʻlgan, lekin, u Rasul boboni koʻrib qochib ketgan. U kishi ham meni qonga belanib yotganimni koʻrib quvlamagan. Keyin otam qancha izlasa ham bolani topolmadi. Lekin u... bir qizning baxtiga zomin boʻlganligini, umrbod nogiron qilib qoʻyganini bilarmikan?! Bu — bizga qorongʻu...

Qorakoʻzning keyinga soʻzlari Anvarning qulogʻiga kirmadi. Qoʻl-oyogʻi boʻshashib, ustidan sovuq suv quyilgandek a’zoyi badaniga titroq kirdi. Mashina yoʻldan chiqa boshladi. Xayriyat, oʻtkinchi mashina yoʻq edi.

Qorakoʻzning: «Sizga nima boʻldi?» — degan soʻzlari uni hushiga keltirdi. Shoshib tormozni bosdi. Koʻkragi zarb bilan rulga urildi. Qani endi bularning barchasi tush boʻla qolsa, tush boʻla qolsa, tush boʻla qolsa?..

... Oʻshanda Anvar beshinchi sinfda oʻqirdi. Bir kuni onasi uzoq bir qarindoshinikiga olib bordi. Ayollar suhbatlasha boshlagach, bir oʻzi zerikkan Anvar qarindoshlarining bogʻiga chiqdi. Avval daraxtlarga koʻngan qushlarga tosh ota boshladi. Keyin, qushlarni haydagach, bogʻ chetidagi paxsa devor ustiga boʻsh shishani qoʻyib moʻljalga oldi. Kesaklari moʻljalga tegmaganidan xunobi oshdi. Kattaroq qayroq toshni olib, devorga yaqin borib, bor kuchi bilan irgʻitdi, lekin moʻljaldan adashdi. Shu payt devorning orqasidan qattiq chinqiriq eshitildi. Shoshib devordan qarasa besh-olti qadamcha narida, koʻchaning oʻrtasida oʻn-oʻn ikki yoshlar atrofidagi qiz yerda yumalab, tinimsiz chinqirardi. Yugurib qizchaning yoniga bordi. Oʻzi boyagina otgan tosh bir chekkada yotar, qizchaning koʻzidan oqayotgan qon yuzi va kiyimlarini belagandi. Anvar qoʻrqqanidan yigʻlab yubordi. Keyin shu tomonga yugurib kelaetgan cholni koʻrib qochib qoldi.

Bu voqeadan soʻng ancha vaqtgacha lablariga uchuq toshib, kechalari uyqudan choʻchib uygʻonadigan boʻldi. Ota-onasi qancha surishtirsa ham oʻtgan voqeani ularga aytmadi. Vaqt hamma narsaga davo ekan, bu voqea asta-sekin bolalik dunyosidan unutilib ketdi. Lekin... mana, yana hammasi qaytadan yangilandi. «Togʻ togʻ bilan uchrashmaydi, lekin odam odam bilan uchrashadi», deb shuni aytar ekanlar-da. Ayni shu damda uning qalbini iztirob beayov kemira boshladi.

Indamay ketavermaysanmi, yoshlik — beboshlik deganlar, axir sen ataylab qilmagansan-ku?! Hayotda tasodiflar koʻp boʻladi. Hammasiga ham chora izlab boʻlmaydi-ku?! Hozir iqror boʻlsang, zulukday yopishib olgan iztirob azobidan qutulasan. Yoʻq, yoʻq, aytib boʻlmaydi. Ayt — keyin tomoshani koʻrasan. Hammaga gap-soʻz boʻlib, malomatga qolasan, oʻzing uylanish taraddudida yuribsan, balki aytish kerakdir, boʻlmasa umr boʻyi ta’qibdan qutula olmaysan. Qoʻlingdan kelgan yordamingni ber, zora Qorakoʻz seni kechirsa...

Shu payt hamrohining «toʻxtang, yetib keldim» degan soʻzlari undagi tuygʻular kurashiga xotima berdi. Qorakoʻz sumkachasidan pul chiqarib uzatdi. Shu payt Anvarda qandaydir kuch paydo boʻldi-yu, qizning ikki bilagidan mahkam ushladi. Yuragi boʻgʻziga tiqilganday boʻldi. Hansirab gapira boshladi:
— Qorakoʻz! Siz la’natlab yurgan oʻsha qochoq bola menman. Eshitayapsizmi, menman yoki ishonmaysizmi!! Hammasini bir boshdan aytib bermoqchiman!

U gapini tugatolmadi. Qorakoʻz yalt etib unga qaradi. Birpas hayron boʻlganday tikilib turdi. Shundan soʻnggana, Anvarning gaplari shuuriga yetib bordi shekilli, koʻzlariga duv-duv yosh kuyilib keldi. Eshikni shart ochib, pastga otildi va zarb bilan yopib jadal yurib ketdi.

Anvar kabinadan irgʻib tushib, qizning izidan ikki-uch qadam tashladi. Chaqirgani bilan toʻxtamasligini bildi va shaffof yomgʻirzor aro singib borayotgan qizning ortidan karaxt bir holda termilib qoldi.