OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Jumaqul Qurbonov. Vafodor (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJumaqul Qurbonov
Asar nomiVafodor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Jumaqul Qurbonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 4-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vafodor (hikoya)
Jumaqul Qurbonov

Quyosh ufqqa sekin bosh qoʻydi. Oqshom salqinida qoʻylarning bir maromda oʻtlayotganini koʻrib, koʻngli tinchigan Qodir bobo gilamdek toʻshalgan maysa ustiga yonboshladi. Atrofga choʻkkan sukunatni ahyon-ahyonda jonivorlarning ma’rashi, kakliklarning va har turli kushlarning sayrashigina buzib turardi.

Oyoq tarafida yotgan itning nimanidir sezganday hurpayib olganiga e’tibor ham qilmay, chol koʻklam havosidan toʻyib-toʻyib simirarkan xayolga choʻmdi.

Bundan besh yil burun uni xoʻjalik kattakonlari izzat-hurmat bilan nafaqaga kuzatishdi. Avval quvongan, keyin oradan bir hafta oʻtar-oʻtmas zerikkanidan yeru-koʻkka sigʻmay qolgan Qodir bobo idoraga kirib borganida, u uchrashmoqqa bel bogʻlagan rahbarlar ish bilan allaqayoqqa ketishgan ekan. Koʻngli sinib ortiga qaytdi. Ertasiga ham shunday boʻldi. Uchinchi kuni sabri chidamadi, oyogʻiga etigini, egniga chakmonini ildi-yu, qadrdon yayloviga yoʻl oldi. Kattakonlarni ham shu yerda koʻrdi.
– Shunday boʻlishini bilgandim, – dedi direktor xursandligini yashirolmay. – Mana, uch-toʻrt kun boʻlsayam, bola-chaqaning oldida boʻldingiz. Ishga kirishing. Oʻz otaringizni beramiz. Bolalarning oldiga borib-kelishni ham esdan chiqarib qoʻymang. Tagʻin kampiringiz ustingizdan shikoyat yozib yurmasin-a?

Bugun bayram. Qodir bobo choʻligʻi Abdurasulni qoʻyarda-qoʻymay uyiga joʻnatdi. Yangi uylangan, chillasini chiqarib yaylovga kelgan kuyov bola tushmagur bolasini yoʻqotgan qoʻyga oʻxshab moʻltiraydi. Uyga borib kelay deyishga yuzi chidamaydi. Qodir bobo borib kel desa, uyalib koʻzini olib qochadi. Xayriyat, bugun koʻndi. Saharmardondan koʻk qashqani minib joʻnab ketdi.

Itning irillashi Qodir boboning xayolini boʻldi. Qoʻylar hurkib, gurra bir yerga toʻplandi. Butalar orasidan shiddat bilan otilib chiqqan jonivor oʻzini suruvga urdi. Qoʻylar «duv» etdi-yu, toʻzgʻib ketdi.

"Boʻri!" – miyasidan yashindek oʻtdi choʻponning. It egasi yonidaligida sherlanib ketdi chogʻi, yovvoyi bir shijoat bilan yirtqichga tashlanib qoldi. Lekin boʻri zum oʻtmay oʻzini oʻnglab olib itga hujum qildi. It va boʻri oʻrtasida hayot-mamot jangi boshlandi. It raqibining duch kelgan joyiga ogʻiz solar, boʻri esa uning kekirdagidan olishga intilar edi. It oxirgi kuchini sarflab, yirtqichning boʻynidan tishladi. Boʻri jon talvasasida itni siltab-siltab tashladi, ammo it yirtqichning oyoqlari ostiga sudralib, toptalib qolsa ham tishlagan joyini qoʻyib yubormadi. Nihoyat, boʻri yiqildi. Tun yarmidan oqqanda Qodir bobo qoʻylarni bir yerga toʻpladi. Itni silab-siypab erkalatar ekan, qoʻllari shilimshiq qonga tegib seskanib ketdi. Itni koʻtarib, qulayroq yerga, xas-xashak ustiga yotqizib, gulxan yoqdi. Suv isitib itning yaralarini yuvdi, yaktagidan yirtib, qon sizib turgan joylarini bogʻladi. Shundagina qorni och qolganini, kasofat tashvishlari bois kechqurun tamaddi qilmaganini, itga ham non bermaganini esladi. Xurjundan non oʻrogʻliq dasturxonni oldi. Suvi qochgan nonni ivitib, itning oldiga qoʻydi. Lekin it nonga qayrilib ham qaramadi. Boʻri yaralagan it oʻladi, oʻlmasayam sondan chiqadi, degan gap esiga tushib choʻponning yuragi achidi. Abdurasul kelsa, itni qishloqqa yubortirib, parvarish qildirishni, zarur boʻlsa, mol doʻxtiriga koʻrsatishni oʻylab, oʻziga oʻzi taskin berdi.

Ertasi kuni Abdurasul otini yoʻrgʻalatib kelib qoldi. U kecha shod-xandon joʻnatgan choʻponning qosh-qovogʻidan qor yogʻayotganini koʻrib, hayron qoldi. Xurjundan bayram sovgʻalarini olayotib, latta-puttalar bilan bogʻlab tashlangan itga koʻzi tushdi. Bir chetda boʻri yorib tashlagan sovliqning oʻligi qorayib koʻrindi. Abdurasul cholni yolgʻiz tashlab uyga ketganiga pushaymon boʻldi.
– Oʻgʻlim, – dedi Qodir bobo Abdurasulga, – koʻp yillardan beri yaylovimizda boʻri yoʻq edi, xotirjam edik. Mana bu jonivor boʻlmasa, bilmadim, holimiz ne kechardi. Vahshiy bitta qoʻyning boshini yedi. Sen endi oʻgʻlim, itni olib qishloqqa qayt. Mol doʻxtirini topib gaplash, keyin qoʻshogʻizni ham ola kel. Kim biladi deysan, boʻrilar bugun kechasi ham bizni tinch qoʻyishmas. Ha aytganday, mana bu yirtqich terisini eltib kolxozga topshir.

Abdurasul shu ketganicha xuftonda qaytib keldi. Itni mol doʻxtiriga koʻrsatib, dori-darmon qildirganini, keyin uydagilarga ikki-uch kun bogʻlab parvarish qilishni tayinlaganini aytib, cholga hisob berdi.

Tunda shitir etgan sharpadan ham uyqusi qochgan Qodir bobo miltigʻini yelkasiga osib, qoʻylar atrofini bir necha marta aylanib chiqdi.

Tongga yaqin qoʻylarning hurkib qochgani eshitildi. Ikkala choʻpon ham oʻrinlaridan irgʻib turdilar. Boʻzarib turgan oyning gʻira-shira yorugʻida butalar oralab choʻloqlanib kelayotgan boʻri koʻzga tashlandi. Boʻri shoshmasdan, ba’zan toʻxtab-toʻxtab choʻponlar yotogʻi tomon kelardi. Chol yerga yotib, yirtqichni moʻljalga oldi. Shoshilib ustma-ust tepkini bosdi. Oʻq moʻljalga tekkandi. Boʻri munkib ketganicha oʻrnidan turmadi.

Miltigʻini qayta oʻqlab olgan Qodir bobo bilan Abdurasul «oʻlja» tomon yaqinlashdilar. Qodir bobo oyogʻi ostida boʻri oʻrnida oʻzining vafodor iti yotganini koʻrib, dong qotib qoldi. Joniqib itning boshini koʻtardi. Lekin it allaqachon oʻlib boʻlgan edi.

Chol qoʻlidagi miltigʻini qulochkashlab, choʻl qoʻyniga uloqtirib yubordi. U yana itning ustiga engashdi. Achchiq-achchiq yigʻlayotgan cholning qoq suyak yelkalari silkinib-silkinib tushmoqda edi.