OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifKarimabegim
Asar nomiNomalardagi nolalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Karimabegim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nomalardagi nolalar (hikoya)
Karimabegim

Agarda tuman ijodkorlarining ijodiy tanlovi bahona qoʻlimdagi mashqlarni bir bor koʻrib chiqish zarurati tugʻilmaganda, balki bir pokiza ayol qalbidan toʻkilgan bu durdonalar mendek oʻzini ijodkor sanab yurgan bir insonning aybi bilan kishilar nigohidan yana qancha vaqt yashirinib yotar edi.

Men kichik hikoyachalar deb oʻylaganim aslida varaqlarga toʻkilgan bir umr xayoli-iboli ayol surati ekanini qaerdan bilibman? Ularni oʻqiganim sari yuragim tobora tipirchilab qinidan chiqar darajasiga yeta bordi. Oxirgi varaqni duv-duv koʻzyoshlar bilan oʻqidim, dunyoda hamon begʻubor muhabbat borligi bilan faxrlanib ketdim.

Bu qanday tuygʻu?

1-maktub

Men yoshligimdan sevgi, muhabbat deb atalgan tuygʻularga uncha e’tibor bermay katta boʻlganman. Oilamiz ziyolilar oilasi boʻlganligi sababli, garchi bu borada toʻsqinlik boʻlmasa-da, bitta temir qonun bor edi: «Kelajak – faqat bilim olishda».

Maktabni akam va opalarim singari oltin medal bilan bitirdim. Oliy oʻquv yurtiga sirtdan oʻqishga kirib, tuman markazidagi kutubxonada ishlay boshladim. Koʻp vaqtim darslarga tayyorgarlik, kutubxonaga kelgan mijozlar bilan suhbatlashish, turli tadbirlar oʻtkazishga sarf boʻlardi. Ammo yoshlik ekan, kimnidir sevib qolishni, xuddi hind kinofilmlari yoxud ertaklardagi qizlardek oʻsha sevgim, sevganim uchun jon fido etishni, chinakam ma’shuqa boʻlishni orzu qilardim.

Yillar oʻtib, yoshim ulgʻayib borardi-yu, bu tuygʻu dilimga yaqin kelmasdi. Toʻgʻri, yigitlar meni sevishar, yoʻllarimni toʻsib sevgi izhor qilishar, uyimga sovchilar yuborishar edi. Mening koʻnglimga qaragan ota-onam sovchilarga oʻzi biladi, degan javobni berib kelishardi. Men esa hech kimga roʻyxushlik bermasdim. Yashirmayman, ba’zan kimnidir yoqtirib qolgandek boʻlardim. Uni oʻylashga, ishqida yonishga harakat qilardim. Ammo kunlar oʻtib, u odamning siymosi, oʻzimni qanchalik zoʻrlamay, xiralasha-xiralasha oʻchar, dilim boʻlsa yana boʻm-boʻsh boʻlib qolaverardi. Shunday paytlarda: «Men sevishga qodir emasman, bu tuygʻu pokiza qalblargagina nasib etadi. Demak, mening dilim pokiza emas ekan-da», – deya afsuslanardim.

Nihoyat mendan keyingi singlimga ham sovchilar kela boshlagani sababli ota-onam opalarim orqali meni qistashga kirishdilar. Men noiloj ularga ma’qul tushgan sovchilarga qarashli yigit bilan bir-ikki bor koʻrishdim. Bir-birimizni yoqtirgandek boʻldik. Orada toʻy ham boʻlib oʻtdi. Birovdan yaxshi, birovdan yomon yashab, bir qiz, ikki oʻgʻilli boʻldik. Er-xotin bir-birimizni yomon koʻrmasak-da, sevmasdik ham. U ham ota-onalari ra’yi bilan uylangan, shu sababli yaxshi er, yaxshi oila boshligʻi edi-yu, oramizni bogʻlab turuvchi oʻtkir tuygʻu yoʻq edi.

Men ham oila, roʻzgʻor, er, bolalar tashvishlariga oʻraldim. Muhabbat haqida esa oʻylamay ham qoʻydim. Hatto qizlik vaqtimdagi orzularim kulgili tuyuladigan ham boʻldi. «Sevgi haqidagi gaplar toʻqima ekan. Ularni birorta menga oʻxshagan xayolparast topgan-u, odamlar ishongan-da», – deb fikrlaydigan boʻldim.

Lekin... Ha, turmush qurganimizga oʻn besh yillar boʻlib qolgan edi, chamasi. Men institutni bitirib, kutubxonadagi ishimni hamon davom ettirardim. Koʻpdan buyon bu yerda ishlayotganim bois, tumanda koʻzga koʻrinib qoldim. Shu sababli ayrim katta tadbirlarni boshqarishni menga ishonib topshiradigan boʻlib qolishdi.

Oʻsha kuni ham... Oʻsha kuni ham Fargʻonadan katta-katta shoirlar kelishgan, men esa davrani boshqarar edim. Navbatdagi ijodkorga soʻz berish uchun mikrofon yoniga keldim, tomoshabinlarga bir nigoh tashladimu... koʻzim ikki qop-qora qosh ostida alangadek yonib turgan bir juft otashga tushdi. Hushim ogʻib, qoʻlimdagi qogʻozlar yerga tushib, sochilib ketdi. Asta egilib, titroq qoʻllarim bilan qogʻozlarni bir amallab yigʻishtirib oldim-u, qaddimni rostlamoqchi boʻldim. Ammo endi boshim mikrofonga urilib, uni yerga tushirib yubordim. Gumburlagan ovoz dunyoni tutgandek boʻldi. Bir amallab gapimni tugatib, sahnadan tushib ketdim. Yuragim gursillab urar, chanqagan odamdek tomogʻim qaqrab ketgandi... Beixtiyor parda chetidan oʻsha koʻzlar egasi oʻtirgan joyga astagina moʻraladim. Nazarimda goʻyo u ham betoqat boʻlayotgandek boʻlishi kerakdek edi. Lekin, afsuski, u yonidagi odamga nimanidir beparvogina gapirib oʻtirardi.

Kutilmagan qiligʻim, oʻylagan oʻyimdan oʻzim uyalib ketdim. Men qanaqa uyatsiz xotinman oʻzi? Erim, bolalarim bor. U odamning ham oilasi bordir.

Boshim tinimsiz gʻuvillardi. Mazam qochayotganini bahona qilib uyga ketdim. Bu yerdan jilsam oʻzimga kelarman deb umid qilardim. Lekin kechasi bilan toʻlgʻanib chiqdim. Kunlar, oylar oʻtib borar, kechalari uyqusizlik, kunduzlari xayoli parishonlik, yuragim yonishi qolmas, aksincha, tobora kuchayib borardi.

Koʻzlarimni yumsam ham, ochsam ham qop-qora qoshlar ostidagi alangaga toʻla koʻzlar jonimni olardi. U kim oʻzi? Qanaqa odam? Qaerlik?

Bu savollar javobsiz edi. Yoʻllarda ham uni izlayman. Devonadek koʻchalarni bemaqsad kezaman. Bilmadim, uni topsam nima deyman? Buni hatto oʻylab ham koʻrmayman. Faqatgina bir koʻrsam degan ilinj, oʻsha koʻzlarga bir bor termilish istagi meni oʻtdan olib oʻtga soladi. Hayronman, jonimni kuydirgan qoshlarmi, koʻzlarmi? Bu nima oʻzi? Bu qanday tuygʻu boʻldi? Sevgimi? Yoʻgʻ-ey, shu yoshda-ya? Oʻttizdan oshib, qirq yoshga yaqinlashganda-ya? Uyat-ku? Boʻlmasa bu nima? Nega u meni yondiradi? Nega tinch qoʻymaydi?

Men sevib qoldim.

2-maktub

Ha, men sevib qoldim. Endi bunga shubha qolmadi. Bu – aniq. Mana, bir yildan oʻtdi hamki, men na rohat, na azobligini aniqlab boʻlmaydigan gʻalati, men uchun notanish boʻlgan bir hisni boshimdan oʻtkazyapman. Devonaga oʻxshayman. Oʻzimni bosishga qancha urinmay, yurak oʻz qafasiga sigʻmaydi. Sevgi qoʻshiqlari jonimni larzaga soladi. Muhabbat haqidagi satrlarni entikib oʻqiyman. Shunday paytlarda koʻz oʻngimda oʻsha kuni koʻrganim – qoshu koʻzlar paydo boʻladi. Bu sevgi boʻlmay nima? Ha, bu – sevgi. Uyatu nomus bilan yoʻgʻrilgan sevgi! Axir, oʻzim turib, birovga tegishli baxtga koʻz tikdim. Yoʻq, koʻz tikkanim yoʻq, oʻzim xohlamagan holda sevib qoldim. Nima? Men aybdormanmi? Axir men shunday boʻlishini istaganim yoʻq-ku!

Endi yoʻllarda ham uni izlayman. Yoʻq, hech qaerda koʻrinmaydi. Tavba. U odammidi yoki roʻyo, ehtimol, shaytondir? Meni yoʻldan urib gunohkor qilish uchun aqlimni olgandir. Nima boʻlsa boʻldi, men sevib qoldim.

Aybim nima?

3-maktub

Mana, yillarni quvib yillar oʻtib ketyapti. Olti yil boʻldi. Azoblarga, afsuslarga toʻla olti yil... Bu orada farzandlar ulgʻaydi. Hamisha boʻyi boʻyimga tenglashib qolgan qizim, ovozi doʻrillab qolgan oʻgʻlimga koʻzim tushganda, turmush oʻrtogʻim bilan soʻzlashganda aybdorlik hissini tuyishdan ezilib, charchab ketdim. Bolalarim gʻalatiroq qarab qolishsa yuragim shuv etadi. Turmush oʻrtogʻim sal tovushini koʻtarsa, sovuq terga tushib ketaman. Tavba, nega axir? Men nima gunoh qildim?

Bu orada yostiqdoshim ogʻir betoblanib, yotib qoldi. Oila yuki yolgʻiz yelkamga tushdi. Shifoxonama-shifoxona yugurish, farzandlar kamu koʻstini butlash, ishxona tashvishlari anchayin qiynab yubordi. Uzundan-uzun zerikarli kechalarda bedoru xunob holda yigʻlab chiqaman.

Vrachlar muolajasi, yugurib-elishlarim samarasiz ketdi. Umr yoʻldoshim vafot etdi. Lekin barcha azoblarim oldinda ekan. Endi kechalari u menga termulib turgandek, «Hammasiga sen aybdorsan!» – deya zorlanayotgandek tuyular edi. Bir azobim oʻn azobga aylandi.

Ey, xudo! Peshonam shunchalar shoʻrmi? Men gunoh qilmadim-ku! Xiyonat koʻchasiga kirish nari tursin, hatto unga nazar ham tashlamadim-ku!

Dilimga oʻzing otash solding, buning evaziga nechun endi buncha qiynaysan? Gunohim nima? Aybim nima?

Men sizni yana koʻrdim.

4-maktub

Azizim, bugun sizni yana koʻrdim. Endi koʻrishdan butunlay umid uzgan, koʻzimga koʻringan shunchaki bir xayol, degan qarorga kelgan bir paytimda...

Oradan sakkiz yildan ortiqroq vaqt oʻtganda... Oh!.. Jonsizlangan oyoqlarim meni teskari tomon sudrab borardi-yu, qalbim, vujudim siz sari intilishini qoʻymasdi.

Qaniydi, andisha tuygʻusi ruhimni qafasga solmagan boʻlsa-yu, koʻksimni yorib chiqish uchun betoqat talpinayotgan yuragimni oyogʻingiz ostiga qizil loladek poyandoz qilsam. Afsus, shu qadar baxtsizmanki, tuygʻumni birovlarga bildirish u yoqda tursin, hatto oʻzingizga izhor qilishdan ham mahrumman.

Siz esa... Siz esa beparvogina yurib keldingiz, ha, murda kabi qotib qolgan tanam oldidan hatto bir qiyo boqmay oʻtib ketdingiz..

Ey, xudo! Qachongacha chidayman? Qachongacha hijron atalmish bemehr jallod sovuq pichogʻini tomogʻimga tirab jonimni oladi? Qachongacha yongan yuragimni noumidlik koʻzyoshlarida choʻmiltiraman?

Bugun sizni yana uchratdim. Unutayozgan, koʻrishdan umid uzayotgan bir paytim yoʻliqdingiz. Bu nima? Baxtmi, baxtsizlik? Nima boʻlsa boʻlmaydimi?! Muhimi, bugun diydoringiz nasib qildi.

Soʻnggi maktub

O, Muhabbat! Sen mening hayotimga juda kech kirib kelding. Shu qadar kechki, bu haqda hatto oʻylashning oʻzi ham nooʻrin tuyuladi. Chindan dil saroyim eshigidan bemavrid moʻralading. Saroy egasidan soʻrab ham oʻtirmading, bemalol kirib kelaverding. Faqat kirib keldinggina emas, uni butunlay egallab, yagona xoqonu sulton boʻlib olding.

O, muhabbat! Seni kimlar qanday ta’rif qilmagan? Bevafo ham deyishdi, vafoli ham. Yolgʻon ham deyishdi, shayton ham. Senga ma’bud kabi sigʻinganlar, sen uchun jondan kechganlar ham boʻldi. Sen bevafo deganlarning oʻzlari yolgʻon, shayton deganlarning oʻzlari shayton ekanliklarini isbotlab yashayverding. Seni deb jondan kechganlarga jon baxsh etding. Mahbub deb bilganlarga mehr berding. Gʻolib oshigʻu ma’shuqqa dunyo jamolini koʻrsatding.

Seni, kimlar nima deb atamasin, dunyoda yagonasan. Sen, nihoyat, meni ham borligingga ishontirding.

Yagonam! Samimiy tuygʻularimni oshkora aylab, muhabbat qudrati va sehri haqida fikr yuritish orqali sizga murojaat qila boshlaganimga hayron boʻlmang. Chunki men oʻzimni mehringizdan ayro tasavvur qila olmayman. Dilimni muhabbat ishgʻol qilgan kuni asli siz kirdingiz. Yoki, aksincha, hayotimdan siz oʻrin egallagan ondan boshlab muhabbat jonimga hamroh boʻldimi? Bilmadim, bilmadim. Anigʻi shuki, endi faqatgina sizni deb nafas olaman. Sizni deb yashayman. Sizni deb kulaman. Sizni deb yigʻlayman. Siz esa bu dunyoda yodingiz bilangina tiriklik nafasini sezib turgan ayol borligini bilmaysiz. Bu – menga alam qiladi, judayam kaygʻuli! Ba’zan yoningizga borgim, koʻksingizga bosh qoʻyib dardlarimni aytib-aytib yigʻlagim keladi. Ammo bu faqat xayol. Bunday ogʻir daqiqalarda xudodan oʻzimga oʻlim tilayman.

Alvido, soʻngsiz azoblar! Sizga ham alvido, ey ushalmas orzular, ogʻriqli armonlar!

Tamom, hammasi tamom boʻldi.

Aziz oʻquvchim! Siz bilan shu yerda xayrlashsak ham boʻlaverar edi. Lekin hikoyaga nuqta qoʻydim-u, baribir, nimadandir koʻnglim toʻlmayotganini sezdim. Ancha kun boshim gangib yurdim. Oxiri oʻsha yetishmayotgan narsa nima ekanini topdim. Maktub egasi vafot etganini eshitgan edim. Shunday ekan, ota-onasiz qolgan farzandlarning keyingi hayotini bilmagunimcha koʻnglim qanday tinchisin. Muhabbat opa (xudo rahmatiga olsin) hovlisini soʻrab-soʻrab topib bordim. Ostonada meni kutib olgan chiroylikkina, kelishgan kelinchak katta oʻgʻilning xotini boʻlib chiqdi. Opa yagona qizini ham turmushga bergan ekan. Kenja oʻgʻilni esa akasi uylabdi.

Yoshlar tinch-totuv yashab yurishgani koʻnglimni oʻstirdi. Ular muhabbat nuridan bahramand ekaniga ishonib, ruhim koʻtarilib qaytdim...

«Sharq yulduzi» jurnalining 2010-yil, 5-sonidan olindi.