OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifKeldiyor Toʻliyev
Asar nomiDunyoning darvozasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Keldiyor Toʻliyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/09/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dunyoning darvozasi (hikoya)
Keldiyor Toʻliyev

Saratonnning issigʻiga chiday olmagan qishloq odamlari kech tushib, havo salqin boʻlishini kutib yotgan mahal Nazar domlaning uyidan qiy-chuv ovoz eshitildi. Bu gʻala-gʻovurlarga koʻnikib qolgan qoʻshnilar: «Nazar ichib kelib xotinini yana doʻpposlayapti, hech aql kirmadi-da, bu betavfiqqa, Xudoning bergan kuni shu hol. Farzandlari boʻy choʻzsayam, urush-janjalini kanda qilmaydi-e, tavba», deya janjalga aralashish befoydaligidan gʻoʻldirashib qoʻydilar. Oradan bir kun oʻtib, tongda Nazar domlaning uyidan yana yigʻi tovushi eshitildi. Devor-darmiyon qoʻshni Shomurod uydan chiqayotgan ovozni eshitdiyu, jahllanib oʻrnidan turdi. Qoʻshnisining uyiga yetgach, darvozasini tepib kirdi. Uyqusini buzganlarni endi haqoratlash uchun ogʻzini juftlayotgan edi, ichkaridan, «Voy otam-ov, voy otam-a-a», degan yigʻi eshitildi. Hovliqib ovoz chiqayotgan uyga kirdi va tek qotdi. Yerda Nazar domla yarim chalqancha holda boshi orqasiga tesha qadalgancha oʻlib yotardi.

* * *

Baquvvat, moʻylovi lablari ustiga osilib qolgan, koʻzlari chaqchaygan, bilaklarini tuk qoplagan Qosimning choyxonada bemalol oʻtirganidan ranjigan Normat aka chiday olmay, gap qotdi:

– Ov, Qosimboy aka, esingiz borida ketsangiz boʻlardi, uyingizda xotiningiz ikkiqat. Otangiz shoʻrlikning koʻzi ojiz boʻlsa, qoʻlidan nimayam kelardi. Xudo koʻrsatmasin, mabodo xotiningizni toʻlgʻoq tutib qolsa bormi?

Kayfi oshib qolgan Qosimning goʻshtdor yuzlari beoʻxshov koʻpchidi.

– Sen enagʻar, qachondan beri odam boʻlib qoldingki, birovning gʻamini yeysan? Oʻzingni eplab ol, juldurvoqi. Tupurdim senday aqlbozga. Bor, achchiq choyingdan olib kel, – deb bir otim nosni kapaladi.

Oraga sukunat choʻkdi.Oʻtirganlar bir Qosimga, bir undan yoshi ancha kichik Normatga boqardi. Koʻrinishidan ozgʻin, koʻzlari atrofi ichkariga botinqiragan, novchadan kelgan Normatning asabiylashgani aft-angoridan bilinib tursa-da, u bosiqlik bilan «hayf senga gap», degan ohangda xontaxta ustidagi choynakni ijirgʻanib oldi. Endi orqaga oʻgirilgan edi hamki, Qosimning «Tez kunda oqsoqol boʻlsang ajabmas, oʻzingniki qolib, birovning ketini tozalaysan», degan bepisandlik bilan aytilgan gapiga chidolmadi.

– Sen noshukursan, iflossan, oʻgʻri, yalangoyoq!

Normatning qanday qilib orqaga oʻgirilganini, qoʻlidagi choynakni Qosimning naqd yuziga otganini hech kim payqamay qoldi. Devday savlati bor odam oʻtirgan joyida tappa yiqildi. Barchaning kapalagi uchdi. Qosimning ogʻzi-burnidan qon sharillab oqdi. Yuzidan kaftlarini olib, qonni koʻrgach, vajohat bilan Normatga oʻzini otgandagina oʻtirganlar «hay-hay»lab oraga qoʻshilishdi. Qosimning changalidan bir amallab Normatni ajratib, tashqariga olib chiqishdi.

* * *

Chiroqlari oʻchirilgan zim-ziyo uyda kalima qaytarib oʻtirgan Oʻrozqul cholning yelkasi bir uchib tushdi. Oʻz-oʻzidan quloqlari shangʻilladi. Qayta-qayta kalima qaytardi. Yarim tunda ham oʻgʻli kelavermaganidan bezovtalandi.

Kelinining tez kunlarda farzand koʻrishini koʻnglidan oʻtkazarkan, hali tugʻilmagan boʻlsa-da, xayolan jujuqqina nevarasini koʻz oldiga keltirdi. Koʻzi ojiz boʻlsa ham nabiralarini oʻzi tarbiyalashni oʻylarkan, oʻgʻli Qosimga hecham oʻxshamasligini dildan istadi…

Xotinining Qosimni qiynalib tuqqani-yu, bu olamdan koʻz yumar chogʻida aytgan soʻzlari xayoliga bot-bot kelaverdi.

– Otasi, oʻgʻlimizni eson-omon katta qiling. Mening oʻrnim bilinmasligi uchun uylaning. Ona mehri baribir boshqa boʻladi. Uni hech narsaga zoriqtirmang, koʻnglini oʻksitmang. Birovlarga xoʻrlatib ham qoʻymang. Sizdan roziligim mana shu…

Oʻrozqul cholning nursiz koʻzlaridan yosh oqdi. Unsiz, iyaklari titrab, yigʻlab ham oldi.

Soʻqir odam butun borliqni koʻrishini qanchalik istashini tasavvur etar ekan, tuyqus koʻnglidan kechgan fikrdan alamzada boʻldi: Xudoning irodasi bilan ojiz tugʻilgan bandalar bir umr yorugʻ olamni koʻrish istagida armon bilan yashaydi. Mening-chi?! Mening koʻzim ochiq edi-ku?! Agar bu gunohim uchun jazo desam, koʻnglimda yomonlik yoʻq edi-ku!

Meni kechir, kampir! Sening vasiyatingni bajarolmadim. Oʻgay ona, baribir oʻgay dedim. Yaxshisimi, yomonimi, ikkoviyam bir goʻr, dedim. Uylanmadim. Oʻzim tarbiyalab, katta qilaman, dedim. Afsus, kampir, haddan ziyod mehrning ham kasofati boʻlarkan. Qosimni odam emas, hayvon qilib oʻstiribman. Oʻgʻirlik qilib qamalib ham chiqdi. Uylansa odam boʻlar degandim…

* * *

Betavfiq oʻgʻilga kim ham qiz berardi. Qosimning yoshi ham oʻttizni qoralab qoldi. Oʻrozqul chol oʻylay-oʻylay oxiri qoʻshni qishloqdagi Tirkash oʻrning oʻtirib qolgan qiziga sovchilikka bordi. Unga roʻy-rost bor gapni aytdi. Tirkash oʻr aslida oʻr emas ekan, birinchi gal borgandayoq ish bitdi-qoldi. Toʻy ham elnikidan kam boʻlmadi.

Kelini tilla chiqdi. Hammasiga chidaydi. Bir oy oʻtar-oʻtmas, oʻgʻil ichib kelib kelinni soʻkadigan odat chiqardi. Keyin doʻq-poʻpisa aralash shapaloq tortadigan boʻldi. Bora-bora bu kun-kunora takrorlanuvchi odatga aylandi. Oʻrozqul chol birovning oyday qizini badbaxt qilib qoʻyganidan oʻkindi. Keliniga «ket» deb, aytgisi keldi. Ammo aytolmadi. Oriyatni oʻyladi, zurriyodini oʻyladi. Orada gʻam-alamdanmi, Xudoning irodasimi, cholning koʻzi koʻrmay qoldi. Tilla kelinning ikkiqatligini bilgach, biroz koʻngli yorishganday boʻlgandi. Balki, oʻgʻlim ota boʻlganda, otalikni his etganda, vazminroq boʻlar, deb oʻylardi. Ammo…

* * *

Uyda yolgʻiz oʻz-oʻziga unsiz soʻzlayotgan Oʻrozqul cholning sukunatini tashqaridan jigʻibiyron boʻlib, soʻkinib kelayotgan oʻgʻli Qosimning ovozi buzib yubordi.

– Sen it emganlarning enalaringni uchqurgʻondan koʻrsataman…Hiq…

Odatdagidek, oʻgʻlining ichib kelayotganini bilgan ota oʻtirgan joyida gʻashlandi. Yuragi taka-puka boʻldi, oʻtirganicha gʻudrandi: «Ey Xudo, kelinimga qoʻl koʻtarmasin-da, ishqilib…»

Ikkiqat ayol erining kelishini kuta-kuta koʻzi endi ilingan edi. Erining shovqin-suronidan choʻchib uygʻondi va miltillab turgan fonusning yorugʻini balandlatish uchun oʻrnidan turgan ediyamki, koʻz oldi jimirlab ketdi, boshi aylanib, choʻk tushdi.

Qosim har galgidek qichqirdi:

– Turmaysanmi, qiztaloq. Senga aytayapman, ov…

Boʻgʻoz zaifa erining vajohatidan qoʻrqib, qancha urinmasin, oʻrnidan turishga madori yetmadi. Buning ustiga qornida paydo boʻlgan sanchiq ham turishiga imkon bermadi.

Oʻrozqul chol oromini yoʻqotgandi. Oʻrnidan turib, devor suyangancha ovoz chiqayotgan tomonni tusmolladi. Ochiq turgan eshikka yetar-etmas kelinining inqillagan ovozini eshitdi. Yuragi hapriqirib ketdi. Xavotiri yana-da oshib, boʻgʻiq ovozda baqirib yubordi:

– Kelinning koʻzi yormoqchi, Qosimjon. Harakatingni qil, bolam, – dedi-yu, ammo, kayfi bor oʻgʻilga gap kor qilmasligini his qilib, nochorligidan yigʻlab yubordi. Qaltirab-qaltirab ichkariladi. Koʻzi koʻrmasa-da, oʻgʻlining kelinini tepkilayotganini his etgach, jon holatda ovoz tomonga oʻzini otdi. Bir amallab oʻgʻlining oyogʻiga yopishishga arang ulgurdi.

– Jon bolam, unday qilma. Bolaning uvoliga qolasan…

* * *

Qosimning changalidan qutulganiga shukur qilgan Normat yorilgan labini tili bilan paypasladi. «Ha, koʻrnamak, noshukur, yaxshilikni bilmagan, hayvon..!» U oʻnqir-choʻnqir tosh koʻchali soy yoqalab ketarkan, oʻzicha soʻylanardi. Ammo uyiga yetar-etmas, yuragi shuv etib ketdi va shoshib Oʻrozqul cholning uyi tomon joʻnadi.

Normat Oʻrozqul cholning uyiga yaqinlashgach, uzoqdan elas-elas kelayotgan ovozni eshitib, bir dam toʻxtab quloq tutdi. Atrofida ahyon-ahyonda boyoʻgʻlining vahimali tovushi, qurbaqalarning qurillashi eshitilardi. Biroz yurgach, tin olib atrofga yana qulok tutdi. Tunning sokinligidan shitir etgan ovoz ham aniq eshitilardi. Shu vaqtda qulogʻiga Oʻrozqul cholning yalingannamo va achchiq gap-lari eshitildi:

– Iloyo zurriyodingdan qaytsin…

Boʻgʻoz xotinini urayotgan Qosim orqasidan poylab kelib, jon holatda boʻyniga arqon solgan chayir va navqiron Normatni ilgʻamay qoldi. Nafas olishi qiyinlashib, madori quridi. Normat barzangi hamqishlogʻi gursillab yiqilgandagina arqonni biroz boʻshatdi.

– Sadqayi odam ket-e. Homilador ayolgayam qoʻl koʻtaradimi-a, tavba, – deb har ehtimolga qarshi uning oyoq-qoʻlini bogʻlab tashladi.

Keyin ingranayotgan zaifaga yordamga oʻtdi. Ahvolni sezgach, shosha-pisha qishloqdagi doyalik qiluvchi kampirga chopqilladi. Allamahaldan soʻng kampir bilan kirib kelgach, vaziyat yengillashdi. Kampir zaifa uchun bilgan amalini qilishga kirishib ketgan edi. Bu vaqtda ancha yengil tortgan Normat Oʻrozqul chol bilan allamahalgacha dardlashib oʻtirdilar. Biroq Oʻrozqul cholning tez-tez uh tortishini gʻam-tashvishidan deb oʻylagan Normat faqat taskin berish bilan cheklanardi. Lekin..

Tong yorishar-yorishmas, bu xonadonga quvonch bilan birga tashvish kirib kelganida, odamlar Oʻrozqul cholning achchiq va xunuk qismatiga achindilar. Ota yurak xuruji tutib, u dunyoga rixlat qilgan edi. Normat janozada oʻzi bosh-qosh boʻldi. Boshi egik Qosim nima qilarini bilmay garangsirdi.

* * *

Olmaning tagiga olma tushadi, deganlari rost ekan. Qosim otasi oʻylagandek, oʻgʻil farzandi tugʻilgach, odamshavanda boʻldi-qoldi. Oradan yillar oʻtib, farzandi ham huddi oʻzi kabi baquvvat, qoruvli yigit boʻldi. Oʻgʻlining xatti-harakatlari quyib qoʻygandek oʻziga oʻxshaganidan Qosim tugul odamlar ham hayratlanardi.

– Yo tavba, odam bolasi ham shunchalik otasiga oʻxshaydimi, – dedi choyxonada oʻtirganlardan biri.

– Nimasini aytasiz, – deb gapga qoʻshildi, choyni damlab kelib, qaytarayotgan Normat.

– Ota qoni bor-da. Bir vaqtlar shoʻrlik rahmatli Oʻrozqul chol choyxonaga kelib, ichidagi dardini yorgan edi. Men oʻshanda yosh, navqiron edim. «Bolam ona mehrisiz oʻsganidanmi yoki yakkayu yagona oʻgʻlim boʻlganidanmi, bilmadim… tabiati yengil boʻldi. Tengqursizlar, senlaram pand-nasihat qilib turinglar. Zora, biroz oʻzgarsa» degandi...

Suhbat orasida kimdir Normat akaga kesatdi.

– Oʻshanda oʻzingiz ham oppoq boʻlmagandirsizki, «oq choy» ichadigan joy quriganday choyxonani maishatxonaga aylantirgansizlar. Eshitganman tarixini …

Bu gapdan Normat akaning rangi oqarib ketganini koʻrib, oʻtirganlardan biri vaziyatni yumshatish uchun, gapni yana Qosim haqidagi hangomaga burdi.

– Ha, toʻgʻri aytasiz, Normat aka, qon-qoniga singib ketgandan keyin na ota, na ona mehri ham kor qilmas ekan. Isbot ana, siz aytgan rahmatli Oʻrozqul cholning nevarasining otasi ham, onasi ham bor. Lekin hamma undan bezor. Qilgan ishi qingʻirlik. Tunov kuni Qosimboy akaning uyi yonidan oʻtayotgan edim, urush-janjalning ovozini eshitib qoldim. Kirsam, Qosim aka oʻgʻlini ogʻilga kirgizib, rosa savalayotibdi. Bola paqirning koʻkarmagan joyi yoʻq. Borib ajratdim…Hovuridan tushgan Qosimboy akaga bolani bunchalik urmang, uraversa eti qotadi, desam sening ishing nima, deb jerkib berdi. Qoʻl siltab chiqib ketdim. Keyinchalik bilsam, oʻgʻlingiz Shomurod Qosim akaning oʻgʻlini kechasi qoʻrasida ushlab olibdi.

– Hm… shunaqa deng, attang – deb bosh chayqadi gapdan chalgʻib, hovuridan tushgan Normat aka bu gap-lardan allaqachon xabari boʻlsa-da, bilmaganga olib. Negadir yon qoʻshnisini yomonlashni oʻziga ep koʻrmadi.

Qosimboyning oʻgʻli esa qingʻir ishlarni qilaverdi. Ota uni savalayverdi. Kaltakdan farzandning eti, otaning esa boshi qotdi. Oʻgʻlining qiligʻidan toʻyib ketgan maktab direktori ham kunora chaqirgani-chaqirgan. Yalongʻoch qilib ham savaladi.

Ona avval boshda erining, soʻng esa eti qotgan farzandining dastidan kuyindi. Kasalxonaga tushdi…

* * *

Oʻgʻil institutni bir amallab tugatib, qishloq maktabiga oʻqituvchi boʻlib, ishga kirganida hammaning ogʻzida ancha vaqt gap boʻlib yurdi. Qarib kolgan Normat ota rivoyatnamo gap qildi.

– E-ey, odam bolasini hayotning oʻzi tarbiyalaydi. Otang bolasi boʻlma, odam bolasi boʻl, deganlaricha borda-a..Eh, bu kunlarni ota-onasi bir koʻrganda bormidi. Oʻgʻlini endi odam qilib edi-ya. Attang…

Ammo bu xursandchilik koʻpga choʻzilmadi. Yangi kelgan oʻqituvchining qoʻpol va beoʻxshov harakatidan maktab bolalari tugul, boshqalar ham hayiqadigan boʻldi. Kunlarning birida darsda bolalardan biri shoʻxlik qilgan ekanmi, yangi oʻqituvchi qulogʻidan tortib doskaga bir-ikki siltab qapishtirgan. Bolaning qulogʻi yirtilib ketib, rosa urush-janjal boʻlganida, Normat ota bir amallab bosdi-bosdi qilishga ulgurdi…

* * *

Kunora janjaldan toʻyib ketgan farzandlar el oldida aroqxoʻr otasining dastidan bosh koʻtarolmay qoldi. Katta oʻgʻil har janjal soʻngida «Ena, otam nega bunaqa boʻlib qolgan? Nega gapimizga quloq tutmaydi. Biz ham hamma qatori yashashni istaymiz», degandi, ona shoʻrlik piq-piq yigʻlashdan nari borolmadi. Qarindoshlarning pand-nasihatlarini bir pulga ilmaydigan otaning bu hulq-atvorini koʻpchilik tushunmasdi ham. Faqat koʻpni koʻrgan qariyalargina gohi-gohida gap kelganda: «Qoni shunaqa», derdi xolos…

* * *

Maktabdan ertaroq qaytayotgan oʻrtancha oʻgʻil oilasidagi bir kun oldingi janjalni eslab, uyiga oyogʻi tortmadi. Uzoqlarga ketib qolgisi keldi. Ammo onasining betobligi uchun bu qaroridan qaytdi. Ustiga-ustak akalari bozorga ketgan edi. Kunning issiqligidan boshidan oftob oʻtdimi, burnidan sharros qon oqdi. Yuzini oqayotgan ariqqa borib yuvar ekan, suvga tomchilagan qonni koʻrib, negadir eti uvushdi. Ikki kun oldin akalari otasiga «Endi yana onam bilan janjal qiladigan boʻlsangiz yomon boʻladi, ota», degan gaplarini esladi.

… Bola uyiga yaqinlashgan edi. Onasining uvlagan yigʻi ovozini eshitdi. Darvozasi oldiga borib, kirarini ham, kirmasini ham bilmay qoldi. Lekin onasining:

– Yordam beringlar, kim bor? – degan dod-voyini eshitgach, ichkariga yugurdi…

Gʻirt mast ota kasal xotinining sochini qoʻllariga oʻrab, kaltaklayotgan edi.

– Hali senmi oʻgʻillarimni menga qarshi qiladigan. Koʻrsatib qoʻyaman, enagʻar!...

Yugurib borib otasining qoʻliga yopishgan oʻgʻil, bir zum oʻtmay ikki metr nariga yuz tuban yiqilganini anglamay qoldi. Biroz oldin qonagan burnidan yana qon oqdi. Boshi aylanib gandiraklaganicha onasini beayov urib-tepkilayotgan otasiga nafrat bilan tikildi. Qoʻrquvdan koʻzini yumdi. Keyin ochdi. Koʻzlari oldiga avval tip-tiniq boʻlib oqayotgan ariq koʻrindi. Soʻngra oʻsha ariqda qip-qizil oqayotgan qon namoyon boʻldi. U bechora onasining «Bolam, qutqar», degan nolasini eshitgandan keyingina oʻziga keldi. Keyin koʻzlarini kafti bilan bekitgancha shoshib tashqariga chiqdi. Darrov ortiga qaytdi. Qoʻlidagi teshaga bir zum tikilib turdi va uni azot koʻtardi. Zum oʻtmay koʻz oʻngida yana oʻsha qonli ariq namoyon boʻldi.

* * *

Eshik ochilib Nazar domlaning farzandlari kirib kelganida, ona-bola ostonada bir-birini quchoqlagancha oʻtirardi. Avvaliga ular bu holatni tushunishmadi. Keyin dahshatdan dong qotdi…

Qoʻrquvdan titragan ona va farzandlar «endi nima qilamiz», deganday bir-biriga javdirab boqishdi. Sovuq sukunatni kaltakning zoʻridan badanlari qorayib, uzun sochlari toʻzgʻigan ona buzdi.

– Nima boʻlsa ham hozir «otam»lamanglar. Mavridi emas…

Bu kecha na onaning, na farzandlarning koʻzi ilindi. Erta azonda padarkush oʻgʻilning beixtiyor «otam»lagan ovozi qoʻshnilarning tinchini buzdi. Bu paytda qishloqning eng keksalaridan boʻlgan, yoshi yuzni qoralagan oqsoqol Normat otaning oʻgʻli Shomurod kirib kelgan edi…

Shomurod oldi-ortiga qaramay, bu koʻngilsizlikni keksa otasiga yetkazish maqsadida oyogʻini qoʻliga olib uyiga qarab chopdi. U uyiga kelgan chogʻ Normat oqsoqol bomdod namoziga tahorat olayotgan edi. Oʻgʻlining tuyqus kelib, shosha-pisha aytgan soʻzlarini eshitib, rangi oʻchdi.

– Yo alhazar, yo alhazar, astagʻfurulloh…Tavba qildim, tavba qildim. Bu ne koʻrgulik, – deya kalima qaytara ketdi.

* * *

Voqeadan voqif boʻlgan Normat oqsoqol, bir muddat oʻylanib turdi. Keyin marhumning xotini va farzandlarini, oʻzi bilan birga kelgan Shomurodni ham yoniga chaqirdi.

– Judayam xunuk ish boʻpti, xunuk, – Normat ota chuqur nafas oldi. – Gap shu yerda qoladi, eshitdilaringmi?! Murdani toʻgʻirlab, joyiga yotqizinglar… qolganini menga qoʻyib beringlar…

* * *

Quyosh koʻtarilmasdan qishloqda motam ovozi koʻkka oʻrladi… Tushga yaqin marhumni mozorga qoʻyib kelishdi…

Mozor boshida oqsoqol oʻylab oʻyiga yetolmadi. «Qosim bilan bolasi oʻrtasida nima boʻlgan ekan-a?!»

Marhumning isi kuni umri boʻyi voqealarning guvohi boʻlib kelayotgan Normat oqsoqol tilovat qilib, ketar chogʻi padarkush farzandni yoniga chorladi. Boshi xam boʻlgancha, arang yurib kelgan, ranglari boʻzday oqarib, vijdon azobida qiynalayotgan bolaga sal yumshatibroq muomala qilib, barchasini soʻrab oldi.

– Otang oʻlar chogʻi senga biror narsa demadimi?!

Bu kutilmagan savoldan dovdirab qolgan bola yigʻlamsirab:

– Yoʻq, faqat … men orqadan kelib urganimda… yarim burilib yelkamga qoʻlini qoʻyib koʻzimga tik boqdi. Qaytdi, qaytdi dedi. Keyin esa chuqur uh tortib yiqildi… – deganida Normat oqsoqol uzoq oʻyga toldi. Oʻtmishga qaytdi. Soʻngra ovozsiz ichida soʻzlandi. «Rahmatli Qosim bilan Nazarning oʻrtasida bir gap oʻtgan ekan-da! Rahmatlik Oʻrozqul cholning qargʻishi... Qaytar dunyo, deb shuni aytsalar kerak-da?!»

* * *

Boʻlib oʻtgan bu voqeani aslida qanday sodir boʻlganini koʻpchilik bilmas edi. Faqat yoshi bir joyga borib qolgan qariyalargina gap kelganda choyxonada tusmollab ahyon-ahyonda eslab qolishardi…

Qishloq oqsoqoli Normat ota oʻzi tengi va sal kichik chollarning hangoma mavzusi shu voqega taqalib qolsa, gapni boshqa tomonga burib yuborar edi. Keyin-keyin esa kim shu mavzuni boshlagudek boʻlsa, jerkib beradigan boʻldi.

* * *

– Normat oqsoqol ogʻirlashib qoldi.

Negadir oqsoqol kunining soʻnggi paytlarida ham Nazar domlaning bolalari haqida yana qaygʻurdi. Shunday. Oqsoqol umr boʻyi boʻynimda gunoh bilan yuribman, deb oʻylagandir. Oʻzini koʻrish uchun kelganlarga yana oʻsha voqeani roʻy-rost aytib berdi. Gapining soʻnggida bir soʻz qildi:

«Dunyoning darvozasi bitta. Shu bitta darvozadan kirib kelasan va ketasan. Lekin kelish boshqa-yu, ketish boshqa ekan. Kimdir oʻsha darvozaga qaytib kirgunicha umrining mazmunini hisob-kitob qilib oʻtkazadi. Bunday kishilar insof-diyonat, yaxshilik, mehr-oqibat, vafo degan narsalarga amal qilib yashaydi. Ayrimlar esa shaytonga doʻst tutinib, oʻzligini unutib, nomaqbulliklar qiladi. Ha, hammamiz ham xomsut emgan bandamiz-da. Qizigʻi shundaki, yaxshisiyam, tavba qildim, yomoni ham shu bitta darvozaga duch keladi. Buni hayot der ekan-da. Bugun bir vaqtlar sir boʻlib kelgan voqeani sizlarga aytishimning sababi shuki, zora bilib-bilmay qilgan gunohlarim kamayar. Oʻshanda elga jarida qilganimda bir oilaning parokandaga yuz tutishiga sababchi boʻlmasmidim, birodarlar?!

Sizlardan iltimosim, Nazarning bolalariga qattiq gap qilmanglar…».

Hamma yigʻlab yubordi.

Juma kuni oqsoqolni butun qishloq ahli tuproqqa qoʻyib qaytdi…

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 7-sonidan olindi.