OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifKetrin Mensfild
Asar nomiBir piyola choy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Yangi Zelandiya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Modernizm
Mualliflar
   - Ketrin Mensfild
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNilufar Muhammedova (Ingliz tilidan)
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnali, 1999 yil, 4-son


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir piyola choy (hikoya)
Ketrin Mensfild

Rozemari Fell unchalik goʻzal ayol emas. Ishqilib uni goʻzal deyish qiyin. Yo, «chiroylikkina», deb atasakmikan? Ha, ha, agar Rozemarining fazilatlarini sinchiklab kuzatsak... Nazarimda, sinchiklab kuzatish ham unchalik shart emas-ov...

Rozemari yosh, istarasi issiq, zamonaning eng soʻnggi urfida did bilan kiyinadigan, kitobxonlikka oʻch ayol. Uni turli kasb egalari davrasida tez-tez uchratasiz. Davradoshlarining ba’zilari yoqimtoy, ajoyib kishilar boʻlib, ayrimlari esa gʻalati-gʻalati fe’l-atvorli edi.

Rozemari bundan ikki yil oldin turmushga chiqqandi. Maykl ismli erkatoy oʻgʻli bor. Eri ham sidqidildan uni sevadi. Bu oila boy yashashardi, haqiqatdan ham boy.

Rozemari biror narsa xarid qilmoqchi boʻlsa, koʻproq Parijga boradi, men esa Bond koʻchasiga boraman. Mabodo Rozemarining koʻngli gulga ketsa, mashina uni muhtasham binolar joylashgan Rejent koʻchasiga olib boradi. Shunda Rozemari doʻkon peshtaxtalariga hayrat bilan boqib:
- Men ana uni, mana buni va yana manavini ham olmoqchiman, - deydi. - Ana undan toʻrt dasta bersangiz. Ana u koʻzadagi atirgullarni ham. Ha, hammasini bering. Yoʻq, yoʻq, nastarin kerak emas. Nastarinni yoqtirmayman, judayam besoʻnaqay.

Rozemarini mashinagacha ozgʻingina sotuvchi qiz kuzatib qoʻyadi. Uning bir quchoq gul koʻtarib odimlashi xuddi besoʻnaqay kiyim kiyib olgan yosh bolaning yurishiga oʻxshardi.

Qish kunlarining birida Rozemari Keson koʻchasidagi kichkina qadimiy doʻkonchaga kirdi. Bu uning sevimli doʻkoni edi. Doʻkonda kerakli hamma narsani topish mumkin. Sotuvchi ham unga bajonidil xizmat qiladi. Boʻsagʻada Rozemarini koʻrdi deguncha quvongan chehrasi yorishib ketadi. Hatto sevinchdan tili zoʻrgʻa gapga keladi. Xushomal albatta. Ammo, bu yerda bir sir bor-ov...
- Bilasizmi, xonim, -tushuntirishga harakat qilardi u muloyim ovozda, - mollarimning qadrini bilmaydiganlarga sotgandan koʻra, ularni sotmaslikni afzal koʻraman. Gapning ochigʻi ularning qadr-qimmatini kamdan-kam odam biladi.

Shunday deya sotuvchi peshtaxta oynasi ustiga baxmalga oʻralgan jajjigina qutichani qoʻydi. U buni Rozemari uchun saqlab kelayotgandi. Hali hech kimga koʻrsatganicha yoʻq. Nafis did bilan ishlangan quticha shunchalik jozibali yaraqlardiki, xuddi oftobda tovlanayotganga oʻxshaydi. Quticha qopqogʻida yigit bilan qizning rasmi bor ekan. Ular gul tagida yonma-yon turishar, qizchaning qoʻllari yigitning yelkasida edi. Qizning shlyapasi geranium bargidan sal kattaroq boʻlib, uzun shoxchalardan toʻqilgandi. Atrofi yashil lenta bilan oʻralgan edi. Yana ularning ustida sezgir farishtaga oʻxshagan bulutcha suzib yurardi.

Rozemari qoʻlqopini yechdi. U har doim biror narsa sotib olmoqchi boʻlsa shunday qilardi. Ha, bu unga yoqqandi, judayam yoqqandi. Bu haqiqiy omad edi. Sotib olishi kerak. Qutichaning u yoq-bu yogʻini koʻrdi, ochdi, yopdi, qoʻllari koʻm-koʻk baxmalga judayam yarashdi. Bunga e’tibor bermay boʻlmasdi. Sotuvchi peshgaxtaga suyanib ruchkasi bilan yarqirab turgan qutichani sal nari surib sekingina pichirladi:
- Sizga aytsam, xonim, gullariga e’tibor bering.
- Ha, ajoyib! - Rozemarini gullar hayratta soldi.
- Xoʻsh, narxi qancha?

Sotuvchi, goʻyo, oʻzini eshitmaganga soldi. Keyin pichirlagan ovoz eshitildi.
- 28 giney, xonim.
- 28 giney?

Razemari sezdirmadi. Qutichani joyiga qoʻydi; qoʻlqoplarini kiydi.
- 28 giney? - Uning kayfiyati buzildi. - Iltimos, olib qoʻying, keyin olaman, - dedi ovozi qaltirab.

Sotuvchi allaqachon tushungandi. Albatta, u Razemari uchun qutichani bir umr saqlaydi.

Tashqaridagi eshik gʻijirlab yopildi.

U qish havosini kuzatdi. Yomgʻir yogʻmokda. Havo sovuq boʻlib, hozirgina yongan koʻcha chiroqlari xomushday koʻrinadi. Ular nelardandir afsuslanganday xira shu’la sochib turishardi. Odamlar ham har tarafga shoshilishmokda. Rozemari qandaydir gʻalati boʻldi. Judayam qutichani olgisi kelgandi.

Albatta, mashinasi joyida edi, faqat yoʻldan oʻtish kerak. Lekin nimagadir jimgina turardi. Hayotda hamma narsa boʻlishi mumkin, kimdir adashadi, kimdir ularga yoʻl koʻrsatadi, ba’zilar yoʻq.

Xuddi shu payt allakim:
- Kechirasiz, xonim, - deb uning xayolini boʻldi.

Rozemari burilib orqasiga qaradi. Oldida qorachadan kelgan judayam yosh bir qiz turardi. U xuddi suvdan chiqqan odamday qaltirardi. Qaerdan kelgan boʻlsa?
- X-xonim, - duduqlandi qiz, - ozroq choy-chaqa puli bering.
- Choy-chaqa? - hayron boʻldi u. Bu ovoz umuman gadoy ovoziga oʻxshamasdi.
- Umuman puling yoʻqmi? - soʻradi Razemari.
- Yoʻq, xonim.

Qiziq, Rozemari unga yaqinlashdi. Bundan ham qizigʻi boʻladimi, axir? Birdaniga bu voqea Rozemari uchun sarguzashtday tuyuldi. Bunday havodagi uchrashuv xuddi Dostoevskiy romanidan olinganday. Tavakkal qilib qizni uyga olib ketsa-chi? Nima boʻlar ekan? Juda qiziq boʻlardi. Shunda u hayron qolgan doʻstlariga: «Uyimga olib kelgandim, xolos», - degan boʻlardi. Keyin oldida turgan qizga:
- Yur uyga, birga choy ichamiz, - dedi.

Qiz kutilmagan taklifdan orqaga chekindi. Hatto qaltirashdan ham toʻxtadi.

Rozemari qizning qoʻlidan ushlab:
- Nimaga hayron boʻlayapsan? Qani ketdik, - dedi jilmayib.
- Yoʻq, yoʻq, xonim, - dedi qiz seskanib.
- Yoʻq, borasan, - dedi Rozemari qat’iy.
- Siz, siz meni politsiyaga olib bormaysizmi?
- Politsiyagami? - birdan kulib yubordi Rozemari. - Nahotki shunday deb oʻylasang? Yoʻq, faqat yordam bermoqchiman, xolos.

Ular mashinaga oʻtirishdi va uyga yoʻl olishdi. Yoʻlda ayol asirasiga bunday tasodifiy uchrashuvlar hayotda boʻlishini, farishta, mehribon onalar haqiqatda borligini tushuntirmoqchi boʻldi. Gap oxirida:
- Qoʻrqmasdan yuraver. Axir ikkalamiz ham ayolmiz... - deb qoʻydi.

Nihoyat mashina toʻxtadi. Qoʻngʻiroq chalindi, eshik ochildi, birga uyga kirishdi. Issiqlik, yorugʻlik, uydagi shinamlik, hamma narsa oʻziga oʻxshardi. Shu vaqtgacha bilmagan ekan. Uydagi hamma jihoz uni kutardi.
- Qani yur yuqoridagi xonamga, - dedi Rozemari ochiq koʻngillik bilan. U beozor qizni hech kimga koʻrsatishni xohlamadi. Zinadan chiqishi bilanoq xizmatkorni ham chaqirmasdan oʻzi qizning kiyimlarini almashtirmoqchi boʻldi. Bunday tasodifiy hodisa tabiiy boʻlishi kerak, axir!
- Shu yerga, - dedi u yanada keng, chiroyli xonaga kirishgach.

Xonaning pardalari tushirilgan, olov yoqilgan, issiq, havorang gilamlar, hammasi xonaga yarashgan edi. Qiz eshik oldida turib qoldi. U hayron edi. Rozemari e’tibor bermadi.
- Qani, oʻtir, - dedi u stulni olov yoniga siljitib. - Ozroq isinib ol, judayam sovqotganga oʻxshaysan.
- Rahmat, xonim, - dedi qiz biroz uyalib.
- Qoʻrqmasdan joylashaver. Kiyimlarimni almashtirguncha oʻtirib tur. Keyin boshqa xonaga oʻtib choy ichamiz. Namuncha qoʻrqmasang. - Shunday deya u qizni yelkasidan ushlab oʻtqizib qoʻydi.

Qaytib kelganda u qizni qanday oʻtqizib ketgan boʻlsa shu holda koʻrdi. Rostini aytganda qiz ovsarga oʻxshardi. Rozemari e’tibor bermadi. Unga biroz egilib:
- Shlyapangni yechmaysanmi? Soching hoʻl ekan, - dedi.
- Xoʻp boʻladi, xonim.

Shlyapa yechildi.
- Kel, paltongni ham yechamiz.

Qiz oʻrnidan turdi. Bir qoʻli bilan stuldan ushlab paltosini Rozemariga yechtirdi. Paltosi judayam ogʻir edi. U boladay ikkilanib qoldi. Agar odamlar bir-birlariga yordamlashishni xohlasalar, ozroq boʻlsada bir-birlarini hurmat qilishlari kerak, boʻlmasa juda qiyin boʻladi, deb oʻyladi. Endi paltoni nima qilsa ekan? Paltoni ham, shlyapani ham yerga tashladi. Rozemari sigareta tutatmoqchi boʻlib turganda qiz toʻsatdan:
- Kechirasiz, xonim, hech narsa yeganim yoʻq, holdan ketayapman, uyga keta qolay, - deb qoldi.
- Hozir, bir pas kutgin, - deya Rozemari qoʻngʻiroqni chaldi. - Choy, tezroq choy keltiringlar, ozroq brendi ham.

Xizmatkor kirib chiqar, qiz esa yigʻlamsirab:
- Brendi ichmayman, faqat choy ichaman, xonim, - derdi.

Uning bu holati ayanchli edi. Rozemarining unga rahmi keldi.
- Yigʻlama, jonginam, yigʻlama, - deya roʻmolchasini uzatdi. U boshqa hech nima deya olmadi. Ozgʻin yelkasidan quchib bagʻriga bosdi. Qiz uyalib oʻtirmadi. Ikkalasi ayol ekanligidan tashqari hamma narsani unutdi va xoʻrsinib:
- Endi bunday yashay olmayman, chiday olmayman. Bu turishda oʻzimni bir narsa qilib qoʻyaman, - deya hayotidan noliy boshladi.
- Unday qilma, yordam beraman. Qaragin-a uchrashganimizni. Hozir choy ichamiz, hammasini aytib berasan. Biron narsa oʻylab toparmiz. Yigʻlama.

Ular choy kelganda ancha-muncha tinchib qolishgandi.

Xizmatchi qizning oldini har xil shirinliklar bilan toʻldirib tashladi. Rozemari sigareta chekib uni kuzatib oʻtirdi. Dasturxon olingach beozor, nimjon qiz charchab oʻzini stulga tashladi.

Rozemari sigaretni chekib boʻldi, gapni boshlash vaqti kelgandi.
- Qachon ovqatlanganding? - soʻradi muloyimgina.

Shu payt eshiq ochildi.
- Rozemari, kirish mumkinmi?

Bu Filipp edi.
- Marhamat.

U kirdi. Kirdi-yu, toʻxtab qoldi. Rozemari jilmayib:
- Bu dugonam miss...
- Smit, xonim, - dedi qiz qoʻrqmasdan tik qarab.
- Smit, - davom ettirdi Rozemari. - Biroz gaplashmoqchi edik.
- Ha, albatta, - dedi Filipp. Uning koʻzi polda yotgan palto va shlyapaga tushdi. Filipp olovga yaqinlashib: - Judayam yomon kun boʻldi, - dedi befarq oʻtirgan qizga qarab.
- Ha, haqiqatdan ham yomon, - gapini tasdiqladi xotini.

Filipp kulib qoʻydi.
- Kutubxonaga, oldimga kirgin. Miss Smit bizni ma’zur tutar.
- Albatta.

Ular xonadan chiqishdi.
- Menga qara, tushuntirsang-chi bundoq. Kim u oʻzi?

Rozemari kuldi, eshikka suyanib javob berdi:
- Keson koʻchasidan topib oldim. Haqiqiy topilma. Choy-chaqa soʻradi. Men esa uyga olib keldim.
- Endi u bilan nima qilmoqchisan? - jahli chiqdi Filippning.
- Unga yaxshi muomalada boʻl, - dedi birdan Rozemari, - ahvoli qiyin hozir.
- Azizim, - dedi Filipp, - bilasanmi, sen aqldan ozibsan. Bu umuman mumkin emas.
- Bilardim shunday deyishingni, - e’tiroz bildirdi Rozemari. - U bugun qoladi.
- Lekin bilasanmi... - dedi Filipp sekingina va sigaretasini tishlab: - Istarasi issiqqina ekan, chiroyli, menga yoqdi.
- Chiroyli? - Rozemari kutilmagan gapdan lol qoldi. - Sen shunday deb oʻylaysanmi? E’tibor bermapman.
- Nahotki, - dedi er gugurtni chaqib, - U judayam yoqimli, bir qaragin, azizim. Xonaga kirganda oʻzimni yoʻqotib qoʻydim... Nima boʻlgandayam xato qilayapsan. Qoʻpollik qilgan boʻlsam kechirasan.
- Ahmoq qiz, - dedi Rozemari jahli chiqib. U kutubxonadan chiqib ketdi, lekin qizning oldiga bormadi. Xonasiga kirib stolga yaqinlashdi: «Chiroyli, yoqimli. Nahotki shunday boʻlsa». Chek daftarchasini oldi. Yoʻq, chek yordam bermaydi. Tortmani ochib 5 paund oldi. Ikkitasini tashladi, uchtasini qoʻlida siqib turdi va qizning oldiga ketdi. Qaytib kelganda Filipp xonada oʻtirardi.
- Aytgancha, Filipp, haligi miss Smit biz bilan ovqatlanmaydi, - dedi u tutilib.

Filipp gazetadan boshini koʻtardi.
- Nima boʻldi?

Rozemari uning tizzasiga oʻtirdi.
- Ketaman deb turib oldi. Ozroq pul berdim, - dedi jilmayib va oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Sochini qaytadan taradi, koʻzlarini boʻyadi, taqinchoqlarini taqib yana Filippga yaqinlashdi-da,
- Men-chi, men yoqamanmi? - deb soʻradi sekingina.
- Judayam, azizim, - deb uni oʻziga yanada yaqinroq tortdi eri. Biroz jim turishdi. Rozemari yalindi:
- Bugun chiroyli quticha koʻrdim. 28 giney ekan. Maylimi olsam?
- Ola qol, azizim.

Lekin eri Rozemari kutgan soʻzni aytmadi.
- Filipp, - pichirladi u va erining bagʻriga battar suqildi:

- Men-chi, men chiroylimanmi?