OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Knut Hamsun. Qazo (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifKnut Hamsun
Asar nomiQazo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Norvegiya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Neorealizm
Mualliflar
   - Knut Hamsun
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonVafo Fayzullo
Hajm36KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnali, 1998 yil, 3-son


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qazo (hikoya)
Knut Hamsun

1861 yil esdaligi

Glanlar oilasi bedarak ketgan leytenant Tomas Glan xususida roʻznomalarda koʻp e’lon berib, soʻrab-surishtirishlariga qaramay, undan biron-bir xabar boʻlmadi; u qazo qilgani, hatto qanday ahvolda oʻlganidan ham men yaxshigina voqif edim.

Ochigʻi, oilasidagilarning behuda bir qat’iylik bilan uni qidirayotganlari meni hayron qoldirmas, axir Tomas tegirmonga tushsa, sogʻ chiqadiganlar xilidan, yana nafsilamriga uni qadrlashardilar ham. Uni hamon oʻzimga raqib deb bilishga qaramay, esimga tushganda nafratdan qonim qaynab ketsa-da, ha, ha, men gardanimdagi qarzdan soqit boʻlishim kerak. U kelishgan, istarasi issiq, navqiron va yana allambalo fazilatlar koni noyob nusxa boʻlganidan har qanday kimsaning ham boshini aylantirar darajada edi. U ichingda nima borligini oʻqib oladiganday vahshiy, oʻtli nigoh tashlar, bu holati uning oʻziga-da hokimi mutlaq ekanligi, shuuringda yaraqlab ketar, qolaversa oʻzi ham buni xoʻb his qilib turardi. Bu xususda bir ayolning rivoyatnamo mish-mishini eshitganman: «Qachon u menga koʻz tashlasa, men oʻzimda boʻlmay qolaman, u xuddi koʻrinmas qoʻllari bilan menga teginayotganday boʻladi».

Biroq, beayb parvardigor. Tomas Glanda ham oʻziga yarasha qusurlar qoʻr toʻkkan, madomiki, men undan nafratlanar ekanman, bu noqisliklarni yashirib oʻtirishning hech hojati yoʻq. Ul zamonlar Glan shunchalik anoyi, shu darajada koʻngilchan ediki, bamisli yosh boladay tegmanozik, shu bois tegrasida havasmand qadrdonlari girdi kapalaklari koʻp boʻladi. Glan soatlarcha ular bilan har tur ahmoqona mavzuda bahslashar, keragidan ortiqcha laqillar, xoholar, unga esa faqat shu bema’niliklar kerak edi. Masalan, u biron-bir semiz odamni ta’riflasa, uni bir qop yogʻ deb malomatlar va oʻz topqirligidan mast boʻlib qiyqirar, biron-bir majburiyat bois bu behayo gaplarni tinshashga toʻgʻri kelgatsda, men juda hijolat tortardim. Keyinroq esa biz bir tom ostida tirikchilik oʻtkazishga toʻgʻri kelganda uning qanchalik dumbul ekanligi bilindi-qoldi. Bir ertalab uyimizning xizmatchi ayoli xonamga kirdi-da, nonushtaga nima xohlashimni soʻradi. Men shoshib turardim, oʻylab oʻtirmay: tuxumli bir burda non, - dedim. Tomas Glan ham uyimizning bolaxonasida, naq tomning tagida yashar, ayni pallada mening oldimda oʻtirardi. U birdan mening bu luqmamdan zavqlanib ketdi va xoholashga tushdi. «Tuxumli bir burda non», deb u qayta-qayta takrorlab, zavqlanar, buning hech bir kuladigan oʻrni yoʻqligidan hayratga tushib oʻtirsamda, bir nima deb yubormaslikka tirishardim.

Men bu eski gaplarni xotirlarkanman, uning beoʻxshov, dagʻal, bemaza qiliqlari qatorida, u gʻanimim boʻlishidan qat’iy nazar har holda nimadandir meni ayanganday koʻrinadi. Unga nima uchun kerak edi bu oliyjanobliklar? Toʻgʻri, u mast-alast boʻlgandagina, bunaqa ahmoqgarchiliklarga berilishini aytishim kerak. Biroq qay holatda boʻlganda ham bu baribir jirkantiradigan noqisliklar emasmi?

Men u bilan tanishgan 1859 yil kuzida u oʻttiz ikkiga chiqqan, biz hamteng edik. Oʻshanda u butun yuzini qoplagan soqolda, egnida toʻqilgan koʻylakda yurar, yoqasi hamisha ochiq boʻlgan bu koʻylagining yuqori tugmalarini ham oʻtkazay demasdi. Oʻshanda uning chehrasi menga favqulodda kelishimli koʻrindi, ammo uni koʻrishga koʻzim boʻlmay qolganda yaxshilab razm solsam, uning chehrasida ham menikidan ortiqcha oʻziga tortadigan hech vaqosi yoʻq ekan, faqat men oʻzimni uningdek namoyishkorona tutmayman. Men u bilan kemada uchrashib qoldim, hali biz yoʻlda, koʻzlagan manzilimizga yetmagan, temiryoʻlga yetmay yoʻlda qolib ketmaslik uchun darrov arava topishni kelishib oldik. Men atayin ul joyni aytmayapman, negaki yana xotiram tirnalib oʻtishini istamasdim; Glanning oilasidagilar buni vijdonan tushunishlari, shunga koʻra qidiruvni toʻxtatganlari durust, chunki bor haqiqat, Glan men nomini tilga olishni istamayotgan manzidda aynan qazo qilgandir.

Xullasi kalom, men Tomas Glan bilan uchrashganimcha ham u haqida nimalardir qulogʻimga chalingan, shu bois menga uning asli bir qadar tanish edi. Eshitishimga qaraganda, u shimoliy norvegiyalik hech kimi qolmagan, ammo juda dovruqdi va badavlat bir ofatijon yoshgina qizga ishqi tushadi, biroq qizning sha’ni allaqanday mubham tarzda boʻlgʻangach, u bilan aloqani uzadi. U nodonlarcha qiz qasddan oʻzini shunday sharmisor holga solgan deb laqillarkan. Aftidan, uning oʻzi qizni bunga majbur qilgan boʻlishi kerak. Chunki bundan Glan hech yutqizmasdi. Negaki, oʻshanda Tomas Glan ishratboz, aroqxoʻr, janjalkash sifatida otning qashqasidek dongʻi chiqqan, shuning orqasida xizmatdan boʻshagan paytlari boʻlib, bu ham unga koʻngil ochar oʻyinlarining qiyomidagidek tuyulgan, hatto alamiga bu qasos olishning manaman deb turgan imkoni boʻlib koʻringan boʻlishi ham mumkin.

Yosh juvon bilan uning orasida shunga oʻxshash voqealar boʻlgan deb mish-mish qilishar, ammo boshqacha gap soʻzlar ham yurar, aytishlaricha, u hech ham qizning nasogʻiga tegmagan, balki qizning ota-onasi uni koʻrarga koʻzlari boʻlmagan va hatto uni uylaridan quvib solishgan, qiz boʻlsa bu munosabatga qarshi biror-bir tadbir ishlatmagan, qaytaga ularning xohish irodasi bilan Glan ismini eshitishdan hazar qiladigan, xullas bir shved grafiga turmushga chiqib ketganmish. Men boʻlsa bu gaplarga hech ham ishonmayman, nazarimda Tomas Glandan nafratlanishim boismi birinchi mish-mish haqiqatga yaqin, menga boshqalardan koʻra, ul voqea boʻlganday tuyuladi. Ammo bu voqealar qay tarzda kechganu uning mashhuri jahon ma’shuqasi kim edi? Bu xususda Glan menga lom-lim demagan, men ham bu xususda hech qachon biron narsa soʻrab-surishtirmaganman. Menga bu zaril qolibdimi?

Men shuni xotirlaymanki, kemada gurunglasharkanmiz, oramizdan birontamiz avval boʻlmagan boʻlgʻusi manzilimiz xususida soʻzlashdik.
- Unda mehmonxona bor ekan, - Glan haritadan oʻsha joyni koʻrsata turib soʻzida davom etdi, - yetganimiz zahoti darrov joylashib olardik. Bu kabilar xususida menga qoni buzuq ingliz kampir aytib bergan, aytishicha borar manzilimiz oqsoqoli qoʻshni ovulda yasharkan, uning bir gala xotini boʻlib, ayollari 10 yoshdan katta emas, dyogandi.

Ochigʻi, men bu haqda hech nima eshitmagandim, oqsoqolning xotinlari sanogʻi-yu, qishloqda mehmonxona bor-yoʻqligi tushimga ham kirmaganligidan lom-lim demadim. Glan boʻlsa, gʻaroyib hikoyasi adogʻida nim tabassum qilib qoʻydi va bu iljayish oʻshanda menga juda ham ajabtovur koʻringandi.

Ha, darvoqe, men qariyib unutayozibman. Uning kelishgan qaddi-qomati ham nuqsondan xoli emasdi. Oʻzining aytishicha, chap oyogʻida ancha ilgaritdan tuzalmas oʻq jarohati boʻlib, obi-havo oʻynab turar, rutubatli kunlarda bu oyogʻi zirqirab chiqardi.

II

Bir hafta oʻtib biz kattagina kulbaga joylashdik. Eshitganimdek, duragay ingliz kampir uni mehmonxona, deb atardi. Oh, bu mehmonxonasini! Mehmonxona devorlarining katta qismi loy shuvoqli, ba’zi oʻrinlardan yogʻochlar chiqib turar, bu yogʻochli joylarda hamisha allaqanday hashoratlar gʻujgʻon oʻynar va odamga hech tinchlik bermasdi. Men yashagan xona zalning yonidagisi boʻlib, uning xira, kambar derazasi koʻchaga qaragandi. Glan boʻlsa bolaxonadagi qorongʻu bir chaldevorni tanlagan, bu xonaning oʻzidan ham beshbattar - goʻrning ogʻzidek xunuk derazasi borligi ham rost edi. Quyosh kulbamizning poxol tomini ayovsiz qizdirganidan, tunu-kun bu azobga Glan mahkum, chidab boʻlmas bu jaziramadan tashqari uning xonasiga chiqishga rosmana zinapoya ham yoʻq, shunchaki tirkab qoʻyilgan, agʻdarilarday gʻarib yogʻochlargʻa tirmashib, uning oʻz xonasiga chiqishga majburligini aytmaysizmi? Albatta, bunda mening zarracha gunohim yoʻq. Men hali, joylashmasimizdan oldin uni gapga solib, avvalo tanlash imkonini unga havola qilgandim.
- Bu yerda xona ikkita ekan. Koʻrib turganimizdek biri pastda, ikkinchisi tepada, xohlaganingizni tanlang.

U ikkisiga ham razm solib, yuqoridagisini tanladi. Men rozi boʻla qoldim, ehtimol, menga xonaning yaxshisi qolgandir, lekin bu uchun unga tashakkur aytishim kerakmi? Biz shunday rozi-rizolik bilan orani ochiq qilib olgandik. Haddan jazirama kunlar biz ovga chiqmasdik. Uyda tanda qurardik: O, jaziramaning avjini, naq yondiradi oʻziyam. Tunda esa toʻrlarni qurt-qumursqa, kemiruvchilardan muhofaza qilardik, yo piray, bir safar toʻrimizga koʻrshapalak tushib qolgan va uning bir boʻlagini kemirib tashlangandi; Glan bilan butsday tasodiflar kam boʻlmas, buning ustiga u bechora issiqlarda bolaxona derazasini berkitishni ham hech ilojisini qilolmas, meni boʻlsa hudoyimning oʻzi yorlaqagandi. Qunduzlari biz kulba oldidagi boʻyrada choʻzilib olardik. Chekishib, qoʻshnilarning hayotini kuzatardik. Lablari qalin qora tanli mahalliy aholining qora koʻzlari hamisha yaltirab turar, quloqlarida sirgʻa; ular qariyb yalongʻoch yurishar, faqat sonlarida latta yo shapaloq barglardan bogʻichlargina koʻrinar, ayollarining etaklari yanada kalta boʻlardi. Bolalar tunu-kun sarpoychang chopishar, katta qornilari yaltirab koʻzga tashlanardi.
- Ayollari bunchalik soʻlquldoq boʻlmasa-ey, - Glan menga luqma tashladi.

Bahslashish shart emas, haqiqatdan ham ayollari semiz, deyilgancha bor. Hatto, buni Glan emas, birinchi boʻlib oʻzim payqagan edim, ammo buni tilga olishni ep koʻrmagandim; qolaversa, ularning hurmatini qilib, bir nima degim kelmagandi. Keyin hammasini ham badbashara va semiz deb boʻlmas, aksincha men bir nim hundu, uzun kokil, marvarid tishli dilbar bilan tanishib qoldimki, u hammasidan alomat edi. Men unga ilk bora duch kelgan kechki pallada u sholipoya roshidagi boʻliq oʻtlar ustida uzala tushib, chalqanchasiga yotgancha, oyoqlarini likillatib oʻynatardi. Biz til topishgach, u uyiga ketmadi, ota-onasigʻa qoʻshni qishlokda tunab qoldim, deb yolgʻonlashga qaror qildi va biz subhi-sodiqdagina zoʻrgʻa ajrashdik. Glan oʻsha kechni, juda yosh, hali oʻnni ham toʻldirmagan ikki oʻsmir qiz bilan oʻtkazibdi. Ha, mana uning shu darajada jirkanchlikka borishi mumkinligini koʻring, yana bu sholi orogʻi totimi, uning toti sarxushligidan yuz bergan. boʻlsa kerak bu.

Ikki kun oʻtib, biz ovga joʻnadik. Biz choy plantatsiyalarini, sholipoyalarni, oʻtloqlarni ortda qoldirdik, qishloqlardan oʻtdik, tobora oʻzimizdan uzoqroq joylarga intilardik, shunda bizga qalin oʻrmonda moʻ‘jizaday, umrimizda hech koʻrmagan daraxtlar uchradi. Bambuk, mango, tamarind, tik, tuz daraxt, kamed va xudo biladi yana allaqanday daraxtlar, lekin biz ular haqida qariyb oʻylamasdik. Daryoning suvi jildirab oqar, bir tomchi yomgʻir tushsa, bilingudek edi. Biz yovvoyi kaptar va xoʻrozlar otdik, asr palla, boshimiz ustida ikkita toʻti uchib borar ekan, ikkita qoplon koʻrindi. Glan moʻ‘jizaday nishonga urar, uning oʻqi hech qachon xato ketmasdi; merganlikda men ham undan qolishmasdim, biroq, sezishimcha, uning miltigʻi menikidan tuzukroq edi chogʻi, shundayam, men ham nishonga aniq urib turdim, lekin lof urish, maqtanchoqlik qilishga hech hushim kelmasdi; Glan esa aksiga olib, laqillashdan qolmasdi: «Bunisini boshidan, bunisini dumidan urib tushiraman». U navbatdagi oʻljasiga oʻq uzishdan ilgari shunday der, qachonki, oʻlja qulab yotganda koʻrilsa, u aynan boshi yo dumidan oʻqqa uchgani rost boʻlib chiqardi. Biz ikki qoplonga duch kelganda, Glan sochma bilan ularni zoʻrgʻa nariroqqa haydadi; men boʻlsa; qorongʻi ham tushdi; bor patronlarni ham ishlatib boʻldik, deya qaytishni xotirlatdim. Shu damda uning nigohlari yaltirab, koʻrib qoʻy, men qanchalik dovyurakman, sochma bilan ham qoplonlarga hamla qilaveraman, - degudek edi.
- Eh, attang, paqillatib tashlamaganimni - u menga yeb qoʻyarday qarab, soʻzida davom etdi.
- Bu hammasi sizning chidab boʻlmas darajada aql bilan ish tutishingiz oqibati. Bu uchun shunchalik boshqotirishning nima hojati bor? Yo shunchalik ham uzoq umr koʻrishni istaysizmi?
- Agar siz meni oʻzingizdan aqlliroq hisoblayotgan ekansiz, bundan hursandman, - dedim kinoyaomuz.
- Ey, arzimas ishkallar uchun tortishib oʻtiramizmi, - dedi u shu onda oʻzgarib.

Bu mening emas uning luqmalari edi. Ovda u men bilan janjallashishga muvaffaq boʻlmadi. Holbuki, tez oʻzgarmaganda, uning bemaza gaplaridan mening ham qonim qaynay boshlagan va shu tarzda ketsa, oxiri voy boʻlishi ham hech gap emasdi. Nihoyat men baxayr xotirjam tortib, oʻz sohibjamolim oldiga joʻnadim, ikkimizning ham kayfiyatimiz joyida desa boʻlardi. Glan kulba oldida choʻkarkan, bizga qarab, bosh qimirlatdi va kulib qoʻydi. Shundagina Maggi unga birinchi marta zingil solib qaradi, menga savollar berib, uni rosa soʻrab-surishtirdi. U qizning xayollarini toʻzgʻitib yuborib, xoʻb taassurot qoldirgandi, bu menga yomon ta’sir etdi va qizga javobim ham shunga yarasha boʻlgach, tezda bir-birimizdan dillarimiz kuyib, ikki tomonga ajrashib ketdik.

Men bularning hammasini oqizmay-tomizmay Glanga hikoya qilganimda, u bularning bari mening xomxayollarim ekanligiga yoʻydi. Biroq, men unga yana hammasini eslatdim. Chunki, biz kulba yonidan oʻtayotganimizda u menga emas, aynan Maggiga qarab iljaygandi. Glan qiziqib soʻradi:
- Namuncha u kavshangani-kavshangan?
- Bilmadim, - dedim men. - Rost, uning marvarid tishlari hech tinchimaydi.

Voy-buy, uning topgan yangiligini; buni mening oʻzim ham yaxshi bilardim. Ilk bor koʻrganimdayoq diqqatimni tortgandi - haqiqatdan ham Maggi toʻgʻri kelgan narsani ogʻziga solar, chaynar, uning oq marvarid tishlari hech tinmas ekan, bunda boʻlak tot, maza bordek edi. Lekin u nima qulay boʻlsa pulmi, qogʻozmi, yana allam balo hammasini chaynaverardi. Balki bunda qandaydir uyat boʻlishi mumkin-ku. Shunda ham u baribir bu yerning eng oldi goʻzali edi. Hammasi kunday aniq, Glan meni oʻz maqomiga yoʻrgʻalatmoqchi boʻlgan.

Keyingi kech biz yana Maggi bilan yarashib oldik va Glan haqida boshqa churq etmadik.

III

Bir hafta oʻtdi, biz har koʻni ovga borardik va bir talay yovvoyi jonivorlarni qiyratardik. Bir ertalab endigina oʻrmonga kirgan edik ham, Glan meni qoʻli bilan toʻxtatib, shivirladi: «Qimirlamang!» U bir lahzada miltigʻini oldinga oʻqtalib, tepkini bosib yubordi. U yoshgina qoplonni jahannamga joʻnatgani aniq edi.

Men ham uni naqd boʻgʻzidan otishim mumkin edi, Glan bu imkoniyatni bermadi, otini ertaroq qamchilab qoldi. «Endi rosa koʻkragiga uradi!» - xayolimga yarq etib shu fikr urildi. Biz yirqichning yoniga yugurgilab yetdik, oʻq uni joyida qulatgan, chap biqinini oʻpirib ketib, beliga oʻrnashgandi.

Buni men ham qoyillatardim, shuni bildirib qoʻygim keldi:
- Men ham sizdaqa otaolardim.

Glan menga koʻz tashlab qoʻydi.

Men yana qaytardim:
- Yo siz merganligimga shubha qilasizmi?

Glan yana javob qaytarmadi. U bolalarcha anoyiligini yana bir bor koʻrsatdi. Oʻlik yirtqichni yana bir otdi va bu safar oʻq qoplonning boshini majaqladi. Men unga tamoman hayrat bilan anqayib qaradim.
- Qarang-a, - tushuntira ketdi u, - zoʻrgʻa biqiniga tekkanini, - buyam mening otishga noqobil choʻqchiligimni koʻrsatadi. Uning kesatishini, shu oddiy yumushda ham oʻzini maqtanchoqlikdan saqlay olmagani koʻzida shundoq shu’lalanib turardi. Mana dumbullik. Biroq men oʻz dardim bilan edim, uni izza qilib oʻtirmadim

Kechki payt ortga qaytganimizda, qoplonning boshi atrofida bir talay shu yerliklar yigʻilgandi. Glan ularga izoh uchun biz uni ertalab otgandik, deb qoʻydi va boshqa chaynalib oʻtirmadi. Odamlar orasida Maggi ham hozir edi.
- Uni kim oʻldirdi? - Maggi soʻrab qoldi.
- Ertalab biz otgandik, mana qara, uning ikki joyida jarohati bor, - u birdan yirtqichning jasadiga oʻgirilib, uning boshi va biqinidagi jarohatlarni koʻrsatdi.
- Mening oʻqim nakd shu yeriga tekkandi, - derkan u qoplonning biqinidagi oʻyiqni koʻrsatdi, uning oʻylamay laqillashdan shu kelib chiqdiki, goʻyo men qoplonning boshidan otgan boʻlib chiqardim. Men esa bilmadim nima uchun, uning bu luqmasini toʻgʻrilaydigan ahvolda emasdim. Soʻng Glan qoravoylarni guruch arogʻi bilan siyladi-da, hech qachon oʻzida kuzatilmagan hafsala bilan hirgoyi qilishga tushdi.
- Bundan chiqdi, qoplonni ikkovi oʻldiribdi-da, - Maggi sekingina gʻuldirab qoʻyarkan, uning fikri hayoli faqat Glanda, unga termulgani-termulgan edi.

Men unga ters bir harakat bilan dedim:
- Namuncha unga mahliyolanib qolding? Meni koʻrmay qoldingmi deyman?
- Koʻrib turibman, - qiz istamay javob qaytararkan, qoʻshimcha qildi, - men bugun albatta kelaman, eshitdingmi.

Glan aynan oʻsha kunlar xat olgandi. Kema orqali kelgan bu noma ta’siri haqida shuni his qilgandim-ki, mohiyatdan noma takdirni 180 mil oʻzgartirar darajada edi. Xatdan ayolning nafasi ufurar, payqashimcha, u Glanning bir paytlardagi qadrdon hamrozi, oliy maqom juvondan kelganligi begumon edi. Glan nomani oʻqirkan, asabiy xoholadi va oʻziga notinchlik keltirgan bu holatni unutmoq maqsadida boʻlsa kerak, bosib-bosib achchiq choy xoʻpladi. U koʻp oʻtmay jimib qolgan boʻlsa-da, chehrasi tundlashib, kun boʻyi qoʻllarini bir-biriga xalpanja qilganicha, olisdagi bir nuqtaga termulib oʻtirdi. Glan oʻsha kechqurun kompaniyaning qari aroqxoʻri, shu yerlik kaltabaqay va uning oʻgʻli bilan rosa boʻkib ichib oʻtirarkan, bir payt menga koʻzi tushib qoldi va ehtiros bilan bagʻriga tortib, holi- jonimga qoʻymay, ichishga da’vat etdi:
- Bugun siz judayam odamning joni boʻlib ketibsiz, sababini bilsak boʻladimi?! - soʻradim.

Shunda u qahqaha otib dedi:
- Biz siz bilan dunyoning bir chekkasi Hindistondayam oʻz yerimizdek ov qilib yurmayotirmizmi? Bu kulguli emasmi? Keling, butun dunyoga egalik qilishimiz uchun va barcha-barcha ofatijon erli va boshi ochiq ayollar uchun, olis va yaqin malaklar uchun qadah koʻtaramiz. Ha-ha! Tasavvur qiling! Erli ayol-a! Endi boshida eri boʻlaturib nomahram erkakka oʻzi oʻzini taklif qilayapti-ya!
- Grafiniyami! - Men istehzo bilan dedim. Mening kesatigʻim nishonga bexato tekkandi. U xuddi it kabi tishlarini irjaytirdi, chunki men ishonch bilan gapirgan sari, hanjar aynan yurakni topib borayotgan edi. Birdan uning chehrasi tundlashdi, qovoqlari uchishga tushdi, aftidan u oʻz xatosini ortiqcha laqillab qoʻyganini payqab qoldi. Uning badbaxt siriga kim ham zor edi, deysiz? Biroq shu payt aynan bizning kulbamizga bir necha bolachalar baqir-chaqir bilan yopirilishdi.
- Uh, yoʻlbarslar, yoʻlbarslar.

Shundoq qishloqning chetidagi butazorda, daryodan oʻtadigan joyda yoʻlbars bir bolaga chang solgandi. Glan boʻkib ichganiga qaramay yana ichib oldi, nihoyat, nafsi qondi chogʻi, shu zahoti miltiqni oldi-da, boshiga biron narsa ilmay ham, butazorga otildi. Qiziq, anglash dushvor edi, nega u sochmadan olmay, yakka oʻqning oʻzi bilangina chiqdi yo shunchalik u dovyurakmidi? U daryoni kechib oʻtdi, bu xavfsiz, negaki, hamishagidek yomgʻir oldidan daryo oʻzayi qup-quruq, boʻm-boʻsh edi. Hech qancha vaqt oʻtmasdan birin-ketin ikki oʻq ovozini eshitdim, ketidan uchinchi oʻq yangradi... «Bir yirtqich uchun uch oʻq otildi-ya, - oʻylardim, ikki oʻq bilan, hatto sher ham qulashi shubhasiz, bunda esa bor-yoʻgʻi yoʻlbars...» Biroq uch oʻq ham xato ketgan, Glan yetib borganida, yoʻlbars bolani tilka pora qilib, qariyb yeb boʻlayozgan edi; Glanning bunchalik mast-alast koʻrilmaganini ham xayoldan soqit qilib boʻlmaydi.

Tun boʻyi u qoʻshni hujrada, men kimligini bilmagan bir beva ayol va uning ikki qizalogʻi bilan aysh-ishrat qildi.

Ikki kun keyin ham Glan oʻziga kelmagan, butun emin-ihtiyori shishadoshi ixtiyorida edi. U meni koʻrib, oldiga chorlaganda oʻzini iroda qilolmas darajada boʻlsayam, dona-dona qilib rashkchi ekanligimdan soʻzladi:
- Sizning aqlingizni rashk olib qoʻygan!
- Rashk! Men-a rashk qiladigan!
- Baraka topkur, - deyman. - Men nimani sizdan rashq qilishim mumkin? Men-a!
- Yoʻq, yoʻq, albatta siz rashk qilmaysiz - javob berdi va bu javobiga aloqasizday dedi: - Aksiga men bugun ham Maggini koʻrdim u hamishagidek kavshanib yuribdi.

Men tilimni tishlab qoldim va bundan tezroq uzoqlashdim.

IV

Biz yana ovga boradigan boʻldik. Glan mening oldimda oʻzini aybdor his qilganidan kechirim soʻradi.
- Umuman hammasi jonimga tegdi, qandaydir adashgan oʻq chakkamni bezasa yaxshi boʻlardi.

Yana grafiniyadan kelgan xat uning halovatini buzgan chogʻi, shuni oʻylay turib unga dedim:
- Nima eksang, shuni oʻrasan-da!

U kun oʻtgan sari tund va kamgap boʻlib borar, ichishni bas qilgan, miq etmas, lab-lunjiga esa qarab boʻlmasdi.

Kunlardan bir kuni men toʻsatdan derazam oldida xurram ovozlarni eshitib qoldim, qarasam, tarallabedod Glan Maggi bilan shakarguftorlik qilib oʻtiribdi. Bari sir-asrorim xayolimdan koʻtarildi. Aftidan, qiz toʻgʻri uyidan kelgan, yengiltak Glan gʻaraz bilan uni noma’qul bir ishga undamoqchi boʻlardi. Ha, ular ayni mening derazam tagida dunyoni unutib, bir-birlariga suykalishardi.

Men birdan titrab ketdim, yulqinib miltiqni oldim-da, tepkini bosdim, biroq u oʻqsiz ekan. Soʻng tashqariga chikdim-da, Maggining qoʻlidan ushlab, uni butun posyolka oldidan olib oʻtdim; Glan esa bu orada xonasiga kirib, bekindi.
- Nega, sen yana u bilan gaplashding? - men Maggidan soʻradim.

U javob qilmadi.

Bu mening jonimni hiqildogʻimga keltirgan, yuragim anglovsiz tarzda tez urar, bu holatdan chiqishim juda mashaqqat edi. Men hech qachon Maggini bu darajada goʻzal koʻrmagan, hatto oq tanli xuriliqolar ichida ham bunaqa koʻhlisini uchratmagandaydim, rosti men uning qora tanlilarga mansubligini ham unutayozgan, undan boʻlak dunyoi dun xayol imdan abas boʻlgatsdi.
- Aytgin, - dedim men, - nega sen yana u bilan gaplashding?
- U menga yoqadi.
- U senga mendan koʻra koʻproq yoqadimi?
- Ha.

Demak, qizga mendan koʻra Glan ma’qul ekan, mening Glandan qanday kam joyim yo kusurim boʻlishi mumkin? Kunday ayonki, men hamisha ochiq koʻngillik bilan uning koʻnglini ovlayman, doim qizni pul va sovgʻalar bilan siylayman, u-chi?
- Glan sening ustingdan kulgani-kulgan, aytishicha, qachon qarasa, ogʻzingga bir narsani tiqib, kavshanib yurarmishsan, - dedim oʻchimni olayotgandek.

Avvaliga qiz bu kulgi sababiga tushuna olmadi, biroq men ham uqtirishdan qolmadim. Sening bu odating Glanga yoqmaydi, shu bois u seni mazah qilayotibdi. Oxiri uning fikri-tasavvurini sal oʻzgartirshga muvaffaq boʻldim.
- Maggi eshitib ol, - deb davom etdim men, - sen istasang, bir umr meniki boʻlasan. Sen men bilan ketasanmi? Men doim shu haqda bosh qotiraman, eshitayapsanmi, men bundan ketsam seni ham birga vatanimga olib ketmoqchiman. Senga uylanmoqchiman. Unda maza qilib birga umri guzaronlik qilardik. Qanday, ma’qulmi?

Bu va’dalar ham unga ta’sir etmasdan qolmadi. Maggi yayrab ketdi va butun aylanish davomida chakagi tinmadi. Glanni u bor-yoʻgʻi bir safar esladi va soʻradi: .
- Glan ham biz bilan boradimi?
- Yoʻq, u biz bilan bormaydi! - qat’iy qilib aytarkanman, davom etdim. - Yo sen bundan afsuslanayotirsanmi?
- Yoʻq, yoʻq, - shoshib-pishib dedi u, - men xursandman.

Boshqa u Glan haqida gapirmadi, men tinchlandim. Va u men chorlasam bajonidil labbay deydigan boʻldi.

Ikki soatlardan keyin, men yolgʻiz qolganimda, urinib-surinib Glanning oldiga koʻtarildim va uning nozik qamish eshigani qattiq taqillatdim. U xonasida edi. Men unga:
- Sizni ogohlantirish uchun keldim, ertadan boshlab birga ovga chiqmasak, - dedim.
- Nima uchun?
- Shuning uchunki, oʻzimni doim ham iroda eta olaman deb aytolmayman, toʻsatdan ensangizni nishonga olib qoʻysam ham ajab emas.

Glan hech narsa demadi, men ham oʻz xonamga tushib ketdim. Yana shuncha gapdan keyin yana nimaga deb soʻrashini, bu ogohlantirishimdan keyin u hech qachon men bilan ovga bormasligi kerak, derazam ostida bir-biriga suykalib, baland ovozda oʻyin-kulgi qilganini nima deb oʻylash kerak. Umuman, agar xat kelib, haqiqatdan ham uni chorlashayotgan boʻlsa, bu nega oʻz vataniga keta qolmaydi? Yoʻq, bunaqasi oʻtmaydi. U esa hamisha tishini gʻichirlatib, hammasini boy berganday vishillaydi. «Arzimaydi! Arzimaydi, menga toʻrtdan biri boʻlgandayam!»

Biroq bu voqeaning ertasi kuni, ogohlantirishimga qaramay, tongotarda Glan mening toʻshagim oldida paydo boʻlib, baqirdi.
- U, boboy, qani boʻling, vaqt boʻldi. Havo ham a’lo darajada. Baayni ov uchun, kechaga soʻzlarni hayolingizga xam keltirmang. Siz oʻzi gart behuda gap qildingiz.

Hali soat toʻrt boʻlmaganiga qaramay, men ham shu chogʻ oʻrnimdan sakrab turdim va kechaga gap-soʻzlarimga beparvo tayyorgarligimni koʻrdim. Men uning koʻz oldida miltiqni oʻqladim. U aytganday havo u qadar emas, yomgar tomchilab turar, u aynan tahqirlash uchun bu gaplarni oʻylab topgandi. Biroq men ham qasdi-bastiga olib, churq etmadim.

Har kim oʻz xayoli bilan kun boʻyi butun oʻrmoqtsa tentirab yurildi, biz qancha-qancha xilvat, ovga qulay joylar qolib, boshqa oʻrinlarda, tamoman boshqa bir yumushga mashgʻuldek kezindik. Kun yarimlab qolganda Glan mendan biroz oldinda, men uni saranjomlash uchun ayni qulay oʻrinda nima uchundir atayin ketib borardi. U aynan miltigʻim ogʻziga toʻfi joyda borar, bu ham oʻylashimcha, faqat meni tahqirlash uchun edi.

Har qalay, biz hech bir majorasiz ortga qaytdik. Hech qisi yoʻq, bu yogʻiga chidash qiyinmas, oz qoldi, hademay Maggini koʻrish bilan bularning bari unutiladi.
- Hayotimdagi eng uzun kun boʻldi nazarimda bugun, - deb qoldi Glan kech palla, biz kulbalarga yaqinlashay deb qolganimizda.

Kun boʻyi oramizda aytilgan gap bor-yoʻgʻi shu edi. Keyingi kunlarda u juda tushkun ruhda yurar, ehtimol bularning bariga oʻsha noma bois edi.
- Men ortiq chidolmayman. Yoʻq, qoʻlimdan ham hech narsa kelmaydi. - Tunda u shunday deb hayqirib yuborgani butun uy ichiga eshitildi. U oʻzining badbin ruhida shu darajaga yetib borgandiki, sohibamizning eng xushmuomala soʻrab-surishtirishlariga ham javob qilmas, uyqusida alaqsirab chiqardi.

«Ha, rost, uning vijdoni toza emas! - oʻylardim Men, - qarang, uyda ham tuz tortmadi. Qiynalishlari tushunarli, axir uni itdek haydagan Xonadonga yana qanday yuz bilan kirib boradi. Bunda hammadan ham koʻp oʻz takabburligi halaqit berayotgani aniq!»

Maggi bilan hamishagadek Glanning oldida koʻrishib yursam-da, u bu haqda gapirmasdi. Bunday qarasam, Maggining jagʻi qimirlamas, har doimgidek chapillatib yurishni u tashlabdi, men bundan quvonib ketdim. Xayolimda oʻzimcha oʻylardim: qanday yaxshi bir kusurini tashlabdi, men boʻlsa uni ikki barobar koʻproq sevaman. U bir Glan haqida, shunda ham ehtiyotkorlik bilan soʻrab qoldi: - U hasta emasmi? Biron yoqqa ketgani yoʻqmi?
- Hali uning uni oʻchganicha yoʻq, demak hech qayokqa hozircha gumdon boʻlmagan, - qoʻrslik bilan dedim men, - albaggta, xonasida agʻanab yotgandir. Mening uchun buning hech bir qizigʻi yoʻq. U rosa koʻnglimga tekkan!

Biroq biz uyga yaqinl ashib kelar ekanmiz, Glanga koʻzimiz tushdi, u buyra ustida uzala tushib yotar, qoʻlini boshi ostaga bolish qilib, osmonga termulib oʻtarardi.
- Baxtga qarshi, ana u, yotibdi, - dedim men.

Maggi shunday deyar-demasimdan unga qarab chopdi, hatto men uni ushlab qolishga ham ulgurmadim. Maggi sevinch bilan halloslab dedi:
- Endi men ogʻzimga na pero, na pul, na qogʻoz tiqaman, qarasangchi, men ogʻzimni chapillatib, kavshanib yurishni butunlay tashladim.

Glan zoʻrgʻa qizga qaradi, yana tezda nigohini osmonga burdi, biz Maggi bilan ketdik. Men endigina haligi qiligʻi uchun uni koyishga kirishgan edimki, u bergan va’dasiga hilof ravishda yana Glandan gapiraverdi, uning yonida boʻlishni xohlayotganini bildirdi.
- Him, demak, sen - bundan chiqdi uning uchungina chaynashni bas qilibsan-da, shunday emasmi??
- U miq etmadi. Bu qiligʻi yana nimasi, menga javob berishni ham xohlamasa?
- Javob ber, uning uchun shunday qildingmi?
- Yoʻq, yoʻq, - javob qaytardi u, - buni men sen uchun qildim.

Qani endi men ham shunday deb oʻylasam.

Nega u Glanning koʻnglini olish uchun bunchalar urinadi?

Kechqurun Maggi kelishga va’da berdi va keldiyam.

V

U oʻnlarda keldi, tashrifi qulogʻimga chalingan ovozidan bilindi.

Maggi qoʻlida bola koʻtarib olganicha, goʻdakka qattiq-qattiq gapirardi. Nega u bola bilan kelibdi? Yana nega uyga ham kiray demaydi? Men uni zimdan kuzatarkanman, uning goʻdakka qattiq-qattiq soʻz aytishi, ogohlantirish qoʻngʻirogʻiday menga tuyula boshladi va buning ustiga uning nigohi bolaxonadagi Glanning xonasidan uzilmayotganiga ham koʻzim tushdi. Glan unga bosh irgʻab qoʻydimi, yo qoʻlini silkitdimi?

Pastdan bunga javobanday qizning ovozi yangradi. U bola bilan gaplashar, ammo nigohi tepaga qadalgandi, oʻzimcha hammasini anglab yetdim.

Men irgʻib turib, uning qoʻlidan ushlab, xonaga olib kirgim keldi, biroq shu payt uning oʻzi bolani qoʻynidan boʻshatib yoʻlakdagi eshigimizga kirdi. Mana nihoyat hozir uning ta’zirini berib qoʻyaman.

Maggi qanday qilib ichkariga kirganini eshitib turdim. Xato boʻlishi mumkyn emas, u qariyb xonam oldiga yetib qolgandi. Biroq, u mening oldimga kirish oʻrniga zinapoya orqali yuqoriga koʻtarilayotganini, bir amallab bolaxonadagi Glanning hujrasiga yetganini juda aniq eshitdim. Men xonam eshigani lang ochganimda, Maggi qariyb koʻtarilayozgandi.

Soʻng qamish eshik qattiq yopildi va hech sas eshitilmay qoldi. Bularning bari oʻnlarda boʻldi.

Men xonamga kirib, allamahal boʻlishiga qaramay, miltiqni olib, oʻqladim. Soʻng tepaga koʻtarilib, Glan eshigining ortidan quloq soldim. Unda Maggi borliga, ular allaqachon apoq-chapoq boʻlib ketgani menga bilindi. Men pastga tushdim, birozdan keyin yana tepaga chikdim. Biroq hammayoq suv quyganday jim-jit edi. Men eshik ortida turib, ular uygʻonishini kutardim. Soat uch boʻldi, toʻrtdan oʻtdi, beshlardagana ular uygʻonishdi. Men ul voqea haqida oʻylamasdan faqat hozir haqida xayol surib, «Ularning uygʻongani yaxshi boʻldi-da», deb pichirladim. Shu palla xonadon sohibasining vagʻur-vagʻuri eshitilib qoldi, u-bu alfozda menga koʻzi tushishidan, xavfsirab, pastga tushishga shoshildim. Qulogʻimga hamon Glan va Maggi uygʻongani, gaplari kirib turar, mana u ketmoqchiligiyam bilindi.

«Haligina u shu yerdan oʻtarkan, yelkasi xonam eshigiga tegib, oʻtgan, biroq eshikni ochmagan, zina boʻyicha yuqoriga koʻtarilgandi. Mana oʻsha chirik, toʻrt yogʻochli zina, hademay uning oʻzi shundan pastga tushib ketadi». Xonamda oʻtirib oʻylaganim-oʻylagan edi. Toʻshagim gʻijim boʻlib yotar, men bir zumga unga choʻzilishni xayolimga ham keltirmasdan, deraza oldida oʻltirguncha miltigʻim bilan mashgʻul edim. Yuragim titrar, qovliqar, u koʻksimda yoʻq darajada edi.

Yarim soatlardan keyin zinada Maggining qadam tovushlari eshitildi. Men derazadan engashib, u qanday uydan chiqayotganini kuzatdim. Uning etagi tizzasiga ham kelmas, egnida kalta chit koʻylak, yelkasida Glanning sharfi solingandi. Afti angorida biron bir oʻzgarish sezilmas, faqat yubkasi gʻijim edi. U hamishagidek, yuraymi-yurmaymi degandek nozli qadam bosardi. Yo piray, u mening derazamga qiyo ham boqmadi, shundy oʻtdi-ketdi.

Koʻp oʻtmay Glan oldimga kirdi. Uning ov uchun hamma jihozi taxt, miltigʻi oʻqlangan, chehrasi esa nihoyat tund edi. Odatdagi muqomi menga ta’zim ham qilmadi. U did bilan yasan-tusan kiyingandi. «Sarupolarini, xuddi kuyovlarnikidek» - oʻylardim men.

Men ham shoshib-pishib uning ortidan chiqdim, jim borardik. Oʻynab-oʻynab u ikki tus tovuqni shafqatsizlarcha yoʻqlik olamiga joʻnatgandiyam, daraxt ostida nimadir qovurib, tushlik qilganda ham birovimizdan sado chiqmadi. Yarim kun shunday ado boʻldi.

Hech kutilmaganda Glan birdan baqirib qoldi.
- Syz oʻzi rostdan ham miltigʻingizni oʻqladingizmi? Toʻsatdan birortasi hamla qilib qolsa, nima qilasiz?!
- Hammasi taxt, xotirjam boʻling, - javobiga men ham baqirib dedim. U shu on butalar orasiga kirib gʻoyib boʻldi. O, qanday alomat boʻlardi, shu pallada uni xuddi itday otib tashlaganimda. Biroq qayga ham shoshadi, aftidan u ham xayolimda nima aylanib yurganini yaxshi bilardi, shu bois ham men miltiqni oʻqlaganimni qayta-qayta soʻrab, aniq bilmoqchiday edi. Oh, yangi koʻylagini kiyib olib, yasan-tusan qilib olganini; hech boʻlmasa bugun oʻz kalondimogʻligidan qolsa edi, bu boʻlsa qanoti boʻlmasa ham koʻqda uchib yurgudek tutadi oʻzini.

Kunning belgisiz bir vaqtida u haddan qahrli, ranggida rang qolmagan alfozda menga qaradi va dedi: Yoʻq, yoʻq, bunisiga hech chidab boʻlmaydi! Ha! Ha, siz oʻzi miltiqni oʻqlaganmisiz?
- Sizda oʻzi patronlar bormi?
- Yaxshisi oʻz miltigʻingizning dardini yeng, - desamda uning betoqatlanayotgani menga ayon edi.

U yana old tomonga oʻtib ketdi. U jimgina, boshini xam qilib borarkan, men oramizdagi masofani aniq belgiladim. Oradan oʻtgan bir soatlar davomida kaptar otdim. Yana miltigʻimni oʻqlab oldim. Miltiqni oʻqlar ekanman, Glan daraxt oldida turib, menga zingil soldi va haqiqatdan oʻq joylayotganimning guvohi boʻlgach, tasavvur qilasizmi, xuddi toʻylardagidek hirgoyi qilishga tushdi. «Qarang marakaga kelgandek, yasan-tusan qilib olganini. Qoʻshiq aytmokda - oʻylardim men, - koʻrinib turibdi, bugun u oʻzini alohida, yengib boʻlmas darajada tutmokda». Keyin u toʻgʻri mening roʻparamda paydo boʻlib, boshini koʻtarib oldi, mayda qadam tashlab, hirgoyisini davom ettirdi. U yana mening miltigʻim ogʻzida borar, xuddi shu payt, toʻy ashulasini kuylayotganida hammasi yuz berishi kerak deb oʻylayotgani shundoq sezilib turardi. Biroq hech narsa yuz bermadi. U hammasini sayri tomoshaga chiqqanday, tugatdi. Mayli hech qisi yoʻq.
- Ey, bugun hech omadimiz yurishmadi-da, - derkan, u menga goʻyo hirgoyi qilgani uchun hijolatli kulib qaradi. Uning bu begʻubor kulgisi ajoyib, aslida kulgisi ortida koʻz yoshlari tiqilib turganini pirpirab uchayotgan qovoqlaridan ham bilsa boʻlar, hatto namoyishkorona kulib turgan boʻlsa ham bu shubhasiz edi.

Men unga bir ojiza emasligimni juda yaxshi bilar, bunaqa hazillar oʻtmasligini bilgani sari, asabiylashar, atrofda charx urib, goh oʻngdan, goh chapdan paydo boʻlar va toʻxtab, nimanidir aniq kutardi. Soat beshlarda yangragan oʻq tovushidan birdan qalqib tushdim, oʻq mening chap kulogʻim tepasidan chiyillab oʻtgandi. Men nigohimni koʻtarib oldga qarasam, Glan bir necha qadam narida turib, menga termular va uning miltigʻi ogʻzi tutab turardi. «Nima balo, u meni otmoqchi boʻldimi?» Men unga qarab:
- Shuncha ham uquvsizlik bilan otadilarmi, siz nishonga tegizaolmadingiz-ku, - dedim.

Biroq, u hech qachon yomon otmas, nishonga olishda hech ham adashmasdi, maqsadi, meni gʻazablantirishmi?
- Oh, yaramas-ey, nimaga qaraysiz, oʻch olsangiz-chi, - u baqirib berdi.
- Hammasining oʻz vaqti-soati bor, - dedim men tishimni tishimga koʻyib.

Shunday biz yuzma-yuz turib, bir-birimizga qararkanmiz, Glan yelkalarini qisib menga qichqirdi:
- Qoʻrqoq.

Oh, u yana meni "Koʻrqoq" deb ham atadi- ya! Men miltigʻimga yopishib, uni naq yuziga toʻgʻriladim-da, tepkini bosdim.

Nima eksang shuni oʻrasan!

Glan oilasidagilarning bu odamni qidiruvni davom ettirayotganlari behuda. Meni marhum haqidagi almisoqdan qolgan ahmoqlarcha ma’lumotlar jahlimni chiqaradi. Tomas Glan Hindistondagi bir ovda, baxtsiz hodisa tufayli bir daydi oʻqdan paymonasi toʻlgan. Sud uning nomi va qazo kunini rasmiylashtirib, bir jildga tikib qoʻyibdi. Oʻsha rasmiy qogʻozda yozilganiga koʻra u oʻlgan, aynan bir daydi oʻq zarbidan oʻlgan, oʻlgan eshitdingizmi?