OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Komil Avaz. Qaytar dunyo (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifKomil Avaz
Asar nomiQaytar dunyo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Komil Avaz
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qaytar dunyo (hikoya)
Komil Avaz

Zarnigor qancha jon kuydirmasin, Isfandiyor jahlidan tushmadi. Shu kunlari uning miyasida bittagina oʻy charx uradi, oʻgʻri mushukdan oʻch olish — na kunduzi halovati bor, na kechasi. Oʻziyam bir narsaga ahd qilsa, biryoqli qilmaguncha tinchimaydi.

Zarnigor erining maydachiligidan kuyib, biror kimga dardini yozolmay figʻoni falak kunlari oyisi:
— Qoʻy, kuyinma qizim, chekmasa, ichmasa, biror suyuqoyoqqa ilashmasa, roʻzgʻorim desa, yana nima kerak senga? Shukur qil, qizim, — deydi.
— Chekkani, ichgani yaxshi edi. Ishton biti! Oshxonaga ham aralashadi, bosgan qadamingni sanaydi. Bolalarni zir titratadi. Menga ishonmaydi. Qishi bilan yeydigan salatlargacha, ichadigan kompotlargacha oʻzi qiladi. Oʻtgan yilgi tayyorlaganlarini hali yeb ado etganimiz yoʻq!
— Yaxshi-ku! Roʻzgʻoring but, bozor-oʻchar bilan ishing yoʻq. Zorlanma!

Zarnigorning zorlangani bilan nimayam oʻzgarardi. U erining fe’lini yaxshi biladi. Har bir tiyin hisobda boʻlib qolgan bu zamonda erning shunday boʻlgani balki ma’quldir... Baribir Zarnigor erini boshqa erkaklarday uyning ichki mayda-chuyda ishlariga aralashmasdan, koʻchadan gursillab kirib kelishini qoʻmsaydi.

Isfandiyor Zarnigor oʻylaganchalik xasis emas, ammo qoʻli ochiq ham emas. Bari narsaning oʻlchamli boʻlishini, tejab ishlatilishini istaydi. Mol boqib koʻrdi, yemini yetkazolmay qiynaldi. Qarasa, uyda chiqindi koʻp, yetti xazinaning biri deb tovuq boqishga xuruj qildi. Lekin peshonasiga tovuq boqish bitmagan ekanmi, oʻzining ta’biri bilan aytganda, zotdor tovuq tuxumidan saylab oʻn bir donani bir bostirdi. Ertalab tovuqxonadan xabar olsa, ona tovuq mungʻayibgina bir chekkada turibdi. Bir donayam tuxum yoʻq. Isfandiyor hayron boʻldi, negaki, kecha oʻzi qulflagan, ertalab oʻzi ochdi. Tovuq ostidagi tuxumlar yoʻq. Kimdan soʻrab, kimdan alam olishini bilmay diltang boʻldi. Qoʻshnisi Marayim ota tuxumlaringni ilon yutgan dedi. Isfandiyor ishonqiramadi, lekin tovugʻi tagiga yana tuxum bostirib poyladi. Tutsa majaqlab tashlamoqchi edi. Yoʻq, ilondan darak boʻlmadi.

Uning ilonni poylayotganidan xabar topgan Mara-yim ota «chakki qilasan, Isfandiyor, har qaysi maxluq oʻz rizqini yeydi, magaram koʻrsang, ilonga ozor berma, xosiyati yomon, badbaxtlik keltiradi, yoshligimda koʻrganman, qoʻshnimiz uy ilonini chopib tashlab, mashina avariyasiga uchragan, uyiga oʻgʻri tushdi, roʻzgʻori parokanda boʻldi», dedi. Isfandiyor otaning soʻzlarini shunchaki, rasmiyatchilik yuzasidangina eshitdi. U bunday irim-sirimlarga ishonmaydi, choʻpchak deydi.

Nihoyat, joʻjalar eson-omon dunyo yuzini koʻrdi. Isfandiyor oʻzida yoʻq shod. Joʻjalarga qarab havas qiladi, biri-biridan chiroyli, kun-kunora sanaydi. Biroq, quvonchi uzoqqa bormadi, ularning soni kundan-kunga kamayib bordi. Barcha ishini yigʻishtirib, joʻjalariga qiron keltirayotgan, uning orzu-havasini poymol etayotgan maxluq toʻgʻrisida bosh qotira boshladi. Ushlasa bas, odammi u, ilonmi, mushukmi adabini beradi, boʻgʻib tashlaydi, alamidan chiqadi. Tamom, vassalom.

Boshqa bir hovli erkasi boʻlmish Qora mushuk bugun ertalab yonida Arslonini koʻrmay biroz hayratlandi. Qayerlarda qoldi ekan? Kechasi daydib, biror goʻshada qolib ketadigan emasdi. Qora mushukning uyqusini birov buzmasligi uchun yonidan bir qadam jilmas, ayniqsa, uning qorni qappayib, qoʻriqqa muhtoj vaqtida bunday yoʻq boʻlib ketishi sira aqidasiga sigʻmadi.

Koʻzlaridan kunduz kunlari ham oʻt chaqnaydigan, borliq vujudidan kuch yogʻilib, urgʻochi mushuk zoti borki, bir qaraganda es-hushini ogʻdirib tashlaydigan Arslon yangligʻ shijoatli bu yosh mushuk bilan oʻrtalaridagi yaqinlikdan, oʻziga mustahkam suyanchiq borligidan Qora mushukning ham yurish-turishida kibronalik, oʻzga bir jozib navozishlik paydo boʻldi.

Suyuklisining oq oralagan koʻkragiga boshini qoʻyib quyoshlamada erkalanib yotishini koʻrgan qay bir gʻalamislar hasaddan oʻzlarini qoʻyarga joy topolmay, tonggacha miyovlashganlari sari Qora mushuk avvalgisidan ham koʻrkamlashib, nainki oʻz hududidagi, balki olis-yaqin oʻramlardagi erkak mushuklarning yuragiga oʻt solar, ularning bu oʻramga yaqinlashishga yuraklari betlamaganidan oʻzini yanada masnadi ma’vo sezar, tashqari bogʻ-rogʻlarni suyuklisi bilan aylangisi kelar, negakim u har qanday man-man degan mushukniyam bir hamlada gʻajib tashlashga qodir. Chiroyli, kelishgan, quvvatlini sevish hamisha ikkinchi tomonni azobga solgan. Qora mushukning xoʻrligi keldi.

Bu vaqtda Arslonday shijoatli mushukning ahvoli chidab boʻlmas darajada xarob edi. Aralashmasa balki hech gap yoʻq edi. Aqli noqislik qildi. Suyukli qora mushugi oldida tinchgina mizgʻib yotgan edi. Ne boʻldiyu yon devor tepasida oʻziday chayir, biroq sal yoshroq mushuk uning oromini buzdi. Avval ham uni bir-ikki bor koʻrganday edi, ammo bu yerda nima qilib yurganiga ongi yetinqiramay, xirillab qoʻydi. U kekirdagingni koʻpam choʻzaverma, deganday kuchliroq xirilladi. Arslonday shijoatli mushuk asta oʻrnidan turib, xoʻmraygancha unga yaqinlasha bordi. U devordan tushib qochdi, bu quvdi. U eski uyning tomi usti bilan qochib qay bir lahzada koʻzdan gʻoyib boʻldi. «Hah, qoʻlimga tusharsan», deya boʻynini osiltirgancha qaytayotgan edi, boshqa bir pastak tom ustida ogʻzida joʻja bilan barvasta bir mushuk paydo boʻldi. Demak, joʻja oʻgʻirlab, qavmiga isnod keltiryapti.

Arslon shijoatli mushukning hayvonlik qonida oʻgʻri mushukka nisbatan gʻazab uygʻondi va bexosdan unga tashlandi. Oʻgʻri mushukning kuchi yetmasligiga koʻzi yetdimi, ogʻzidagi joʻjani tashlab qochdi. Joʻja potirlagancha tom ustida chiyillay boshladi. Ana shunda bizning qahramonning ba’zi maxluqlarga xos boʻlmagan rahmdilligi tutib ketdi va joʻjani ogʻziga qisgancha oʻgʻri mushuk chiqqan tom teshigidan pastga, tovuqxonaga tushdi. Joʻjani oʻz qavmiga qoʻshib endi tomga irgʻayman deganida Isfandiyor necha kunlardan beri oʻgʻri mushukni tutish uchun tayyorlab qoʻygan moslamasi bilan xippa bosib ushladi.

Odamning qoʻliga tushgan har qanday haybatli hayvon ham birpasda tanobi tortilib, muloyimlashib qoladi. Qaznoqqa tortilishidan bexabar arslon shijoatli mushuk qilgan yaxshiligi uchun mukofot olishi oʻrniga bu qadar ogʻir jazoga tortilishi yetti uxlab tushiga kirmagan edi.

Isfandiyorning koʻzlari qonga toʻldi. Mushukni toʻrga solib tovuqxonadan tashqariga olib chiqdi-da, har ehtimolga qarshi kerak boʻlib qolarsan deya devorga suyab qoʻygan boltani qoʻliga oldi. Jon holatda tipirchilayotgan, dargʻazab mushukni koʻz ochib yumgancha toʻrttala oyogʻini chopib tashladi va bogʻ devori ortidagi yalanglikka uloqtirdi. Shundayam uning koʻngli joyiga tushmadi.
— Chakki qilibsiz, bir-ikki joʻjani deb mushuk bechoraning jonini qiynoqqa solibsiz. Qaysi bir avliyo etagida uxlab yotgan mushukni uygʻotmaslik uchun, peshini kesib oʻrnidan turgan ekan, deydilar. Chakki qilibsiz, dadasi.

Zarnigorning soʻzlari ogʻzida qoldi.
— Oʻgʻri mushukning jazosi shu! Men avliyo emasman.
— Biratoʻla oʻldirib qoʻyaqolsangiz ham boʻlardi.
— Birovning moliga koʻz tikkanga bu ham oz.

Zarnigor eriga gap uqtirish befoydaligini bilganidan boshqa indamadi. Yuragining tub-tubidan mushukka achinishi barobarida qandaydir noxush gʻam-sirishtlikdan uning eti junjikkanday, andak sarosimalanib turdi.

Isfandiyor ulkan savashda katta bir jasorat koʻrsatib qoʻyganday joʻjalarga don sepdi, nenidir xirgoyi qilib, hozirgina sodir etgan xunrezlikda haqiqat u tarafida ekanligiga oʻzini ishontirmoqchi boʻlar, joʻjalarini koʻz qorachigʻiday asrash, ular joniga qasd qiluvchi har qanday dushmanniyam yanchib tashlashga kamarbastaligini namoyish etish uchun anchagacha tovuqxonadan chiqmay aylanib yurdi.

Qora mushuk suyuklisini ortiq kutishga toqat qilolmay, kerishibgina oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Koʻcha boshida qay bir jinsdoshining anoyi miyovlashidan seskanib, asablari taranglashdi. Unga boshqa bir mushukning faryodli miyovi qoʻshilishidan qavmiga ogʻirroq falokat oralaganidan yuragi gursillab ura boshladi. Egalari eshiklarini ochgan boʻlsalar ham ichkariga kirishga, biror narsa tamaddi qilishga ragʻbati boʻlmadi, bir-bir odim tashlab koʻcha tomon ketdi. Tashqariga chiqiboq bir qarashda angladiki, notinchlik shunchaki sabukmas, ulkan fojianing hidi kelayotganidan qadamini tezlatdi. Qavmi orasida eng keksa Ola mushuk yoʻlida paydo boʻldi-da, boshini osiltirgancha uni fojia sodir boʻlgan joyga ergashtirib ketdi.

Dunyoda biz bilib-bilmagan sir-sinoat bisyor ekan. Har tarafdan yigʻila boshlagan katta-kichik mushuklar boshlarini osiltirib, har yer-har yerda choʻkkaladilar. Toʻrt oyogʻidan qon oqib, u yoqdan-bu yogʻiga zoʻr berib agʻdarilishga urinayotganidan xijolatlanibmi, Arslon shijoatli mushuk bu mudhish fojiada oʻzining begunohligini qavmiga anglatmoq uchunmi, talvasaga tushmay, har qaysiga yolvorishnishin boqmay, asta koʻzlarini yumdi. U ojizligini koʻrsatmaslik uchun ne qilarini bilmay, koʻzlarini qayta ochib osmonga tikildi. Atrofida doʻstu dushman baravar, qay birlari un chiqarmay, qay birlari endi his-hayajoniga erk berib, uvvos solib yigʻlayotganidan xoʻrligi keldi. Qora mushukka men beaybman, deganday jovdirab boqdi.

Qora mushuk uchun hozir uning aybli, aybdormasligi emas, oyoqlaridan tinmay qon oqayotgan vafodorining bu ayanchli ahvoliga koʻmaklashish dardi ustun edi. U jon holatda suyuklisini yalab, yulqay boshladi. Uning toʻrt oyogʻini baravariga yalab, dardiga malham boʻlmoqlik ilinjida oʻzini oʻngʻayladi, keyin ogʻirini tashlamay bagʻriga bosdi. Keksa mushuk ishorasi bilan bari mushuklar tarqala boshladi. Yoshroq, jahldor mushuklar Isfandiyorning tovuqxonasi ustiga chiqib, biri olib, biri qoʻyib, namoyishkorona miyovlashdi.

Qora mushuk mayib suyuklisini beozorgina yungidan tishlab, ovloqroq joyga sudrab bordi. Qon asta sizayotgan oyoqlarini yaladi, oʻpdi. Qon biroz toʻxtagani bilan ogʻriq zoʻridan ingray boshlagan yoriga qanday yordam qilishini bilmay toʻrt tarafga alanglaydi, najot izlaydi. Koʻmak istab, egalari oldiga ketsa buning holi ne kechishiga aqli yetmaydi. Uning qulogʻiga nelar deb shivirladi. Mushuk tilini mushuk tushunadi. Arsloni boshini irgʻaganday boʻldi. U asta uyi tomon ketdi. Hamishagi batartib uyda uning aftoda holiga e’tibor qilishmadi. Har kimning oldiga borib, yordam istar qarashlari bilan boqdi, lekin odamlarning ham nainki hayvon zotiga, balki oʻzi-oʻzligigayam ha deganda qayishavermaslik dardiga giriftor boʻlayotgan bir vaqtda Qora mushukning odam naslidan xafa boʻlishi nooʻrin edi. Oʻzining rizqidan bir tishlamgina nonni ogʻziga qisgancha Arsloni oldiga shoshildi.

Holdan toygancha xirillab yotgan muhabbatiga tik boqolmadi. Koʻzlaridan yosh oʻrniga oqayotgan qonni toʻxtatolmay, uning oq oralagan keng koʻkragiga boshini qoʻydi. Shunda Arslonining koʻzlaridan ilk bor ojizlik yoshlari sizib chiqa boshladi. Qora mushuk uchun endi bu eng ogʻir jazo edi. Osmonga qarab nido qildi.

Oʻgʻri mushukdan qutuldim, endi biror maxluqot tovuqxona tugul, bogʻ devori oldiga yaqinlasholmaydi, deb Isfandiyor notoʻgʻri oʻylagan ekan. Qaytaga endi uning halovati batamom buzildi. Har tusdagi mushuklar dastidan boshi baloga qoldi. Har kuni qorongʻi tushgandan tong oqarguncha ular navbatma-navbat kelib quloqlarni batangga keltirib chinqirishadi. Tomdan-tomga sakrayverib qoʻni-qoʻshnilarniyam ozorga qoʻya boshlashdi.

Bir oqshom Isfandiyor yomon tush koʻrdi. Yonida kimsasiz tandir gurillab yonib yotibdi. Olovi osmonlarga oʻrlab, qorongʻi dunyoni yoritib, yon atrofga qutqu soladi. Qayerdan ham koʻkraklariga oq oralagan chayir bir mushuk paydo boʻldi. Ogʻzida nedir bor. I-e! Isfandiyorni oʻzi-ku! Anglolmadi, mushukni birov quvdimi, yo birov unga tosh otdimi, birpas tandir ustida muallaq turdi-da, Isfandiyorni olov ichiga tashlab yubordi. «Do-o-od!», degancha uygʻonib ketdi.

Isfandiyor oʻrnidan ogʻir qoʻzgʻaldi. Noxush tushi ta’siridanmi, oʻzini yomon his etgancha asta turdi va har kungiday ertalabki odatini tark etmadi. Tovuqxona tarafga yoʻl oldi. Ikkita joʻjaning boʻgʻizlanganini koʻrib figʻoni falakka oʻrladi. Endi u choʻqmor tayoq yasab mushuk zotiga qiron keltirish uchun tayyorlik koʻra boshladi.

Mushuklar buni sezishdimi, qasdma-qasdiga koʻpaygandan-koʻpayib, Isfandiyorning batamom toqatini toq qila boshlashdi. Shu oqshom qorongʻi tushishi bilan Isfandiyor choʻqmorini koʻtarib jadallik bilan tomga koʻtarila boshladi. Falokat oyoq ostida deganlari toʻgʻri ekan, shu oqshom aksiga olib, Oy bulutlar ortiga yashirindi. Shoshganda labbay topilmas deganlariday, bir yonda mushuklarning chinqirigʻi, bir yonda joʻjalarning bezovtaligi, yon qoʻshni itining vovullashi asnosida Isfandiyor tomga chiqdim-chiqdim deganda shoti qiyshayib, tik boʻyi beton yoʻlakchaga yiqildi. Jon holatda «Do-o-od!», deya qichqirdi. Mushuklarniyam, itniyam ovozi oʻchdi. Xuddi uning yiqilishini kutib turganday atrofga ogʻir jimlik choʻkdi.

Mana necha kundirkim, Qora mushuk Arsloni oldidan ketmay azoblarini teng tortyapti. Qay bir mushuklar kelib dalda berganday aylanib-aylanib ketishadi, birlari uzoq oʻtirib qoladi. Bu oqshom Qora mushuk uchun eng ogʻir kechdi. Arsloni uzoq ingradi va batamom holdan toydi. Bulutlar orasidan bir koʻrinib, bir koʻrinmay ketayotgan Oy shu’lasidan uning nursiz koʻzlariga boqish naqadar ogʻirligidan qattiq ezildi. Suyukli vafodori oxirgi marta bir «xih», dediyu jon berdi. Ufq yuzi bir yorishib, soʻndi.

Isfandiyor baqirib-baqirib, goh hushiga keldi, goh hushidan ketdi. Ichkarida televizorni qattiq qoʻyib oʻtirishgan boʻlishsa kerak, uning faryodini hech kim eshitmadi. Bir vaqt qarasa ayvon oʻrtasida yotibdi. Oq xalatli erkagu ayol ustida parvona boʻlib, ukol qilishyapti. Zarnigor, bolalari atrofida girdikapalak. Koʻp qon yoʻqotibdi, deganlarini elas-elas eshitdi. Isfandiyor yana hushidan ketdi.

Isfandiyorni shifoxonaga olib ketishdi. Birovlar toʻrtinchi qavatdan yiqilib lat yemaganda, Isfandiyorning bir qavatchayam kelmaydigan, beshoti chiqsa ham boʻladigan tomdan yiqilib, oʻng qoʻli bilan oʻng oyogʻi singaniga, chap qoʻli bilan chap oyogʻi qattiq lat yeganiga hech kimning ishongisi kelmasdi.

Azaldan jonsarak, hovliqma odamga dard yopishmasin, bir azobi oʻn chandon boʻlib boraverar ekan. Muzdek suv soʻraydi. Yutoqib ichmoqchi boʻladi, ichidagi olov bir qultumgina suvniyam yondirib yuboradi, nafasi ichiga qaytib, anchagacha oʻzini rostlay olmaydi. Jon talvasasida qiynalayotganini koʻrgan ayoli qanday yordam berishni bilmay toʻrt tarafga boshini uradi. Isfandiyor «Ey Azroil, jonimni olaqol!» — deya xitob qilishga holi kelmaydi.

Olti oy deganda bandalikni bajo keltirdi. Shu oqshom qaro tun qoʻynida koʻtarilgan shamolning qattiq guvlamasi Isfandiyor xonadonidan chiqqan yigʻi sasini olis-olislarga olib ketdi...

Janozaga koʻp odam yigʻildi. Tanish-bilish, qarindosh-tuqqan, yor-birodarlar motam tutishdi. Yosh ketganiga achinishdi. Koʻz koʻrib, quloq eshitmagan gʻaroyib hodisaning guvohi boʻlishdan bexabar olomon ichkaridan mayitni olib chiqishlarini kutib oʻtirishdi. Mayit qoʻyilgach, imom orqasiga oʻgirilib, azadorlarni safda turishga da’vat etib, janozani oʻqish uchun oldiga qaradi-yu, hayratdan tili kalimaga kelmay, ochiq kaftlarini quloqlari orqasiga olib borgancha muallaq qoldi. Tobut ustida oʻtirgan Qora mushukni koʻrib esdan ogʻishiga bir bahya qoldi.

Olomon avvaliga ne gap boʻlganiga tushunmadi. Birdan boshlangan shivir-shivir, bir-birovini turtib anglatayotgan bu dahshatli xuntalablikda Isfandiyor tobuti ustida hukmdorday oʻtirgan Qora mushuk vajohatini koʻrgan odamlar hayratdan yoqalarini ushladilar. Olomon «astagʻfurullo», deb ogʻir guvrandi. Biror kishi Qora mushukni mayit ustidan haydashga botinmadi.

Qora mushuk «qaytar dunyo bu», deganday atrofga birrov boqib turdi-da, tobut ustidan asta tushib, qibla devor tomonga bir-bir oyoq bosib ketdi. Muyulishdan burilib, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Maydon boʻylab imomning zori noloni yangradi:

— Allohu Akbar!..