OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Komil Avaz. Qorakoʻz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifKomil Avaz
Asar nomiQorakoʻz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Komil Avaz
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qorakoʻz (hikoya)
Komil Avaz

Qorakoʻz bilan tanishgan odam uning koʻziga qaraydi. Buni Qorakoʻz biladi va xiyol kulimsirab, «Koʻzingiz qora boʻlmasayam, ismingiz Qorakoʻzligi ajab ekan, deya oʻylayapsiz-a», deganday qiymirib qaraydi. U koʻzining qoramtir koʻkishligi sababini yaxshi biladi.

Maktabni bitirib, Toshkentga oʻqishga kelgan kunlari ba’zi kursdosh qizlar, ayniqsa, yotoqdagi hamxonalar uning yurish-turishiga, husni latofatiga, hech kimnikiga oʻxshamagan muloyim nigohiga ham havas, ham hasad qilishdi, lekin hech kim «Koʻzingiz buncha sehrli-yu, nega ismingizga monandmas», deya soʻramadi.

Baribir odam kim bilandir ichkinlik qiladi. Qorakoʻz qoʻqonlik Kumushbibi bilan doʻstlashdi. Kumushbibi ham oʻziday kamgap, yoqimtoy, sochlari uzun, qoshlari payvasta. Uning ham koʻzlaridan hamisha sokin nimtabassum yogʻilib turadi. Boʻylari qariyb bir xil, oʻrtachadan kelgan, bellari bir tutam. Ishqilib, diqqatni tortmay qoʻymaydi.

Ular soʻzlashmay «suhbatlashadi», bir qaraganda bir-birlarini tushunadi. Va ajabkim, ikkoviyam deyarli yigitlar haqida shivirlashishni unchalik xush koʻrmaydi. Xullas, har qanday qiz ulardan andoza olsa, oʻzlarini qiyoslasa boʻladi. Hayotning oʻz qonun-qoidalari, taqdir deb atalmish moʻ‘jizaning insonga koʻrsatmish turfa qirralari bor, undan hech kim qochib qutulolmagan.

Qorakoʻz universitetga ilk qadam qoʻyganidan unga havas bilan boqadigan yigitlar nigohini sezmay qolgani yoʻq, faqat oʻziga xos vazminlik bilan ularni koʻrmaganga, sezmaganga oldi.

Qorakoʻzning ichki dunyosi, botiniy quvvati biror yigitga koʻngil qoʻymaslikka, faqat oʻqish bilan mashgʻul boʻlishga yetadi. Ammo, «Sizga ikki ogʻizgina gapim bor», deguvchilarni muloyimlik bilan chetlab oʻtishga, muhabbatli nigohlarga chap berishga uning qurbi qachongacha yetarkan? Axir u ham odam, tirik jon. Sevish-sevilishga qodir. Lekin...

Hayotidagi aytib boʻlmas bir sir bois tuygʻu jilovini tortib yurishga majbur. Buni oʻzigina biladi. Kechalari dugonalarga sezdirmaygina yum-yum yigʻlaydi. U bu haqda hech kimga, hatto Kumushbibiga ham aytolmaydi.

Shu taxlit birinchi kursni tugallashdi. Yozgi ta’tilda u toʻrt-besh kunga Qoʻqonga, Kumushbibinikiga mehmonga bordi-yu, Kumushbibini uyiga qattiq turib taklif etmadi. Kumushbibi bunga unchalik e’tibor bermadi, chunki oldda hali oʻqish davri serob, nasib qilganda borarman, deb oʻyladi. Qolaversa, u Qorakoʻzday bemalolroq hammas, uyidagilar ruxsat berishi qiyinroq, uni uzoqroq qarindoshlari boʻlmish hunarmand yigitga uzatishmoqchi.

Kumushbibi bunga yoshligidan koʻnikma hosil qilgan, shu bois Toshkentda biror yigitga qayrilib qaramaydi. Oʻqishni bitirishlariga oz qolganda toʻylari boʻlishini biladi, shunga rozilik bergan. Yigiti bilan xat olishib turadi. U xatlarini Qorakoʻzga koʻrsatadi-yu, ammo oʻqib berishni ep koʻrmaydi. Xat olgan kunlari koʻzlari porlab ketadi.

Qorakoʻz ich-ichidan dugonasiga havas qiladi, suyunadi, oʻzi uchun esa, kuyinadi, chorasizligini biladi. Nihoyat, oʻziyam ilk bor xat oldi. Yuqori kursda oʻqiydigan Latifjon toʻrt enlik xat tutqazib ketdi.

Qorakoʻzning yuragi dukurlab, ne qilarini bilmay, xatni apil-tapil daftar orasiga soldi. Bu hol dars boshlanishi oldidan shunday tez sodir boʻldiki, Qorakoʻz qanday qilib xatni oldi-yu qanday qilib daftar orasiga yashirdi, bilolmay ham qoldi. Nafsilamrini aytganda, Qorakoʻz Latifjonning ne vaqtdan beri orqasidan yurganini, Kumushbibi orqali soʻzlashmak niyatida ekanligini yaxshi biladi. Kumushbibi unga ilmoqli gaplar bilan necha bor aytib koʻrdi. Qorakoʻz roʻyxushlik bermadi. Nega u bilan uchrashishni, soʻzlashishni istamayapti, nega uning sevgisini rad etishga, biror aniq javob aytishga qiynalyapti? Oʻzining ham koʻngli Latifjonda yoʻq emas-ku, yigitmisan yigit, peshonasi keng, qoshlari oʻskin, nigohlari muloyim boʻlishi barobarida qandaydir botiniy shiddati kishini bir zumda oʻziga rom qiladi. Xuddi Qorakoʻzning xayolidagiday yigit, biroq... Yana shu «biroq».

«Qorakoʻz! Koʻzingizdagi xavotirga oʻxshash odam yuragini ezuvchi allaqanday gʻamginlik, xavotir dilimni qon qildi. Nega mendan qochasiz? Axir men sizni «ta’qib» etayotgan boʻlsam, niyatim yaxshi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, Sizni uchratgunimcha sevgi, muhabbat haqida sal boshqacharoq fikrda edim. Qaysning Layli yoʻlidagi jununiga shak keltirmagan holda, adabiyotda, aniqrogʻi ulkan alloma yozuvchilar bundayin muhabbatni ulugʻlab,ilohiylashtirib, xuddi bir-birlari bilan musobaqalashganday, qalamlari oʻtkirligini namoyish etishganday boʻlib tuyulgani, mana, necha asrlardan, balki odamzod yozuvni kashf etgandan beri shundayin dostonlar, hikoyatlar, ertaklar mashhurdan-mashhur boʻlib kelayotgani men uchun goʻyo orzumandga tashbehday tuyulardi.

Qorakoʻz, agar yigitingiz boʻlsa, yo unashtirilgan boʻlsangiz, meni oʻldi deyavering. Bu yorugʻ dunyoda yashashning men uchun ma’nosi qolmaydi. Agar xatimga javob bermasangiz, javob berganingizcha yozaveraman. Tutqich bermasangiz, uyingizning adresini olib, dadam bilan oyimni yuboraman, ular tushungan, ziyoli odamlar, qolaversa, uylantiramiz deb holi-jonimga qoʻyishmayapti.

Mana, koʻryapsiz, qalamdan ne tushsa, qogʻozga bitilyapti. Ushbuni bir zarb bilan yozdim, qayta oʻqib, xatolariniyam tuzatmayman. Agar oʻqiguday boʻlsam, u yer-bu yerini toʻgʻrilayman deb xatning pachavasini chiqarib, necha qogʻozlarni yirtib, xat yuborish borasida ikkilanib qolishim mumkin. Hozir imzomni qoʻyamanu konvertga solib yelimlayman-da, qoʻlingizga tutqazaman, tamom, vassalom.

Salom bilan... nima deb yozsam ekan? Oshiqi beqaroringiz desammikan? Ie, nega beqaror boʻlarkan, aksincha, qarorim qat’iy, demak, barqaror. Lekin bu haqda Siz bilan hali biror ogʻiz gapirishib koʻrmay, dabdurustdan oshigʻi barqaroringizman desam, osmondan kelganday boʻlsam kerak? Sizdan jonini ham ayamovchi devonai qalandar, bir mushfiq doʻstdan deb bilgaysiz... desam-chi? Oddiygina boʻlaqolsin, latifu lutf ila Latifjon.

Uchinchi ming yillik birinchi asrining ikkinchi, muvofiqi ot yili, 16-lanchi dushanba oqshomi.

R.S. Xatingizni intizorlik bilan kutaman. Nega xatlar oxiriga odamlar bir nimalar yozish uchun R.S. deb qoʻyishadi, ishoning Qorakoʻz, tushunmayman, lekin chiroyli, xuddi xatga salobat bagʻishlaganday. Shundanmikan, men ham shu taqovul yozdim, garchi xatingizni intizorlik bilan kutish borasida yuqorida qayd etgan boʻlsam ham. Endi tamom».

Xatni titroq bilan oʻqib boʻlgan Qorakoʻz beixtiyor ichki bir nido bilan «ha, endi tamom», deya xoʻrsinib, goʻyo hoziroq yashirmasa, qoʻllaridan chiqib, qaylargadir uchib ketishidan xavfsiraganday, uni apil-tapil siynabandi ichiga yashirdi. Yuragi tomonga solgan ekan, chindanam jonlanganday, potirlab ketdi...

Necha kunlar qalbida joʻsh urgan tugʻyonlar girdobida oʻzi bilan oʻzi olishdi. Bu yorugʻ jahonga sigʻmay, Kumushbibi bilan har namozshom yotoqxona roʻparasidagi xiyobonda birga kezishdi-yu yuragida kechayotgan sirli gʻalayonlarni ichiga yutdi. Kumushbibiyam nelarnidir sezsa-da, oʻzi indamagach, botinib soʻramadi.

Shu taqovul Qorakoʻz necha kunduz, necha tun oʻzi bilan oʻzi andarmon boʻldi va nihoyat, diliga kelgan hazin nidoni qogʻozga toʻkdi:

«Assalom, Latifjon aka! Mendan jonini ham ayamovchi, devonai qalandar, ey mushfiq doʻst! (albatta hozircha jonini ayamovchi) Xatingizni oʻqib, mana, necha oqshomki halovatim yoʻq. Men orzu qilganim, kechalari xayolimda tiriltiradiganim, qoʻlim yetmasayam intiladiganim, ochigʻini aytay, Sizday yigit edi. Tasavvurim roʻyo emas, haq boʻlganiga ishongim kelmaydi. Ey Xudo, niyatlarimga yetirmakni soʻrab qilgan iltijolarimni qabul etding, mingdan ming roziman! Yuragimga muhabbat urugʻini sochding, shukr, ming bora shukr. Muhabbatning oʻlchami — beoʻlchov sevmak, degan ekan bir donishmand. Axir men ham ana shunday beoʻlchov muhabbatning gadosiman. Axir men ham odamman, menda ham yurak bor, dard bor. Biroq... biroq, bari hayajonlarim, yuragim quvonchlari ichimda qolib ketadi. Men uni tashqariga chiqarolmayman, odamlarga oshkor etolmayman. Shu sababdan Siz aytganday, men ham oʻz yogʻimga oʻzim qovurildim va nihoyat ushbuni yozishga jazm etdim.

Latifjon aka, men Siz bilan yaqinroq tanishishdan emas, balki oʻzimdan qochib yuribman. Nima deb tushuntirsam ekan... Men sizga munosib emasman. Siz ta’rif etganingizday, men sohibjamol emasman, qolaversa... Qolaversa, siz meni yaxshi bilmaysiz. Boy-badavlat xonadonning farzandi ham emasman, balki buniyam e’tiborga olmasligingiz mumkin. Eng dahshatlisi, bizni, oilamizni yaqin bilganlardan uyimizga sovchi kelmaydi. Qoʻrqishadi...

Dadam oyimga uylanganlarida xuddi Sizday, bilmaganlar. Uylanganlaridan keyin tashlab ketolmaganlar. Faqat boshqa joyga, bizni biladiganlardan uzoqroqqa koʻchib ketishgan. Baribir, oilaning siri necha qulfli sandiqda saqlansayam, orqasidan ergashib yuraverarkan. Oyimning oyilari murdashoʻy boʻlganlar. Enamning otasiyam, onasiyam murdashoʻy oʻtganlar. Enamning laqabi murdashoʻy edi. Ajdodimiz laqabi oyimning ismlariga taqalguncha biz farzandlar ketma-ket tugʻilib, dadam oyim bilan yashab qolganlar.

Enam jussasi kichikroq boʻlsayam, juda kelishimli, benihoya chiroyli, farishtali ayol edilar, rahmatlik. Meni enamga oʻxshatishadi. Enamning yoshlikdagi suvratlarini koʻrgan odam bu senmisan, deydi. Men enamga oʻxshaganimdan behad quvonaman.

Latifjon aka, endi men Sizga yana bir sirni aytay. Men ham shu kasb bilan shugʻullanganman. Oʻlik yuvgan oqshomlarim ertasiga oʻzimni qushdek yengil sezaman. Baland-balandlarga uchib ketgim keladi. Ollohning bir bandasini yuvib-tarab, oq libosga oʻrab soʻnggi manzilga kuzatish, bilasizmi, ruhingni tozalaydi, gʻuborlardan xalos etadi. Lekin men hech kimga oʻlim tilamayman.

Xatingiz yuragimni algʻov-dalgʻov qilganini yashirmayman. Tashakkur, yozgan iliq gaplaringiz uchun ming bora tashakkur! Lekin Siz meni unuting, iltimos... Meni sevsangiz, meni qiynamang. Jonim Sizdan aylansin, yuragimda neki dardim boʻlsa, sizga toʻkdim. Meni uchrashuvga taklif qilmang. Borolmayman...»

Qorakoʻz qogʻoz namlanganini koʻrib, yozishdan toʻxtadi. Koʻzidan tomgan yoshni sezmaganidan hayratlandi. Qogʻozni ikki buklab, sekin ikkiga boʻldi, yana buklab, yana ikkiga boʻldi va birdan boʻkirib yigʻlay boshladi. Shirin uyquda yotgan dugonalarining uygʻonib ketishlaridan andisha qilmadi. Yigʻlayverdi-yigʻlayverdi. Soʻng oʻrnidan turib, yirtilgan xatini gʻijimlagancha deraza oldiga keldi. Avval deraza yuqorisidagi darchani ochib xatni tashlamoqchi boʻldi, soʻng derazaning bir tomonini lang ochdi. Yuziga qish oxirining ayozli shamoli urildi. Qoʻllarini asta ochdi. Shamol shiddat bilan qogʻoz parchalarini uchirib ketdi. Oqarib kelayotgan tong nafasi endi yana maydalab yogʻa boshlagan yomgʻirdan musaffolashib, Qorakoʻzning yuzlarini yuva boshladi...