OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Komron Shipal. Onaizor (hikoya)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifKomron Shipal
Asar nomiOnaizor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Komron Shipal
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
Hikoyat Mahmudova


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Onaizor (hikoya)
Komron Shipal

Eshikni astagina taqillatishdi. Uyqu oʻchib ketdi. U koʻzini ochdi. Koʻchadan tushayotgan yorugʻlik xonadagi sarishtasizlikni hamda ifloslikni yanada boʻrttirib koʻrsatardi. Pol ustiga karton boʻlaklari yoyib tashlangandi, unda shaftoli danagi, qogʻoz qiyqimlari sochilib yotar, qoq oʻrtada esa bir juft yozgi tufli turardi. Taqillatuv unda xosiyatsiz tuygʻu uygʻotdi va u devor tomonga sekin oʻgirildi. Koʻkimtir gulqogʻozda uyqu paytida oʻldirilgan chivinlarning qonli dogʻlari koʻrinardi. Antennaning havorang simi esa radiopriyomnik turgan stolga qarab osilib turardi. Qoʻshni xonaning eshigi ochildi va tirqishdan boshdan-oyoq linoleum sirilgan pol koʻrindi. Tong yogʻdusi polda yoyilib yotgan kir-chir kiyimlaru eski gazeta va jurnallarni hamda koʻchish shoshqaloqligida esdan chiqqan kattakon dazmol taxtani yoritib turardi.

Eshikni astagina taqillatuv yana qaytarildi. U qoʻl soatiga qaradi. Endi yetti yarim boʻlibdi. Kallai saharlab kim kela qoldiykin? Balki, bu shunchaki kaptarlardir? Cherdakda kaptarlar behisob. Ular kun boʻyi tomda sayr qilib yurishadi, boloxonaga oʻtib, narlari modalarini koʻnglini olish payida kechgacha gʻuv-gʻuvlashadi. Ularning gʻuv-gʻuvi yotishiga xalal bergani sababli u oʻzini bir yonboshdan, ikkinchi yonboshga olishga majbur etar va yolgʻizlikni tagʻinam oʻtkir his qildirardi.

Yana taqillatishdi. Bu gal taqillash qattiqroq boʻldi va shu boisdan qattiqroq eshitildi. Uni besaranjomlik chulgʻab oldi, hatto:«Kim u?»— deb baqirmoqchi boʻldi-yu, lekin oʻzini tutdi. Kelgan odamni imi-jimida qadam bosishini ham ilgʻab olish maqsadida diqqat bilan quloq sola boshladi. Qiziq: hatto qadam tovushi ham eshitilmasdi. Balki u haliyam uyqusirayotgandir, Odatda, u zinapoyaning tosh pillapoyalaridan bitta-yarimta chiqayotgan yoki tushayotgan boʻlsa, eshikni taraqlatib yopishgandami yoki gazeta tarqatuvchi kelgandami, boʻlmasam, teshikkulcha sotuvchining ovozini eshitgandami— ishqilib, koʻchadan xonaga kirgan shovqin— uning uygʻonishi uchun hamisha kifoya edi.

* * *

U oʻrnida yotganda xotinining salgina qimirlashidan ham uygʻonib ketar, keyin esa uxlashga qancha harakat qilmasin, bari bir uxlolmasdi, oʻshanda xotini ham uygʻonib ketardi-da, uyqusi boʻlingandan jahli chiqib: «Voy, xudoyim-ey, muncha gʻimirlayvermasang!»— deya toʻngʻillardi. U xotinining jahlini chiqazgisi kelmasdi, shuning uchun suvga tushgan toshdek miq etmay yotaverardi. Keyin u xotini bir me’yorda nafas olayotganini eshitardi. U tinchgina uxlar edi. Faqat azon paytidagi-na, ya’ni xoʻrozlarning qichqirigʻi tongdan darak bera boshlaganda uni uyqu elita boshlardi. Shunda u hali uning uchun boshlanmagan tongning qiyomida gʻaflat uyqusiga choʻmardi. Karavotning gʻijirlashi, tungi shippakning shitillashi, eski taxtalarning gʻichillashi va krandan tushayotgan suvning jildirashi —bularning hamma-hammasi uyqu aralash qulogʻiga, chalinardi. Keyin: «Choy tayyor!»— degan baqiriq eshitilardi. U bu ovozni eshitsa ham, oʻzini eshitmaganga solib yotardi. Binobarin, qoʻshni xonadagi radioni bor ovozi bilan baqirtirib qoʻyishlariga dosh berib boʻlmasdi. U joni hiqildogʻiga kelgandagina oʻrindan irgʻib turib, radioni oʻchirardi.

* * *

Nihoyat, eshik taqillamay qoʻydi. Balki, allakim oʻzini sezdirmay sekin yuqoriga koʻtarilgandir? Lekin nima uchun? Toʻgʻri, keyingi oylarda uy egasiga ijara haqini oʻz vaqtida toʻlay olmagandi. Lekin, ikki kun muqaddam kontoraga kirib oʻtgan va hozirgi oyning ham haqini toʻlagan edi-ku, shunaqa emasmikin? Uy egasi goʻyo ularning koʻchmoqchi boʻlishganligi qulogʻiga chalingani uchun undan pul olishni xohlamay, bir oz tixirlik qildi. Koʻchmasliklariga xoʻjayinni ishontirish oʻlimdan ham battar edi, faqat xotinim bilan oramizdan olamushuk oʻtib qolgani uchun u birmuncha vaqt onasinikida turib turadigan boʻldi-da, yaqin orada kelib qoladi, dedi. U yana xotini haqida oʻy sura boshladi.

* * *

Odatda, bu vaqtda uning xotini uygʻongan boʻlardi. Umuman, u erta turardi. Tura solib lash-lushlarini yigʻishtirardi-da, xuddi joʻnayotgan odam qiyofasiga kirib olardi. Xudoning bergan kuni zrtalab u bor bud-shudini toʻplab, tugunlarga tugib xonaning oʻrtasiga togʻday qilib uyub qoʻyardi. Bir kuni u oʻzini tutolmay xotiniga:
— Seni haydayotgan joyim yoʻq-ku, axir. Xohlasang, qolaver. Faqat keyin oʻpkalamasang boʻlgani. Mening turgan-bitganim shu. Men bilan ishing boʻlmasin. Nima qilayotganimni oʻzim yaxshi bilaman. Agar meni birmuncha vaqt oʻz holimga qoʻysang, ehtimol, hammasi boyagi-boyagidek bir izga tushib, ish ajralishgacha borib yetmasa kerak, deb oʻylayman.

Xotini esa uning gaplariga parvo ham qilmay, tarelka hamda kosalarni joylashtirdi, keyin shkafdan kiyimlarini olib kattakon chamadonga taxlay boshladi. Eri uning piqillayotganini eshitib qolib, yana unga murojaat qildi:
— Hoy, bu nima, dam yigʻlaysan, dam ketishga otlanasan. Yigʻlayapsanmi, demak, ketma. Yana qaytaraman: zorim boru, zoʻrim yoʻq. Tanangga yaxshilab oʻylab koʻr — oʻzing nima qarorga kelsang, shuni qil.

Xotini bufetdan yupqagina stakanlarni, kofe likopchalarini, suvdon, bokallarni, kumush qoshiqlarni olib, bularning hammasini toza lattalarga ehtiyotlik bilan oʻrab korzinkaga joylardi. Toʻsatdan eshik ochildi va ostonada hammol hamrohligida dargʻazab boʻlgan qaynana koʻrindi. Shunda u shovqin koʻtarmasdan astagina botinkasini kiydi-da, uydan sirgʻalib chiqib ketdi. Pillapoyadan pastga tushib, shundoqqina . eshik tagida turgan yuk mashinasi oldidan oʻtib, chorrahada odamlar toʻdasiga qoʻshilib ketdi. Qayoqqa borishga, nima qilishga aqli bovar qilmay, birmuncha vaqt koʻchalarda maqsadsiz sanqib yurdi. Uylarning biri oldida yuk ortilgan avtomobilni koʻrib qoldi. Aftidan, birorbir oila koʻchayotganga oʻxshardi. Yaqinroq borib, qoʻlida maneken koʻtarib chiqayotgan hammolga koʻzi tushdi. Bu lash-lushlarning egasi, hoynahoy, tikuvchi boʻlsa ham ajabmas. Aftidan, u er-xotin qoʻsh xoʻkiz, degan aqidaga amal qilib, eriga yordam berayotgan boʻlsa kerak. Har holda, qoʻni-qoʻshnilarga tikib tursa kerak. Shu tikish-bichishi bilan shubhasiz, roʻzgʻorning ogʻirini yengil qilib tursa kerak.

* * *

Birmuncha vaqt oʻtar-oʻtmas, eshik yanada qattiqroq taqillay boshladi. Bu, uning xunobini oshirib yubordi. Xuddi birov uning uyda yakka-yolgʻiz qolganini bilganu, pirovard natijada, eshikni ochishga majbur qilmoqchi-ga oʻxshardi. Naqadar surbetlik bu! Nahot, eshikni doʻmbira qilayotgan odam, tanho qolgan kishi borib unga ochadi, deb oʻylasa. Bu nima qiliq, ishqilib, xudo insof bersin unga! Avvaliga sekinroq zshitilgan taqillash, borgan sari qattiq hamda qat’iyroq dukurlay boshladi. Pastki qavatda yashovchi ijaradorlar bezovtalanib, bu yoqqa yugurib chiqishlari mumkin. U yana bir bor xonani koʻzdan kechirdi.

Uyning yigʻishtirilmaganiga, supurgi betini koʻrmaganiga bir oydan oshdi. Shiftdan is osilib turardi. U kechqurun allamahalda kelar, ertalab esa hatto oʻrnini ham yigʻmasdan joʻnab qolardi. Stol ustidagi yuvilmagan sut idishlardan taralayotgan achimsiq hiddan butun xonani qoʻlansa hid tutib ketgandi. Balkonda oʻsadigan gullarning anchadan beri suv quyilmaganidan qurib qolgan barglari shamolda uzilib, ochiq qolgan eshikdan xonaga yopirilib ketgandi. Birdan unda bir sapchib, eshik orqasida turgan bezbetning boplab adabini berib qoʻyish istagi tugʻildi. Bu surbet uning sabr-bardoshini sinamoqchi boʻlgandek, jon-jahdi bilan taqillatishini qoʻymasdi. Taqillatayotgan odam kim boʻlishidan qat’iy nazar, ochishi kerakmi? U mehmon kutmayotgandi. U, umuman, hech kimni kutmayotgandi. Yolgʻizlik — oʻlim bilan barobar, deyishadi. Yolgʻizlik yuki kun-bakun qoʻrgʻoshinmisol ogʻirlashib borar va uni yer bilan yakson qilgudek boʻlardi. Kun sayin oʻz yogʻingga oʻzing qovurilaversang — osonmi? Yilma-yil oʻz yolgʻizligingni his qilgan holda begona odam bilan yashash, darhaqiqat, mushkul. Ertalablari nonushtasi, qishda, u kech kelgan vaqtlari esa issiq oʻrni doim tayyor turardi. Uni ovqatga chaqirishsa borar, turish kerak, deyishsa, turardi. Gapirayotgan odamning ogʻzi bor edi-yu, lekin unga tushunarli boʻlgan tili yoʻq edi. Er-xotinlik yillari ham uning yolgʻizligi qolmadi. Adolagsizlik! Shunday gapirishning oʻzi adolatsizlik! Axir, shu besh yil badalida uning yolgʻizligi bahorda togʻdagi qorlar eriganidek, asta-sekin yumshay boshlaganini his qilmaganmidi? Lekin, pirovard natijada: nima boʻldi? Bari bir yolgʻizligicha qolaverdi.

Axir, unga yordam qoʻlini choʻzishmaganmidi, lekin u har gal uni rad etardi-ku? Mana, shuning jazosiga yolgʻiz qoldi. Bir oydan beri kirlari, idish-tovoqlari yuvilmagan, qoʻlansa hiddan oshxonaga bosh suqib boʻlmaydi, xonalar chang, iflos.

* * *

Birdan u qadam tovushlarini eshitib qoldi. Eshik ortida ikki kishi: biri ogʻir qadam tashlar, ikkinchisi esa yengilginayurardi. Demak, ular ikki kishi ekanda? U yana quloq soldi. Qadam tovushlari tindi. U adyolni itqitib, oʻrnidan shosha-pisha turdi-da, yuvindi. U ertalabki choyni odatda ishga ketayotib yoʻl-yoʻlakay qahvaxonada ichardi. Lekin bu gal odatiga xilof ravishda nonushtani uyda tayyorlamoqchi boʻldi. Gazni yoqmoqchi boʻlib, anchagacha urindi. Nihoyat, yoqdi. Olov ustiga choy-nakni qoʻyib, kiyina boshladi. Keyin oʻrnini yigʻdi. Sut shishalarini oshxonaga olib chiqib qoʻydi. Uy oʻrtasida yoyilib yotgan kirlarni burchakka yigʻdi. Birdan miyasiga, hali-hozirgina kelgan bezbet mehmon yoki mehmonlar bir oz oʻtgandan keyin yana kelishlari va hatto eshikni buzib kirishlari mumkin-ku, degan fikr keldi. U holda, ish chappasiga aylanib ketishi mumkin. U bugun qilishi lozim boʻlgan ishlarni eslay boshladi. Tikuvchiga kirib, uzilib ketgan tugmalarini qadatishi kerak. Ishxonasida ham ishi boshidan oshib yotibdi. Bir nechta dorivor preparatlarning prospektini turk tiliga tarjima qilishi, keyin mashinkada koʻchirishi lozim. Qechqurun ishdan keyin Taqsim maydoniga kirib oʻtishi kerak, u yerda xususiy darsi bor, darsdan keyin esa Taqsimdan Beshiktoshga oʻtsa ham boʻladi — onamni koʻrib kelsam yomon boʻlmasdi, deb oʻyladi u.

* * *

Onasi bundan uch kun avval kelgandi. U tugʻilib oʻsgan, lekin vaqt oʻtishi bilan yodidan chiqara boshlagan uzoq shaharchadan kap-katta bolasini koʻrgani kelgandi. Kap-katta bola. U ona uchun bolaligicha qolgan, uni avvalgicha sevar va undan onalik mehr-oqibatini darigʻ tutmaslikka intilardi.
— Xotining bilan munosabating qalay,— kelgan zahoti surishtirdi u.— Hammasi joyidami?
— Ha, oyijon.
— Ajrashibsizlar, deb eshitdim.
— Yoʻq, oyijon.
— Sen mendan nimanidir berkityapsan, oʻgʻlim. Axir, men onangmanmi, yoʻqmi?
— Men sizdan hech nimani yashirmayapman, oyijon. Biz ajralishganimiz yoʻq.
— Kelishimdan oldin xolangni koʻrgan edim. U aytdiki, murosalaring kelishmay ajralishayotganmishsizlar. U bu gapni Selmadan eshitibdi, Selmaga esa aytishlaricha, oʻzing aytgan ekansan.

Uning joni hiqildogʻiga kelib, onasiga ham keskin javob berdi.
— Oyijon, bunday gʻiybatlarni bas qiling! Xudoga shukur, hammasi joyida. Kelganingiz juda yaxshi boʻlibdi, bu yerda xohlaganingizcha turib, dam oling.
—Axir sen mening bolamsan-ku,— xafaomuz davom etdi onasi.
— Nega tushunishni xohlamaysiz, oyijon, aytyapman-ku, ajrashganimiz yoʻq, hammasi joyida, deb tushunyapsizmi?

Oʻz gumonlari tasdiqlanganiga ta’bi xira boʻlgan ona gʻamgin dedi:
— Demak, xotining seni hecham sevmas ekan-da?
— Sevadi, oyijon, — deya qaysarlik bilan e’tiroz

bildirdi oʻgʻli.
— Agar sevganda, meni koʻrgani sen bilan chopqillab kelgan boʻlardi.
— Otasi betob boʻlib qolgan, oʻshanga qarab oʻtiribdi.
— Xotining biznikiga, Tarsusga borganida, nuqul togʻangning qarindoshlarinikidan beri kelmagandi. Uyimizga zoʻrgʻa olib kelgandim. Yoʻq, u bizni hecham sevmaydi.
— Hozir bu haqda gaplashmaylik, oyijon, xudo haqqi, keragi yoʻq!

Ona istar-istamas jim boʻldi, uning moʻ‘jazgina dumaloq yuzi choʻzilib, koʻzida yosh aylandi. Kattalar gap bilan ovora boʻlishganidan foydalangan — buvisi oʻzi bilan birga olib kelgan besh yoshli nabirasi oyna rafiga chiqib oldi. Buvisi uning qoʻlidan ushlab oʻzining yoniga oʻtqazib qoʻydi, lekin qaysar qizaloq shu zahoti oʻrnidan sakrab turib, qoʻshni xonaga yugurib kirib ketdi.

Ha, u avvalgidek onasi uchun katta bola boʻlib qolavergandi.
— Bir necha kun sen bilan uyingda yashamoqchiman, — dedi onasi, u oxirgi ,marta onasining oldiga kirganda.
— Lekin Gunar uyda yoʻq-da, — deya e’tiroz bildirdi oʻgʻil. — U har kuni otasini koʻrgani kasalxonaga boradi.
— Gunaring boʻlmasa boʻlmas, sen boʻlsang boʻlgani,— deya oʻz gapida turib oldi ona.
— Oyi men vohlik ketib, kech qaytaman. Biznikida kechgacha bir oʻzingiz nima qilasiz? Yaxshisi, shu yerda yashayvering, dam oling, men har kuni sizni koʻrgani kelib turaman.
— Yoʻq,— dedi qat’iy tarzda ona.— Men albatta senikiga borib, bir necha kun turib kelishim kerak.

* * *

U suv qaynab ketganini eshitdi-da, oshxonaga yugurdi. Choygumning tagidagi olovni pasaytirdi. Birmuncha vaqt plitaga toʻkilgan suv tomchilarining vishillayotganini kuzatib turdi. Tokchadan choy qutini olib, qaynayotgan suvga bir siqim quruq choy tashladi. Keyin idish-tovoqlarni yuvishga kirishdi. Oshxona tor-tanqis va qorongʻi boʻlib, qoʻlansa hiddan turib boʻlmadi. Xotini boʻlsa mana shu katalakday, iflos, dim oshxonachada ertalabdan-kechgacha kuymanib unga ovqat, choy tayyorlar, yana ish qilayotib qoʻshiq ham xirgoyi qilardi. Ba’zida oshxonaning eshigini ochib, unga murojaat qilgancha soʻrardi: «Eshitmadingmi yoki menga shunday tuyuldimi, kimdir eshikni taqillatayotganga oʻxshaydimi?» U boʻlsa, hatto kitoblaridan boshini ham koʻtarmay, toʻngʻillardi: «Yoʻq, senga shunday tuyulgandir».

* * *

Birdan uning jahli chiqib ketdi. Choyning dam yeyishini kutib qoʻlida piyola ushlab turarkan, jahli borgan sari pasayib, oʻrnini qaygʻu-hasrat egallayotganini his qildi. Faqat oʻzini ayblashi kerak. U qalbida allaqanday kuydiruvchi, lekin yengillik tugʻdiradigan hissiyot koʻtarilayotganini his qilardi. Vijdonini qiynaydigan, negaligini oʻzi ham bilmay bema’ni qiliq yomonlik qilishni xohlamas, lekin buni oʻz xohishiga qarshi oʻlaroq qilishga majbur edi. U dilida ham aybdorlik, ham aybsizlik tuygʻusini his qilardi. Koʻzida yosh aylandi. Shundoqqina roʻparasida oyna osiqlik edi. Uning chang bosgan sirtida yoshli koʻzlarining aksini koʻrib qolib, oʻzini qoʻlga oldi. Agar shu oyna boʻlmaganda, oʻzining shunchalik ogʻir-bosiqligiga qaramay, hissiyotlariga erk bergan boʻlardi. U choynakni koʻtarib oshxonadan chiqdi. Keyin piyola va qanddonni olish uchun yana qaytdi. Oshorna ostonasidan hatlashga ulgurmovdiyamki, yana eshik taqillagani eshitildi. U turgan joyida qotib qoldi. Qisqa-qisqa qilib taqillatishardi. U eshikdan uch qadam narida turgancha jimgina kutib turardi. Birdan xavotirlanib ketdi. Yuragi qattiq urib, turgan joyida u yoqdan-bu yoqqa beixtiyor tebranayotganini sezib qoldi. Balki unga shunday tuyulgandir. Kim boʻlishidan qat’iy nazar, sirayam eshikni ochmaslikka ahd qildi. U hech kimni koʻrishniyam, gaplashishniyam xohlamasdi. Eshikka tikilgancha, eski pol taxtalari gʻirchillab ketmasligi uchun bor kuchi bilan joyidan qimirlamaslik-ka harakat qilib, eshikka tashlanishga boʻlgan oʻzidagi ulkan istakni bosib, yarim soat oldin ilk bor taqillatganlaridayoq ochish kerakligini, oʻzining nohaqligi-ni borgan sari kuchliroq his qilgancha kutib turardi. Birdan taqillash toʻxtab, jimib qoldi, aftidan, taqillatayotgan odamning qoʻli tolib ketdi, shekilli. Sukunat choʻkdi. U hamon kutib turardi. Eshik ortidan oʻziga yaxshi tanish, lekin begona boʻlib qolgan, muhabbat, dashnom, xijolat sezilib turgan ovoz naq qalbining qa’riga singib borar va yuragini yanada qattiqroq urishga majbur qilardi. Sokin, umidsiz, kechirishga tayyor va shu bilan birga qat’iy, hech narsani: na oʻtib ketgan gʻazabni, na ozorni, na muhabbatu va na azob-uqubatni unutishga qoʻymovchi eshik ortidan eshitilayotgan va ichkariga kirib kelgan, oyoq-qoʻlini shol qiluvchi ovoz yana eshitila boshladi. U birdan oʻzining ismini aytib chaqirishayotganini anglab qoldi. Tushunmay ham boʻlarkanmi? Oʻz xohishiga qarshi qalbida eshikni ochishga ulkan istak tugʻildi-yu, lekin u buni yengdi. Eshik oldida qaqqayib turish tentaklik edi, shuning uchun u oyoq uchida orqasiga tisarila boshladi. Shu vaqt u shivirlash ovozini eshitdi, keyin kimdir eshik tagidagi tirqishdan qaramoqchi boʻlayotganini koʻrdi. Shundoqqina eshik oldida uning yozgi oq tuflisy turardi. Tirqishda harakat sezilayotganga oʻxshab tuyuldi. Keyin: «Xoʻsh, nima koʻryapsan?»— deb soʻragan keksalarga xos ovoz eshitildi. Bunga javoban, nimanidir koʻrganligidan boʻlsa kerak, oʻzida yoʻq xursand bolakayning ovozi eshitildi: «Tufli koʻryapman, buvijon. Shundoqqina eshikning oldida».

U hayajonlanib ketdi. Tirqishdan uning oyoqlarini koʻrib qolishlaridan qoʻrqib, ohista bir qadam orqaga tashladi. Eski taxtalar gʻirchillab ketdi. U tishini tishiga bosdi, yuzi esa bujmayib, qiyshayib ketdi. U hali qadam qoʻyishgayam ulgurmovdi, onasining ovozini eshit-di: «Uydaligingni shundogʻam koʻrib turibman!» U nima qilishni bilmasdi, shuning uchun ham oʻzidan jahli chiqardi. Onasi bu gal ham ovozida oshkora gina-kudurat bilan gapida davom etdi: «Biz qancha joydan oldingga keldik-a. Oyogʻimda oyoq qolmadi. Shu turishda oʻzimdan ketib qolishim hech gapmas. Qani, tezroq ocha qol! Eshik oldida bizni kutishga majbur qilma, bu yaxshi emas!»
— Ochmayman!—dedi u nihoyat jim turishga sabri chidamay.
— Nega endi ochmas ekansan?
— Ochmayman, dedimmi, ochmayman,— deya keskin ravishda qaytardi u.
— Endi nima qilishimiz kerak, qaytib ketamizmi? Shuncha yoʻldan bekordan bekorga kelgan ekanmiz-da?
— Ketaveringlar! Bari bir men sizlarni kirgizmayman! Tushunyapsizmi, siz mening uyimga kirmaysiz!
— Axir, sen mening oʻgʻlimsan-ku!
— Ochmayman, bekor kutyapsiz!
— Qaysarlik qilma, och! Onaga ham shunday muomala qilishadimi hech zamonda?
— Ochmayman, dedimmi, ochmayman! Ketinglar.
— Xoʻp, mayli, hech boʻlmasa, kir-chirlaringni bergin, yuvib beraman.
— Kir-chirlarim yoʻq. Keting bu yerdan! Umuman, bu yerga hecham kelmang!

Jimlik choʻkdi. Keyin uzoqlashayotgan onasining

ogʻir hamda bolakayning yengil qadam tovushlari eshitildi. Bittasi qarilarga xos, charchagan, ikkinchisi yengil, soddi. Shundagina u eshikni ochdi. Pastki qavatdagi pillapoya maydonchasida qadamlar bir narsani kutgandek toʻxtadi. Buvi bilan nevara nima haqdadir shivirlashib maslahatlashib oldilar. Yana qadam tovushlari eshitildi. Oʻgʻil ular tinguncha kutib turdi. Choy ichib oʻtirmay, tez-tez kiyindi-da, uydan chiqdi. Oʻgʻil ularga avtobus bekatida yetib oldi.
— Nega keluvdingiz? — bir oz yumshoqlik bilan, lekin haliyam zarda bilan soʻradi. — Men sizni chaqirganmidim? Nega endi bekordan-bekorga koyinaverasiz?
— Ha, yoʻq, xavotirlanganim yoʻq, qayerdan olding bunday gapni,—deb javob berdi onasi. Koʻz yoshlari esa beixtiyor yonogʻidan oqib tushardi.
— Boʻlmagʻur narsalarga xafa boʻlishning hojati yoʻq, oyi,— deya uni yupatmoqchi boʻldi oʻgʻli.

Avtobus keldi.
— Pulingiz bormi?— deb soʻradi u onasidan va javobini kutmayoq oʻn soʻmlik qogʻozni uzatdi.

Avtobus eshiklari bekilgach, bechora ona ranj-alam hamda charchogʻini oʻgʻliga boʻlgan muhabbat bilan bosish maqsadida unga

— Ovqatlanishga kelib tur, oʻgʻlim!—deb baqirdi.