OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifKonstantin Paustovskiy
Asar nomiErtakchi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Romantizm
Mualliflar
   - Konstantin Paustovskiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonRus tilidan Dilorom Abdurahmon qizi tarjimasi
Hajm41KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
Xristian Andersen haqida hikoya


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ertakchi (hikoya)
Konstantin Paustovskiy

Yozuvchi Xristian Andersen bilan uchrashganimda yoshim atigi yettida edi.

Bu ajoyib voqea qish kechalarining birida, XX asrning boshlanishiga bir necha soat qolganida roʻy berdi. Quvnoq bolalar ertakchisi meni Yangi asr ostonasida kutib oldi.

U avval menga uzoq tikilib turdi-da, soʻngra hazilomuz bir koʻzini qisib jilmayganicha, choʻntagidan oppoq roʻmolchasini olib havoda yelpitgan edi, oppoq atirgul paydo boʻldi va atrofga xushboʻy taratib, ohista yerga tushdi. Oʻsha paytlar biz oilamiz bilan istiqomat qilayotgan yertoʻlaning gʻishtin poliga kelib tushgan atirguldan jaranglab mayin ohang taraldi va uning sirli ogʻushida xonam kumush rangda tovlana boshladi.

Keyinchalik bilsam, oʻshanda Andersen bilan boʻlib oʻtgan voqea eski yozuvchilar tili bilan aytganda oʻng aralash tushda kechgan ajib bir holat, ya’ni gʻaroyib uchrashuv yuz bergan ekan.

Yodimda, oʻsha kech oppoq qor yogʻayotgan edi. Uyimizda esa archa bezatilayotgandi. Archa bezab boʻlinguniga qadar hayajondan yuragim hapqirib ketmasligi uchun uyimizdagilar meni koʻchaga chiqarib yuborishdi. Men esa hanuzgacha nima uchun ularning aynan belgigangan vaqtdan oldin quvonib ketishimni istamaganliklarini tushunib yetolmayman. Balkim, oʻsha quvonch degani bizning oilamizga juda kam tashrif buyuradigan, oilamiz a’zolari intiqib kutadigan aziz mehmondek boʻlgani uchun, uning nogoh kirib kelishi esa biz bolalarni xursand etib, haddan tashqari hovliqtirib yuborishi mumkinligini oʻylab, shunday qilishgandir. Qaydam, nima boʻlganda ham oʻsha kuni uydagilar meni tashqariga chiqarib yuborishgan edi.

Har doim shom aralash qorongʻu tusha boshlagan kezlari, koʻchalar, uylar va ba’zi binolarning chiroqlari birdaniga charaqlab yonishi qalbimni allanechuk hayajonga solib yuborar edi. Ayni shu chogʻda ajoyib yashil rangli shu’la taratib yorishuvchi doʻkonning oynali peshtaxtasi tubida turli-tuman gʻaroyib narsalar paydo boʻlar, ular «qorqiz» nomli konkilar, turfa rangda tovlanib yonib turuvchi har xil «burama shamlar», mayda oppoq tsilindrlarga joylashtirilgan qiziqchilar niqoblari, qalaydan quyib tayyorlangan toʻriq ot mingan chavandozlar, paqildoqlar va turli rangdagi yaltiroq qogʻozdan yasalgan zanjirchalar edi.

Oʻshanda XIX asrning oxirgi kechasi nechogʻli muhim ahamiyatga ega ekanligini kattalarning soʻzlaridan bilib olgandim. Chunki, inson bunday kechaning qayta guvohi boʻlishi uchun yana yuz yil umr koʻrishi, bu esa har kimga ham nasib etmasligi muqarrar edi.

Darhaqiqat, nazarimda oʻsha kungi oqshom ham oʻzgacha bir sirli tarovat bilan kirib kelgandi. Tashqarida ohista oppoq qor yogʻardi. Qor parchalari shunchalar yirik ediki, bamisoli osmonni toʻldirib dasta-dasta gul yogʻardi goʻyo. Koʻchalarni esa, izvosh otlarga taqilgan qoʻngʻiroqlarning yoqimli sadolari tutib ketgandi.

Archa bezab boʻlinganligi yodimga tushib, uyimizga qarab yugurdim. Xonaga kirishim bilan meni kutib turgan uyimizdagi kattalar archaning chiroqlarini yoqib yuborishdi. Shu chogʻ koʻz oʻngimda rang-barang chiroqlar birin-ketin yonib, xonamiz charaqlab yorishib ketdi. Almashib yonayotgan chiroqlardan esa xuddi akatsiya daraxtining qurigan shoxlari qisirlab sinayotgandek ovoz chiqardi goʻyo. Nogahon, archaning tagida turgan katta qalin kitobga koʻzim tushib qoldi. Angladimki, bu onamning menga Yangi yil sovgʻasi, ya’ni Xristian Andersenning ertaklar kitobi edi. Shu payt quvonchim ichimga sigʻmay, hayajon bilan shoshilguncha archaning yonida oʻtirib olib kitobni varaqlay boshladim. Uning varaqlari nafis qogʻoz bilan yopib qoʻyilgan ajoyib suratlarga toʻla edi. Suratlarni tomosha qilish uchun yopishtirib qoʻyilgan oʻsha qogʻozni ohista ajratib olish kifoya edi. Suratlarda esa qor qasrining devorlari uzra mushaklar yarqirar, oppoq bulutlar suzib yurgan dengiz ustida yovvoyi oqqushlar uchib yurar, kumushrang askarchalar uzun qurollarini ushlab bir oyoqda qorovullik qilib saf tortib turishar va boshqa shu kabi ajoyib moʻ‘jizaviy manzaralar aks ettirilgan edi.

Kitobga shu qadar shoʻngʻib ketibmanki, hatto kattalarning meni bezalgan archani tomosha qilishga undayotganliklarini ham sezmabman.

Oʻshanda dastlab oʻqigan ertaklarim gʻaroyib matonatli jang, jajji goʻzal raqqosa hamda qor malikasi haqidagi ertak boʻldi.

Hamon yodimda, kitobni varaqlab oʻqir ekanman, goʻyo uning sahifalaridan turfa gullarning xush boʻylari ufurib, qahramonlarining saxiy chehralari shundoq koʻz oʻngimda jonlanib, namoyon boʻlganligidan hayratlangandim. Bir ozdan soʻng toliqqanimdan archaning tagida koʻzim ilinib, pinakka ketib qolibman. Shu chogʻ archa shoxlarini bezab turgan chiroqlardan taralayotgan yoqimli iliqlik hamda shirin mudroqlik ichra oppoq atirgullar bargini toʻkayotgan Andersenning siymosi namoyon boʻldi. Oʻshandan beri u haqdagi tasavvurimga oʻsha ajib, tushimda koʻrgan manzara muhrlanib qolgan.

Men u paytlar juda yosh edim. Ertaklardagi, jumladan Andersen ertaklariga ham yashiringan, kattalarga tushunarli boʻlgan ikkinchi tomoni, ya’ni ikkinchi gʻoyasi borligini bilmas edim, albatta.

Buni ancha kech angladim. Keyin bilsam, XIX asrning oʻziga yarasha ogʻir va olamshumul yakuni arafasida menga omad kulib boqqan va ayni shu kechada gʻaroyib moʻ‘jizaviy shoir Andersen menga uchrab, murgʻak qalbimda yorugʻlikning zulmatdan hamda insonlarning saxiy yuragi yovuzlik ustidan gʻalaba qozonishiga ishonch uygʻotgan ekan. Oʻsha paytlar Pushkinning «Yashasin quyosh, yoʻqolsin zulmat!» degan soʻzlarini eshitgan edim. Negadir mening nazarimda Pushkin bilan Andersen oʻzaro qadrdon doʻst boʻlishgandek, ular har gal uchrashganlarida bir-birlarining yelkalariga qoqishib, zavqlanib quvonishayotgandek tuyular edi goʻyo.

Andersenning tarjimai holini ancha kech oʻrgandim. Ungacha mening tasavvurimda uning hayoti ham xuddi oʻzining ertaklaridagi kabi gʻaroyib va goʻzal, suratlari kabi quvnoq va baxtiyor boʻlib tuyular edi.

Andersenning hayoti bolalik chogʻlaridanoq juda ogʻir sharoitda kechdi. Ammo u umri davomida hayotdan, yorugʻ olamdan ezgulik qidirib, zavqlanib yashashga intildi.

Xristian Napoleon urushi davrida Odenza deb nomlangan daniyaliklar shahrida kambagʻal etikdoʻz oilasida dunyoga keldi. Odenza Fyun orolining pastak adirlarida joylashgan boʻlib, uning atrofini baland togʻlar oʻrab turardi. Adirlar etagida archalar gullab yotar, osmonini esa doimo tuman qoplab turar edi. Odenzaning umumiy koʻrinishini tasavvur qilib koʻrilsa, u qoraygan eman daraxtidan yoʻnilgan kattakon oʻyinchoqni eslatardi.

Ha, Odenza bekorga oʻzining yogʻoch oʻymakorlik san’ati bilan shuhrat qozonmagan edi. Oʻrta asrlarda yashab oʻtgan yogʻoch oʻymakor ustalaridan biri Klaus Berg qora daraxtdan Odenza bosh cherkovining ibodat qiladigan joyidagi ulkan qismini yoʻnib tayyorladi. Uning ajoyib ijod namunasi boʻlgan ushbu mehrob mahobati va haybati bilan faqat bolalarninggina emas, balki kattalarning ham hayratini oshirar edi. Daniyalik oʻymakor ustalar faqat mehroblar oʻyibgina qolmay, turli ilohiy manzaralar aks ettirilgan haykalchalar ham tayyorlar edilar. Daraxtlarning ulkan boʻlaklaridan mohirona yoʻnilgan haykallarda qoʻpol, ammo oʻziga xos ramziy ma’nolar kasb etuvchi ilohiy mabudalar, dengiz xudosi Neptun, delfinlar, goho egilib yuruvchi dengiz otlari kabi har xil narsalar aks etar edi. Bunday haykalchalar dengizchilar udumiga koʻra yelkanli kemalarning old tumshugʻiga joylab qoʻyilar edi. Haykalchalar ba’zan tilla suvi yoki har xil maxsus toʻq rangli boʻyoqlar bilan boʻyalar edi. Uzoq yillar davomida dengiz toʻlqinlari ularga putur yetkazib, buzib, ranglarini yuvib ketmasligi uchun maxsus boʻyoqlar juda quyuq qilib surilar edi.

Kemalarga haykalchalar yasovchi oʻymakor ustalar oʻzlarining betakror mohirona san’atlari tufayli goʻyo dengiz ijodkorlari – shoirlari edilar. Andersenning doʻsti daniyalik Albert Torvaldsen ham ana shunday oʻymakorlar oilasining birida voyaga yetgan, XIX asrning buyuk haykaltaroshi edi.

Andersen bolaligidan boshlab oʻymakorlarning xayolni maftun etuvchi ajoyib ijodiy ishlarini faqat kemalardagina emas, balki Odenza uylarining bezaklarida ham koʻp uchratgan. Dastavval u Odenzadagi eskirgan bir uyning keng yogʻoch romiga oʻyilgan ajib lolalar va atirgullarni koʻrgan edi. Ijodkor usta tomonidan naqshlar yoniga bir misra she’r ham oʻyib yozilgan edi. Bolalar jam boʻlishib, oʻsha she’rni yodlab olishgani hamon uning yodida.

Etikdoʻzlar eshigi ustiga osib qoʻyilgan ikki kallali burgut tasviri ham uning xayoliga muhrlanib qolgan. Bu tasvir goʻyo oyoq kiyimlar doimo bir juft qilib tikilishining ramziy ma’nosini anglatib turar edi.

Andersenning otasi ham etikdoʻz edi. Ammo ularning eshigi ustida ikki kallali burgutning surati yoʻq edi. Bunday surat faqat etikdoʻz hunarmandlar tsexiga a’zo boʻlgan ustalarning eshigiga ilinishiga ruxsat etilardi. Andersenning otasi esa juda kambagʻal boʻlganligi tufayli etikdoʻz hunarmandlar tsexiga belgilangan a’zolik badalini toʻlolmas, shuning uchun ham bu tsexning a’zosi emas edi.

Andersen oʻta nochor va qashshoqlikda voyaga yetdi. U yashagan oilaning birdan-bir faxrlanadigan narsasi ularning juda ozodaligi edi. Uyning ichida yashikka joylangan tuproqda qalin boʻlib piyoz koʻkarib turardi. Tokchadagi gultuvaklarda esa turli gullar qiygʻos ochilib yotardi. Gullarning xush boʻylari otasining qoʻlidagi kosiblar bolgʻachasidan taralayotgan aks-sado bilan birlashib, barabanchilar kazarmasidan eshitilib turuvchi vazmin tovush, daydi musiqachilar fleytasi (naysimon musiqa asbobi)ning hushtagi hamda daryo boʻylab qoʻshni qirgʻoqqa yuk tashiydigan besoʻnaqay kemalardagi matroslarning horgʻin boʻgʻiq ovozda aytayotgan qoʻshiqlariga qoʻshilib ketar edi goʻyo.

Bu kabi turli-tuman manzaralar, odamlar, hodisalar va undagi ranglar, ovozlar oʻziga xos ajoyib xayolparast Xristianning shuurida aylanib, uning shodlanib, zavqlanishi va har xil gʻaroyib voqealar oʻylab topishiga zamin yaratar edi.

Ayniqsa, ularning uyida har qanday holatda ham uni yolgʻiz tinglovchi, Karl laqabli mushukning borligidan bolakay juda mamnun edi. Ammo Karlning ham bir kamchiligi bor edi. U ham boʻlsa bola aytayotgan biror-bir qiziq ertakni oxirigacha diqqat bilan tinglay olmas, ertak nihoyasiga yetmasidan oldin xurillab uxlab qolar edi. Bolakay esa qari mushuk Karlning bu qiligʻidan aslo ranjimas, chunki mushuk uning ertaklaridagi sehrgarlar, Klum-pe-Dumpe nomli ayyorlar, aqlli trubachilar, soʻzlashuvchi gullar hamda boshida olmos toji bor qurbaqalar kabi gʻaroyib narsalar borligidan hech qachon ajablanmay, jimgina uni tinglardi.

Andersen ilk ertakni oʻzining otasidan eshitgandi. Keyin esa u ushbu ertakni qoʻshni musofirxonada turuvchi ayollarga aytib bergan edi. Bu yerda yashovchi ayollar kuni boʻyi egilib olib, kulrang jun yigirar, bir-birlariga esa oʻzlarining har xil soddagina hikoyalarini soʻzlab oʻtirishardi. Bolakay esa ularning har bir hikoyasini qiziqib tinglab, ertasi kuni aynan shu hikoyalarning oʻzini boshdan oyoq oʻz tasavvuri bilan boyitib, oʻzga ranglar bilan boʻyab, bezab ularning oʻziga yangicha talqin bilan oʻz nomidan qayta boshdan soʻzlab berardi.

Ayollar jajji Xristianning qobiliyati va zehniga qoyil qolib: «Qanday ajoyib bola-ya, bunday xislatli insonlar dunyoda hayot kechirishi juda qiyin boʻladi», deya afsuslanib, oʻzaro shivirlashib qoʻyishardi.

Hikoyani davom ettirishdan oldin uning yuqorida tilga olingan ajoyib xislatlariga toʻxtalib oʻtsak. Andersen yon atrofimizni oʻrab, koʻzga tashlanib turgan tabiat, yorugʻ olamda har birimiz har qadamda duch kelib, kundalik hayotimizda yuz berayotgan oddiy voqea, hodisalarda ham ajoyib borliq, oʻzgacha ajib dunyoni koʻra bilardi. Har qanday, koʻpchilikka shunchaki tuyulgan koʻz ilgʻamas narsalardan yaxshilik, bir dunyo ezgulik topib, qalbdan quvonib, shodlanardi.

Uning bu kabi xislatlarini qobiliyat, deb atasak toʻgʻriroq boʻlar edi.

Biz zamin boʻylab odimlar ekanmiz, oyogʻimiz ostida yotgan har bir narsaga e’tibor bermaymiz. Yoki atrofimizni oʻrab turgan borliq, yerga tushgan yaproq, maysalarni bir dam tinglab koʻrish yoki misol uchun, oddiy bir siqim tuproqni qoʻlimizga olib, diqqat bilan razm solish har birimizning ham xayolimizga kelavermaydi. Agar biz ham zaminga yaqinroq engashib yoki uning bagʻrida yonboshlab olib, diqqat bilan razm solib kuzatsak, uning har bir qarichida koʻplab qiziqarli, ajoyib moʻ‘jizalarga duch kelgan boʻlar edik.

Qani ayting-chi, sizningcha noparmon-yashil tusli askarga oʻxshash bargizub gulining quruq koʻzachasi ogʻzidan zumrad zarrasini sochib turishi qanchalar goʻzal va ajablanarli emasmi? Yoki har bir namchil giyoh, maysalar-chi, yoki makkajoʻxori poyasida yetilib, toʻkilib tushadigan donlar-chi, bir dona mayda urugʻchadan oʻsib chiquvchi ulkan daraxtlar-chi? Ana shunday, u har bir qadamda olam-olam antiqa narsalarga duch kelar, ularni kuzatar va har biri haqida juda qiziqarli hikoyalar, ertaklar toʻqirdiki, odamlar ularning qay birini tinglamasin, uning qobiliyati, san’atiga qoyil qolib, hayratdan bosh chayqab:

– Bu Odenzalik etikdoʻzning daroz oʻgʻliga qaydan bunchalik ajoyib ilohiy ne’mat ato etilgan ekan-a, balkim u sehrgardir, – deyishardi.

Odenzaning oʻz teatri bor edi. U yerda Andersen ilk bor «Dunay qizi» deb nomlangan pesani tomosha qilib, juda hayratlangan edi. Oʻshandan to umrining oxirigacha ashaddiy teatr ishqiboziga aylandi.

Bolalarni nafaqat xalq ogʻzaki ijodi, balki teatr orqali ham ertaklar olamiga olib kirish mumkin. Ular spektakllarni ham hayratlanib, xuddi ertakdek qabul qilib, sevadilar.

Yorqin sahna bezaklari, rang-barang chiroqlar, askarlarning turli-tuman qadimgi qurol-yarogʻlari, musiqa sadolari ostida boshlanuvchi dahshatli janglar, malikalarning havorang uzun kipriklaridan toʻkilib turuvchi koʻz yoshlari, oʻtkir, yaltiroq qilich tutgan mallarang soqolli yovuz badkirdorlar, havoda uchib aylanib, raqsga tushuvchi goʻzal qizlar, bularning barcha-barchasi faqat ertaklardagina roʻy berishi mumkin.

Ammo Andersenning teatrga tushib turishga puli yoʻq edi. Bir kuni u shaharlik afisha yopishtirgich Peter bilan doʻstlashib qoldi. Andersen unga spektakllarning afishalarini yopishtirishga yordam berar, Peter esa buning evaziga yangi spektaklning bitta afishasini sovgʻa qilar edi. Xristian uni xonasining burchagiga yopishtirib, pesaning nomlanishi va unda ijro etuvchilar bilan xayolan tanishib, ana shu afishada turgan nomlar bilan oʻz fantaziyasi orqali pesaning qalblarni zabt etuvchi yangicha ruhi haqida oʻylar, har bir spektakl voqeasini oʻzining tasavvuridagi tasvirlar bilan almashtirardi. Shunday qilib, kunlarning birida bolakayning xayolida sirli va gʻaroyib bolalar teatrining yangi repertuari paydo boʻldi. Unda bolakayning oʻzi muallif, oʻzi aktyor, musiqachi, oʻzi rassom, ham sahnaning yorituvchisi, ham xonandasi edi.

Andersen oʻzi oʻsgan kambagʻal oilaning yolgʻiz, eng xotirjam va erkin a’zosi edi. Oilasida uni hech kim, hech qachon koyimasdi. Bolaligidan uning xayoli oʻzining ajoyib, uzundan-uzoq orzu-oʻylari bilan band edi. Bu holat hattoki uning savod chiqarishi uchun oʻqish paytida ham xalal berardi. U yozishni tengqurlariga qaraganda ancha kech oʻrgandi. Hattoki, keksaygan chogʻida ham xatolar bilan yozar, oʻziga unchalik ishonmas edi.

Andersen koʻp vaqtini Odenza boʻyidagi eski tegirmon yonida oʻtkazishni yoqtirardi. Tegirmon eskirib ketganligidan undan qisirlagan ovoz chiqardi. Tarnovidan yam-yashil suvoʻtlari osilib, unga kelib quyiladigan suv yon atrofga sachrab turar, toʻgʻonning qirgʻogʻida esa baliqchalar jimirlashib, suzib yurganligi koʻrinib turar edi.

Bolakayga kimdir yoshligida ayni shu tegirmon ostida, yer sharining narigi tomonida Xitoy degan mamlakat borligini, xitoyliklar esa bir pasda yerosti yoʻlini qazib, u orqali Odenzaga kirib kelishi va kutilmaganda qoʻllarida nafis yelpigʻich tutgan, tilla ajdar surati tikilgan qirmizi shoyi xalatlarda Daniya shaharlarining mogʻor bosgan namchil koʻchalarida paydo boʻlib qolishi mumkinligi haqida soʻzlab bergan edi.

Bolakay bu moʻ‘jizani uzoq kutdi, ammo bu voqea sodir boʻlmadi.

Odenzada eski tegirmondan tashqari yana bir joy bolakayning e’tiborini tortar edi. U iste’foga chiqqan keksa dengizchining kanal boʻyida joylashgan qoʻrgʻonchasi edi. Dengizchi bogʻining oʻrtasidagi koʻzga yaqqol tashlanib turadigan joyida bir necha yogʻoch zambaraklar va uning yonida yogʻochdan yasalgan askar haykalini oʻrnatgan edi. Kanal boʻylab kemalar suzib oʻtayotganida u yasagan zambaraklardan havoga oʻqsiz zaryadlar otilar, yogʻoch askar esa osmonga qarab qurolini sermar edi. Keksa dengizchi shu alpozda oʻzining iste’foga chiqmagan omadli kapitan oʻrtoqlariga salyut berardi.

Keksa dengizchining ushbu ajoyib qoʻrgʻoniga Andersen bir necha yildan soʻng, talaba boʻlgan chogʻida kirishga musharraf boʻldi. U kelgan chogʻida dengizchi hayotdan koʻz yumgan, ammo yosh shoirni gir aylana gulzor ichida bir toʻda goʻzal va shoʻx qizlar galasi – keksa kapitanning qizlari kutib olishdi. Andersen keyinchalik u qizlarning biriga nisbattan qalbida ishq-muhabbat uygʻonganini sezib qoldi. Ammo uning muhabbati goʻyoki tuman ichra javobsiz qolib ketdi.

Uning tinimsiz hayoti davomidagi ayollarga nisbatan paydo boʻlgan qalbidagi his-tuygʻularining barchasi ham shu alpozda yakun topdi.

Xristian juda koʻp xayol surar, xayoliga kelgan koʻp narsalarni orzu qilardi. Yoshligida uning ota-onasi yaxshi tikuvchi-bichuvchi boʻlishini istashgan edi. Shu maqsadda onasi unga tikish-bichishni oʻrgatdi. Ammo bola oʻrganib, nimaiki tikkan boʻlsa, faqat oʻzining teatridagi qoʻgʻirchoqlari uchun tayyorladi. Oʻsha paytlar Andersenning uyida kichik teatri bor edi.

Bichishning oʻrniga esa mohirona tarzda qogʻozdan hayoliga kelgan turli naqshlar, bir oyogʻida aylanib raqsga tushadigan jajji raqqosalar shaklini kesib yasar edi. Oʻzining ushbu ajoyib qobiliyati orqali barchani keksaygan chogʻida ham hayratda qoldirardi.

Tikuvchilik hunarini oʻrganganligi uning yozuvchiligida ham qoʻl keldi. U qoʻlyozmani juda tez va zich yozardiki, hatto toʻgʻrilashga ham joy qolmasdi. Shunday paytlar qoʻlyozmaning oʻzgartirilgan joyini qogʻozga yozib olib, orqasidan taglik qoʻyib, ip bilan tekislab tikib yopishtirar edi.

Andersen oʻn toʻrt yoshga kirganida uning otasi vafot etdi. Kechasi bilan otasining boshida yigʻlab, mijja qoqmay chiqdi. Oʻsha kuni otasining boshida u bilan birga bir chigirtka ham tuni boʻyi xonish qilganini soʻzlab berdi.

Shunday qilib, oʻsha kuni umri davomida birgina shoir va ertakchi oʻgʻilni dunyoga sovgʻa qilishdan boʻlak hech narsa qilolmagan, biror narsasi bilan hech kimni qoyil qoldirolmagan va hech narsasi boʻlmagan tortinchoq etikdoʻz chigirtkaning sirli xonishi ostida hayot bilan vidolashdi.

Andersen otasining oʻlimidan bir oz oʻtgach, onasining roziligi bilan uylarida asrab qoʻyilgan arzimagan choy-chaqani olib Odenzadan oʻz omadi, baxtini qidirib poytaxti Kopengagenga joʻnab ketdi. U yerda esa nima kutayotganligini hech kim bilmas edi.

Uning xotirasi yoshligidan sirli voqealarga toʻlib-toshgan, ammo bularning barchasi shunchaki befoyda saqlanib turgan edi. Andersen katta boʻlganida kim boʻlishi haqida uzoq oʻylardi. Qoʻshiqchi, raqqosmi, shoir yoki badiiy asarlarni ifodali qilib oʻqib beruvchi – suxandon, satirik, dramaturgmi, xullas, ertakchilik esa xayoliga ham kelmagan edi. Shunga qaramay qalbining olis manzillaridan ertaklarning moʻ‘jizaviy ohangi dam u, dam bu ijod torlari orqali sado berib turardi.

Ertaklar olamiga Andersenni aslida nima yetaklagan edi?

Tabiatning maftunkor bagʻrida yolgʻiz qolib, uning ovoziga quloq tutib, ertak yozishdan ham zavqliroq va osonroq narsa yoʻq, deb aytgan edi u.

Ayniqsa Zelandiya oʻrmonlarida dam olgan kezlari uning bu fikri yanada oydinlashdi. Ajoyib, maftunkor osmonida yulduzlar gʻira-shira mildirab, qariyb doimo yengil tuman ostida oʻy surib turuvchi Zelandiya oʻrmonlari. Oʻrmon boʻylab dengizning uzun yastanib turishi esa unga yanada oʻzgacha tarovat baxsh etar edi.

Andersen ertaklarining koʻp qismini qish paytida yozganidan xabarimiz bor. Ammo siz bolakaylarning archa bayramini goʻyoki bir gʻaroyib moʻ‘jiza kabi hayajon bilan intiqib kutishlarini, archaning oʻziga xos koʻrkam tusga kirib, turli-tuman tovlanib turuvchi betakror oʻyinchoqlar bilan charaqlab bezatilishini bir tasavvur qilib koʻring-a!

Dengiz boʻyida qish qanday oʻtishini bilasizmi? Butun borliq oppoq kumushrang qorga belangan. Oydin qish kechasining yogʻdulanib, uylarning pechlarida yogʻoch oʻtinning charsillab yonib turishi bularning hamma-hammasi andersencha tasavvuru ifoda bilan uning ertaklariga joy boʻlardi.

Balkim Andersenning ertakchi boʻlishiga Kopengagen koʻchasidagi mana bu voqea sabab boʻlgandir?..

Bir bolakay eski Kopengagen uylarining birida tokchada oʻynab oʻtirar edi. Uning oʻyinchoqlari unchalik koʻp emas, ular bir necha kubikchalar, pape-mashedan tayyorlangan eski dumsiz ot va qalaydan yasalgan siniq askarcha edi. Bolakayning onasi – yoshgina juvon deraza yonida kashta tikib oʻtirardi. Shu payt eski dengiz porti tomondan, koʻchaning pastak qiyaligidan koʻtarilguncha qora libos kiygan, juda ozgʻin va daroz boʻyli bir odam paydo boʻldi. Uzun qoʻllarini osilib turgan gavdasi u yon, bu yon qalqib, oʻzi bilan oʻzi gaplashib, bolakayning uyi tomonga yaqinlashib kelmoqda edi. U odam shlyapasini qoʻliga ushlab olgan, shuning uchun ham keng qiya peshonasi, burgutnikiga oʻxshash ingichka burni va kul rang qisiq koʻzlari aniq koʻzga tashlanib turardi. Uning chehrasi deyarli koʻrimsiz boʻlib, ammo qaddi-qomati juda kelishgan, nimasi bilandir chet elliklarni eslatib turardi. Egnidagi kalta kamzulining tugma qadaydigan joyiga xushboʻy yalpiz shoxchasini taqib olgan edi.

Agar shu notanish kishining oʻziga oʻzi gʻudranib kelayotgan soʻzlariga quloq tutish joiz boʻlsa, uning salkam xirgoyi tarzda quyidagi she’rni oʻqiyotganining guvohi boʻlar edik:

Men seni koʻksimda asradim,
Orzu-umidlarimning nozik gʻunchasi...
Bolakayning onasi tikayotgan kashtasidan boshini koʻtarib, oʻgʻliga qaradi va:

– Ana, bizning shoirimiz janobi Andersen kelyaptilar. Agar u xirgoyi qilayotgan allalar xonishiga quloq tutsang, shirin uyquga ketib qolishing mumkin, – dedi.

Shu dam bolakay qora kiyimdagi notanish odamga bir pas tikilib turdi-da, soʻng oʻynab oʻtirgan yagona oqsoq askar oʻyinchogʻini qoʻliga olib, koʻchaga, Andersen kelayotgan tomonga yugurib ketdi. Yoniga yetib kelgach, oʻyinchoqni uning qoʻliga tutdi-yu, zudlik bilan orqasiga qaytib, uyiga qarab yugurib ketdi.

Bu bolakayning eng qimmatbaho sovgʻasi edi. Andersen hayajon bilan albatta buni tushundi va bolakayning bergan sovgʻasi – oʻyinchoq askarchani shunday koʻksiga qadab qoʻyilgan yalpiz shoxchasining yoniga xuddi koʻkrak nishonidek taqib oldi. Bunga ham qanoatlanmay, oʻyinchoqni mehr bilan koʻksiga bosib, yanada koʻzga ravshanroq tashlanib turishi uchun biroz chiqarib qoʻydi. Bolakay tomonidan koʻrsatilgan bu holat Andersenni shu darajada toʻlqinlantirib yubordiki, bekoriga uni yaqin doʻstlari his-hayajonga oʻta beriluvchanlikda ayblamasligi qayta yodiga tushdi.

Ayol esa kashta tikishdan bir oz tin olib, agar shu shoirni sevib qolganimda, u bilan kechgan hayotim oʻta maroqli va shunga koʻra murakkab ham boʻlishi mumkin edi, deya xayolidan oʻtkazdi. Andersen hattoki yosh xonanda Jennini sevib qolganida ham, uni deb oʻzining shoirona odatlari, beqaror orzu-xayollaridan voz kechmaganligi haqida eshitgan edi. Ha, shoirning oʻziga xos oʻy-xayollari, orzularining cheki-chegarasi yoʻq edi.

Bir kuni u hatto gʻamgin-huvillab Daniyaga qarab shimoli-gʻarb tomondan esib turuvchi shamolning yoʻliga, baliqchilar kemasining machtasiga musiqa asbobi – arfani qistirib qoʻyib, shamol ta’sirida uning torlaridan taraladigan mungli sadoni tinglagisi kelib ketdi. Bu albatta faqat Andersengagina xos boʻlgan orzu-xayollarning bir koʻrinishi edi.

Andersen oʻz hayoti haqida soʻzlaganida, uning soz va shodon oʻtganligini ta’riflab, bolalarcha shodlanib quvonardi. Hayotga bu qadar begʻubor, sofdillik bilan qarash faqatgina Andersen kabi qalbi toza, ma’naviy denyosi boy boʻlgan insonlargagina xos boʻlgan fazilatdir. U kabi insonlar turmushda uchraydigan har qanday mayda-chuyda hodisalarga oʻralashib, nolib, vaqtini bekorga boy berishdan koʻra yon-atrofda borliqni oʻrab, yarqirab turgan tabiat poeziyasi bilan zavqlanib yashashni afzal biladilar. Qani ayting-chi, tarovatli va goʻzal koʻklam nafasi har bir daraxt kurtaklaridan boʻsa olayotgan dilbar lahzalarni boy bermasdan kuzatish, ikir-chikir tashvishu gʻamlarga e’tibor bermay yashash naqadar zavqli! Axir, bu kundalik mayda-chuyda narsalar goʻzal va dilrabo, xushboʻy koʻklamning oldida nechogʻlik arzimas ekanligini bir tasavvur qilib koʻring-a!

Ha, Andersen shunday keng dunyoqarash bilan shirin orzular ogʻushida hayot kechirishni istar edi.

Ammo Kopengagenga kelgan chogʻlarida u ancha tashvishlarga duch keldi. Oʻsha kezlar mamlakatda qashshoqlik avj olgan, ijod ahli, jumladan shoir, yozuvchi va musiqachilarga nisbatan mensimay qarashlar koʻpchilik qatorida uning ham koʻnglini ezardi.

Andersenga hattoki keksalik chogʻlarida ham unga qarata Daniya adabiyotining «qashshoq namoyandasi», bu kabi etikdoʻz oilasidan chiqqan kambagʻal bolasining har bir joyda, ayniqsa rahbar, ulamolar oʻrtasida oʻz oʻrnini bilib yurishi lozimligini bot-bot uqtirib turishardi. Har damda uning ustidan kulishib, har qadamda izza qilishga harakat qilishardi. Shunday harakatlardan soʻng u doim oʻz-oʻziga «nima uchun shunday?» deya savol berardi.

Buning sababi balkim uning tomirlarida kabagʻal, kamtarin odamlar qoni oqayotganligidadir. Balkim u ham boshqalarga oʻxshab daniyaliklarning nazaricha yashashni bilmaganligida, oʻzini hech qachon katta tutib, goʻyoki hayotda omadi chopgan kaltafahm, kalondimogʻlar kabi gerdayib yurmaganligidadir. Balkim Ollohning marhamati bilan haqiqiy shoir boʻlib yaralganligidadir.

Oʻsha paytlar tor fikrli daniyaliklar nazaridagidek yashashni bilmaslik jamoa orasida eng ogʻir illat deb qaralardi. Andersenga esa bunday odamlar oʻrtasida ularga oʻxshab yashash oddiy soʻz bilan aytganda oʻta noqulay edi. Donishmand Kirkegor aytganidek, u begʻubor xushchaqchaq qalb egasi, tengi yoʻq, bebaho shoirtabiat shaxs edi. Xuddi bir paytlar she’riyat kitobiga bitilib, kutilmaganda paydo boʻlgan-u, unutilgan va qayta dunyoga kelgan sirli moʻ‘jizaviy kitob kabi hech qachon kutubxonaning chang tokchalariga qaytib ketishi mumkin emasdi.

– Mening barcha yaxshi xislatlarimni loyga qorib tashlashmoqchi boʻlishdi, – deya oʻzining holatini bolalar shunchalik vaqtixushlik qilish uchun toshboʻron qilib, azoblayotgan kuchukka oʻxshatardi goho Andersen.

Ammo oʻzingiz ayting-chi, uzun oydin kechalarning yorugʻida na’matak gullaridan taralib turuvchi oppoq shu’lalarning guvohi boʻlgan yoki oʻrmon ichidagi oddiy toʻnkaning nimalardir deb javrab turganini tinglayolgan yoki shu kabi koʻplab gʻaroyib hodisalarning guvohi boʻlib, kuzatuvchi insonning hayot yoʻlini mayda sipirindilar bilan yopib boʻlarmidi axir!

Ammo Andersen hayoti davomida qanchalar ozor chekmasin, iztirob chekmasin, har qanday mushkul sharoitda ham insonlarga doimo yaxshilik, ezgulik istab yashadi. Bunday insonning irodasi oldida faqat ta’zim qilish mumkin.

U oʻzining kambagʻal, faqir insonlarga yaqinligidan faxrlanardi. Daniyalik yozuvchilar tashkil etgan «Ishchilar uyushmasi»ga birinchilar qatorida a’zo boʻlib, jonu dili bilan ishchi, kambagʻal, dehqonlar oʻrtasida oʻzining ijodiy namunalaridan oʻqib berardi. Mabodo oddiy insonlarga nisbatan mensimaslik, adolatsizlik va yolgʻon tuhmatlar qilinayotgan holatlarga duch kelib qolsa, bunga aslo chidolmas va ayovsiz insonga aylanardi. Uning qalbida bolalarcha begʻubor xislatlari bilan birga nohaqliklarga qarshi achchiq alamlari, iztiroblari ham yonma-yon yashardi. Bu holatni «Yalangʻoch qirol» nomli ertagida keng, ravshan qilib tasvirladi.

Kambagʻal oila farzandi, uning doʻsti haykaltarosh Tovaldsen olamdan oʻtganida buyuk ijodkorning vafotidan xabar topib, uning tobuti oldida daniyaliklarga xos boʻlgan namoyishkorona, tantanavor koʻrinishda gerdaygancha tizilib turuvchi ulamolarning yigʻilib kelib turishi Andersenning koʻz oʻngiga keldi.

U Torvaldsenning vafotiga bagʻishlab oʻzining katta kontatasi – yirik musiqiy asarini yozdi. Uning dafn marosimiga butun Amsterdamdan kambagʻal, qashshoqlarning farzandlarini yigʻdi. Bolalar zanjir shaklida tizilib, qoʻl ushlashib butun marosim davomida Andersenning kontatasini joʻr boʻlib kuylashdi. Kontata shunday soʻzlar bilan boshlanardi:

Yoʻl bering bechoralar tobutiga –
Ularning orasida ketmoqdaman oʻzim ham...
Andersen shoir doʻsti Ingeman haqida «u she’riyat urugʻini kambagʻal dehqonlar dalasidan izladi», deb yozgan edi. Uning bu ta’rifi oʻzining ijodiga ham koʻproq ta’lluqlidir. Chunki Andersen ham poeziya urugʻini kambagʻal dehqonlar dalasidan terib, qalb qoʻrida qizdirib, ularning pastak xaroba kulbalariga sochardi. Unda esa poeziyaning gʻaroyib daraxtlari unib chiqar, turfa gullari esa barq urib, mazlumlar qalbiga quvonch baxsh etardi.

Andersen uchun maktabda oʻzidan ancha yosh bolalar bilan bir partada oʻtirib oʻqigan yillari ham juda ogʻir kechdi, qalbi xoʻrlandi. Oʻzining haqiqiy hayot yoʻlini qidirish maqsadida kechgan umrining oʻsha damlari ham uning uchun eng chigal va ruhiy azoblanish yillari boʻldi. U oʻzidagi ijodiy qobiliyatni san’atning qaysi turiga tegishli ekanligini uzoq vaqtgacha anglay olmadi.

«Xuddi togʻliklar ulkan qoyalar toshini zarralab, zinapoyalar yasab yuqori koʻtarilgani kabi, men ham shu qadar mashaqqat va sabr-qanoat bilan odimlab, adabiyotda oʻz oʻrnimni topdim», – degan edi Andersen keksalik chogʻlarida.

Bir kuni shoir Ingamen:

– Siz har qanday oqayotgan suv tagidan ham qimmatbaho duru javohirlar topa oladigan bebaho qobiliyat sohibisiz, – degan edi.

Shoirning bu soʻzlari Andersenning oʻzidagi qobiliyatni anglashiga sabab boʻldi.

Va nihoyat uning yigirma uch yoshida «Amager oroli boʻylab sayohat», deb nomlangan haqiqiy andersencha kitobi bosilib chiqdi. Andersenning ushbu kitobi «gʻaroyib, rang-barang xayollari osmonini» dunyoga namoyish etishiga imkon berdi.

Andersen Daniya boʻylab kezar ekan, doimo qalbida allaqanday maftunkorlik zavqining ajib titrogʻini sezib yashadi. Kelgusidagi hayot yoʻli oydinlashdi. Kitobidan tushgan ozgina qalam haqini Yevropa boʻylab sayohatga sarflashga jazm qildi.

Andersenning ushbu ilk sayohatini dunyo boʻylab emas, balki oʻzining buyuk zamondoshlari boʻylab qilingan sayohati, deb atash mumkin. Qaerga borgan boʻlmasin, oʻsha joydagi oʻzi sevgan buyuk yozuvchilar, shoirlar, musiqachi, rassomlar bilan tanishdi.

Albatta, u bunday uchrashuvlarni oʻta muhim deb bildi va uchrashuvlar davomida uning iste’dodiga nisbatan buyuk zamondoshlar tomonidan bildirgan fikrlar uning qobiliyatini yanada mustahkamlashga yordam berdi.

Andersenning butun hayoti doimiy almashinib turuvchi mamlakatlar, shaharlar va unda yashovchi xalqlar, uzun yoʻllar davomida hamroh boʻlgan yoʻlovchilar, ularning turli-tuman ajoyib hikoyalari, fikr–mulohazalari, ulardan olgan tassurotlari asosida hayajonli lahzalarni oʻzida mujassam etgan haqiqiy «yoʻl poeziyasi» ogʻushida oʻtdi. U qaerda yozgisi kelsa, oʻsha joyda yozdi. Rim, Parij, Afina, Konstantinopol, London, Amsterdam mehmonxonalarida qirmizi siyohdonlarda uning oʻtkir perosi qanchalar koʻp iz qoldirganligini hech kim sanab ado qilolmaydi.

Andersen juda tez yozar edi. Ammo qoʻlyozmalarni ishlash davrida oʻta talabchanlik va diqqat bilan toʻgʻrilardi.

Tez yozishining asosiy sababi uning haqiqiy improvizatorlik qobiliyatidan darak berardi.

Improvizatsiya – bu ijodkorlarning yon-atrofda sodir boʻlayotgan voqeliklarga befarq boʻlmay, ular toʻgʻrisidagi fikrlarga oʻz munosabatlarini izhor qilish, bildirish qobiliyatidir.

Bunday qobiliyat esa uzoq kuzatuvlar jarayoni va ajoyib xotira, ya’ni eslab qolish xususiyatiga ega boʻlgan insonlardagina uchraydi.

Andersen Italiya toʻgʻrisidagi qissasini haqiqiy improvizatorlik nuqtai nazaridan yaratdi. Shuning uchun ham bu asarini «Improvizator» deb nomladi.

Keling, endi yana uning sayohatlari toʻgʻrisidagi hikoyamizga qaytamiz.

U ilk sayohatini yuzlab kemalar suzib yurgan Kattegat[1] boʻylab amalga oshirdi. Bu safari ham juda qiziqarli va zavqli kechdi.

Oʻsha paytlar Kattegat boʻgʻozi uzra «Daniya» va «Kaledoniya» deb nomlanuvchi paroxodlar paydo boʻlgan edi. Ular yelkanli kema kapitanlarining xuddi dengiz dovuli kabi gʻazabini qoʻzgʻatardi.

Chunki paroxodlar boʻgʻozni tutunga toʻldirib yelkanli kemalar orasidan suzib oʻtayotganida xijolat tortib, goʻyo oʻzlarini masxara boʻlayotgandek sezardi. Shu sababdan kema boshliqlari karnay orqali ularga qarab bisotidagi eng saralangan, eng uyatsiz soʻkishlarini izhor qilib qolar edilar. Paroxodlarni «moʻri tozalovchi», «dudlangan dumlar», «badboʻy magʻzava», deb yerga urishga harakat qilar edilar.

Paroxod va kemalar oʻrtasida boʻlib oʻtadigan bu kabi janjallardan Andersen zavqlanib, vaqti chogʻ boʻlardi va miriqib kular edi.

Kattegat boʻgʻozi boʻylab qilgan safaridan soʻng Andersenning «haqiqiy sayohatlari» boshlandi. U koʻp martalab butun Yevropani aylanib chiqdi. Kichik Osiyo, hattoki Afrikada ham boʻldi.

Parijda Viktor Gyugo va buyuk artist Rashel bilan tanishib, Balzak bilan yaqindan suhbatlashdi. Geyne esa uni oʻz uyiga mehmonga taklif etdi. Andersen Geyneni uning uyida parijlik yosh goʻzal ayoli va bir quchoq quvnoq farzandlari qurshovida uchratdi. Bolalarni koʻrib, shoshib qolgan Andersenga qarab Geyne:

– Hayron boʻlmang, bularning barchasi oʻzimizning bolalarimiz, biz ularni qoʻshnilardan soʻrab olganmiz, – deya hazillashdi.

Dyuma Andersenni Parijning arzon teatrlaridan biriga olib kirdi. Bir kuni esa Dyumaning navbatdagi romanini yozib oʻtirganini koʻrib qoldi. Oʻz asari ustida ishlayotgan Dyuma romanidagi qahramonlar bilan baland ovozda janjallashib soʻkishar, goh esa dumalab-dumalab qotib kular edi.

Andersenga Vagner, Shuman, Mendelson, Rossini va List kabi buyuk ijodkorlar oʻzlarining musiqiy asarlarini chalib berdilar. Andersen Listning asarlarini tinglar ekan, uning ijodini «torlar boʻylab koʻtarilgan boʻronlar ruhi» deya ta’rifladi.

Andersen Londonda Dikkens bilan uchrashdi. Ular bir-biriga roʻparoʻ kelishganida Dikkens Andersenning koʻziga ma’noli tikilib turardi. Andersen ham unga qarashga harakat qildi, ammo buyuk qalb sohibi Dikkensning nigohlariga dosh berolmay, hayajondan yigʻlab yubordi.

Andersen Dikkensning dengiz boʻyidagi shinamgina uyida mehmonda boʻldi. Hovli tashqarisida italiyalik sharmanka chaluvchi tinmay xonish qilar edi. Deraza ortida tusha boshlagan gʻira-shiralik ichra mash’ala yaltirar, dengiz boʻylab shundoqqina uyning yonidan esa Temzadan yoʻlga chiqqan besoʻnaqay kemalar suzib yurardi. Daryoning qirgʻoqlari uzra chiroqlar xuddi torf yonayotgandek tovlanar, dam London zavodlari, dam kemalar tuzatiladigan korxonalar moʻrisidan tutun burqsib turar edi.

– Bizning uyimiz bolalarga toʻla, – dedi Dikkens Andersenga. Soʻngra chapak chalgan edi, buni kutib turgan va Andersenning tashrifidan quvonchga toʻlgan uning oʻgʻil-qizlari xonaga yugurib kirishdi. Bolalar sevimli ertakchining ajoyib hikoyalari uchun minnatdorchilik sifatida uni achomlab, oʻpib, atrofini oʻrab olishdi.

Andersen hayotining asosiy qismini Italiyada oʻtkazdi.

Rim koʻplab chet ellik yozuvchi va rassomlar kabi uning ham ikkinchi vataniga aylanib qoldi.

Bir kuni Andersen dilijans – yoʻlovchi tashiydigan arava bilan Italiyaning koʻchalari boʻylab ketib borardi. Osmon charaqlagan yulduzlarga toʻla, bahor oqshomi edi. Dilijansga yoʻldan bir toʻda qishloq qizlari ham chiqib olishdi. Qorongʻulik ogʻushida aravadagilar bir-birlarining yuzlarini koʻrolmasdilar. Ammo shunga qaramay, bir pasdan keyin ular oʻrtasida qizgʻin suhbat boshlanib ketdi. Tun shunchalik qorongʻu ediki, suhbat davomida Andersen qizlarga qanchalar tikilmasin, ularning har zamon oppoq boʻlib yaltiragan tishlarini koʻroldi xolos.

Qizlarga ularning oʻzlari haqida hikoya soʻzlay boshladi. Uning hikoyasida qizlarning har biri goʻyo gʻaroyib ertaklardagi malikalar edilar. Andersenning ta’rifi boʻyicha qizlarning har biri oʻzgacha bir olam, goʻzallik va latofat sohibasi hamda oʻz-oʻzicha baxtiyor edilar. Ularga sirli moviy koʻzlari, xushboʻy mayin sochlari, quyuq kipriklari hamda qirmizi, gʻuncha lablarini tasvirlab, ajoyib ertak aytib berdi.

Qorongʻulik ogʻushida qizlar tortinishib kulishar, ajoyib hamrohning koʻngilni koʻtaruvchi hikoyalari uchun minnatdorchilik sifatida ba’zilarining koʻz yoshlari yaltiraganligi ham sezilib turardi.

Shu chogʻ qizlarning biri Andersendan uning oʻzi haqida ham soʻzlab berishini soʻrab qoldi.

Andersen oʻzining chiroyli emasligini bilardi. Ammo ayni damda qizlarga oʻzini xushsurat, istarasi issiq, qaddi-qomati kelishgan va navqiron bir yigit etib tasvirlay ketdi.

Va nihoyat, oqshom yanada qorongʻulik bagʻriga choʻmgan bir damda yoʻl davomidagi bu ajoyib uchrashuv ham nihoyasiga yetdi. Arava shaharning sokin bir joyida, qizlar tushishi kerak boʻlgan manzilda toʻxtadi. Ular aravadan tushishar ekan, moʻ‘jizaviy notanish yoʻlovchi bilan hayajon ichra xayrlashishdi.

Dilijans yana yoʻlida davom etdi. Arava ortida shuvillagan oʻrmon, otlarning pishqirigʻi, Italiya osmoni bagʻridan shundoqqina pastda, boshi uzra yoyilib, yogʻdu sochib turgan yulduzlar manzarasidan Andersen juda baxtiyor edi. Hayoti davomida esa bundayin baxtli va zavqli onlarni his qilganligini eslolmadi. U yoʻl davomidagi kutilmagan bu kabi ajoyib hodisalar va bir lahzalik boʻlsa-da, yoqimli uchrashuvlar uchun dildan shukronalar keltirdi.

Italiya Andersenning qalbini butunlay zabt etgan edi. Toshlardan yasalgan koʻpriklar, xaroba uylarning marmar fasadlari, uylar atrofi, xiyobonlardagi bir-biriga chirmashib oʻsayotgan betakror manzarali koʻm-koʻk butalar, shuuringizni yana takror goʻzallikning sirli olamiga tortib, maftun etuvchi suv yuzida barq urib ochilib yotgan Venetsiya nilufarlari, Lateran haykali, kuz havosi uzra Rim ustidagi sovuqqon, sarxush jimirlab turuvchi gumbazlarni erkalovchi quyoshning iliq nurlari, bularning barchasi Andersenning qalbida Italiyani goʻyo qaytadan yaratgan edi.

Andersen 1875 yilda olamdan oʻtdi. Men bu hikoyam orqali uning yozgan asarlari yoki uning shoir va ertakchi ekanligidan boshqa sifatlarini sanab oʻtirmadim.

Buyuk ertakchi Andersenning hayoti asosan qiyinchiliklar iskanjasida oʻtgan boʻlsa-da, ammo u umrining soʻnggi lahzalarigacha bolalalarga xos boʻlgan begʻubor koʻngli bilan hamohang yashadi. Betakror badihagoʻyligi, ertaklari orqali kattayu kichikning qalbini zabt etib, ularning qalbini his-tuygʻularga toʻldirib, goʻzal orzu-umidlar baxsh etganligi tufayli taqdir unga oʻz xalqining chinakam mehru muhabbatiga erishish, sevimli insoniga aylanish saodatini nasib etdi.

Ha, Andersen kambagʻal oddiy oiladan yetishib chiqqan ijodkor boʻlgani bilan hatto qirollar ham uni sharaflab olqishlar, quruqshagan qoʻllarini siqib qoʻyishar edi.

U oddiy xalqning kuylovchisi edi. Butun hayoti davomida oʻlmas, umriboqiy san’atning haqiqiy xazinasi, haqiqiy manbai faqat xalq shuurida ekanligini va boshqa hech joyda topilmasligini isbot etdi. Qalbidagi buyuk poeziyani esa vataniga boʻlgan cheksiz muhabbati ramzi sifatida, xuddi boshqa joylarda uchramaydigan, Daniya osmoni bagʻrida yoyiladigan keng, yorqin kamalaklar singari rangin suratlarda namoyon etoldi.

Andersenning qabri uzra doimo u sevgan oppoq atirgulllar yastanib, rang-barang kamalaklar keng osmon bagʻriga ochilgan zafar darvozalari kabi yaraqlab tursin.

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.

  1. Yutlandiya yarim orolining sharqiy qirgʻogʻi bilan Skandinaviya orolining janubi-gʻarbiy tomonining quyilish joyidagi boʻgʻoz.