OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifKonstantin Paustovskiy
Asar nomiKeksa oshpaz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Romantizm
Mualliflar
   - Konstantin Paustovskiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNodira Afoqova
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Keksa oshpaz (hikoya)
Konstantin Paustovskiy

1786 yilning qish kechalaridan birida Vena shahrining chekkasidagi kichkina yogʻoch uychada grafinya Tunning sobiq oshpazi boʻlmish soʻqir chol olamdan oʻtdi. Toʻgʻrisini aytganda, bu — uy ham emas, bogʻning xilvatidagi puturdan ketgan bir qorovulxona edi. Bogʻ shamol sindirib itqitgan chirik shox-shabbalarga koʻmilib yotardi. Bu shox-shabbalar har bir qadam bosganda qisirlar va shunda oʻz uyasida yotgan zanjirlogʻliq koʻppak irillab qoʻyardi. U ham oʻz xoʻjasidek soʻnib borar, hatto tuzukroq akillashga ham holi kelmasdi.

Bundan bir necha yillar burun pechkaning issigʻidan oshpazning koʻzlari koʻrmay qolgandi. Grafinyaning ish boshqaruvchisi uni qorovulxonaga joylashtirib qoʻydi; vaqt-vaqti bilan unga bir necha florin berib turardi.

Oshpaz 18 yoshli qizi Mariya bilan birga turardi. Bu kulbaning bor-yoʻq matohi — karavot, daqqiyunusdan qolgan oʻtirgʻichlar, stol, bir necha joyidan darz yegan sopol idishlar va, nihoyat, Mariyaning yagona boyligi boʻlmish klavesin[1] edi. Klavesin shu darajada koʻhna ediki, uning torlari atrofdagi jamiki saslarga javoban sekin va uzoq aks-sado berardi. Oshpaz chol klavesinni hazillashib «uyning qorovuli» der edi: klavesin uyga qadam ranjida qilgan har bir odamni keksalarga xos qaltiroq ovozi bilan qarshilar, shusiz biror kishi uyga yoʻlayolmasdi.

Mariya jon berayotgan qariyani yuvintirib, sovuq, ammo top-toza koʻylak kiygizar ekan, chol:
— Men, bilasanki, ruhoniy va monaxlarni hech qachon yoqtirmas edim, — dedi. — Shuning uchun men tavbani qabul qiluvchi ruhoniyga muhtoj emasman. Ammo shu asnoda oʻlimim oldidan istigʻfor keltirishim lozim.
— Nima qil deysiz? — qoʻrquv bilan soʻradi Mariya.
— Koʻchaga chiq-da, birinchi duch kelgan yoʻlovchidan biznikiga kirishni, jon taslim qilayotgan kimsaning tavbasini qabul etishni iltimos qil. Hech kim buni rad etmaydi.
— Bizning koʻchamiz shunchalar kimsasizki... — Mariya shunday deb pichirladi-yu, ammo baribir yelkasiga roʻmolini yopinib chiqib ketdi. U bogʻdan yugurib oʻtdi, zanglab ketgan darchani zoʻrgʻa ochib, toʻxtab qoldi. Koʻcha boʻm-boʻsh, shamol barglarni uchirib oʻynar, sim-siyoh osmondan sovuq yomgʻir tomchilamoqda edi.

Mariya quloq tutib uzoq turdi, kutdi. Nihoyat, kimdir xirgoyi qilgancha devor yoqalab kelaboshladi. Mariya yoʻlovchini qarshilab, oldinga bir necha qadam qoʻydi-da, u bilan toʻqnashib ketib, qichqirib yuborayozdi. Notanish kishi toʻxtadi va:
— Kim bu? — deb soʻradi.

Mariya yoʻlovchining qoʻllaridan mahkam ushlab, titroq ovozda otasining iltimosini aytib oʻtindi.
— Yaxshi, — dedi yoʻlovchi osoyishta. — Men ruhoniy emasman, albatta. Lekin buning ahamiyati yoʻq. Qani, ketdik.

Ular uyga kirishdi. Sham yorugʻida Mariyaning koʻzi ozgʻin, kichkina odamga tushdi. Yoʻlovchi oʻtirgʻichga hoʻl plashini tashladi. U oddiy, ammo juda did bilan kiyingan edi — sham shu’lalari uning qora kamzulida, billur tugmalari va yoqasining toʻqima hoshiyalarida yilt-yilt aks eta boshladi. Hali juda yosh — navqiron edi bu notanish kishi. U boshini bolalarcha silkitib, upa sepilgan yasama sochlarini toʻgʻrilab qoʻydi, zudlik bilan taburetkani karavotga yaqin surib oʻtirdi-da, joni uzilayotgan chol tomon egilib, unga razm soldi.
— Gapiring-chi, — dedi u. — Balki men xudo tarafidan emas, oʻzimni bagʻishlagan san’at tufayli nasib etilgan qudrat vositasida Sizning koʻnglingizga xotirjamlik bagʻishlab, ruhingizni zilday yukdan xalos etarman.
— Men ojiz boʻlib qolgunimcha bir umr mehnat qildim. — Chol shunday dedi-da, notanish kishining qoʻllarini oʻziga yaqin tortdi. — Mehnat bilan mashgʻul kishining esa gunoh ishlarga vaqti qolmaydi. Bir payt xotinim sil bilan ogʻrib qoldi — uning ismi Marta edi — tabib unga turli xil qimmat dorilarni yozib berdi, qaymoq, anjir va kagor vinosini iste’mol qilishini buyurdi. Shunda men grafinya Tunning servizidan kichkina tilla taxsimchani oʻgʻirlab, sindirdim va boʻlak-boʻlak qilib sotdim. Bunga iqror boʻlish ham, qizimdan sir tutish ham hozir menga juda ogʻir: chunki men uni birovning buyumiga besoʻroq qoʻl tekkizmaslikka oʻrgatganman.
— Buning uchun grafinyaning xizmatkorlaridan birortasini aybdor tutishdimi? — soʻradi notanish kishi.
— Ont ichaman, taqsir, aslo bunday boʻlgan emas, — chol shunday deb yigʻlab yubordi. — Bu tillalarning Martamga bir chaqalik nafi tegmasligini bilganimda edi... ularga barmogʻimning uchini ham tekkizmasdim.
— Ismi sharifingiz nima, janob?
— Iogann Meyer, taqsir.
— Boʻlmasa bunday, Iogann Meyer, — notanish kishi shunday deb kaftlarini cholning soʻqir koʻzlariga bosdi. — Sizning odamlar oldida mutlaqo gunohingiz yoʻq. Siz qilgan ish gunoh ham, oʻgʻrilik ham emas; ehtimol, bu uchun Sizga Muhabbat yoʻlidagi jasoratning ajri berilar.
— Omin! — pichirladi chol.
— Omin! — takrorladi notanish kishi. — Endi esa soʻnggi istagingizni bayon qiling.
— Istagim shuki, kimdir Mariyaga gʻamxoʻrlik qilsa.
— Buni men boʻynimga olaman. Yana biror istagingiz bormi?

Shunda joni uzilayotgan chol kutilmaganda jilmaydi va baland ovozda:
— Men Martani yana bir marta koʻrishni istayman — uni yoshligida qanday boʻlsa, shundayincha koʻrishni istayman, — dedi. — Quyoshni, bogʻni — bahor chogʻi gullarga koʻmilgan koʻhna bogʻni koʻrishni istayman... Buning imkoniyati yoʻq, albatta. Tentak cholni ma’zur tuting, taqsir. Xastalik miyamni aynitganga oʻxshaydi.

Notanish kishi esa:
— Yaxshi, — dedi va oʻrnidan turdi. — Yaxshi, — takrorladi u yana, klavesinga yaqin kelib, taburetkani qoʻydi. — Yaxshi! — u uchinchi bor baland ovozda shunday dedi va... qorovulxonada daf’atan yuzlab billur sharchalarni polga toʻkib yuborgandagi kabi jaranglagan sadolar taralib ketdi.
— Quloq soling, — dedi notanish kishi. — Quloq soling va qarab turing.

U chala boshladi. Mariya keyinchalik bu notanish kishining klavesin klavishlarini birinchi bosgan paytdagi chehrasini esladi: uning manglayi odatdan tashqari oppoq oqarib ketgan, qorongʻilashgan nigohlarida shamning «til»chalari raqs tushardi.

Klavesin uzoq yillardan buyon ilk marotaba bor ovozi bilan kuylamoqda edi. U nafaqat qorovulxonani, balki butun bogʻni oʻz sadolariga gʻarq etdi. Qari koʻppak uyasidan chiqib, boshini bir tomonga osiltirgancha, quloqlarini ding qilib oʻtirar, dumini har zamon likillatib qoʻyardi. Hoʻl qor yogʻa boshladi, ammo it har zamon quloqlarinigina silkitib-silkitib qoʻyardi, xolos.
— Men qoʻrqyapman, taqsir! — chol shunday deb qoʻzgʻaldi. — Men Marta bilan ilk uchrashuvimiz kunini koʻryapman. Uning xijolatdan sutkoʻzani sindirib qoʻyganini koʻryapman. Oʻshanda qish edi, bu uchrashuv togʻda boʻlgandi. Osmon musaffo, xuddi koʻm-koʻk shishadek edi. Marta kulardi... Kulardi, — takrorladi u klavesin sadolariga quloq tutib.

Notanish kishi esa zimiston derazaga tikilgancha chalmoqda edi.
— Endi-chi, — soʻradi u. — Biror narsani koʻryapsizmi?

Chol quloq solib, jim qoldi.
— Nahotki koʻrmayotgan boʻlsangiz, — notanish kishi chalishdan toʻxtamasdan shunday dedi. — Qop-qora tun lojuvard rangga kiryapti, endi esa u moviy tus olmoqda. Qandaydir yuksak-yuksakdan iliq yogʻdu oqib kelyapti, koʻhna daraxtlaringiz oppoq gulga kirmoqda. Menimcha, bu — olma gullari. Ular ulkan lolalarga oʻxshaydi. Siz koʻryapsiz: toshdevorga dastlabki shu’lalar tushdi, ular devorni ilitmoqda va u yerdan hovur koʻtarilyapti — erigan qor bilan toʻyingan yoʻsin quriyotganga oʻxshaydi. Osmon esa tobora balandlashib, tobora moviylashib, tobora ulugʻvorlashib boryapti. Endi esa bizning qadim Venamiz ustidan qushlar galasi shimol sari uchib oʻtishmoqda.
— Men bularning hammasini koʻryapman! — qichqirib yubordi chol.

Pedal osoyishta gʻichirlar, klavesin tantanavor kuylardi; bamisli koʻhna cholgʻu emas, zavq-shavqqa toʻla yuzlab sadolar kuylamoqda edi.
— Yoʻq, taqsir, — dedi Mariya notanish kishiga, — bu gullar lolalarga mutlaqo oʻxshamaydi. Bu olma daraxtlari bir kechagagina gul ochdi.
— Ha, albatta, bular olma gullari, ammo ularning gulbarglari juda katta-katta.
— Derazani och, Mariya, — oʻtindi chol.

Mariya derazani ochdi. Uyga sovuq havo yopirilib kirdi. Notanish kishi esa hamon chalar edi.

Chol oʻzini yostiqqa tashladi, harsillab nafas olib, koʻrpani qoʻllari bilan paypaslay boshladi. Mariya cholga otildi. Notanish kimsa chalishdan toʻxtadi va oʻzi chalgan musiqadan sehrlangan kabi klavesin oldida qilt etmay turib qoldi. Mariya qichqirib yubordi. Notanish kimsa oʻrnidan turib karavotga yaqinlashdi. Chol nafasi qaytib shunday dedi:
— Men barchasini bundan bir necha yillar ilgarigidek koʻrdim... shu qadar aniq... shu qadar yorqin. Ammo men... Sizning ismingizni bilmasdan oʻlishni istamayman. Ismingiz nima?
— Mening ismim Volfgang Amadey Motsart, — deb javob qildi notanish kishi. Mariya karavotdan tislandi-da, buyuk musiqachi qarshisida tizzalari polga tekkudek chuqur ta’zim bajo keltirdi.

U qaddini rostlaganda chol allaqachon olamdan oʻtgan edi. Deraza ortida tonggi shafaq yolqinlanar, oppoq gul singari hoʻl qorga koʻmilgan bogʻ butkul oʻsha shafaq yogʻdulariga gʻarq edi.


  1. Fortepyanoga oʻxshash qadimiy cholgʻu asbobi.