OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Latif Mahmudov. Nok (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLatif Mahmudov
Asar nomiNok (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Latif Mahmudov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nok (hikoya)
Latif Mahmudov

Bu yerga kelganimizga uch-toʻrt oy boʻldi. Men ham, oyim bilan dadam ham yangi uyga, qoʻni-qoʻshnilarga allaqachon oʻrganib ketdik. Biroq buvim esa, xuddi biron narsani yoʻqotib qoʻygan odamdek, turib-turib eski hovlini qoʻmsab qoladi-yu oʻzini qoʻygani joy topolmay:
— Hoy, bolam, — deydi yalinib, — eski mahallaga bir borib kelsakchi-a?

Bu gap menga yoqmaydi.
— Qiziqsiz-a, buvi, — deyman, — eski mahalla qoldimi?

Shunda buvim birdan boʻshashib:
— Eshikning oldidagi nok turganmikin, a? — deydi va nima deb javob berishimni oldindan bilgani uchun gapimni ham eshitmay, uyga xomush kirib ketadi. Buvimga hayronman. Koʻchayotganimizda boshqa narsalar qolib nokka achingan. Men-ku, nokni eslasam yuragim gʻash boʻladi. Kesilib ketsin deb yuraman. Biroq kesilganmi, yoʻqmi, koʻzim bilan koʻray desam, eski mahallaga hech yoʻlim tushmaydi. Buvimning xomushligi bahona boʻldi-yu kiyindim, buvimning oldiga kirib:
— Qani, yuring, — dedim.

Shu topda bechora buvimning yosh boladek quvonib ketganini bir koʻrsangiz edi.

Mana, ikkalamiz avtobusda eski mahallaga ketyapmiz. Buvim oʻz-oʻzidan jilmayadi, oynadan bosh chiqaradi, ilhaq boʻlib nimanidir qidiradi. Men esa qani endi, nok kesilib toʻnka-poʻnkasini ham buldozer qoʻporib tashlagan boʻlsa, deb boryapman. Men sizga aytsam, bunday deyishimning sababi bor.

Eshigimiz oldida bir tup nok bor edi. Shoxlari devor osha hovlimizning yarmini egallab, quyuq soya tashlab turardi. Dadam chilangarlikdan ataylab temirdan soʻri yasatib, ostiga qoʻyib bergan edi. Doim oʻsha yerda ovqatlanardik. Men boʻlsam butun yoz maza qilib nokning tagida yotardim. Ayni nok pishigʻi edi. Maktabimizda yozuvchi Hakim Nazirning „Chiranma gʻoz...« pyesasini sahnalashtirmoqchi edik. Murod rolini men oʻynaydigan boʻldim. Oʻn besh kun deganda pyesani tayyorladik. Maktabimizga ota-onalarni, yozuvchini ham taklif qildik. Ertaga tomosha degan kuni allavaqtgacha uxlayolmay yulduzlarga qarab yotdim. Tongga yaqin koʻzim ilingan ekan, peshanamga tushgan allaqanday mushtdan dodlab oʻrnimdan turib ketdim. Qarasam, yostigʻimning ustida bir dona nok dumalab yotibdi.

Eng yomoni shu boʻldiki, hash-pash deguncha chap koʻzim koʻkarib, qovoqlarim shishib chiqdi. Bunaqa bashara bilan sahnaga emas, koʻchaga ham chiqib boʻlmas edi. Oʻsha kuni hech qayoqqa bormay, alamimdan dumalab yotdim. Viqor bilan koʻkka boʻy choʻzgan nokning „bopladimmi« degandek shivillashiga chidayolmay, devorga chiqdim-u kattakon bir shoxini arralab tashladim. Shox kesilib qarsillab yerga tushganda, uydan buvim yugurib chiqdi.
— Nima qilding, bolam, — dedi titrab-qaqshab va sekin ostonaga oʻtirdi.

...Oʻsha kuni dadamning koyiganini hisobga olmaganda butunlay alamimdan chiqqan edim-u, mana, hozir juda olisda chayqalib turgan nokni koʻrib, koʻzimga ogʻriq kirganday boʻldi, buvim esa qadrdon hamrohini qayta topganday:
— Qara, bolam, — dedi mamnun iljayib, — turibdi-ya, turibdi.

Avtobusdan tushdik.

Jin koʻchalardan, paxsa devorlardan nom-nishon qolmagan. Qator-qator yangi uylar, ba’zilari bitgan, ba’zilari ikkinchi- uchinchi qavatgacha koʻtarilgan. Tumshugʻi havoga sanchilgan

koʻtarma kranlar taqa-taq toʻxtagan, hamma ovqatdan soʻng nokning quyuq soyasida hordiq chiqarar edi.

Biz ham buvim bilan bir chekkada oʻtirib dam oldik.

Ishchilardan biri botinkasini yechib, shimini tizzagacha qayirdi. Shipillab nokning ustiga chiqib silkitgan edi, nok duv etib toʻkildi. Qiy-chuv, kulgi bilan qizlar nokni terib oʻrtaga qoʻyishdi. Men ham oldimga tushganlarini choʻntakka urdim. Nok qoqqan kishi pastga qarab:
— Boʻldimi, — dedi.
— Ha, — chuvirlashishdi qizlar. — Ertaga ham qolsin.

U ohista tusha boshladi va xuddi men kesib tashlagan joyga kelganda nazarimda beixtiyor toʻxtagandek boʻldi. Men oʻzimni allanechuk sezdim. U esa, daraxtning kesilgan yeriga qarab, peshanasini tirishtirdi, nimadir deb boshini chayqadi, gʻala- gʻovurdan eshitolmadim, soʻng sirgʻalib pastga tushdi. Buvimga bildirmay sekin nokka qaradim. Oʻzim ham eng chiroyli shoxini olib tashlagan ekanman, shu topda nok bir qanoti singan burgutni eslatardi! Oʻsha voqea buvimning esiga tushib qolishidan choʻchib:
— Buvi, — dedim nok chaynab, — nega shu nokni yaxshi koʻrasiz-a?

Buvim esa hadeganda javob bermadi. Koʻzlari yarim yumuq, allanarsalarni eslab iljayadi, oʻz-oʻzidan lablari pichirlaydi.
— Buni, — dedi nihoyat xayol bilan, — buni... rahmatli buvang ekkan. Odamlarga ekkan. Ana shu tagida oʻtirgan odamlarga ekkan, bolam.

Men nima deyishimni, nima qilishimni va qayerga qochishimni bilmay qoldim!

Azim tup nok esa jaziramadan odamlarni bagʻriga chorlab, goʻyo buvimning gaplarini tasdiqlagandek, tepamizda sirli shovullar edi!