OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Laylo Usmon. Jinni qiz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLaylo Usmon
Asar nomiJinni qiz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Arab adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Laylo Usmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShahlo Ahmedova (Arab tilidan)
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jinni qiz (hikoya)
Laylo Usmon

Bekorchi bolakaylar Norani aqldan ozgan deb hisoblashardi – aslida u aqldan ozgan ham, jinni ham emasdi. «Qizlar mahallasi»da uni shimol qizlaridek oqbadanligi, katta-katta tim-qora koʻzlari tufayli eng chiroyli qizcha deb bilishardi. Bu mahallada qizlar koʻp tugʻilgani uchun uni «Qizlar mahallasi» deb atashgan.

Nora koʻchada koʻrinishi bilan bolalar chapak chalib, ovozlarining boricha «Nora jinni», «Nora jinni» deb qichqira boshlashardi.

Shunda shoʻrlik qiz oʻzini tezroq panaga olishga shoshilar, ichida esa u onasi mahallada qizining aqldan ozgani toʻgʻrisida gapirib bergan kun va soatni ayamay qargʻardi.

Bu hodisa ancha oldin, koʻp oylar oldin roʻy bergandi. Bolalarning kattasi boʻlgani uchun Nora sabzavot va boshqa oziq-ovqatlarni sotib olgani tez-tez doʻkonlarga chiqib turardi. Koʻpincha bu narsalarni mahallalaridagi yagona baqqol Sayyiddan sotib olardi. Bu oʻsha siz bilgan yevropacha libosdagi olifta Sayyid har doim – egnida shim va koʻylak, boshida gardishi haddan tashqari enli shlyapada yurardi.

Bir kuni Nora katta bir baliqni qopga solib, ogʻirligidan koʻtara olmay, yerda sudrab kelardi. Sayyidning doʻkonchasi joylashgan koʻchadan oʻtgach, u katta darvozaga yetib keldi, shu yerda bir eski quduq bor edi. Ikkala qoʻli bilan qopni ushlab, orqasi bilan yurib kelayotganidan u quduqni koʻrmay unga dumalab tushdi. Hozirgina kelayotgan odamning toʻsatdan gʻoyib boʻlib qolganini koʻrib, koʻcha qorovulining kayfi uchdi. Uning qichqirigʻiga odam toʻplandi. Judayam ozgʻin birini chelakka oʻtqazib, quduqqa tushirishdi-da, Nora bilan birga tortib chiqarib olishdi. Qiz hushidan ketgan edi-yu, ammo Allohga shukr, oʻlmay qolgandi. Boshining orqasini quduq devoriga qattiq urib olgandi. Doktor koʻrib, ozgina miyasi chayqalganini, oʻziga kelgach, uncha-muncha gʻalati qiliqlar qilishi mumkinligini, ammo bundan tashvishlanmaslik kerakligini aytdi.

Norani onasi esa duch kelganga qaygʻusini aytib dardlashardi, ajabtovur qizim aqldan ozdi deb zorlangani-zorlangan edi. Bora-bora bu Noraning oʻziga ta’sir qilib, qovogʻini solib yuradigan, hech kimga qoʻshilmaydigan odamovi boʻlib qoldi. Koʻchaga ham chiqmay qoʻydi. Doʻkonga esa singillari borib kelishardi.

Bir necha oylik «zindonli» hayotdan soʻng Nora oxiri koʻchaga chiqishga azm qildi. U boʻlib oʻtgan voqea hammaning esidan chiqib ketgan deb oʻylardi. Qayoqda! Unga koʻzi tushgan hamon bir ajinadek qizaloq dugonalarini chaqira boshladi: «Hoy, tez bu yoqqa kelinglar! Jinni chiqdi!» Shunday dedi-yu, boshqa qizlar chopa-chopa kelib, sharaqlab kula boshlashdi, Norani qurshab olishdi va bir maromda aylanib, qoʻshiq ayta boshlashdi:

Nora jinni, Nora jinni,
Noraning miyasi yoʻq.

Bunday boʻlishini kutmagan Nora alamdan chinqirib yubordi. Qizchalar undan qoʻrqqanday yolgʻondakam har tomonga qochishdi va bir-birlariga:
– Ehtiyot boʻlinglar, jinni tagʻin tishlab olmasin! – deb qichqirishdi.

Koʻzlari jiqqa yosh Nora chopib uyga kirdi-da, alamini onasidan oldi:
– Hammasiga siz aybdorsiz. Sizni yomon koʻraman!

Shunday deya u yana ichkariga qamalib oldi.

Shu kundan boshlab Noraning tinch hayotiga yana «koʻz tegdi». Uni koʻrgan borki, masxara qilmay qoʻymasdi. Hatto mahalla doyasining merov oʻgʻli Solih ham Norani burchaklarda poylab turar, qiz uni koʻrib qargʻab qochib ketayotganda, orqasidan: «Nora jinni, Nora jinni», deb qichqirardi.

Ammo asta-sekin Nora oʻzini qoʻlga ola boshladi. Ba’zan unga oʻzini jinni qilib koʻrsatish oʻziga yoqar edi ham. Endi birov uning jigʻiga tegadigan boʻlsa, bu ham oʻchakishib, ogʻzini katta ochar va tilini chiqarib koʻrsatar, tim-qora koʻzlarini olaytirib, masxara qilganga qattiq tikilar edi, u boʻlsa qoʻrqib: – «Oyijon, meni anovi jinnidan qutqaring!» – deb qochib qolar edi.

Raqibining bunaqa qoʻrqishlarini koʻrib, Nora oʻzini dadilroq his etar edi.

Mahalladagilar endi Norani ilgarigiday tinmay gʻiybat qilishmasdi. Haligi baxtsiz hodisadan soʻng Noraning otasi quduqning atrofini oʻrab qoʻyish uchun pul berdi, oʻz qoʻli bilan unga qopqoq ham yasadi. Suyukli qizining boshiga tushgan baloga boshqa birov ham duchor boʻlishini istamasdi.

Nora boʻyga yetib, chinakam sohibjamol qizga aylandi. Kalta sochlari endi yelkasini toʻldirib, har toʻlqin turganida, qizning bir husniga oʻn husn qoʻshib yuborar edi. Juma kunlari oyisi xinaga boʻyaganida sochi yanada tovlanib ketdi. Ona barcha oltovlon qizi uchun xinani mahallaning satang xotini Umm Saaddan sotib olar edi.

Endi Nora ham, uning yoshidagi boshqa qizlar ham ilgarigidek koʻngillari xohlaganda oʻynab kelish uchun koʻchaga chiqa olmas edilar, chunki ular endi boʻy yetib, koʻzga koʻrinib qolishgandi.

Bir kuni oqshom chogʻi Nora tasodifan ota-onasining oʻzaro suhbatini eshitib qoldi-yu, tun boʻyi uxlolmay chiqdi.
– Hoy er, – derdi onasi, – Noraning boʻyi yetib qoldi, ammo shu holda uni kim ham olardi?
– Avvali Parvardigor. Solihning undan nimasi ortiq? Teng tengi bilan, tezak qopi bilan.
– Oʻylab gapirayapsizmi, otasi? Nima qilishimni ham bilmayman, boshim qotgan... Yoʻq, keling, shu oʻrtancha qizimizdan gaplashaylik.

Ota-onasi keyin ham shu mavzuda koʻp gaplashishdi. Nora esa nuqul oynaga qarab oʻylardi: «Rostdan men boshqalarga oʻxshamaymanmi? Nahotki, boshqa odamlarday yashash menga nasib qilmagan boʻlsa?»

Goh-goh Nora oʻkrab yigʻlar, onasi va singillari uning yigʻisini eshitib, boshlarini chayqar edilar:
– Shoʻrlik qiz! Nimani ham tushunardi!

...Vaqt oʻtib boraverdi. Nogoh Noraning otasi betob boʻlib, yotib qoldi va savdogar Fahdning doʻkoniga ishga chiqa olmadi. Bir kuni eshik taqilladi va eshikni ochgani Nora bordi. Eshikni taqillatgan qoʻshni mahallaning xushroʻy yigiti, Fahdning oʻgʻli Naif edi. Xoʻjayinning oʻgʻlini koʻrib, Nora bir dam oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Qizning goʻzal toʻlinoydek balqib turgan chehrasini koʻrib, Naif ham kalovlanib qoldi. Nihoyat, u oʻzini qoʻlga olib, soʻradi:
– Otang qani?
– Uydalar. Lekin ular kasal yotibdilar.
– Nima boʻlganini bilgani kelgandim. Kirsam maylimi?
– Hozir. Onamni chaqiray.

Nora yugurib ichkariga kirib ketdi. Naif uning orqasidan havas bilan qarab qoldi. Qizning mavjlanib, orqasini toʻldirib turgan sochlaridan oʻpgisi kelib ketdi...

Qizning otasi Jasim tuzalib, doʻkonga kelganda xoʻjayin uni juda xushmuomalalik bilan qarshiladi va dedi:
– Oʻgʻlim qizingiz Noraga uylanmoqchi. Bunga nima deysiz?

Jasim quloqlariga ishonmadi, nima javob berishini bilmay, lol edi.
– Gapimni eshitdingizmi? – Fahd Jasimni yelkasiga urib qoʻydi: – Naif qizingiz Noraga uylanmoqchi. Yo qizingizni uzatish niyatingiz yoʻqmi?

Jasimning koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.
– Ammo, ey Naifning muhtaram otasi... Ey Alloh... Bu yogʻi qandoq boʻldi? Sizlar kimsizlar-u, biz kimmiz...

Savdogar norozi qiyofada xoʻmrayib, lablarini qimtidi.
– Nega unday deysiz? Sizni bilmaymizmi? Insofli, diyonatli odamsiz. Siz bilan qarindosh boʻlsak yomon boʻlmaydi. Taklifimdan suyunarsiz deb oʻylagandim.
– Alloh umringizni uzoq qilsin, – dedi Jasim, – Men-ku, jon-jon derdim... Ammo Nora... qizginam haliginday... – Ota miyasi aynigan deganday qoʻlini havoda ma’noli oʻynatib qoʻydi.
– Oʻz qizingizga tuhmat qilmang, – birdan jiddiylashib dedi Fahd. – Noraning toʻrt muchasi sogʻ. Nega uning baxtiga toʻsqinlik qilasiz?

Jasim boshini egdi, qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, bir necha bor takrorladi:
– Mening qizim – sizning qizingiz. Iloyo, qizimning baxtini bersin.

Mahallada yangi xabar yashin tezligida tarqaldi. «Boy savdogarning suxsurday oʻgʻli Naif jinni Noraga uylanarmish. Shahzodaning ishqi qurbaqaga tushibdi! Mahallada chiroyli qizlar kam edimi?»

Nora esa baxtdan yal-yal yongancha hammaga birdek tabassum bilan qarardi...

...Mahalla quvondi. Shoyi-barqutlarga chulgʻangan Nora toʻyga tayyorgarlik koʻrmoqda. Uning koʻzlari quvonchga toʻlgan. Toʻlmay-chi? Axir u mahalladagi eng barno yigitga turmushga chiqayapti. Shaharda bu yigitga havas qilmagan qiz bormidi?..

Oʻsha qizlar endi Nora kabi «jinni» boʻlishni orzu qilmoqda edilar.