OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Lev Brandt. Burgutlar (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLev Brandt
Asar nomiBurgutlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Lev Brandt
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonO. Otaxon
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Burgutlar (hikoya)
Lev Brandt

Ikki qavatli uydek ulkan qafasda yirtqich parrandalar yashardi. Ular shu atrofdagi oʻralashib yurgan odamlar, qovjiragan yaproqlari chang qoplagan daraxtlar, tussiz osmondan koʻzlarini uzmay, tosh qoyaning isqirt doʻngalagida oʻtirishar va soatlab mudrashar edi. Xira koʻzlarida uzoq oʻtmish manzaralari: gʻamgin qoyalar, tubsiz jarliklar, boʻronlarda mayishgan bahaybat daraxtlar, past bulutlar, cheksiz, koʻk osmon adabiy naqshlanib qolgandek...

Faqat qizgʻish patlarini hurpaytirib kalxatlar erinibgina yerda yurar va nariroqdagi hovuzda suzib yurgan oʻzlaridek tutqun oʻrdaklar, gʻozlar hamda oqqushlarga qarab vahshiyona ovozda chinqirishardi.

Barcha tutqunlar uzoq yillardan buyon yashayotganlari uchun qafasga, undagi hayotga tamomila koʻnikib qolishgan edi. Shu sababli boʻlsa kerak oʻzlarini osoyishta tutishardi. Faqat ahyon-ahyon xuddi dahshatli tush koʻrib uygʻongandek bitta-yarimtasi temir panjaraga yopishib olib, behush yiqilgunga qadar jon-jahdi bilan qanotlarini uraverar edi. Shunday mahalda doim qafasda janjal, toʻpolon boʻlardi.

Dunyoning toʻrt chekkasidan keltirilgan, xulq-atvori, tabiati bir-biriga mutlaqo oʻxshamaydigan bu parrandalar anchagacha beparvo yurishdi. Biroq tutqunlik ularni xiyla serzarda, asabiy qilib qoʻygani uchunmi tez-tez, koʻpincha besabab janjal chiqarishardi.

Qafasdagi bir juft qushlargina umumiy toʻpolon, janjallarga aralashmasdilar. Ular hamisha xira koʻzlarini yumib, qoyaning tepasida qaygʻuli tusda qimir etmay oʻtirishardi.

Bular ozod yashash uchun tugʻilgan burgutlar edi. Ulardan biri — yoshrogʻi, hayvonot bogʻiga keltirilganda, kattasi ellik yildan ziyod shu qafasda yashardi. Uning qoʻngʻir yelkalarida oʻsha paytdayoq keksalik alomati — oqish patlar paydo boʻla boshlagandi. Oʻshandan beri oʻn yil oʻtdi. Kichik burgutning och, rangsiz patlari bu vaqt ichida qoramtir tusga kirdi; kattasining kiftidagi oq patlar gardaniga yoyilib katta, yaxlit dogʻga aylandi. Ularning tusi turlicha boʻlgani bilan qismatlari bir xil edi. Ikkovi ham qanoti chiqmasdan oʻz makonidan judo boʻlgan, oʻshandan beri bu tutqunlikda yashardi. Na unisi, deb bunisi inson qoʻli bilan bino qilingan isqirt qoyadan yuqoriga koʻtarilish nasib etmagandi. Ular xuddi zanglagan panjarani payqamay uzoq parvozdan orom olayotgan qushlardek vazmin qanotlarini magʻrur yoygancha mudrashardi. Qafasda yuz berayotgan voqealar, oʻzgarishlarga qiziqmas, hatto umumiy toʻs-toʻpolonlar chogʻida ham sokin oʻtirishardi. Faqat oʻqtin-oʻqtin ikkovi birdan jonlanib qolar, shunda koʻzlarida yashil alanga yona boshlardi...

Burgutlar qomatlarini rostlab qanotlarini silkib-silkib qoʻyar, lekin joylaridan qoʻzgʻalmasdi.

Yuksak osmon boʻylab goh-goh qur-qurlab, qagʻillaganicha yirik kushlar galasi oʻtib qolardi.

Yoʻlovchi qushlar shahar ustidan uchib oʻtib koʻzdan yoʻqolguncha burgutlar mana hozir ularning ortidan koʻtariladigan kabi qanotlarini kerib turishar edi.

Goho milt-milt yuksaklikda, yoʻlovchi qushlar izidan qilt etmay uchib borayotgan kichkina qora nuqta ozod qondoshlarini burgut koʻzi qiynalmay payqab qolardi.

Ovqatlanish vaqtida qafasdagi yirtqich qushlar oʻrtasida doim kelishmovchilik sodir boʻlardi. Qafasga tashlangan nimtaga birinchi boʻlib kalxatlar tashlanardi. Ular ochkoʻzlarcha eng katta boʻlaklarga yopishar, ammo kamdan-kam hollarda olib ketishga muvaffaq boʻlishardi. Bir juft kulrang tasqaralar kalxatlarga yopishib goʻshtni tortib olardi.

Soʻng tasqaralarga oiladosh bosh va boʻyin patlari qoʻngʻir qoraqushlar oʻz haqlarini da’vo qilgandek goʻshtni talashib-tortishardi.

Ulardan keyin dumi oq dengiz burguti oʻrtaga tushib, Qanotlari bilan oʻngdan va chapdan zarba bera boshlardi.

Bu janjal uzoq davom etmasdi, tepadan birin-ketin burgutlar tushgani hamono oʻz-oʻzidan toʻxtardi. Quloqni teshib yuborgudek burgut qur-qurashi yangrashi bilan yirtqich qushlar goʻshtni ham unutib, sarosima ichida qochar edilar.

Burgutlar goʻshtning eng yaxshi boʻlaklarini bamaylixotir changallarida koʻtarib qoya tepasiga — Oʻz makonlariga olib ketar edi.

Ular oʻljani hamisha teng taqsimlashar, yosh burgut qafasga kelgan kuni, tasqaralar ta’qibidan qochib, hech qaysi qush chiqishga botinolmaydigan qoya tepasiga — qari burgut maskaniga panoh izlab chiqqan damlardan e’tiboran boshlangan bu odat hozirga qadar davom etardi. Oʻshandan buyon oʻn yil oʻtibdi. Ular hamon ahil.

Sentyabr oyoqladi. Bogʻdagi daraxt shoxlarini qoplagan sargʻish yaproqlar hamon ma’yus shivirlardi. Ertalabdanoq tussiz osmonda uvada bulutlar uyuri paydo boʻldi. Bulutlar quyosh yuzini toʻsmagan boʻlsa-da, sovuq tushdi. Quyoshning haroratsiz nurlari oy shu’lasi kabi isitmas, borliqni yoritardi, xolos.

Kechki payt shimoldan sovuq shamol esib, daraxtlarning yaprogʻiga qiron keldi. Kechasi boʻron turdi. Daryodagi paroxodlarning tashvishkor gudogi tinmay yangrardi. Shamol tunuka tomlarni taraqlatar, daraxt barglarini ayovsiz toʻkar edi. Hayvonot bogʻidagi jonivorlar oʻz qafaslarining burchak-burchagiga biqinib xavotir ichida bir nimani kutgandek jim turishardi. Faqat bir juft chiyaboʻri boʻronga tahdid qilgandek kechasi bilan uv tortib chiqdi.

Bahaybat qafas esa tebranar, lopillar edi. Barcha tutqun parrandalar bu kecha oʻz joylaridan qochib, qoya ortiga yashirindilar.

Yolgʻiz burgutlar choʻqqida sokin, qilt etmay oʻtirishardi.

Ertasiga ertalab quyosh endi-endi qizarib chiqayotgan mahal qari burgut koʻzlarini ochdi va odati boʻyicha boshini kun chiqar tomonga burdi. Burdiyu... qotib qoldi. Togʻlar bagʻridagi uyasidan judo boʻlgandan beri ilk bor u bosh tepasida sim panjarani koʻrmadi. Eski, zang bosgan simlar shamolga tob berolmay uzilib, burgutlarning shundoq bosh ustida xiyla katta yoriq paydo boʻlgan edi.

Burgutlar xuddi moʻ‘jiza yuz bergandek oʻsha yerga mixlanib qolishdi, ammo joylaridan qoʻzgʻalishmadi. Oradan uch soat oʻtdi hamki, shu koʻyi turaverdilar. Nihoyat, dildirab quyosh koʻtarildi. Shundagina hayvonot bogʻining nazoratchi xodimi bu qafas shiftidagi yoriqni hamda tashqariga chiqishni moʻljallayotgandek payt poylab oʻtirgan burgutlarni payqadi.

Tezda narvon, brezent koʻtargan odamlar paydo boʻldi. Burgutlar pastdagi shovqinni sezmagandek, qotib oʻtirishaverdi.

Xodim qafasga kirgan chogʻida qari burgut uni endi payqagandek, bir siltanib tashqariga otildi. Zum oʻtmay yosh burgut ham unga ergashdi.

Ikkovi bir necha daqiqa odamlarning boshi uzra, qafas ustiga qoʻnishdi, soʻng havolab ketishdi.

Ular vazmin, oʻzlariga ortiqcha ishonmay tez-tez qanot qoqib duch kelgan birinchi daraxt shoxiga qoʻnishdi.

Ozgina dam olib yana bogʻ tepasida aylana boshlashdi. Hovuzdagi oʻrdak va gʻozlar ularni sezib talvasaga tushib har tomonga toʻzgʻidilar. Burgutlar ularga parvo qilmay, goʻyo butun umrlari oʻtgan yerni tashlab ketolmayotgandek, bogʻ uzra doira yasab aylanaverishdi. Oxiri balandlab, shahardagi eng yuksak binoning gumbazida oltindek yarqirayotgan butga qoʻnishdi. Soʻng qanotlarining chigilini yozish uchunmi shahar osmonida parvoz qila boshlashdi.

Ular erkin boʻlsalar ham tutqunlik bilan odamlarga qattiq oʻrganib qolganlaridan uchib keta olmasdilar. Shu kecha son-sanoqsiz chiroqlar porlagan ulkan shaharda tunashdi.

Kechasi mijja qoqmadilar. Ular rang-barang chiroqlarning oʻtkir shu’lasidan uygʻonib ketar, mashinalar ovoziga koʻnikolmay, dam-badam patlarini hurpaytirib, qaltirar edilar.

Ikki kechayu ikki kunduz xuruj qilgan boʻron azonda bosildi. Burgutlar tunagan bino roʻparasi katta maydon edi. Maydon atrofidagi yoʻldan shosha-pisha odamlar oʻtar, mashinalarning keti uzilmasdi. Maydon esa boʻm-boʻsh, faqat markazida qimir etmay militsioner turar, sal narida chumchuqlar toʻdasi chirqillab, shovqin solardi. Burgutlar odamlardan, maydondan horgʻin nigohlarini uzmay qimir etmay oʻtirardilar. Ammo daf’atan burgutlar seskanib tushdi. Maydonda bahaybat malla mushuk paydo boʻldi. Mushuk chumchuqlar toʻdasiga koʻzi tushgan hamono yerga qapishib sekin-sekin ularga yaqinlasha boshladi. Qushchalar falokatni sezmay tinmay chirqillashar, shovqin solar, mushuk esa tobora yaqinlashib kelardi — u har soniya chovut solishga shay edi.

Burgutlar uni koʻzdan qochirmasdilar. Mushuk shundoqqina militsionerning oyogʻi tagiga kelib biqindi, ammo u payqamadi ham.

Oralaridagi masofa atigi bir qadam qolganda chumchuqlar xavfni sezib qoldi-yu, toʻda pir etib koʻtarildi. Mushuk ularga koptokdek sapchidi. Lekin oyoqlari qaytib tushmadi — shaharnipg markazida, hammaning koʻz oʻngida militsionerdan atigi bir qadam narida juda ulkan toshdek qoʻngʻir allanima tepadan shuvillab tushib dahshatdan qotib qolgan mushukni koʻtarib ketdi.

Mushuk jon-jahdi bilan oʻzini gʻijimlab olgan changalga urilar, yolborgudek miyovlar edi. Oʻtkir tirnoqlar borgan sayin uning badaniga chuqurroq botardi, ichak-chavogʻini yirtayotgandek tuyulardi. Qari burgut doira yasab aylangach, oʻljasi bilan tomga qoʻndi.

Mushuk oyoqlari yerga tegishi hamono ogriqni unutib, yoydek egildi-da, burgutning oyoqlariga yopishdi.

Bu — Oʻzini himoya qilishga, gʻanimi bilan olishishga oʻrganib qolgan katta va baquvvat yovvoyi mushuk edi. U oʻlim xavfigsh anglab quturgandek, joni boricha oʻzini himoya qilardi.

Oltmish yil tutqunlikda yashab ov qilish va oʻljasish tinchitishni unutgan burgut uni zumda bir yoqlik qilolmadi. Hammayogʻi qonga belangan mushuk uning changalidan yulqinib chiqib, tarnov tomonga qochdi. Yana bir daqiqa oʻtsa, tamom, mushuk gʻoyib boʻlardi.

Biroq tepadan yana ogʻir tosh kelib tushgandek boʻldi. Bu — yosh burgut edi. U oʻtkir tirnoqlarini mushukning sagʻrisiga sanchib changalladi, boshqa panjasi bilan uning yuziga changal urdi.

Mushukning koʻzlari oʻyilib tushdi. U qattiq chinqirib yubordi, soʻng uni oʻchdi. Keyin qoʻngir burgutlar oʻljaga tashlanishdi. Qorinlari toʻygach, anchagacha, chaqchaygan koʻzlarini pastdagi odamlardan uzmay, qanotlarini osiltirib tomda oʻtirdilar.

Nihoyat, yosh burgut hurpayib-hurpayib qattiq chinqirdi-da, osmonga koʻtarildi. Uning tovushida ilk bor qoʻlga kiritilgan ozodlikning gʻururi va shodiyonasi, qudrat ohanglari yangradi.

U erkin qanot yozib maydon uzra aylanar, sekin-asta balandlab borardi.

Tushkunlikda yashagan burgut bir sutka mobaynida ilgaridek parvoz qilishni oʻrganib olgandi. U qanotlarini vazmin, shitob silkigach, yelpigʻichdek yoyib yubordi-da, qilt etmay uzoq uchib yurdi. Ahyon-ahyon xiyol tebranib shamol epkiniga tushib olar, soʻng tobora yuqorilab borardi.

Keksa burgut qotib qoldi. U yosh sherigining ortidan qarab turdi-da, keyin u ham havoga koʻtarildi. Lekin u uzoq ucha olmadi. Koʻp oʻtmay hayotida birinchi oʻljasi — mushuk soʻngaklari sochilib yotgan tomga qaytib qoʻndi.

Yosh burgut esa hamon keng doira yasab uchar, asta-sekin uzoqlashib borar edi. Oxiri u mitti nuqtaga aylandi va zum oʻtmay koʻzdan yoʻqoldi.

Shundagina boʻyni oqish qari burgut joyidan qoʻzgʻoldi. U xuddi yuksaklikdagi salqin havodan choʻchigan kabi shahar uzra pastlab uchar, goh tomga kelib qoʻnar, goh yana qanotlarini yelpigʻichdek yoyib havolanar edi. Shomga yaqin u oʻqdek osmonu falakka koʻtarildi-yu, birdan oʻljaga koʻzi tushib qolgandek qotib qoldi. Soʻng kutilmaganda qanotlarini yigʻib, toshdek pastga shoʻngʻidi. Zum oʻtmay qadrdon qafasning gumbaziga kelib qoʻndi.

U qafas tepasida xuddi avvalgidek hamxonalariga beparvo, qayrilib qaramay ancha oʻtirdi. Faqat oq dumli dengiz burguti uning qoyadagi oʻrnini egallaganida qanotlarini kerib qiyqirdi, boshini sim panjaraning yorigʻidan suqib uni haydab yubordi. Kechasi odamlar uni tutmoqchi boʻlishdi. Ammo burgut oʻrnidan vazmin qoʻzgʻolib, tungi osmon bagʻrida gʻoyib boʻldi. Ertasiga kun boʻyi shahar tepasida aylanib yurdi. Yana bir necha mushuklarni tutib yedi.

Har safar oʻljasini yeb qorni toʻygach, u hurpayib olar, boshini koʻtarib qolar, xuddi intiq kutayotgan sherigi kelib qoladigandek osmonga uzoq termilardi. U tunash uchun qafasga qaytib kelardi. Koʻp urinishlari zoe ketgach, nihoyat odamlar uni bir haftadan soʻng tutib olishdi. Oʻzini yana oltmish yil yashagan qafasda koʻrganda burgut birinchi marta shu yerga tushgandek hammayoqni ostin-ustun qilib tashladi.

U bu yerda faqat oʻziga tegishli, oʻzigagina daxldor maskan borligini unutib, mungli ovozda chinqirar, to qanotlari lat yegunga qadar panjaraga uraverar edi.

Bir umr tutqun jonivorlar bilan yashab kelgani uchun allaqaeri qushga oʻxshash keksa xizmatchi burgutga uzoq qarab turdi-da, boshini afsus bilan chayqadi:
— Shunday qushni abgor qilishdi-ya. Bir marta boʻlsa ham ozodlikni tatib koʻrdimi, tamom endi unutolmaydi. Tamom-vassalom. Eh, hali qancha yashardi...

Koʻp oʻtmay burgut eski holiga qaytdi, qoyadagi oʻrniga chiqib, istamaygina qoʻnishib oldi. Xizmatchi yanglishgan edi. Burgut erkinlikdan qayta mahrum boʻlganiga asta koʻnikdi. U uzzukun qoya tepasida vazmin, hurpayib oʻtirar, ba’zan xira nigohini kechagi yoriqdan hamda osmondan uzmay qolar edi. U boshi uzra qushlar uchib oʻtganida har safar seskanib ketardi.

Bir haftalardan soʻng uning jonsiz jasadiga duch kelishdi. U qanotlarini keng yoyib, egik tumshuqli boshini bir yonga burib chalqancha yotar, qotib qolgan koʻz qorachigʻi quyoshga qadalgandek edi.

Keksa xizmatchi qafasga kirib, oʻlib yotgan qushga uzoq tikildi, soʻng xoʻrsindi va ikki oyogʻidan koʻtardi-da, qafasdan chiqib ketdi.