OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLev Tolstoy
Asar nomiOʻyindan oʻt chiqadi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Realizm
Mualliflar
   - Lev Tolstoy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonSa’dulla Siyoyev
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻyindan oʻt chiqadi (hikoya)
Lev Tolstoy

Ivan Shcherbakov degan dehqon boʻlardi. Tirikchiligi yomon emas, bardam-badavlat, qishloqdagi man-man degan mardumlardan edi. Ivanning oʻgʻillari ham allaqachon yoniga kirgan. Ulkani uyli-joyli, oʻrtanchasi unashtirilgan, kenjatoyi hali oʻsmiru, lekin u ham boʻyga yetib, omoch haydashga yarab qolgan edi. Ivanning onasi esli-joʻyali, roʻzgʻorning jonini kirgizadigan xotinlardan edi. Xotini esa, moʻmin-qobilgina, oyoq-qoʻli chaqqon ayollar toifasidan. Xullas, Ivan Shcherbakov roʻzgʻoridan gʻam yemay ayshini surib yursa boʻlardi. Ammo Gavrilo choʻloq degan qoʻshnisi bilan oralari buzildiyu tirikchilikning mazasi qochdi.

Hamma balo arzimagan narsadan boshlandi. Ivanlarning tovugʻi hali yosh boʻlsa-da, tuxum tugʻishga kirishdi. Ivanning kelini xursand boʻlib, hayitga tuxum toʻplay boshladi. Xudoning bergan kuni qaznoqqa borib aravaning qutisidan tuxum olib kelardi. Birdaniga tuxum yoʻqoladigan boʻlib qoldi. Aftidan bolalar tovuqni hurkitib yuborganmi, u chetan devordan qoʻshnisinikiga uchib oʻtib, shu yoqda tuxumlab keladigan qiliq chiqaribdi. Bundan kelin shoʻrlikni xabari ham yoʻq. Tovugʻi qaqagʻlasa tuxum tugʻ¬yapti deb xursand boʻladi. Bir kuni kechlatib qaznoqqa bordi. Qarasa, tuxum yoʻq. Kelini hayron boʻldi. Sizlar olmadinglarmi, deb uydagilardan soʻradi. Yoʻq, deyishdi. Shu payt kenjatoy qayni Taraska, tovugʻing doim anavi hamsoyamiznikiga chiqib tugʻib keladi, hozir ham shu yoqdan uchib kirdi, oʻzim koʻrdim, deb qoldi. Kelin qoʻnoqda, xoʻrozning biqinida qunishib oʻtirgan tovugʻiga qarab qoʻydi. Tovuqning koʻzi ilinay-ilinay deb turibdi. Nima deydi? Hoy, noinsof, tuxumingni qaysi goʻrga tashlab kelding, deb soʻraydimi?

Kelin hamsoyanikiga chiqdi. Gavriloning onasi roʻpara boʻldi.
— Hm, nima kerak edi, kelin? — dedi kampir xushlamay.
— Ha, shu tovugʻimning vajidan kiruvdim, buvijon, — dedi kelinchak, — hali zamon zormanda qaqagʻlab siz tomonga uchib oʻtib ketuvdi. Tuxum-puxum qoʻymadimikan, deb...
— Koʻrganim yoʻq, — dedi kampir toʻrsayib, — xudoga shukur, tovuq oʻzimizda ham bor, anchadan beri tuxumlab turibdi. Biz birovning hovlisiga kirib tuxum terib yurishga oʻrganmaganmiz.

Bu gaplar kelinni oʻmganidan oʻtib ketdi. Kampirga gap qaytardi. Kampir ikkini qoʻndirdi. Shunday qilib ikkalasi chars-churs urushdi qoldi. Ivanning xotini ariqdan suv olib kelayotgan edi, u ovsinining yonini oldi. U yoqdan baqirib-chaqirib Gavriloning xotini chiqdi. Qoʻshnisiga yopishib ketdi. U rost-yolgʻon gaplarni aralashtirib hamsoyasining betiga yozgʻira boshladi. Toʻrt xotin toʻrt tomondan shangʻillaydi, kimning nima deyotganini bilib boʻlmaydi. Qiy-chuv, haqorat, qargʻish...

Janjalning ustiga Gavrilo kelib qoldi. Xotinining tarafini oldi. Qiy-chuvni eshitib uydan Ivan otilib chiqdi. Xotinlar bu yoqda qolib endi erkaklar olisha ketdi. Ur-yiqit boʻldi. Ivan baquvvat edi, oldiga kelganni chirpirak qilib tashlayverdi. U Gavriloning bir tutam soqolini yulib oldi. Hay-haylab yon yoqdan xaloyiq yetib keldi, urishqoqlarni bazoʻr ajrim qilib qoʻydilar.

Ana shunday qilib, ikki qoʻshni orasida adovat boshlandi. Gavrilo yuliq soqolini xatdaftarga oʻradiyu Ivanni sudga bergani boʻlisning huzuriga yoʻl oldi.
— Men soqolimni Vanka paxmoqsoch yulsin, deb oʻstirganim yoʻq. Soqol yularmish-a. Shoshmay tur hali...

Gavriloning xotini «Ivanni sudga berdik, hademay u qamoqqa tushadi, Sibirga ketadi», deb qoʻshnisiga maqtandi.

Ivanning otasi betob boʻlib taxmon-pechkada yotardi. U bolalariga nasihat qildi, janjal chiqqan kuniyoq ularni yarashtirmoqchi boʻldi. Biroq oʻgʻil gapga koʻnmadi.
— Hoy, tentaklar, bir baloni boshlay deb turibsanlar, — dedi chol, — oʻyindan oʻt chiqadi, degan gap bor. Qoʻyinglar endi! Qilayotgan ishlaring kurakda turmaydi. Bir dona tuxum deb shunchalikka bordinglar-a? Bolapaqir bitta tuxumingni olgan boʻlsa — olibdi. Nima boʻpti, bir yering kamayib qoldimi? Xudoning dargohi keng, nasibangni yetkazadi. Ha, xoʻp, kelinning ogʻzidan yomon gap chiqib ketibdimi, unga yotigʻi bilan tushuntir, kattalarga unaqa qattiq gapirmagin, deb urishib qoʻy. San-manga borib yoqalashib ham olibsanlar. Mayli, turmushda har narsa oʻtadi. Ammo uyat ish boʻldi. Endi, uzr, qoʻshni, bizdan oʻtgan boʻlsa, kechiring, deb yarashib olish kerak. Tamom, olam guliston. Men sendan qolmayman deb qasdlashsang, oqibati yomon boʻladi. Bolalar otaning gapini quloqqa ilmadi. «Qoqbosh chol-da, nasihatni yaxshi koʻradi, oʻzi bolachayam tushunmaydi», deb bilganlaridan qolmadi.

Ivan qoʻshnisiga boʻyin egmadi.

Ivan sudga ketdi. Gavrilo ikkovi hakam oldida ham, boʻlis huzurida ham da’volashib koʻrdilar. Ular sudma-sud qatnab yurganlarida Gavriloning aravasidan temir xalqacha yoʻqolib qoldi. Buni Ivanning oʻgʻliga toʻnkadilar.

Yana dov-dastak boshlandi. Ikkala chetda tinchlik qolmadi. Xudoning bergan kuni yo asabbozlik, yo ur-toʻpolon. Kattalarning qiligʻini koʻrib, bolalar ham soʻkongʻich boʻlib ketdi.

Mujiklar avvalo bir-birini oʻgʻriga chiqarib, oʻzaro tuhmat toshi otib yurishuvdi. Bora-bora koʻzdan nari yotgan narsalarni tashmalashga tushdi. Ayollar ham, bolalar ham birovning buyumidan hazar qilmaydigan boʻlib qoldi. Ularning turmushi esa, tobora chigallashib borardi. Ivan bilan Gavrilo choʻloq qishloqda, jamoat oldida ham, boʻlisu hakam oldida ham rosa dovlashdi. Oxiri ular hammaning joniga tegdi. Goho Gavriloning qoʻli baland kelib, Ivanga jarima toʻlattiradi yoki bir-ikki kunga qamattirib qoʻyadi. Goho Ivan yutib chiqadi, Gavriloning jazosini berdiradi. Biri-biridan oʻch olgan sari ikkovi ham tobora yovuzlashib, odamgarchilikdan chiqib borardi. Ana shunday ur-sur bilan olti yil oʻtdi. Qoʻshnilarga insof kirmadi. Chol esa, taxmon-pechkada yotganicha hamon bir xilda oʻgit aytadi:
— Hoʻv, tokaygacha itday talashaverasanlar, a? Boʻldi-da endi. Oʻtgan ishga salovat deng¬lar-qoʻyinglar. Bir-biringga tish qayragan bilan battar boʻladi, yaxshilikka olib bormaydi.

Otaning gapi kor qilmadi. Urush-janjalning yettinchi yili oʻtib borardi. Qaysiyam bir toʻyda Ivanning xotini Gavriloni oʻgʻriga chiqardi. El-yurt oldida, «Eshitdinglarmi, anavi choʻloq ot oʻgʻirlab qoʻlga tushibdi, odamlar koʻribdi», deb jar soldi. Gavriloning kayfi bor edi, oʻzini tutolmadi, alamidan gʻiybatchi xotinni urdi. Ivanning xotini etlikkina, xoʻppa semiz edi, mushtdan oʻziga kelolmay bir haftacha yotib qoldi. «Endi qoʻlga tushding, ablah», — deb quvondi ichida Ivan va arz koʻtarib tergovchining oldiga bordi. «Endi enangni koʻrasan, zoʻravon», — dedi oʻzicha Ivan, — «yo turmaga tushasan, yo toʻppa-toʻgʻri Sibirga joʻnaysan!»

Biroq Ivanning ishi oʻngidan kelmadi, tergovchi jabrdiyda ayolni chaqirtirib tekshirib koʻrdi. U oyoqqa turib ketgan, biron yeriga shikast yetmagan edi. Ivan tinchimay tagʻin janob hakamga arz qildi. Hakam ishni boʻlisga yubordi. Ivan boʻlisning koʻnglini ovlash uchun mirzasi ikkoviga yarim paqir musallas berdi. Xullas, yeldi-yugurdi, Gavriloga jazo beradigan qaror chiqardi. Sud boʻldi. Mirza hukmni oʻqidi: «Sud qaror qiladi. Mujik Gavrilo Gordeevga boʻlis mahkamasida yigirma tayoq urilsin...» Ivan hukmni eshitdiyu, «Xoʻsh endi u nima qilar ekan», degandek qoʻshnisiga qarab qoʻydi. Gavriloning beti dokadek oqarib ketdi. Soʻng indamay dahlizga chiqdi. Ivan ham koʻchaga chiqdi, ot aravasiga oʻtirib uyiga joʻnamoqchi edi, Gavriloning gapini eshitib qoldi.
— Hay, mayli, niyatiga yetdi u. Tayoq yesak-ermiz. Biroq men ham qarab turmayman. Uyingning kulini koʻkka sovuraman. Hali pushaymon boʻladi Ivan.

Boʻlis mahkamadan qishloqqacha oʻn chaqirimcha kelardi. Ivan uyiga kech qayt¬di. Poda qaytadigan vaqt boʻlibdi. Ivan otini aravadan chiqardi, aravani joyiga qoʻyib, otini bogʻlab ichkari kirdi. Uyda hech kim yoʻq. Xotinlar podaga ketgan shekilli, deb oʻyladi Ivan. Bolalar ham daladan qaytmabdi. Ivan ichgani oʻtib, xoʻrak yeydigan stol oldida choʻkdi. Xayolga toldi, Gavriloni esladi. Hukm oʻqilganda uning oqarib ketgani, teskari oʻgirilib olgani koʻz oldiga kelaverdi. Yuragi uvishdi. Agar kaltakka uni emas, meni buyurganlarida qay ahvolga tushardim, deb oʻy surdi. Birdan Gavriloga rahmi keldi. Shu payt otasining yoʻtalgani eshitildi. U toʻshakdan turib oyogʻini osiltirib va inqillab pechkadan tusha boshladi. Qayta-qayta yoʻtalib sudralgudek boʻlib arang stolga yetib keldi. Behol suyanib soʻradi:
— Nima boʻldi? Gavriloga jazo berishdimi?
— Hm. Yigirma tayoq buyurdilar, — dedi Ivan.

Qariya bosh chayqadi.
— Bekor qilyapsan Vanya, oh, bekor qilyapsan! Oʻz oyogʻingga oʻzing bolta uryapsan, bola! Xoʻp, ana, Gavrilo tayoq ham yedi, deylik. Bundan senga biron foyda bormi? Bir bechorani kaltaklatib rohat qilasanmi?
— Ikkinchi marta noma’qul ish qilmaydigan boʻladi.
— Bu gaping menga yoqmadi. Axir, sening qilmishing unikidan oshib tushdi-ku, Vanya.
— Qanaqasiga oshib tusharkan? Indamasam xotinimni urib oʻldiradi. Mana, bugun ham uyiga oʻt qoʻyaman, dedi. Men nima qilishim kerak, kechirsinlar, oyogʻiga bosh urishim kerakmi?

Qariya uh tortib tilga kirdi:
— Ivan, menga qara, bolam, mana sening toʻrt muchang butun. Bu yorugʻ jahonda dorilomon kezib yuribsan. Piyoda yuribsan, otda yuribsan. Men boʻlsam necha yildirki, pechkaga yopishib oʻladigan boʻlib yotibman. Sen yerda yurib hamma narsani bilaman, deb oʻylaysan, otam toʻshakda yotibdi, u hech baloni sezmaydi, deb xomxayol qilasan. Yoʻ-oʻq, yigitcha, aksincha sen baloniyam bilmaysan. Sening koʻzlaring basir boʻlib qolgan. Koʻz oldingni jaholat toʻsib turibdi. Ichingdagi togʻday aybingni payqamaysan, ammo birovning pashshadek gunohini darrov ilgʻaysan. Gapingni qarayu. «U oʻzi yomonlik qilyapti», emish. Agarda ayb yolgʻiz Gavriloning oʻzida boʻlganida yomonlikning tuxumi urchimasdi. Kim aytdi senga yomonlikni bir odam qiladi, deb? Yovuzlikning sababchisi hech qachon bir kishi boʻlolmaydi. Uni ikki odam birgalashib qiladi. Sen dushmaningning aybini koʻrib turibsanu oʻzing¬nikini koʻrmayapsan, koʻrishni istamayapsan. Mabodo u axmoq ekan, sen donolik qilmaysanmi? Shunda oʻrtada munaqa mashmashalar chiqmasdi. Gavriloning soqolini yulgan kim? Xirmonni kun-payakun qilgan kim? Kim uni sudma-sud sudrab sarson qilyapti? Yana hamma aybni u bechoraga toʻnkayapsan. Odamning fe’li yomon boʻlsa, boshqalar ham koʻzingga xunuk koʻrinadi. Bizlar bunaqa yashamagandik, bolakay senlarga ham boʻlakcha tarbiya bergan edik. Gavriloning otasi ikkovimiz qanaqa edik? Yon qoʻshni — jon qoʻshni edik! Oʻrtada seniki, meniki degan gap yoʻq edi! Ularning uni tugab qolsa xotini kirardi. «Frol togʻa, picha un berib turing». «Ana, kelin, omborga kirginu keragicha olaver», derdik. Uning otini sugʻorishgami, oʻtloqqa olib borib bogʻlab qoʻyishgami odam topilmasa, chop, Vanya togʻang¬ga qarashvor, derdim, esingdami? A, menga biror narsa asqotib qolsa, tortinmay chiqardim. Ana shunaqa qoʻshnichilik qilardik bizlar. Senlar ham yayrab yurardinglar. Endi-chi, endi? Senlarning mashmashalaringni butun qishloq eshitdi. Shuyam tirikchilik boʻldimi? Xudodan qoʻrqmaysanmi? Erkaksan, bir uyning egasisan. Shu nima boʻlsa sen javob berasan. Mundoq tanangga oʻylab koʻr-chi, xotin-xalaj bilan bolalarni nimaga oʻrgatyapsan? Itfe’llikka, urush-janjalga. Tunov kuni Taraskang Arina xolani onasidan tushib boʻralab soʻkib turibdi. Boʻlmasa, oʻzi hali mushtday bola, ogʻzidan ona suti ketmagan. Qaysi risolada bor bu? Oxiratingni oʻylab koʻr. Odam bolasi ham shunaqa boʻladimi? Sen dard desang, men balo desam, sen bir tarsaki ursang, men ikki marta tushirsam... Shunaqami? Yoʻq, bolakay, bu noma’qul yumish. Bu xudoga ham xush yoqmaydi. Iso paygʻambarimiz dunyo kezib biz nodonlarni nimaga oʻrgatdi? «Birov senga qattiq gapirsa, indamay qoʻya qol, axmoq bilan teng boʻlamanmi, de. Oxiri oʻsha dilozorning oʻzi oʻsal boʻladi» degan. Hm, nega miq etmaysan? Gapim yoqmadimi?

Ivan indamay yerga qarab oʻtiraverdi. Qariyani yoʻtal tutdi. Uzoq yoʻtaldi. Bir chetga tupurib gapini davom ettirdi:
— Mundoq turmushingga sarosat solib koʻr-chi, shuncha yil janjallashib nima topding? Sudlarning ogʻzini moylayman, deb qancha dunyoing ketdi. Urush boʻlgan uydan fayz-baraka qochadi, deydilar. Haqqi rost ekan. Sen bor-budingdan ayrila boshlading. Nega? Chunki manmansan, oʻjarsan. Bolalaringni yoningga olib oʻzing qoʻshga chiqishing kerak edi. Oʻzing yer haydab, oʻzing gʻalla ekkaningda durust boʻlardi. Yoʻq, Gavrilo bilan sudma-sud jiqillashib yurding. Oqibatda rizq-roʻzingdan quruq qolding. Ona yerga egilsang, u ham sendan saxovatini darigʻ tutmaydi. Mana, bu yil suli ekding, bitmadi. Nega? Negaki, shaharda anavi choʻloq bilan olishib yurib kech ekkan eding. Demak, sen birovga jazo beraman, deb aslida oʻzingni jazolading, tushunasanmi? Hov bola, mendek yomon cholning gapiga ham quloq sol: minba’d birov bilan urishuvchi boʻlma, yoningga bolalaringni olib ishingni bilib qilaver. Birov ozor bersa, parvo qilma, sening gaping¬ni yelga berdim, deb qoʻya qol. Shunda ishing olgʻa bosaveradi, koʻngling ham ravshan boʻlib turadi.

Ivan hamon tek oʻtiribdi.
— Menga qara, Vanya, — dedi ota. Hozir turib toʻgʻri oqsoqolning oldiga borginu ishni bosti-bosti qilib kel. Azonlab Gavriloning oldiga chiq, kechirim soʻra, mehmonga chaqir. Axir, ertaga hayit-a. Samovar qaynatinglar, yarimtani qoʻyinglar oʻrtaga. Oʻtgan ishga salovat deb araz-ginani unutinglar. Ayollarga ham, bolalaringga ham tayinlab qoʻy. Ular dushmanchilikni unutib, boyagi-boyagidek boʻlib yurishsin.

Ivan xoʻrsindi. «Otam toʻgʻri aytayapti, shuncha yil jiqqa musht boʻlib nima topdim, ke, yarashsam yarasha qolay», dedi ichida. Biroq qaysi beti bilan Gavriloning oldiga borishni oʻylab xayolga toldi. Chol esa, goʻyo uning fikrini oʻqigandek tagʻin gap boshladi:
— Hm, boʻla qol, Ivan, oʻylanma, tur oʻrningdan. Esing borida etagingni yop, soʻnggi pushmon oʻzingga dushman, deydilar.

Qariya yana nimadir demoqchi edi, xotinlar kirib qolishdi.

Ular zagʻizgʻonday sayrab, gʻiybat xaltasini ochdilar. Nima deysan, qishloq oʻqituvchisi Gavriloning nomidan poshsho hazratlariga arz yozayotgan emish, xatda Ivanlarning jamiki oʻgʻirligini birma-bir koʻrsatgan emish, endi Ivanga tegishli tomorqaning yarmi Gavriloga oʻtarmish... Xotin-xalajning gʻiybatini eshitdiyu Ivanning erib turgan koʻngli yana muzladi qoldi. «Oʻlsam ham yarashmayman!» dedi u ichida va shartta oʻrnidan turib hovliga chiqib ketdi. Ish degani tiqilib yotardi. Ivan saroy tomonga oʻtdi. Pichan gʻaramini tartibga keltirib kunni kech qildi. Kun botdi. Uyiga qaytdi. Bolalari daladan kelishibdi. Ivan ulardan hol soʻradi, otni aravadan chiqarishga koʻmaklashdi. Boʻyinturuq soʻkilgan ekan, keyin tikarman, deb bir chetga qoʻydi. U endi dahlizga kiruvdi, chetan devor ortidan Gavriloning baqirib soʻkingani eshitildi: «U iblis bilan nima ishim bor? — deb kimgadir oʻdagʻayladi Gavrilo, — uni urib oʻldirgan odam savobga qoladi». Birdan Ivanning koʻksida soʻna boshlagan olov qayta lovillab yondi. U qoʻshnisining gapiga quloq solib tagʻin bir pas dahlizda turdi-yu bir-bir bosib ichkari kirdi. Uyda chiroq yonib turardi. Kelin burchakda ip yigirib oʻtiribdi, kampir qozondan ovqat suzmoqchi boʻlyapti, katta oʻgʻli chorigʻini yamayapti, oʻrtanchasi kitob oʻqib oʻtiribdi. Xullas, uyda yengil bir sarfarozlik hukm surardi. Haligina Ivanning ham dimogʻi chogʻ edi, anavi badfe’l qoʻshnisi kayfiyatini harom qildi.

Tavba, oʻzini oʻylamaganiga oʻlasanmi, — dedi ichida Ivan, — xas-xashak qurib, chirsillab turibdi. Uning ustiga bar yoqda shamol. Sekin uyning sirtiga oʻtib oʻt qoʻyib yuborsa, kim bilib oʻtiribdi. Gurillab yonadi-ketadi. Keyin boʻyniga qoʻyolmaysan.

Ivan saroyini yana bir aylanib chiqdi va uyga kirmoqchi boʻldi. Qarasa saroy ortida bir nima yalt etib yondiyu yana oʻchdi. Ivanning yuragi shigʻ etdi. Taqqa toʻxtadi, kiprik qoqmay roʻparasiga takildi. Shapka kiygan bir kishi choʻnqayib oʻtirar, bir bogʻ poxolni yoqishga urinib hadeb gugurt chaqardi. Ivanning yuragi potirlab qinidan chiqib ketay dedi. «Endi qochib qutulolmaysan, ablah!» dediyu tashlandi. Lekin ulgurolmadi. Ayvon taraf birdaniga yarq etdi. Olov somon uyumining ichidan chiqib tomga oʻrladi. Hamma yoq charogʻon, sal narida esa Gavrilo gʻoʻddayib turardi. Ivan boʻztoʻrgʻayga tashlangan burgutday Gavriloga otildi. U jon holatda oqsoqlanib qochdi. Ivan toʻrt hatlab Gavriloga yetib oldi, yoqasiga yopishdi. Gavrilo yulqinib qoʻldan chiqdi. Ivan qoʻshnisining etagidan tutdi. Etak shir etib yirtildiyu Ivan yuztuban yiqildi. Sakrab turib tagʻin quva ketdi. U yoʻl-yoʻlakay, «Hoy kim bor, yordam beringlar-ar!» deb baqirib borardi.

Ivan to oʻrnidan turguncha Gavrilo choʻloqlanib hovlisiga yetib oldi. Ivan uni quvib kirdi. Ungacha Gavrilo katta soʻyil koʻtarib Ivanni poylab turdi. Ivan qorongʻida turtinib borib qoʻshnisining yoqasidan olmoqchi edi, Gavrilo soʻyil bilan Ivanning kallasiga soldi. Ivan esidan ogʻib qolay dedi. Hushiga kelganida Gavrilo gʻoyib boʻlgan edi. Hamma yoq charagʻon, uning hovlisidan chirsillagan, guvillagan tovush kelardi. Ivan ortiga oʻgirildi. Molxonasining orqasi yonib boʻlib, yonboshiga oʻtibdi. Osmonga qora tutun oʻrladi, olov vishillab, uchqun sachratib uy tomonga bosib kelardi.
— Bu qanaqa bedodlik, birodarlar, qanaqa bedodlik?! — deb baqirdi Ivan, qoʻllarini koʻkka koʻtarib. Soʻng ikki sonini shapaloqlab ura boshladi, — uni qoʻlga tushiruvdim, oyoq ostiga olishim qoluvdi, xolos. Qanaqa bedodlik bu, birodarlar!

U yana nimadir deb gapirmoqchi edi, nafasi tiqilib tovushi chiqmay qoldi. Uyiga qarab yuguray desa oyogʻi chalinib yurolmaydi. Toʻxtab-toʻxtab, sudralib keta boshladi. U saroyiga yetguncha molxonasini tamom oʻt olib boʻlgan, olov uyning bir burchagini, darvozaxonani qoplagan edi. Uyga kiray desa, kirolmaydi, ichkaridan vishillab olov chiqyapti.

Har tarafdan hay-haylab odamlar chopib kela boshladi. Biroq endi kech boʻlgan, uyda qutqaradigan hech vaqo qolmagan edi. Qoʻshnilar qoʻlga ilingan buyum borki, hovliga tashiy boshladilar.

Ivanning uyidan keyin Gavriloning hovli joyi yona boshladi. Shamol kuchaydi, qoʻni-qoʻshnilarnikiga ham oʻt ketdi.

Ivannikidagilar bemor cholniyu oʻzlarini qutqarib qolishdi, xolos. Uydagi mol-dunyo shundayligicha olovga yem boʻldi. Taraska dalaga haydab ketgan otlardan boʻlak jami hayvon zoti oʻtda qolib kuyib ketdi: qoʻnoqdagi tovuqlar ham, aravalar, omoch-boʻyinturuqlaru xotinlarning sandigʻi, ombordagi gʻalla — bari kul boʻlib koʻkka sovurildi.

Gavriloning mollarini haydab chiqarib ulgurishdi. Lekin uydagi ashyolarning aksariyati olov domida kuyib ado boʻldi.

Yongʻin tong otguncha oʻchmadi. Azonda Ivanni chaqirib oqsoqolning oʻgʻli keldi.
— Ivan togʻa, otangiz oʻlayapti ekan, shunga Ivanni chaqiringlar, vidolashib qolay, dedi.

Falokat ichida Ivan otasining oʻlik-tirigini ham unutib qoʻygan edi. Talmovsirab soʻradi:
— Kimning otasini aytayapsan. Kimni chaqiryapti?
— Otangiz sizni chaqiryaptilar. U kishi biznikida yotibdi. Siz bilan vidolashib qolmoqchi ekanlar. Yuring, togʻa, — bolakay Ivanning yengidan tort¬di. Ivan bolaga ergashib yoʻlga tushdi.

Qariyani uydan koʻtarib chiqayotganlarida ustiga yonib turgan yogʻoch tushib biroz yerini kuydirgan ekan. Uni oqsoqolning uyiga olib borib joylashtiribdilar. Oqsoqol qishloqdan chekkaroqda turar, unikiga yongʻin oʻtmagan edi.

Ivan oqsoqolnikiga kirib bordi. Uyda oqsoqolning xotini bor ekan. Qolgan kattayu kichik oʻt oʻchirishga ketishibdi. Ivan otasiga yaqinlashdi. Chol sham ushlagancha yogʻoch kursida chalqancha yotar, eshikdan koʻz uzmasdi. Oʻgʻlini koʻrib bezovtalandi. Ivan otasiga yaqin bordi. Ota asta soʻz ochdi:
— Xoʻsh, Vanya, qishloqqa kim oʻt qoʻydi?
— Ana shu Gavrilo, — dedi Ivan, — koʻz oldimda poxolni tutatib tomga otdi. Ushlab olgani ulgurolmay qoldim. Qoʻlidagi tutantiriqni yulib olib tepkilab tashlaganimda hech balo boʻlmasdi.
— Ivan, — dedi ota, — mening qazoim yaqin. Bir kun sen ham oʻlasan. Toʻgʻrisini ayt, ayb kimdan oʻtdi?

Ivan otasiga tikildi, lekin lom deb ogʻiz ochmadi.
— Xudoni oʻrtaga qoʻyib ayt, Ivan, ayb kimda, sendami, undami?

Birdan Ivanning koʻzi yarq etib ochilgandek boʻldi.
— Mendan oʻtibdi, otajon! — U tiz choʻkib yigʻlab yubordi, — Meni kechiring? Sizning oldingizda ham, xudoning oldida ham gunohkorman...

Chol qoʻllarini arang qimirlatdi. Shamni chap qoʻliga oldi, oʻng qoʻli bilan choʻqinmoqchi boʻldiyu majoli yetmadi.
— Oʻzing yorlaqagin, yo parvardigor! Oʻzing yorlaqagin, yo parvardigor! — dedi qayta-qayta va oʻgʻliga koʻz qirini soldi, — Vanka, ha Vanka!
— Labbay, otajon!
— Endi nima qilasan-a?
— Bilmadim, ota, — dedi Ivan yigʻlab turib, — endi bu yogʻiga qanday kun koʻramiz, hayronman.

Chol koʻzlarini yumdi, tamshandi, soʻnggi kuchini toʻplab olgandek, asta koʻzini ochib dedi:
— Kunlaringni koʻrasan. Xudoni yodga olib tursanglar kun oʻtaveradi, — chol jimib qoldi, ogʻzini qiyshaytirdi va bazoʻr gʻudrandi, — tilingga ehtiyot boʻl, Vanya, uyimga falonchi oʻt qoʻydi, deb zinhor ayta koʻrma. Sen birovning bir aybini kechirsang, xudo sening ikki aybingni kechiradi.

Chol shunday dediyu ikki qoʻllab shamni ushladi, uni koʻkragiga qoʻydi, ogʻir xoʻrsindi va oyogʻini choʻzib jon taslim qildi.