OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLobar Azizxoʻjayeva
Asar nomiMeni sevib qolsayding…(badia)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Lobar Azizxoʻjayeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Badialar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Meni sevib qolsayding…(badia)
Lobar Azizxoʻjayeva

Eshik ochilib bir-biridan ezgin xayollarimni uchirib yuboradi. Onajonim astagina tepamga kelib sochlarimni silaydilar
— Oʻtiribsanmi bolam? Men ketyapman, senam birrovga chiqsang boʻlardi, sal boʻlsayam koʻngling yozilardi…

Men qizargan koʻzlarimni onamdan yashiraman.
— Yoʻq, ona, borgim yoʻq…
— Mayli, boʻmasa men tezgina qaytaman. Aytganday, oʻgʻlim, toʻyga anavi sen yoqtiradigan hofiz kelarmish, chiqsang koʻrarding, qoʻshiqlarini tinglarding…
— Siz boravering, onajon, hofizning ovozi bu yerga bemalol eshitilib turadi…
— Ha mayli…
— Chiroqnioʻchirib keting!

Hujram koʻnglim bilan bir xil tusga kiradi…

Toʻy boʻlayotgan xonadondan kelayotgan yor-yor sadolari, karnay-sunray ovozi yetti mahallaga taraladi. Yoʻq-yoʻq, bular yor-yor emas, shodlik emas, bular…bular ayriliq, hijron sadolari! Bular oʻksib-oʻksib yigʻlayotgan muhabbatning nidolari!

Bu mash’um sadolar mening zulmatga choʻmgan hujramga ham kirib keladi… Qulogʻim ostida jaranglab, goʻyo ustimdan kulayotgandek boʻladi…

Boshimni bolishning ostiga tiqaman, koʻzlarimni chirt yumaman, yoʻq…Baribir eshitilaveradi…

Eshitilaveradi, eshitilaveradi!!!

Boʻgʻzimdan olamni buzgudek bir faryod otilib chiqadi…

Bu faryod…Bu faryod karnay-sunray sadolari ostida yoʻq boʻlib ketadi…

Yuragim yonyapti…

Men nega buncha kuyyapman? Kim uchun buncha faryod chekyapman?

Sen uchunmi?

Men seni sevarmidim? Bunchalik yonib-kuyishimga qaraganda sevar ekanman-da! Buni qara-ya, buni oʻzim ham bilmas ekanman…

Axir kechagina oʻzim senga kulib turib baxt tilamadimmi?

Yoʻq-yoʻq… Men seni sevmayman… Biz doʻst edik xolos.

Esingdami? Xudoni bergan kuni qoʻlingda kitob bilan yonimga chiqib kelarding. Qoʻlingdagi kitob albatta muhabbat xaqida boʻlardi.

Sen koʻzlaring chaqnab kitobni maqtay-maqtay qoʻlimga tutqazib ketarding. Torgina hujram sen berib ketgan katta-kichik kitoblar bilan toʻlib-toshgandi. Men kitobni tezroq tugatishga harakat qilardim, chunki oʻqib boʻlganimdan soʻng sen bilan asar xaqida uzoq-uzoq tortishib, bahslashib oʻtirardik. Sen oʻzimiz oʻqib chiqqan kitoblardagi hayotni orzu qilarding… Yodimda, bir kuni «Choliqushi» xaqida uzoq suhbatlashdik
— Bariga Komron aybdor! — deganding uzun-uzun kipriklaring pirpirab, — axmoq boʻlmasa, Faridani allaqanday sariq gullarga almasharmidi?
— Hayotda hamma adashadi. — Shunday deymanu sening qoʻngʻiroq sochlaringdan, Olloh in’om etgan, hech qanday boʻyoqlarsiz goʻzal husningdan koʻz uzolmay tikilib qolaman.
— E-e, ana endi shu axmoqligini deb shuncha yil azob chekdi. Farida «hamma sariq odamlar bevafo boʻladi», degan. Menimcha u xaq! — shunday deysan-u, qiqir-qiqir kulasan. Bu gapni menga tekkizib aytayotganingni bilaman. Shu choqda sen koʻzimga xuddi oʻsha Faridadek koʻrinib ketasan. — Bilasanmi, Oygul, sen xuddi Faridaga oʻxshaysan.
— Rostdanmi?
— Ha, rost… Agar men Komronning oʻrnida boʻlganimda edi, Faridani hech qanday gulga alishmagan boʻlardim…

Sen qizarib, koʻzlaringni olib qochasan.

Xayollarimni toʻy xonadonidan kelayotgan mungli qoʻshiq boʻlib yuboradi. Ha, bu oʻsha, men suygan hofiz… Dard bilan sugʻorilgan qoʻshiq soʻzlari mening xonamga ham oqib kiradi:

    Sen bogʻdagi yelday shoʻx,
    Bir dam orom olsayding…
    Derlar orzuga ayb yoʻq,
    Mani sevib qolsayding…

Yuzimda nam sezaman, yigʻlayapmanmi? Nima uchun?! Hofizning qoʻshigʻigami? Men ham shuni orzu qilganmidim? Nahot shunday orzu etishga jur’at qilgan boʻlsam?

    Yoy nishonga yetmasdan,
    Fursat magʻlub etmasdan
    Umrim oʻtib ketmasdan
    Mani sevib qolsayding…
    Dunyo sinovli, shartli,
    Xam quvonchli xam dardli
    Orzuyim boʻlmay gardli
    Mani sevib qolsayding…

Kecha oxirgi marta yonimga kelding…

Bu safar qoʻlingda kitobmas, chetiga kashtalar tikib bezatilgan roʻmolcha bor edi.
— Aziz, meni unutmaysan-a? — deding chiroyli koʻzlaringni menga tikib.
— Yoʻq, Oygul, seni unutmayman. Axir oʻzimizni mahallaga kelin boʻlyapsan-u.
— Shundayku-ya, endi baribir oldingga chiqib turolmaymanda… Lekin bilasanmi, sen mening eng yaxshi doʻstimsan. Sen bilan qurgan suhbatlarimiz, bahslashganlarimiz hech qachon yodimdan chiqmaydi.
— Mening ham…
— Ertaga toʻyimga chiqasana?
— Albatta…
— Aldamaysanmi? Chiqmasang xafa boʻlaman. Dadam toʻyga sen yoqtirgan hofizni olib kelar ekanlar. Dugonalarim biram kuyib ketyapti…
— Sen albatta bahtli boʻlishing kerak Oygul…Oʻzing istaganingdek, oʻsha kitoblardagidek goʻzal baht qurishga intil…
— Rahmat, Aziz, sen chinakam doʻstsan. Xayr, endi uyga chiqa qolay…

Sen qoʻlimga oʻzing tikkan roʻmolchani tutqazib ketding. Alvon roʻmolcha chetiga oppoq ipak bilan «O+A=D»deb yozib qoʻyibsan…

Mana, roʻmolchang qoʻlimda, undan seni iforing kelyapti, Oygul…

Bugun sening toʻying…Tasavvur qilyapman qanchalik goʻzal boʻlib ketganingni. Oq libos senga judayam yarashgandir-a…

Eshityapsanmi, Oygul, qoʻshiqni eshityapsanmi?

Kuy yigʻlayapti… kuy oʻz dardiga dosh berolmay yigʻlayapti. Hofiz oʻrtanib-oʻrtanib meni dardimni kuylayapti Oygul…

    Keldi mehring fursati,
    Boʻlay vasling ulfati,
    Sodiqligim hurmati,
    Mani sevib qolsayding…
    Qadru qimmatim bilib,
    Biroz nazarga ilib,
    Koʻnglimga shafqat qilib,
    Mani sevib qolsayding.

Qishloqdoshlarimning qiyqirib chapak chalgani, »Juft boʻlsin!» deb baqirishgani eshitiladi.

Ey, odamlar, bu qoʻshiqni qiyqirib, chapak chalib emas, yigʻlab eshitish kerak, yigʻlab! Bu qoʻshiqni dardi borlar, yuragi yonayotganlar eshitishi kerak…

Toʻyni u yogʻi shoʻx-shoʻx sadolarga ulanib ketadi.

Bilaman, hozir davra toʻrida, oppoq libosda yal-yal yoniboʻtiribsan-u, koʻzing bilan meni izlayapsan. Kechir meni, toʻyingga chiqolmadim, Oygul. Mening bebosh qalbim seni sevib qolishga jur’at qilibdi… Hofiz aytganidek, orzuga ayb yoʻq…

Hujram havosi ogʻirlashib, boʻgʻzimdan boʻgʻayotgandek boʻlyapti…

Eshik gʻichirlab ochilib onamning xushhol qiyofalari koʻrinadi.
— Zerikmay oʻtiribsanmi, bolam? Anavi hofiz toʻyni rosa qizdiryapti. Oʻziyam butun qishloq koʻchib kepti-yov uni koʻrgani. Poʻlatboyam juda orzu-havasli-da, toʻyiga shundoq hofizni olib kelibdi!
— Ona, siqilib ketdim, hovliga chiqaman…
— Hozir, bolam, — onam shoshib tepamga keladilar. — Oygul shunday chiroyli kelin boʻlibdi, koʻz tegmasin, koʻrgan odamni suqi kiradi-ya… Poʻlatboyning oʻgʻli bilan bir-birlariga uzukka koʻz qoʻygandek yarashishibdi oʻziyam!

Oh onajonima, dardimni bilmaydilar-da… Bilmaganlariyam yaxshi. Bir oʻzimni kuyganim ham yetar…

Aravachamni gʻildiratib, hovliga chiqaman. Koʻksimni toʻldirib-toʻldirib nafas olaman.

— Ollohga shukur...