OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLobarxon Rustamova
Asar nomiDoʻst (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Lobarxon Rustamova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Doʻst (hikoya)
Lobarxon Rustamova

— Akmalvoy, hoy, Akmalvoy. Doʻstim, bormisan?

Hali javob qilib ulgurmay, darvozaxonadan hatlab ulgurgan Mashrabjonni koʻrib, Karimaxonning ensasi qotdi. Ichida: «Tavba, kutib tursa boʻlmasmikan?»— deya ranjidi.
— Kelin, yaxshimisizlar? Sogʻ-salomat yuribsizlarmi? Bolalar qalay? Qachondan beri koʻz tutaman, doʻstim eshigimdan kirib kelar deb. Yoʻq, nihoyat sabrim chidamay, kelaverdim... Mana bularni olib qoʻying.

Karimaxonning yuzlari burishdi va paketlarni olar ekan:
— Yaxshi qilibsiz. Qani, soʻriga oʻting. Oʻtiring, — dedi.
— Oʻzi qaerda? —soʻradi yana duodan soʻng.
— Ha... bir yumush bilan chiqib ketgandilar...
— Azonlab-a?
— Zarur shekilli-da. Hozir... choy olib kelay...
— Yoʻq, kelin. Ovora boʻlmang. Doʻstimni juda sogʻindim. Toʻgʻri gap koʻp emas, ikki ogʻiz gaplashib, diydorlashib, ketmoqchi edim. Afsus...

Mayli, qani omin, shu xonadondan fayz-baraka, davlat arimasin. Qoʻsha qaringlar. Bolalarning orzu-havasini koʻrib yuringlar.

Men boray. Ayting unga, loaqal qoʻngʻiroq qilsin.
— Aytaman, albatta aytaman.
— Yana ayting. Qoʻrqmay boraversin, mashinasiga benzin olib qoʻyganman. Qoʻshnim sotuvdi...
— Yaxshi...

«Obbo, rosa koʻrgum keluvdi-ya, doʻstim. Seni sogʻingandim. Afsus, yoʻq ekansan. Attang. Bir miriqib oʻtiramiz degandim, yoshlikni eslab»,— deya ma’yus tortib qaytar ekan, Karimaxon darvozani yopib:
— Uff, kutaman, deb oʻtirib oladimi, deb qoʻrqqandim, hayriyat, koʻcha qoldi, — dedi.

Ichkaridan erining:
— Kim ekan? — degan ovozini eshitib:
— Yaxshi hamki, chiqib qolmadingiz, sharmanda qilar edingiz odamni, — dedi. —Haligi, boru qishloqdagi doʻstingiz — Mashrab aka. Oʻsha keluvdi. Sizni rosa sogʻinganmish. Hatto borishingizga benzin ham olib qoʻyibdi.
— Rostdanmi?! Shunaqa dedimi?
— Ha-da!
— Bechora doʻstim, meni yoʻqlab, shuncha yoʻl bosib kelsa-yu sen qaytarib yuborsang. Obbo... Ja... Gʻalati boʻldi-da.
— Nimasi gʻalati. Bugun qaergadir boraman, degandingiz. Gapga tushib ketsangiz, oʻsha ish ham taxini yeydi.
— Toʻgʻri aytasan. Xudo xohlasa, biror kuni qishloqqa oʻtib koʻrib kelarman. Lekin doʻstlarimning ichida bitta shu meni yoʻqlab turadi. Buni unutma.
— Xoʻp.

Akmaljon nonushta qilgach, mashinani yurgizdi. U bugun bino qurilishi uchun ajratilgan yerni borib koʻrmoqchi edi. Yoʻl-yoʻlakay Mashrabjon, u bilan bogʻliq voqealar yodiga tushaverdi.

Ajabo, vaqtning oʻtishini. Uni oʻtgan yili yozda koʻrgandim. Doʻstim qishloqqa kelibdi, deb uyga chopib kelgan ekan. Qoʻyarda-qoʻymay uyiga olib ketdi. Kelsang deb atab qoʻygandim, deya oyogʻimning tagiga qoʻy soʻydi. Oshnalarimizni chaqirdi. Lekin rosa yayragandik. Oʻshanga ham bir yil boʻlibdi-ya. Onasi, yaqinlari tez-tez kelib turishganigami, qishloqqa borish ham xayolidan koʻtarilibdi.

Doʻsti esa uni izlab kelibdi. U esa...

Aslida shu Mashrab doʻsti ajoyib inson. Koʻnglida kin saqlamaydi. Qoʻngʻiroq qilmasa ham, yoʻqlamasa ham, u qoʻngʻiroq qiladi, yoʻqlayveradi. Ba’zan qanday vaqt toparkin, deya oʻylaydi. Axir turmush ikir-chikirlari, ish, yoʻriq-yoʻsinlar deganday... tuzukkina dam olgani imkon topmaydi-yu u boʻlsa.

Lekin nima boʻlganda ham doʻsti oʻz oyogʻi bilan eshigidan kirib kelganida kutib olishi kerak edi. Yaxshi ish qilmadi aslida.

Shu tobda bolalik xotiralari yodga tushib ketdi. Qishloq yon bagʻridagi togʻlarda bolalar bilan chiqib qoʻy boqqanlari... ajoyib damlar edi-da oʻziyam. Qoʻy-qoʻzilarni yaylovga qoʻyib, gʻir-gʻir esgan shabadaga bagʻirni berib, maysalar ustida oʻy-xayol surib yotishlar... Oqshom tushgach, podani haydab katta soyda mazza qilib choʻmilishlari... Bunday katta tashvishlar xayolga ham kelmasdi. Hamma quvonchu shodlik togʻu toshlar, yaylovlaru soylar, shu goʻzal qishloq tabiati bagʻriga joylanganday...

Esida, bir gal boshqalardan ajralib orqada qolgan qoʻyini haydab kelayotib katta toshga qoqilib, yumalab ketgan. Oʻzini tutib qololmagan. Yuz-koʻzlari shilingan, boshi yorilgan doʻstini Mashrabjon yelkasida jiqqa terga botib, shifoxonaga yetkazgan...

Endi esa xoh kunduz, xoh tun demay xizmatga shay shunday doʻstiga peshvoz chiqmadi.

Akmaljon chuqur uh tortdi. Katta yoʻl boshiga yetib qolibdi. Mashinani chapga burdi.

Hozir borib koʻradigan joyi asli unga tegishli katta bogʻ. Uning niyati bogʻ yonida boʻsh yotgan, unumsiz yana uch gektarli joyni olish va uning oʻrnida meva sharbatlari ishlab chiqaradigan tsex qurish. Agar koʻzlagan rejasi amalga oshib qolgandami, zoʻr ish boʻlardi-da! Axir behudaga texnologiya sohasiga oʻqidimi?

Hamma qoʻlidan kelgan soha boʻyicha tadbirkorlik qilyapti. Akmalning ham bunga aqli yetadi. Toʻgʻri, boshlab olguncha qiyin. Lekin buni albatta uddalaydi. Asosiysi, binoning bitishi, dastgohlarning oʻrnatilishi, keyin malakali mutaxassislarni topish. Bogʻidan chiqqan mevalarning oʻzi ham ishlab chiqariladigan mahsulotning anchagina qismini qoplaydi.

U shu kuni bogʻi atrofidagi yer maydonini koʻrib qaytgach, qurilishni boshlash harakatiga tushdi. Jamgʻarib qoʻygan pullari bino poydevorigagina yetgach, kredit olishga kirishdi. Hali jihozlar ham kerak.

Tuni bilan oʻylanib chiqqan Akmaljonning dardiga xotini malham qoʻyganday boʻldi.
— Darvoqe, — dedi u, — doʻstingizning bir emas, ikki katta hovlisi, qoʻrasida mollari bor. Ayting, hovlisidan birini garovga bersin. Hech kim yashamaganidan keyin. Mashinangizni qoʻying desam, oʻzingizga kerak.
— Toʻgʻri aytasan. Afsus, tunov kuni kelganida yaxshiroq kutib olsam boʻlar ekan. Ahmoq xotin, seni soʻzingga kirib, doʻstimga yolgʻon toʻqidik, endi qaysi yuz bilan boraman uning oldiga, nima deyman?
— Qiziqsiz-a, dadasi. Doʻstingiz sizni koʻrishi bilan hammasini unutadi. Axir, uyda yoʻq edingiz-ku...
— Ha-ya. Zarur yumush bilan yurgandim. Mayli boʻlmasa, men yoʻlga chiqaman. Borayin-chi, nima der ekan?
— Yaxshi.

Mashrabjon tomorqasida ekan. Kenjatoyining:
— Dada, Akmal amakim keldilar, — degan gapini eshitiboq, etiklari loy, qoʻliga bir bogʻ oʻtni koʻtarib olganicha, shoshib chiqib keldi.
— Ie, ie, qaysi shamollar uchirdi. Seni ham koʻradigan kun bor ekan-a, doʻstim. Izlab borib topolmasam. Qaerlarda yuribsan? —dedi Mashrabjon qoʻllarini yuvib kelib, doʻsti bilan soʻrashar ekan. — Qani, qani ichkariga kiraylik. Samadtoy, ho, oʻgʻlim, onangga ayt. Dasturxon yozsin, darrov ovqatga unnasin.
— Doʻstim, namuncha, hammani shoshirmasang. Avval oʻtiraylik. Hozirgina choydan turdim. Ovqatga hali erta.
— Kelib yuribmiding. Tunov kuni televizor koʻrib yotib, birdan yodimga tushib qolding. Tavba dedim. Biror marta qoʻngʻiroq ham qilmaysan. Yo qishloqqa kelmaysan. Onangni ham koʻrging kelmaydi. Shaharda yashaydi degani tamoman shaharlik, degani emas-ku. Kindik qoning tomgan tuproqni unutib yuborasanmi?
— Gapiraver, ichingda alaming qolmasin.

Shu payt dasturxon, choy-non koʻtarib, Saidaxon kirib keldi.
— Xush kelibsiz, yaxshi yuribsizmi? Karimaxon, jiyanlarim sogʻ-salomatmi? Hech boʻlmasa, yoz paytlari birrov chiqaylik, demaysizlar-a...
— Kelin, uzr endi. Doʻstim boyadan beri rosa ta’zirimni berdi. Xudo xohlasa, bolalarni olib bir chiqaman. Zerikib, ketinglar endi, demagunlaringcha yuraveramiz.
— Doʻstim, bu uy sening ham uying. Men odamdan zerikmayman. Odam gʻanimat. Bugun bor ertaga yoʻq. Oʻlim qosh bilan qovoq orasida.
— Nima gap? Tinchlikmi? — soʻradi Akmaljon. — Birortasi...
— Topding...
— Sinfimizdagi Ikromjonni eslaysanmi? Vazmin, kamgap yigit. E, yodingdan ham chiqib ketgan.
— Gapiraver-chi.
— Nimasini gapiraman. Kecha ma’rakasi oʻtdi.
— Nima?!
— Shunga aytaman-da, odam gʻanimat. Voqea yuz berishidan oldin bozorda uchrashib qolgandik. Rahimjon bor-ku baqaloq, oxirgi partada oʻtiradigan. Shu oyning oxirida oʻgʻliga toʻy qilyapti. Sinfdoshlar yuz-yuzdan yigʻamiz.

Ikromjon bilan shu haqda gaplashib, yakshanba kuni barcha sinfdoshlar Absalomlarnikida uchrashishga kelishgandik. Koʻrganlarga xabar beradigan boʻlgandik.

Kechda ta’ziyaga chaqirib qolishdi. Qotib qoldim, nima xayolda boʻlgan, yoʻl oʻrtasiga chiqib qolibdi. Traktorga urilibdi. Ikromjonni rul qisib qolibdi-da.

Zarb yuragiga boʻlgan ekan. Odamlar to ajratib olgunlaricha joni uzilibdi.
— Essiz, hali qirqqa ham yetmadik axir.
— Shuni aytaman-da. Ta’ziya bildirib kelishing kerak, doʻstim. Sinfdoshlardan faqat sen qatnashmading, xolos.
— Demak, safimiz bittaga kamayibdi-da, — dedi Akmaljon gʻamgin ohangda. —Nasima, Soiplar ham endi bu dunyoda yoʻq.
— Yoʻgʻ-e...
— Ha, Nasima tuzalmas kasaldan oʻldi. Soip koʻp ichardi, jigari tserroz boʻlgan ekan.
— Xudo rahmat qilsin! —Akmaljon yuziga fotiha tortdi.
— Qani tur, osh pishguncha, oʻtib kelamiz... Ota-onasining qaddi bukilib qoldi. Oila roʻzgʻorini tebratayotgan Ikrom edi-da.

Akmaljon shoshilinch kelganini aytmoqchi boʻldi-yu, ta’ziya uchun vaj-karson koʻrsatish yaxshi emasligini, doʻstining koʻngli ogʻrib qolishi mumkinligini oʻylab tilini tiydi.

Azador hovlidan qaytishganda Saidaxon dasturxon tuzab qoʻygandi.
— Oʻlim yomon narsa-da, — dedi Akmaljon piyoladagi choydan xoʻplar ekan. —Bir kuni bu dunyodan ketishimni oʻylasam, shu yugur-yugur, shu tashvishlar behuda ekanini anglayman-da, hamma ishdan koʻnglim sovub ketadi.
— Lekin tirik jon, qimirlamasak boʻlmaydi, oila, bola-chaqa deganday.

Saidaxon chinni tovoqda osh koʻtarib kirdi.
— Qani, olinglar.
— Yana bir oz oʻtirsam, xamir soldirasan. Kelin bugun kechgacha oʻchoq boshidan ketmaydi.
— Sen mehmonsan, har kuni kelib yuribmiding. Bir gaplashib yozilib kelaman desam, oʻsha kuni yoʻq ekansan. Kutib oʻtiray desam, hayron boʻldim. Kelaverdim. Bir qadam uzogʻi — uzoq ekan.
— Lekin sendan minnatdorman, doʻstim. Doimo ahvolimdan xabar olasan, yoʻqlaysan. Men boʻlsam loaqal qoʻngʻiroq qilgani ham fursatni bahona qilaman. Aslida, odamgarchiligim yoʻq meni. Har qancha urishsang, soʻksang, hatto musht tushirsang ham haqlisan.
— Yoʻgʻ-e, unchalik emas. Qani, ol. Firmaning ishini yurgizish osonmas. Endi biznikiga kelsak, dala. Bolalar qarashadi. Men bir-bir nazorat qilib turaman xolos. Boʻsh vaqtim koʻp. Xijolat boʻlma. Seni doʻstim deganman. Qachon vaqt topsang, eshigim sen uchun ochiq. Imkon topmasang, oʻzim seni yoʻqlab turaman.
— Rahmat, doʻstim. Bagʻrikengliging, qalbing musaffo ekanligini bilaman.
— Qani, oshdan ol. Keyin senga dalalarimni koʻrsataman. Ungacha Saida kulchatoy qilib turadi. Sen yaxshi koʻradigan ovqat. Shundaymi?

Akmaljon bir muddat taraddudlandi va:
— Doʻstim, yana atay shu ish uchun kelibdi, deb oʻylama. Lekin...
— Ayt, aytaver. Menga aytmasang, kimga aytasan. Biror muammoing bormi?
— Bilasanmi? Hozircha ishlarim yomon emas. Lekin firmamni kengaytirmoqchi edim. Ya’ni kichikroq boʻlsa ham tsex qurmoqchiman, mevalarni qayta ishlaydigan...
— Mendan qanday yordam kerak boʻlsa, tortinma.
— Kredit olmoqchiman. Oʻzing bilasan. Kredit uchun garov kerak. Doʻkonni qurishda uyimni garovga qoʻygandim. Endi u paytlar oʻtib ketdi. Shuning uchun. Yana bir hovling borligini bilaman. Menga yordaming kerak. Mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib olsam, qarzlar uziladi. Seni hech qachon ogʻir ahvolga solib qoʻymayman.
— Bilaman... — Mashrabjon oʻylanib qoldi. Bundan Akmaljonning xayoliga: «Rozi boʻlgisi kelmayapti«. »Mana, sen uchun hamma narsaga tayyorman, degan doʻstimning oqibati»,— degan oʻy keldi.
— Toʻgʻri, katta oʻgʻlim uchun yaxshi niyatda hovli qilib qoʻyganman. Lekin opamning bir oʻgʻli hozircha oʻsha yerda yashayapti. Agar u hovlini sotsam opamning koʻngliga keladi. «Bir oz vaqt oʻtirib turishsin, desam, shuniyam koʻp koʻrdi», — degan xayolga boradi. Mayli doʻstim, hechqisi yoʻq. Mana shu hovlimni garovga qoʻyib, bir puldordan qarz olib beraman. Shundoq qilsak, boʻladimi? Lekin gap uni koʻndirishda qoldi. Sirasiga koʻchada qoldirmassan.
— Qiziq gapirasan-a. Xudo xohlasa, bu yaxshiligingni oʻn barovar qilib qaytaraman.
— Unday dema, menga ishlaring baroridan kelsa, bas, yetadi. Koʻnglim xotirjam tortadi.

Choy olib kirayotgan Saidaxonning qulogʻiga «uy, garov« degan soʻzlar chalindi-yu Akmaljonning nima maqsadda kelganini anglagach, peshonasi tirishdi: »Axir, bu hovli kattalar oʻtgan joy boʻlsa. Xudo koʻrsatmasin, ishi yurishmay qolsa-chi, biz qaerga boramiz? Boshimizga qanday kunlar tushadi?».

Hovlining hujjatlarini olgan Mashrabjonni xotini ichkariga imladi.
— Hoy, esingizni yeganmisiz? Oʻrtada turib, qarzni-ku olib berarsiz, lekin muddati kelganda, doʻstingiz u pulni toʻlolmasa, uyni berishga toʻgʻri kelsa nima qilasiz? Qaerga borasiz, oʻylab ish qilsangiz-chi. Buning ustiga ota-onangizning arvohi chirqiraydi.
— Axir, tushun, doʻstim shunga muhtoj. Ish boshlab olsa, hammasi oʻrniga tushadi.
— Shundayku-ya... Lekin yuragim negadir gʻash. Sarson-sargardon boʻladiganday.
— Ogʻzingdan shamol uchirsin. Yaxshi niyat qil.
— Baribir notoʻgʻri qilyapsiz. Tagida mashinasi turibdi, nega uni garovga qoʻymaydi. Uy-joyi bor... Sotsin.
— Qoʻy endi...
— Ota-onasiniki-chi? Nega sizga osiladi?
— Men ketdim. Shu ham muammo boʻlibdimi? Umrida bir marta yordam soʻrab kelibdi. Yoʻq deyinmi? U holda doʻstligim qaerda qoladi?
— Bilganingizni qiling. Lekin men rozi emasman. Hech qachon!

Doʻstining hayallaganidan:

«Fikridan qaytib qoldimikan?» — degan havotirga tushgan Akmaljon doʻstini qoʻlida qogʻoz bilan chiqib kelayotganini koʻrib, xotirjam tortdi.
— Tinchlikmi? Saidaxon xafa boʻlgan koʻrinadi, — dedi.
— Xotinlarni bilasan-ku! Doimo shubha-gumonlar bilan yashashadi.
— Doʻstim, seni uyaltirib qoʻymayman.
— Ishonaman, qani ketdik.

* * *

Oradan ikki yil oʻtdi. Mashrabjon bu muddat ichida doʻstini tez-tez yoʻqlab turdi. Sex qurilishi yakunlanib, dastgohlar oʻrnatilganini ham, «Akmal—K» xususiy firmasi yorligʻi bilan chiroyli qutilar va idishlarda turli meva sharbatlari ishlab chiqarilganini ham oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Har gal borganida doʻstining yutuqlaridan quvonib qaytdi.
— Saida, qara, sen ishonmaganding, Akmaljon ishlab chiqargan mana bu mahsulotlarni koʻrgin. Qadoqlanishi ham juda chiroyli-a? Chet elnikidan qolishmaydi. Mana, xohlaganingni — olma, olcha, shaftoli, anor — ichib koʻr, zoʻr. Tabiiy mahsulot. Salomatlikka ham foyda.
— Yaxshi. Men ham hursandman. Faqat, haligi odamingiz yana keldi «Menga pul kerak. Shuncha payt kutdim. Meni toʻgʻri tushuninglar. Hovlingizni sotishdan boshqa choram qolmayapti», dedi. Shu gapni doʻstingizga eslatib qoʻying.

— Shunday de...

Mashrabjon erta-indin shaharga tushib, bu haqda doʻstiga ma’lum qilishni rejalashtirib qoʻydi.

Lekin borgan kuni uni topolmadi. Firma ishi bilan qaergadir ketgan ekan. Uchinchi bor kelganida Akmaljonni tsex yonidagi oshxonadan topdi.
— Seni koʻp ovora qilib qoʻydim-a, — deya quchoq ochib koʻrishgach, doʻstiga ham ovqat buyurdi.

Bir oz u yoq, bu yoqdan gaplashib oʻtirishdi va nihoyat Mashrabjon:
— Doʻstim, ishlaring iziga tushib olganidan hursandman. Imkoniyat topib, uy bilan bogʻliq muammoni hal qilsang, deb kelgandim. Olov ustida oʻtirganday boʻlmayin. Bugun-erta kelin tushiraman, qiz uzataman. Bir ishkal chiqmasin. Qani endi, qoʻlimda boʻlsa-yu sensiz ham bu muammoni hal qilar edim-ku! Afsus, daladan chiqqani oilamizdan, bolalarning qorni, ust-boshi, oʻqishidan ortmaydi. Yigʻib-terganimiz toʻyga kerak.
— Doʻstim, bundan xavotir olma. Sen toʻy qilsang, qarab turarmidim. Bir tomonini koʻtaraman, albatta. Lekin shu bugunoq oʻsha hoji aka bilan gaplashaman. Seni ortiq bezovta qilmaydi.

Tavba, odamlarga ham hayronsan. Oʻsha hojining pullari achib yotgani aniq. Nega xasislik qiladi-a? Beramiz oʻsha pullarini, qochib ketarmidik. Foydani yana bir aylantirsam degandim-da.
— U holda biz tinch oʻtiraolamizmi? — soʻradi Mashrabjon.
— Albatta. Xavotir olma. Hammasi yaxshi boʻladi.
— Senga ishonaman. Katta oʻgʻillari «tushib qolibdi». Buning ustiga xotinlari ogʻir betob, tuzalmas dardga chalingan. Shuning uchun million oʻziga ham kerak.
— Bundan keyin senga gap boʻlmaydi. Oʻzim hal qilib qoʻyaman.
— Yaxshi. Men ketdim boʻlmasa. Ishlaring baroridan kelaversin, doʻstim. Uyga bor. Bir yozilishib oʻtiraylik.
— Oʻtaman, albatta. Ishlarning koʻpayganini koʻrmaysanmi? Sexni yana kengaytirish niyatidaman. Chet elga borib, tajriba oʻrganib qaytmoqchiman.
— O, juda zoʻr-ku! —Mashrabjon quvonib ketdi. — Bizlardan ham mashhur tadbirkor chiqsa, yomonmi?
— Juda oshirib yubording. Lekin mahsulotimizni chetga ham eksport qilyapmiz.
— Hursandman, doʻstim. Juda hursandman.

Mashrabjon oʻsha kuni uyga ogʻzi qulogʻida qaytdi.
— Ha, ha, dadasi, tinchlikmi? Tilla topib oldingizmi? Hursandsiz, — soʻradi Saidaxon erining qoʻliga suv quyayotib.
— Asti soʻrama. Senga aytmaganmidim, doʻstim albatta maqsadini amalga oshiradi, deb. Men yordam qilmaganimda ham baribir boshqa birov yordam berardi. Keyin men uyalib qolardim. Hozirgi mavqeini qara. Allaqancha gektarli yerda tsex, ishchilar, traktorlar, mashinalar, ketma-ket ortilayotgan mahsulotlar. Hammasining boshida doʻstim turibdi. Buning uchun bilim, salohiyat, ish yuritishni bilish kerak. Doʻstim qobiliyatli, oʻqimishli. Kallasi har baloga yetadi.
— Siz ham, fermersiz, ish yurityapsiz-ku!
— Ha, endi bizniki — dala. Yer bilan tillashamiz. U esa hatto chet elliklar bilan til topishyapti. Maktab ma’lumotidan boʻlak nima bor menda. Ruschadan besh-olti soʻz tushunsam.
— Boʻldi endi. Oʻrtogʻingizni juda osmonga chiqarib qoʻymang. Qishloqda oʻzingizga yarasha hurmat-e’tiboringiz bor. Bolalaringiz yoningizga kirishdi. Birovdan kam joyimiz yoʻq. Xudo beribdi, peshonasi yarqiragan ekan. Koʻp kuyunavermang. Omborda donimiz, qoʻrada mol-qoʻylarimiz bor. Bu yilgi hosildan mashina olmoqchi edik. Uni ham olarmiz. Nima balo, hasad qilyapsizmi?
— Yoʻgʻ-e, hasad emas, havas qilyapman. U bilan faxrlanaman. Uning yutugʻi — mening ham yutugʻim, xotin.
— Yaxshi. Uy masalasi nima boʻldi. Shundan gapiring, — dedi Saidaxon dasturxon yozar ekan.
— Xotin, qiziq gaplarni gapirasan-a. Uy hoji nomida boʻldi nimayu, meni nomimda boʻldi nima. Tortib olarmidi? Akmaljon ishlarini bir yogʻliq qilib olsin, buni hal qiladi.
— Qachon hal qiladi. Ertalab sizdan keyin yana kelib ketishdi.
— U bugun gaplashadi. Bizni boshqa bezovta qilishmaydi. Kel, bu mavzuga chek qoʻyaylik.

Daladagi hosil yigʻishtirilishi bilan oʻgʻlini uylash taraddudida yurgan Mashrabjon tashqariga kelib toʻxtagan mashina ovozini eshitib, sergak tortdi: «Obbo, yana kelibdi, shekilli. Akmaljon hal qilaman degandi-ku! Yodidan koʻtarildimikan?»

U nima qilarini bilmay, oyoqlariga titroq kirib, hoji akani kutib olish uchun peshvoz chiqdi.
— Mashrabjon, yaxshi yuribsizmi? Qani oʻtiraylik!
— Xush kelibsiz.

Hoji aka soʻriga oʻtdi. Duoga qoʻl ochdi. Soʻng:
— Nuqul sizlarni bezovta qilaverish oʻzimga ham yoqmayapti. Lekin nailoj. Doʻstingiz lafzida turmaydigan yigit ekan-ku! Siz mardlik qildingiz, doʻstingiz uchun molingizdan kechdingiz. Lekin u sizni, oilangizni ogʻir ahvolga solib qoʻyganini zarracha xayoliga ham keltirmayapti.
— Uzr, hoji aka, — dedi Mashrabjon. —Doʻstim siz bilan uchrashaman, degandi.
— Qorasini ham koʻrganim yoʻq. Bu yerga kelishdan avval shaharga tushdim. Doʻstingiz bilan yuzma-yuz gaplashib olmoqchi edim. Afsus, uyda emas ekan.
— Ishda boʻlsa kerak.
— Chet elga ketibdi.
— Aytganday, tajriba oʻrgangani boraman, degandi.
— Bu yogʻini nima qildik endi?
— Hayronman. —Mashrabjonning boshi egildi.
— Tushunaman. Shuncha yil yashagan uyni tashlab chiqish oson emas. Lekin hozir menga ham ogʻir. Qoʻlimda pulim boʻlsa, uyingizga muhtojligim boʻlmasdi. Sizlarga ishonib bor pulimni berib qoʻydim. Xabaringiz bor oʻgʻlimni qutqarishim kerak. Buning ustiga opangizni davolatgani chet elga olib bormoqchiman...

Mashrabjon nima desin, nima qilsin? Doʻstiga ishongandi. Hal qilaman, degandi. Lekin biror marta ham hoji aka bilan uchrashmay, xotirjam chet elga ketgani nimasi?

Har holda yaxshi ish boʻlmadi-da!
— Uka, men boray endi.
— Sizga dasturxon ham yozmadik, biroz oʻtiring.
— Hechqisi yoʻq. Bugun-erta bir qarorga kelib, xabarini berarsiz. Kutaman.
— Albatta.

Tuni bilan tikon ustida yotganday toʻlgʻonib chiqdi. Boshi gʻovlab ketdi. Nima qilish kerak?

Erining bu ahvolidan Saidaxon tashvishga tushdi:
— Nima gap? Meni oʻylaganlarim boʻldimi deyman? Ichingizdagi gapni mundoq ayting-chi?
— Kecha hoji aka keldi. Hovlini sotishdan boshqa choramiz qolmayapti.
— Nima?! Doʻstingiz qaerda? Toping uni.
— U yoʻq. Chet elda. Bir oydan keyin kelarmish. Uylariga tushib chiqdim. Qoʻngʻiroq qilmoqchi edim, telefoni oʻchiq ekan.
— Yana telefon qiling. Toping. Shu ishni hal qiling. Aybingiz doʻstingizning ishini yurishishiga yordam berganingizmi? Yaxshilikka javob shumi?

Mashrabjon ertalab nonushtasini qilgach, shaharga tushdi. Xalqaro soʻzlashuvdan qoʻngʻiroq qildi.
— Ie, Mashrabjon, doʻstim. Senmi? Raqamimni qaerdan olding? — dedi Akmaljon qoʻngʻiroqqa javoban.
— Yaxshi yuribsanmi? Daraging boʻlmay ketgani uchun bezovta qilishimga toʻgʻri keldi. Qachon qaytasan?
— Hali bor. Ikki yigitni olib kelganman. Oʻrganishyapti.
— Unda hoji aka hovlini sotaman, deyapti. Unga pul kerak ekan.
— Namuncha qurumsoq boʻlmasa-ya...
— Oʻtgan gal uchrashib qoʻymabsan-da...
— Vaqt boʻlmadi. Oladi-da oʻsha pulini. E’tibor qilma. Yana kelsa, eshikdan kiritma.
— Ie, bu nima deganing. Hujjat unda boʻlsa, qonunni talab qiladigan boʻlsa, uydan biz chiqib ketishimiz kerak.
— Xotiningga ayt. Kelganida bir toʻpalon koʻtarsin, qaytib kelmaydi.
— Doʻstim, oʻzingmisan? Nimalar deyapsan. Oʻrtada meni noqulay vaziyatga solib qoʻyding-ku! Uydan ketishdan boshqa chora qoldirmayapsan? Va’dang boshqacha edi!
— Va’da — va’da. Lekin hozir menga yana ozgina vaqt kerak. Doʻstim, oʻzing bir yoʻlini qilib tur. Qaytsam, bafurja gaplashamiz. Mayli, uydagilarga salom ayt. Meni chaqirishyapti. Xayr.

Mashrabjon qoʻlida goʻshakni ushlaganicha turib qoldi. «Kim oʻzi bu? Doʻstimmi, begonami? Nega hech narsa boʻlmaganday yoʻl tutyapti? Axir men oilam bilan koʻchada qolyapman-ku, nega tashvishlanmayapti? Doʻsti shu qadar tez oʻzgardimi? Nega sezmabdi? Bolalarga nima deyman. Qaerga boramiz?»

Uyga kelishi bilan xotin diydiyoni boshlaydi, deb oʻylagandi. Unday boʻlmadi. Erining tushkun ruhini, oʻtgan ikki yil ichida qartayib, choʻkib qolganini va hozir ham ayanchli ahvoldaligini koʻrib, bir soʻz demadi.

Dasturxon yozdi. Ovqat keltirdi. Piyolada choy uzatar ekan,
— Koʻp siqilavermang, xudo hal qilar, — dedi.
— Seni soʻzingga yurmay qattiq yanglishdim. Oʻz bilganimcha ish tutdim. Mana oqibati. Doʻst deb yurganim dushmanning ishini qildi.
— Ana endi har bir ishga oʻylab kirishish kerakligini tushungandirsiz.
— Tushundim. Lekin kech tushundim. Bolalarimning koʻzlariga qanday qarayman. Qaerda, qanday toʻy qilaman? Odamlar nima deydi? Uyini sotishga borib yetgan ekan, Mashrabda bir gap bor, degan xayolga borishmaydimi? Azizlar, men kindik qonim tomgan vatanimni oʻz ahmoqligim tufayli, birovga aldanib qolib, tashlab chiqib ketishga majbur boʻldim, desam toʻgʻri tushunisharmikan? Bevatan boʻlib qaerda izgʻiymiz endi.
— Narigi hovlida yashab tursak-chi!
— Opamning oʻgʻlini qanday qilib, uydan chiq, deyman. Qish kelyapti. Bilasan, hovlilari tor, uylari oz. Shundoq ham yana ikki kelin uyda boʻlsa. Boshim qotdi.

Doʻst deb ishonganim yuragimga pichoq urdi-ya. Axir yoʻq joyda emas, oʻsha pullarni topibdi, nega berib qoʻyaqolmadi-ya...
— Menga qarang, koʻp kuyunmang. Foydasi yoʻq. Tobingiz qochadi, — dedi Saidaxon. —Choyingizni iching. Ovqatlaning. Yotib bir oz dam oling. Men oʻylab qoʻyganman. Narigi mahallada Mahfirat momo bir oʻzi yashaydi. Bolasi yoʻq, bechora. Toʻgʻri, uylari ta’mirtalab. Lekin bir oy ichida buni ham epaqaga keltirsa boʻladi.
— Sen nega oʻzingcha? U kampir koʻnadimi-yoʻqmi?
— Qiziq gapirasiz-a. Surishtirib kelmay sizga bir gap aytarmidim. Momo odamga zor. Qarovchisi yoʻq. Bir qiz boqib olgandi. Ancha boʻldi, ketib qolgan. Qoʻni-qoʻshnilar xabar olib turishadi.

Mana shu gap chiqqanida oʻsha joyga borib keldim. Momo rozi. Meni tashlab qoʻymasanglar boʻldi, dedi.
— Sen ikkinchi bor meni hayron qoldirding. Kechir, xotin.
— Mayli, endi boʻlib oʻtgan ishlarni unuting. Bolalaringizga oʻzim tushuntiraman. Ertaga hojining oldiga boring. Ikki kun muhlat bersin. Momoning uylarini bir qur tozalab, koʻchib oʻtamiz.
— Yaxshi. Sen nima desang — shu. Tavba qildim.Bemaslahat ish tutish oqibatini koʻrdim, — Mashrabjonning koʻzlarida yosh yiltiradi.
— Menga qarang, dadasi. Siz shu ahvolda tursangiz, bolalarning ahvoli nima kechadi? Oʻzingizni qoʻlga oling. Uyni tezroq ta’mirlashimiz kerak. Toʻy kuniga ham oz vaqt qoldi. Unutdingizmi?
— Darvoqe...

Tugʻilib oʻsgan uydan ketish Mashrabjonga oson boʻlmadi. Lekin nailoj. Mashinaga soʻnggi yuklar yuklangach, mungʻayib qolayotgan hovliga, dov—daraxtlar, qishga deb, tokning oʻzida oʻrab asrab qoʻyilgan uzum boshlariga boqib, yuragi oʻrtanib ketdi. Shu tobda hovlidagi har bir giyoh unga naqadar aziz, qadrli ekanligini his qildiyu, ota-onasi doimo oʻtiradigan supachani quchoqlab yigʻlab yubordi.: «Meni kechiringlar! Meni kechiringlar!».

Mashrabjonni mashinaga katta oʻgʻil — Murodjon yetaklab olib chiqdi.
— Dada, unday qilmang, xudo xohlasa hammasi yaxshi boʻladi.
— Kechir, oʻgʻlim, xato qildim. Toʻying arafasida koʻchada qoldirdim.
— Koʻchada qoldik, demang. Mahbi buvi ham oʻz buvimizday.

Chollari yoʻq. Yolgʻizgina oʻgʻillari Afgʻonda halok boʻlgan ekan. Yonlariga kirsak, bagʻirlari toʻladi. Siz oʻgʻilday, biz nabiraday boʻlamiz, dada. Kuyunmang, tobingiz qochadi.

Haqiqatan ham Mashrabjon bir oygacha oʻrnidan turolmay yotdi. Ishongan togʻda kiyik unmas, deb shunga aytsalar kerak-da, doʻstidan kutmagan bu aldovga u chidolmadi. Aksiga olib, qudalar ham, oʻz uyi boʻlmagan joyga qiz bermaymiz, deb oqlikni qaytarib tashlab ketishdi.
— Oʻgʻlim, — Saidaxon bir soʻz demay turib qolgan oʻgʻlining yelkasini siladi. —Xafa boʻlma.
— Yoʻq, oyi, xafa emasman. Qaytanga yaxshi boʻldi. Ogʻir kunda tashlab ketgan odamlarga ishonib boʻlmaydi. Bizga boyligimizda ham, yoʻqchillik paytimizda ham doimo yonimizda turadigan qarindosh kerak.
— Toʻgʻri aytding, oʻgʻlim. Ahvoli bu qanday toʻy qiladi, deyishyapti shekilli.
— Oyi, bu yil mashina olmasak olmabmiz-da. Mana, hovlini ham binoyidek tartibga keltirib qoʻydik. Oʻshalarning shu qilgan ishlari uchun ham albatta toʻy qilamiz.
— Sovuq ham tushib qoldi, oʻgʻlim, yana kimni topamiz, — Saidaxon uh tortdi.
— Oyi, dadamning fermer oshnalari bor. Karim amaki. Qizlari — Maftuna — ismi jismiga mos qiz boʻlgan. Oʻshanga borsangiz-chi. Menimcha yoʻq deyishmaydi.

Murodjon onasining qoʻllaridan tutdi:
— Yana oʻgʻlim uylanishni shunchalar xohlayapti, deb oʻylamang. Men dadamning yana ruhan choʻkib qolishlarini istamayman. Shuning uchun. Juda ogʻir holatda emasligimizni hamma koʻrib qoʻysin, deyapman.
— Oʻgʻlim, hamma gaplaring toʻgʻri. Men bugunoq Karim amakingnikiga boraman..

* * *

Toʻy boʻldi. Hovliga kelin keldi. Mashrabjon ham oyoqqa turdi. Bu orada doʻstidan biror marta na xat, na xabar boʻldi.

Kunlarning birida esa uni televizorda koʻrsatib qolishdi. Chet el texnologiyalarini olib kelib, tsexni katta korxonaga aylantirgani, hozirgi kunda bu yerda mingdan ziyod ishchi mehnat qilayotgani, daromad ortib borayotganini alohida ta’kidlab oʻtgan muxbir yigit korxona rahbariga ham soʻz berdi.

Mashrabjon doʻstini mutlaqo tanimay qoldi, oʻshami, boshqami? Yo televizor shunaqa koʻrsatyaptimi? Akmaljon semirib ketgandi.
— Shu ishni boshlaganimda niyat qilgandim. Insonlarga hamisha yordam beraman, xayr-sahovat koʻrsataman, deb. Xudoga shukur, niyatimga yetyapman. Daromadimning uchdan bir qismini xayrli ishlarga sarflayapman.
— Qara-ya, xudoni bilar ekan, — dedi Mashrabjon alamini ichiga yutib.
— Dada, kuyunmang. Korxona rahbari boʻlibdi, ishlari «besh» ekan. Oyim ikkimiz oldiga tushib chiqsak-chi? — dedi Murodjon dadasini bosish uchun. —Boshida ming xil tashvish. Balki yodidan koʻtarilgandir.
— Uch yil boʻlyapti, oʻgʻlim. Vijdoni boʻlsa, doʻstimning ahvoli nima kechdiykan demasmidi.
— Hovlidan ketganimizni bilmasmikan? — dedi Murodjon.
— Qayoqdan bilsin? Ota-onasini koʻrishga ham kelmaydi-ku. Bilgan taqdirda ham tanasi boshqa dard bilarmidi.
— Dada, siz nima desangiz, deng. Baribir tushib chiqaman. Bu yil ukamni uylash kerak. Bu yerda tiqilishib qolamiz. Aslida bizni shu ahvolga solgani uchun oʻn barovar qilib toʻlashi kerak.
— Mayli, oʻgʻlim, uddalay olsang, tush. Lekin unga roʻparo boʻlishni xohlamayman.
— Xoʻp dada, xavotir olmang. Hammasi yaxshi boʻladi.

Murodjon oʻsha kuni, undan keyin ham shaharga, dadasining doʻsti bilan uchrashish uchun tushdi. Lekin kotibadan nariga oʻtolmadi. «Direktorga ayting, men Mashrab ismli doʻstlarining oʻgʻliman. Zarur ish bilan keldim«, — deya qayta-qayta takrorlashiga qaramay, har gal kotiba: «Meni unaqa doʻstim yoʻq, tanimayman», — deyaptilar derdi.

Bu gapni eshitib, Mashrabjonning tepa sochi tikka boʻldi:
— Tavba, odam ham shunchalik oʻzgaradimi? Bundaylarga yaxshilik qilish xayf. Mayli, oʻgʻlim, siqilma. Bizga xudo bersin. Boshqa choramiz yoʻq. Ukangni yoningga ol. Bu yil astoydil boʻlsak, hosillarimiz boʻlib bersa, yoʻqotganlarimizni tiklab olamiz. Bandasidan qaytmasa, xudodan qaytadi.
— Xoʻp, dada.

Meva, bugʻdoy, kartoshka yigʻishtirib olingach, gektar yonidagi olti sotixli joyga ruxsat olib, uy tiklashdi. Qoʻrgʻon qilishdi. Oʻgʻlini koʻchirdi.

Ma’rufjonni uylash, birinchi nabira toʻyini qilishga taraddud koʻrilayotgan kunlarda momo Mashrabjon va Saidaxonni yoniga chaqirib:
— Bolalarim, tirigim ham, oʻligim ham sizlarniki, hovlini hatlab beraman, — deb qoldi.
— Momo, bunday qilmasangiz ham endi siz bizning onamizsiz, toki tirik ekanmiz, tashlab qoʻymaymiz, — dedi Mashrabjon.
— Ilohim, kam boʻlmanglar. Boshingizga tushgan tashvishni yaqindagina eshitdim. Bir ogʻiz aytmadinglar ham. Senday sofdil, bagʻrikeng, olijanob insonlar kam bolam.

Meni hech kimim qolmagandi, bolalarim. Mana endi sizlar bilan bagʻrim toʻldi. Koʻzimning tirikligida oʻtkazib beray, degandim.
— Momo, unday demang, hali koʻp yashaysiz. Onalarimizdan erta ajralib, yoshimiz ulgʻaysa ham, ona mehrini qoʻmsab yashardik. Siz tufayli yana qaddimizni tikladik, mehribonimizni topdik. Sizni hech qachon yolgʻiz qoʻymaymiz. Bizga keraksiz, onajon.

Saidaxon shunday deya momoni quchoqlab oldi, koʻz yoshlari yuzlarini yuvdi.
— Yigʻlama, qizim. Bu kunlar ham unut boʻladi. Koʻrmaganday boʻlib ketasizlar. Lekin bugun meni albatta haligi joyga olib bor. Qoʻl qoʻyib kelay.
— Mayli, momojon, siz nima desangiz shu.

Mashrabjon mashina olib kelish uchun oʻrnidan turdi.

Oradan bir oy vaqt oʻtdi.

Ayni kuzda Ma’rufjonni uylashdi, unga nabira toʻyini ham qoʻshishdi.

Toʻydan bir hafta oʻtgach,
— Mashrabjonning uyi shumi? — deya hoji ota chaqirib kelib qoldi.
— Ie, ie, keling. Xush kelibsiz. Marhamat. Bu yoqqa.

Mashrabjon yoshi yetmishlarga yaqinlashib qolgan hoji otani ichkariga, uyga boshladi. Yangi kelin tavoze bilan bosh egib, salomlashgach, avvaldan tuzogʻliq dasturxonga non, choy keltirdi.
— Ovqatga unnab yuboringlar, — dedi Mashrabjon choyni qaytarar ekan.
— Xoʻp, dada.
— Yoʻq, qizim, men turaman, birrovginaga kirdim.
— Unday, demang. Tez pishadiganiga urininglar.
— Xoʻp.
— Qani choydan iching. Nonga qarang. Yaxshi yuribsizmi? Kelinoyim sogʻayib ketdilarmi? Oʻgʻlingizning ishlari nima boʻldi? Biz ham oʻzimiz bilan boʻlib, sizlardan xabar ololmadik. Uzr, hoji ota.
— Hechqisi yoʻq. Siz haqingizda hammasini eshitib, bilib yurdim. Lekin imkon topolmadim. Yordam berishga chogʻlandim. Boʻlmadi. Kelinoyingiz durust. Ukol-dorilar bilan umri uzayib turibdi. Oʻgʻlim ham yoʻlini topib oldi. Ishni unga topshirdim.
— Qanday ish? — soʻradi Mashrabjon hoji otaning qanday tadbirkorligi borligini bilish uchun.
— Avtomobil ustaxonamiz bor. Yonida benzin quyish shahobchasi. Uni boshqarishni oʻsha katta oʻgʻlimga topshirdim. Oʻzi yaxshi bola. Lekin koʻngilchanligi tufayli «qoqildi». Kichigi yerni yaxshi koʻradi. Oʻn gektarli bogʻ bilan chorva unda. Kichigim ancha uddaburron chiqqan. Yuz bosh sigiri, yana qancha buzoq, qoʻy, otlari bor. Juda pishiq. Sutni qayta ishlab, sariyogʻ, pishloq tayyorlaydigan tsex loyihasini tasdiqlatib boʻlib, keyin mendan duo olishga kelibdi.
— Dada, binoning birinchi gʻishtini qoʻyib bersangiz, qor tushguncha tsexni ishga tushirish kerak, — deydi deng. Lol boʻlib qoldim.

Endi bizga hovlining yumushlari qoldi. Shuni uddalab tursak ham katta gap. Toʻgʻrimi?
— Albatta.
— Aytganday, tunov kuni doʻstingiz bilan koʻrishib qoldim. Ancha toʻlishib, savlatli boʻlib ketibdi. Avval tanimadi. Kimligimni eslatdim. Yodidan koʻtarilganmish. Tavba, dedim. Uka, koʻzingni och, shira bosib qolibdi. Bu pullar bizdan qolgan. Senga ham vafo qilmaydi. Avvalo odamligingni unutma. Qarz yomon narsa, qiyomatga qolsa yomon boʻladi, dedim. Koʻzimga baqrayib turib, tilxatingiz bormi, deydi. Qattiq xafa boʻldim.
— Hoji ota, qoʻyavering. Men bu haqda oʻylamay ham qoʻydim, — dedi Mashrabjon kelini tovoqda keltirgan goʻsht qovurdoqni dasturxonga olib qoʻyar ekan. — Qani, oling, shoshildingiz-da. Aslida osh qilishimiz kerak edi.
— Ovora boʻldinglar. Mayli, tuz-nasibadan yuz oʻgirib boʻlmaydi.

Taom yeb boʻlingach, hoji ota uzun duo qildi va «Toʻyga ham aytmadingiz, lekin eshitdim. Kech boʻlsa ham, mana bu toʻyonani olib qoʻying. Oʻz bolamday boʻlib qoldingiz», deya qogʻozga oʻrogʻliq pulni uzatdi.
— Unday qilmang, hoji ota. Hamma narsa yetarli. Mendan koʻra bu pullar oʻzingizga kerak.
— Ogʻir holatda qolganimda mardlik qildingiz. Birov qazigan chuqurga tushdingiz. Xudoga shukur, oʻnglanib oldik. Hammasi yaxshi. Sizni koʻrdim. Koʻnglim xotirjam boʻldi. Bordi-keldi qilib turaylik. Tortinmang. Siz uchun bir otangizday odamman-da.
— Rahmat. Menday oddiy odamni shunchalar koʻkka koʻtarib, izzat qilyapsiz. Aslo kamlik koʻrmang. Umringiz ziyoda boʻlsin.
— Aytganingiz kelsin. Men boray endi.

Mashrabjon mashinasini koʻcha boshida qoldirib, shu yergacha piyoda kelgan hoji otaga hurmati yanada ortdi. Birga borib, mashina koʻzdan uzoqlashguncha qarab turdi.

Oradan yillar oʻtdi. Akmaljonning onasi, soʻngra otasi oʻtdi. Mashrabjon hamma qatori ma’raka-marosimlariga bordi. Xizmatda turdi. Lekin salom-alikdan nariga oʻtmadi.

Yaqinda eshitib qoldi. Akmaljon ogʻir betob ekan. Nafas qisishi deyishyapti. Nima boʻlgan taqdirda ham u bir paytlar doʻsti boʻlgan. Mashrabjon maktabdosh doʻstlaridan birini yoniga olib, koʻrgani bordi.

Choʻgʻday gilam toʻshalgan kattagina uy toʻrida divanda Akmaljon yotar, ozib, koʻzlari ichiga botgan, hansirab nafas olar, lablari koʻkimtir tovlanib ketgandi.

Mashrabjon doʻstiga yaqin bordi va:
— Tuzukmisan, — dedi sekingina.

Akmaljon bazoʻr koʻzlarini ochdi va bir muddat tikilib qoldi.
— Mmashrabb... kkeldingmi? Mmeni kechir...
— Sen hech narsani oʻylama. Tezroq sogʻay. Hali qiladigan ishlaring koʻp. Oʻtgan voqealarni eslama. Men unutib ham, kechirib ham yuborganman.

U birga kelgan doʻstini imladi.
— Seni koʻrgani Adhamboy ham kelgan. Esladingmi? «B» sinfda oʻqirdi. Koʻpincha birga yurardik. Akmaljon koʻz qiri bilan, ha, ishorasini qildi. Ikki tomchi yosh koʻz mijjalaridan sizib tushdi.
— Mmen...
— Sen hech narsa dema. Kamchilik boʻlsa ayt. Doʻxtirga borish kerak boʻlsa, olib boramiz.
— Rahmat.

Shu payt boyagina kutib olgan yoshgina yigit choy koʻtarib kirdi.
— Ovora boʻlmang. Turamiz. Siz oʻgʻillarimisiz? — soʻradi Mashrabjon.
— Ha.
— Yaxshi. Otangizga qaraganingiz yaxshi. Kam boʻlmaysiz.

Soʻngra yigitning yelkasidan tutib tashqariga boshladi:
— Doʻxtirlar nima deyishyapti? Yordam kerak boʻlsa.
— Hamma davolar qilindi. Xohlagan ovqatini berib, koʻngliga qaranglar, deyishdi.
— Essiz... Korxonani kim boshqaryapti.
— Akam.
— Yaxshi. Mayli, unda bizga ruxsat.

Mashrabjon qaytib kirib doʻsti bilan xayrlashdi. Peshonasiga qoʻlini qoʻyib:
— Xudodan tila. Albatta sogʻayib ketasan, — dedi.

Yigit ularni tashqariga kuzatib chiqdi:
— Rahmat. Kelib turinglar.
— Otangizga yaxshilab qaranglar, oʻgʻlim. Xayr.
— Albatta.

Ming qilsa ham doʻsti edi, Mashrabjonning yuragi tuzday achishdi. Negadir xoʻrligi keldi. «Chorasiz yotibdi, boyaqish...»

Bir necha kundan soʻng yana doʻstini koʻrib kelish uchun otlangan Mashrabjon sovuq xabarni eshitib, oʻzini tutolmadi, yigʻlab yubordi.
— Dadasi, nima gap? — soʻradi Saidaxon xavotir bilan.
— Doʻstim, Akmaljon qazo qilibdi.
— Nima?! Voy, bechora.. Hali yosh edi...
— Shuni aytaman-da. Hali maqsadlari koʻp edi. Yugur, chopon, doʻppimni olib chiq.

Mashrabjon sinfdosh doʻstlarga xabar qilib, shaharga yetib tushdi. «Voy, doʻstim»lab yigʻladi. Tobutni birinchi boʻlib yelkasiga oldi. Qabrga oʻzi qoʻydi.