OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLourens Blok
Asar nomiAuditorning qasosi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Lourens Blok
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Auditorning qasosi (hikoya)
Lourens Blok

Birinchi xat unga seshanba kuni keldi. Mayron Xettinger darrov tushundi: qandaydir ishkallik bor. Gap shundaki, u seshanba kunlari ertalab umuman xat olmasdi. Juma kuni joʻnatilgan xatlar dushanba kuni yetib kelardi. Dushanbada joʻnatilganlari chorshanba kuni kelar, kamdan-kam hollarda seshanba kuni ish vaqti tugayotganda kelardi. Bu xatni esa kurer ertalab olib keldi.

Xettinger xatni qoʻliga oldi, lekin ochmadi. Avval xatjildga nazar soldi. Uning manzili yozilgan. Oddiy yozuv mashinkasida. Pochta muhri yakshanba kuni qoʻyilgan. Xatjildga pochta boshqarmasi Oʻrta Farbdagi mashhur kollejning yuz ellik yilligiga atab chiqargan toʻrt tsentlik marka yopishtirilgan. Joʻnatuvchining manzili esa yozilmagan.

U xatjildni ochdi. Uning ichidan xat emas, yarim yalangʻoch ikki kishining fotosurati chiqdi. Yoshi ellikdan oʻtgan, toʻladan kelgan, tepakal, burni uzun, labi ingichka erkak va uning qizi tengi, sohibjamol, jilmayayotgan mallasoch ayolning surati. Suratdagi erkak Mayron Xettingerning oʻzi, ayol esa Sheyla Biks edi.

Xettinger fotosuratga uzoq tikilib qoldi. Soʻng uni stolga tashladi, oʻrnidan turib xonasi eshigini qulfladi. Yana stol yoniga qaytib oʻtirdi, xatjildda suratdan boshqa narsa yoʻqligiga ishonch hosil qildi. Keyin esa suratni mayda-mayda qilib yirtib kuldonga tashladi, xatjildni ham maydalab kuldonga tashladi va yondirgichni yoqib olovni qogʻoz parchalariga tutdi.

Fotosurat tahdid emas, tahdidga ishora, olov borligini bildiruvchi tutun, xolos.

Xonaga noxush hid tarqaldi. Kuldondagi olov oʻchgach, Xettinger konditsionerni yoqdi.

* * *

Ikkinchi xatjild oradan ikki kun oʻtib, payshanba kuni ertalab keldi. Xettinger bu xat kelishini kutayotgandi. U xatjildni qalingina xatlar bogʻlami orasidan izlab topdi. Xuddi birinchisi kabi xatjild. Xuddi oʻsha yozuv mashinkasida yozilgan manzil, xuddi oʻshanday marka. Faqat muhr boshqa sananiki.

Bu safar fotosurat oʻrniga mashinkada yozilgan qisqagina maktub bor edi:

«Qogʻoz xaltaga oʻn va yigirma dollarliklardan 1000 dollar joylang va «Tayms-skver» stantsiyasidagi yuk saqlash kamerasidagi javonlardan biriga qoʻying. Quti kalitini xatjildga solib, xatjildni «Slokam» mehmonxonasining qaydxonasidagi stol ustiga «janob Jordan uchun» deb qoʻying. Bugunoq aytganimni qilmasangiz, fotosurat xotiningizga joʻnatiladi. Politsiyaga murojaat qilmang. Xususiy izquvar yollamang. Xullas, ahmoqlik qilmang».

Xat muallifi soʻnggi uchta ogohlantirishni yozishining hojati ham yoʻq edi. Xettinger politsiyaga murojaat qilmoqchi yoki xususiy izquvar yollamoqchi emasdi. Biror ahmoqlikka qoʻl urishi-ku aslo aqlga sigʻmasdi.

Xat kuldonda kulga aylanib, konditsioner havoni tozalab boʻlgach, Xettinger deraza oldida Sharqiy 43-koʻchaga qaragancha uzoq oʻylandi. Xat uni suratga nisbatan koʻproq hayajonga solgandi. Unda yaqqol tahdid bor edi. Bu uning osoyishta hayotiga boʻlgan tahdid edi.

Mayron Xettinger oʻz muvaffaqiyatlaridan haqli ravishda faxrlanishi mumkin edi. Ajoyib ish: oliy toifali auditor, har xil jismoniy va huquqiy shaxslarning soliqlari miqdorini kamaytirib berish hisobiga yaxshigina pul topardi. Ajoyib oila: oʻzidan ikki yosh kichik xotini Eleonor uyni saranjom-sarishta tutar, pazanda ayol boʻlib, erining ishlariga burnini suqmasdi. Nihoyat, ajoyib ma’shuqa. Oʻsha, fotosuratdagi ayol. Sheyla Biks. Bu ayol oʻzini judayam kamtarona tutar, ba’zida kiyim-kechak uchun kattaroq pul soʻrashini aytmasa, talab qiladigani uy haqi, mayda-chuyda xarajatlar uchun pul soʻrash edi. Endi esa manavi shantajchi, janob Jordan Mayron uchta tosh ustiga qurgan billur qasrni vayron qilmoqchi. Agar anavi la’nati surat Xettinger xonimning qoʻliga tushsa, u eri bilan ajrashadi. Bunga shubha yoʻq. Agar bu ajrashish janjalli tus olsa, biznesiga putur yetadi. Oxir-oqibat esa Sheyladan ham mosuvo boʻladi.

Xettinger stol yoniga oʻtirib koʻzlarini yumdi, stol yuzasini barmoqlari bilan cherta boshladi. U mijozlaridan ham, xotinidan ham, ma’shuqasidan ham ayrilishni istamasdi. Eleonor va Sheyla singari ishini ham juda yaxshi koʻrardi. Nima qilmoq kerak?

Bu savolning javobi esa juda oddiy edi. Tush payti Xettinger xonasidan chiqib bankka bordi, hisob raqamidan ming dollar oldi, pulni sigaradan boʻshagan qutiga joylab «Tayms-skver» stantsiyasidagi yuk saqlash kameralaridan biriga qoʻydi. Saqlash kamerasi kalitini janob Jordanga atalgan xatjildga solib, «Slokam» mehmonxonasidagi qaydxona xizmatchisiga berdi va tushlik ham qilishga ulgurmasdan ishga qaytdi. Kechki payt janob Jordan sabablimi yoki tushlik qilmagani uchunmi, Mayron Xettingerning oshqozoni ogʻrib qoldi.

* * *

Uchinchi xat oradan bir hafta oʻtgach keldi. Keyin esa surunkasiga toʻrt hafta davomida har payshanba xuddi shunday xat keldi. Xatlarning mazmuni bir xil, soʻralgan pul miqdori va uni berish tartibi ham oʻzgarmagan, faqat janob Jordan kalit solingan xatjildni oladigan mehmonxona nomi oʻzgarardi.

Mayron Xettinger oʻz vazifasini aniq bajarardi: bankka borar, u yerdan yuk saqlash kamerasiga, soʻng aytilgan mehmonxonaga, undan keyin ishiga qaytardi. Har safar tushlik qilolmas, oqibatda kechki payt oshqozoni bezovta qilardi.

Bu narsa unga odat boʻlib qoldi.

Umuman olganda, Xettinger odatga qarshi emasdi. Odat qandaydir voqealar yoki harakatlarning qat’iy bir tartibini anglatar, Mayron Xettinger esa tartibni qadrlardi. U oʻzining shaxsiy xarajatlar kitobida janob Jordan uchun alohida sahifa ochgan, har payshanba kuni chiqim qilingan ming dollarni qayd qilib borardi. Bunga ikkita sabab bor edi. Birinchisi va eng asosiysi, Xettinger koʻzda tutilmagan chiqimlarga yoʻl qoʻymasdi. Uning hisob-kitob daftarida chiqim va kirim doimo qayd qilinardi. Ikkinchidan, u janob Jordanga ketayotgan xarajatlarni qoplash yoʻlini topishiga chin koʻngildan umid qilardi.

Payshanba kungi yoʻl yurishlarni hisobga olmaganda, Xettingerning hayoti hech oʻzgarishsiz davom etardi. Mijozlarning buyurtmalari oʻz muddatida aniq va sifatli bajarilar, haftaning ikki oqshomini Sheyla bilan, qolgan beshtasini xotini bilan oʻtkazardi.

Xotiniga u albatta shantajchi haqida lom-mim demadi. Ahmoq ham bunday qilmasdi. Shuningdek, Sheylaga ham indamadi. Mayron Xettinger shaxsiy muammolarini hech kimga doston qilmasdi.

Janob Jordandan pul talab qilingan oltinchi maktub kelgach, Xettinger eshikni ichidan qulflab olib xatni yoqib tashladi va kresloga yastangancha uzoq oʻy surdi. Shu koʻyi u bir soat oʻtirdi.

Uni har hafta ming dollardan ayrilish aslo qoniqtirmasdi. Mayron Xettingerning chamasida bu kattagina pul edi. Ish shu tarzda ketadigan boʻlsa, bir yilda ellik ming dollardan ortiq pul havoga sovurilishini hisoblash uchun auditorlik diplomi shart emasdi. Bu chiqimga chek qoʻyish kerak.

Xettinger bu muammoni ikkita yoʻl bilan hal qilishi mumkin edi. Shantajchining anavi la’nati suratni Xettinger xonimga joʻnatishiga yoʻl qoʻyish yoki shantajga barham berish. Birinchi yoʻl noxush oqibatlarga olib kelishi aniq edi. Ikkinchisi... lekin buni qanday amalga oshirish mumkin?

Xettinger janob Jordanga xat joʻnatib uni insofga chaqirishi ham mumkin edi. Ammo bundan hech qanday naf chiqmasligini juda yaxshi anglab turardi. Toʻgʻri-da, shantajchida insof boʻladimi?

U janob Jordanni oʻldirishi kerak.

Shantajchini toʻxtatishning yagona yoʻli faqat shu edi. Faqat buni qanday amalga oshirish mumkin? Mayron Xettinger mehmonxonada janob Jordanning kalit solingan xatjildni olib ketish uchun kelishini kutib oʻtirolmasdi: shantajchi uni tanirdi. Yuk saqlash kamerasi oldida turishdan ham foyda yoʻq edi.

Umringda koʻrmagan odamingni qanday oʻldirsa boʻladi?

Shu payt Xettingerning miyasiga bir fikr urildi. U jilmayib qoʻydi. Oʻta murakkab vaziyatdan chiqish yoʻlini topgan odamgina shunday jilmayadi.

* * *

Oʻsha kuni Xettinger tush payti xonasidan chiqdi. Bankka bormadi. Buning oʻrniga kimyoviy moddalar sotiladigan doʻkonga bordi, bir nechta dorixonalarga bosh suqdi.

U hojatxonaga kirib bomba yasadi. Sigara qutisiga kimyoviy moddalarni joyladi. Xettinger bombani quti ochilishi bilan yoki boʻlmasa yerga tushib ketganda portlaydigan qilib tayyorladi.

Mayron tayyor boʻlgan bombani qogʻoz xaltaga soldi va «Tayms-skver» stantsiyasining yuk saqlash kamerasidagi javonlardan biriga joyladi. Kalit solingan xatjildni «Blekmor» mehmonxonasiga qoʻydi. Xonasiga qaytdi.

Kunning ikkinchi yarmida uning qoʻli ishga bormadi. U janob Jordan uchun moʻljallangan sahifaga bugungi xarajatlarni shoshib-pishib yozarkan, ertadan boshlab bu sahifa butunlay yopilishini oʻylab iljayib qoʻydi. U oʻylab topgan fikridan xursand edi.

Bomba unga pand bermasligi aniq edi. Xettinger kimyoviy moddani ayamay solgandi. Bu modda nafaqat janob Jordanni, balki oʻn metr masofadagi barcha narsani parcha-parcha qilib tashlashga yetardi. Albatta, boshqa odamlar ham halok boʻlishi mumkin. Bu ehtimoldan xoli emas. Masalan, shantajchi qutini metroda ochsa yoki gavjum joyda qoʻlidan tushirib yuborsa.

Ammo Xettingerni janob Jordan oʻzi bilan birga yana necha kishini narigi dunyoga olib ketishi zarracha tashvishlantirmasdi. Boshqa erkaklar, ayollar, bolalarning halok boʻlishi uni mutlaqo qiziqtirmasdi. U faqat bitta narsani bilardi: janob Jordanning oʻlimi Mayron Xettingerning yashashini bildirardi. Qolgan barcha narsalar esa uning uchun sariq chaqaga ham arzimasdi.

Soat beshlarda Xettinger oʻrnidan turdi. Xonadan chiqib pastga tushdi, yoʻlakda bir oz turib qoldi. Uyga borgisi kelmayotgandi. U yechimi yoʻq muammoni hal qildi. Bunday gʻalabani nishonlash kerak.

Eleonor bilan oʻtadigan oqshom bayramga oʻxshamaydi. Bunaqa bayramni Sheyla bilan nishonlagan ma’qul. Ammo u oʻrnatilgan tartibni buzgisi kelmasdi. Odatda u Sheylaning uyiga dushanba va juma kunlari borardi. Qolgan kunlari uyiga ketardi.

Toʻgʻri, bugun u tartibni bir marta buzdi: xaltaga pul oʻrniga bomba soldi. Bu yogʻi boʻlganicha boʻlar.

U xotiniga qoʻngʻiroq qildi:

-Men shaharda bir necha soatga ushlanib qolaman. Judayam muhim ish chiqib qoldi.

Eleonor qanday ishligi bilan qiziqmadi ham. Faqat uni sevishini aytdi. U ham xotiniga shunday javob qaytardi.

Goʻshakni qoʻyib, taksi toʻxtatdi va haydovchiga Farbiy 73-koʻchaga eltib qoʻyishni buyurdi.

Sheyla toʻrt qavatli uyning uchinchi qavatida turardi. Xettinger zinalardan koʻtarilib, eshikni taqillatdi. Hech qanday javob boʻlmadi.

Agar dushanba yoki juma kuni shunday boʻlganida, Mayron Xettinger xafa boʻlgan boʻlardi. Ammo u payshanba kuni, hech qanday ogohlantirishsiz keldi, shuning uchun Sheylaning uyda yoʻqligi uni tashvishga solmadi.

Tabiiyki, unda ham uyning kaliti bor edi. Xettinger eshikni ochdi va ichkariga kirdi. Viski shishasini ochib stakanga quydi. Dushanba va juma kunlari unga Sheyla viski quyib berardi. Kresloga yaxshilab joylashib oldi va Sheylani kuta boshladi.

Xettinger yigirmata kam oltida kresloga oʻtirgandi. Soat yettidan yigirma daqiqa oʻtganida tashqarida avval qadam tovushlari, soʻng eshikning ochilgani eshitildi. U «Salom» deyish uchun ogʻiz juftladi, lekin soʻnggi lahzada ogʻzini yumdi. U Sheylani hayron qoldirmoqchi edi.

Ichkariga Sheyla Biks kirib keldi. Oʻynoqi qadamlar bilan, koʻzlari chaqnagan holda. Qoʻllari esa ikki yoniga uzatilgandi. Muvozanat saqlash uchun. Chunki uning boshida qogʻoz xalta turardi.

Xaltani tanish uchun Xettingerga soniyaning mingdan bir ulushi kifoya qildi. Sheylaga ham uni koʻrish uchun shuncha vaqt yetarli boʻldi. Ikkalasi ham birdaniga harakat qilishdi. Xettinger hammasini birdaniga bajarishga urindi. Xonadan qochib chiqmoqchi, shuning barobarida xaltani yerga tushmay turib turgan joyida, ya’ni Sheylaning boshida tutib qolmoqchi boʻldi. Sheyla esa qoʻrquvdan oʻzini orqaga tashladi va xalta uning boshidan tushib ketdi.

Xettinger gʻayritabiiy tarzda oʻzini oldinga otdi. Yerga tushayotgan sigara qutisini tutib qolish uchun qoʻllarini uzatdi.

Portlash tovushi Mayron Xettinger eshitgan oxirgi ovoz boʻldi.