OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLourens Blok
Asar nomiBir soʻzga ming dollardan (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Lourens Blok
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir soʻzga ming dollardan (hikoya)
Lourens Blok

Muharrirning ism-sharifi Uorren Juks edi. Boʻyi baland, barmoqlari uzun, boqishlari jiddiy. Chakka sochlari oqara boshlagan. U odatdagidek stol ortida, urf boʻlgan kostyum-shimda oʻtirardi. Trevaten uning oldida xuddi hozirgina inidan chiqqan ayiqdek koʻrinardi.

-Oʻtir, Jim,-iljaydi Juks.-Seni koʻrishdan doimo xursandman. Faqat «yangi hikoya olib keldim» dema. Senga hayron qolaman. Hikoyani xuddi daraxtni silkitib terib olayotgandek juda tez olib kelasan. Foyani qaerdan olasan? Menimcha, bunaqa savollarga javob beraverib charchagan boʻlsang ham kerak.

Trevaten haqiqatan ham charchagandi, lekin bir xil savolga javob beraverishdan emas.

-Yoʻq, Uorren. Yangi hikoya yozmadim.

-Nahotki?

-Sen bilan oxirgisi haqida gaplashgani keldim.

-Kecha bu haqda gaplashgandik-ku,-Juksning yuzida hayrat ifodasi paydo boʻldi.-Telefonda. Hikoyang yoqqanini, jurnalimizda bosishimizni aytdim. Nomi nima edi? Qandaydir soʻz oʻyini edi, esimdan chiqib qolibdi.

-«Sirtmoqdagi jinoyatchi»,-eslatdi Trevaten.

-Ha-ha. Ajoyib sarlavha, yaxshi syujet va mohirona ifoda. Muammo nimada?

-Pulda,-dedi Trevaten.

-Pul kerak boʻlib qoldimi?-jilmaydi muharrir.-Yaxshi, bugunoq hisob yozib beraman. Kelasi haftaning boshida chekni olasan. Afsuski, bundan ortiq yordam berolmayman.

-Men pulning qachon toʻlanishini aytmayapman,-dedi Trevaten.-Miqdorini aytmoqchiman. Hikoyam uchun qanchadan toʻlaysan, Uorren?

-Har doimgidek. Unda nechta soʻz bor? Uch mingtami?

-Uch yarim mingta.

-Demak, besh tsentdan uch yarim mingta... Bir yuz yetmish besh boʻladi, shundaymi?

-Ha.

-Kelasi haftaning boshida shuncha pul uchun chek olasan. Agar istasang, chekni menga keltirib berishlari bilan senga qoʻngʻiroq qilib qoʻyaman. Pochta uyingga olib borib berishini ikki kunlab kutib oʻtirmaysan.

-Bu kam.

-Tushunmadim.

-Narxini aytyapman,-Trevatenning ogʻzidan bu soʻzlar zoʻrgʻa chiqdi. Juksning xonasiga kelguncha u suhbatlari qanday tarzda boʻlishini xayolan pishitib olgan, oʻshanda soʻzlar ogʻzidan osonlik bilan chiqqandi.-Menga koʻproq toʻlashing kerak. Bitta soʻz uchun besh tsent... Axir bu arzimagan chaqa-ku.

-Biz shunchadan toʻlaymiz, Jim. Doim shunaqa toʻlaganmiz.

-Toʻgʻri.

-Unda nimadan norozi boʻlyapsan?

-Sizlarga qanchadan beri yozaman, Uorren?

-Bir necha yildan beri.

-Yigirma yildan beri, Uorren.

-Nahotki?

-Oʻtgan oyda senga birinchi hikoyamni sotganimga yigirma yil boʻldi. Ikki ming ikki yuzta soʻz bor edi. Menga bir yuz oʻn dollar toʻlagansan.

-Nima, yomonmi?

-Men yigirma yildan beri yozaman va oʻsha paytda qancha olgan boʻlsam, hozir ham shuncha olaman. Hamma narsaning narxi oshyapti, mening daromadim esa oʻzgarishsiz qolyapti. Birinchi hikoyamni yozganimda bitta soʻzim uchun olgan besh tsentga shokolad sotib olishim mumkin edi. Sen shokolad sotib olmaganingga ancha boʻlibdi, shekilli, Uorren?

Juks qorniga ishora qildi.

-Agar shokolad yesam semirib ketaman.

-Hozir shokolad qirq tsent turadi. Oʻttiz besh tsentlilari ham bor. Men esa hali ham bitta soʻzimga besh tsent olyapman. Shokoladni qoʻya turaylik.

-Mayli.

-Kel, jurnal haqida gaplashamiz. Yigirma yil oldin jurnal gazeta doʻkonida necha pul turardi?

-Adashmasam, oʻttiz besh tsent.

-Adashyapsan. Yigirma ikki tsent. Oʻttiz besh tsentga olti oydan keyin chiqqan. Keyin ellik, oltmish, yetmish besh boʻldi. Hozir qancha turadi?

-Bir dollar.

-Sen esa muallifingga hali ham bir soʻz uchun besh tsentdan toʻlayapsan. Senda vijdon bormi, Uorren?

Juks ogʻir uf tortdi, stolga tirsagini tirab, kaftlarini birlashtirdi.

-Jim, sen bir narsani unutib qoʻyyapsan. Jurnal hozir bundan yigirma yil oldingichalik daromad keltirmayapti. Rostini aytsam, undan ham oz. Sen qogʻozning narxi qanchalik koʻtarilib ketganini bilasanmi? Qogʻoz bilan shokoladni solishtiradigan boʻlsak, ularning narxi oʻzgarmagan deyish mumkin. Bosmaxona xarajatlari-chi? Tarqatish xarajatlari? Senga eshitish qiziqarsiz boʻlgan boshqa chiqimlar. Sen bir dona jurnal bir dollar ekanligini koʻrib bizni pulga koʻmilib ketishyapti deb oʻylaysan, aslida unday emas. Yigirma yil oldin bizga yaxshiroq edi. Daromad zoʻr edi.

-Lekin bitta narsaning, eng asosiysining narxi oʻzgarmasdan qoldi.

-Nimaning?

-Jurnalning mazmuni uchun sen toʻlayotgan pullarning. Oʻquvchilar sendan sotib olayotgan narsaning. Hikoyalarning. Syujet va qahramonlarning. Dialoglarning. Soʻzlarning. Ular uchun sen bundan yigirma yil oldin qancha toʻlagan boʻlsang, hozir ham shuncha toʻlayapsan. Bu boradagi xarajatlaring bir tsentga ham oshgani yoʻq.

Juks ruchkasini olib aylantira boshladi. Trevaten oʻz xarajatlari haqida gapirdi: kommunal toʻlovlar, oziq-ovqat... U jim boʻlgach, Juks soʻz qotdi.

-Talab va taklif, Jim.

-Nima, nima?

-Talab va taklif deyapman. Men uchun jurnalga material topish qiyin deb oʻylaysanmi? Mana bu qoʻlyozmalarni koʻryapsanmi? Bularning hammasi bugun kelgan. Oʻntadan toʻqqizta hikoya havaskorlar tomonidan yozilgan. Ular ijod namunasi jurnalda chiqishi uchun qalam haqidan voz kechishga tayyor. Qolgan oʻn foiz hikoya mahoratli qalamkashlarniki, ammo ular har bir soʻzi uchun besh tsentdan toʻlaganimga ham xursand boʻlishadi. Qoʻlyozmalarini qaytarmaganimga shukr qilishadi. Sen esa, Jim, nima olib kelsang ham sotib olaman. Menga hikoyalaring yoqadi, ammo bu yagona sabab emas. Sen biz bilan yigirma yildan buyon ishlaysan, biz esa qadrdonlarimizni e’zozlaymiz. Sen narxni oshirishimni xohlayapsan, ammo buning iloji yoʻq. Biz hech kimga har bir soʻz uchun besh tsentdan ortiq toʻlamaymiz. Birinchidan, xarajatni koʻpaytirishga yoʻl qoʻyolmaymiz, ikkinchidan mualliflarga koʻp pul toʻlashga zarurat ham yoʻq. Narxni oshirgandan koʻra hikoyangni qaytarib berganim osonroq. Boshqa ilojim yoʻq.

Trevaten jim qoldi. U yana bir nechta savol berishni oʻyladi. Masalan, muharrirning oyligi necha barobarga oshdi. Ammo foydasi yoʻq edi. Uning oldida ikkita yoʻl bor edi: har bir soʻzi uchun besh tsentdan yozish yoki umuman yozmaslik. Juks munozaraga nuqta qoʻydi.

-Jim? Buxgalteriyaga hisob varagʻini beraymi yo «Sirtmoqdagi jinoyatchi»ni qaytarib olib ketasanmi?

-Olib ketib nima ham qilardim. Yoʻq, har bir soʻz uchun besh tsentdan olaman.

-Agar koʻproq toʻlashga imkonim boʻlganida edi...

-Tushunaman.

-Sizlar kasaba uyushmasi tashkil qilishingiz kerak. Birlashinglar. Yoki yana boshqa biror narsa yoz. Moliyaviy ahvolimiz yaxshimas, agar mualliflarga qalam haqini koʻproq beradigan boʻlsak, jurnal allaqachon yopilib ketgan boʻlardi. Koʻproq pul toʻlanadigan boshqa janrlar ham bor-ku.

-Men yigirma yildan buyon detektiv hikoyalar yozaman, Uorren. Boshqasi qoʻlimdan kelmaydi. Oʻziga yarasha obroʻim bor.

-Albatta. Shuning uchun har safar hikoya olib kelganingda suyunaman. Bu jurnalda muharrir men ekanman, sening har bir hikoyangni sotib olaman.

-Har bir soʻzini besh tsentdan.

-Endi...

-Bilaman, hammasi senga bogʻliqmas, Uorren. Faqat, qadrimga achinaman.

-Sen aytding, men tushuntirdim,-Juks oʻrnidan turdi.-Bu yogʻini oʻzing bilasan. Uyingga borib biror narsa yoz. Men senga yana bitta chek yozib beraman. Daromadni koʻpaytirishning yoʻli bor. Mahsuldorlikni oshir. Koʻproq ijod qil.

-Yaxshi fikr,-bosh silkidi Trevaten.

-Albatta. Balki boshqa janrda yozib koʻrarsan? Faoliyat doirasini kengaytirishning kechi yoʻq.

-Buniyam oʻylab koʻraman,-dedi Trevaten.

«Bir soʻz uchun besh tsentdan».

Trevaten yozuv mashinkasi roʻparasiga oʻtirdi va oppoq varaqqa qaradi. Bir oʻram qogʻozning narxi yiliga bir dollardan oshib borar, sifati esa yildan-yilga yomonlashardi. U teradigan soʻzdan boshqa hamma narsaning narxi oshib borardi. Uning tergan har bir soʻzi uchun besh tsentdan berishardi.

Juks faoliyat doirasini kengaytirishni maslahat bergandi. Aytishga oson. U ilgari ham harakat qilib koʻrgandi, ammo faqat detektiv hikoya yozish qoʻlidan kelardi, xolos. U roman yozishga urinib koʻrdi, ammo yarmiga yetganda hafsalasi pir boʻldi. Uni faqat hikoyalari boqardi, lekin...

U chekdan chekkacha yashashdan, hikoya ketidan hikoya yozishdan toʻydi. Buning ustiga, bir soʻzi uchun besh tsentdan ortiq pul ololmasligi haqidagi fikrdan uning koʻngli aynirdi.

Unga qanchadan toʻlashlari kerak?

Agar bir soʻziga yigirma tsentdan toʻlaganlarida, u qalam haqiga bundan yigirma yil oldin nechta shokolad sotib olgan boʻlsa, hozir ham shuncha sotib olgan boʻlardi. Yigirma yillik ijodkor sifatida u bundan koʻproq pul olishga arziydi. Aytaylik, bir dollardan. Ammo miqdori olti xonali raqam bilan yoziladigan qalam haqi oladigan yozuvchilar ham bor.

Bir soʻzga ming dollardan.

Bu fikr uning miyasida yashindek chaqnadi va barmoqlari beixtiyor shu soʻzlarni terdi. U varaqdagi soʻzlarga tikilib qoldi.

«Bir soʻzga ming dollardan».

Nimaga u bir soʻzi uchun ming dollardan ololmaydi? Nima uchun oʻzini boshqa sohada sinab koʻrmasligi kerak?

Nima uchun?

U varaqni mashinkadan chiqarib oldi, gʻijimlab, axlat chelakka tashladi. Oppoq varaq qoʻyib, unga uzoq tikilib turdi, oʻylandi. Nihoyat, yozishni boshladi.

Trevaten hikoyalarini kamdan-kam hollarda qayta yozardi. Bir soʻzi uchun besh tsentdan olgani uchun bunga ulgurmasdi. Bundan tashqari, muharrirni ilk qoralama ham qoniqtirardi. Ammo hozir u boshqacha holatda edi. Bir nechta soʻz yozilgan varaqlar birin-ketin axlat chelakka tashlandi.

Toʻrtinchi yoki beshinchi marta yozganini oʻqib koʻrgach, u qogʻozni mashinkadan chiqarib, yana bir marta oʻqidi. «Juda soz,-dedi u ichida.-Ortiqcha soʻz yoʻq».

U telefonni olib, Juksning raqamini terdi.

-Uorren? Maslahatingga amal qildim.

-Yana bitta hikoya yozdingmi? Xursandman.

-Yoʻq. Oʻzimni boshqa sohada sinab koʻrmoqchiman.

-Barakalla. Menimcha, bu sening qoʻlingdan keladi. Kattaroq narsaga qoʻl urdingmi? Romanmi?

-Yoʻq, judayam qisqa.

-Yaxshi toʻlashadimi?

-Albatta. Har bir soʻzimga ming dollardan olishni moʻljallayapman.

-Ming…-Uorren xoxolab kuldi.-Nima demoqchiligingni tushunmadim, lekin omad tilayman. Hazil tuygʻusini yoʻqotmaganingdan xursandman.

Trevaten yana qogʻozdagi matnga qaradi.

«Yonimda toʻpponcha bor. Marhamat qilib, mana bu xaltaga oʻn, yigirma va ellik dollarlik pullardan jami oʻttiz ming dollarni joylang. Aks holda peshonangizdan darcha ochib qoʻyishimga toʻgʻri keladi. Men hazillashayotganim yoʻq».

-Ha, hazil tuygʻusini yoʻqotganim yoʻq,-dedi u oʻziga oʻzi.-Nima qilmoqchiligimni bilasanmi, Uorren? Bankka yetib borgunimcha kulaman.