OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLourens Blok
Asar nomiOʻlish istagi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Lourens Blok
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻlish istagi (hikoya)
Lourens Blok

Koʻprikda mashina toʻxtaganini koʻrgan politsiyachi Jonson avvaliga unga e’tibor bermadi. Ammo eshik ochilib, undan baland boʻyli erkak tushgach, politsiyachi hushyor tortdi.

U bu yerda bir necha yildan beri soqchilikda turar va Daunbrij koʻprigi nafaqat sevishganlarning uchrashuv joyi, balki oʻz joniga qasd qiluvchilarning ham makoni ekanligini juda yaxshi bilardi.

Erkak yon-atrofga diqqat bilan koʻz yugurtirgach, koʻprik panjarasi oldiga keldi va toʻsiqni ushladi. Politsiyachi mingʻirlab soʻkindi va uning yoniga yugurib bordi.

-Ajoyib tun,-dedi tartib posboni. Oʻzini pastga tashlamoqchi boʻlgan kishi shoshilib qoʻlini toʻsiqdan oldi va sigaret tutatdi.-Tabiatni tomosha qilyapsizmi? Tushunaman. Agar xizmat vazifamni bajarayotgan boʻlmaganimda, hozir men ham sizga oʻxshab sevgi haqida oʻylayotgan boʻlardim.

Notanish erkak jimgina yelka qisdi.

-Hozir sizni koʻrib qolib gaplashgim keldi,-gapida davom etdi politsiyachi.-Bir oʻzim zerikib turuvdim... Bu yerdan atrof chiroyli koʻrinadi-a?

-Menga hozir chiroyli narsaning keragi yoʻq,-xoʻrsindi erkak sigaret kulini pastga qoqarkan. Shundagina Jonson uning qoshlari judayam qalin va oʻsiq ekanligiga e’tibor berdi.- Hozir meni bitta narsa oʻylantiryapti- qanday qilib oson va azoblanmasdan oʻlish.

-Bekor qilasiz,-unga taskin bermoqchi boʻldi politsiyachi.-Qanchalik ogʻir boʻlmasin, baribir yashash kerak. Hayot tasodiflarga toʻla. Kim biladi, balki ertaga omadingiz kelib, hamma narsa oʻzgarib ketishi mumkin.

Notanish kishi suvga tikilgancha uzoq oʻylanib turdi, soʻng qoʻlidagi sigaret qoldigʻini pastga tashladi va unga qoʻlini uzatdi.

-Mening ismim Edvard Rayt.

-Biror noxushlik yuz berdimi?-soʻradi politsiyachi.

-Ha, judayam qaygʻuli voqea...-bosh silkidi oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgan erkak.-Xotinim vafot etganidan soʻng hayotim ostin-ustin boʻlib ketdi. Uni jonimdan ortiq sevardim, endi yashagim kelmay qoldi.

-E, oʻzingizni qoʻlga oling,-Jonson uning yelkasiga qoʻlini tashladi.-Inson hamma narsaga koʻnikadi, janob Rayt. Yolgʻizlikka ham. Yaxshisi, uyingizga boring-da, uxlang. Koʻrasiz, ertaga hammasi yaxshi boʻladi.

-Bunga ishonchingiz komilmi?

-Albatta.

-Rostdan-a?-ishonqiramadi jonidan toʻygan kishi.

-Ha,-ta’kidladi Jonson,-biz shafqatsiz dunyoda yashaymiz, lekin bu fojia emas. Yashash baribir yaxshi. Daryoning ostida sizni kutib turgan narsa bu hayotdan koʻra yomonroq.

Rayt uzoq jim qoldi, soʻng indamay mashinasi tomon qadam tashladi. Politsiyachi uning mashinasi koʻzdan yoʻqolguncha kuzatib turdi.

Keyin esa Jonson yondaftarini ochdi va yozib qoʻydi: «Edvard Rayt, qoshlari qalin, baland boʻyli erkak, xotini oʻlgani uchun koʻprikdan oʻzini daryoga tashlamoqchi boʻldi…». U yondaftarini yopib, mashinasiga oʻtirdi...

* * *

Psixiatr Bob Smit mijozining soʻzlarini eshitarkan, oʻychan qiyofada soqolini qashladi.

-…Yashashimdan ma’no qolmadi,-gapida davom etdi boʻyi baland, oʻsiq qoshlari qalin erkak.-Kecha koʻprikdan oʻzimni tashlashimga sal qoldi.

-Sizni nima toʻxtatib qoldi?-soʻradi doktor.

-Politsiyachi. Bu yaxshi fikr emasligini aytdi.

Bob Smit yana oʻyga choʻmdi.

-Doktor, mening oshqozonimni yuvish kerak...

-Nega?-hayron boʻldi Smit.

-Bu yerga kelishimdan avval bir quti uyqu dorisini ichgandim,-dedi Edvard Rayt.-Qutida yigirmatacha dori bor edi.

Smit uf tortgancha oʻrnidan turdi va boshini sarak-sarak qilib qoʻshni xonaga yoʻl oldi.

Oshqozonni yuvish ogʻriqli boʻlsa-da, dori qonga soʻrilib ulgurmagani uchun bemorning hayoti saqlab qolindi.

-Yashaysiz,-dedi Bob Smit.

-Rahmat, doktor.

-Minnatdorchilikning keragi yoʻq. Ammo siz haqingizda politsiyaga ma’lum qilaman...

* * *

-Ajoyib revolver,-maqtadi sotuvchi molini.-Agar istasangiz, bundan ham zoʻrini topib beraman. Ammo sal qimmatroq turadi.

-Rahmat, menga shu ham boʻlaveradi,-dedi xaridor.-Oʻq ham berasiz.

-Albatta, albatta,-dedi qurol-yarogʻ doʻkoni sotuvchisi roʻyxatga olish daftarini olarkan.-Ism-familiyangizni yozib qoʻyishga majburman, janob Rayt. Qoidasi shunaqa...

* * *

Kech soat toʻqqizlarda Edvard Raytning eshigi qoʻngʻirogʻi jiringladi.

Rayt eshikni ochdi.

-Kel, Mark,-taklif qildi u.

-Uni sen oʻldirding, Ed,-dedi tashrif buyuruvchi salomlashish oʻrniga uning qorniga revolver tirarkan.-U sen bilan ajrashmoqchi edi, lekin uni qoʻyib yuborging kelmadi. Undan biz haqimizda senga aytmasligini soʻragandim, ammo u rostini aytdi va sen uni oʻldirding...

-Aqldan ozibsan!-dedi Rayt.

-Sen ayyorona yoʻl tutding. Qotillik xuddi baxtsiz hodisa kabi boʻlgani uchun politsiya sendan shubhalanmadi. Buni qanday amalga oshirding, Edvard?

-Uni urdim,-qovogʻini uygancha javob qaytardi Edvard Rayt koʻzini revolverdan uzmasdan.-Boshiga bir necha marta urdim, soʻng zinadan itarib yubordim… Politsiyaga aytishni xayolingga ham keltirma, baribir buni isbotlay olmaysan.

-Meni politsiyaga boradi deb kim aytdi senga! Bormayman. Biz boshqacha ish qilamiz... bir varaq qogʻoz ol-da, «Boʻldi, boshqa chidolmayman. Hayotdan ketishga tayyorman» deb yoz.-Mark revolveri bilan Edvard Raytni turtib qoʻydi.-Boʻl, ablah!

-Yozmayman.

-Yozasan, Edvard, yozasan,-mehmon revolverni uning peshonasiga tiradi.

-Sen xato qilyapsan, Mark,-ingradi Rayt.-Suvdan quruq chiqolmaysan. Seni albatta qoʻlga olishadi.

-Nima uchun? Oʻzingni oʻzing oʻldirganing uchunmi?-xoxoladi Mark.

-Buni yozganim bilan hech kim oʻzimni oʻldirganimga ishonmaydi.

Mehmon toʻpponchani uning peshonasiga qattiqroq tiragach, Edvard Rayt boshqa iloji yoʻqlini tushundi. U qogʻoz olib, mehmon aytgan soʻzlarni yozdi.

-Endi menga qara, Edvard…

Koʻzini qogʻozdan olgan Rayt kutilmagan manzaradan seskanib ketdi. Uning oldida mutlaqo boshqa odam - yasama soch kiygan, qalin qoshli erkak turardi.

-Kimga oʻxshayman, bilyapsanmi?-soʻradi mehmon.-Senga, Edvard, senga… Toʻgʻri, biz egizakmasmiz, ammo boʻylarimiz teng.

-Sen menga oʻxshab yuribsanmi…-kalovlandi Edvard Rayt.

-Endi tushunding. Keyingi kunlarda nima bilan mashgʻul boʻlganingni eshitsang hayron qolasan. Masalan, kecha sen koʻprikdan oʻzingni tashlamoqchi boʻlding. Bir politsiyachi hayotingni saqlab qoldi. Bugun esa bir quti uyqu dori ichganing uchun psixiatr oshqozoningni yuvdi. Bir soat ilgari esa revolver sotib olding... xullas, keyingi ikki kunda juda faol inson boʻlding.

-Doʻstlarim-chi? Hamkasblarim? Ular senga ishonishmaydi,-dedi Rayt.

-Adashyapsan,-iljaydi Mark.-Odam oʻzini oʻldirganidan keyin atrofidagilar uning keyingi paytda judayam gʻamgin boʻlib qolganini eslashadi. Ishonchim komil, xotining oʻlganidan soʻng oʻzingni qaygʻu-iztirob chekayotganday koʻrsatgansan. Sen oʻzingni oʻldirmoqchi boʻlganingga guvohlik beruvchi odamlar albatta topiladi. Alvido, Edvard!..

Shu soʻzlarni aytgach, Mark revolverini Edvard Raytning ogʻziga tiqdi va tepkini bosdi.

Sevikli ayolining qotilini bir yoqli qilgach, u toʻpponchani artib-tozalab, Edvardning qoʻliga qistirib qoʻydi. Soʻngra jasadning hamyonini ochdi va unga psixiatrning tashrif varaqasi bilan toʻpponcha sotib olganligi haqidagi toʻlov qogʻozini solib qoʻydi.

-Uni bekor oʻldirding, Ed,-dedi Mark yasama qoshlarini sugʻurib olarkan.-Uni sen baribir sevmasding. U bilan ajrashishing kerak edi...