OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLuiji Pirandello
Asar nomiBirovga kulma zinhor…
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Italiyan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Dramaturgiya
Mualliflar
   - Luiji Pirandello
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNazira Joʻrayeva (Ruschadan)
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Birovga kulma zinhor…
Luiji Pirandello

I

Kristoforo Golish gavdasining ogʻirligidan bir oz bukilgan oyoqlarini kerib, koʻcha oʻrtasida turardi; boshiga qiyshiq qoʻndirgan shapka gardishi uni yumaloq golland pishlogʻiga oʻxshatib qoʻygan edi. Golish qoʻlini silkib:
– Benyamino! – deb qichqirdi.

Baland boʻyli, xipchadan kelgan, yoshi elliklar atrofidagi bir kishi shamolda tebranayotgan novdadek chayqalib qarshisidan kelmoqda edi. Rangpar yuzidagi katta-katta koʻzlari atrofga olazarak boqardi. U uchiga rezina oʻrnatilgan hassaga tayangancha chap oyogʻini sudrab kelmoqda edi.
– Benyamino!– qayta chaqirdi Golish. Negadir ovozi bu safar boshqacha chiqdi. U qadrdon doʻstini bu ahvolda koʻraman, deb sira oʻylamagandi.

Benyamino Lensi negadir tez-tez kiprik qoqar, lekin koʻz qarashlari hamon oʻsha-oʻsha edi. Koʻzlari bir zumda yoshga toʻldi, lekin afti sira oʻzgarmadi. Moʻylovi ostidagi bir oz qiyshiq lablari qimirlab, nimadir demoqchi boʻlardi-yu, biroq gapi qovushmay:
– Bu meni bol-adigan yoʻ-lim,– deya duduqlandi.
– Barakalla,– dedi Golish, qarshisida goʻyo qadrdon doʻsti Benyamino Lensi emas, balki rahm-shafqatga muhtoj yosh bolakay turgandek. Uni sovuq ter bosdi.

Golish doʻstiga yaqinlashib, uning yurishiga mos ravishda qadam tashlamoqchi boʻldi. Afsuslar boʻlsinki, bu jonsiz sudralayotgan oyoqni goʻyo qandaydir noma’lum kimsa yer qa’riga tortayotgandek edi! Yarimshol va badbashara, oʻlim nafasi kelib turgan bu kimsani koʻrib, unga achinayotganini hamda sarosimaga tushganligini yashirish maqsadida Golish Benyaminodan Rimdan ketganidan beri shu vaqtgacha qayerda yurganligi-yu, qachon qaytib kelganligini soʻrab, savollarga koʻmib tashladi.

Benyamino Lensi doʻstining savollariga gʻoʻldirash bilan javob berdi. Golish esa bergan savollarini Lensi tushundimi, yoʻqmi, deb shubhalana boshladi. Kipriklarini tez-tez pirpiratib turishi, u azob chekayotgani va juda tang holatda ekanligini bildirib turardi. Bu hol chehrasida qotib qolgan gʻalati sarosimalikdan xalos etmoqchidek tuyulardi.Ogʻir xastalik Benyamino Lensida oʻchmas iz qoldirgandi. Uning koʻzlarida hayrat va qoʻrquv muhrlanib qolgandi.
– Voy-voy-voy!– tishlarini gʻijirlatib dedi Kristoforo Golish majruh doʻstiga achinib qarayotgan odamlarga gʻazab bilan boqarkan.

Uning gʻazabi tobora oshib, dili vayron boʻlmoqda edi. Atrofdagilar koʻchada yengil qadam tashlab borayaptilar. Qanday baxt. Oyoq-qoʻllari erkin harakatda, qanday yaxshi. Boshlarini u yoq-bu yoqqa burayaptilar. Tani sogʻliq – tuman boylik, deb shuni aytsalar kerak-da. Xoʻsh, oʻzining koʻrinishi qanday! Baquvvat, muskuldor vujudidan kuch-quvvat yogʻilib turibdi. Kristoforo Golish qoʻlini musht qildi. Jin ursin hammasini! Shu tobda kimningdir yelkasiga musht tushirgisi kelib qoldi. Qiziq, nima uchun musht tushirishi kerak? Buning sababini oʻzi ham bilmasdi. Oʻtib ketayotganlar jigʻiga tegmoqda edi. Ayniqsa, Lensiga oʻgirilib qarayotgan baquvvat yoshlar uni gʻazabini keltirmoqda. Golish choʻntagidan havo rang dastroʻmolini olib, terga botgan yuzini artdi.
– Benyamino doʻstim, qayerga ketayapsan?

Lensi yurishdan taqqa toʻxtadi-da, sogʻlom qoʻli bilan koʻcha chirogʻi ustuniga suyandi va uning notekis joylarini paypaslarkan:
– Shifo-kolga oyo-qimni mashq qiy-diygani,– deya qotib qolgan oyogʻini koʻtarmoqchi boʻldi.
– Mashq qildirgani deysanmi?– soʻradi Golish.– Oyogʻingni mashq qildirayapsanmi?
– Ha, oyo-qimni,– javob qaytardi Lensi.
– Barakalla! – dedi Golish. Uning koʻnglida nogiron oyoqqa jon ato etib, doʻstini bu azobdan qutqarish niyati paydo boʻldi.

Doʻstini bunday achinarli holatda koʻrish Golish uchun juda ogʻir edi. Nahotki uning qarshisida turgan oʻsha yoshlik yillarida gʻaroyib sarguzashtlar ishqibozi boʻlgan Benyamino Lensi boʻlsa? Ikkovlari ham uylanmay boʻydoqliklaricha qolib ketdilar. Boʻsh vaqtlarini maishatda va oʻyin-kulgi bilan oʻtkazishni yoqtirar edilar. Keyinchalik Benyaminoning hayotida oʻzgarish roʻy berdi. U juda epchil chiqib qoldi. Gaplari burro, qat’iy edi. U paytlarda Benyamino deganlari ishga mukkasidan ketgan, umid bilan harakat qilardi. Kutilmaganda, shunday holatga tushib oʻtirsa-ya... Bu yogʻi qandoq boʻldi! Achinarli ahvolga-ya!

Golish doʻstidan koʻp narsalar haqida soʻramoqchi boʻldi, ammo buni oʻziga ep koʻrmadi. Undan soʻramoqchi boʻlgan qancha gaplari bor edi-ya.
– «Fyasketteriya Toskana» baridagi bahsimiz yodingdami?– eslatdi u doʻstiga.– Nadina esingdami? Bilasanmi, hozir ham men u bilan uchrashib turaman. Yodingdami, sen gʻayirlik qilib uni mendan tortib olmoqchi boʻlganding? Oʻshanda Nadina seni juda yoqtirib qolgandi. Hali-hanuzgacha u seni eslaydi. Bugun kechqurun unikiga mehmondorchilikka oʻtaman, seni uchratib qolganimni unga aytaman. Qara, sen ham meni tanimayotgandirsan, taniyotgan boʻlsang ham xuddi tushda koʻrayotgandekdirsan.

Golish jiqqa yoshga toʻlgan koʻzlari bilan doʻstiga tikilar, Benyamino barmoqlari bilan tinmay oʻzi suyanib turgan chiroq ustunini paypaslardi.

Benyamino Lensi hozirda suyanib turgan chiroq ustunini yaxshi eslab qolgandi, chunki har kuni sayrga chiqqanida shu yerda bir oz dam olish uchun toʻxtardi. Atrofda hayot davom etmoqda, odamlar uning ahvoliga qarab achinar, qadam tashlashiga xavotirlanib qarashardi. Lensi esa hech narsani payqamay, oʻz xayoli bilan boʻlib, shu tosh koʻchadan sudralib oʻtardi. U bor kuchini toʻplab, avval koʻcha chirogʻi ustuniga, soʻng shahar bozoridagi bironta doʻkonning koʻrgazma oynasi oldigacha yetib olishga jon-jahdi bilan harakat qilardi. Bu yer esa ikkinchi marotaba toʻxtab dam oladigan manzili edi. Benyamino Lensi shu yerda uzoq vaqt turib, koʻrgazmaga qoʻyilgan argʻimchoqqa qizil bogʻich bilan bogʻlangan chinni maymunchani tomosha qilib turardi. Keyingi paytlarda koʻchaning ichkarisidagi bogʻ devori oldida toʻxtab dam oladigan boʻldi. Aynan uni davolaydigan shifokor ham shu koʻchada istiqomat qilardi.

Shifokorning hovlisi shinamgina, gultuvaklarga ekilgan anvoyi gullaru katta yogʻoch qutilarga oʻtkazilgan yosh bambuq, apelsin daraxtlariga toʻla edi. Shu bilan birga turli xil mashq oʻtkaziladigan asbob-anjomlar ham mavjud edi. Bir burchakda esa mustahkam taxtachalarga qoqilgan halqachalarda aylana orqali oʻtkazilgan arqon ham osilib turardi.

Benyamino Lensi kasal oyogʻini yogʻoch pedal ustiga qoʻyib aylantira boshladi. Bu mashq har kuni yarim soat davom etardi. Oradan ikki-uch oy oʻtgach, ancha tetiklashib, sogʻayib ketishiga oʻzida ham ishonch paydo boʻlgan edi.

Bu manzarani bir oz kuzatib turgan Kristoforo Golish qoʻllarini siltagancha, katta-katta qadam tashlab, hovlidan shitob bilan chiqib ketdi.

Shu tobda Golishni shunday his-tuygʻular qamrab oldiki, goʻyo bu ahvolga Lensi emas, xuddi oʻzi tushib qolgandek tuyuldi.

Golish oʻrtogʻining bunday nochor ahvoliga aslo toqat qilolmay qoldi. Koʻzlari gʻazabdan chaqnardi. Aqldan ozgan odamdek qoʻllarini silkitib, tishini tishiga qoʻygancha koʻcha boʻylab oʻzi bilan oʻzi soʻzlashib borardi:
– Bu yogʻi qandoq boʻldi-a? Sening oʻrningda boʻlganimda, oʻzimni xarob qildirib qoʻyarmidim? Odamlar mazax qilishlariga chidab yurarmidim? Boshqalar mazza qilib yursinlar-da, men kulgi-malomatga qolaymi? Yoʻq, bu kunimdan oʻlganim yaxshi. Kulgi boʻlishni istamayman.

Shu oqshom, ertasi kuni va yana bir necha kun davomida uning miyasini faqat shu oʻy-xayollar qamrab oldi. Sodir boʻlgan bu hol uni vasvasaga solib, na uyda, na ishda va na qahvaxonada tinchlik bermasdi. Tanish-bilishlarni koʻrib qolgudek boʻlsa:
– Benyamino Lensini koʻrdingizmi? – deb soʻrardi. «Yoʻq» deb javob bergudek boʻlishsa:– Bechora shol boʻlib qolibdi! Qanday yashab yuribdi, hayronman. Shifokor boʻlganimda bu holdan qutqararmidim... Bechora pedal aylantirib, oyogʻini harakatga keltirayapti. Tuzalib ketarmikin? Bir ming sakkiz yuz oltmish oltinchi yilda – yoshlik yillarida men bilan yonma-yon turib urushgan va duelda qatnashgan oʻsha Benyamino Lensi-da. Jin ursin, biz oʻzimizni hech qachon ayagan emasmiz. Hayot shodu xurramliklarga toʻla boʻlsagina qadrli boʻlarkan. Boʻlmasa, uning qizigʻi yoʻq ekan. Men bu ahvolga chidayolmay oʻzimni bir baloga giriftor qilgan boʻlardim.

Nihoyat, qahvaxonada oʻtirgan ulfatlar Golishning gapidan charchashdi.
– Men jonimga qasd qilgan boʻlardim,– dedi Golish.
– Tezroq aytganingni amalga oshir, biz ham sovuq gaplaringdan qutulaylik,– deb hazillashishdi doʻstlari.

Kistoforo Golish ulfatlarining gapiga e’tiroz bildirib, qoʻllarini siltab:
– Yoʻq, agar shunday holat roʻy bersa deyapman-da...– dedi.

II

Oradan bir oylar chamasi oʻtgach, Kristoforo Golish opasi va jiyani bilan bir dasturxonda kechki ovqatni tanovul qilayotgan paytlarida toʻsatdan nafas ololmayotgandek koʻzlari olayib, ogʻzi qiyshaydi-qoldi. U stolga yuztuban yiqilib, taqsimcha ustiga boshini qoʻydi.

Xuddi unga oʻlim sharpa solayotgandek edi. Bir zumda Golishning oʻng taraf a’zolari ishlamay, gapdan qoldi.

Kristoforo Golish Italiyada tugʻilgandi. Ota-onasi nemis edilar. Umrida Germaniyaga bormagandi. U sof rim shevasida soʻzlashardi. Doʻstlari uning Golish ismi sharifini allaqachonoq italyancha Golichchi deya oʻzgartirib yuborgan edilar. Ba’zilar esa, qorni qappayganligi, haddan ziyod ishtahasi zoʻrligi uchun unga Golachcha, deb laqab ham qoʻyib olgan edilar. U ba’zan xufiyona gaplari boʻlsa opasi bilan nemis tilida soʻzlashardi, xolos.

Kristoforo Golish gapira oladigan boʻlganidan soʻng, u shifokorni hayratga solib qoʻydi, italyan tilini mutlaqo unutib, faqat nemis tilida soʻzlasha boshladi.

Qizarib ketgan, qoʻrquv toʻla koʻzlarini ochib, qiyshaygan ogʻzi va yuzini chap tarafini harakatga keltirib, boʻysunmayotgan tili bilan bir nechta soʻz aytmoqchi boʻldi. Soʻng sogʻ qoʻli bilan boshini ushlab shifokorga nemis tilida shunday murojaat etdi:
– Siz... siz... moʻljalga olib musht tushirganday...– dedi.

Shifokor nemis tilini tushunmadi, ukasining gapidan esi chiqib ketgan opasi bu gaplarni tarjima qilishga majbur boʻldi.

Kristofor Golish toʻsatdan nemisga aylandi-qoldi. Aniqroq qilib aytganda, u qaytadan nemis boʻlib tugʻildi. Xotirasidan barcha italyan soʻzlar chiqib ketgandi.

Shifokor bu holatni ilmiy asosda tushuntirmoqchi boʻldi, oʻz tashxisini qoʻyib, muolajalar buyurdi. Shifokor ketayotganda Golishning opasi uni bir chetga olib, bir necha kun avval shol boʻlib qolgan eski qadrdoni bilan uchrashib qolganida, agar oʻzi ham shunday dardga chalingudek boʻlsa, joniga qasd qilishga ont ichganligini aytib berdi.
– Bilasizmi, doktor, xuddi shu kasalga mubtalo boʻlishini avvaldan sezgandek, faqat shu haqda gapirgani-gapirgan edi. U joniga qasd qilishi turgan gap. Men juda xavotirdaman.

Shifokor xayrixohlik bilan iljayib:
– Xavotir boʻlmang, xonim, hech qoʻrqadigan joyi yoʻq. Ukangizga uning betobligi bor-yoʻgʻi ovqat hazm boʻlmaganidan deb aytamiz, mana koʻrasiz...
– Lekin doktor!
– U ishonadi, men bunga kafilman. Chunki kasali ogʻir emas, bir necha kundan soʻng oyoq-qoʻllarini qimirlata boshlaydi. Vaqt oʻtgach, yurib ham ketadi. Asta-sekin yuradi. Kim bilsin, vaqt oʻtishi bilan u butkul koʻrmagandek boʻlib ketishi ham mumkin... Bu unga jiddiy ogohlantirish boʻldi. U hayot tarzini butunlay oʻzgartirishi va qat’iy tartibga boʻysunib yashashi lozim. Faqat shu yoʻl bilan kasal xuruji qaytalanishidan uzoq vaqt saqlanishi mumkin.

Opasi koʻziga qalqib chiqqan yoshlarini yashirish maqsadida, qoʻllari bilan koʻzlarini yumib oldi. Shifokorning gaplariga ishonmasdan darhol xizmatkori va oʻgʻli bilan maslahatlashib, ukasining tortmada turadigan toʻpponchasini yashirib qoʻyish rejasini tuza boshlashdi. Maslahatga koʻra u xizmatkor bilan toʻshakni toʻgʻrilab qoʻyish bahonasida karavotning chetida turib olganlarida, tortmadan oʻgʻli toʻpponchani bildirmay olib chiqib ketadigan boʻldi. Faqat ehtiyotkor boʻlishlari kerak. Shunday qildilar ham. Opasi oʻz ehtiyotkorligidan yengil tin oldi, chunki avvallari ukasining bunday kasallik haqidagi tushuntirishlariga uncha e’tibor ham bermagandi. Xuddi shifokor aytganidek, ukasiga kasalini oddiy oshqozon kasali deb tushuntirdilar.
– Ha... ha... bu oddiy oshqozon kasali...

Darhaqiqat, ukasi toʻrt kungacha oshqozonida qandaydir noxushlik roʻy berayotganini sezdi.
– Me’da sustligi... ha...ha... shunday.

«Nahotki tanasining oʻng tarafi shol boʻlib qolganligini ukam sezmayotgan boʻlsa?– deya xayol surardi opasi.– Nahotki u Lensining boshiga tushgan bu azoblardan soʻng oddiy me’da sustligi shunday dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga ishonishi mumkin boʻlsa, a?»

U oʻz ixtiyori bilan navbatchilik qila boshlagan birinchi kundanoq goʻyo yosh bolaga oʻrgatgandek, unga mehr bilan unutilgan italyan soʻzlarini oʻrgata boshladi. Ukasidan esa nima uchun italyan tilida gapirmayotganini soʻradi.

Golish opasiga hayrat-la boqdi. U hozir nemis tilida soʻzlashayotganini ham payqamayotgandi; u dabdurustdan nemis tilida soʻzlasha boshladi, boshqa tilda soʻzlashish esa uning xayoliga ham kelmasdi. Golish opasi oʻrgatayotganday qilib, italyan soʻzlarini qaytarishga tushdi. Biroq u opasi oʻrgatayotgan italyan soʻzlarini nemis tilida talaffuz qilardi. Jiyani Jevannioni Chougato deb atay boshladi, togʻam meni hazillashib shunday nom bilan atayapti, deya kulib qoʻyardi jiyani.

Oradan uch kun vaqt oʻtgach, «Fyasketteriya Toskana» qahvaxonasida Golishning boshiga tushgan kulfatdan xabardor boʻlgan doʻstlari koʻrgani keldilar. Italyan tilini yangidan oʻrganayotgan Golishni koʻrib, ahvoliga achindilar. Golish esa oʻrganayotgan soʻzlarining ma’nosini fahmlamasdi ham.

Golish gʻalati ahvolga tushib qolgandi. Ma’lum bir daqiqada u abadiy davom etguvchi olamga shoʻngʻigan-u, soʻng u yerdan butunlay boshqa inson – qirq sakkiz yoshli ajnabiy goʻdak boʻlib tugʻilgandek edi.

Golish ishlamay qolgan qoʻlini ilk bor qimirlatganida shunday xursand boʻlib ketganini koʻrsangiz edi! Oyogʻi esa qimirlay demasdi. Lekin u oyogʻi ishlab ketishiga umid bogʻlardi. Kristoforo Golish oyogʻini harakatga keltirishga jon-jahdi bilan harakat qilardi.
– Qalay?– soʻradi u doʻstlaridan.
– Yaxshi, yaqin kunlarda yurib ketasan,– dalda berishardi unga doʻstlari.

Golishning yashashdan umidi katta edi. Har ehtimolga qarshi doʻstlari hamshiradan bemorga e’tibor bilan qarab turishini iltimos qildilar.
– Bilasizmi, kutilmaganda har qanday voqea roʻy berishi mumkin. Xotirasi ham tiklanishi turgan gap. Golish doʻsti kasal boʻlganida noxush fikrni miyasiga oʻrnashtirib olgandi: xudo koʻrsatmasin, xuruj yana qaytarilib qolsa bormi, unda har narsani kutish mumkin.

Hozirda Golish emas, balki doʻstlari noxush fikrlar girdobida edilar. Oradan yigirma kun oʻtgach, opasi va jiyani yetovida xona ichida bir necha qadam bosayotganidagi xursandchiligini koʻrsangiz edi! Shu tobda undan baxtli odam yoʻq edi dunyoda! Goʻyo onadan qayta tugʻilgandek edi. Xuddi yosh boladek qadam bosayotganidan xursand boʻlardi. Arzimas narsaga yigʻlab ham olardi. Xonadagi hamma narsa unga juda qadrdon koʻrinardi. Ularning yoniga borib, qoʻli bilan paypaslab koʻrar, koʻziga yosh olgancha, qalbi shodlikka toʻlib sudralib qadam bosardi. Boshqa xonadagi jihozlarni ham uzoq vaqt tomosha qilib turar va shu xonalarga kirib borishni orzu qilardi. Ha, opasi bilan jiyani qoʻltigʻiga kirishsa bormi, u hamma xonalarni aylanib chiqardi. Keyinchalik Golish jiyanidan yordam soʻramay qoʻydi. Opasi yordamida sogʻ qoʻli bilan hassaga suyangancha xonama-xona keza boshladi. Tez orada birovning yordamisiz, faqat hassa bilan yura boshladi va nihoyat, Kristoforo Golish atrofdagilarga oʻzining nimalarga qodirligini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻldi.
– Endi-chi, endi... hassasiz yursam deyman...

Golish hassasiga tayanmay ikki-uch qadam tashladi, lekin darhol kursiga oʻtirib olishiga toʻgʻri keldi. U ancha ozib-toʻzgan, tashqi koʻrinishi opasiga oʻxshab ketgandi.
– Beyamin!– doʻstining ismini buzib chaqirdi Golish.

Benyamino Lensi doʻstining shol boʻlib qolganligini koʻrib, ajablanmadi ham. Moʻylovi ostidagi lablarini choʻchchaytirdi, xolos, shu lahzada oʻng yuzi bir oz qiyshayib, tamshangancha dedi:
– Senga ham yuqibdi-da?– deya pedal aylantirishda davom etdi.

Ertasi kuni Kristoforo Golish shifokor huzuriga opasining yordamisiz bormoqchi boʻldi. Benyamino esa yolgʻiz oʻzi qatnardi, Golish ham undan ortda qolmaslikka ahd qildi. Avvaliga opasi oʻgʻliga togʻasining ortidan sezdirmay kuzatib, nazorat qilib yurishni tayinladi. Opaning koʻngli xotirjam boʻlgach, yolgʻiz oʻzi shifokor huzuriga borishiga ruxsat etdi.

Endi har kuni ertalab bir vaqtda ikkita nogiron doʻst yoʻlda uchrashib shifokor huzuriga birga qatnaydigan boʻldilar. Ularning yoʻnalishlari bir xil edi – avval koʻcha chirogʻi ustuniga yetib olishlari kerak edi, soʻngra pastlikka tushib, bozor rastalaridan oʻtib borishar, koʻrgazmaga qoʻyilgan argʻimchoqda oʻtirgan chinnidan yasalgan maymun bolasini uzoq tomosha qilgach, bogʻning panjarasi oldiga yetib olishlari zarur boʻlardi.

Bugun Golishning xayoliga ajoyib bir fikr keldi. U doʻsti Lensi bilan fikrini oʻrtoqlashish uchun oshiqa boshladi. Ikki doʻst – koʻcha chirogʻining ustuniga suyangancha nigohlarini bir-birlariga qadab, nima demoqchi boʻlganlarini tushunar va kulgidan ogʻzilarining tanobi qochardi. Ular gapirayotgan soʻzlarini buzib talaffuz qilgancha bir toʻxtamga keldilar, Golish hassasini koʻtarib koʻchadagi izvoshchini imo bilan chaqirdi. Izvoshchi avval bittasini, soʻng ikkinchisini aravaga chiqardi, mana endi ular Ispaniya maydonida istiqomat qilayotgan Nadinanikiga mehmonga ketmoqda edilar.

Pillapoyalardan yuqoriga ming azobda chiqib, hansirab turgan bu ikki shaxsni koʻrib, Nadinaning esi ogʻib qolayozdi. Bechora Nadina kulishini ham, yigʻlashini ham bilmasdi. Ularga yordamlashib, ikkovlarini ham mehmonxonaga boshlab kirdi va oʻz yonidan oʻtirishlari uchun joy koʻrsatdi. Soʻng xuddi tarbiyachilarga oʻxshab, qochib kelgan yosh, shoʻx bolalarga dakki berayotgandek, oʻylamay qilgan ishlari uchun ularni koyiy ketdi.

Benyamino Lensi arazlagan yosh boladek aftini bujmaytirib, yigʻlab yubordi.

Golish esa aksincha, qovogʻini uygancha tashrif buyurishdan maqsad, unga ajoyib – sirli sovgʻa qilmoqchi boʻlganliklarini aytdi.
– Meni yoʻqlab kelganlaring uchun boshim koʻkka yetdi, rahmat,– shosha-pisha dedi Nadina.– Yashavoringlar! Ikkovingizlar ham zoʻrsizlar... Uyimga qadam ranjida qilib, boshimni osmonga yetkazdinglar. Men aytgan gapimdan xijolatdaman, lekin sizlarning foydangizni koʻzlagan edim... Menikigacha yetib kelish, ustiga-ustak pillapoyalardan yuqoriga chiqishda qiynalgan boʻlsangiz kerak, deb... Benyamino, qoʻy, azizim, yigʻlama... Senga nima boʻldi oʻzi. Bardam boʻl, Benyamino! – deya Nadina oppoq, chiroyli, doʻmboqqina qoʻllari bilan uning yuzini silab qoʻydi.– Senga nima boʻldi? Qani, menga bir qara-chi!.. Uyimga kelmoqchi emasmiding, a? Seni anavi yaramas bu yerga boshlab kelgan boʻlsa kerak? Shuning uchun men uni erkalamoqchi emasman. Bas qil, sen mening arslonim, qadrdonimsan. Yigʻlama, koʻz yoshlaringni oʻzim artib qoʻyaman. Ana shunday, shunday qilib. Mana bu ajoyib feruza koʻzli uzukka qaragin-a? Uni menga kim sovgʻa qilgan? Bu uzukni kim oʻz Nadinasiga sovgʻa qilgan? Egnimdagi chiroyli koʻylakni-chi? Qani, top-chi? Sen men uchun eng qadrli insonsan, azizim,– deya Benyaminoning peshonasidan oʻpib qoʻydi. Soʻng oʻrnidan dast turdi-da, koʻz yoshlarini artib olgach:
– Sizlarni nima bilan mehmon qilsam ekan-a?– dedi Nadina. Uning qilgan ishidan Kristoforo Golishning dili ranjidi, tomogʻidan ovqat oʻtmadi. Benyamino Lensi shirinlikdan bir boʻlak yeyishga rozilik bildirdi. U Nadina uzatgan shirinlik tomon choʻzilib, ogʻzini ochmoqchi edi, Nadina qiqirlab kulgancha shirinlikni Benyaminodan olib qochib:
– Yoʻq, yoʻq, bermayman,– deya hazillashdi.

Topishib olgan ikki qadrdon doʻst gʻaroyib kayfiyatda edilar. Ular quvongandan quvonib, tinmay kulardilar.