OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLuqmon Boʻrixon
Asar nomiBir tomchi yosh (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Luqmon Boʻrixon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm77KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 3-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Bir tomchi yosh (qissa)
Luqmon Boʻrixon

«
Umid – yerda yotgan polapon.
Rasul Jumayev
»

I

Bu gal ham qarz undira olmadi. Shaharning qoq kindigidagi gavjum bozorda doʻkon ochib, oldi-sotdiga koʻngil qoʻyib anchagina boyib qolgan, talabalik ta’mini birga totgan doʻsti Oʻktam ham mijgʻovlanib bir dunyo bahonani qalashtirib tashladi. Shu kunlarda kichik korxona ochish tashvishida yurganini, xarajat ustiga xarajat jabrini chekayotganini, tagʻin toʻrt-besh tanish-bilish olti oycha burun bir hafta ichida qaytarishga qasamlar ichib anchagina qarz olishganini, lekin hali-hanuz qaytarmay kuydirib yurganini ayta-ayta hasrat qildi. Ya’nikim, igna-ip tilanganning qarshisiga yirtiq ishton bilan chiqdi.

Baxtiyor qarz undira olmaganidan ham koʻra doʻstining nigohlaridagi ifodadan xafa boʻlib ketdi. Bu qarashlarda istehzo, masxara qalqib turardi. Oʻl, bu kuningdan, degan ma’no, doʻsti harchand yashirishga urinsa-da, qorachigʻlar tub-tubida yiltillab koʻrinardi. Har holda Baxtiyorga shunday tuyuldi.

U uvushgan barmoqday boʻshashib koʻchaga chiqarkan tomogʻiga tiqilgan xoʻrlikni arang ichiga yutdi.

Endi nima qiladi? Unga rahmi kelib, safarga birga olib ketishga koʻngan haligi brigadirga endi nima deydi? Yoʻlkira topolmadim deydimi soʻnarib? Qarindoshlardan ham baribir naf yoʻq. Yo narigi mahalladagi sudxoʻrdan qarz koʻtarsamikan? Bir oz tanish-bilishligi bor, balki qarz foizini arzonroq qilib berar?

Baxtiyor goʻyo qayon yurishini bilmagandek boʻm-boʻsh choʻntaklarida qoʻllarini musht qilib tukkan koʻyi koʻcha boshida ivirsib turib qoldi. Soʻng sal naridagi tanalari quruqshab, burishib ketgan qari tutga behol suyandi.

Chor-atrofdan bahor nafasi ufurardi. Yam-yashil yaproqlarga burkangan dov-daraxtlar yengil epkindan ohista chayqalib turardi. Koʻcha boʻylab uzalib ketgan beton ariq lablari ham rango-rang chechaklar, oʻt-oʻlanlar bilan qoplangan.

U beixtiyor oʻzi unib-oʻsgan Arpasoy adirlarini esladi. Qoʻy-qoʻzilar ortidan boʻyinsalari bilan chopqillashib yurishlari koʻz oʻngidan lip-lip oʻtdi. Yuragida silqib turgan xoʻrlikka sogʻinch hislari ham qoʻshilib koʻzlari namlandi.

Bepoyon kengliklar, yulduzli, sohir kechalar, goho qaygʻu, goho quvonch qalqqan qiyofalar, bir soʻz bilan aytganda, tevaragida tovlanib turgan tiriklik oʻsha kezlar Baxtiyorda gʻalati tuygʻular qoʻzgʻardi, koʻngli ba’zan ma’yus tortib, ba’zan shodlikdan toʻlqinlanar edi. Koʻzi koʻrib, koʻngli sezgan barcha-barcha manzaralarni qogʻozlarda tasvirlagisi kelardi. Ya’nikim, musavvirlikka ishqi tushmish edi. U sinfxonadan oʻgʻirlab chiqqan boʻr boʻlagi bilan qir etagidagi xarsangtoshga har xil narsalarning rasmini chizib tashlar, tevaragiga tappiday tizilgan teng-toʻshlari tek qotib uning qoʻl harakatlarini havasmand kuzatishar, ahyon-ahyon qoyil qolgannamo bosh chayqab, rasm roppa-rosa asliga oʻxshaganini e’tirof etishar edi. Koʻp oʻtmay Baxtiyorning iqtidori maktab boʻyicha tan olindi. Har bayram arafasida muallimlar devoriy gazetalarini bezab berishni undan oʻtinib soʻraydigan boʻlib qolishdi. Maktab endi-endi bitay deb turgan ajoyib kunlarning birida soch-soqollari oʻsiq, kulrang kepkasini boshiga bostirib kiygan Georgiy ismli rassom qishloq biqinidagi tevaragi yulgʻunzor, qamishzor zovur boʻyida paydo boʻlib qoldi. U rassomchilik ashqol-dashqollarini oldiga yoyib, arzon nav sigaretini tutatgan koʻyi kengliklar uzra shom quyilishini soatlab tomosha qilib oʻtirar, ahyon-ahyon qarshisidagi molbertiga allanimalarnidir chizgilab qoʻyar edi.

Baxtiyorning otasi uning oldiga ikkita aroq, bir togʻora qovurdoq koʻtarib bordi. Oʻgʻlining qogʻozga tushirgan rasmlarini koʻrsatdi. Oʻgʻlingiz boʻladigan bola, unda daholik alomatlari bor, dedi Georgiy boʻshagan shishalarga qoʻshilib oʻzlari ham yumalab qolishgan bir paytda. Ketar chogʻi poytaxtlik rassom oʻzining telefoni raqamlarini berdi, maktabni bitirgach, meni topsin, dedi.

Ammo taqdir yoʻllanmasi boshqacha ekan. Amakilaridan biri Baxtiyorni qoʻyarda-qoʻymay viloyat markazidagi muhandislar tayyorlovchi institutga yetaklab bordi. Zoʻr oshnolarim bor, seni oʻqishga kiritib qoʻyishadi, dedi. Lekin Baxtiyor yiqildi. Talaba boʻla olmadi. Va oʻsha kuz harbiy xizmatga chaqirildi. Odatda askarlikdan yigitlar chiniqib, qotayib, qayralgan qilichday chatnab qaytishadi. Baxtiyor esa kasalmand ahvolda qishlogʻiga kirib keldi. U xizmat qilgan qurilish bataloni zavodlarning biridan zaharli chiqitlarni vagonlarga yuklash bilan shugʻullanardi. Baxtiyor dam sayin oʻzini behol sezar, ahyon-ahyon boshi aylanib, koʻzi tinib yiqilib qolar edi. Xizmat tugash arafasida askarlarni koʻrikdan oʻtkazgan vrach ana shu chiqitlar kasofatidan Baxtiyorning yuragida illat paydo boʻlganini ta’kidladi. Senga qaygʻurish, qattiq hayajonlanish mumkin emas, dedi u bir dunyo dori-darmonlar roʻyxatini qoʻliga tutqazar ekan. Vrachning oʻsha ogohlantirishlarini Baxtiyor keyinchalik eslar ekan, goh kulgisi qistar, goh ensasi qotar edi. Axir bu dunyoda hayajonsiz, qaygʻusiz yashab boʻlarkanmi?

Harbiylikdan keltirilgan yoʻllanma sharofatidan Baxtiyor oʻsha muhandislar tayyorlovchi institut talabasi boʻldi.

«Quruq chizish-mizish bilan bundan buyon tirikchilik qilib boʻlmaydi, – deya yana peshgirlik qildi oʻsha amakisi, – kelajakda non topib bera oladigan kasbning etagidan tutgan ma’qul. Juda chizging kelsa, injener boʻlib ham boʻyoq-moʻyogʻing bilan shugʻullanib yuraverasan.»

Avval boshida amakisining nasihatlari Baxtiyorga ham joʻyali tuyuldi, keyinchalik esa xato qilganini angladi. Musavvirlik san’atining sehri yigitni betinim oʻziga chorlardi. Baxtiyor ijara uyini kichik bir ustaxonaga aylantirdi. Oʻqishlar oʻlda-joʻlda qoldi. Goh u, goh bu domlaning koʻnglini topib kursdan kursga oʻtib yurdi. Ammo chizganlari ham tuzuk baholanmadi. Toʻgʻrirogʻi, viloyat miqyosida uning ishlarini tushunib, munosib qadrlaydigan odam topilmadi. Poytaxtga qatnab asarlarini muhokama qildirishga unda na pul, na fursat bor edi. Shu orada uzoq bir qarindoshlaridan birining qiziga uylandi. Oʻz-oʻzidan boʻyniga olaxurjun osilib roʻzgʻor bilan andarmon boʻldi-qoldi. Amal-taqal erishilgan mutaxassisligi boʻyicha ish soʻrab bir-ikki idoraga bosh suqdiyu, ammo hafsalasi pir boʻldi. Ish yoʻq. Dimogʻdor boshliqlar oldida har egilgan chogʻi choʻntagidagi diplomining qattiq qirralari koʻksiga botib-botib ketgani qoldi, xolos. Shu orada harbiylikdan orttirgan kasali yana bir bor yengil xuruj qilib oʻtdi. Uch-toʻrt kun davolangan boʻldi. Nihoyat, Arpasoyning latlangan qovuniday boʻshashib yurgan shunday kunlarning birida omadi chopib qoldi. Oʻshanda loʻlilar mahallasiga yaqin joyda, befayz, arzon oshxonada ilimiq shoʻrva ichib oʻtirardi. Oʻzidan andak naridagi, aftlaridan quruvchi ustalarga oʻxshash xoʻrandalar diqqatini tortdi.

«Xoʻjayin haqimizni bermayapti,» – dedi ulardan biri non boʻlagini ogʻziga solarkan.

Sherigi unga taajjublanib koʻz tashladi.

«Nega, uyini bosh-adoq qurib berdilaring-ku?»

«Besh xonaga ham gul chizib chiqishimiz kerak ekan.»

«Ichimizda rassomimiz yoʻq demadingmi?»

«Brigadada hamma mutaxassislikdan odam boʻlishi shart emish.»

Baxtiyorning qulogʻi ding qotdi. Hatto, shundoqqina qanshariga kelib qoʻngan noyob tur kapalakni choʻchitib yuborishdan qoʻrqqandek bir nafas damini ichiga yutib oʻtirdi. Soʻng sekin ularning yoniga oʻtdi, oʻzini tanishtirib bexos ularning gapiga quloq solgani uchun uzr soʻradi...

...Bir ozdan soʻng dovdiranib-gʻudranib yonlarida oʻtirgan, qoramagʻiz, sochlari hurpaygan, ozgʻin yigit rassom ekanligini bilib quruvchilar avvaliga ajablanib koʻz urishtirishdi, soʻng babbaravar iljayishdi.

Oʻshanda quruvchilar emas, aslida taqdir tabassum qilgan ekan. Baxtiyor oʻz ishini topib oldi. Quruvchilar toʻpidan rassom maqomida joy olib ne bir uylarning devoriga manzaralar, naqshlar chizish bilan shugʻullandi. Nozik did, betizgin xayolot mahsuli boʻlgan chizmalar qaraganni bir zum oʻziga sehrlab qoʻyardi. Baxtiyor yon-atrofga tez tanildi. Unga uyini bezatishni istaganlar navbat talashib qoladigan boʻlishdi.

«Sening iste’dodingni ilgari hech tan olmagandim, – dedi oʻsha rahnamo amakisi, kunlardan bir kuni Baxtiyor uning yangi qurgan imoratiga chizib bergan naqshlarga mahliyo tikilarkan, – ana endi hunaringga besh ketib oʻtiribman, uka. Avval boshidayoq seni Toshkentga olib bormaganimdan afsusdaman. Sening joying poytaxtda, uka. Ha, mayli, hechdan koʻra kech degan oʻrislarning maqoli bor. Endi Toshkentga borasan. Eng zoʻr rassomlar bilan tanishib aka-uka kirishasan. Oʻsha yoqda ishlaysan. Men oʻzim senga yordam beraman. Ketishga taraddud koʻraver...»

Baxtiyor amakisining mehribonchiliklariga iljayibgina qoʻydi. Uning endi Toshkentga borgisi yoʻq edi. Toʻgʻrirogʻi, bu yerdagi ishini, tuzukkina tushumni, izzat-obroʻsini koʻzi qiymadi. Axir poytaxtga borsa hammasini noʻldan boshlashi kerak. E-he-e, katta musavvirlar davrasiga kirib olguncha yana qancha ter toʻkishi kerak. Ayni paytda Baxtiyorning bunga tobu toqati yoʻq edi. Axir bu yerda pul topayapti, pul! Ham otasining roʻzgʻorini, ham oʻzini boqayapti. Hiylagina xarob boʻlsa-da, viloyat markazidan kichkinagina hovli sotib oldi. Oʻzi ham anchagina toʻlishib qoldi. Eski kasali tuzalib ketganday boʻldi.

«Siz yurak xastaligi boʻyicha hisobimizda turasiz, tez-tez bizning koʻrigimizdan oʻtib turing,» – deya zorlangan mahalla vrachining gaplariga quloq solmay qoʻydi. Hatto ba’zi bir boyvachcha buyurtmachilar ishdan soʻng beradigan ziyofatlardan gandiraklab arang qaytadigan boʻlib qoldi. Mayxoʻrlikka oʻrgana boshladi.

Bir gal badavlat bir qassobning imoratini poydevoridan tortib tomiga dovur bitirib, yaxshigina daromad qilgan brigada shaharning ovloq bir choyxonasiga bosh suqdi. Tevaragi quyuq dov-daraxt bilan oʻralgan bu goʻsha bir qarashda xushmanzara, toza-ozoda koʻrinsa-da, aslida isqirt, qoʻlansa isli joy ekan. Quruvchilar ochiqishgan edi. Boshqa choyxona topishga xafsala qilishmadi. Tubida besh-olti chelak qoramtir suv qalqib turgan hovuz boʻyidagi chorpoyaga oʻtirishdi. Koʻp oʻtmay taom izidan taomlar tortildi, boʻshagan may shishalari birin-ketin chorpoya tagiga yumalay boshladi. Hovuz boʻyini gʻala-gʻovur, mastona qiyqiriqlar, kulgilar tutdi. Shom qoʻnar-qoʻnmas boshlangan bazm to tun yarmiga dovur davom etdi.

Oʻsha kuni Baxtiyorning ta’bi mayga koʻp tortmadi. Ikkov ora-ikkov ora boʻlib, allaqanday ikir-chikirlar haqida gaplashib, bahslashib yotgan davrani ma’yus kuzatib oʻtirardi. Nogoh uning koʻzi hovuz tubidagi koʻlmakda balqib turgan yulduzlarga tushdi. Isqirt bir koʻlmakda balqib turgan yulduzlar! Tun! Qop-qora, motamsaro daraxtzor! Koʻrganlari Baxtiyorga sirli bir hikmatlar soʻylardi, fikratiga sirli bir ishoralar qilardi. Uning yuragida tanish, juda tanish toʻlqin koʻtarildi. Lazzatli bir iztirob butun shuuriga silqib kirdi.

«Buni qarangla-ar!» – Beixtiyor qichqirib yubordi u.

Tevaragidagilar avval rassomga, soʻng u ishora qilib turgan tomonga koʻz tashlashdi.

«Nima? Nima gap?»

«Tinchlikmi?»

«Biror nima hovuzga tushib ketdimi?»

Ayniqsa eng soʻnggi soʻrov Baxtiyorni battar hayajonlantrib yubordi:

«Ha, qaranglar! Koʻlmakka bir hovuch yulduz tushib ketibdi!»

«Eh, bor-yoʻgʻi shumi, men nima balo ekan deb oʻylabman,» – deb mastona poʻngʻilladi brigadir.

Boshqalar ham hafsalasi pir boʻlgan koʻyi gʻudranib qoʻyishdi.

Shu tob... shu tob Baxtiyor teran bir tuygʻudan titrab ketdi: hamisha hamdam, hamqadam, hamshisha mana shu odamlardan u naqadar uzoq! Naqadar begona bular unga!

Baxtiyor bir intilib dasturxon oʻrtasida turgan, ichidagi ichkilik yarimlab qolgan shishani boʻgʻzidan tutdi, chetlari uchgan piyolaga toʻkib-sochib aroq quydi. Soʻng dovdiragan koʻyi taxir ta’m suyuqlikni sipqorib yubordi. Oʻz-oʻzlari bilan ovora, bir-biriga quloq solmay gapirib yotgan sheriklari unga deyarli e’tibor berishmadi.

Baxtiyor qarshisidagi qop-qora boʻshliqqa ma’yus-mahzun tikilgan koʻyi jim qoldi. Bir piyola limmo-lim ichkilik ham u istagan moʻ‘jizani bermadi. Yolgʻizlik, tevarakka begonalik hissi uni tark etmadi. Boʻgʻzini kuydirib xoʻrlik, alam toshib kela boshladi. Baxtiyor hoʻngrab yubormaslik uchun lablarini qimtib, qult-qult yutindi. Ammo urinishlari besamar ketdi. Avvaliga koʻzlaridan achchiq yosh sizib oqdi, soʻng... tuyqus boʻgʻzidan boʻgʻiq bir sas otilib chiqdi. Mast-alast sheriklar yalt etib u tomon oʻgirilishdi.

«Ha, nima gap?! Tinchlikmi?»

«Biror joyingiz ogʻriyaptimi?»

«Kayfi oshib qoldimi deyman.»

Hamshishalarning biri qoʻyib-biri olib ketma-ket soʻroqqa tutishlari, turtkilab-tortqilab ovutishga urinishlari Baxtiyorning battar xoʻrligini toshirdi. Yogʻ, boʻyoq isi qorishib ketgan kaftlarini yuziga bosib baralla hoʻngrashga tushdi.

«Nima balo, aqldan ozdimi bu?!»

«Maishatning ham beliga tepdi.»

«Toʻgʻrisi, shu rassomimizga umuman tushunmadim. Bir qarasang soatlab laqillab gurung beradi, bir qarasang kun boʻyi miq etmay xayol suradimi-ey, gʻamga botib yuradimi-ey....»

«Kim biladi, ichida bir dardi boʻlsa kerakda bechoraning.»

«Davay, uni hoʻngillatmay tezroq uyiga olib borib tashlaylik.»

Oʻsha tunda Baxtiyorning kasali yana xuruj qildi.

«Ana aytmadimmi, tez-tez koʻrikdan oʻtib turish kerak deb. Siz esa boʻkib ichib yuribsiz» – dedi mahalla vrachi, uning tovushida bezovtalikdan koʻra tantana koʻproq edi.

Baxtiyor oʻn kuncha viloyat kasalxonasida davolanib chiqqan boʻldi. Ketar chogʻi doʻxtirlar odatdagiday tayinlashdi: «Sizga qattiq ta’sirlanish ta’qiqlanadi. Spirtli ichimliklardan mutloq uzoqroq yuring.»

Baxtiyor odatdagiday bosh irgʻab qoʻydi. Oʻsha tunda koʻrgan manzarasi hali-hanuz uning koʻz oʻngida turardi. Kasalxonadan chiqiboq moʻyqalam tutishni moʻljallab yurardi.

«Agar shuni ham eplasam, ikkita zoʻr kartinam bor boʻladi!» – xayolidan oʻtkazdi u. – Keyinroq Toshkentga olib boraman. Eng mashhur rassomlarga koʻrsatib maqtanaman. Yoʻq, yoʻq, bira toʻla poytaxtga koʻchib ketaman. Faqat ijod bilan shugʻullanaman. Ungacha iqtisodni tiklab olaman, uch-toʻrt yil ishlamasam ham roʻzgʻorim kechadigan darajada mablagʻni gʻamlayman.»

Baxtiyor viloyat markazidan olgan uy boloxonali edi. Unga ayniqsa shunisi ma’qul boʻlgandi. Baxtiyor boloxonani hafsala bilan ta’mirlab, oʻzicha ustaxonaga aylantirib oldi. Ahyon-ahyon yelkasiga toʻnini yelvagay tashlab uning yogʻoch zinalarini gʻijirlatib yuqoriga koʻtarilarkan, oʻzini daho musavvirlardek his qilar edi.

Ammo Baxtiyorning oʻylaganlari orzuligicha qolib ketdi. Oradan bir yil oʻtar-oʻtmas qurilish-ta’mirlash olamida «evroremont,» «turkcha fason,» «yaponcha fason» degan usullar keng urf boʻldiyu, uylarga gul chizdirish, naqsh urdirish e’tibordan qoldi. Baxtiyorning boʻsagʻasidan mijozlarning oyogʻi uzildi. Tirikchilik tashvishi butun zalvori bilan yana uning ustiga quladi. Hovli-joyni qayta qurib olish niyatida yigʻib qoʻygan jamgʻarmalari ham yil oʻtar-oʻtmas sob boʻldi. Baxtiyor gangidi. Qishlogʻi sari jonsarak yuzlandi. U bir paytlar, toparmon-tutarmonlik paytlari, xotinining ne bir hay-haylashlariga qaramay qavmu qarindoshlariga saxovat koʻrsatgan, toʻyyu ma’rakalarida ochiq qoʻllik bilan xizmat qilgan edi. Ammo ulardan muruvvat boʻlmadi. Hatto katta yangasi bezrayganicha chaqib oldi:

»Pul topib biz bilan beminnat boʻlishgansiz deb quvoniblar yurgandik, lekin... bir kun kelib bergan uch-toʻrt soʻmingizni pesh qilib kelasiz deb oʻylamagandik...»

Baxtiyor yalt etib yangasiga, uning yonida soʻnarib turgan akasiga qaradi. Axir u bir paytlar koʻrsatgan koʻmagi haqida ogʻiz ham ochmagan edi! Shunchaki, ozgina qarz soʻragan edi, xolos! U chuqur bir xoʻrsinib, hech nima demay, uydan chiqib ketdi.

Oʻsha rahnamo amakisi esa uning ozgʻin-toʻzgʻin loshini koʻrgandayoq sergak tortdi. Ishi yurishmay, tirikchiligi kechmay qolganligi haqidagi uzundan-uzoq shikoyatini oh-voh bilan eshitdi. Soʻng koʻzlarini yarim yumib, xumday boshini ohista chayqagan koʻyi mingʻirladi:

«Seni dunyoga mashhur rassom boʻlib ketasan deb oʻylagandim. Lekin goʻrga ham bormading. Boʻsh-bayovliging pand berdi...»

Amakining iddaolari jon-jonidan oʻtib ketdi. Ammo qaysarlarcha oʻrnidan turib ketishga nimalardir monelik qildi. Goʻyoki yelkasidan ulkan togʻ bosib turgandek edi.

«Mayli, urib-soʻkib boʻlsayam ozroq pul bersin,» – xayolidan oʻtkazdi u yerdan koʻz uzmay. Ammo bu oʻydan yuragining qay bir nozik tomiri chirt etib uzilganday boʻldi.

Amaki Baxtiyorning koʻnglidagini payqadi-yov, har qalay aft-angorini tirishtirib choʻntak kavladi. Baxtiyor qarindoshinikidan quvonib qaytdi.

Otasi esa uning yoʻqlab borishini kutib oʻtirmadi. Nevaralarini koʻrish bahonasida shaharga tushdi. Ammo esi-dardi oʻgʻlida ekanligi shundoqqina yuz-koʻzidan bilinib turardi.

«Bolam, qoʻramda uch-toʻrtta koʻtaram qoʻyim bor, xohlasang bir oz boqib semirtir, xohlasang shu holicha sotib yubor, tirikchiligingni oʻngla,» – dedi u oʻgʻliga beadoq hasrat bilan tikilib.

Baxtiyor shu alfozda olti oycha kun koʻrdi. Soʻng eski bir tanishlarini oʻrtaga qoʻyib, yalinib-yolvorib shahardagi qoʻshma korxonalardan biriga madaniy-ma’rifiy ishlar boʻlimiga oʻrnashdi. Har xil shiorlar, hikmatnamo, maqolnamo gaplar bitilgan panolar tayyorlash, lozim joylarga suratlar, yoʻriqnomalar chizish kabi mayda-chuyda vazifalar uning zimmasiga yuklatildi.

«Hozircha sinov muddati bilan olamiz, maoshingiz kamroq boʻladi, – dedi xoʻppa semiz, yuz-koʻzlariga ayovsiz upa-elik chaplangan ayol, – ishingiz ma’qul boʻlsa, uch oydan soʻng shtat boʻyicha haqingizni olaverasiz...»

Oʻshanda kech kuzning izgʻirinlari izgʻib turardi. Sovuq. Lekin Baxtiyor quvonchdan qoni qizib, koʻzlarida oʻt porlab uyiga qaytdi. Xotiniga koʻngli iyib, mehr bilan tikildi: «Matluba, senga rahmat. Qiyinchiliklarga sabr qilding, kamimni yashirib, koʻpimni koʻpirtib koʻrsatding.»

«Qoʻying-e, – deb pichirladi Matluba, erining erib, erkalab qarashlaridan xijolatlanib. – Non topib kelayotgan siz-ku, men bir tashvishingizni mingga koʻpaytirishdan boshqasiga yaramayotgan boʻlsam...»

Oʻsha qoʻshma korxonaga ishga oʻrnashgan kuni Baxtiyor uchun chinakam bayram boʻldi. Xotini ikkisi bolalarni sayrboqqa olib chiqishdi. Kechqurun uyda osh damlandi. Xush hol oʻrin-toʻshakka choʻzilishdi, ammo... tun yarmida tuyqus Baxtiyorning uyqusi qochdi.

Kun boʻyi yuragi toshib, quvonchga qorishib, hayajonga koʻmilib yurdi-ya?! Nega?! Nima uchun?! Bor-yoʻgʻi allaqanday korxona boʻyoqchilikka olgani uchunmi?! Nahotki, shu darajada maydalashib ketdi?! Nahotki, shu qadar ojiz va notavon odamga aylandi? Chizish-boʻyash yumushini eplaydigan kadr kerak ekan, ana, ishga olishdi, shunga nima? Manglayida daholik yulduzi porlab turgani uchun unga talpinishgani yoʻq. Aksincha, u talpindi, yalinib-yolvordi oʻshalarga! Qanday minnatdorchilik izhor qilishni bilmay qiynaldi, qiypangladi! Oʻsha mutasaddilar uni iqtidori, iste’dodi uchun arshi a’loga koʻtarishgani yoʻq, shunchaki, sinov muddati bilan xizmatga olishdi, xolos. Tinkangni quritib ishlatishadi, minnatu iddaolar, betiyiq amru farmonlar bilan xoʻrlashadi, soʻng xuddi laycha oldiga suyak tashlagandek, qoʻlingga oʻsha moyanangni tutqazishadi. Sudralib uyga qaytasan! Sudralib yana ishga borasan! Bir umr shunday! Bir umr sudralib oʻtasan! Shuning uchun behad quvonib yuribsanmi?! Orzularing shumi sening!

Baxtiyor shunday iztirobli oʻy-xayollar iskanjasida ezilib oʻrnidan turdi. Kuyovlikdan qolgan toʻniga burkanib tashqariga chiqdi. Quruq sovuq beayov zabtiga olardi. Ayoz qisgan osmonda yulduzlar diydirabgina koʻrinardi.

Baxtiyor yogʻoch zinalarni gʻijirlatib yuqori koʻtarila boshladi. Boloxona! Mana uning dunyosi! Mana orzulari olami! Tovuq qoʻnogʻidek kichkinagina ustaxona! U paysallanib lampa-chiroqni yoqdi. Pastak, har xil boʻyoq va qirindi isi qorishgan hujra tilla tusda yorishib ketdi. Bu yerda musavvirlik ashqol-dashqollari toʻzgʻib yotibdi. Oʻrtada molbert. Chekkada chang bosgan, uyning avvalgi egasidan qolgan divan. Chala chizilgan surat. Huvv, choyxonada hayajonlantirgan manzara. Baxtiyor uni tugatishga ulgurmagan, yana tirikchilik tashvishlariga andarmon boʻlib ketgan.

Baxtiyor xuddi birov koʻrib qolishidan qoʻrqqandek tevaragiga tezgina alanglab oldi-da, burchakda qiyshayibgina turgan, tokchalariga kitoblar, jurnal-gazetalar taxlangan javon ortiga qoʻl choʻzdi.

U hamisha shunday qiladi. Horigan, bezigan, ezilgan kezlari xuddi shunday boloxonaga chiqib keladi. Javon ortiga yashirib qoʻyilgan, boʻzga oʻrogʻliq kartinani hujra oʻrtasiga ohista olib, ohista ochadi. Koʻngli yorishib, yuz-koʻziga tabassum yoyiladi.

Mana, uning bebaho boyligi! Yuragi! Quvonchi! Sogʻinchi! Najoti! Orzu-umidlari! Uning umri!

Baxtiyor bu kartinasini talabalikning soʻnggi yilida, bir oycha ijara uyidan chiqmay chizgan edi. Garchand bu ishini hozircha hech kimga koʻrsatmagan, hech kimga baholatmagan boʻlsa-da, favqulodda noyob bir san’at asari yaratib qoʻyganini ich-ichida his etardi. Asarini har gal koʻrganida koʻnglida hayotga ishonch va umid qabarardi. Horgʻinlikda charchogʻi tarqab, tushkunlikda ruhi koʻtarilib, kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshilardi. Shuning uchun ham gʻam-gʻussa iskanjasida qolgan kezlari, yelkasiga toʻnini tashlab, xuddi koʻk toqiga yoʻl olganday, viqoru salobat bilan sekin boloxonaga koʻtarilar edi.

Uning boloxona tomon yuzlanayotganini koʻrgan xotini ham ich-ichida quvonadi. Chunki u tushkun, aftodahol eri yuqoridan yengil tortib, koʻzlari ilhomdan chaqnab tushishini, xuddi sehrli giyohlar sharofatidan sogʻaygan bemorday yashnashini juda yaxshi biladi.

Ammo oʻsha tun Matluba erining tuyqus boloxonaga chiqib ketganini payqab ajablandi. Axir ishga kirib, dimogʻi chogʻ, vaqti xush boʻlgan edi-ku?! Nega yana tashvishlanib qoldi?

Oʻzi bilan oʻzi andarmon Baxtiyor albatta, xotinining bezovtaligini payqamadi. Oʻsha tun boloxonada odatdagidan koʻproq qolib ketdi.

Afsuski, qoʻshma korxonadagi faoliyat ham uzoqqa choʻzilmadi. Endigina sinov muddati tugab, ogʻzi oshga yetgan mahali, arzimagan anglashilmovchilik kasofatiga yoʻliqib ishdan haydaldi.

Falokat bahorning ilk kunlarida roʻy berdi. «8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni! Ayyom muborak ayollar!» degan bitik tayyorlab peshtoqqa ilib qoʻyish ma’muriyat tomonidan buyurildi. Baxtiyor tuni bilan ishlab hammasini risoladagidek bajardi. Ammo... charchoq kasridanmi, yo odatdagi parishonlikdanmi, har nechuk uzundan-uzoq bitikdagi suv-havoday zarur yakkayu yagona «z» harfi tushib qolibdi! Bu kasofat yetishmovchilikni ertasi kuni ma’muriyat payqab qolganda... ancha kech boʻlgan, korxona eshigidan kirib kelgan har bir odam bitikka koʻz tashlab ulgurgan edi. Darhol rassomning arizasi olindi.

Baxtiyor korxona darvozasidan soʻnggi bor mungʻayibgina chiqarkan oʻsha tungi iztirobli yozgʻirishlari lop etib esiga tushdi: «Noshukurchiligim uchun Xudo meni jazoladi-yov...»

Jazoning beayovlari hali oldinda ekan. Baxtiyor uchun yana jonsarak kunlar boshlandi. Qarzga botdi. Qarindoshlar oldida soʻnardi. Shu orada kimdir biror bir tahririyatga ish topishni maslahat berdiyu, Baxtiyor oʻshanday joylarga bosh suqib koʻrdi. Bosh suqdiyu tahririyatlarda rassomlarga u qadar ehtiyoj yoʻqligiga tezgina amin boʻldi.

«Ilgargi zamon boʻlganda sizni bajonu dil ishga olardim. Ammo-lekin... hozir hammayoq kompyuterlashib ketdi. Menga kompyuterlarni zoʻr biladigan dizaynerlar kerak...»

Baxtiyor bu gʻaroyib anjomning siru sinoatidan bexabar edi. Lekin bir oz qunt bilan harakat qilsa, tuzukkina oʻrganib olishiga ishonardi. Hatto shu niyatda kompyuter markazlari tevaragida timirskilanib koʻrdi. Va bildiki, bu ham anchagina vaqt, xarajat talab qiladigan mashgʻulot ekan. Hafsalasi pir boʻldi-qoldi.

Egni tushib, etagi sudralib yurgan shunday kunlarning birida kutilmagan uchrashuv roʻy berdi.

Oʻshanda Baxtiyor eski quruvchilar brigadasi bilan topishib, ularning ba’zi bir yumushlariga qarashib, ikki-uch tanga choy puli ishlab, tinka-madori qurib uyiga qaytib kelmoqda edi.

Yoz chillasi hovur purkardi. Shahar oʻt yoqilgan tandirday qizib yotardi. Tirik jon oʻzini soya-salqinga urgan. Yoʻllarda qatnov siyrak.

«Baxtiyarchik!»

Muyulishlarning biridan endigina qayrilgan Baxtiyor oʻz ismini eshitib atrofiga alangladi. Odatdagi parishonligi kasridan avvaliga dabdurustdan hech kimga koʻzi tushmadi, soʻng... pastqam doʻkon biqinida bir burdagina boʻlib oʻtirgan nusxani payqab, unga taajjublanib tikildi.

«Chto, menya ne uznayosh, – deya tagʻin gap qotdi oʻsha nusxa. – Ya je Georgiy, uznal. Nu-ka, podaydi ko mne.»

Georgiy! Nahotki manavi tasqara oʻsha rassom! Aft-angori kir-chir, soch-soqollari oʻsiq, ustida chuvrindi kiyim.

«Meni bolaligimda bir martagina koʻrgan, – oʻyladi Baxtiyor boʻshashib yurinarkan, – E-he-e, oradan qancha yillar oʻtib ketdi. Qiziq, meni qanday tanidi u?!

Georgiy yalpaygan joyidan jilmay unga tikilib turardi. Baxtiyor odatdagi takalluf yuzasidan iljaydi, quyuq salomlashish uchun ogʻiz juftladi.

«Kajetsya, tы udivlyaeshsya, chto ya uznal tebya? – deb qoldi dabdurustdan Georgiy, – iskra genialnosti tebya na lbe blestit!

Baxtiyor ruscha gapirishga noʻnoq boʻlsa-da, lekin tilni tuzukkina tushunardi. Daydining e’tirofi unga moyday yoqdi.

«Zdrastvuyte, Georgiy aka,» – dedi koʻrishish uchun qoʻl choʻzib. Lekin daydi alik olmadi. Hatto Baxtiyorning uzatgan qoʻli havoda muallaq qoldi.

«Risuesh?» – deya yana dabdurustdan soʻradi Georgiy, unga sinchkov-savolchan tikilib.

Baxtiyor kalovlandi. Nima deb javob berishini bilmadi.

«Oz-moz harakat qilyapman,» deyishga ogʻiz juftlab ruscha kerakli soʻzlarni izladiyu, ammo... qarshisidagi bir juft koʻzlardan sehrlanganday lol qotib qoldi. Ular hech qachon allaqanday isqirt daydinikiga oʻxshamas edi. Bu koʻzlar mavjlanayotgan moviy dengizdek edi. Yoʻq, bir juft gavhar misol tovlanib, porlab turardi. Gʻuborsiz osmonday tip-tiniq edi bu koʻzlar! Hoynahoy, hayotidan mamnun-masrur odamning koʻzlarigina ana shunday charaqlab turadi.

«Chto umolk? – dedi Georgiy bir gʻimirlab qoʻyarkan, – ya sprosil: risueщ ili net?»

«Da...» – Baxtiyor ahyon-ahyon moʻyqalam yurgizib turganini amal-taqal tushintirgan boʻldi.

«Gotovaya kartina yest u tebya?»

Baxtiyor yana sarosimalandi. Bir dona bor deyishdan uyaldi, qolaversa, uni birovlarga koʻrsatishni istamasdi, qandaydir qizgʻanardi. Lekin shu tobda shundoqqina paydo boʻlib qolgan yetuk musavvirga ishini koʻrsatib, uning fikrini bilish istagi ham koʻnglida gʻimirlab qoldi. Shuning uchun ham:

«Ha, bir dona bor,» – dedi gʻudranib.

Georgiyning koʻzlari moviy-yashil ranglarda tovlanib ketdi.

«Mojno mne posmotret, pokajesh?»

Baxtiyor uning isqirt ust-boshiga kishi bilmas razm solib chiqdi. Bunday daydinamo nusxa bilan shahar koʻchalarida yetaklashib yurishga iymandi. Biroq baribir oʻsha qiziqishi qitiqlab qoʻymadi.

«Boʻpti, yuring uyga boramiz,» – dedi andak ikkilanib turgach.

Georgiy bir qarashda bir paytlar otasi oldiga solib bergan koʻtaram, qoʻtir qoʻyga oʻxshab koʻrinsa-da, favqulodda tetiklik bilan dik etib oʻrnidan turdi.

Xayriyat, oʻsha kuni xotini, bolalarini olib qishloqqa toʻy-toʻylab ketishgan ekan. Yoʻqsa, eri ergashtirib kelgan mavjudotni koʻrib esidan ayrilishi mumkin edi.

Georgiyga Baxtiyorning xarobgina hovlisi, ayniqsa, boloxonasi yoqib qoldi.

«Samoe podxodyaщee mesto dlya tvorchestvo, dlya xudojnika,» – dedi tevarakka alanglab.

Baxtiyor uning soʻzlariga deyarli e’tibor bermadi. Hayot-mamoti hal boʻlayotgan mahbusdek titrar, yuragi gurs-gurs urar edi.

«Vot... – dedi u arang, lablari hayajondan quruqshab, javon ortidan kartinasini olib, eski divanda yalpayib oʻtirgan Georgiyning qarshisiga qoʻyarkan.

Keksa musavvir aftidan Baxtiyorning hol-ahvolini payqadi.

«Idi, poka pogulyay gde-nibud minut desyat, – dedi hamdard bir ohangda, – sam razvernu i posmotryu.»

Bu taklif hayajon va hadikning zoʻridan ichaklari boʻshashib bezovta qilayotgan Baxtiyorga ayni muddao boʻldi. Shu zahotiyoq yelka qisib, yuz-koʻzlarini kafti bilan bekitib pastga otildi. U bir paytlar oʻziga ardoqli boʻlib qolgan uloqni qurbonlik uchun shaylashgan chogʻ shunday ahvolga tushgan va shu holatda dasht tomon chopib ketgan edi.

Yoʻq, oradan oʻn emas, oʻn besh daqiqalar oʻtdi. Hojatdan chiqib, oʻzini ancha bosib olgan Baxtiyor bir-bir bosib yana boloxonaga koʻtarildi. Georgiy oʻsha kartina qarshisida yonib ado boʻlayotgan shamdek qiyshaygan koʻyi qotib oʻtirardi. U botinmaygina boloxonaga bosh suqqan Baxtiyorni payqamadi. Shu alfozda tagʻin ikki-uch daqiqa turdi, soʻng tuyqus uygʻongan kabi ilkis biqiniga oʻgirildi. Oʻsiq soqol-moʻylov orasida gʻira-shira koʻrinib turgan ogʻzini nim ochib, Baxtiyorga umrida ilk bora koʻrib turgan moʻ‘jizaga boqqandek boqdi. Soʻng ohista pichirladi:

«Nu-ka, day lapu.»

Baxtiyor indamay oʻng qoʻlini uzatdi. Georgiy uni ohista ogʻziga yaqinlashtirib gʻudrandi:

«Nado tselovat takie ruki...»

Yoqimli mujdadan mumday erigan Baxtiyor Georgiyning oʻsiq tuklari qoʻliga ignadek sanchilganini u qadar payqamadi.

Keksa musavvir bir oz surilib yoniga ishora qildi. Baxtiyor eski divanni gʻijirlatib oʻtirdi. Georgiyning andak namlangan koʻzlari yanada tiniq tortib, shishaday yiltillab turardi.

«Prekrasnaya rabota! Bestsennaya kartina! Kogda narisoval eto?»

«Davno...» – dedi Baxtiyor mingʻirlab.

Georgiy oʻng biqinini kovlashtirib chuvrindi kiyimlarining qay bir teshigidan iygʻalangan sigaret qutisini oldida, andak titrayotgan barmoqlari bilan uni ochdi. Quti ichida, aftidan, u-bu yerdan terib olingan boʻlsa kerak, uch-toʻrtta chala chekilgan sigaret qoldigʻi qalashib turardi. Georgiy ulardan birini shoshilmay labiga qistirib tutatdi.

«No... ya ne mogu tebe chego-nibud posovetovat... lish odno mogu skazat: tы doljen rabotat, tы doljen tvorit.»

Baxtiyor ruscha kerakli soʻzlarni tergilab, tirikchilik qiynab qoʻyganini, oʻzini moddiy jihatdan oʻnglab, soʻng butkul ijod bilan shugʻullanish niyatida ekanligini, lekin hozircha hech imkoniyat boʻlmayotganini aytishga chogʻlanib emrandi.

Georgiy bosh chayqadi. Aftidan, u Baxtiyor ogʻiz ochmasdanoq nima demoqchi ekanligini anglagan edi.

«Slushay... – dedi u oʻychan tebranib, – krasota, iskusstvo trebuet jertv... Xudojnik vsegda doljen bыt gotovыm etomu... Tak sujdeno Bogom. Nastoyaщiy, genialnыy xudojnik ne doljen iskat, jdat blag ot jizni. Yego talant, yego svoystvo yest blago, yest dar Boga.»

«Bunday marhamatning menga nima nafi bor, – deb yubordi Baxtiyor xoʻrligi kelib, – shaxsan oʻzim uchun hech qanday talabim yoʻq, lekin bola-chaqamni boqishim kerak.»

Georgiy unga xayolchan termilib qoldi. Uning haligina chaqnab turgan koʻzlari allanechuk xira tortgan edi. Bir ozdan soʻng ogʻir xoʻrsinib oʻrnidan turdi.

«Ladno... po-moemu, tы yeshyo ne osoznal smыsl iskusstva, tvoreniya. Da, kstati, – keksa musavvir Baxtiyor shosha-pisha matoga oʻrayotgan kartinaga ishora qildi, – ne smey eto prodat ili komu-libo podarit, ved eta tvoya jizn.»

Georgiy ketdi. Baxtiyor unga narigi muyulishgacha kuzatib qoʻygan boʻldi.

Shahar hali-hanuz haroratdan hansirab yotardi. Katta yoʻl boʻylab yelib oʻtayotgan avtolar, gʻira-shira hovur ortida xuddi erib borayotganday tuyuladi. Qay bir hovli oldiga koʻloblatib sepilgan suvdan namiqqan tuproq isi dimoqlarga uriladi.

Baxtiyor uyiga koʻngli xijil boʻlib qaytdi. Shunday musavvirni mehmon qilolmadim, ahvolini koʻra-bila turib, hech qursa, qoʻliga uch-toʻrt tanga tutqazolmadim degan oʻy uni qiynardi. Keyin angladiki, butkul boshqa narsa uni iskanjaga olib ezgʻilayotgan ekan: Georgiyning tuyqus soʻnargan koʻzlari, xoʻrsiniqlari!

Baxtiyor boʻshashib hovlisiga kirarkan, qariya ishora qilgan oʻsha xatolarini anglab olishga urinar, lekin tuzukroq xulosaga kelolmay tajanglashar edi.

«Aslida Georgiyni uyga boshlab kelmasligim kerak edi,» – deb oʻyladi dahlizdagi koʻrpacha ustiga behol choʻzilib u.

Ha, ha, yoʻl qoʻyilgan eng katta xato shu! Fikr olmoqchi boʻldilar, toʻgʻrirogʻi, e’tirofini eshitmoqchi boʻldilar. Ana, asarini maqtadi, koʻklarga koʻtardi. Nega endi quvonchdan irgʻishlamayapti, osmonu falakka parvoz qilmayapti? Darvoqe, asari Georgiyga yoqmaganda-chi, deylik, rassom uni yerga urib tanqid qilganda-chi? Xoʻsh, oʻshanda qanday chora koʻrardi? Suratni olovga tashlarmidi? Yo burdalab uloqtirarmidi?!

«Yoʻq, aslo! – Baxtiyor beixtiyor gʻudranganicha qad rostladi, yuragi gurs-gurs urardi, – axir u mening hayotim, borligʻim! Georgiy ham shunday dedi. Shu gapning oʻzi asariga eng a’lo baho.»

Baxtiyor yana koʻrpachaga choʻzildi. Xom gʻishtdan qurilgan, pasttakina dahliz ancha salqin edi. U bir oz mizgʻish ilinjida gʻujanak tortdi. Chindan ham koʻzi ilingan ekan. Qancha uxlaganini bilmaydi, bir payt yengil gʻala-gʻovurdan uygʻonib ketdi. Qarasa, bolalari tevaragida oʻtirib, uning uxlashini tomosha qilishyapti. Oʻgʻilchasi qiqir-qiqir kulyapti. Katta qizi uni jim boʻlishga undayapti.

«Dadajon, biz keldi-i-ik!» – deya qiyqirganicha kichik qizi uning bagʻriga otildi. Qolganlari ham shoʻx-shodon uning boʻyniga osilishdi.

Bolalar! Uning bolalari! Qanchalar nodon, qanchalar olchoq u! Boyagina allaqanday daydiga shu jajjilarni boqayotganini aytib hasrat qildi-ya?! Shu dardisarlar boʻlmasa, zoʻr rassom boʻlib ketardim, deb oʻkindi-ya?! Minnat qildi-ya?! Qanchalar yovuz, qanchalar xudbin u?!

Baxtiyorning koʻzlariga beixtiyor yosh qalqdi. Hoʻngrab yubormaslik uchun qizchasining patila-patila sochlariga yuz bosdi.

Oʻsha tun kasallik yana xuruj qildi. Saharga yaqin uni «Tez yordam» olib ketdi. Xotini oyogʻi kuygan tovuqday u yon-bu yonga chopdi. Yordam soʻradi. Oʻsha eski brigadasi oqibat koʻrsatdi. Baxtiyorni yolgʻiz tashlab qoʻyishmadi. Roʻzgʻoriga ham gʻamxoʻrlik qilishdi.

Baxtiyor bu gal ancha uzoq davolandi. Muolajalar tugagach, olib ketish uchun xotini keldi. U ancha tushkun va bezovta edi. Baxtiyor ajablanib uni savolga tutdi. Matluba hiq-hiq yigʻlashga tushdi. U palataga kirishdan avval vrachga uchrashgan edi.

«Eringizni ehtiyot qiling, agar kasali yana xuruj qilgudek boʻlsa... hayotiga kafolat yoʻq,» – dedi davolovchi vrach ming bir chaynalib...

Shu narsa uni qattiq qaygʻuga solgandi. Ammo Matluba eshitganlarini eriga aytmadi. «Shunchaki, sizsiz qiynalganimizdan yigʻlayapman,» deb mingʻirlab qoʻydi.

Baxtiyor yana oʻsha brigadaga borib qoʻshildi. Qoʻshilarkan bir paytlar ularni oʻziga begona sanab oʻkiniblar yurganidan uyaldi. "Shular kuningga yaradi-ku, shulargina senga, oilangga parvona boʻldi-ku?!» – degan ichki xitob bilan tez-tez oʻzini tergab, tanbeh-doshnomlarga koʻmib tashlardi. Ammo bu hol ishtaha tortmagan taomni sogʻliqqa foydali deb yeganday bir gap edi. Baxtiyor boʻyniga boʻyinturuq solingan qirchangʻiday arang sudralib ishga borar, quruvchilarning sayoz-siyqa gurunglaridan darrov zerikar, bir yoqlarga bosh olib qochib ketgisi kelar edi. Ammo... nachora. Osmon uzoq, yer qattiq. «Yoʻq, buning hammasi vaqtincha, – deb goho oʻz-oʻzini ovutardi u, mahmadona suvoqchiga yordamlashib yurarkan, – tez orada ketaman bu yerdan! Oʻzimga munosib ish topamanu, ketaman.»

Ha, ha, tez orada bu yerlardan ketishi tayin boʻlib qoldi. Lekin... brigada bilan. Aftidan, qismatida quruvchilik qayd etilganga oʻxshaydi.

«Kelgusi yil may oylarida Rossiyaga joʻnaymiz, – deb qoldi bir kun brigadir, – xohlasangiz biz bilan yuring. Siz bop yumush ham topilib qolar. Faqat xayolparastlikni tashlasangiz boʻldi.»

Baxtiyor manglayida qotib qolgan qorishma yuqini oʻychan ishqalarkan, bosh irgʻab rozichilik bildirdi. Hatto bu safardan qancha daromad qilishini chamalab ancha hovliqib qoldi. Ammo oldida turgan olis safarning ham nagʻmalari koʻp edi. Avvalo yoʻl kira uchun pul topish kerak. Roʻzgʻorga ham ikki-uch oyga yetgulik mablagʻ tashlab ketish zarur.

Brigadir lutf etgan paytlar hali bahorgacha uzoq edi. Baxtiyor moʻ‘jiza roʻy berishini, koʻzlagan mablagʻi topilib qolishini kutdi. Ammo moʻ‘jiza roʻy bermadi. Lop etib bahor ham kelib qoʻydi. Butun borliq yashillikka burkanayotgan bir paytda Baxtiyor goh uning, goh buning eshigida sargʻaya boshladi.

Mana, bugun qadrdon, hamsaboq doʻsti Oʻktamni koʻzlab kelgan edi. Bundan ham qarz undira olmadi. Doʻsti yigʻlab kelganning oldiga hoʻngrab chiqdi.

Baxtiyor shunday ezgin va ogʻir xayollar ogʻushida koʻcha boʻyida, qari tut daraxtining qurigan, burishgan tanasiga suyangan koʻyi ancha turib qolganini payqadi. Ilkis uyqudan uygʻongan odamday koʻzlarini katta-katta ochib tevarakka alangladi.

Bahor quyoshi shitob bilan ufq sari ogʻib borardi. Osmonning u yer-bu yerida yaraga bosilgan paxtaday pagʻa-pagʻa bulutlar suzib yuribdi. Koʻcha-koʻyda qatnov avj. Avtolar chinqirib oʻtib-qaytardi.

Baxtiyor narigi tarafdagi bekat tomon oʻtishga shaylandi. Shu payt orqa tarafda, hozirgina u chiqib kelgan darvoza darchasi gʻiyqillab ochildi.
– Ey, Baxti, shoshma!

Bu Oʻktamning ovozi edi. Baxtiyor yalt etib unga qaradi. Koʻzlarida umid uchqunlandi.

«Baribir doʻstim-da, – xayolidan kechdi uning, – quruq qaytarishga koʻzi qiymadi-yov...»

Oʻktam lapanglagan koʻyi yetib keldi.
– Xayriyat, hali uzoqlashib ketmapsan...
– Shoshilayotgan joyim ham yoʻq.

Oʻktam oppoq, semiz barmoqlarini musht qilib dahaniga bir-ikki tekizdi. Odatda u goʻyoki muhim biror gap aytmoqchi boʻlsa shunday qilardi. Baxtiyor buni oʻsha talabalik davrlaridanoq yaxshi biladi, sergaklanib doʻstining ogʻzini poyladi.
– Bilasanmi... – dedi Oʻktam allanechuk iymangan ohangda, – sen chiqib ketgan paytingda Toshkentdan yaqin joʻram qoʻngʻiroq qilib qoldi. Oʻta ishonchli biznes hamkorlarimizdan. Gap aylanib bugungi yangi boylar hayotiga borib taqaldi. Doʻstim aytdiki, bugun elita oʻrtasida san’at asarlarini yigʻish an’anaga aylanibdi. Qoʻlda toʻqilgan gilamlar, taqinchoqlar deganday. Ayniqsa rassomlarning kartinalariga qiziqish katta emish. Hatto, eng noyob, eng haligi... nimaydi... xullas, eng zoʻr suratlarni kim koʻproq yigʻish boʻyicha musobaqa bor emish...

Oʻktam mushtini yana dahaniga tegizib yengil tomoq qirib qoʻydi. Doʻstiga sinovchan-savolchan tikildi.
– Shu gapni aytish uchun ortimdan yugurib chiqdingmi? – dedi Baxtiyor hafsalasi pir boʻlib.
– Oʻylovdimki, bu xabar seni qiziqtiradi deb... axir, bir paytlar chizarding, balki hozir ham chizib yurgandirsan.
– Xoʻsh, shunga nima?
– Nima emish... Tayyor asarlaring boʻlsa sotamiz.

Baxtiyorning nogoh koʻz oʻngida oʻsha kartinasi jonlandi. Badanidan nimadir oʻrmalab oʻtganday boʻldi.
– Yoʻ-oʻ... sotmayman, – deb yubordi u beixtiyor. Ammo tovushi shu qadar zaif va ishonchsiz chiqdiki, undan oʻzi ham qoʻrqib ketdi. Odatda charchagan, ezilgan va bezigan kishining ovozi shunday chiqadi.
– Nahotki menga ishonmasang, – dedi Oʻktam doʻstining qarshiligini oʻzicha tushunib, – narsangni sotsang, bir tiyiniga ham koʻz olaytirmay qoʻlingga tutqazaman. Sen meni toʻgʻri tushungin, men... prosto senga yordam bergim kelyapti.
– Yoʻ-oʻ... sotmayman.

Baxtiyorning bu gal ham sasi avvalgisidan battar ojizona eshitildi. U xuddi najot soʻraganday orqaga tisarilib yana oʻsha bukchayib-burishgan tutning tuya oʻrkachiday turtib chiqqan tanasiga suyanib oldi.

Doʻstining tipirchilab tirishishlari Oʻktamning tagʻin ham qiziqishini orttirdi.

«Bu xumparda bir gap bor-ov,» – deb oʻyladi u tajribali savdogarlarga xos sezgirlik bilan Baxtiyorni zimdan kuzatarkan.
– Baxti, namuncha qaysarlik qilmasang... Nechta tayyor kartinang bor oʻzi?
– Bitta...
– Bittami?! Atigi-ya? – Oʻktam pixillab kulganicha tizzalariga shapatiladi. – Shunga shuncha tarang qilyapsanmi? Men oʻylabmanki...
– Uni jonimdan ortiq koʻraman, sotolmayman.
– Baxti, bunday oʻrlik qilma. Aqlingni ishlat, quruq havoga qilich sermamagin. Seni toʻgʻri tushunaman... Har holda oʻz vaqtida imkoning yetmay yaxshi ijod qilolmagan boʻlishing mumkin. Balki hozir boshingda chinakam baxt qushi aylanayotgandir. Shu kartinani sotsang, balki ishlaring yurishib ketar. Toʻsatdan mashhur, boy boʻlib ketishing mumkin, bildingmi? Yurtning eng zoʻr boylaridan, balki korxonalardan senga ketma-ket zakazlar oqib kelar. Ana oʻshanda bemalol ijod qiladigan boʻlasan. Ana oʻshanda hamma qadr-qimmatingga yetadigan boʻladi...

Oʻktam tuyqus jim qoldi. Chunki u bilib-bilmay oʻz biznes loyihasini, doʻstining iste’dodidan foydalanish rejasini ham aytib yuborgan edi. U labini qimtigan koʻyi iztirobli oʻylar iskanjasida zabun boʻlib turgan Baxtiyorga sinovchan koʻz tashladi.

«...Payqadimikan? Yoʻ-oʻq, u bunday tadbirkorlikni tushunmaydi. Lekin... uni bir amallab koʻndirishim kerak.»
– Xoʻsh, Baxti, nima deysan? Gapirsang-chi, – dedi Oʻktam goʻyo horgʻin tin olib.

Doʻstining qizishib tushuntirishlari Baxtiyorga oʻtkir malhamdek ta’sir etmoqda edi. Uning xayollari algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi.

«Oʻktamning gaplarida jon borga oʻxshaydi. Chin-da, dunyoda mashhur, boy rassomlar koʻp-ku! Ularning asarlarini badavlat kishilar sotib olishgani uchun ham shunday boʻlgan-da! Esam, pulni havodan olishganmi? Men... men nega asarimni sotmasligim kerak? Agar u chinakam san’at asari boʻlsa, odamlar bahramand boʻlsin, zavqlansin, iste’dodimga qoyil qolishsin! Uni uyda saqlab oʻtirganimdan nima naf?»

Doʻstini zimdan kuzatib, uning taft tekkan muzday erib borayotganini payqagan Oʻktam tagʻin avrashga zoʻr berdi.
– Kimki uyidagi biror jihozni muqaddas sanab, unga sigʻinib yursa, oʻsha jihoz uyning rizq-nasibasiga toʻgʻanoq boʻlarkan. Bir duoxon mulla menga shunday degan...

Baxtiyor yalt etib doʻstiga oʻgirildi. Qoq koʻksiga oʻq sanchilgan jonivorday koʻzlari bezrayib, rang-roʻyi boʻzdek oqardi.
– Shundaymikan...
– E, oʻsha mulla hech qachon aldamaydi, shuning uchun mijozlari koʻp, har tarafdan oqib kelishadi.

Baxtiyor Oʻktamning gaplarini deyarli eshitmadi. Ich-ichidan qoʻzgʻalgan bir tovush «Xuddi shunday, ana, hayotingda koʻrib turibsan-ku,» deya butun ong-shuurida aks-sado berardi.
– Endi buyogʻi oʻzingga havola, – dedi Oʻktam doʻstining muqarrar taslim boʻlishini payqab oʻzini ketayotganga solarkan. – Sotsang sot, istasang quchoqlab yot... Men shunchaki senga yordam bermoqchi edim.

Baxtiyor u tomon ilkis intildi.
– Toʻxta!.. Doʻsting bilan shu haqda gaplashganing chinmi?
– Seni aldab menga zarilmi?
– Narxlari... qanday ekan?
– Qoʻrqma, seni hech kim chuv tushirolmaydi, oʻrtada oʻzim turibman. Yaxshigina narxga sotamiz. Nasib boʻlsa keyingilarini bundan ham qimmatga pullaymiz.
– Menga pul juda zaril-da, esam... – deb mingʻirladi Baxtiyor.
– Agar chindan ham sotishga koʻngan boʻlsang... mayli, men senga zaklat beraman.

Baxtiyorning chehrasi yorishdi.
– Rahmat... kelishdik.
– Gap bunday, Baxti, – Oʻktam doʻstining yelkasiga qoʻl tashladi, – men ertaga Toshkentga ketaman, juda muhim ishlarim bor. Sening oʻsha narsangni ham olib boraman. Menga bir hafta muhlat berasan...
– Bir hafta?!
– Ha, nima deb oʻylaganding, boyvachchalar qachon Baxtiyorning asarini opkelisharkan deb kutib oʻtirishmagandir. Borib unga-bunga koʻrsatish kerak, munosib mijoz topishim kerak.
– Xoʻp...
– Boʻpti, men hozir mashinamni olib chiqaman, gʻirra senikiga oʻtamiz, qani, qoʻlni tashla.

Baxtiyor boʻshashgancha qoʻl choʻzdi.

II

Bu qizni husndan ham ismdan ham qisgan edi. Semiz, besoʻnaqay gavdasini goh u yon, goh bu yonga tashlab ona ayiqday lapanglab yurar, goʻyo doʻrdoq lablarini, oytaboq yuzini, goʻshtdor burnini birov koʻrib qolib qoʻrqishidan qoʻrqqandek boshiga oftobdan sargʻaygan oq roʻmolini mahkam oʻrab olar edi. Aslida uning chaqqongina, saranjom-sarishtali qiz ekanini birov bilib, birov bilmasdi. Tevarakdagi qiz-juvonlar uning gʻashiga tegish uchun atay ismini baland ovozda tilga olishardi: «Rajab!» Ba’zilar azbaroyi qizni xafa qilmaslik uchun qoʻshimchaga zoʻr berardi: «Rajaboy... Rajabgul.» Lekin bu ham quloqqa «Rajabboy, Rajabqul» deganday eshitilar, polvon qiz xijolatdan battar besoʻnaqaylashar edi. Aytishlaricha, shunday noqulayliklar kasridan qiz maktabda ham yolchitib oʻqimagan ekan. Bolalardan tortib kattalargacha uni mazax-masxara qilishaverganidan yettinchi sinfni bitirib-bitirmay maktabdan oyogʻini uzibdi. Hatto bir-ikki bor oʻz joniga qasd qilishga uringan ham emish.

Baxtiyor ana shu qizni sevib qoldi. Oʻshanda u boshni tap-taqir qirtishlatib harbiy xizmatga chogʻlanib yurgan edi. Bir kuni daydib ketgan ola sigirini topib kelish ilinjida qishloq biqinidagi paxta paykaliga oraladi. Bu paytlar yigʻim-terim avji ancha pasaygan, paykallarning u-bu yeridagina qiz-juvonlar koʻsak chuvib, toʻkilgan tolalarni terib yurishar edi. «Ey, rassom, bizning rasmimizni chizib be-er!» – deya chinqirib qoʻl silkitardi uni koʻrib tanib qolganlari.

Baxtiyor ham xushhollik bilan bosh irgʻab qoʻyardi.

Oʻsha kuni u xayollarga gʻarq boʻlib, mol izlashni ham unutib paykalda xoʻb tentidi. Tevarakdagi manzaralar, ranglar uning yuragini oʻrtab, ilhom zavqini solardi. Tik turgan koʻyi hamma-hammasini qogʻozlarda tasvirlagisi kelardi.

Bir payt u taxtaday qotib qoldi. Attigi uch-toʻrt qadam narida, baland oʻsgan gʻoʻzalar orasida bir xilqat uzun, qop-qora sochlariga koʻmilib, allaqanday ashulani xirgoyi qilgan koʻyi koʻsak chuvib oʻtirardi. Nogoh sharpani ilgʻab u ilkis bosh koʻtardi. Chehrasini toʻsib turgan parishon sochlari ikki yonga siltanib ketdi.

Oq roʻmol ostida kun koʻrmagan yuzlar koʻpchigan xamirday oppoq edi. Bir juft qahrabodek koʻzlar hurkaklik bilan boqar, qalin, doʻrdoq lablar nim ochilib titranar, goʻyo nelardir demoqqa chogʻlanar edi.

Baxtiyor xuddi jodulanganday ancha payt qotib qoldi. Qizning yirik-yirik koʻzlaridan koʻz uzolmasdi. A’zoi-badani jimirlab, yuragi gurs-gurs ura ketdi. Qiz ham shu alfozda bir muddat tek qotdiyu soʻng, «Voy» deganicha oʻrnidan irgʻib turdi, kalovlanib yerdan roʻmolini olib boshiga ildi.

Shundagina baxtiyor qarshisidagi Rajab ekanini bildi. Toʻgʻrirogʻi, boʻyi-bastidan tusmolladi. Chunki u ilgari qoʻshni qishloqlik bu qiz haqida koʻp eshitgan boʻlsa-da, hech oʻzini bu qadar yaqindan koʻrmagan edi.

«Kechirasiz, sizni bezovta qildim – dedi yigit allanechuk hislardan tomoqlari quruqshab, – shu atrofdan sigirimni izlab yurgandim.»

Rajab koʻsak qobiqlari sochilib yotgan joʻyak tomon tisarildi, qat-qat, keng kiyimlarining u yoq-bu yogʻini orastalagan boʻldi.

«Siz ham shu brigadada ishlaysizmi?» – deb yana gap qotdi Baxtiyor.

«Yoʻ-oʻq, biz oltinchidanmiz. Bir haftaga hasharga keldik,» – dedi Rajab. Shunday boʻyi-bastiga qaramay, uning ovozi chinniday jarangdor, momiqday mayin edi.

«Noʻrma juda kattami?»

«Yoʻ-oʻq, kuniga oʻn kilocha chuvima topshirsak boʻldi.»

Baxtiyorning ketgisi yoʻq edi. Gapni gapga ulab turaverishni istardi. Shu sabab joʻyaliroq gap izlab picha gʻimirlab qoldi. Shu payt qizning oʻzi jonga oro kirdi.

«Armiyaga ketyapsizmi?» – deb soʻradi u qiya koʻz tashlab.

«Ha, – dedi Baxtiyor taqir boshidagi bir parcha kepkani piypalab. – Oʻqishga kirolmadik, endi armiyasini ham bir koʻrib kelaylik-chi.»

«Oʻqishga kirolmay oʻkingandirsiz-a?»

«Unchalikmas... shu institutga oʻzi koʻp ham hushim tortmadi.»

«Nega birdan yoqqaniga bormadingiz, masalan, rassomchilikka...»

Rajabning oʻzi haqida bilishini payqab Baxtiyor negadir sevindi. Lekin amakisi zoʻrlab shu institutga olib borganini aytgisi kelmadi. Negadir qiz oldida shumshuk, birov yetaklagan tomon ketaveradigan laqma boʻlib koʻrinishni istamadi.

«Bu yil shunchaki mashq qilib koʻrdim-da,» – deb qoʻydi chaynalib.

Rajab tez-tez tevarakka alanglab qoʻyardi. Aftidan, u yigit kishi bilan turganini birov koʻrib qolishidan choʻchirdi.

«Sigiringiz bu atrofda koʻrinmayapti?»

Qizning ojizona aytgan bu gapi, «Endi bu yerdan keting,» deganday tuyuldi Baxtiyorga. Lekin uning hanuz ketgisi yoʻq edi. Ajib, huzurbaxsh hislar ogʻushida mastona turardi.

«Sigir ham uyga yetib olgandir, – dedi Baxtiyor qishloq tomon erinibgina koʻz tashlab, soʻng joʻyak ichiga toʻkib qoʻyilgan koʻsak uyumiga ishora qildi. – Keling, sizga chuvishga yordam beraman, shunaqasigayam koʻp gapirib sizni ishdan qoldirdim.»

Rajab yelka uchirib, sarosimali jilmayarkan, yana tevarrakka tezgina alanglab qoʻydi.

Koʻsak uyumi yoniga oʻtirdilar. Rajabning toʻzgʻin sochlari amal-taqal oʻralgan roʻmol qirralaridan koʻpirib-toshib yengil epkinda oʻynoqlab turardi. Baxtiyorning tobora qoni qizib, yuragi hapqirib borar, koʻsak tutgan qoʻllari bir oz titrar edi.

«Boshqalardan ajralib qolibsiz,» – dedi u qizga savolchan koʻz tashlab. Va soʻrovidan pushaymon boʻldi.

Rajabning tuyqus rang-roʻyi tundlashib bir oz jim turdi, soʻng oʻz-oʻziga gapirgandek pichirlab qoʻydi:

«Koʻpchilik ichida yuragim siqiladi.»

Baxtiyor oʻngʻaysizlikdan chiqish ilinjida qizga yoqadigan gap topishga urindi.

«Xayol surishni yaxshi koʻrasizmi deyman menga oʻxshab?.»

«Qanday bildingiz?»

«Yuzlaringiz juda tiniq ekan, xayolkash qizlarning yuzlari shunday nurlanadi.»

Rajab e’tiroz bildirishga urindiyu, ammo eplay olmadi. Maqtovdan masrurlanib beixtiyor jilmaydi. Boʻrtiq yonoqlariga andak qizillik indi.

«Qoʻying-e... rassomsiz, shuning uchun chiroyli gapirasiz.»

Maqtovdan moydek erish gali endi Baxtiyorga keldi.

«Rassomligimni qaerdan bilasiz?» – dedi u ogʻzining tanobi qochib.

«Juda mashhursiz. Qishlogʻimizdagi maktabda ham sizni oʻrnak qilib koʻp gapirishardi.»

Shu asno gʻoʻzalar shitirlab ketdi. Har ikkisi ham bosh koʻtarib sharpa sasi kelgan yoqqa yuzlanishdi. Ne koʻz bilan koʻrsinlarki, shundoqqina roʻparada yoʻqolgan ola sigir kavshangan koʻyi ularga termulib turardi.

Ular bir-biriga yalt etib qarab bab-baravar kulib yuborishdi. Qahqahaning zoʻridan Rajabning roʻmoli sidirilib tushib sochlari tagʻin toʻzib ketdi. Jarangdor, tiniq tovushi iliq kuz oftobi nurlariga qorishib keng paykallarga singib ketganday boʻldi. Kulgi barobarida ich-ichidagi goʻzallik, latofat sirtga silqib chiqdiyu, yalpoq yuz, doʻrdoq lab, yirik burun bir zum jilvalanib ketdi.

Baxtiyor qizga lol qarab turardi.

Oʻsha kuni u ola sigirini oldiga solib, paykaldan mast odamday dovdirab qaytdi. Yuragi hali hech qachon his etmagan allaqanday sururdan mavjlanar, butun vujudida yoqimli bir titroq kezinar edi. Oʻsha kech kamgap-kamsuqum Baxtiyor uyida ham, doʻst-yoronlar davrasida ham koʻp gapirib, koʻp kuldi. Hamma hayron. Hatto otasi kishi bilmas ogʻzini hidlab koʻrdi. Yoʻq, mayxoʻrlik qilmagan.

Oʻsha kech Baxtiyor huzurlanib toʻshagiga choʻzilarkan, Rajabning koʻzlari ta’qib qilib turganini payqadi. Nogoh yuragiga gʻussa qalqdi. Uyqusi qochdi. Qah-qah urib kulayotgan qizning koʻzlari bot-bot xayolida jonlandi. Rajabning koʻzlari kulmas edi! Ha, kulmas edi, ular gʻamgin va oʻychan boqib turardi. Qiz yonida lol qotib turarkan, Baxtiyor buni aniq koʻrdi, musavvirlik sezgisi bilan teran sezdi! Xuddi shu ma’yus nigohlar uni butkul jodulab olgan edi.

«Koʻzlaringni sevaman, Rajab,» – deya pichirladi yigit, qop-qora tun qarab turgan derazaga tikilib.

Oʻsha paytlar askarlikka chaqirilgan yosh-yalanglar arzanda toʻpga aylanar, ertayu kech oʻyin-kulgi qilib, koʻcha-koʻyda mast-alast izgʻib yurishar edi. Baxtiyor har xil bahonalar bilan ulardan taysallay boshladi. Har xil bahonalar bilan paykal tomon oshiqar boʻldi. U Rajab bilan deyarli har kuni uchrashardi. Har uchrashganda qiz qalbining nozik qirralarini kashf qilib, olam-olam zavq-shavqqa toʻlardi.

Rajab yettinchi sinfdan bu yogʻiga maktab betini koʻrmagan boʻlsa ham, ancha oʻqimishli qiz ekan. U tilga olgan kitoblarning koʻpini Baxtiyor, hatto, nomini ham eshitmagan boʻlib chiqardi. Goho, qiz shunday faylasufona-shoirona gaplar aytardiki, Baxtiyor ularning mazmunini chaqolmay xijolatlanar edi.

«Qoʻyavering, mening yoshimga yetganda bilib olasiz, – deb kulardi Rajab, uning kalovlanishlarini payqab. – Axir sizdan ikki yosh kattaman-a...»

Shunday shavqli uchrashuvlarning biridan qaytib kelayotgan mahal paykal boshida Shoyimga yoʻliqib qoldi.

Shoyim ulardan uch yil avval maktabni amal-taqal bitirganlardan edi. Toshkentda oʻqiyapman deb hammani laqillatib, harbiy komissariatni ham chalgʻitib yurgan ekan. Oxir-oqibat siri fosh boʻldi. Baxtiyorlar qatori xizmatga chaqiriq qogʻozi oldi.

«Bizni isnodga qoʻyding, ukang tenggilar bilan armiyaga ketyapsan,» – deb katta akasi boplab savalagan emish. Lekin Shoyim sirtiga suv yuqtirmay, koʻcha-koʻyda kerilib, huda-behuda laqillab yurar edi.

«Qaerdan kelayapsan, – deb soʻradi u targʻil koʻzlarini makkorona qisib, paykal chetida uchrab qolgan oʻsha payt, – Rajabning oldida boʻldingmi?»

«Ha, bir oz koʻsak chuvishdim,» – dedi Baxtiyor istar-istamas.

Shoyim uyatsizlarcha tirjaydi.

«...koʻrdingmi, zoʻr narsa ekanmi?»

«Ogʻzingizga qarab gapiring, aka... – Baxtiyor boʻgʻziga tiqilgan gʻazab va alamdan bir zum gap topolmay entikib qoldi, soʻng sekin qoʻshib qoʻydi, – u siz oʻylagan qizlardan emas.»

«Qoʻysang-chi, Rajabning oldi ochiq, men bilaman, uni Bolta mudir buzib qoʻygan.»

Baxtiyorning qoʻllari musht boʻlib tuguldi. Shoyimning qizil donacha toshgan basharasini moʻljallab urishga shaylandi, lekin botina olmadi.

«Menga bunaqa gaplarni gapirmang,» – dedi alamdan yigʻlagudek boʻlib nari ketarkan.

Biroq Rajab haqidagi sassiq safsata shu bilan tugamadi. Ertasi kuni ketarmanlar safdoshlaridan birining uyiga yigʻilishgan kech dasturxon tevaragidagi gurung yana oʻsha qizga borib taqaldi.

«Bekorga u chekka-ovloq yerda koʻsak terib yurmaydi,–deya hiringladi Shoyim, uy toʻrida yonboshlab yotarkan, – talabgorlarni ovlaydi, mazaxoʻrak... shuning uchun semirib ketyapti.

Uning gʻiybatlarini kimlardir qiyqirib quvvatlagan boʻldi. Choy suzayotgan Baxtiyor koʻz ostidan safsataboz tomon bir oʻqrayib qoʻydiyu, uydan chiqib ketishga shaylandi.

«Manavi safdoshimiz ham... – Shoyim jonsarak Baxtiyorga ishora qildi, – ta’mini tatib koʻrgan.»

Davrada kulgi-qiyqiriq avjlandi. Baxtiyorning qizarib-boʻzarib,»Bekor gap» deya poʻngʻillashi gʻala-gʻovur ichida deyarli eshitilmadi.

Shirakayf ketarmanlardan biri shu orada ovozini baralla qoʻydi.

«Juda toʻgʻri qilgan. Axir bu rassom. Rassom odam shunday-shunday koʻrib turmasa, yalangʻoch ayolni qanday chizadi?!»

Gurr etib koʻtarilgan kulgidan mehmonxona vassajuftlarigacha zirillab ketdi.

Baxtiyordan «gʻing» degan sado chiqmadi. Avvaliga bir-ikki norizo tipirchilab qoʻygan boʻlsa-da, keyinchalik kulgilarga iljaygan koʻyi qoʻshilib oʻtirdi. Rajabni oshkora himoya qilishga botina olmadi. Balchiqday bijgʻib turgan mana bu gap-soʻzlar erta-indin chin chiqib, el-ulus oldida sharmanda boʻlishidan qoʻrqdi.

«Bular bekorga bunday dadil gapirmaydi-ku, – deb oʻyladi u oʻsha kech gʻashlanib uyiga qaytarkan, – rostdan ham Rajabning bir balosi borga oʻxshaydi.»

Oʻsha tun Baxtiyor toʻlgʻanib chiqdi. Xayolida qarama-qarshi oʻylar charx urar, koʻngli algʻov-dalgʻov edi. Qizni har eslaganida vujudida yoqimli hislar junbishga kelardi. Oxir-oqibat koʻnglining tub-tubida gʻimirlab, payt poylab yurgan asl niyat otilib yuzaga chiqdi.

«Shu paytgacha biror qizni oʻpib ham koʻrganim yoʻgʻ-a, – deb oʻyladi u yostiqni toʻshiga tortib, – agar anavi gaplar chin boʻlsa...uni men ham...»

Ammo Baxtiyor oʻz xayolidan oʻzi uyalib koʻrpaga burkanib oldi.

Ertasi kuni tagʻin Rajabga roʻbaroʻ boʻlgan payt, qizning ma’yus-mahzun qarogʻlariga koʻzi tushdiyu, tun boʻyi toʻlgʻab chiqqan fitnakor oʻylaridan battar uyalib, oʻz-oʻzidan nafratlanib ketdi. Ammo bu koʻpga choʻzilmadi. Suhbat qizigan sayin yigit qoni ham qizib, qizning goh boʻliq koʻkraklaridan, goh tiniq, loʻppi yuzlaridan koʻz uzolmay, gapidan adashib, duduqlanib qolar edi.

«Toshkentga togʻamnikiga borganimizda muzeyga kirganmiz, – deb eslab qoldi Rajab iymanib, – yalangʻoch xotinlarning portretini koʻrib rosa uyalganmiz, qayoqqa qocharimizni bilmay qolganmiz.»

«Ularni rassomlar asliga qarab chizishgan, – deb bilagʻonlik qildi Baxtiyor, – san’atda shunaqa usul bor...»

«Oʻlsin-e, bunaqa usuli...»

Bir payt ular chuviyotgan koʻsak sob boʻlib qoldi. Rajab yana terib kelish uchun oʻrnidan turdi. Biroq uvushib qolgan boʻgʻinlari ogʻirlikni koʻtara olmay nogoh ortga qalqib, joʻyak ichiga gursillab yiqildi.

«Iya, ehtiyot boʻling!» – deb irgʻib oʻrnidan turdi Baxtiyor koʻmakka oshiqib. Lekin hovliqqanidan gʻoʻzapoyaga qoqilib... uzun etaklariga oʻralashgan koʻyi oʻrnidan turishga urinayotgan qiz quchogʻiga quladi. Shusiz ham butun gurung davomida butun vujudi tarang tortib, ehtirosi joʻshib turgan navqiron jon ortiq chidayolmay, boʻrtiq yonoqlardan oʻpib oldi! Va yana lablar sari talpindi. Ammo Rajab bir siltanib Baxtiyorni osongina ustidan sidirib tashladi.

«Haddingizdan oshmang,» – dedi qiz qizarib-boʻzarib. Soʻng gandiraklagan koʻyi oʻrnidan turib, ust-boshlarini orastaladi.

Baxtiyor nima qilarini, nima deyarini bilmay qoldi. Uning koʻzlari hirsdan yonib yana Rajabga tashlangisi kelardi. Ammo jur’at etolmadi.

«Sizning suratingizni chizmoqchi edim,» – deb gʻudrandi arang.

Rajab yalt etib unga yuzlandi.

«Nimaning evaziga? – Soʻng gʻamgin pichirlagan koʻyi qoʻshib qoʻydi. – Mening suratimni chizish sizning qoʻlingizdan kelmaydi.»

Qiz chuvima solingan etakni yelkasiga tashlab nari ketdi.

Baxtiyor tagʻin uch-toʻrt kun Rajabning koʻziga koʻrinishga uyalib yurdi. Lekin kechayu kunduz u haqda oʻylar, qandaydir ohanrabo uni qiz tomonga tobora tortqilardi.

Tiz choʻkib kechirim soʻrashim kerak, sevishimni aytishim kerak, degan oʻy uning ong-shuurida izgʻib yurardi. Bu orada askarlikka joʻnash muddati ham yetib keldi.

Baxtiyor tuman markazidagi harbiy idoradan qaytib keldiyu, yana paykal oraladi.

«Bugun chiqmagan boʻlsa-ya?! Ularni boshqa paykalga olib ketishgan boʻlsa-ya?!» – degan xavotirdan yuragi hapqirar, negadir oʻkirib yigʻlagisi kelar edi.

Baxtiyor tevarakka jonsarak alangladi. Ship-shiydam, pati ketgan palosdek paykalning kun botar tomonida toʻzib yurgan qiz-juvonlarga koʻzi tushdiyu, koʻngli bir oz taskin topdi. Soʻng katta zovur yoqasidagi gʻoʻzalar baland va quyuq oʻsgan qarta yoqqa yuzlandi. Chunki Rajabni odatda shu tarafda koʻproq uchratardi. Baxtiyor qadamini tezlatdi.

Kuz oftobi horgʻin va oʻychan yiltillab turardi. Goʻyo undan nur oʻrniga zang yogʻilayotgandek, dov-dalalar sargʻish-qizgʻish tusga qorishib mahzun yastanib yotardi. Xazonlar shitirlab-shivirlab, havoda bir zum muallaq qotgan koʻyi ohista yer bagʻirlaydi.

Ana, ana u! Rajab joʻyaklar oralab xayolchan koʻsak terib yurardi. Baxtiyor qiyqirib qiz tomonga qoʻl siltadi. U ham tovush taralgan tarafga tikilib turdi-da, qoʻlini havoda toʻlgʻadi. Soʻng etaklarini yigʻishtirib peshvoz yurganday boʻldi.

Baxtiyor quvonchdan goʻyo qanot qoqib uchdi.

«Mendan xafa emassiz-a, xafa emassiz-a, Rajab! Siz har qanday goʻzaldan goʻzalsiz, Rajab! Bir umr yoningizda boʻlsam deyman! Bir umr koʻzlaringizga termilib oʻtirsam deyman! Men sizni sevaman! Hoziroq borib oldingizda tiz choʻkaman, yuragimda borini toʻkib tashlayman!...»

Baxtiyor ich-ichida shunday hayqirib, ikki koʻzini qizdan uzmay yugurgilar ekan, gʻadir-budir egatlarda bir-ikki qoqilib ketdi.

Havo allanechuk iliq va mayin edi. Unda-munda ilashib qolgan mezonlar shoʻx-shodon oʻynoqlardi.

Ular yuzma-yuz keldilar. Oraliq uch-toʻrt qadam qolganda xuddi birov buyruq berganday baravariga toʻxtashdi. Baravar jilmayib bir-biriga bosh irgʻab salomlashgan boʻlishdi.

«Hormang.» – dedi Baxtiyor tovushi titrab.

«Bor boʻling, oʻzingiz hormang,» – dedi Rajab goʻyoki shivirlab.

Baxtiyor tuyqus boʻshashib, sarosimalanib qoldi. Boyagina ich-ichida charx urgan xitoblari qaylargadir tumanday toʻzib ketdi. Oʻrnini allanechuk hadik-hayajon egalladi.

«Men... biz ertaga joʻnayapmiz,» – dedi u bir dona qovjiroq gʻoʻza bargini qoʻlida ezgʻilab.

«Qayoqqa?! Armiyagami?!»

«Ha.»

Rajab nogoh kichrayib ketganday boʻldi. Yuz-koʻzida siniq bir tabassum qotib qoldi. Titrayotgan qoʻllari bilan kofta tugmasini gʻijimlab, koʻzlarini uzoq-uzoqlarga olib qochdi.

«Oy borib omon kelingizlar.»

Baxtiyor dovdiragan koʻyi qiz tomon yurdi. Rajab unga choʻchib bir nazar tashladiyu, avval andak tisarildi, soʻng oʻq ariq boʻyiga, ajriqzor ustiga oʻtirib qoldi.

«Sizga xat yozib tursam maylimi?» – dedi Baxtiyor uning roʻparasiga choʻkib.

Rajab ma’yus bosh chayqadi.

«Yoʻq, akamlarning qoʻliga tushib qolsa yomon boʻladi. Xat yozib sizga zarilmi?»

«Men sizni sevib qoldim... sizni sogʻinaman.»

Baxtiyor shunday dediyu, yuragi gurs-gurs urgan koʻyi koʻzlarini chirt yumib oldi. Nazarida, Rajab, irgʻib turib yuziga tarsaki tortib yuboradigandek edi. Lekin qiz horgʻin, ezgin bir tarzda kuldi.

«Sevgi nimaligini bilasizmi oʻzi, yigitcha?»

«Bilmasdim... endi bildim. Sizni sogʻinaman.»

Rajab xayolchan jilmaydi. Soʻng chirmab oʻralgan roʻmolini yechib, boshini bir toʻlgʻab sochlarini toʻzgʻitib yubordi.

«Mana, sogʻinsangiz, yaxshilab koʻrib oling.»

Baxtiyorning tomirlariga olov oʻrmaladi. Qizning yuz-koʻzlariga termilib, uni xayolan erkalab pichirladi.

«Siz chini bilan suluvsiz, Rajab...»

Qiz oʻzicha sharaqlab kuldi. Ammo bu kulgisi allanechuk soxta, zoʻraki ekanligi shundoqqina sezilib turardi.

«Men sizning suratingizni chizaman,» – dedi Baxtiyor entikib.

«Mening suratimni?! Huv, oʻsha kungiday usulda chizmoqchimisiz?»

«Yoʻ-oʻq, nimalar deyapsiz, Rajab, – deya Baxtiyor hovliqqancha e’tiroz bildirishga kirishdi. – Oʻlay agar, siz tengsiz goʻzalsiz, siz... – Baxtiyor qay bir kitobdan oʻqib yoqtirib qolgan iborani eslab, sekingina qoʻshib qoʻydi. – Siz mangulikka daxldorsiz. Odamlar sizning suratingizni koʻrib chinakam goʻzallikni his etishadi.»

«E-e, Baxtiyor, juda olib qochasiz-a, erta-indin oʻladigan hech bir tirik jon mangulikka daxldor boʻlolmaydi. Shular qatori men ham...»

Rajabning soʻnggi soʻzlari shu qadar soʻniq va gʻamgin eshitildiki, Baxtiyor bir oz chiroyli gapiraman deb qizga ozor yetkazganidan afsuslandi.

«Kechirasiz, bilmabman.»

Rajab keng manglayini qoplab turgan sochlarini siltab tashlab, yana siniq jilmaydi.

«Mangulikka daxldor narsalarni chizgingiz kelyaptimi?»

«Ha.»

«Unda sevgining suratini chizing. Boya oʻzingiz aytgan sogʻinchning suratini chizing. Shafqatni chizing. Ana shular abadiy. Ana shular hamisha qadrli.»

Baxtiyor nima deyarini bilmay qoldi. Qizning dono malikalarga xos jumboqli gaplari uni yana bir karra dovdiratib qoʻygandi.

«Toʻgʻrisi... bunga hali yoshlik qilaman-ov... lekin qachonlardir chizishga sizga va’da beraman.»

«Men esa chiza olaman... xohlasangiz hozir chizib koʻrsataman,» – dedi Rajab kaftlari bilan yuzini yashirib.

«Qani endi shunday qilsangiz.»

«Kulmaysizmi?»

«Yoʻq, nega kularkanman.»

«Hech kimga aytmaysizmi?»

«Qasam ichib...»

«Bir umr eslab yurasizmi?»

«Bir umr...» – deb gʻudrandi Baxtiyor allaqanday sohir hislardan yuragi toshib.

«Mana, sizga oʻsha surat,» – dedi Rajab ilkis bosh koʻtarib, yuzini qoplab turgan sochlarini siltab tashlarkan.

Nogoh qizning yirik-yirik, tip-tiniq qorachiqlari suv tekkan qahraboday yiltillab turardi. Doʻrdoq lablari qimtilib, goʻshtdor burni titrab, koʻzlaridan marvariddek yosh tomchisi silqib chiqdi. Silqib chiqqan yosh boʻrtiq yonoqlar ustida durday tovlanib bir zum turdiyu soʻng oqib ketdi. Tagʻin koʻzlaridan shaffof tomchi sizib chiqib, tagʻin yonoqlarda qalqib qoldi.

Lol qotib turgan Baxtiyorning yuraklari oʻrtanib beixtiyor qiz tomon qoʻl choʻzdi.

«Rajab, yigʻlayapsiz-ku, Rajab?!»

«Tegmang menga... Iltimos, endi keting...»

«Sizni yigʻlatib...»

«Iltimos, keting... meni desangiz, keting.»

Baxtiyor dovdiragancha oʻrnidan turdi. Turdiyu, yana yalt etib Rajabga yuzlandi.

Qiz koʻzidan tomchi-tomchi yosh silqib, dudoqlarida bir zum-bir zum durday tovlanib turib qolardi.

Xuddi shu manzara olis bir oʻlkada xizmat qilib yurgan askarni ikki yil ta’qib qilib turdi.

Ikki yil Baxtiyor oʻsha marjon-marjon yoshlar ta’mini tanglayida tatib yurdi.

Harbiylikdan qaytib kelgach, Baxtiyor zimdan Rajabni surishtirdi. Ular bir yilcha avval ota yurti boʻlgan Jambulgami, Tarozgami koʻchib ketishgan ekan. Askar yigit manzilga eltuvchi yakkayu yagona ulovdan qolib ketgan yoʻlovchiday «uh» tortib toʻshakka quladi. Oʻsha kuni uning harbiylikdan orttirib kelgan kasali yengil bir xuruj qildi.

Oradan yillar oʻtdi. Biroq oʻsha paykalda kechgan kunlar qanchalar uzoqlashgan sayin, qiz dudogʻida qalqqan oʻsha marjon-marjon yosh shunchalar yaqin kelar, shunchalar rangli, shunchalar tiniq koʻrinar, Baxtiyorga sevgi va sogʻinch, shafqat va umid haqida teran hikmatlar soʻylar edi. Oxir-oqibat, dard-iztiroblar silsilasida unga moʻyqalam tutqazib, molbert yoniga haykalday turgʻizib qoʻydi. Talabalikning soʻnggi yilida Baxtiyor oʻzining «Bir tomchi yosh» deb nomlangan kartinasini yaratdi...

...Sargʻish-qizgʻish ranglar. Qaqrab-qurib, tars-tars yorilgan Yer shari. Yer shari ustida bir yonini bulut toʻsgan Quyosh balqib turibdi. Bulut toʻsgan Quyoshu Yer oʻrtasida bir tomchi obi-rahmat billurday tovlanadi.

...Yoʻq, yoʻq! Bunda mutlaq boshqa manzara. Koʻrib turganimiz Yer shari emas, qaqrab-qurib, tars-tars yorilgan, tomirlari boʻrtib chiqqan Yurak. Yurak ustida bulut toʻsgan Quyoshmas, bulutdek toʻzgʻin soch bir yonin toʻsgan Koʻz! Sevgi, sogʻinchga, shafqat-umidga limmo-lim Koʻz! Koʻz va qaqroq Yurak oʻrtasida... olmosday tovlangan Yosh!..

Baxtiyor ana shunday sermazmun, serhikmat asar yaratgan edi! Unda ranglar ingrogʻi baralla taralardi. Unda abadiyat, mangu dard, mangu savol gʻujanak boʻlib yotardi. Bu asar koʻrgan koʻzdan bir tomchigina yosh talab qilardi.

Baxtiyor buni jonu jahonim, umrim mazmuni deb bilardi. Hatto, Georgiy ham koʻzlari koʻm-koʻk dengizday mavjlanib xuddi shunday degan edi.

Ana endi bu asar yoʻq! Baxtiyorning baxti, ogʻir damlarida umid-ishonch baxsh etuvchi, yupatib ovutuvchi sirli dunyosi yoʻq endi! Oʻktam boyvachcha uch kun burun avrab-aldab Toshkentga olib ketdi. Ayyor tulkining xaridori ham tayin boʻlsa kerak, kiprik qoqmay yuz dollar garov puli ham uzatdi. Mana uch kundirki Baxtiyorning halovati yoʻq. Axir uy boʻm-boʻsh, boloxona boʻm-boʻsh, yurak boʻm-boʻsh! Butun dunyo huvillab qoldi. Ammo Baxtiyor ana shunday boʻm-boʻsh, huvillagan dunyolarga sigʻmaydi. Ovunch izlab, yupanch izlab ertayu kech, koʻcha-koʻyda izgʻiydi, tunlari bolaxonaga qamalib oʻz-oʻzini soʻroq qilib chiqadi.

Mana, hozir ham oʻsha eski divanga yalpayib, bir paytlar chala-yarim qolgan suratiga ma’yus termilib oʻtiribdi. Lekin u qarshisida chala-yarim umrini, chala-yarim baxtini koʻrib xoʻrsinadi. Oʻktam boyvachcha bergan pulni olib quvonchdan yal-yal yashnagan Matluba ham endi erining hol-ahvolidan xavotirda, vrachning vahimali soʻzlari qulogʻida bot-bot jaranglab, goh u, goh bu bahona bilan boloxonaga tez-tez chiqib qoʻyadi. Oʻylovdan chalgʻitish ilinjida erini gapga solishga urinadi. Baxtiyor koʻngil uchun soxta iljayib, bir balolar degan boʻladiyu, gʻussa qalqib turgan koʻzlarini olib qochadi.

Mana, Matluba hozirgina tushib ketdi. Baxtiyor zina tomon oʻgʻrincha alanglab, javon ortiga yashirib qoʻygan arogʻidan quyib ichdi. Ich-ichiga oʻrmalagan olovdan dard-alamlari yana ham ravshan koʻrinib ketdi.

«Men xiyonat qildim! Oʻzimga, Xudo bergan iste’dodimga xiyonat qildim. San’atga xiyonat qildim!» – deya xayolan xitob qildi u, chala yongan tarashaday tirisharkan.

Bu koʻrgulik qachon boshlandi? Ha, esladi, amakisining uyiga gul chizib bergan kundan boshlandi. Oʻsha kuni sotqinlik butun boʻy-basti bilan namoyon boʻldi. Poytaxtga ketishga amakisi da’vat etganida, uning ustidan ich-ichida kuldi, jaraq-jaraq pul topayotganidan kibrlandi. Yoʻq, yoʻq, xiyonat ancha avval, ana shu asarni yaratgan paytiyoq nish koʻrsatgan ekan! Axir, «Bir tomchi yosh» Rajabniki-ku?! Oʻsha qizning qordan toza qalbi, sevgisi uchun toʻkkan koʻzyoshlari sharofatidan paydo boʻldi-ku bu asar! Evaziga nima bera oldi shoʻrlikka? Hatto oʻsha ketarmanlar yigʻinida mardona turib uni fisqu fasoddan himoya qila olmagandi. Oʻshanda ham oʻzini , faqat oʻzini oʻylagan edi! Yoʻq, Rajab uning marhamatiga zor emas. U oʻsha koʻz yoshlari bilan baxtli! Bunda esa oʻsha narsa ham yoʻq.

Baxtiyor andak dovdiragan koʻyi aroqdan yana quyib ichdi. Xira tortgan koʻzi oʻngida tuyqus Georgiy jonlandi. Hatto, uning ust-boshidan anqiyotgan qoʻlansa hid dimogʻiga urilganday boʻldi.

Georgiy! Donishmand qariya, chinakam san’atkor! Endigina uning gaplari ma’nosini teran anglab turibdi. Muyulishda uchrashib qolishgan payt, u Baxtiyor bilan salomlashmadi, hol-ahvol soʻrashmadi. «Risuesh?» – uning ilk savoli xuddi shunday jarangladi. Chizish – Georgiyning nazarida chin san’atkor uchun sogʻ-salomatlik belgisi, qolganlari mayda-chuyda, xolos. Bu-chi, nima qildi? Qariyani ilk koʻrgandayoq undan jirkandi, ichkilikka pul, boshpana soʻrab dardisar boʻladi, deb oʻyladi. Asarini maqtaganda esa olchoqlarcha iljaydi, unga hatto bir piyola choy quyib uzatmadi. Eh, Georgiy! Koʻzlariga qara uning, koʻzlariga! Taqdiridan mamnun-masrur porlab turibdi! Yaratganga bergan iste’dodi uchun shukronasi bu! U oʻz isqirt aft-angori, qoʻlansa isi bilan hayot ustidan, soxta, gʻirrom, nafsi oʻpqon jamoat ustidan gʻalaba qilgan! Bu-chi, bu? Goʻyoki oilaparvar er, mehribon ota! Oʻz ojizligini, noshukurchiligini tirikchilik tirriqligi bilan xaspoʻshlashga uringan notavon! Boʻpti, shunday ham boʻla qolsin, sakkiz yildan beri farovonlik uchun kurashgan boʻlsin, lekin nimaga erishdi? Qani oʻsha toʻkin-sochin roʻzgʻor? Qoʻlidan hech narsa kelmadi-ku, turmushini oʻnglay olmadi-ku?! Bu ham kamday, oʻzi jonu jahonim, umrim mazmuni deb yurgan asarini ham sotdi! Arzimagan chaqaga sotdi!..

Baxtiyor istehzoli iljaygan koʻyi yana shisha tomon intildi. Shu payt darvoza ortiga allaqanday yengil mashina shitob bilan kelib toʻxtadi.

«Kim bu yarim kechasi kelgan, – xayolidan oʻtdi Baxtiyorning, – Oʻktammi? Yoʻ-oʻq, bir haftaga muhlat olgan u. Demak... ha, anavi brigadir boʻlsa kerak, safarga hozirligini bilish uchun kelgan.» – Baxtiyor shishani shosha-pisha yana javon ortiga yashirib, divanga oʻtirdi. Goʻyo, chala-yarim surat ustida ishlayotgan kishi boʻldi.

Darvoza taqilladi. Mashina sharpasidan sergaklanib allaqachon hovliga chiqqan Matluba ojizgina «hozir» dediyu borib temir eshikni ochdi.
– Rassom uydami?
– Ha.
– Uxlab qolmadilarmi hali?

Baxtiyor Oʻktamning ovozini tanib, hangu-mang boʻlib qoldi: «Iya, uch kunda hal qilib qaytibdimi?»

Zum oʻtmay boloxona zinasi ogʻir-ogʻir gʻijirlay boshladi. Baxtiyor beixtiyor oʻrnidan turib ketdi.
– Salom berdik, janob rassom.

Hansiragan koʻyi ichkariga bosh suqqan Oʻktamning tovushida, semiz aft-angorida norozilik, minnat-iddao salqib turardi.
– Keling, doʻstim.
– Ol, bu matohingni, – dedi Oʻktam pishqirib.

Shundagina Baxtiyor u qoʻltiqlab olgan narsaga e’tibor berdi. Asar! Asar qaytib kelibdi! Ammo... ammo muallif negadir bundan xursand boʻlmadi. Taajjub-tashvish toʻla koʻzlarini divanga oʻzini harsillab tashlagan Oʻktamga tikdi.
– Nima gap? Nima boʻldi?
– Goʻr boʻldi, balo boʻldi... Opketar paytim bir koʻzim tushib oʻzim ham oʻyladim-a, shunaqa jinnicha narsani birov olarmikin dedim-a... esiz shuncha mehnatim.

Oʻktam nadomat bilan bosh chayqagan koʻyi yonidan sigaret chiqarib tutatdi. Bir-ikki bosib-bosib dud tortdi.
– Iltimos, sal tushunarliroq... – deb mingʻirladi Baxtiyor chaynalib.
– Oʻktam u tomonga bir chaqchayib oldi.
– Toʻgʻrisi, oʻtgan yili bir Georgiy degan daydi rassomni firmaga, qorovullikka yollagan edim. Kunlik yarim shisha vino evaziga. Oʻsha seni rosa maqtagandi, koʻklarga koʻtargandi. Shuning uchun ishlaringga qiziqqandim, aniqrogʻi, foyda keltirishiga yuz foiz ishongandim...

Oʻktam bosh chayqay-chayqay yana bosib-bosib dud tortdi.
– Toshkentga bordingmi oʻzi? – deb ehtiyotkorona soʻradi Baxtiyor.
– Bordim! Sharmanda boʻldim! – tuyqus qichqirib yubordi Oʻktam. – Narsangni kimga koʻrsatsam, qah-qah urib kuladi. Bittasi, bu nima, vaktsinami, deb soʻraydi. Bittasi viski tomchisimi bu, deb piqillaydi. Nima balo, poliklinikadan zakaz olib chizganmisan buni? Xullas, doʻstim bu asaringning xaridori yoʻq! Tushundingmi, xaridor yoʻq buningga!

Baxtiyor chap qoʻltigʻi ostida tanish, juda tanish ogʻriq qoʻzgʻalganini payqadi. Qoʻl yuborib oʻsha joyni sekin siypalagan boʻldi. Miyasiga esa Oʻktamning soʻnggi soʻzlari toʻqmoqdek urilardi: «Xaridori yoʻq, xaridori yoʻq!..»

Shu asno uning koʻz oʻngida yana Georgiy jonlandi. «Buni sota koʻrma,» degan iltijosi quloqlari ostida jaranglab oʻtdi.

«Donishmand qariya! – Iztirob bilan oʻyladi u ogʻriqdan tirishib. – U bilgan, bu asarga talabgor topilmasligini Georgiy anglagan. Shuning uchun meni ogohlantirgan...»

Oʻktam divanga besaranjom yastangan koʻyi hanuz bosh chayqab nimalarnidir chamalardi.
– Sen ham el qatori yalangʻoch ayollarni chiz, togʻ-bogʻ manzaralarini chiz, – deb mingʻirladi u xuddi oʻz-oʻziga gapirganday, – oʻshanaqa rasmlar moda ekan elita oʻrtasida. Yaxshi ketadi. Ana, artistlarning portretini tayyorlab ber. Hech qursa, oʻzlari uchun sotib olishadi. Bunaqa narsangning...
– Xaridori yoʻq, – deb pichirladi Baxtiyor siniq iljayib.

Oʻktam unga bir oʻqrayib qoʻydi. Soʻng chuqur tin oldi.
– Xullas, gap bunday, doʻstim. Bunaqa narsangga ba’zi bir chet ellik oʻzingga oʻxshash devonalar qiziqadi. Oʻshalarni poyla. Aldab-suldab yaxshigina pullaysan. Yoʻq, yaxshisi savdolashgali oʻzimni chaqir, yordam beraman. Xoʻ-oʻsh... endi-i... mening zaklad pulimni qaytarsang... Men aslida senga yaxshi boʻlsin deb...

Shu payt Baxtiyor gʻalati bir tovushda pixillab kuldi. Kula-kula divanning bir chetiga shilq etib oʻtirib qoldi. Oʻktam choʻchib yoniga oʻgirildi.
– Ey, Baxti, ey... – dedi Oʻktam doʻstining boʻzday oqargan rang-roʻyidan xavotirlanib, – ey, hazillashdim, pulni qaytarishing shart emas... Bizning biznesda bunday gap yoʻq..

Baxtiyor javob bermadi. Uning hovuz tubidagi koʻlmakday yiltillab turgan qorachigʻlari tuyqus xira tortdi. Sizib chiqqan bir tomchi yosh yonogʻida turib qoldi.