OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLuqmon Boʻrixon
Asar nomiChoʻldan kelgan tashvish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Luqmon Boʻrixon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Choʻldan kelgan tashvish (hikoya)
Luqmon Boʻrixon

O’z ma’ruzalari bilan ahli Ovroʻponi birqur angraytib tashlab Parijdan qaytgan ruhshunos olim janob Doʻlanov olqishu tahsinlarga koʻmilib ketdi. Turqi-tarovati gazeta sahifalariyu, teleekranlardan nari ketmay qoldi. Tanish-notanish doʻstu yoronlar bir-biridan oʻzib qutlashgani-qutlashgan.

Janob Doʻlanov deganlari oʻsha ma’lumu mashhur choʻl qoʻynidagi 41-posyolkada tugʻilib oʻsgan oʻzimizning Samad, Doʻlanov Samad Ergash oʻgʻli. Biroq ayni chogʻ uni dabdurustdan «oʻzimizniki», «choʻllik» deyishga birov botinolmaydi; aft-angoriga, yurish-turishiga shahar nusqi singib ketgan, kelishtirib-kelishtirib poytaxt lahjasida soʻylashadi. Ba’zi bir shaharlik qishloqilarga oʻxshab ijarama-ijara koʻch-koʻronini ortmoqlab yurgani yoʻq, naq markazdagi qoʻsh qavatli goʻshada uch xonali uyi bor. Bolalari yoʻrgakdan chiqqandan beri inglizcha bogʻchayu maktabga qatnashadi. Ishqilib, janob Doʻlanov, janob Samad desa degulik.

Samad oʻzini muborakbod etgali kelgan, yuqori idoralardan birining mas’ul xodimi sanalmish doʻstini izzat-ikrom bilan kuzatib qoʻyib iziga qaytdi.

Kech kuzning sovuq bir oqshomi. Shahar allaqachon qorongʻulikka qorishib ketgan. Tevarakdagi baland-past uylarning derazalaridan son-sanoqsiz elektr chiroqlar chorlaydi. Qay bir xonadondan quvnoq qiyqiriqlar, ola-tasir musiqa sadolari eshitilmoqda.

Samad muzdek havodan yayrab-yayrab kerishdi. Dimogʻi chogʻ. Haligina doʻsti ikkovi oʻrtasida kechgan sirligina suhbat hanuz quloqlarini qizdirib borar edi. Doʻstining mas’ul xodimlarga xos mujmallik va ehtiyotkorlik bilan shipshishiga qaraganda, Samad ilm bobida koʻrsatayotgan karomatlar hukumat rahbarlarining ham diqqat e’tiborida ekan! Xudo xohlasa, yaqin kunlar ichida biror bir unvon yo nishon janob Doʻlanovga nasib etar emish!

Samad uchqur xayollar qanotida qanday qilib oʻz dahlizida paydo boʻlganini sezmay ham qoldi. Xotini Shirina haligina joʻshqin kechgan ziyofat asoratlarini bartaraf etish bilan band. Soʻldagi chogʻroq xonada oʻn ikki yashar oʻgʻli kompyuter oʻyiniga shoʻngʻigan. Yonida singilchasi saqich chaynab betoqat kutib turibdi.

Samad zalga oʻtib, yumshoq kursilardan biriga oʻtirdi-da, huzur bilan koʻzlarini yumdi. U oʻzini mukofotlarga qiziqmaydigan, ilmu fan uchun xolis, fidoyilarcha xizmat qiladiganlar qatoriga qoʻshib yursa-da, ayni chogʻ doʻsti keltirgan mujdalar haqida beixtiyor oʻylardi: «Qiziq, qanaqa saylov kutyapti meni? «Buyuk xizmatlari uchun» ordenini taqib qoʻyishsa-ya?! Yo... yo «xizmat koʻrsatgan fan arbobi» unvonini berisharmikan?! Eh, ja-a zoʻr boʻlardi-da, bunaqa omad, bunaqa baxt har kimga ham nasib etavermaydi...»

Samad yengil bir sharpadan sergaklanib, koʻzlarini pirpiratgancha ochdi. Dumaloq stol ustiga choynak-piyola keltirib qoʻygan xotini unga muloyimgina termulib turardi.
— Uxlayapsizmi, domullo? Qoʻying-e, qani, bir piyola achchiqqina choy ichib oling, hordigʻingiz chiqadi.

Shirinaning yuz-koʻzlari toʻla tabassum, mamnuniyat. Goʻyoki, ahli Ovroʻpani qoyil qoldirib kelgani eri emas, aynan oʻzginasi, goʻyoki, eri entikib kutayotgan mukofotni u allaqachon qoʻlga kiritib, sandiqqa tiqqan. Togʻni urib talqon qilgudek bir kayfiyatda durrachasini qiya-qiya qoʻndirib, guldor xalatining yenglarini shimarib yuribdi Qaddu basti toʻlagina boʻlsa-da, sa’y-harakatlari dadil va chaqqon.
— Charchamadingizmi, xonim? – deb soʻradi Samad, xotini nazokat bilan uzatgan bir piyola choyni olarkan.
— Vu-uy, domullo, nega charcharkanman? Shuncha ilm qilib qoʻygan siz-u, bizlarni charchashga haqqimiz yoʻq.

Shirina oʻz soʻzini isbotlab qoʻymoqchidek irgʻib oʻrnidan turdi-da, yana oshxona tomon quvnoq yoʻrgʻaladi. Samad uning ortidan bosh chayqab, istehzoli iljayib qoʻydi. Xotiniga bu qadar joʻshqinlik, bu qadar ilmparvarlik ato etgan tilsim unga juda yaxshi ayon: Samad, huv, Parijda mayda-chuyda xarajatlar uchun berilgan pulning xiylaginasini qisib-qimtib, tejab-tergab qaytgan, boʻsagʻadayoq talay sovgʻa-salomlar ila xotinining qoʻliga tutqazgan edi. Shu-shu Shirina yal-yal yashnab qoldi. Agar, bu pullar moʻmaygina daromad boʻlishidan tashqari, «domullo» olis yurtlarda hech bir qingʻir-qiyshiq yoʻllarga yurmay, vafodor er sifatida, qati buzilmay uyga qaytganidan dalolat ham edi-da!

Samad issiq, xushta’m choydan bosib-bosib hoʻpladi. Shu payt stolning bir chekkasida gʻujanak tortib turgan telefon ustma-ust jiringlab yubordi. Samad erinibgina uzaldi-da goʻshakni koʻtardi.
— Al-yo.

Narigi tomondan hayajonga toʻla, boʻgʻiq bir sahroyi tovush eshitildi.
— Ol-a, ola-a! Bu kim, Samad, oʻzingmi?
— Ha, men, - arang sas berdi navqiron olim, yuragi allanechuk noxushlikni sezib.
— Ola-a-a, bu men, Ulash akangman, tanimadingmi-a, ola-a? Shahringga bi-ir kep qoldik-da, xayriyat uyda ekansan...

Samadning ta’bi tirriq boʻldi. Bu vaysaqi, ichkilikboz nusxa shaharda paydo boʻlibdimi, demak muqarrar unikiga doriydi! Yolgʻiz oʻzi emasdir? Sogʻinib ketdik seni, deb uyga uch-toʻrt kun tanda qoʻyib olsa bormi?! Yoʻq, biror bir silliq bahona bilan bu dahmazaning yoʻlini toʻsish kerak, esam, Shirinadan baloga qolishi tayin. Keyin ming bir parijning ming qop pulini orqalab kelsa ham bu gunohini yuvolmaydi. Ana, choʻl isini oldi, shekilli, xotini hurpaygan koʻyi bir-ikki yoniga kelib ketdi. Samad jirkangannamo qoʻl siltab uni oshxona tomon haydagan boʻldi. Soʻng:
— Ha, gapiravering, Ulash aka, qulogʻim sizda, - deya telefon goʻshagiga toʻngʻillab qoʻydi.

Holbuki, busiz ham Ulash aka deyarli nafas olmay, hayajon bilan gapirib yotar, goh allakimning salomini yetkazsa, goh choʻl yangiliklariga uzuk-yuluq koʻchar edi. Hamyurtining bu qadar toʻlqinlanib, shosha-pisha gapirishi Samadga yoqib, koʻnglida umid uygʻotdi: «Harqalay, telefonda gaplashib, xayr-xoʻsh qilmoqchi-yov...»

Biroq lahza oʻtmay hafsalasi pir boʻldi.
— Ola-a-a, ol-a, - deb qoldi bir payt sahroyi soʻxta. – Samad, sening vaqtingni olib, tilfonda gapirib yotganimni qara-ya, uyingga borgach bemalol...

Samad shosha-pisha tilga kirdi:
— Yoʻ-oʻ, yoʻ-oʻ, gapiravering, Ulash aka, ovozingizni eshitib turganimdan juda xursandman, gapiravering, bemalol. Qaerdan qoʻngʻiroq qilyapsiz oʻzi?
— Bilmayman, - deya sharaqlab kuldi Ulash aka. – Bir tilfonxonadan-da. Hozir shu yerga avtobus tushirib ketdi.

Ta’bi tobora tirriq tortib, ensasi qotayotgan Samad vaysaqi, aroqxoʻr nusxani bir amallab uyiga yoʻlatmaslik uchun xayolan bahona izlarkan, atay gapni choʻzdi.
— Qanday tashvishlar bilan yuribsiz oʻzi, Ulash aka?
— E, hali koʻrishganda aytaman. Tashvish emas, hayrli ish, Samadboy, xayrli ish.
— Sa-al uchini chiqaring-da, aka, ichim qizib ketyapti.

Sahroyi soʻxta tagʻin sharaqlatib kuldi, soʻng tomoq qirib-qirib tilga kirdi.
— Qoʻymaysan-da, Samadboy. Men tilshunoslik ilmida bir kashfiyot qildim.
— Kashfiyot?!
— Ha, hali ikkovimiz toza mashhur boʻb ketamiz. Sen meni til bilan shugʻullanadigan joylarga olib borasan.
— Qanaqa kashfiyot, Ulash aka?
— Hozircha sir.
— Ob-bo, ayta qoling, hech qursa, andak imo-ishora qiling.

Ulash aka tagʻin yayrab-yayrab kuldi.
— Baribir ilm odamisan-da, Samadboy, kashfiyot degan narsani eshitsang, qulogʻing ding boʻladi. Xoʻp, mayli, sal-pal sirimni shomollatay, xoʻ-oʻsh-sh... men «qahramon» soʻzining antonimini topganman.
— Nima? «Qahramon» soʻzining antonimi?! Buning nimasi kashf...

Shu payt aloqa tuyqus uzilib, telefon goʻshagidan «dut-dut»lagan qisqa-qisqa sas eshitila boshladi. Birqur yengil tortgan Samad goʻshakni joyiga qoʻyib, oshxona yoqdan bosh koʻrsatgan xotiniga tashvishli tikildi.
— Kim ekan, ja-a apoq-chapoq gaplashdingiz? – soʻradi Shirina. Erining biqiniga qadalgudek avzoyda yaqinlasharkan. – Biror chet ellik ogʻayningizmi, ismlari ham gʻalati ekan.
— Chet ellikday gap, choʻldan kelgan. /irt alkash, jinni odam. Agar uning qoʻliga tushar boʻlsam, naq bir hafta tinkamni quritadi. Bir bosh ogʻriq bilan shaharga kelganga oʻxshaydi. Uyingni ham paytava qoʻlansasiga boʻktirib yuboradi.

Vu-uy, - deya yoqa ushladi Shirina, musichadek beozor qiyofaga kirib.
— Hozir jiringlasa siz trubkani koʻtarasiz: Meni soʻrasa... meni soʻrasa... – Samad ham choʻllikni ranjitmaydigan, ham uning oldida obroʻsini bir karra koʻtarib qoʻyadigan bahona izlab obdon bosh qashladi. Karoche, chet el elchixonasiga chaqirtirib qolishdi, deng.

Shirina dimogʻida iljaydi.
— Xoʻp, xoʻ-oʻp, domullo.

Biroq qayta qoʻngʻiroq boʻlmadi. Shirina eri yonida besh-oʻn daqiqa sallanib, hoziru nozir turgach, tagʻin uy yumushlari bilan kuymalana ketdi. Samad esa yumshoq kursisiga bemalol yastangan kuyi xayolga toldi. Haligina quloq-chakkasiga bolgʻaday urilgan dagʻal tovush egasining qop-qora, turshakdek aft-angori bot-bot koʻz oʻngiga qalqib chiqar edi.

Ha, oʻsha Ulash deganlari chindan ham Samadning hamqishlogʻi. Asli kasbi agronomlik. Ammo qurmagʻurning koʻngli she’riyatga shaydo. Huv, bir zamonlar bir chimdimgina gʻazali tuman gazetasida bosilgan. Shu-shu oʻzini ahli qalamlardan sanaydi, dongdor-dongdor bitiklarni u-bu davralarda xuddi oʻzinikiday ixlosu e’zoz bilan oʻqib berib, dong taratib yuradi. Shu bois birovlar chindan, birovlar masxaraomuz uni agronom-shoir, deb atashadi. Allaqanday Shurqor Hobil otligʻ yozuvchi 41-posyolkaga borganida Ulash aka bilan tanishib, xoʻb ichkilikbozliklar silsilasida bir-birlarini yalab-yulqab, qiyomatligʻ ogʻa-ini tutinishgan ekan. Oqibat shulki, ogʻa yozuvchi keyinchalik agronom-shoir haqida «Jaziramadagi odam»mi, «Jazodagi odam»mi, degan asar bitib, uning ustidan surbetlarcha kulgan, maddoh, koʻchirmachi sifatida ta’riflab agronom shoirni oʻzicha yer parchin aylagan. Ammo may shishalariga mahkam tayangan ekan, shekilli... Ulash akaning qaddini bu yangligʻ tahqirlar xuruji bukolmagan.

Samad bultur bahor adogʻlarida 41-posyolkaga borgan chogʻi Ulash aka bilan tuyqus uchrashib qolishdi. Agronom-shoir dala yoʻl yoqasidagi kallaklab kesilgan kattakon tut tomoniga orqa tirab, xomush oʻtirgan ekan. Egnida juldur kamzul, oyogʻida yirtiq oʻn birinchi kalish, siyrak, tikanakdek soch-soqoli oʻsiq.

Ular quyuq salom-alik qilishgach, Samad oʻzicha agronom-shoirga moydek yoqar mavzuga koʻchdi.

«Ijodlar qalay, shoir aka, boshqasini qoʻying, shundan gapiring»

«Harna... boʻlyapti» - dedi Ulash aka istamaygina, kulimsirab.

«E, boʻshashmang-da, huv, ilgari dostonlar yozib tashlayman hali, deb karillab yurardingiz, va’dalar qani, shoir aka?»

«Samadboy, men doston bitsam, anovi Shunqor Hobillarning nonini yarimta qilib tashlayman-da».

«E, yarimta qilmang, osh-nonini butkul tortib oling qoʻlidan, he-he-he, siz shunga arziysiz, shoir aka».

«Samadboy, - dedi Ulash aka olis-olislarga horgʻin tikilib.- Shu... shoir boʻlish uchun she’r-dostonlar yozish shartmi?»

«Iya, afandichalish gap qildingiz-ku, aka, albatta, shart-da. Siz zingʻillatib yozib tashlang, «Jahon adabiyoti» degan jurnalga chiqarishga oʻzim garantiya beraman. Asarni tayyor qiling-u, darhol shaharga koʻtarib boring. Mana, sizga mening vizitkam...»

Samad uy manzili, telefon raqamlari zarhal harflar bilan bitilgan bejirimgina qogʻoz parchasini agronom-shoirning qoʻliga tutqazdi.

O’shanda u aka Ulashning doston tugul ikki qator oʻlan toʻqishiga-da ishonmagan, shunchaki, ichkilik kasridan chuvrindi cholga aylanib qolgan hamqishlogʻiga hazil-mazax bilan pishang bergan edi. Qarangki, shaharlik olimning ishonmaganini payqaganday, agronom-shoir, nihoyat, she’ru-dostonlarni tinch qoʻyib, oʻzini tilshunoslik ilmiga uribdi! «Qahramon» soʻzining antonimini topgan emish...

Samad beixtiyor kulib yubordi. Allaqachon yumushlarini tindirib, televizorga loqayd termulib oʻtirgan Shirina eriga, hayron koʻz tashladi.
— Tinchlikmi, domullo? Yo uxlab tush koʻrdilarmi?

Samad «E, shunchaki», deganday yengil qoʻl siltadi-da, choyi sovib qolgan piyolaga intildi.

Mana, tagʻin anchagina vaqt oʻtdi. Biroq telefon hanuz jim. «Qiziq, nega qayta qoʻngʻiroq qilmadi» - andak xavotir bilan oʻyladi dongdor olim, - yo, xafa boʻldimikan?»

Samad uyiga sahroyi soʻxtaning kelishini nechogʻlik istamayotgan boʻlsa, uni xafa qilib qoʻyishdan ham shunchalik choʻchiyotgan edi. Axir, gap chuvalashsa yomon-da! Ergashboyning shaharlik erkatoyi bechora hamqishlogʻini uyiga kiritmabdi, degan shivir-shivir sassigʻiga chidab boʻladimi?

Samad xotiniga allanechuk mute’lik bilan termuldi.
— Xonim, anovi ozib-yozib bi-ir shaharga kep qolibdi, uyga taklif qilib qoʻyaveraylik-a, sahar azonda bir amallab joʻnatib yuboramiz.
— Ixtiyoringiz, - Shirina loqayd yelka uchirdi. – Ana, telefon qilsa oʻzingiz bemalol javob beravering.

Samad bir qur yengil tortib, mamnun iljaydi. Soʻng toʻzgʻib yotgan bolalar xonasi tomon koʻz tashladi. Qizi divan ustida allaqanday gazetani yuziga qoplaganicha musiqa tinglamoqda. O’gʻli esa hanuz kompyuter bilan andarmon.
— Ey. Bolalar, - deb jerkindi Samad, - yetar endi, uxlalaring.

Goh mudrab, goh homuza tortib yotgan Shirina ham televizorni oʻchirdi.
— Charchadim, men ham yotaman. Qilar ishim qolmadi, - shekilli.

U erinchoqlik bilan oʻrnidan qoʻzgʻaldi-da, biroz ivirsib turgach, yotoq tomon yurindi.
— Aytgancha, xonim, - deb qoldi xotiniga anchadan beri parishon tikilib turgan Samad, - qip-qizil diplomli filologsiz, qanaqa soʻzlar antonim soʻzlar deyilardi, sal unutibman.

Shirina uzun bir homuza tortib olarkan.
— Qarama-qarshi ma’noli soʻzlar, antonim soʻzlar, - dedi bilagʻon oʻquvchilardek, - masalan, achchiq-chuchuk, past-baland.
— «Qahramon» soʻziniki-chi?
— «Qahramon...» - mujmal yelka qisdi Shirina, - «qoʻrqoq», shekilli.

«Qahramon-qoʻrqoq» - xayolidan oʻtkazdi Samad, yotoqqa kirib ketgan xotini ortidan qarab qolarkan. Biroq bu javob uni sira qoniqtirmadi.

Koʻp oʻtmay butun xonadon chuqur sukunatga choʻmdi. Samad choynakdagi yaxna choydan piyolaga quyib, parishon hoʻplarkan, hanuz «qahramon» soʻziga antonim izlar edi: «Qahramon-nomard», «Qahramon-qochoq», «Qahramon-baloyi battar»...» Biroq hech bir topildiqqa koʻngli toʻlmay, asablari chatnay boshladi. «Yoʻq, hech oʻxshamayapti-da, ux, ukkagʻar agronom-shoir, ja-a boshini qotirib qoʻydi-ku?!»

Telefon jimigandan jimib ketdi. Ammo arzanda antonim soʻz koʻyida bir oʻtirib-bir turib, goh bosh qashlab, goh lab tishlab toʻlgʻonayotgan Samad qoʻngʻiroq kutayotganini allaqachon unutgan. U betoqatlik bilan oʻz ish hujrasiga oʻtdi-da, baland, keng javonga terib qoʻyilgan jild-jild kitoblar orasidan birini sugʻirib oldi.
— Qani, izohli lugʻatga qarab koʻraychi, - deya oʻz-oʻziga toʻngʻilladi Samad, semiz kitobni shosha-pisha varaqlarkan. (Odatda u qizgʻin ijod chogʻlari shunday oʻz-oʻziga gapirinib qoladi) – Ta-ak... mana... Qahramon-jamiyatda yorqin faoliyati bilan ajralib turuvchi shaxs; jangda jasorat koʻrsatgan askar...

Samad tagʻin ancha payt oʻz-oʻziga poʻngʻillab kitob titkiladi. Ammo baribir zormanda antonim soʻzni topolmay, qayta battar xunobi oshdi.

«Soʻrab koʻrish kerak, birortasidan koʻrib bilish kerak, - deya shitob oʻylardi navqiron olim, goh u, goh bu xonada betoqat kezinarkan.-Xush, kimdan soʻray?»

Tuyqus esiga tanish bir professor tushdi. O’z imzolari biqiniga, «fil.fan dok.» deb yozishni hech unutmaydigan bu sersavlat zot, u-bu yigʻinlarda gumbazdek qornini qashlab, «Til ilmini yeb-ichib yuborganman» deya maqtanishni xush koʻrar edi.

Samad ish stoli ustidagi charm jildli daftarchasini varaqlay-varaqlay tilshunosning telefon raqamlarini topdi-da, qoʻngʻiroq qilishga chogʻlandi. Ammo telefon goʻshagidan hanuz oʻsha «dut-dut» -qisqa-qisqa sas eshitilmoqda edi. «Nima balo, buzuqmi bu?» -xayolidan oʻtkazdi Samad, qizgʻish apparatning u yon-bu yoniga nuqilab. Soʻng dimogʻida soʻkinganicha oshxonaga oʻtdi. Ana, xolos, xuddi oʻylaganidek-uy tarmogʻiga juftlab ulangan telefon goʻshagi oʻz oʻrnidan andak siljib, qiyshayibgina turardi!

«Hoynahoy, Shirinaning qilmishi bu! – achchigʻlanib oʻyladi Samad. – Shuning uchun anovi qayta qoʻngʻiroq qilolmagan. Ana endi choʻlga borib sasiydi, Ergashboyning oʻgʻli atay telefonini uzib qoʻydi, deb ayyuhannos soladi. Eh, sharmanda qildi-da bu xotin...»

Biroq Samadning butun qahru gʻazabi telefon goʻshagini zarda bilan oʻz oʻrniga qoʻndirishga yetdi, xolos. Odatdagi erlardek qoni qaynab, tishlari gʻijirlab yotoq tomon chopib ketmadi, xotinini sudroqlab turgʻizib, beayov kaltaklamadi. Hamma-hammasiga olimona mushohada-mulohazalari pand burdi, shashtini sindirib, qoʻllarini qayirdi.

«Avvalo asos kerak, - xayolidan oʻtkazdi u, birzum oshxonada soʻnaribgina turarkan, - goʻshakni atay koʻtarib qoʻyganini isbotlash zarur, balki Shirinaning shunchaki tirsagi tegib ketgandir, balki sim-pimi qattiqroq tortilgan boʻlsa, goʻshak oʻz boshiga qoʻzgʻolib qolgandir? Xoʻp, yolgʻon gapirishdan qochib shunday qilgan boʻlsa-chi?!

Uni aldovga undagan oʻzing-ku?! Elchixonaga chaqirib qolgan emish...»

Nihoyat, navqiron olim yotoqda beozorgina uxlab yotgan xotinidan hash-pash deguncha yengilib zalga qaytdi. Ayni chogʻda u oʻzini yov qurshovida qolgan jangchidek his etardi: bir tarafda telefon mashmashasi, bir yonda Ulashning muqarrar malomati. qoq qarshisida esa allaqanday antonim soʻz jumbogʻi.

«Qahramon-qoʻrqoq», «qahramon-qochoq», «qahramon-boʻshang» - antonim soʻzlar galasi tagʻin xayoliga yopirildi Samadning. U yumshoq kursisiga horgʻin choʻkkan kuyi xiyla vaqt bosh changallab oʻtirdi. Soʻng shasht bilan tanish tilshunosning telefon raqamlarini terishga kirishdi.

_ Al-loʻ-oʻ, - eshitaman, - dedi narigi tarafdan telefon goʻshagini koʻtargan kishi.

Bir zum jim qotgan Samad professorning qiroatli tovushini tanib jonlandi.
— Assalomu alaykum, domla. Uzr, bevaqt bezovta qildim, bu men...

Samad oʻzini tanitgach, ikkovlon biri qoʻyib-biri olib, qayta-qayta hol-ahvol soʻrashishdi, bir-birini olqishlashdi.
— Bir maslahatingizga muhtojmiz, domla, - deya nihoyat maqsadga koʻchdi Samad payt poylab. – Yordamingiz kerak.

Tilshunos darhol hushyor tortdi.
— Xoʻsh...xoʻsh-sh...
— Bir jiyanimiz allaqanday ilmiy ish yozayotgan edi. Kechadan beri «qahramon» soʻzining antonimini topolmaydi, deng. Mendan soʻragani-soʻragan, oxiri, chumchuq soʻysa ham qassob soʻysin, deb sizni bezovta qildim.

Tilshunos, pixillab-pixillab kuldi.
— Samad Ergashevich, «qahramon»ning antonimi boʻlmaydi. Masalan, siz yurt dovrugʻini xorijda yoyib yurgan qahramon olimsiz, sizga hech qanaqa antonim yoʻq.
— Rahmat, domla, rahmat, - deya mingʻilladi Samad, professorning askiyasi yogʻdek yoqib. – ammo lekin... anaqa... tilshunoslik ilmi nuqtai nazaridan...

«Fil.fan.dok.»» tagʻin hazil-huzul bilan javobdan paysalladi. Soʻng tuyqus gap mavzusini butkul boshqa yoqqa burib yubordi.

«Padarla’nati, toʻnka»-ich-ichida soʻkindi Samad, ancha payt professorning tiyiqsiz latifalarini parishon tinglarkan. Nihoyat, quyuq-suyuq xayrlashuvdan soʻng telefon goʻshaklari joy-joyiga qoʻndi.

Samad stol ustidagi choynakni shasht bilan koʻtarib yaxna choydan sipqordi. Biroq ich-ichidan toshib kelayotgan allanechuk tashnalik baribir bosilmadi. «Rosa tinkamni quritdi-da bu boshqotirma, - deb oʻylardi u, garangsib oshxonaga kirarkan. – Ammo oʻsha arzanda antonim soʻzni topishim shart»

Samad «gʻir-gʻir»lab bir maromda ishlab turgan muzlatgichni ochdi-da, huv, oqshomgi ziyofatda chala ichilgan farangi kon’yak shishasini qoʻlga oldi. Shu payt telefon tuyqus ustma-ust jiringlab ketdi. Tuyqus chinqiriqdan choʻchib tushgan Samad, bir zum gangib turdi-yu, soʻng ildam boʻlib goʻshakni koʻtardi.

-Al-yo-yo.
— Samadboy aka sizmi? – deb soʻradi yoʻgʻon bir tovush betakalluflik bilan.
— Ha, men.
— Ulash deganlarini taniysizmi?

Samad sarosimada qoldi. Tahdidli tovushga qaraganda, gapirayotgan kimsa organ odamiga oʻxshaydi. Aftidan, agronom-shoir biror ishkal chiqarganu qoʻlga tushgan, oʻzicha Samadning nomini sotib, qutilib chiqmoqchi boʻlgan.
— Negadir hech bunaqa odamni eslolmayapman, - deb mujmal mingʻilladi Samad. – Tinchlikmi? Siz kimsiz?
— Men uchinchi kasalxonada navbatchi vrachman. U kishini mashina turtib yuborgan.
— A, nima?! – deya beixtiyor chinqirib yubordi Samad, ammo bu chinqiriqda tashvishdan koʻra tantana, qaygʻudan koʻra quvonch moʻlroq edi. Chunki u allaqanday alkashni deb organ odamlariga chalkashib qolganiga butkul ishongan, ich-ichidan bu balodan qutulish yoʻllarini izlab yotgan edi-da.
— Tashvishlanmang, aka. – deya yupatgan boʻldi navbatchi vrach, navqiron olimning chinqirigʻini oʻzicha tushunib. – Haydovchi yaxshi inson ekan, darrov bizning kasalxonaga keltiribdi. Ulash akaning yonidan vizitkangiz chiqdi, shuning uchun qoʻngʻiroq qilib sizni ogohlantirib qoʻymoqchi boʻldim, uzr.

Es-hushini ancha-muncha yigʻib olgan Samad endi chinakam tashvishlanib soʻradi.
— Ahvoli tuzukmi, ishqilib?
— Tuzuk-ku-ya, nu...
— Nima gap, gapirsangiz-chi?!
— bilmadim... ertalab rentgen qilib koʻrsak, aniq biror nima deyish mumkin. Hozircha... nazarimda Ulash akaning miyasi chayqalgan...
— Miyasi chayqalgan?
— Menimcha shunday, bir yigʻlab, bir kuladi, oʻzicha allanimalar, deb aljiraydi. Kashfiyot deydimi-ey, antonim, deydimi-ey...

Samad tuyqus sergak tortdi. Ich-ichini tagʻin oʻsha surbet qiziqish qitiqlay boshladi.
— Kashfiyot qildim, deb maqtangandir-da.
— Xuddi shunday, aka, - qiyqirib yubordi navbatchi vrach. – Topdingiz. Ammo nimani kashf qilganini bilmadim. Avval oʻzakka boq, keyin nogʻora qoq, qahramon-mehribon, mehribon-qahramon, deb she’rlar oʻqiydimi-ey...

Samadning butun vujudi boʻylab huzurbaxsh harorat yugurdi: «A, ha-a, qahramon-mehribon! Rost avval soʻzning oʻzagiga qarash kerak ekan-ku?! Qahr-mehr... A, ha-a, mana senga haqiqiy antonim soʻzlar, qahramon-mehribon, mehribon-qahramon! Shu joʻngina jumboqni yecholmay esim ketdi-ya?!»
— Al-yo, al-yo, - deya navbatchi vrach u yoqda hanuz boʻgʻilib yotardi. – Nega jimib qoldingiz, aka? Al-yo, gapiring, ey, uxlab qoldingizmi?
— A, nimani gapiray?
— Iya, sizning ham miyangizni chayqab qoʻydim, shekilli, a koʻp gapirib. Axir qaerda ishlaysiz, deb qachondan berib soʻrab yotibman.

Navbatchi vrachning bu soʻrovi Samadning allanechuk hamiyatiga tegdi.
— O’v, birodar, - dedi u ovozini bir parda koʻtarib. – O’zingizning miyangiz chayqalmaganmi, ishqilib. Ana, qoʻlingizdagi vizitkada hammasi yozib qoʻyilgan-ku?
— Kechirasiz, - deb boʻshashibgina mingʻilladi navbatchi vrach, - bu qogʻozga Ulash akaning qoni tekkan, yozuvlari ancha chaplanib ketibdi.
— Gazet-pazet oʻqib turasizmi oʻzi? – viqor bilan qoʻshib qoʻydi dongdor olim.
— E-e, Samadboy aka, endi sizni tanidim. Lekin... lekin Ulash aka kimingiz boʻladi?

Samad tomoq qirgancha taraddudlanib qoldi.