OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLuqmon Boʻrixon
Asar nomiKutilgan kun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Luqmon Boʻrixon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kutilgan kun (hikoya)
Luqmon Boʻrixon

«
Bir yorugʻlik izlaymiz hamon
Rauf Parfi
»

...Boyxon bu kunni ilhaq kutgan edi. Uzoq dashtda uloqib qolgan, iror oʻtkinchi ulov sharpasiga umidvor koʻz tikkan yoʻlovchidan u ham shu kunga mushtoq edi.

Boyxon tanasi taram-taram boʻlib ketgan daraxtga behol suyanib, chuqur-chuqur nafas oldi. Kulrang qorongʻulikka choʻmib borayotgan katta-kichik daraxtlar, baland-u past imoratlar, keng yoʻlda gʻiz-gʻiz oʻtib qaytayotgan mashinalar koʻz oʻngida betinim chayqalardi. Oyoqlari ostida boʻsh-boʻsh aroq shishalari, kolbasa burdalari-yu gʻijimlangan qogʻoz parchalari sochilib yotardi.

Boyxonning yuragi uvushdi. Barcha qilmishlari koʻz oldidan ayqash-uyqash boʻlib oʻtdi-yu koʻngli gʻashlandi. «Endi hech oʻngarilmasligim, tayin, oxirgi umidim ham kul boʻldi, tamom», deb oʻyladi u ruhsizlanib.

...Boyxon bu kunni ixlos bilan kutgandi. Goʻyo bu kun u bir yumalab boshqa xil odamga aylanib qoladiganday, jikkak, tajang Boyxonning oʻrnida etli- soʻlli, kelishgan Boyxon taltayib turadiganday edi... Eh, bu kun, bu kun...

U bir quchoq sovgʻa keltirib, xotinini tugʻilgan kuni bilan qutlamoqchi, uning lablarida shirin bir tabassum koʻrmoqchi, soʻngra esa oʻzi orzu qilgan oʻsha oʻrik gullari iforiga burkanib, hamma-hammasini – oʻz hayotini, turmushini qaytadan boshlamoqchi edi. Shu boisdan tong boʻzarmasdanoq shoshilib, ammo tetik va allanechuk xush kayfiyatda koʻchaga otilgan, xotini – ikki oylik kelinchak orqasidan ajablanib qarab qolgandi.

Boyxonning kasbi betayin edi. U bir vaqtlar motor zavodida xizmat qilar, ishga shirakayf kelsa-da, berilgan topshiriqlarni tuzukkina doʻndirar edi. Biroq orada aroqxoʻrlikka qarshi kurash boshlanib ketdiyu, namunam sifatida uning kovushini toʻgʻrilab qoʻyishdi. Boyxon shu-shu hech joydan ish topolmadi. Oxiri mardikorlikka kuni qoldi.

U la’nati shu ichkilikbozlikni tashlashga necha marta soʻz berar, lekin uch-toʻrt kun oʻtmasdanoq, «oʻzi bilmay» yana echki qasamga aylanib – uyiga odatdagidek chayqalganicha kirib kelar, boshini xam qilgan koʻyi keksa onasining beozorgina nolishlarini tinglar edi.

Boyxon yaqinda uylandi. Toʻgʻrirogʻi, uni uylantirishdi. Aka-opalari –oʻlni-qoʻlga berib, onalari bilan obdon maslahatlashib kelin topdilar. Kelin – Yangi daha tomonda yashovchi ammasining qizi boʻldi. Ammasi toʻydan soʻng ularnikiga tez-tez kelib turar, biroq har tashrifida kuyovini ta’nayu tanbehlar toshboʻronida ezib tashlar edi: «Hoy, jiyan, soqol-poqolni mundogʻ qirtishlab yursangiz boʻlmaydimi?.. Hoy, yigit, qachon siz ham mundogʻ odamga oʻxshab uyga oylik koʻtarib kelasiz?.. Rahmatli akaning arvohlari hurmati, gulday qizimni bir yalangoyoqqa qoʻshdim, esam...»

Ammaning uzundan-uzoq oh-voyini Boyxon toqat bilan eshitardi-yu, biroq kelin, «Oyi, boʻldi, bas!» deganday ovozsiz iltijo qilardi.

Ammasining qizi Sargʻishdan kelgan, yuzlari choʻzinchoq, qoshlari siyrak, qoʻngʻirtob koʻzlari oʻychan boʻlib, ishqilib, gulday emasdi. Lekin, tillo ekan. U kelin boʻlib keldi-yu, harobgina hovlichaga fayz kirib qoldi. Ammo Boyxonda hche bir oʻzgarish sezilmasdi. U har erta bir yoqLarga gumm boʻlar, allakimlargadir yollanib, ishlab topgan va besh-olti soʻmini kechqurun xotinining oldiga uyalib, avaylabgina qoʻyar edi. Biroq ahr uch-toʻrt kunda gandiraklaganicha gʻoʻddayib boʻsagʻada paydo boʻlishini ham tashlamasdi.

Boyxon mast chogʻlari, negadir, koʻproq iymanar, xotinining ayuhannos solishini, «ketaman», deya poʻpisa qilishini, uvvos tortib yigʻlashini juda-juda istar edi. Xotini esa hech bir jirkanmay, hayiqmay, erining iflos kiyimlarini yechar, yuvintirardi.

Boyxon koʻpincha kechki yemakdan soʻng muzday deraza oynasiga tanglay tirab, mahzun qorongʻulikka choʻmgan torgina hovlidagi sovuq urgan oʻrik daraxtiga soʻzsiz tikilardi. Necha-necha bahorlardan beri gullamaydigan, gʻuj-gʻuj yaproqlari kuzning olovli dami yetmasdanoq Sargʻayib, qovjirab bitadigan bu daraxt, sertomir qadoq qoʻllardek shoxlarini koʻkka choʻzib, nelarnidir falakdan soʻrayotganday sovuq shamolda diydirab, chayqalib turar edi.

«Baribir meni tashlab ketadi», deb oʻylardi u xotini haqida, derazadan horgʻin koʻzlarini uzmay.

Lekin xotinida ketib qolish niyati yoʻqqa oʻxshardi. U ertayu kech hovlida ktsymalanar – supirib-sidirar, yuvib-tarar, keksa qaynonasiga girdikapalak boʻlar edi. U gʻimir-gʻimirlari, Ayniqsa Boyxon uyda paytlari avjiga chiqar, hoynahoy, Eri bilan yuzma-yuz, bekorchi oʻtirishdan, gap topolmay qiynalishdan benihoya choʻchir edi. Shu sababli harqalay Boyxon xotiniga tik qaramoqqa botinolmasdi. Ba’zan Boyxonning oʻz-oʻzidan zavqi joʻshar, kelinchakni erkalagisi, mehribonliklar koʻrsatgisi kelar, lekin bunga jur’at etolmas, toʻgʻrirogʻi bu xil yaqinlikda oʻzini mutlaqo haqsiz, deb hisoblar, butun bor-yoʻgʻi, yurish-turishi bilan xotini oldida oʻzini muttahamday his etardi!

Ammo kunlar ketidan kunlar oʻtarkan, yurak bagʻrida tosh boʻlib yotgan kuz qatlamlari Allaqanday anglab boʻlmas olov taftidan asta-sekin erib ketayotganni Boyxon payqab borardi. Mardikorlikdan qaytishda uy tomon ixtiyorsiz katta-katta qAdam tashlashi, tez orada roʻy beradigan koʻzlar toʻqnashuvini his qilib entikishi, uyida – yumshoq oʻringa soʻzsiz choʻzilisharkan, saharning yana uch-toʻrt barobar uzaymogʻini istashi, xuddi shu antiqa qiliqlaridan dalolat berib turardi. Lekin jamiki noumid va noshukur bandalar kabi Boyxon ham koʻngliga alangalanib kelayotgan orombaxsh olovga shubhayu gumonlar suvini purkar, oʻzini-oʻzi tushnkunlik, ruhsizlik tigʻiga tutib berar edi.

«U baribir men bilan yashamaydi, - deb oʻylardi Boyxon. – Yana besh-olti kundan soʻng onasinikiga joʻnavoradi...»

Biroq uch kuncha burungi bir hodisa uni butkul boshqa oʻzanga burib yubordi.

Oʻsha kuni omadi yurishmagan Boyxon tushdan soʻng shalvirabgina uyiga qaytgandi. U hovli eshigidan oyogʻini oshirdi-yu, ajoyib manzaraning guvohi boʻldi.

Sochini chiroyli turmaklab, duracha bilan tangʻib olgan xotini oʻsha oʻrik daraxtining shoxlariga kir yoymoqda edi. Durrachasi tegidan chiqib turgan, shamolda hilpirayotgan uzun-uzun soch tolalariga daraxtning nurdek ingichka bir shoxi goʻyo oʻpmoqchiday ohista-ohista silanar, kelinchak esa shirin-shakar xayollar ogʻushida zavqlanib betinim iljayardi.

Boyxon bu xushmanzarani toʻrt-besh daqiqa – to unga xotinining koʻzi tushgunicha tomosha qilib turarkan, nogoh, dimogʻiga gup etib oʻrik gullarining ifori urilgandek tuyuldi. Boshi aylanib ketdi.

Xotini u tomon ilkis nazar tashladi-yu, ikkovlari baravar iljaydilar. Bu ularning bir-biroviga birinchi samimiy tabassumi edi.

Oʻsha kuni kechki taomdan soʻng Boyxon odatdagidek derazaning sovuq oynasiga yuzma-yuz boʻlarkan xayolga chulgʻandi. «Yoʻq, bunday yashab boʻlmaydi. Odamsifat boʻlishim kerak, odam…»

U deraza yonida uzoq turmadi. Bir payt miyasiga kelgan ajoyib fikrdan sevinib, qalqib ketdi. Allanimalarni tikib-bichib oʻtirgan xotini bu holni sezmadi.

«Nahotki, uch kundan soʻng uning tugʻilgan kuni?! Balki adashayotgandirman?»

Boyxon zoʻr diqqat bilan xotirasini titkilab chiqdiv a adashmaganiga yana bir bor amin boʻldi.

Oʻsha choshgoh –hukumat nigohidan oʻtkazuvchi tannoz xodima oʻz qalin daftariga yosh kelin-kuyovlarning ism-shariflariyu tugʻilgan yil, oylarini qayd etayotgan chogʻi u oʻz qalligʻining tavallud kuniga negadir, qiziqsinib qaragan va yaxshigina eslab qolgandi.

...Boyxon bu kunni entikib kutgan edi. Miyasiga ajoyib fikr urilgan oʻsha oqshomdan boshlab uch kun betinim oʻzicha turli-tuman rejalar tuzdi. Hayajonlandi. Hovliqdi.

Nihoyat, oʻsha arzanda kun ham yetib keldi-yu tong qrongʻusida ikki oylik kelinchakni sarosimada qoldirib koʻchaga otildi. Ammo koʻcha eshigi orqasida xotini yuvib-dazmollangan shimni obdon gʻijimlashni unutmadi, unda-munda uchrab qoladigan oʻziga oʻxshash betayin ogʻaynilarining «poʻrim kuyov bola» deya masxara qilishidan uyaldi.

...Boyxon bu kunni shirin xayollar ogʻushida kutgan edi. Shuning uchun ham naq tushga dovur qora terga botib suvoq qilarkan, charchash oʻrniga tobora gʻayrati qaynab, yuz-koʻzidan tabassum arimadi. Nihoyat, mardikorining antiqa hatti-harakatlaridan lol boʻlgan tepakal xoʻjayin qayta-qayta sanab uzatgan pulni changallaganicha hovliqib koʻchaga otildi.

U xotiniga qanday sovgʻa olishini huv oʻsha oqshomdayoq diliga tugib qoʻygan, har eslaganda toʻlqinlanib-talqinlanib yurgandi. Koʻz ostidagi bu tortib – sopol koʻzacha edi. Boyxon uni ilk marta, bir oycha avval, aroq qahatchiligi sabab arzon atir ilinjida mashhur doʻkon boʻylab hoʻb izgʻib yurarkan, tepasiga «Podarki» deb yozilgan boʻlinma sotuvchisi iddao bilan koʻrgazmaga qoʻyayotgan payt koʻrib qolgandi. Oʻshanda u sopol koʻzachaning bejirim va yaltiroqligiga, shunchaki qiziqsinib qarab turgan, soʻngra badaniga Sargʻish boʻyoq bilan tasivrlangan bir juft qushga siyrak kipriklarini pirpirata-pirpirata uzoq vaqt angraygandi.

Uning nazarida qushlar qop-qora tun aro horgʻin uchib borishar, mitti koʻzlarida shubha-yu hadik, umidsizlik va alamzadalik qalqib turar, chor-atrofda hech bir qoʻnalgʻa belgisi koʻrinmas edi.

Boyxon oʻshanda sopol koʻzachaga tikilib turarkan tizzalariga, barmoq uchlariga titroq inayotganini, yuragi algʻov-dalgʻov boʻlib ketayotganini sezdi. Beixtiyor qushlarning oyoqchalari tagiga oppoq gullagan oʻrik shoxi tasvirini tushirgisi va qushlarni shu yerga qoʻndirib chek-chegarasiz parvozni butkul tugatgisi kelib ketgandi.

Shu-shu boʻldiyu, u bu moʻ‘jaz doʻkonga tez-tez kelib turadigan, gʻoyat antiqa tuyulgan oʻsha sopol koʻzachaga hiyla vaqt hayratlanib tikiladigan tashvish orttirdi. Biroq uning daydilarcha ivirsishi doʻkonchilarni shubhalantirib qoʻydi shekilli, kuni kecha Boyxon peshtaxta yonida paydo boʻlishi bilanoq, «xizmat, ukaginam» deb soʻradi sotuvchi ayol pardoz-andozdan andak toʻxtab.
— Anavi koʻzachangiz... - gʻoʻldiradi Boyxon, - juda zoʻr ekan.

U, negadir sotuvchining «ha, judayam ajoyib, menga ham yoqadi», deyishini, soʻngra oʻzi tasvirdagi uchib borayotgan qushlar haqida toʻlib-toshib gapirishini, xotiniga shu koʻzachani sovgʻa qilmoqchi ekanligini aytib maslahatlashishni juda-juda istagan, hatto, shunday boʻlishiga qattiq ishongan edi.

Ammo sotuvchi ayol allaqanday gʻashlangan qiyofada hech gap-soʻzsiz u ishora qilgan matohni olib uzatmoqqa shaylandi.
— Yoʻq-yoʻq, hozirmas, - deb yubordi shosha-pisha Boyxon, xuddi qoʻqqis shirin uyqudan uygʻongandek. – ertaga olaman.

Sotuvchi ayol yelka uchirdi:
— Ixtiyoringiz, lekin shu oxirgisi...

...Boyxon bu kunni intiq kutgan edi. Shuning uchun ham xotinining kechqurun quvonch va mehrdan lov-lov qizarishini xayolida jonlantira-jonlantira entikkancha ketib borardi. Ammo...

Ammo katta chorraha biqinidagi har bir tosh-kesagigacha oʻziga tanish boʻlgan ichimliklar doʻkonchasi yonidan oʻtayotganida qadamlari beixtiyor sekinlashdi. Axir u yerda baqaloq sotuvchi turli ichimliklarga limmo-lim yogʻoch qutilarni gʻayrat bilan ichkariga tashirdi-da.

«Ob-bo, zap ustidan chiqibman-u, deb yuborganini Boyxonning oʻzi ham sezmay qoldi. Lekin darov sergak tortdi. Qayga, ne sababdan ketayotganini esladi.

Ichimliklar doʻkonchasi yonida odamlar daqiqa sayin koʻpayib, gʻala-gʻovur bilan navbat talashardilar.

Boyxon choʻntagidagi pullarni kaftida siqqancha yoʻlida davom etdi. «Koʻproq pulim boʻlganda, ikkoviga olib qoʻysam yaxshi edida», deb oʻyladi u pullarini yanada mahkamroq siqimlab.

«Ozgina yutib olganimda charchoqlarim tarqab bir huzurlanardima», deb oʻyladi Boyxon negadir asabiylashib. Uning qadamlari oʻz-oʻzidan susaya-susaya, nihoyat, harakatdan toʻxtadi. Uch-toʻrt shisha aroq quchoqlab shodon ketayotgan ur-toʻpolon bilan navbat talashayotgan kishilarga sarosimalanib termuldi.

«Bir shishaga-ku qurbim yetar-ov», deb oʻyladi Boyxon olomon tomon beixtiyor uch-toʻrt qAdam tashlab. – Bir donagina atirgul olsam ham boʻladi-ku, axir sovgʻaning katta-kichichi, yaxshi-yomoni yoʻq».

Boyxon choʻntagiga qoʻl soldi. Lekin, shu lahzayoq, xotinining huvv, oʻsha oʻrik tagidagi tabassumi «lop» etib koʻz oldiga keldi-yu, shashtidan qaytdi.

«Yoʻq, buguncha ichmayman», deb oʻyladi u qoʻllarini musht qilib. Boyxon iziga qayrildi-da, yoʻliga ravona boʻlishga chogʻlandi. Shu payt olomon orasidan sirgʻalib chiqayotgan ikki sayoq ogʻaynisiga koʻzi tushdi-yu koʻngli ravshan tortib ketdi.

Boyxon darhol gumm boʻlish oʻrniga beixtiyor odimlashi susaydi, anavilarning nazariga tushish uchun pinhona hujum boshladi.

«Doʻstlardan qochish yaxshimas», deya oʻyladi u oʻz-oʻzini aldab. Nihoyat, orqadan tanish hushtak ovozi yangradi. Shusiz ham toqati toq boʻlib turgan Boyxon «yalt» etib oʻgirildi.

Uch-toʻpolonda terlab ketgan, soch-soqoli oʻsiq, koʻzlari qizargan ogʻaynilar yetib kelishdi. QisqAgina hol-ahvol soʻrashdilar.
— Bu, deyman, tomoqlar qurib bitibdi-yov, a, - dedi sheriklardan biri Boyxonga qarata.

Boyxon aybdorona iljaydi.
— Yur, biz bilan, - sirli koʻz qisishdi ogʻaynilar.

Boyxon botinolmaygina mingʻilladi:
— Yoʻgʻ-e, Ishim bor-da...

Ikkovlon barobariga xoxolashdi.
— Ha, endi, - dedi aroq qoʻltiqlagani. – uylangandan soʻng qiyin-da...

Sherigi LuqmA tashladi:
— Ayniqsa, xotinidan qoʻrqadiganga.
— Men hech kimdan qoʻrqmayman, - dedi Boyxon qoʻrslik bilan. Shu tobda barii shirin oʻy-xayollariyu, sovgʻa olish koʻyida halloslab yurishlari oʻziga erish tuyulib ketdi.
— Qoʻrqmasligingni hali isbotlagan emassan, - dedi ogʻaynilar oldin-kuetin.

Boyxon bu qochiriqni deyarli eshitmadi, chunki u Ayni paytda gʻoyat parishon turib, xotinidan qoʻrqar-qoʻrqmasligini oʻzicha, rostakamiga oʻylab koʻrmoqda edi.

ogʻaynilar betoqatlandi:
— Yuarsanmi, yoʻqmi?!

Boyxon bir choʻchib tushdi-da, indamay ularga ergashdi. «Ozroq ichsam oʻlmasman», deb oʻyladi u oʻz-oʻzidan gʻazablanib. «Xotinni tabriklash qochmas...»

Ular oʻzlariga qadrdon daraxtzorga yoʻl olishdi.

Boyxon boshqa hech vaqoni roʻyirost eslayolmaydi. Agar adashmasa, u boshi sal qizigach, odatdagiday sahiyligi tutib choʻntagidagi bor pulni oʻrtaga tashlagan, ogʻaynilardan chaqqonrogʻi shartta olib,yana doʻkonga yugurgan...

...Boyxon bu kunni zor-zor kutgan edi. Endi esa koʻngli aynib, qaqshab-titrab, daraxtga madorsiz suyanib turar, kimgadir tinmay aljiragisi, hoʻng-hoʻng yigʻlagisi kelar, boyagina nafrat va masxaraga limmo-lim yuragi yana qurib-qovjirab, halim tortib borar edi.

«Ketgin, meni tashlab ketaqolgin. Shuncha xorlik, shuncha zorlik senga zarilmi? Yuzimga miriqib tufla, dunyoni boshingga koʻtarib qargʻa, lekin meni tashlab ket».

Boyxon xotiniga xayolan murojaat qilarkan, oʻsha oʻrik daraxti yonidagi mehrli tabassum, hovli boʻylab sassiz kuymalanishlar koʻz oldidan lop-lop oʻtdi-yu oʻz-oʻzidan oʻpkasi toʻlib, xoʻrligi keldi. Lekin hoʻngrab yubormaslik uchun gandiraklaganicha yurib ketdi.

Kech kuzning erta qorongʻuligi quyilib kelar, biroq, koʻcha-koʻyda odamlar hali gavjum, mashinalar vagʻillab oʻtib qaytar edi. Yogʻin-sochindan darak boʻlmasa-da, havo xiyla sovuq.

«Yoʻq, men baribir oʻshani obboraman, - deb oʻyladi Boyxon gandiraklab yurib borarkan, - sovgʻa qilaman, sovgʻa...»

U qulab tushmaslikka tirishib, bir toʻxtab, bir yurib borar, unda-munda uchrab qoluvchilar shosha-pisha oʻzlarini chetga olishar, ba’zilari gʻijinib, soʻkinib qolishar edi...

Boyxon bir amallab oʻsha doʻkonga yetib keldi. Ichkari kirdi. Doʻkonning charogʻonligidan koʻzlari qamashib, bir zum nafas rostlash dardida chetroqqa tisarildi.

Ichkarida odam gavjum. Sotuvchilarning qoʻli-qoʻliga tegmaydi. /ala-gʻovur avjida.

Boyxon bir amallab peshtaxtaga yaqinlashdi. Yuragi nechundir, oʻz-oʻzidan Gurs-gurs ura ketdi.

«Hov, qushlar, - dedi xayolan u. – shoshmang, biz sizlarga qoʻnalgʻa chizib beramiz. Biz ham...»

Boyxon sotuvchi xotin va xaridorlarning oʻziga ajablanib-ajablanib tikilayotganini koʻrib sal sergak tortdi. Aftidan, u xayolida emas, tashida gʻuldiragandi.

Boyxon beoʻxshov ishshayib yana tasvirga suqlanib tikila boshladi.
— Xizmat, ukaginam. – deb soʻradi sotuvchi Xotin, shekilli, u «ukaginasini» tanigan edi.

Boyxon iljaya-iljaya:
— Opa, anovi... - dedi zoʻrgʻa.

Sotuvchi u gapini tugatmasdanoq oʻsha sopol koʻzachani doʻqillatib pushtaxtaga qoʻydi.

Boyxon ishshayib uni oʻziga imladi:
— Opa, qulogʻingizga bir gapim bor edi.

Sotuvchining ensasi qotdi:
— Aytavering.
— shu.. iltimos, - deb gʻoʻldiradi Boyxon koʻzachani qoʻli bilan silay turib, - shuningizni nasiyaga berib turing, jo-on opa, ertan pul opkelaman, xoʻp.

Sotuvchi Boyxonga qayrilib ham qaramay, koʻzachani koʻtardi-yu, joyiga qoʻydi.

Shu chogʻ boshqa bir xaridor entikib turgan Boyxonni turtib yuborgudek boʻlib oʻtdi-da:
— Ie, koʻzachani bu yoqqa uzating, - dedi sotuvchiga qarata, - koʻraylik-chi...

Boyxon sergaklanib yoniga qaradi.
— Oʻv, bu... meniki...

Xaridor hech vaqoga tushunmay bir Boyxonga, bir sotuvchiga hayron tikildi.
— Sal kayfi taroq, e’tibor bermang, - dedi sotuvchi qoʻl siltab. – xaridor oqilona bosh chayqab pul sanarkan, Boyxon peshtaxta ustida yotgan koʻzachaga chang soldi.
— Bu meniki... meniki...

Xaridor odob bilan yopishqoqni orqaga surib qoʻydi.
— Qanday tuzsiz odamsiz, - dedi u Boyxonning tirsagi tekkan kostyumini qoqa turib.

Boyxon shashtidan qaytmadi.
— Meniki... Sovgʻa qilaman...

Uning yoshdan xira tortgan koʻzlari sopol koʻzachadan boshqa hech nimani koʻrmas, quloqlari hech qanday hay-haylashni eshitmas, Ayni chogʻda tinmay aljirashni, janjal-toʻpolon koʻtarishni juda-juda istar edi.

Boʻlinma oldida tomosha talablar toʻplana boshladilar.

Shu payt allaqaerdan ayiqday baquvvat erkak sotuvchi paydo boʻldi-da, Boyxonni osongina qoʻltiqlab tashqarii tomon sudrab ketdi. Boyxon jon achchigʻida tipirlab qarshilik qilishga urindi. Ammo zum oʻtmay oʻzini oynaband eshik orasida koʻrdi. Sovuq havoda eti junjikdi.
— Yoʻqol! – dedi sotuvchi oyogʻi bilan yerni tapillatib, goʻyo yosh bolani haydaganday. – Yoʻqolmasang hozir melisa chaqiraman…

Barzangi mushti bilan yana bir bor poʻpisa qildi-yu oʻzini ichkari oldi.

Boyxon qayoqqa yurarini bilmay ancha vaqt eshik oldida garangsib turib qoldi. Uning qulab tushgday chayqalayotganini, gʻuldurab, tushunuksiz soʻkinayotganini koʻrgan oʻtib-qaytuvchilar oʻzlarini darhol chetga tortishardi.

Qorongʻulik tobora quyuqlashardi…