OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Luqmon Boʻrixon. Qoʻnoq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLuqmon Boʻrixon
Asar nomiQoʻnoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Luqmon Boʻrixon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻnoq (hikoya)
Luqmon Boʻrixon

Uni koʻrdimu yuragim orqaga tortib ketdi. U tobutdek tebranib borayotgan vagon tamburining bir burchida choʻnqayib oʻtirar, har bir oʻtib qaytuvchini qon nuqsi urgan koʻzlari bilan qiziqsinib-qiziqsinib, bosh-oyoq kuzatib qolardi.

Men tamburga chekish uchun chiqqandim. Unga koʻzim tushdi-yu, seskanib ketdim, bu ham yetmaganday, beixtiyor salomiga bosh irgʻab yuboribman. Bizni shu ahvolda chetdan koʻrgan kishi eski tanishlar ekan, degan oʻyga borishi aniq edi.

Balki u chindan ham koʻzimga issiq koʻringandir? Yaoʻgʻ-e, bu nusxani birinchi marta uchratishim. Balki qoʻrquv aralash bosh irgʻab yuborgandirman?

Men oʻz qilmishimdan uyalib ketdim. Koʻnglimga hijillik choʻkdi. Odatda, ta’bim tortmaydigan, izzatim koʻtarmaydigan ish qilganimda koʻnglim shunday gʻashlik uyasi boʻlib qolardi.

Men oʻzimni gʻirt beparvolikka olib, lablarimga a’lo nav bulgʻor sigaretidan qistirdim. Soʻng, gugurt chaqa turib, kishi bilmas, yer ostidan unga bir qarab oldim. U hamishagidek, meni hamon sinchiklab koʻzdan kechirar, zoʻr bir qah-qaha otishga chogʻlanayotganday lablari ahyon-ahyonda yonoqlari tomon yoyilib-yoyilib ketardi.

Men tamburning qoʻsh oynali derazasi tomon yuzlanib, oʻzimcha tashqarini kuzatayotgan kishi boʻldim. Afsuski, tashqari allaqachonlar quyuq qorongʻulik qa’rida qolgan edi. Shu bois, oynada oʻzimning ajablangan, gʻashlangan turqi-tarovatimdan boshqa hech neni koʻra olmadim.

Qiziq, u rostakamiga qah-qah urmoqchimikan? Shunchalar xursandmikan zangʻar? Unday boʻlsa, bu sassiq tanburda nima qilib oʻtiribdi, nahotki, shunday shodmon odamning kupeda joyi yoʻq?! E... e, balki u telba-devonadir? Oʻz-oʻzidan iljayaveradigan aqli pastdir? Ros u tentak!

Mening xuddi shu xulosamni tasdiqlaganday poezdning old tomonidan parovozning uzun oʻkirigi eshitildi. Temir gʻildiraklarning taraqa-turuq ovozi kuchaydi. Vagonlar zardali-zardali tebrana boshladi. Aftidan, poezd boshqa yoʻlga oʻtmoqda edi.
— Aka, chekishingizdan bering.

Shundoq yonginamda eshitilgan tovushdan choʻchib tushayozdim. Qarasam, haligi nusxa qimtinibgina qoʻl qovushtirib turibdi. Uning «aka», deyishi yogʻdek yoqib darrov, sigaret qutimni unga uzatdim.

Bu nusxaning yoshi, nari borsa, yigirma ikkilarda edi. Uning koʻpdan beri suv koʻrmay hurpayib ketgan sochlariga, kir-chir qoʻllariyu ust-boshiga qarab, darhol, loʻli boʻlsa kerak, degan xayolga bordim.

U qutichamdan sugʻurib olgan sigaretni ancha vaqt ezgʻilab turib qoldi; hoynahoy, u ham, barcha tilab chekuvchilardek, sigaret izidan gugurt soʻramoqqa iymandyotgan boʻlsa kerak. Uning odob saqlab turishi menga yoqdi.

Oliftalarcha gugurt uzatdim. U shoshib gugurtni olarkan, rahmat, dedi. Jilmaydi. Tamburdagi kirlanib ketgan chiroqning xira yorugʻida uning qoramagʻiz yuzi battar qorayib koʻrinardi. Yuz-qovoqlarida, burnida bir vaqtlar orttirgan jarohat izlari yaqqol koʻzga tashlanib turar edi. Nazarimda, u har kuni doʻpposlashadigan urushqoq koʻchabezorilarga oʻxshardi.

Men oʻzimni yana beparvolikka soldim. Ammo, qancha urinmayin, qiziqishim tobora ortayotganidan unga tez-tez koʻz tashlab olardim.

Kutilmagan sherigim soʻrab cheksa ham, chakana kashanda emas ekan: uch tortishda sigaretni yarimlatdi. Qurmagʻur har puflaganida ogʻiz-burnidan burqsitib tutun chiqarar edi. Uning bu qilmishi meni koʻp ajablantirayotgan boʻlsa-da, negadir, andek yoqinqiramay ham turardi. Axir, ziyoli odamning oldida... yaxshi emas.

Sherigim oʻqtin-oʻqtin labini yalab, ketma-ket yutinib katta tayyorgarlik koʻruviga qaraganda, gurunglashmoq istardi. Lekin u soʻz boshlovga botinolmasdi chogʻi, men tomon umidvor-umidvor koʻz tashlab qoʻyardi. Men esa oʻzimni hamon loqaydlikka, sovuqqonlikka olardim. Nihoyat, uning toqati toq boʻldi. Bir tomoq qirib olib:
— Sayohatga ketayapsizlarmi? — deb soʻradi u. Men vazmin bosh irgʻab, «ha» ishorasini qilar ekanman, ajablanganimdan sherikni beixtiyor bosh-oyoq kuzatib chiqdim. Qiziq, yolgʻiz emasligimni qayoqdan bildi u?
— Qirq kishi bir vagonda kelayapsizlarmi? Uning ikkinchi soʻrovi meni tamom dovdiratdi. Axir haqiqatan biz qirq kishi edik. Uzoq bir shaharni moʻljallab sayohatga chiqqandik. Tamburdan sal naridagi kupeda men uch oʻrtogʻim bilan joylashganman. Qiziq, biz haqimizda qaerdan biladi u?!

Bilagʻon sherigim xunukdan-xunuk homuza tortib, yana allanimadir dedi. Shu payt chap tomondan uzun bir eshelon shiddat bilan oʻtdi-yu, quloqni qomatga keltiruvchi shovqin-suronda uning gapini tushunmay qoldim. Shunday boʻlsa-da, «ha» deb bosh silkitdim.

Eshelon vahshat solib oʻtib ketgach, tamburga jindek osoyishtalik indi. Bu orada kutilmagan sherik quloq-chakkasini koʻmib ketgan sochini zoʻr berib, ammo huzur bilan qarshiladi.
— Ertaga ertalab falon shaharga yetsak kerak-a?— deb soʻradi u, negadir kulimsirayotgan koʻzlarini menga tikib.

Men yelka uchirdim. Toʻgʻrisini aytsam, bu nusxa meni xiyla qiziqtirib qoʻydi. Ajab, ust-boshi bir ahvolda-yu, yana tinmay iljayishiga, boshqa kishi oldida oʻzini erkin tutib, naq quchoqlab olguday boʻlishiga balo bormi?

Uning aft-angoriga endi oshkora hayrat bilan qarab turarkanman, bir payt yuragim «shuv» etdi. Negaligini bilmadim-u, miyamda noxush fikrlar yalt-yult eta boshladi. Balki, bu nusxa oʻgʻridir?! Tavba, nega shu oʻy ertaroq boshimga kelmadi-ya? Obbo, qip-qizil oʻgʻri ekanligi shundoqqina koʻrinib turibdi-ku?! Meni gapga tutishlari bejiz emas. Zangʻarning boshqa yerda sheriklari ham bor-ov? Bu nusxani biz haqimizda ma’lumot toʻplashga yuborgan ular! A-ha, manovi, aftidan, biznikilardan kim bilandir gaplashgan ham...

Goʻyo shubhalarimni tasdiqlaganday, bir mahal, kutilmagan sherik yana soʻroq qilib qoldi:
— Birinchi kupeda boshliqlaringiz bormi, deyman? Nazoratchi nuqul oʻsha yerga choy tashiydi.

Men bilinar-bilinmas bosh irgʻar ekanman, battar xavfsirardim. Ammo, tan olish kerak, taftishchining gap ohangida hech bir qaroqchilik alomatlari sezilmasdi. U haddan tashqari iliq munosabatda boʻlar, tamakidan sargʻayib ketgan tishlarini koʻrsatib, tinmay tabassumlar hadya etar edi. Koʻrgan kishi, xohlasa-xohlamasa, ikki ogʻayni uzoq ayriliqlardan keyin uchrashib qolganlar, deb oʻylardi.

Biroq, uning bari sof — samimiy muomalalarini men oʻz shubhalarimga yem qilar, manov nusxaga ishonmaslikka oʻzimni-oʻzim da’vatlar edim. Toʻgʻri-da, oʻgʻri hech qachon, «men — Oʻgʻri» demaydi-ku? Iljayadi, xoʻmrayadi, ishqilib, oʻzini koʻngli toza, samimiy koʻrsatmoqqa tirishadi. Ish pishgach, shartta boʻyningga pichoq tiraydi. Ana, keyin koʻraverasan har ikki gapida «aka» deguvchi muloyim supurgining hunarlarini!

Poezd shitob bilan yelib bormoqda. Vagon va temir «tuyoq»larning sharaqa-shuruq, taraqa-turuq qilishi asab torlarini gʻoyat taranglashtirardi. Bu tomonlarga avval yoʻlim tushmaganligi sabab qay bir manzilda ketib borayotganimizni bilmasdim. Boz ustiga, vaqt kech — hufton mahaliga yaqin boʻlib, tambur derazasi ortida qop-qora qorongʻilikdan boshqa hech narsa koʻzga tashlanmaydi.

Kutilmagan sherik tamburni obdon qarab chiqarkan, bir payt:
— Bu yerni nimaga oʻxshatasiz, aka? — deb soʻradi. Men odatdagiday yelka qisdim. Lekin nomiga boʻlsa-da atrofimga koʻz yugurtirdim.

Hamma matohi temir-tersakdan boʻlgan oddiy vagon tamburi. Tepada xira chiroq. Oyoq ostida sigaret qoldiqlari, qogʻoz, latta boʻlaklari sochilib yotibdi. Koʻkish rangga boʻyalgan temir «devor» — tamburning naq hurmat kitobi deb oʻylaysiz. Unga kimlardir oʻz ismini, shahrining nomini hafsala bilan oʻyib yozgan. Hatto yana allakim noʻnoqlarcha yurak va nayza tasvirini ham tushiribdi, an’anaga xilof ravishda nayzaning ikki uchiga katta-katta harflar yozishni unutibdi. Kim biladi, balki shoshib turgandir?

Haligi nusxa hanuz ishshayib, mendan koʻz uzmay javob kutardi. Men labimni choʻchchaytirib yana yelka uchirdim. U esa chekib tugatgan sigareti qoldigʻini oyoqlari ostiga tashlab ezgʻiladi-da, chopib borib, oʻsha joyiga boyagiday choʻnqayib oʻtirdi. Tizzalariga ikki tirsagini qoʻyib, rapidadek qoʻllariga iyagini tirab, menga kulimsirab qararkan:
— Endi-chi? Endi nimaga oʻxshatayapsiz? — deb soʻradi u. Goʻyo bu la’nati tambur nimaga oʻxshashini bilmogʻim shartday.

Men beparvo sigaret tortdim. Uning oʻzini talabchan otadek tutishi menga yoqmayotgan edi. Ogʻiz-burnimdan chiqayotgan quyuq dud achishtirgan koʻzlarimni yarim yuma turib yana bosh chayqadim.
— Turma. Bir kishilik kameraga oʻxshaydi, — dedi u oʻrnidan turib, — yo notoʻgʻrimi?

Men uning soʻrovlariga javob bermoqni oʻzimga ep bilmasdim. Ammo koʻnglimning qay bir burchida ezmavoyga nisbatan iliqlik silqib chiqmoqda, boyagi gumonlarim tabiatimga boʻysunmay, asov aygʻirdek orqaga tisarilmoqda edi.
— Uch kun oldin qamoqdan chiqdim, — dedi u botinmaygina.

Men nima deyarimni bilmay qoldim. Axir, qamokdan qutulgan odamni birinchi marta uchratib turibman. Nima qilay, tabriklaymi, «balli, sizga» deymi, yo «ob-bo-o, chatoq boʻpti-ku», deb achingan boʻlaymi?

Boʻgʻzimdan ma’nisiz «e» degan qisqa va zaif tovush chiqdi. Jabrdiyda bu mahal xira chiroqqa termulib turardi.
— Turmani odam bolasi koʻrmasin ekan, aka, — dedi u qult etib yutinib. — Odam bolasi koʻrmasin...

Shu lahzadayoq kutilmagan sherikning koʻzlariga xayolchan ma’yuslik bostirib kirganini payqab qoldim. U ustma-ust xoʻrsindi-da, menga yana jilmayib qaradi:
— Endi hammasi orqada. Ana endi... — jabrdiyda shunday dedi-yu, baquvvat qoʻllarini negadir musht qildi. Bilmadim, nega, balki birortasini «ana endi» doʻpposlar, balki «ana endi» mustahkam boʻlganini koʻrsatmoqchidir?

Men chekib boʻlingan sigaret qoldigʻini oyoqlarim ostiga tashlab, shoshilmay ezgʻiladim. Kutilmagan sherik ketmoqqa shaylanayotganimni koʻrib bir choʻchib tushganday boʻldi, yoʻq, rostdan ham choʻchib tushdi u!
— Boya, — dedi ajab nusxa shoshilinch tomoq qirib olarkan, — choʻnqayib oʻtirganimni koʻrib hayron qolgandirsiz. Tentak boʻlsa kerak, deb oʻylagandirsiz, toʻgʻrimi?

Men zoʻraki iljaydim. Tentakvoy esa yana chopqillab borib oʻsha joyiga choʻnqayib oldi. Iljaydi.
— Qamoqda, — dedi u yana koʻzlarini xira chiroqqa qadab, — tonggacha shunday oʻtirardim. Meni koʻpincha bir kishilik kameraga qamashardi. Kameraning bir burchagida shunday oʻtirib tongni kutardim. Eh...

U shunday dedi-yu, siqib, soʻng qoʻyib yuborilgan prujinaday sapchib oʻrnidan turib ketdi.
— Eh, — dedi u ehtiros bilan qoʻl siltab, — endi hammasi orqada. Endi yelkamning chuquri koʻrsin u kamera-pamerasini. Men endi... men endi...

Ajab nusxa rohatlanib kerishdi. Koʻzlarini suzib jilmaydi. U ayni chogʻda qorni toʻygan goʻdakka oʻxshab ketgan edi.

Men ham vazmin bosh irgʻab iljayib kutilmagan sherikka hamquvonchlik koʻrsatgan boʻldim. Ammo, koʻnglim nimadandir gʻash edi. Men ketish niyatida, vagon eshigi tomon bir qadam tashlab xayrlashuv uchun endi qoʻl choʻzmoqqa shaylanganimda u yana shosha-pisha gap boshlab qoldi.
— Haligi, — dedi u, meni suhbatga qiziqtirmoqqa jon-jahdi bilan harakat qilib. — Haligi... men kamerada shunchaki choʻnqayib oʻtirmasdim. Qarang...

U shunday dediyu choʻntagidan gazetaga oʻrogʻlik ohak boʻlagini chiqardi. Ajab, u choʻntagida doim ohak boʻlagi olib yurarkanmi? Yo vagon nazoratchisining chelagidan topganmi? Balki biror stantsiyadan, poezd toʻxtagan chogʻi terib olgandir, kim biladi deysiz?
— Hozir, hozir... — loʻlivoy shunday dedi-yu, haligi hurmat kitobiga aylanib ketgan tambur devorini shoshib, yutoqib boʻyashga tushdi.

Men uning har bir xatti-harakatini kuzatarkanman, hayronligim tagʻin kuchaydi. Qiziq, namuncha menga yopishib oldi bu nusxa? Negadir tamburdan ketishimni hech istamayapti? Uning «ketma» degandek yolvorib qarashlari, boshimni aylantirmoqqa oʻlib-tirilishlari, negadir botqoqqa choʻkayotgan odamning duch kelgan xas-xashakka yopishishini eslatib yuborardi. Ob-bo, gʻoyat antiqa chiqib qoldi-ku bu ogʻaynim.

U hash-pash deguncha ishini tugatdi. Aftidan, u bunday maynavozlarcha boʻyoqchilik bilan juda koʻp shugʻullangan koʻrinadi.
— Qarang, — dedi maynavoz, ohak yuqi boʻlgan qoʻllarini puflab tozalarkan. — Qarang, aka, juda zoʻr boʻldi bu gal, kutmagandim.

Men ikki qadam olgʻa yurib u ishora qilgan joyga qaradim. Koʻrdimki, oʻsha — Oʻyib-chizib tashlangan tamburning «devori» oppoq tusga kiribdi. Temir devor oq — oppoq edi.

Men hech vaqoga tushunolmay ajib nusxaga oʻgirildim, U xuddi mushkulimni oson qilib qoʻyganday, ogʻzi qulogʻida, taltayib turardi. Soʻng, mening hayron qotganimni koʻrdi-yu, shoshilinch tilga kirdi:
— Qarang, yaxshilab qarang, aka. Nimani chizdim men. Uning haddan tashqari ezmaligi naq hiqildogʻimga kelgan boʻlsa ham yana bir karra qiziqish bilan oppoq gemir devorni koʻzdan kechirib chiqdim. Ammo, bu la’nati boʻyoqchilikdan hech qanday ma’no uqa olmadim. Mening juda qiynalib ketganimni, sabr kosam toʻlib-toshayotganini ezma darrov payqab oldi. U ketib qolishimdan choʻchidi shekilli, hovliqa-hovliqa iltifot qila boshladi:
— Choʻnqayib qarang, aka, choʻnqayib. Anovi — men utirgan joy qulayroq, tortinmang, choʻnqayavering.

Shu chogʻ tamburda bashang kiyingan qandaydir kimsa laydo boʻldi. U besh-olti vagondan oʻtib kelayotgan boʻlsa kerak, bilinar-bilinmas hansirar, yuziga qizillik tepgandi.

Oʻtkinchi bizning vagon tomonga zipillab oʻtarkan, hayajonda tinmay tipirchilayotgan ajab nusxaga, oppoq devor yonida gangib turgan — menga qiziquvchan nigohini bir-bir qadab oldi. Hatto kinoyali ishshaygandek ham boʻldi. U bizni tamburga amal-taqal qilib, ilashib olgan daydilar, deb oʻyladi chogʻi.

Ajab nusxa, goʻyo qadrdon oshnasini koʻrib qolgandek, hech bir tap tortmay, oʻtkinchiga ustma-ust koʻz qisdi. Bu ham yetmagandek, izidan «davramizga marhamat», dedi qoʻlini koʻksiga qoʻyib.

Men boshim qotgan bir ahvolda turgan boʻlsam-da, uning taklifidagi samimiy lutfni ilgʻab qoldim! U yetti yot begonaning oldida ham oʻzini elga osh berayotgan, qoʻli ochiq, koʻngli keng boyvachcha misol tutishi meni qandaydir zavqlantirib yubordi va beixtiyor piq-piq kula boshladim.

Ezmaning lutfi karami, mening hiringlashim bir soniya bizga angrayib qolgan oʻtkinchining koʻngliga gʻulu soldi, hoynahoy, u zingʻillab vagon ichkarisiga urib ketdi. Aftidan, u qimmatbaho kiyimiyu soʻlkavoy liq toʻla hamyonini bizdan qizgʻandi. U oliy zot endi tong otguncha bu tamburdan qaytib oʻtishga botinolmas-ov.

Oʻtkinchi koʻzdan yoʻqolib, vagon eshigi qars etib yopildi-yu, men darhol oʻzimga keldim. Bema’ni bir jumboqqa bema’nilarcha bosh qotirib oʻtirganimdan uyalib ketdim. Ustiga ustak, haligi oʻtkinchining masxaraomuz ishshaygani koʻz oldimga kelib ketdi-da, izzat-nafsim koʻzgʻolib, ajab nusxaga achchiqlangannamo oʻqrayib qaradim. U ham portlashim yaqinligini sezdi shekilli, egardan tushmasa ham har qalay otdan tushib gap boshladi:
— Mayli, aka, ovora boʻlmang. — Uning ovozi endi biroz horgʻin va ruhsiz eshitilardi. — Mayli, oʻzim tushuntiraman. Bu sizga qanday bilmadim-u, lekin menga juda oddiy.

Ezma oʻz burchagiga borib yana choʻnqaydi-da, bir-ikki yutinib olgach gapida davom etdi:
— Kamera devorini ham shunday oqqa boʻyardim-da, tong otguncha termulib oʻtirardim. Hech charchamasdim. Mumkin, sizga kulgilidir, mumkin, meni tentakka chiqararsiz, lekin baribir gapiraveraman.

Ajab nusxa shartta oʻrnidan turdi-da, oʻsha boʻyalgan joyiga yaqinlashdi.
— Shu oqlikka termulsam oʻzimni koʻm-koʻk osmonda, oppoq bulutlarning orasida ozod uchib yurganday his qilaman. Termulganim sayin shu oqlikka singib ketayotganday boʻlaveraman. Eh, nimasini aytay, oʻsha beton devorlarning oqqa boʻyalgan bir qulochcha joyi meni uch yil omon saqladi, uch yil!..

Jabrdiyda har bir soʻzini sargʻaygan tishlari orasidan sugʻirib-sugʻirib gapirarkan, menga bir marta ham qaramadi. U faqat oʻsha — boʻyalgan joyga tikilib turardi. U, goʻyo meni unutgan, mutlaqo unutgan edi!
— Eh, — dedi jabrdiyda, nihoyat, menga oʻgirilib. — Bekorchi narsalarni gapirib oʻtirishimga qarang. Buning hammasi bema’nilik, oʻz-oʻzini aldash. Xudoga shukur, endi hammasi orqada, hammasi oʻtdi. Men endi ozodman! Men ozod! Menga endi hech bir oqlik — poklik kerak emas. Men endi odamlar orasidaman! Ha-ha-ha...

Ajab nusxa quvonch va ehtiros bilan yelkamdan quchdi. Uning tanidan anqiyotgan qoʻlansa hiddan jirkanibmi, yo shunchaki choʻchibmi — beixtiyor orqaga tisarildim.

Ajab nusxa hamon tinimsiz aljirardi:
— Kamera-pamerasini ham, oq devorini ham yelkamning chuquri koʻrsin. Endi jinniga oʻxshab choʻnqayib oʻtirish yoʻq, endi faqat shaxdam qadamlar...

U shunday dediyu tamburni gumburlatib, ikki-uch qadam tashladi. Men unga shosha-pisha yoʻl bera turib vagon eshigini qiya ochdim. Oxiri, yelimdek yopishib olgan bu nusxaning oldidan tezroq ketishga uzil-kesil qaror qilgandim.
— Aka, yoʻl boʻlsin? — deb soʻradi u pismiqlanayotganimni sezib.

Men zoʻraki iljaydim:
— U yoqda... doʻstlar kutib qolishdi.
— Meni kupengizga taklif qilmaysizmi? — deb soʻradi yopishqoq allaqanday nozlangan, erkalangan ohangda.

Uning jiddiy yo hazil gap qilganini bilolmay sarosimada qoldim. Nahotki jiddiy — surbetlik qilayapti? Yoʻgʻ-e, hazillashayotgandir? Jigʻimga tegmoqchidir, yaramas?!

Negadir uning ta’nali soʻrovlari menga hazilday tuyuldi-yu, u baribir bormaydi, degan umidda sher boʻlib:
— Marhamat, — dedim oliftalarcha quchoq kerib. Ammo karomatim chippakka chiqdi. Yopishqoq tashakkurona bosh irgʻab izimdan ergashdi. Men sipogarchiligimdan qattiq pushaymon boʻldim. Nachora, endi kech edi.

Poezd pishqirib, halloslab yelgani-elgan. Vagon asabiy-asabiy chayqalmoqda.

Biz kupega kirib borganda oʻrtoqlarim hali uxlashmagan ekan. Yuqoridagi ikki joyda Boy bilan Jon choʻzilib olishgan. Boy allaqanday rasmli jurnalni suqlanib tomosha qilmoqda. Jon esa oliftagarchilikka koʻtarib yuradigan qalin kitobni varaqlagani-varaqlagan. Pastki ikki joydan birining egasi mening qoʻshnim Bek odatdagiday almisoqdan qolgan magnitofonini titkilab oʻtiribdi.

Ular mening juft boʻlib qolganimni koʻrib, bir zum angrayib qolishdi. Men aybdorona iljaydim. Soʻng sherigimni oʻtirmoqqa unday turib, keskin masxaraomuz ohangda:
— Tanishinglar, bu kishi bizning oshno, — dedim. Shu bilan goʻyo kelgan mehmon hech bir e’tiborga loyiq emasligini doʻstlarimga oshkor qilgan boʻldim.

Mehmon oʻzini tantanali uchrashuvda deb his qildi chogʻi, qoʻyib bersa oʻtirganlarning har biri bilan quchoqlashadagan darajada hayajonlanib, salomlashuvga tutindi.

Boy bilan Jon yotgan joylaridan erinibgina qoʻl choʻzishdi. Bek esa koʻrisha turib, oʻrnidan xiyol qoʻzgʻalib qoʻydi va yana oʻz yumushiga shoʻngʻib ketdi.
— Bu kishi — Bek, bunisi — Boy, bunisi — Jon, — dedim har bir doʻstimni qoʻnoqqa koʻrsatib. Ammo shu payt tanishimning ismini haligacha bilmasligim, u ham menikidan bexabarligi lop etib yodimga keldi-yu, oz-moz mulzam tortib qoldim. Lekin gapimning oxirini ustalik bilan hazilga burib yubordim:
— Men esa — Oʻsha-oʻsha Qulman.

Aftidan, shu orada qoʻnogʻimiz ham oʻzini tanishtirmaganini eslab qoldi shekilli, darrov oʻz ismini tilga oldi.

Biz haligacha bir-birimizni bilmasligimizni payqab qolgan Boy bilan Jon piq-piq kulishdilar. Ishga astoydil berilib ketgan Bek esa gap nimadaligini bilolmay hammamizga bir-bir angrayib chiqdi.

Ajab nusxa kulgilarga koʻp ham e’tibor bermay, goʻyo oʻzining yuz yillik uyiga kirgandek bemalol joylashib olarkan, yagʻir kurtkasining zanjirini shigʻillatib pastga tortib qoʻydi. Odatdagiday, tinimsiz iljayishda davom etdi.

Oraga jimlik choʻkdi.

Doʻstlarim oʻzlarini gʻirt loqaydlikka solishayotgan boʻlsa-da, ammo mehmon bilan gʻoyat qiziqib turishganini payqash qiyin emas edi. Xususan, Bekning ahyon-ahyonda bir menga, bir mehmonga koʻzini loʻq qilishi, tepada yotganlarning xiyla besaranjomlashib qoluvi ularning maqsadini oydinlashtirib turardi.
— Bu kishi, — dedim men soʻylamoqqa qandaydir ehtiyoj sezib, — koʻp qiyinchilik koʻribdi. Uch kun oldin qamoqdan chiqibdilar.

Shunday deyishim bilanoq yuqoridagi ikkala kalla baravariga egilib bosh-oyoq sinchiklab kuzatib chiqdi.

Qoʻnogʻimiz ularning junbushga kelib qolganini oʻzi-cha tushundi shekilli, xuddi, koʻp katta yumushni tindirib kelganday, kamtarona iljayib, misoli sahnadagi artistlardek, boshini uch-toʻrt silkitdi.
— Biz juda inoq boʻlib oldik, — deb gapda davom etdim men. Biroq shu lahzadayoq qarshimdagi yuqori joyda yotgan Boyning gʻazab bilan uyulayotgan qovoq-tumshugʻiga nogoh koʻzim tushdi-yu, damim ichimga tushib ketdi. Uniki kamday, Bek ham chaqchaygan koʻzlari bilan mehmonga tahdidli ishoralar qildi. Bu — uning «yoʻqot manovini!» degani edi.

Tepamda yotgan Jon ham umumiy bezovtalikdan chetda qolmay, ustma-ust ma’noli tomoq qirdi.

Men ancha shoshib qolgandim. Allaqachonlar tumandek tarqab ketgan shubhalarim qora bulutlarga aylanib, vahima bilan yana bostirib kela boshladi. Axir, manovi uchovi axmoq emasdir? Shular ham bir narsani sezishganki, tinchini yoʻqotishdi? Ob-bo, nega ham boshlab keldim-a, bu shilqimni?

Shilqim esa kupedagi noxush ola-tasirdan bexabar Bekning magnitofon tuzatishini ishtiyoq bilan kuzatib oʻtirardi.
— Rosa qiynabdi-ku, — dedi u astoydil hamdardlik bilan. — Yangimidi?

Bek unga shubhali bir qarab olarkan:
— Koʻrmayapsizmi titilib ketganini, — dedi istamaygina.

Mehmon Bekka ta’nali bir tikilib olgach, menga oʻgirildi. Uning qattiq xafa boʻlgani yuz-koʻzidan shundoq bilinib turardi.

Men hamon oʻz yogʻimga oʻzim qovrilib, shubhayu gumonlarning ayovsiz hujumlaridan garangsib turardim, Ustiga-ustak, doʻstlarimning sovuq qarashlari tanaffus bilmas edi.

Men axiyri mehmondan tezroq qutulish payiga tushib qoldim. Buning birdan-bir yoʻli toʻmtayib olish, u bilan gaplashmaslik degan fikrga bordim va oʻzimni qattiq horiganga sola boshladim.

Shu orada Bek magnitafonini asabiy yigʻishtirdi-da, yemak stolchasining ustiga taraqlatib qoʻydi. Soʻng oʻz joyiga yotmoqqa hozirlik koʻra boshladi. Unga tegishli oʻrindiqning bir chekkasida oʻtirgan mehmon shosha-pisha men tomonga koʻchdi.

Boy bilan Jon ham allaqachon oʻzlarini uxlaganga solib olishdi.

Vagon bir maromda tebranmoqda. Temir gʻildiraklarning shovqini avj pardasiga koʻtarilgan. Kupening keng derazasidan qorongʻulik vahima solib turibdi,

Nim yorugʻ kupeda faqat ikkovlon hurpayishib qolgan mushuklardek sukut saqlab oʻtiribmiz. Goʻyo gurungbozlikka hech bir gap-soʻz yoʻqday. Aslida-ku, ichim toʻla savollar. Xususan, uning qachon qamalgani, nima uchun qamalgani, qamoqxona hayoti meni juda-juda qiziqtirardi. Lekin bu nusxaning tezroq daf boʻlishini istab turganimdan, biror narsa soʻramoqqa hech botinolmas edim. Axir, bu qurmagʻur loʻlibasharaning bir gapdoni ochilib ketsa qutulib boʻladimi undan?!

Qoʻnoq bir mahal qarshimizdagi yuqori oʻrindiqqa koʻz tashlab:
— Aka, tilla soatingiz necha boʻldi?— deb soʻradi Boydan. Aftidan, u Boyni uxlamay yotganini sezib, doʻstona suhbatga tortgan, hatto suhbat zavqli boʻlsin deya «tilla» soʻzini atay hazil uchun qoʻshgan edi.

Boy esa gumonlarga limmo-lim koʻzini unga emas, negadir menga qadab qoʻpoldan-qoʻpol toʻngʻilladi:
— Tilla soat buzuq.

Qoʻnoq horgʻin va xafahol iljayib menga qaradi. Men oʻzimcha vaziyatni yumshatgan boʻlib:
— Bechoralar charchashgan, — deb mingʻilladim. Ammo qop-qora derazaga ma’yus tikilib turgan mehmon gapimni mutlaqo eshitmadi.
— Qarta oʻynaymizmi? — deb soʻradi u bir-ikki daqiqadan soʻng qoʻlini kurtkasining choʻntagiga suqib. Men shosha-pisha bosh chayqadim:
— Yoʻq, yoʻq, oʻynashni bilmayman.

U qoʻlini choʻntagidan olmay, bir zum oʻylanib turdi-da:
— Sizga zoʻr-zoʻr fokus koʻrsataman, xoʻp? — dedi. Men gap topolmay yelka qisdim.

Qoʻnoq choʻntagidan hali kam oʻynalgani bilinib turgan bir toʻp qarta chiqardi-da, ustamonlik bilan chiylay boshladi. Uning tarashadek qoʻllari shunday tez aylanardiki, naq mashina motorining parragi deysiz. U misoli garmon chalayotgandek har quloch kerganda qartalar prujinadek eshilib-eshilib, choʻzilib ketar, hatto shigʻ-shigʻ etgan yoqimli ovoz ham chiqarar edi.

Men shunchalar qaltis harakat chogʻi ham qartalarning sochilib ketmayotganini koʻrib hayratga tushardim.

Nihoyat, u tilga kirdi:
— Manavi, — dedi u erkak tushirilgan bir dona qartani naq tumshugʻimga tiqib, — «Pristupnik № 1». Siz yaxshilab koʻrib oling, lekin men koʻrganim yoʻq, toʻgʻrimi?

Men tasdiqladim. Qoʻnoq «pristupnik»ni yana qartalarga aralashtirib tashladi-da, yana bir qartani qoʻlimga koʻndalang qilib:
— Manovi, — dedi, — uning sevgilisi. Yaxshilab koʻrib oling, aka.

Men yarim-yalangʻoch ayol tasvirlangan qartani eslab olganimga, fokuschining oʻzi bu qartani ham koʻrmaganiga yana bir karra ishonch hosil qilganimdan soʻng u «mahbuba»ni ham toʻpga qoʻshdi. Keyin boyagidan-da chapdastlik bilan qartalarni chiylab, prujinadek choʻza boshladi.
— Hozir, — dedi u choʻgʻdek porlayotgan koʻzlarini yonga qadab, — «Pristupnik № 1» soqchini gum qilib, qorovul boshliqlarini otib tashlab, qamoqxonadan qochib ketadi va oʻz sevgilisining bagʻriga eson-omon yetib oladi. U baxtli boʻladi, u baxtli boʻladi!

U oxirgi soʻzlarini ogʻzidan tupuk sachratib takrorlar ekan, koʻzlarini kupening qop-qora derazasiga burdi. Aftidan, u bizni butkul unutgan edi!

Qoʻnoq ehtiros bilan gapirib, qartalarni yashin tezligida aralashtirarkan, nazarimda, u goh afsun oʻqiyotgan jodugarga, goh kinolarda koʻrganim — sim toʻsiqlararo sudralib borayotgan, koʻzlarida qat’iy ishonch balqib turgan mahbusga juda-juda oʻxshab ketardi.

Oxiri qartaboz charx urib aylanayotgan qartalarning ichidan bir juftini oldimga tashladi-da, tinchidi-qoldi.

Men juftlarni qiziqish bilan agʻdarib koʻrdim-u, ajablanganimdanmi yo zavqim joʻshib ketganidanmi he-elab kulib yubordim. Bular — Oʻsha «oshiq-ma’shuq» qartalar edi.

Shu orada gʻujanak boʻlib yotgan Bek uyondan-buyonga ma’noli agʻdarildi. Men darhol oʻzimga kelib, sal boʻlmasa «vazifam»ni unutayozganimni sezib qoldim.

Yana koʻnglim bezovtalana boshladi. Qoʻnogʻimiz esa qartalarni oʻz holicha chiylab ma’yus oʻtirar, bizga koʻp ham e’tibor bermas, chamasi nimanidir kutmoqda edi!

Men endi payti yetganini payqab, yostigʻimni uyon-buyonga surdim. Xayriyat, imo-ishoralarim zoe ketmadi.
— Uzalmoqchimisiz?—deb keskin soʻradi mehmon toʻsatdan va jilmaydi. Biroq uning bu galgi tabassumi hiyla siniq va shirasiz edi.

Men uquvsizlik bilan ishshayib peshona qashladim. Qoʻnoq meni bir qur koʻzdan oʻtkazdi-da, chaqqonlik bilan oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
— Boʻpti, bizga ruxsat endi, — dedi u xayrlashuvga qoʻl uzatib. — Rahmat, aka, hangomalashib kelganingiz uchun.

Mehmon ketishga shaylana turib, doʻstlarimga qarata:
— Kechirasizlar... — dedi quruqqina qilib.

Zum oʻtmay kupe eshigi shigʻillab ochildiyu yopildi. Men turgan joyimda serrayib qoldim. Eshik yopilishi bilan Bek joyidan sakrab turdi. Boy bilan Jon ham oyoqlarini osiltirib oldilar.
— Uff, kimni ergashtirib kelding, a? — deb soʻradi Bek koʻzini loʻq qilib.
— Insonparvar, — deb toʻngʻilladi Jon yuqoridan ihrab tushar ekan.

Men shunday ta’nalar toshboʻroni ostida yana bir karra aybdorona iljayib joyimga choʻkdim.
— Yuvuqsizning qip-qizil oʻgʻriligi basharasidan bilinib turibdi-ku?! — dedi allaqachondan beri tepamda qoqqan qoziqday boʻlib turgan Boy.

Men oʻzimni oqlamoqqa bir-ikki harakat qilgandim, ular ayovsiz qayirib tashlashdi. Noiloj, damim ichimda, miq etmay turaverdim.
— U yolgʻiz emas, — dedi jiddiy tahlikaga tusha boshlagan Boy. — Uni atay, razvedkaga yuborishgan.

Bek unga ilova qildi:
— Yaramaslar, doim sayohatchilarni poylab yurishadi-da.
— Kupega begonani kirgizmanglar, deb Palonchaev qancha tayinlagan edi-ya... — dedi Jon ham oʻychan bir qiyofada.

Boʻlib oʻtgan koʻngilsiz voqea muhokamasi toʻrtovlon oʻrtasida gurullab yona ketdi.
— Magnitafonga yeb qoʻyguday qaradi-ey...
— Kupeni zimdan kuzatishini koʻrdingmi?
— Sening soating tilla koʻrinib ketdimi deyman, he-he-he...
— Ukkagʻar, juda quv koʻrinadi-ya?
— Qarta chiylashiga besh ketdim-da...
— Bu ham bir ayyorlik-da...
— U ham hozir sheriklari bilan maslahat qilib yotgandir?
— Palonchaevga aytsakmikan?
— E, qiziqmisan, bir kamimiz oʻsha jirraki boshligʻingdan soʻkish eshitishmi?
— Endi nima qilsak-a?
— Endi nima qilsak-a? Shubhalar-gumonlar, tashvishli shivir-shivirlar, jiddiy maslahatlar yarim soatcha choʻzildi.

Men ham uch-quyrugʻi yoʻq xavotirlar changalida, miq etmay, igna ustida oʻtirganday oʻtirar, doʻstlarimga umidvor tikilar edim.

Nihoyat, maslahatlar pishdi. Biz shu tunda muqarrar hujum qiladigan bosqinchilar bilan beomon olishuvga qaror qildik.

Vaqt ham allamahal boʻlib qolgandi.

Biz yostiqlarimiz tagiga ichimliklardan boʻshagan toʻrt-besh shishani bostirib, joy-joyimizga omonat-omonat choʻzildik. Ammo uyqu qayoqda, deysiz. Xiyla paytgacha oʻgʻrilar, talonchilar, qotilliklar haqida gurunglashib yotdik.

Poezd vishillab, xalloslab yelgani-elgan. Temir «tuyoqlarning taraqa-turuqi horigan vujudlarni battar horitib, asablarni rahmsiz egovlaydi. Deraza orti zim-ziyo zulmat. Poezd hoynahoy ulkan bir dashtlik boʻylab ketib borar edi.

Mening nihoyatda chekkim kelardi. Sheriklarim tahlikali toʻlgʻona-toʻlgʻona jimib qolishdi. Aftidan, sal-pal mizgʻiyotgan boʻlishsa kerak.

Men oxiri chidayolmay oʻrnimdan turdim. Sigaret qutimni, gugurtimni paypaslab topdim-da, tashqariga chiqmoqqa shaylandim. Koʻnglim allanechuk xijillikka toʻlib turardi.

Kupe eshigini shigʻillatib ochganimda doʻstlarim darhol birin-ketin bosh koʻtarishdi. Men kulgu bilan ularni tinchlantirgan boʻldim.

Vagon yoʻlagida hech kim koʻrinmasdi.

Men tambur tomon yoʻnaldim...

Nogoh unga koʻzim tushdiyu, qattiq seskanib ketdim.

U yana oʻsha oʻzining iprisqi burchagida choʻnqayib oʻtirar, koʻzlari bir nuqtaga — Oʻz qoʻli bilan oqqa boʻyagan oʻsha tambur «devori»ga ma’yus qadalgandi.

Ajab nusxa meni koʻrmadi. Yo koʻrsa ham zarracha e’tibor bermagan edi...

Men tamburda bir zum kalovlanib turgach, bu yerda chekish xiyla oʻngʻaysizligini anglab, sekin izimga qaytdim.

Unga yana beixtiyor koʻzim tushdi. U hamon choʻnqayib oʻtirar, oʻsha boʻyalgan joyga toliqmay tikilar edi. Ajab nusxa xuddi shu oʻtirishida qushga oʻxshardi. Ha, bahaybat, magʻrur qushga oʻxshar edi! U, nazarimda, oʻzining bepoyon oqlik oʻlkasi tomon mangu parvozga shaylanayotganday tuyuldi.

Poezd oʻkirib shiddat bilan yelib borar edi.