OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLuqmon Boʻrixon
Asar nomiSinov muddati (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Luqmon Boʻrixon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sinov muddati (hikoya)
Luqmon Boʻrixon

Oldi oynaband, serhasham bino eshigidan otilib chiqqan Jasur alanglaganicha Sobirni izladi. Doʻsti yoʻlakcha boʻyidagi yogʻoch oʻrindiqda oʻychan oʻtirgan ekan.
— Sobir! — deb qichqirdi Jasur marmar zinalardan sakrab-sakrab tusharkan. — Suyunchi ber, men oʻtdim, suhbatdan zoʻr oʻtdim!

Sobir quvonchdan yal-yal yashnab turgan doʻstining qoʻlini samimiy siqib, jilmaydi.
— Tabriklayman, joʻra, omadingni bersin.

Sobir va Jasur bolalikdan qalin doʻst. Bir mahallada oʻsib-ulgʻayishgan, sinfdosh. Jasur hiyla mahmadona, Sobir esa anchayin ogʻir-vazmin. «Hechqisi yoʻq, — deya hazillashardi adabiyot muallimi, — ikkovlashib bir butun odam boʻlasizlar».

Ammo taqdir ularni asta-sekin ajratib bormoqda edi. Sobir maktabdan soʻng institut eshigiga osilib koʻrdi. Biroq tuppa-tuzuk bilimi boʻlsa-da, omad boʻlmasa qiyin ekan. Sobir ketma-ket ikki yil «yiqildi». Soʻng harbiy xizmatga chogʻlandi. Qarangki, bu xayolchan yigitchadan omad yana yuz oʻgirdi; tibbiy koʻrik payti Sobirning sogʻligidan allaqanday qusurlar topishdi. Koʻzi andak xiraroq emish. Askarlikka ham arzimagan Sobir ancha payt oʻz-oʻzidan xafa boʻlib yurdi, qoʻli ishga bormadi. Biroq ich-ichidagi allaqanday alanga hali-hali soʻnmagan edi. Sobir qandaydir buyuk, qandaydir ezgu ishlar qilishni istardi. Shu orzular uni oyoqqa turgʻazdi. Oʻzini ancha-muncha qoʻlga olgan Sobir tagʻin kitoblarga yopishdi, boʻsh vaqtlari tomorqada kuymalandi (Axir tirikchilik ham kerak-da.) Shu orada Jasur harbiydan qaytdi. U maktabni amal-taqal bitirgani uchunmi, harqalay, qadrdon joʻrasiga oʻxshab institutlar boʻsagʻasida koʻzyoshi toʻkib yurmadi, oʻzini savdoga urdi. Harakatchan, tilli-jagʻligina boʻlgani uchunmi, harnechuk, topish-tutishdan yolchidi. Biroq tuyqus harbiylikka ishqi tushib qoldi. «Oʻsha yoqda qolib, katta qoʻmondon boʻlib ketaman» — deb maqtangandi Jasur joʻralariga, askarlikka joʻnayotgan payt. Ammo muddati tugadiyu negadir imi-jimida qaytib keldi. «Nega qolmading, maqtanishing boshqacha edi-ku!» deya birov soʻramadi, Jasurning oʻzi ham yorilib hech kimga hech narsa demadi. Pishiqqina-da, qurmagur.

Harbiy xizmatdan qaytgan Jasur ikki oy yallo qilib yurdi. Bir kuni Sobir ikkovi tuman markazidagi klubga kinoga tushishdi. Rosa qiziq, ur-sur, quvdi — qochdi kino qoʻyilayotgan edi. Film choʻkayotgan kemani qutqarishga otlangan bir jangovar otryadning sarguzashtlari haqida ekan. Otryad a’zolarining jasorati, chapdastligi ikki doʻstni obdon entiktirdi. Ular tomoshadan soʻng ham xiyla vaqt hayajonlarini bosolmay, kino toʻgʻrisida gaplashib koʻchalarni kezishdi. Bir payt katta yoʻl yoqasidagi pannodagi yozuvlar Sobirning diqqatini tortdi. Andoq oyoq ilib, bitiklarni oʻqishga tutindi.
— Nimalarni yozibdi? — deb betoqat soʻradi Jasur, chars-churs pista chaqarkan.
— Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tuman boʻlimi xizmatga taklif etibdi.
— Yoʻgʻ-e?!
— Ha... agar xohlasang seni olishsa kerak, shartlariga kakraz toʻgʻri kelasan. Harbiyda boʻlgansan, qaddi-qomating ham zoʻr.

Jasur ham hovliqqanicha yozuvlarni hijjalab-hijjalab oʻqishga tutindi. Haligina koʻrilgan kino ta’siridanmi, yo hamishagi joʻshqinligi sababmi, harnechuk, unda qutqaruv xizmatiga ishtiyoq uygʻongan edi.

Ertasi kuni ikkovlon tagʻin tuman markazida paydo boʻlishdi. Jasur tegishli joyga hujjatlarini topshirdi.
— Siz-chi, siz xizmatga kirishni xohlamaysizmi? — deb soʻradi Sobirdan kulrang mundir kiygan, baland boʻyli, doʻngpeshona kishi.

Sobir yelka qisib, yerga qaradi.
— Shartlaringizga toʻgʻri kelmayman.
— Armiyaga bormagan, sal-pal sogʻligi chatoqroq, — shosha-pisha qoʻshib qoʻydi Jasur ham.

Mas’ul kishi allanechuk taajjublanib doʻstlarga bir-bir koʻz yugurtirib chiqdi.

Mana, oʻsha kundan beri ham roppa-rosa ikki oy oʻtdi. Jasurni ming bir chigʻiriqqa solishdi, harqalay, u «butun» chiqdi.

Bugun esa bir talay xizmatga kirishga chogʻlangan yosh-yalanglar qatori Jasurni ham suhbatga chorlashgan ekan. Ikkovlon ertalab yetib kelishdi. Nihoyat...
— Rosa qoyil qildim-da oʻziyam, — deb maqtanardi Jasur, hanuz quvonganidan qaynab, — suhbat olayotgan boshliqlarning ogʻzi ochilib qoldi.

Ha, Jasur chindan ham suhbat chogʻi gapni eshib tashlagan edi. Hatto uzun stol orqasida qator oʻtirib boʻlgʻusi xodimni ketma-ket savolga tutayotgan mas’ullar ham anchayin shoshib qolishdi.
— Yaxshi, — dedi nihoyat toʻladan kelgan, tepakal boshliq Jasurning hujjatlariga allanelarni qayd etib, — chiroyli gaplarning yarimginasini amalda koʻrsatsangiz ham sizdan tuzuk xizmatchi chiqadi. Xoʻp, hozircha sinov muddati bilan ishga olamiz. Dushanba kuni ertalab shu yerda boʻling.

Jasur xushxandon tashqariga chiqdi.

Mana, doʻsti bilan uyga qaytmoqda. Ularning qishlogʻi tuman markazining shundoqqina biqinida edi. Atigi toʻrt-besh chaqirim keladi. Shu sabab yayov ketishmoqda.
— Hozir biznikiga borib yuvamiz, — dedi Jasur Sobirning yelkasidan quchib. — Lekin joʻra... shartlarga toʻgʻri kelmasliging yomon boʻldi-da, esam... ikkimiz...

Sobir jilmaydi.
— Qoʻyaver, men yana oʻqishga urinib koʻrmoqchiman.

Tevarakka gʻira-shira shom qorongʻusi inmoqda edi. Ikkovlon katta yoʻl yoqalab borishmoqda. Markaz ham ortda qoldi. Bir payt yonginalaridan yelib oʻtgan eskigina «Jiguli»ning old gʻildiragi «paq» etib yorilib ketdi. Mashina muvozanatini yoʻqotib, oʻngu soʻlga keskin chayqaldiyu yoʻl yoqasidagi ariqqa yonbosh quladi. Chang-toʻzon koʻtarildi.

Ikki doʻst tahlika ichida bir zum hangu mang qotdi.
— Yugurdik! Yordam beramiz! — dedi Sobir, eng avval es-hushini yigʻib olib.

Biroq koʻzlari ola-kula Jasur uning yengidan siltab tortdi.
— Garangmisan?! Hozir portlaydi, benzini toʻkilib ketgan! Undan koʻra qochdik... esam guvoh boʻlib qolamiz.

Ammo Sobir doʻstining qoʻlini siltab tashladi-da, avtohalokat tomon yugurdi.
— Ey, toʻxta, toʻxta tentak! — deya qichqirdi uning ortidan Jasur. — Oʻrgildim senday qahramondan!

U shartta oʻgirilib qishloq tomon chopdi: «Tezroq, tezroq daf boʻlish kerak. Hozir portlab ketadi! Bir kamim organma-organ soʻroq berib yurishmi?!»

Jasur hash-pash deguncha shom qorongʻusiga qorishib koʻzdan yoʻqoldi.

Sobir hansiragancha yetib borganda «Jiguli»ning yerdan uzilgan gʻildiraklari asta-sekin aylanib turar edi. Kabina ichidan uzuk-yuluq tovushlar, ingrashlar eshitildi.

Sobir mashinaning orqa eshigini bir amallab ochdi. Ichkarida toʻrt kishi bor ekan. Haydovchi va old oʻrindiqdagi kishi aftidan behush koʻrinardi. Mashinaning peshoynasiga qon sachragan.
— Rahmat, uka, — arang sas berdi orqa oʻrindiqda tiqilib yotgan yoʻlovchilardan biri, — qani qoʻlimdan tortib yubor, keyin ikkovlashamiz.

{{break}]

Jasur orqa-oldiga qaramay, qoqila-surila uyiga yetib oldi. Oyoq-qoʻllari dagʻ-dagʻ titrar, yuragi bejo urar edi. U oʻzini bosish uchun hovlidagi joʻmrakdan hovuchlab-hovuchlab suv ichdi, yuzini yuvdi. Shu payt ichkaridan onasi otilib chiqdi.
— Jasurjon, keldingmi bolam, shoʻrimiz qurib qoldi!
— Ha, tinchlikmi?!

Onasi shoʻrq-shoʻrq yigʻlab yuz-koʻziga roʻmolini bosdi.
— Dadang taksida ketayotib avariyaga uchrabdi. Hozir kasalxonadan telefon qilishdi. Yura qol, tezroq boraylik. Aytgancha, Sobir joʻrang oʻsha yerda ekan, baraka topsin.
— A, nima?!

Hangu-mang qotgan Jasurning boʻgʻzidan arang shu sas chiqdi. U koʻz oʻngi qorongʻulashib devorga yelkasini tirab, turib qoldi.

«Ma’rifat» gazetasidan olindi.