OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifLuqmon Boʻrixon
Asar nomiYalangoyoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Luqmon Boʻrixon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yalangoyoq (hikoya)
Luqmon Boʻrixon

Poezd navbatdagi shaharchaga sudralib kirib kelayotgan bir paytda Halim shoʻri quriganini sezib qoldi — tuflisi yoʻq! Sakkiz oycha burun Halimga nasib etgan «import» tufli gumdon boʻlibdi!

U aniq eslaydi: poezd oʻsha shaharchadan oʻtganda, u bilan bir boʻlmada kelayotgan yoʻlovchilarning eng keksasi uzun esnoqdan soʻng: «Ogʻaynilar, kech boʻlib qoldi, gartak-gartak choʻzilaylik», dedi. Keyin... ikki yoʻlovchi ixrab-sixrab ikkinchi qavatga, bittasi esa Halimning yonidagi pastki oʻrindiqqa yotdi. Halim ham shoshilmasdan dam olishga hozirlandi: odmigina kostyumini bosh tomondagi ilgakka ildi, tuflisini hafsala bilan yechib, patnis nusxa yigʻma stolcha tagiga avaylabgina qoʻydi. Yoʻq, oldin shundoq ham yaltirab turgan tuflisiga qoʻngan chang-gardlarni puf-puflab oʻchirgan boʻldi. Soʻngra oyoq kiyimini koʻngildagidek joylashtirgach, shimini yechishga iymanib, shu koʻyi oʻz oʻrniga choʻzildi. U poezd gʻildiraklarining «taqa-taq», «taqa-tuq» ovozini tinglab yotib, koʻzi ilinganini sez-may ham qolibdi, bir mahal koʻzini ochib qarasa, vagon derazasi gʻira-shira yorishgan — hademay manzil.

U odam koʻpayib ketmasidan yuvinib kelish niyatida shoshib oʻrnidan turdi va... Halim suvi qochgan bodringdek boʻshashib, oʻrindiqning bir chekkasiga oʻtirib qoldi. Xoʻrligi keldi. Shundoqqina boshi ustida xira yoritib turgan lampochkaga xayolchan tikildi: «balki birortasi adashib kiyib ketgandir?» Lekin buning shunchaki xom xayolligi besh qoʻldek ayon-ku: birlamchi, birovning tuflisini adashib kiyib ketish uchun hech kim yalangoyoq yurmasa kerak, ikkilamchi, bu boʻlmadagi uchala yoʻlovchi ham tamshanib-tamshanib xurrak otishmoqda (axir qiysa shular kiyadi-da), innaykeyin, uchalasi ham kiymadik, deganda qirq birinchi tufli kiyishar-ov, ming bir adashishgan takdirda ham, oʻttiz sakkizinchi qolipdagi...

...Bejirimgina, chiroylikkina tuflisini yana bir bor koʻz oldiga keltirdi-yu, yigʻma stolcha tagiga bosh suqdi. Biroq oʻsha zahotiyoq stolchaga boshi «toʻq» etib urilib, jonholatda yana qaddini rostladi. Zarb kuchli boʻldi shekilli, pivodan boʻshagan shisha taqir-tuqur bilan pastga quladi. Xayriyat, sinmadi.
— Ha, jiyan, nima shovqin? — deb poʻngʻilladi yuqori qavatda yotgan yoʻlovchilarning biri.

Halim hamon achishib turgan chakkasini siypalab:
— Tuflim yoʻqolibdi, — dedi hirqiroq ovozda.
— Qanaqa tufling?
— O’zimniki-da... Qolgan ikki yoʻlovchilar ham gʻimirlab qolishdi.
— Uka, qarab yubor-chi, sargʻish tufli joyidamikan? — deb iltimos qildi burni soʻrraygan qaroqchi bashara kishi.
— Ana, turibdi... Pastki qavatdagi xoʻppa semiz yoʻlovchi esa yotgan joyidayoq timirskilanib, oyoq kiyimining bor-yoʻqligini tekshirdi-da, narigi tomonga pishillab agʻdarilib oldi.
— Biznikiga ham qarab qoʻy, jiyan, — dedi oʻsha birinchi boʻlib poʻngʻillagan serajin yuzli, qop-qora amaki.

Halim bilinar-bilinmas zarda bilan mingʻilladi:
— Ana...

Lekin qora amaki ishonqiramadi chogʻi, ming azob bilan sirgʻalganicha pastga tushdi. Allanimalar deb gʻudranib, engashishga hafsalasi kelmaganidan tik turgan koʻyi yigʻma stolcha tagiga razm soldi. Soʻng koʻngli joyiga tushib, yana yuqoriga chiqishni moʻljallab bir hezlandi-yu, biroq erinchoqligi tutdi: jundor koʻkraklarini obdon qashlay-qashlay Halimning yoniga oʻtirdi:
— Uyquning ham beliga tepding-da, jiyan.

Halim uning shikoyatini deyarli eshitmadi: u onda-sonda oʻtib-qaytayotgan yarim yalangʻoch yoʻlovchilarning oyogʻiga parishon tikilib oʻtirardi:

«E, endi nima qilaman-a? Hech qursa, oyoqqa ilib ketadigan boshqa narsa boʻlganda ham mayli edi, endi, boshqasini sotib olish... choʻntakda bor-yoʻgʻi yuz tangacha pul bor, u hali uyga yetib bor-guncha yetsa ham katta gap...»
— O’rtoqlar, «Paxtaobod»ga yaqinlashvommiz. Turlaring ho-o, tushadiganlar choyshablarni topshirlaring...

Halim shundoqqina tumshugʻining tagidan shovqin solib oʻtib ketgan vagon nazoratchisining ovozidan choʻchib tushdi. Soʻng ogʻir bir soʻlish olib, oʻsha oʻtirgan joyida mudrayotgan qora amakiga moʻltiragan koʻzlarini tikdi:
— Togʻa, oyoq kiyimingizni berib turing, yuvinib kelay.
— Ol, olaver... — deb mingʻilladi u koʻzlarini yarim ochib.

Halim oyogʻiga ikkita keladigan besoʻnaqay botinkani «pop»illatib kiydi-da, gandiraklab oʻrnidan turdi. Soʻng qoʻlidagi sochiqni gʻijimlab, vagon yoʻlagi boʻylab imillab odimlay boshladi.

Vagon beshikdek tebranmoqda.

Yoʻlovchilarning koʻpchiligi allaqachon uygʻonishib, oʻz boʻlmalari atrofida uymalanishayotibdi. Ular har bir oyoqni diqqat bilan kuzatib chiqayotgan oriqqina, nimjongina yigitchaga ajablanib tikilishadi, ba’zilari esa uning oyogʻidagi qoʻpol botinkaga qarab «piq-piq» kulishadi. Biroq Halim ularga e’tibor bermaydi:

«Bir kecha boshimga qoʻyib yotganimda ham oʻlmasdim. Kelib-kelib qoʻygan joyimni qara-ya? Uf-f, hali bir yilcha ham kiyganim yoʻq edi-ya, avgustgacha kiyganimda...»

...Roppa-rosa bir yil toʻlardi. Chunki, xorijiy rusumli bu tufli oʻtgan yili avgustning boshida Halimga nasib etgan edi-da. Umuman, oʻsha saratonda Halimlarning oilasiga ham xoʻp oftob tegdi: birlamchidan, Halim uzoq shahardagi kollejga oʻz kuchi bilan oʻqishga kirib ketdi, ikkilamchidan harbiy xizmat vaqtida Qozogʻiston dashtlarida javlon urganini hisobga olmaganda, oʻz rayoni chegarasidan chiqmagan akasi Salimga ham baxt kulib bokdi. U, hamqishloqlarining tili bilan aytganda «Chortoq» degan joyda, katta bir kuroʻrtda dam olib qaytdi».

O’shanda dam olishdan bir quchoq sovgʻa-salomlar bilan qaytgan akasi azbaroyi xursandligidan tinmay iljayar, uy ichidagilari bilan evini keltirolmay hol-ahvol soʻrashardi. Bir mahal Salim oʻqishga kirgan ukasini tabriklay turib: «Senga zoʻr sovgʻa bor».dedi. Soʻng, hali nafasini rostlashga ham ulgurmasdan, jomadon titkilashga gushib ketdi. Dasturxon atrofida oʻtirganlar yetti qavat tugunga oʻralgan sovgʻaning ochilishini koʻzlari toʻrt boʻlib kutishdi. Nihoyat, Salimning bilinar-bilinmas titrayotgan oppoq, nimjon qoʻlchalari hali charm hidi ketib ulgurmagan kulrang tuflini oʻrtaga qoʻydi.
— Qurmagur bir magazinda talash boʻlib yotganakan, — dedi Salim koʻrsakich barmogʻi bilan peshona terini sidira turib. — Naqd qirq besh soʻmdan.
— Nima?!

Kirlanib ketgan sallasini yoniga qoʻyib, yonboshlab yotgan koʻyi ivitilgan non ustiga qoʻnayotgan pashshalarni zoʻr berib haydayotgan ota sakrab oʻrnidan turib ketayozdi.
— Bu importda, ota, chet eldan chiqqan, — dedi Salim qoʻlma-qoʻl boʻlayotgan tufliga ishora qilib.

Ota norozi ohangda, lekin yumshoqqina qilib toʻngʻilladi:
— Ikki xalta unning puli ekan-da... Halimboy, nasib boʻlsa andak soʻng olardi-da...
— Ana buni buyum desa boʻladi, — dedi Salimning xotini tuflini hidlab koʻrib. — Bu asli ustidentning kiyimi-da, Kenja ham... izidan qizlarni bir gala qilib ergashtirib yuradigan boʻlib ketadi endi.

Halim quvonchdan yal-yal yonib, dasturxon boshidayoq tik turgancha tuflini oyogʻiga oʻlchab koʻrgandi oʻshanda...

U ming bir xayol bilan yuvinishni ham unutib yana oʻz boʻlmasi yonida paydo boʻlganini sezmay ham qoldi.

Bu orada boʻlmadagi boshqa yoʻlovchilar ham uygʻonishgan: ular yarim yalangʻoch holda pastda yalqovlik bilan tizilib oʻtirishardi.
— Uka, u yoqqa navbat katta-mi? — soʻradi oʻsha qaroqchi bashara kishi boshi bilan yoʻlakning oxiriga ishora qilib.
— Yoʻq, unchalikmas... Halim zoʻraki iljayib sochigʻiga artingan boʻldi.
— Aytgancha, tufli izlab yurganday boʻluvding, topdingmi?

Halim bosh chayqadi.
— Obbo-o, chatoq boʻpti-da, — qaroqchi bashara kishi boshini sarak-sarak qildi. — Ehtiyot qilish kerak edi, uka.
— Bu ustidentimiz hiyla boʻsh-bayov chiqib qoldi, desangiz, — deb gapga aralashdi qora amaki. — Esam botinkani hovarga tashlarmidi, bitta bizmakar ilgan-ketgan-da.
— Eh, — norozi qoʻl siltadi qaroqchi bashara kishi. — Hozirgi yoshlarning aytgiligi yoʻq, ogʻzidagi oshini oldirishadi. Men...
— Men shundayligimda, — gapni ilib ketdi qora amaki. — Denovning bozoridan qoramol olib kelib, Samarqandga sotib ketardim...

U oʻzining uddaburon yoshligi haqida joʻshib soʻzlashga tushdi.

Halim vagon derazasidan lip-lil oʻtib borayotgan simyogʻochlarga, biydek dala-dashtga tikilgan koʻyi oʻz xayollari bilan andarmon:

«...Endi uydagilarga nima deyman? Qaysi yuz bilan ularga koʻrinaman?»

Uning quloqlari ostida otasining oʻsha kungi hukmi yana bir karra jaranglagandek boʻldi: «Ulim, endi besh-olti yilgacha «botinka obber» deb gʻingʻillamaysiz-da».

Halim chuqur tin oldi.
— Endi, jiyan, — amaki uning tizzasiga rapidadek qoʻlini qoʻydi. — Olsang — bizdan maslahat shu — bundan buyogʻiga oʻzinga doim mahkam boʻl, bunday latta qaytma. Xoʻ-oʻshsh... poezddan tushganingdan soʻngra oyoq kiyim ol, tagʻin yalang oyoq yurma, xoʻp? Yer hali namchil...
— Ha-a-a-a... jon esan boʻsa... botinka topiladi.
— O’n besh minutdan keyin — «Paxtaobod»...

Halim vagon nazoratchisining ovoziga loqaydlik bilan quloq solib oʻtirarkan, kutilmaganda miyasida umid uchqunlari «milt» etdi: «Iya, nazoratchidan hech narsa soʻramabman-a?! Balki u bilar?..»

Halim beixtiyor oʻrnidan turib, yalang oyoq holda oʻsha tomonga yurdi.

Kupeda nazoratchi ikki bukilib choyshablarni sanamoqda. Uning yonida vagonma-vagon ivirsib yuradigan oʻsha qalin moʻylovli militsiya serjanti tamaki tutatgancha gurung beryapti.
— Himm... — serjant kupe eshigi yonida garangsib turgan Halimga iyak qoqdi.
— Assalomu alaykum... Akalar, tuflim yoʻq, yoʻqolibdi...

Serjant bilan nazoratchi manoli koʻz urishtirib olishdi.
— Qanaqa tufli? — soʻradi serjant.

Militsionerning savoli Halimga «mana, tufling», deganday tuyuldi.
— Kulrang... chexskiy... dedi u yutoqib.

Militsioner yelka uchirdi:
— Kulrang... chexskiy bitta emas-ku, axir?

Halim sevinib ketdi: tufli shu yerda boʻlsa keragov, yoʻqsa militsioner bekorga bunday demaydi. Axir u militsioner-a?!. U Halimdan aniq belgi talab qilyapti! Fu, shu ham talab boʻldimi, kerak boʻlsa u tuflisining tagida nechta «tishi» borligigacha biladi.

Halim xuddi domlasiga imtihon topshirayotgan talabadek hayajon bilan qoʻlini koʻksida chalishtirib, vagonning shiftiga tikildi:
— Mening tuflimning ichida... 013 raqami bor
— Xoʻsh?
— Ha, ha, bir poyida.oʻsha «0» raqami umuman bilinmay ketgan.

Militsioner nazoratchiga taajjub aralash bir qarab oldi-da:
— Yana qanday belgisi bor? — deb soʻradi qiziqish bilan.
— Poshnasiga nagʻal qoqilgan... uchiga mix bilan...
— Yana?
— Yana-a, — Halim zoʻr berib tuflisining belgilarini eslashga unnay boshladi.
— Ha, topdim, topdim, chap poyining tumshuqchasida bilinar-bilinmas kemtikchasi bor.

Nazoratchi Halimning topqirligiga ortiq chidayolmay kulib yubordi, militsioner pixillab unga qoʻshildi. Halim ham hokisorgina iljayib, chetda qolmadi.
— O’rtoq, — dedi serjant bir mahal jiddiy tortib. Bilasanmi, kecha narigi vagonda nima boʻlgan?

Halim yelka qisib, ortga qaradi.

Militsioner ogʻzidan dud chiqarib «narigi vagon» hikoyasini boishadi.
— Kecha bittasining ikki yuz soʻmini oʻmarib ketishibdi. Serjant oʻsha jabrlanuvchiga: «Oka, pulingizni shu kechayoq topib keltirib beraman», desa koʻnmabdi. Qoʻying-e, shu arzimas ikki qogʻozni deb ovora boʻlib yurasizmi, undan koʻra biz bilan oʻtiring, bi-ir hangomalashamiz», debdi. Militsioner bunday mard odamni birinchi marta koʻrib turishi ekan, shu sababli uning gapini yerda qoldirishni ep koʻrmay, tong otguncha, u bilan chaqchaqlashib kelibdi. Sen esa, — dedi militsioner jabrdiydani bosh-oyoq kuzatib.
— Allaqanday tuflini deb burningni tortganing-tortgan.

Halimning neshonasi terlab ketdi. U boshiga toʻqmoq tushgan odamdek bir zum kalovlanib turgach, sekin iziga qaytdi.

Toʻxta, hov ogʻayni...

Halim «yalt» etib orqasiga qaradi. Nazoratchi uni koʻrsatkich barmogʻi bilan imladi:
— Ma, manovini kiyib ol. Nazoratchi kupening bir burchagida yoggan shippakni olib uzatdi:
— Harna-da, yalang oyoq ketgandan koʻra...

Serjant luqma qistirdi:
— Mukofot, topqirligingga!

Rahmat.. — deb mingʻilladi Halim.

U kupedan uzoqlashgach, militsioner xotirjam gapirdi.
— Qistaloqnint xotirasiga besh ketdim-ey...
— Zoʻr ekan. Botinkani kiyib yurishga ham qoʻrqasan.
— Hamma belgilarini aniq-tiniq aytib beryapti-ya!..

Parovoz oʻkirgancha navbatdagi bekatga kirib borardi...