OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMa’ruf Otaxonzoda
Asar nomiShayx Shibliyni bilamizmi?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ma’ruf Otaxonzoda
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 33-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shayx Shibliyni bilamizmi?
Ma’ruf Otaxonzoda

Bu zamindan ne-ne ulugʻ zotlar yetishib chiqmagan deysiz. Afsus, ularning barchasi haqida ham yetarli darajada ma’lumotga ega emasmiz. Jumladan, Shayx Shibliyni biladiganlar ham koʻp emas. Vaholanki, Farididdin Attorning «Tazkirat ul-avliyo»sida, Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» kabi asarlarida bu ulugʻ shayx nomi alohida ehtirom bilan tilga olinadi.

Bobur Mirzo «Risolai volidiya» tarjimasi xotimasida Shayx Shibliy nomini Junayd Bagʻdodiy nomi bilan birga zikr etadi. Xoʻsh, mana shunday yuksak e’tirofga sazovor boʻlgan ulugʻ shayx kim? Uning tasavvuf ta’limoti tarixida tutgan oʻrni qanday?

Abubakr Shibliy (859-946) oʻz davrining koʻzga koʻringan ulamolaridan boʻlgan. U avval Mansur Hallojning (858-922) shogirdi boʻlgan. Keyin Junayd Bagʻdodiy (vafoti 911) qoʻlida ta’lim olgan.

Hazrat Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da shayx Abu Ja’far Haddoddan quyidagi soʻzlarni iqtibos keltirgan: «Agar aql kishi suratigʻa kirsa erdi, Junayd surati boʻlgʻay erdi». Ana shu donishmandning suyukli va martabali shogirdi Abubakr Shibliy xalq orasida fiqh olimi sifatida mashhur boʻlgan.

Alisher Navoiyning yozishicha, Junayd oʻz shogirdiga bunday baho bergan: «Har bir qavmning toji bor, bu qavmning toji esa Shibliydur!»

Abubakr Shibliy suhbati, hatto uni koʻrishning oʻziyoq zamondoshlariga gʻurur bagʻishlagan. Uning aytgan hikmatlari, shariat qonunlariga oid fikrlaridan Shibliy dunyodan oʻtganidan keyin ham koʻp mashoyixlar dalil sifatida foydalanganlar.

Ma’lum sabablarga koʻra, shoʻrolar davrida Shibliy ta’limoti nazardan chetda qolib keldi. Uning ilmni xalqqa yoyish, Xudoni yurakka jo etib, halol mehnat bilan shugʻullanish, ta’lim-tarbiya haqidagi fikr-xulosalari, ba’zi hikoyat va rivoyatlari, pand-nasihatlari hanuzgacha xalqimiz orasida barhayot.

Shibliydan Bir Qissa...

Shayx Shibliy darvesh libosida bozorga kelib, nonvoydan Xudo yoʻliga bir non soʻrabdilar. Nonvoy esa, «Qaysi biringga beray, bor, yoʻlingdan qolma», deb u kishini ranjitibdi. Ikkinchi nonvoy esa sherigiga «Shayx Shibliyni koʻrish istaging yolgʻon ekan-da?» debdi. Qilmishidan pushaymon nonvoy Shayxni darhol topib, bu gunohini yuvish uchun xaloyiqqa «xudoyi» deb osh beribdi. Shayx Shibliy ham ziyofatga tashrif buyurib, toʻrda oʻtirgan ekanlar. Ma’raka oxirida jamoaning xalfasi Shayxga qarab nonvoy haqida bir duoi xayr tilabdi. Shunda Shayx Shibliy: «Bu nonvoyga duoning hojati yoʻq, u doʻzaxiydir. Zero, u Xudo yoʻliga bir nonni ravo koʻrmadi, Shibliy uchun shuncha ziyofat berdi», degan ekanlar.

Qissadan hissa shuki, xayr-ehson, mehru muruvvat shunchaki «xoʻjakoʻrsin» uchun emas, chin dildan, Xudo yoʻliga, savob uchun boʻlmogʻi kerak.

Shayx Shibliy Nega Yigʻladi?

Shamsulma’oliy Qobus (978-1012) Tabariston va Gurgonda shuhratmaqom, ma’rifatli, ilmsevar podshoh boʻlgan. Nevarasi — Unsurulma’oliy Kaykovus uning tarbiyasini olgan. Katta tarixiy va adabiy-tarbiyaviy ahamiyatga molik «Qobusnoma»ning yaratilishida ham buning ta’siri bor. Abu Rayhon Beruniy oʻzining eng qimmatli risolasi — «Osorul-boqiya»ni yuksak hurmat-ehtirom yuzasidan unga bagʻishlagani bejiz emas. «Qobusnoma»da Shibliydan bir hikoyat bor.

Bir kuni Shibliy ikki rakaat namoz oʻqib, osoyish topish uchun masjidga yuzlanibdi. Masjidda shogirdlar ta’lim olar ekan. Shayx Shibliy kelganda, bolalar ovqatlanayotgan ekan. Tasodif bilan ikki bola Shibliyga yaqin oʻtirgandi. Ulardan biri — boyvachcha, ikkinchisi — darveshzoda (kambagʻal kishining farzandi) ekan. Boyvachchaning savatida — holva, darveshzodaning xaltasida — qotgan non. Bunisi holva yerdi, unisining havasi kelib, holvasidan berishni soʻrardi. Boyvachcha aytdi:
— Agar holva berishimni istasang, mening itim boʻl.
— Sening itingman.
— Unda itdek hurgin.

Ul bechora darveshzoda tiz choʻkib, itdek akillardi, zora bir boʻlak holva olsa. Shibliy bu ahvoldan toqati toq boʻlib, yigʻlar edi. Muridlari undan yigʻlashi sababini soʻradilar. Shayx dedi:
— Koʻringlar, tama kishilarni qay ahvolga solur. Agar bu goʻdak oʻz qotgan noniga qanoat qilib, birovning holvasiga tama qilmaganda edi, oʻz tengining iti boʻlmasdi.

«Maqomoti Shoh Naqshband»dan

Hazrat Bahouddin Naqshband asarlarini mutolaa qilsak, Abubakr Shibliyning kim ekanligini yaqqolroq his etamiz. Hazrat Bahouddin Shibliy, Junayd, Mansur Halloj suluki, ta’limoti va martabalarining ulugʻvorligini shunday izhor etganlar:

«... Kunlardan birida hazrat Bahouddin hazrat Sayyid Mir Kulol suhbatlarini qoʻmsab, Nasaf tomon yoʻlga tushibdilar. Hazratning otlari jilovidan tutib bir darvesh borardi. Hazrat Bahouddin deydilarki: «Men Boyazid Bastomiy (q,s.) maqomlariga sayr qildim va Sulton Boyazid borgan joyga yetdim. Shayx Junayd, Shayx Shibliy, Shayx Mansur chiqqan maqomlarga ham koʻtarildim va bir dargohga yetdimki, undan muazzamroq, buyukroq maqom yoʻq erdi. Bildimki, bu Muhammad alayhissalom borgohlaridir...»

Shibliyning Zakoti

Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da Shibliyning bir fiqhshunosga bergan maslahatini quyidagicha bayon etadi:

«Shayx Shibliydan bir faqih soʻrabdurki:
— Zakot adosi ne nav’dur?

Shayx debdurki:
— Sanga farz boʻlur zakot uldurki, har ikki yuz diramdin besh diram Tangri yoʻliga bergaysen. Manga boʻlur zakot buldurkim, har ikki yuz diramdin ikki yuzu besh diram Tangri taolo yoʻliga bergaymen.
— 200 diramkim berildi, yana besh diram nedur?

Shayx debdurlarki:
— Ul 5 diram 200 diram zakot berganimning shukronasi. Bu Abubakr Siddiq mazhabidur».

Hikoyat

Shayx Shibliy oʻz hayotida koʻp safarlarda, jumladan, Arab mamlakatlari, Rum va Xuroson oʻlkalarida boʻlgan.

Shibliy zarurat yuzasidan sartaroshxonaga kiribdi. Usta doʻkon toʻrida dam olib oʻtirar, shogirdlari ish bilan band ekan. Shayx ustani taklif qilibdilar. Usta oʻrnidan turib, ishiga mashgʻul boʻldi. Shu dam doʻkonga bir qosid kirib keldi va aytdiki, Bagʻdoddan Shibliyga 400 dinor yubormishlar.

Shayx ul mablagʻni qosid qoʻlidan oldi va sartaroshxonadagi sandiq ustiga qoʻydi. Sartarosh esa Shayxni tanib, unga xizmat qilayotganidan nihoyatda xushnud va baxtiyor erdi. Zero, shuncha mablagʻ ham unga in’om etilgan edi. Shu on doʻkon eshigidan bir gadoy kirib, sartaroshdan sadaqa soʻradi.

Shayx Shibliy hotamtoyligidan sarafroz boʻlgan usta oʻsha 400 dinorning barchasini ul bechoraga berib yubordi.

Shayx Shibliyning Ilmi

Hazrat Jomiy naql eturlar: «Shibliy zamona imomi erdi. Undan oldin ham mashoyixlar oʻtgan, ammo u hammadan ulugʻroq edi... Junayd keldiyu bu ilmni tartibga soldi va kutub qildi, chun Shibliy keldi, bu ilmni minbarga chiqardi va xalqqa oshkor etdi».

Shayx Shibliy: «Ertaga bugungi vaqtni qaytarib bermagay, ixtiyoringdagi hozirgi damni gʻanimat bil, undan bahra olgin», degan ekanlar. Ushbu hikmatning haqqoniyligi, hayotiyligi oʻz-oʻzidan ayon. Shu bilan bir qatorda, alloma murakkab falsafiy aqidalarni ham ilgari surgan.

Shibliy oʻz ta’limoti bilan vahdati vujudga yoʻl ochgan. Uning falsafasida insofli, gʻamxoʻr boʻlmoq, halol mehnat bilan rizqu roʻz topmoq, boriga shukr etmoq, oʻz imkoniyatidan kelib chiqib orzu qilmoq va hamisha Xudoni yurakka jo etmoq zarurligi ta’kidlanadi.

Shayx Shibliy hikmatlari, pandlari hikoyatlar shaklida «Qobusnoma»da, Shayx Sa’diyning «Boʻston»ida zikr etilgan. Ular hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Ushbu asarlarni oʻqigan zamondoshlarimiz Shayx Shibliy hikmatlaridan hanuz bahramand boʻlib kelmoqdalar. Shuning oʻziyoq bu allomaning merosi mudom barhayot ekanligi dalilidir.