OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMahkam Mahmudov
Asar nomiMen — men emasman (hikoya)…
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ilmiy taxayyulot
Mualliflar
   - Mahkam Mahmudov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Men — men emasman (hikoya)…
Mahkam Mahmudov

«
Salobatli daryo oqar
chayqalib begʻam.
Mening yaxlit hayotimni
ikkiga boʻlib...

Ma’ruf Jalil
»

Eshik qoʻngʻirogʻi ustma-ust jiringladi. Shoshib ochdim.
— Tugʻilgan kuningiz muborak boʻlsin, Behzod! Bexabar qolibmiz, boshqalardan eshitdik...— deb gina qildi halloslab kirib kelgan doʻstim Baxtiyor, qoʻlidagi qandaydir oʻramlarni chetga qoʻyib.
— Ha, endi shunday boʻlib qoldi, oʻzim ham kechagina bildim, teatrimiz direktori eslatdi.

Xijolatdan chiqish uchun emas, bu ishga direktor bosh qoʻshganini bildirish uchun shunday javob berdim. Baxtiyorni mehmonlar oʻtirgan xonaga boshladim.

Chogʻroq xona odamlarga toʻla, chiroq nuri papiroslar tutunidan xiralashgan edi.

Jurnalist doʻstim Baxtiyor bu yerga koʻp kelgan boʻlsa-da, xona devorlaridagi suratlarga yana uzoq-uzoq boqdi.
— Anovi haybatli togʻlar bagʻrida nima yashiringan ekan?..— dedi u sekin, oʻz-oʻziga gapirganday.

Mehmonlar yalt etib qarashdi. Ularning koʻzlarida taajjub bor edi.
— Shovillab, toshib oqayotgan daryodan boshqa narsani koʻrmayapman,— dedi kichik jussali, koʻrimsizgina, ammo oʻziga juda bino qoʻygan shoir Ahmad istehzo bilan.
— Shunaqa deng,— miyigʻida kuldi uning yonidagi, barvasta, qoʻngʻir moʻylovli, qoracha bastakor yigit.— Odam kirsa, adashib qoladigan oʻrmon-ku bu...
— Ana xolos! YO mening koʻzim oʻtmay qolgan, yo bularning, — luqma tashladi sochini toza qirdirgan, istarasi issiq adabiyotshunos Umar.— Axir, anovi oʻtloqdagi jnlgʻadan suv ichayotgan ohuni hech biringiz koʻrmayapsizmi? Qarang, u qanday iboli, togʻ qizlariday hurkak, har bir sharpadan qochishga tayyor...

Men bunday gaplarni birinchi eshitishim emas. Ilgari kelgan mehmonlarnpng koʻpchiligi ham shunday bahslashib oʻtirishar edi. Bu sirli suratlarni men chizganman. Toʻgʻrisi, mening oʻrnimdagi, vujudimdagi boshqa odam chizgan. Mehmonlar, eng yaqin doʻstlarim ham shunday deb oʻylashadi. Aslida esa, ularni men chizmaganman. Doʻstlarim meni — men deb oʻylashadi.

Aslida men — men emasman...
— Yoshligingizda haqiqiy rassom boʻlgan ekansiz,— xulosa yasaganday, bir xoʻrsinib gapirdi jurnalist doʻstim. Bu soʻzlarni u har kelganida aytadi. Bu soʻzlar avvalgi ishlarimdan mamnunligini bildiradimi yo hozirgi ishlarimdan noroziliginimi, bilmayman.

Ha, bu suratlarning hammasi seviklim Durdonaning turli kayfiyatdagi chehralari. Ha, bu sohibjamol qiz baxtiyorligida ham, ma’yusligida ham, gʻazablanganida ham goʻzalligini yoʻqotmasdi.

Men Durdonani sevardim. Ammo...

Divanning yostigʻiga suyangancha, mehmonlarni ham unutib, devordagi manzaralarga qarab, xayolga toldim. Bolaligimni eslashga intildim. Lekin hadeb koʻz oldimga mening emas, boshqa bir odamning bolalik chogʻlari kelaverardi.

* * *

Kim ekan u? Qiyofasi menga oʻxshaydi. Lekin men emasman. Yoʻq, u men emas. Yoʻq, yoʻq... u butunlay boshqa: uning chinakam yuragi bor. Men esa yuraksiz odamman. Meni haqiqiy yurakli odam, deb oʻylashadi. Yana kim biladi, balki boshqalar ham menga oʻxshab... bilmadim. Ha, sal-pal eslayapman. U — men edim. Yozning farahbaxsh kechalari mahalla chetidagi katta maysazorda yosh-yalanglar tonggacha choʻpchak aytishib oʻtirardik.

Maysazor yaqinidagi daraxtlarning chakalak boʻlib ketgan shoxlari, beriroqdagi joʻxorizor va loviyazorlar toʻlin oy nurida gʻalati oqarib-boʻzarib, sirli koʻrinar, allaqayoqdan eshitilayotgan haqqushning xunuk tovushi yuragimga vahima solardi. Onam aytib bergan parilar haqidagi afsonalarni eslab, oʻyga choʻmar, osmonda tariqday sochilgan, charaqlagan yulduzlarning jimir-jimirini tomosha qilar edim. Men tongning qayoqdan kelishini bilishga urinib, xoʻrozlar qichqirayotgan, yulduzlar soʻnayotgan allamahalda ham osmondan koʻzixmni uzmasdim. Shu zayl onamning «uxla», deb koyishiga qaramay, bolalarning shoʻx kulgisi, qiyqiriqlariga koʻmilib, har kuni tongni kutardim.

Men ulgʻayib, rassomlikka oʻqidim. Talabalik yillarimning eng oltin chogʻlari nozik ranglarni izlash bilan oʻtdi.

Bir voqea hayotimni ostin-ustun qilib yubordi. Hamma uyquda, hali tong yorishmagan edi. Xonam derazasidan chiroyli manzara koʻrinardi. Olisda soy buralib oqyapti, koʻm-koʻk vodiy qoʻynida gullagan oʻrikzor va shaftolizorlarning oq, pushti ranglari qalbga orom beradi, allalaydi. Ana shu daqiqalarda mayin shamol eshikni asta ochdi. Ostonaga qarab, hang-mang boʻlib qoldim.

Qarshimda men izlagan xayoliy pari — Durdona turardi! Qimdandir dili ranjiganday, ma’yus koʻzlari uzun kipriklari orasidan boqar ekan, koʻnglimda latif kuy tugʻila boshladi.
— Ha, ajablanmang, men — Durdonaman,— degan mayin, nafis, tiniq tovush hushimga keltirdi. Unga qarab lol boʻlib qoldim.

Necha yillar koʻnglim toʻrida asrab yurgan eng chiroyli soʻzlar ham tilimga kelmay qoldi. Ahvolimni tushundi shekilli, Durdona moviy harir koʻylagining uzun etagini sal yigʻib, karavotim chetiga omonatgina oʻtirdi.

Hozir dunyoda eng katta tashvishim — necha yillar izlab topganimdan ajralib qolmaslik edi.
— Ketib qolmaysizmi?— deyishga arang majolim yetdi. «Hurkib qochib ketsa-ya...»

Parivashim javob oʻrniga mayin jilmaydi. Bu tabassum goʻzalligini tasvirlashga soʻz, boʻyoq, ohang topish qiyin edi.

Shunday boʻlsa ham men bu holatni shoshib, oppoq devorga tushira boshladim... Durdona harakatimni sezdi-yu, norozilik bildirmadi, tokchadagi kitoblardan birini olib, asta varaqlay boshladi.

Men terga botib, surat chizyapman.

Mana, ruhimni arshi a’loga koʻtaruvchi Durdonaning nihol qomati, jon oluvchi jodu koʻzlari...

Qoʻshnimizning xoʻrozi qichqirib, tong yorishganini bildirdi. Men hali suratni chizib ulgurmagan edim. Durdona bezovtalanib qoldi, u harir koʻylagining uzun etaklarini nozik, nafis qoʻlchalari bilan salgina yerdan uzib, ostonada gʻoyib boʻldi.

Men bu holdan hayratlanib, moʻyqalamni qoʻlimdan tushirib yubordim. Oyoqlarimda majol yoʻq: karavotga oʻtirib qoldim. Goh Durdona chiqib ketgan eshikka, goh devordagi suratga qarayman.

Boʻyoqlari anqib turgan suratga boqqanim sari hayratim orta boshladn. Devordan menga parivash qiz emas, jilgʻa boʻyiga suvga kelgan yosh hurkak ohuning munis koʻzlari boqardi!

Durdona yana keldi. U bu safar avvalgidan ham goʻzalroq koʻrindi.

Devorga yangi rasmlar tushira boshladim.

Rasmlar koʻpaydi.

Oʻqishga ham bormay qoʻydim. Durdonaning jamolini tasvirlash bilan ovora boʻlib, kechaning ham, kunduzning ham farqini bilmay qoldim. Holdan toygunimcha, qoʻlimdan moʻyqalam tushib, oʻzim yiqilguncha ishlardim.

* * *

Yangi rasm muallimi baland boʻyli, sochlari silliq taralgan, sun’iy, ammo oʻtkir koʻzlari hamisha jilmayib turuvchi kishi darsga kirib, aslzodalarga xos nazokat bilan oʻzini tanitdi. Soʻng yangi tartib bilan tanishtira boshladi.
— Asosiy vazifamiz — hayotimizni mazmunli qilib bezatish, — dedi u ohista, lekin qilichday keskin ohangda auditoriya shiftidagi gulga qarab. — Mazmunli, deganda bugun, faqat bugun uchun foydali ishlar qilishni nazarda tutaman...

Hamma yalt etib menga oʻgirildi. Men parvo qilmaganday, savol berdim:
— Bugun uchun foydali deganda nimani tushunaylik?

Yangi muallim jahli chiqqanini yashirmadi:
— Bugun uchun foydali degani — faqat bugunni oʻylash degani! — baqirdi u boʻyiga yarashmagan yoʻgʻon tovush bilan.

Bu fikrga, albatta, koʻpchilik qoʻshilmadi. Ammo yangi muallim munozarani qizitishni xush koʻrmasligini hamma tushungan edi.
— Bugundan boshlab, — dedi yangi muallim tantanavor ohangda, odamni seskantiruvchi mash’um zavq bilan, — surat chizishning yangi, ilgʻor va oson usuliga oʻtamiz. Ma’lumki, tabiatdagi ranglarning koʻpligi, cheksizligi aql-hushni bir joyga yigʻishga xalaqit beradi, ya’ni odamni mehnatdan chalgʻitadi. Tasavvur qiling, odam oʻrmondagi bir oʻtloqda gullarni koʻrib qoldi. U gullarning rangiga mahliyo boʻlib, mollarni boqishni, ya’ni asosiy maqsadini unutadi. Shuning uchun iloji boricha, boyagi gullarning xilini kamaytirish zarur. Bu ish koʻp kuch, vaqt va mablagʻ talab qilardi. Ammo men bu problemani yechishning ajoyib yoʻlini topdim. Yangi muallim shu yerda nafas rostladi va yanada tantanali gapirdi:
— Buning uchun odamlarning koʻzini koʻp ranglarni koʻrmaydigan qilib oʻzgartirish kifoya. Men uzoq yillik ilmiy tadqiqotlardan soʻng, shunday koʻzni kashf etdim. Bu koʻz faqat bir xil rangni koʻradi va yashashni soddalashtiradi. Hozirgi elektronika, optronika, lazerlar asrida bunday koʻzni yasash va almashtirish qiyin emas...

Auditoriyaga sovuq sukunat choʻkdi. Hamma gapning oxirini kutardi.
— Hammangiz endi shu koʻzlardan foydalanasiz,— dedi u qat’iy qilib, e’tirozga oʻrin qolmaydigan ohangda.— Endi murakkab boʻyoqlar qidirib yurmaysiz..

Ammo e’tiroz bildirmasdan boʻlmasdi.
— Yangi koʻzlardan hamma foydalanishi majburiymi?

Koʻpchilikka yangi koʻzlar yoqib qolgan shekilli, «Anovining noshukurligini...» — deganday, yalt etib men tomonga qarashdi.

Yangi muallim stolni chertib, hammani tinchitgach, ma’nodor qilib javob berdi:
— Hammaga majburiy emas, ammo ilgʻor usuldan foydalanuvchi rassomlarga hamma yoʻllar ochiq boʻladi...

Bu soʻzlarning ma’nosini tushunish qiyin emasdi.

Qoʻngʻiroq chalindi, dars tugadi. Auditoriyadan birov xursand, birov xafa boʻlib chiqdi.

Men asablarim qaqshab, qayoqqa yurishni ham bilmay tentiraganimcha, institutdan uzoqlashdim. Shahar chetidagi tashlandiq bir boqqa kirdim.

Quyosh hali botmasa-da, boqqa qorongʻilik choʻkkan, shamoldan daraxtlar egilib, shovillar, uv tortar, marmar qirgʻoqlari yemirilib, koʻchgan katta hovuzning qoramtir-safsar tusdagi suvi notinch jimirlar edi. Hovuzning eskirib ketgan oq marmar supasining gʻishtlari koʻchib ketgan. Dumaloq granit poydevorda salobat bilan turgan Beruniy haykalining «sochini» daraxt shoxlari yulqilamoqchi boʻlib tebranardi... Nazarimda haykal agʻdarilayotganday edi. Hovuz tepasidagi maysazorning narirogʻida daraxtzorga burkangan kungurador koʻhna qasr koʻrinadi. Uning bahaybat derazalaridagi shohi pardalar ham shamolda yulqinib, botayotgan quyosh shafagʻida qip-qizil boʻyalganday yal-yal yonardi. Qasr tepasidagi qalin oʻrmonzorning bahaybat sershox chinorlariga shamol ta’sir koʻrsatolmaganday, ogʻir sukunat qorongʻiligiga choʻmgan.

Shamol koʻp oʻtmay, dovulga aylandi. Endi hammayoq larzaga keldi, bogʻning tepasida koʻhna oʻrmondagi bahaybat chinorlar ham faryod solib, uvlay boshladilar. Osmon yorishib, momaqaldiroq gumburladi. Chaqmoq chaqib, olov qilichi yarq etib, boshimga tushdi. Hushimdan ketdim...

Koʻzimni ochganimda maysazorda yotardim. Dovul tingan, zim-ziyo koʻkda menga notanish yulduzlar charaqlardi. Negadir oʻzimni qushday yengil sezardim, ogʻirligimdan qutulganday edim. Tizzalab oʻrnimdan turdim va yonimga qarab, qoʻrquvdan titrab ketdim. Maysazorda, yonginamda notanish bir yigit behush yotardi. Unga sinchiklab qaraganim sayin, hayratim orta boshladi. U menga, xuddi oʻzimga oʻxshardi.

Nima qilayoltanimni ham bilmay, chopib borib, hovuzdan hovuchimda suv keltirdim va uiing yuziga sepa boshladim. Quloq tutib, yuragi duk-duk urayotganini sezdim. U hushiga keldi va oʻrnidan turarkan, istehzo bilan gʻudurladi:
— Yaxshisi, oʻz koʻksingga quloq sol! Yuraging uryaptimi, yoʻqmi?

Men shoshib, koʻkragimning chap tomoniga qoʻlimni bosdim. U yerda hech narsa yoʻqday tuyuldi.
— Ha, ajablanma, sening yuraging mana,— dedi u oʻz koʻksini koʻrsatib va yonimga oʻtirdi.
— Qimsan oʻzing?— battar ajablanib soʻradim.
— Men — senman...

Bu gapdan boshim aylanib, gandiraklab, yiqilishimga sal qoldi.

Choʻntagimni paypaslab, papiros tutatdim. Beixtiyor unga uzatdim. U ham chekdi. Ikkimiz uzoq jim qoldik. Nihoyat u gap boshladi:
— Sen Durdonani nohaq ranjitding. U sofdil, goʻzal, aqlli qiz. Men uni juda sevaman. Sen ham sevasan...
— Yoʻq,— shoshib e’tiroz bildirdim.— Men Durdonani sevmayman. U — jodugar... Ming yoshga kirgan. Uni koʻrgan odam changga, gardga aylanadi...
— Qoʻysang-chi, bu yangi muallim — janob Xomning uydirmasi. Sei — qoʻrqasan, oʻqishdan ketaman, deb qoʻrqasan. Aslida, har bir odamning oʻz Durdonasi boʻlgan...

Xullas, ikkalamiz kelisholmadik. Men qoʻl siltadim. U Durdonani izlab ketdi.

Shu kundan boshlab, ikkiga boʻlinib ketganimdan soʻng, sof aql-mulohaza bilan yashay boshladim. Har bir qadamimni oʻylab bosardim. Aql-mulohaza esa koʻpincha tashvish, vahima tugʻdirardi. Goho yarimtaligimni odamlar bilib qolarmikin, deb qoʻrqardim. Vahimali oʻylarni quvish uchun ketib qolgan yarmimni izlardim. Goh u topilar va meni asli holimga qaytaraman, deb koʻp azob berardi — hushimga keltirish uchun boʻshab qolgan yuragim oʻrnini toʻldirnsh uchun meni savollar olovida kuydirardi.

Shunaqada yomon koʻrib, nafratlanib ketardim undan.

* * *

Oʻqishni tugatib, teatrga ishga kirdim. Yangi muallim meni teatr direktoriga «eng yaxshi shogirdim», deb tanishtirdi. Tunu kun ishxonada bosh rassomga yaxshi koʻrinishni, uning yaqin odamlari qatoriga qoʻshilib, obroʻ orttirishni oʻylardim.

Bir kuni bosh rassom sahnadan qadimiy manzaradagi salobatli naqshin qasrni olib tashlashni maslahat berdi. Men oʻylab oʻtirmay, manzaradan qasrni olib tashladim. Boshliqning didini bilganimdan keyin, teatrimizda qaysi sahna manzarasida qasr boʻlsa — olib tashlayverdim. Qizishib ketib, hatto qasrdan kichikroq koʻshk, ravoqlarni ham qoʻymadim. Endi men oliy nasabli odamlar davrasiga kirib, turmush halovatlarini tota boshladim.

U — Durdonaning oshigʻi esa, qaerlardadir omadsiz, och-yupun yurar,— gohi-gohida, sokin kechalarda uyqum qochganida kelib, men bilan bahslashardi.

U goho men kutmaganimda, koʻrishni istamagan paytimda kelib qolar va ishlarimga aralashib, meni sharmanda qilar edi.

Bir kuni azonda uygʻonib, koʻchadagi anhorda yuzimni yuvayotgan edim. U kelib qoldi. Osmonga qaradi-yu, hayratdan qotdi.
— Ufqni koʻryapsanmi? Naqadar ranglarga boy! Fusunkor tong!—dedi u yelkamdan ushlab.— Sen bolaligingda koʻrgan noyob, afsonaviy harir, pushti tonglarga oʻxshagan tong bu...

U menga, bu manzarani chizib qol, dedi. Ammo ishga kech qolishimni oʻylab, bosh rassomning basharasini koʻz oldimga keltirdim. Bosh rassom teatr sahnasi orqasida ishimizga koʻz-quloq boʻlib yurardi. Ishga sal kech qolgan xodimga baqirar, asabini buzib jinni qilardi. Rassomlarga vaqtni goʻyo choʻntagidan pul chiqarib berganday, qiynalib ulashardi. Men bosh rassom bilan toʻqnashmaslik uchun tong shafagʻini qoldirib, teatrga otlandim.

Koʻzgu oldida kiyinayotganimda u meni yana soʻroqqa tutdi:
— Ishga kech qolsang nima boʻpti? Ishga har kuni borasan, bunday fusunkor manzara esa kam uchraydi. Bunday betakror manzarani balki yana sira uchratmassan. Hu, anavi rangni qara, sen bunday raigni birinchi koʻrishing. Tezroq moʻyqalamingni ol.
— Yoʻq, vaqtim yoʻq. Bugun goʻzallik haqidagi muhim shiorni yozishim kerak. Yozmasam... ishdan haydashadi...
— Odamlarga goʻzallik toʻgʻrisidagi shior emas, goʻzallikning oʻzi kerak... Agar sen ishga bormasdan faqat ijod qilsang, koʻproq goʻzallik yaratib, odamlarni boyitarding.

Aslida u haq edi. Ammo faqat ijod qilsam, biror joyda xizmat qilmasam, muhtojlikdan oʻlaman-ku.
— Mana, sen hech qaerda ishlamay ijod qilyapsan, yaratayotgan durdona asarlaringni kim tushunyapti? Sen odamlar uchun oʻzingni fido qilyapsan. Odamlar esa seni bir tiyinga olishmaydi.
— Buning sababi shuki, odamlarning yemishi joyida, ammo koʻnglida hech vaqo yoʻq, xuddi choʻlday, men ularning koʻngliga gul urugʻlari sepish uchun ijod qilyapman...
— Odamlar sen sepgan gul urugʻlarini ham yeb qoʻyishadi, sening asarlaringni sariq chaqaga almashtirishadi. Ustingdan kulishadi...
— Yoʻq, hamma sen oʻylagancha hayvon boʻlib ketmagan. Men ularning odamligiga ishonaman... Ana, ufqqa qara, ranglar oʻzgaryapti, tezroq moʻyqalamingni ol...

Men kamchiligimni tan olgim kelmasdi.
— Toʻgʻrisi, sen hayratlanayotgan nozik ranglar, baribir menga bir xil koʻrinadi. Negaki, mening koʻzim — yangi.
— Koʻzning yangisini nega olding?
— Yangi koʻz odamni charchatmaydi.
— Sen charchashdan qoʻrqasanmi?
— Yoʻq charchashdanmas... boshqa narsadan... Bor, meni yoʻldan urma....
— Seni yoʻldan urib boʻlishgan. Men seni toʻgʻri yoʻlga qaytarmoqchiman...

Men bu gapga parvo qilmay, bir chelak boʻyoqni koʻtarib, bir oʻram matoni qoʻltigʻimga qnsganimcha ishga joʻnadim.

U, sadqai odam ket, deganicha, koʻzdan yoʻqoldi.

Shu koʻyi uzoq oylar koʻrinmadi. Toʻgʻrisi, men undan qoʻrqardim. Uni oʻylasam, Durdonaning jodugarligi, dovul, koʻhna bogʻ esimga tushardi.

U goho bolaligimni, yoshligimni eslagan paytlarimda, oʻtirishlarda, davralarda kelib qolardi. Nihoyatda ozib-toʻzib ketgan, goʻyo faqat suyagi qolgandi. Uni doimo azob kemirayotganidan shundaydir.

Eshitishimcha, men semirganim sayin u yana ham ozib ketarkan. Men martaba zinalaridan koʻtarilganim sayin, uni xizmatda pasaytirisharkan. Mening pulim koʻpayib, maishatim yaxshilangani sari u oxirgi chaqalariga qora non olib, suvga botirib yerkan. Mening libosim yangilangani sayin, uning juldur, chirigan usti boshiga yana yamoqlar tusharkan...

Oʻzidan koʻrsin. Qayoqdagi Durdona deb, mendan, oromli hayotdan ajralib qoldi. Uning rasmlari qanchalik goʻzal, jozibali boʻlmasin, yangi koʻzli odamlarga koʻrinmasdi.

Ammo bugungi mehmonlar devorlardagi men — ya’ni, u chizgan goʻzal suratlarni qanday koʻrib qolishganidan hayratda edim. YO ular yangi koʻzlarini olib tashlab, avvalgi koʻzlari bilan kelishdimikin? Davradagi mehmonlarga bir-bir qaradim. Oʻrtada chaqchaqlashib oʻtirgan, xushbichim soqol qoʻygan yigit koʻzimga juda issiq koʻrindi. Mehmonlarning ogʻzini ochirib, kuldirib oʻtirgan bu yigit — u, ya’ni bir vaqtlardagi men edim. Uning yonida, oʻn sakkiz yoshli sohibjamol oʻtirardi.

Bu — Durdona edi. Uning shoʻx kulgisi jonon chinni jarangiday xonani toʻldirardi.

Hamma koʻzlar unga va Durdonaga tikilgan edi.

Kimdir soʻrab qoldi:
— Bu kimning suratlari?
— Durdonaning...

Suratlar oʻrtoqlarimni ham hayajonga soldi shekilli, gapimga kulishmadi. Jurnalist doʻstim izoh berdi:
— Ha, bular chindan durdona asarlar... Boʻyoqlarga qaranglar-a, tabiatda ham yoʻq ranglarni topgan bu darvesh...

Men hayron edim...