OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMahkam Mahmudov
Asar nomiMushkul muammo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ilmiy taxayyulot
Mualliflar
   - Mahkam Mahmudov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mushkul muammo (hikoya)
Mahkam Mahmudov

«
Oʻt oʻt ichidan oʻting bor ersa
Soʻfi Olloyor
»

Havo aynib, dengizda gʻalayon boshlangan, toʻlqinlar gʻazabga minib, qirgʻoqqa tobora bostirib kelar edi. Dam olayotganlar shosha-pisha yigʻma soʻrichalari va soyabonlarini yigʻishtirishar, choʻmilishni bas qilinglar, deb shoʻx bolalarga baqirishar edi. Bir oz pakana, toʻladan kelgan, peshonasi yaltiroq akademik Ergash Moʻminov ham oʻgʻilchasi Bekni suvdan chiqishga zoʻrgʻa koʻndirib, uni kiyintira boshladi. Ikki yuzi kulchaday Bek qirgʻoqdan ketishga shoshilmas, hoʻl shagʻal orasidan dengiz toʻlqinlari chiqarib tashlagan yumshoq va tip-tiniq meduza bolalarini kaftiga olib, yana dengizga otar edi. Shu payt kurort xizmatchisi gruzin kampir chala-chulpa ruschalab, Moʻminovga shoshilinch telegramma kelganini aytdi. Akademik oyoqlarini tipirchilatayotgan shoʻx Bekni koʻtarganicha qirgʻoqdan baland yoʻlkaga chiqdi. Bola otasining qoʻlidan sirgʻalib tushib, oʻzi chopqillab ketdi.

Xonada, rang-barang dengiz toshchalari uyilib yotgan stol ustida qizil hoshiyali telegramma yotar edi. Akademik uni qoʻliga olib, tez koʻz yugurtirdi.

«Shoshilinch telegramma.

Gagra. Shota Rustaveli koʻchasi 141. Akademik Ergash Moʻminovga. Hurmatli Ergash muallim, Sizni Tarozi yulduzlar turkumiga, Koinot olimlarining Oliy kengashiga chaqirishyapti».

Telegrammada boshqa hech qanday izoh yoʻq edi. Mayli, Toshkentga borishganida ma’lum boʻladi.

Moʻminov oyoqlari boʻshashib, liqillab qolgan toʻqima xivich kresloga oʻtirib, yaltiroq manglayini silaganicha oʻylanib qoldi. Dam olish muddati oʻzi oxirlab qolgandi. Ishni ham sogʻingan...

Ergash Moʻminov Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti, shuningdek, bir necha sayyoralardagi akademiyalarning faxriy a’zosi edi. Turli fanlarning vakillari bilan muomala qilish, ularning fanlariga aralashib, har xil muammolarni yechishga yordamlashish har qanday odamni ham toldirishi tabiiy edi. Moʻminov har yili ta’til paytida dam olmas, qadimiy Sharq falsafasi tarixiga oid kitobini tugallashga intilardi. Mana, kurortda ham shu kitobning bir bobini yozib ulgurdi. Bu — Navoiy davrining eng buyuk allomalaridan Husayn Voiz Koshifiy falsafasi haqidagi bob zdi. Har holda, kurortda vaqti behuda oʻtmadi. XV asr falsafasining hozirgi odamlar hayotiga zarur tomonlarini aniqlab chiqdi. Oʻgʻilchasi Durbek ham bod asoratidan qutulib, ancha quvvatga kirib qoldi. Koʻrinishi ham, ruhi ham tetiklashgan akademik Moʻminovni kasbdoshlari va shogirdlari oʻrab olishdi. Odatda rahbar odam dam olib qaytganida hamma uni ruhlantirishga nktiladi. Bu yomon emas. Biroq ba’zilar chin dildan gapirmay, boshqa oʻyda boʻladi. Ergash Moʻminov kim sofdilu kim soxtadilligini ilgarilari yaxshi ajratardi. Hozir ajratish qiyin boʻlib qoldi.

Bundan bir necha yil avval u Kalonov degan kishini «Entsiklopediya» nashriyotiga rahbarlikka tavsiya qilgan edi. Afsuski, chalasavod va amalparast boʻlib chiqdi. Kalonov tarixdagi buyuk kishilarni qomusga kiritish oʻrniga oʻzining hamtovoqlari, qarindosh-urugʻlarini kiritibdi. Bu ishga qarshi chiqqan odamlarni quvgʻin qilibdi. Undan bezib, koʻpchilik iste’dodli olimlar boshlagan xayrli ishlarini tashlab ketib qolishibdi. Buni Moʻminov keyinchalik bildi...

U xonada yolgʻiz qolgach, ish stoli ustida, turli qogʻozlar orasida qandaydir nur tarqatib turgan sayyoralar aro telegrammani qoʻliga oldi.

«Ergash Moʻminovga. Sizni Koinotdagi ongli mavjudotlar yashovchi barcha sayyoralardagi ilmiy kollektivlar rahbarlarining uch kunlik oliy kengashiga taklif etamiz. Kengashda koʻp asrlar avval taraqqiy etgan va zamonamizda unutila boshlagan eng qiyin fan asoslari oʻqitiladi. Olimlar bilan EOT-2501 ixtirochisi suhbat oʻtkazadi».

«Tarozi» turkumining 12nchi sayyorasi kosmodromida mehmonlarni Sayyoralar aro ilmiy koordinatsiya markazi rahbarlari — ikki boshli donishmandlar kutib olishdi. Bu odamlarning asosiy boshi ona tilida gapirsa, yordamchi boshi chet tillarda gapirar edi. Mehmonlar turli shakldagi aqlli mavjudotlarni koʻraverib oʻrganib qolishgani uchun odatdagiday salom-alikdan soʻng, doʻstlar bilan hol-ahvol soʻrashishga tushib ketishdi.
— Yerdayam hal qilinadigan masalalar shunaqa koʻpayib ketdiki, bitta boshimiz kamlik qilyapti, — hazillashdi Moʻminov 12 nchi sayyoralik ikki boshli olim doʻstlaridan biriga.
— Yerliklarning ham bir nechtadan boshi bor, ammo oʻzlari bilishmaydi, — e’tiroz bildirdi ikkala boshida ham sochi oqara boshlagan mezbon. — Nega boʻlmasa, bir odam oʻz-oʻziga zid ish qiladi? Ba’zilar boʻlsa boshini ishlatmay birovlarning boshini koʻtarib yurishadi... Xa-xa-xa...

Moʻminov ham xoxolab kulib yubordi, u mezbonning nimaga ishora qilganini darrov tushungan edi. Hazilga hazil bilan javob berdi:
— Ba’zilarning bittadan ham boshi yoʻq, xa-xa-xa... Bizni nimaga chaqirishipti, bilmaysizmi?— hamon labini yigʻib ololmay soʻradi Moʻminov.— Bu yoqqa kelib-ketish osonmi? Uch-toʻrt hafta ishdan qoladigan boʻldik.
— Mengayam anigʻini aytishmagan. Eng qiyini fan... Barcha sayyoralardagi aqlli mavjudot uchun eng zarur fan... deyishyapti. Oʻzimam hayronman, qariganimizda yerliklar aytganday, oʻqib, oʻrik boʻlarmidik...
— Yoʻq, doʻstim,— e’tiroz bildirdi Moʻminov.— Yerda oʻrta asrda yashagan Ibn Sino degan mutafakkir aytgan ekan: «Hamma fanlarni oʻrgandim va oxiri shuni bildimki — hech narsani bilmas ekanman...» Biz hali nimani bilibmiz? Odamzodning umrini uzaytirolmayapmiz. Boshqacha aytganda, bir boshimizni ikkita qilolmayapmiz. Xa-xa-xa...

Hamrohi bu beozor hazilga kulib qoʻya qoldi. Soʻng gapini yana asosiy mavzuga burdi:
— Yerliklarni ilm-fanda ming yilcha orqada qoldirgan, kapalaklarga oʻxshab uchib yuradigan, juda qisqa umr koʻradigan Zuhal olimlari ham, aksincha, uch-toʻrt asr yashovchn nohidliklar ham kengashga chaqirilgan. Har holda, qandaydir juda muhim yangi fan kashf etilgan boʻlsa kerak.
— Qani, boraylik-chi, bunday fanga tishimiz oʻtarmikin...

Ikki doʻst olisdagi tepalikdagi adl qaragʻay va shamshod daraxtlari orasida niliy gumbazlari yarqirab turgan qasr tomon yoʻl olishdi.

Bilim qasriga eltuvchi maxsus ravon yoʻl yoʻq edi, u yerga har kim har xil soʻqmoqdan chiqib borardi...

Bilim qasri gʻoyat hashamatli, ammo yangi emas edi. U ikki ming yil avval vuv, olov, chaqmoq, boʻron, toʻfondan jafo koʻrib, tangri taoloni izlab keluvchilarning eng katta sajdagohi edi. Ibtidoiy odamlar bu qasrni yoʻniq toshlardan shunchalik puxta qurishganki, hanuzgacha biror toshi koʻchmagan. Zalning katta sahnidan boshqa uch tomonida yetti qavat ustma-ust qurilgan hujralar boʻlib, hammasining ravoqlari zalga qaragan. Zalning oʻttiz metrli gumbaz shiftining doirasida ibtidoiy odamlar tasavvur qilgan tangrining goʻzal jamoli antiqa ranglarda tasvirlangan. Doiraning atrofida esa ikki boshli sahobalar bilan shaytonlarning kurashi lavhalari aks etgan. Bu qasrni biron dinga mansub deyish qiyin edi. U jafokash insoniyat xayoli parvozining mevasi edi.

Hozir bu binoning juda katta sahnasiga organ, chang va royal oʻrnatilgan boʻlib, qadimiy muzika asarlaridan kontsertlar qoʻyilar edi.

Ergash Moʻminov zalda oʻtirgan mehmonlarni koʻzdan kechira boshladi. Oldingi qatorlarda juda ilgari yashab oʻtgan Suqrot, Aflotun, Arastu, Evklid, Buqrot, Jolinus, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Sa’diy, Fuzuliy, Rustaveli, Navoiy, Bobir, Galiley, Kopernik, Eynshteyn va yana Ergash aka yaxshi tanimagan boshqa buyuk allomalarning soyalari oʻtirishardi. Ularni maxsus elektron optik mashina EOT-2501 yordamida chaqirishgan edi.

Hozirgi kengash hay’ati ham shu mashina va uni ijod qilgan bir guruh olimlardan iborat edi. Kengashga ana shu EOT-2501 ni kashf etgan keksa alloma raislik qilar edi.
— Muhtaram olimu fozillar! Bugun 2501 yilning 21 iyulida qadimgi davrlarda taraqqiy etgan va endilikda unutilib ketgan eng qiyin fandan birinchi darsimizni boshlaymiz,— raisdan soʻng mashinaning ovozi qadimgi Misr tilida, yunon, lotin, arab, fors, turk, ingliz, frantsuz va rus tillarida yangradi.

Qisqa e’londan soʻng EOT-2501 kashfiyotchisi barcha sayyoralarning olimlariga savol bilan murojaat qildi:
— Muhtaram olimu fozillar! Darsni boshlashdan oldin hammangizga bitta savol berishga ijozat etgaysiz. Qani ayting-chi, orangizda umr boʻyi yolgʻon soʻzlamagan biror olim bormi? Qani, Suqrot muallim, ayting-chi balki siz umringizda yolgʻon gapirmagandirsiz?

Qadimgi yunon ridosining etagini viqor bilan koʻtargan Suqrot muallim oʻrnidan turdi va Bilim qasridagi odat boʻyicha — tinglovchilarga ta’zim qilib shoshilmay gap boshladi:
— Umr boʻyi yolgʻon gapirmadim... deyolmayman...

Zalda avval shivirlash, keyin shov-shuv boshlandi. Hammaning nigohi faylasufga qaratildi. Suqrot muallimning yuziga sezilar-sezilmas qizillik yugurdi. Soya rangli edi.
— Toʻgʻri, men yolgʻonni juda kam gapirdim. Umrimning oxirida esa, demos — xalq meni oʻlimga hukm qilganida ham yolgʻon soʻzlamadim va oʻz ixtiyorim bilan zahar ichdim...

Zalga chuqur sukunat choʻkdi. Hatto soya ham nafas olayotganga oʻxshab turardi.
— Hozir ham rost gapirganingiz uchun minnatdorman, marhamat oʻtiring,— dedi rais.— Qani, Aflotun muallim, siz nima deysiz?
— Men umrimda juda koʻp yolgʻon gapirganman,— kulib turib gapirdi Aflotun.— Hatto ustozim Suqrot hakimga yolgʻon gapirishni maslahat berganman. Negaki, demosning hukmi notoʻgʻri, adolatsnz edi. Xalq majlisi agar oqil va adolatli boʻlsa, u oʻzining eng ulugʻ farzandi Suqrot hakimni oʻlimga hukm qilarmidi?!

Aflotun yengil ta’zim bilan gapim tamom, deganday ishora qildi.
— Qani, haq gapirish haqida yana kimda qanday fikr bor?

Albert Eynshteyn oʻrnidan turdi. U bir zum alanglab qoldi.
— Koʻzoynagimni qayoqqa yoʻqotibman? Ha, darvoqe, men oʻlganman-ku, koʻzoynaksiz ham koʻra olaman. Ma’lumki, men «Avlodlarga maktub» qoldirgandim. Yuz yildan keyin ochib oʻqilsin, deb vasiyat qilganman. Ammo avlodlar mening vasiyatimni oʻqishsa ham parvo qilishmadi. Men ularni turli xavflardan ogohlantirgan edim. Rostini aytsam, hamma kashfiyotlar ham insoniyatga foyda keltiravermaydi. Ha, mavzudan chalgʻidim, darvoqe, yolgʻon gapirmaslik haqida gapirishayotgan edik. Ba’zi yolgʻonlar foydali, ammo ba’zi rost gaplar ham foydadan holi emas...

Beruniy soʻz oldi. U sallasining pechini yelkasidan oshirib, quyi solingan boshini qoʻ-liga tiragancha soʻzlar, goʻyo oʻz-oʻziga gapirayotganday edi:
— Hukmdorlarning maqtovni yoqtirishi, alarning haq gapdan qoʻrqishi olimlar boshiga koʻp falokatlar yogʻdiradur. Hatto zamonasining eng adolatli va mard hukmdori boʻlmish Jurjon amiri, shamsulmaoliy Qobus ibn Vashmgir ham haq gap uchun safdoshlarimdan bir nechasiga jazo bergan. Hukmdor qanchalik oqil va odil boʻlsa, raiyat, ulamo, fuzalo ham haqgoʻylikka yuz tutgay...
— Soʻz oʻrta asr arab olimi Abu A’lo al-Maarriyga,— e’lon qildi rais.

Koʻzlarida bir olam aks etgan sakson yoshlardagi qariya, taylasoni uchini gʻijimlab turib, javob berdi:
— Men bu odamlarga sodiq, haqguy erdim, begʻaraz

Ammo bagʻrimdan ilon chiqdi, dilim oʻrtar maraz.

Men aziz bilganlarim manfur boʻldi oqibat,

Obdan bilganlarim koʻnglimga urdi oqibat.

Ana shunaqa. Inchunun, haqgoʻylik boshimga koʻp balolarni keltirdi. Ammo men haq yoʻldan qaytmadim.

Shundan keyin boshqa sayyoralardan kelgan allomalar soʻz olishdi. Ularning gaplari ham juda ma’noli, hikmatga boy edi. Moʻminovning ham bu borada aytadigan gaplari koʻp edi. Shuni bilganday, rais unga soʻz berdi.
— Men tarix ilmidagi haqgoʻylik haqida ikki ogʻiz gapirmoqchiman. Biz tarixchilar va faylasuflar koʻpincha voqealarni buzib koʻrsatamiz, yomonni yaxshi deymiz, yaxshini yomon deymiz. Ulugʻ odamlarni oʻgʻri deymiz, oʻgʻrini toʻgʻri deymiz. Qelajak tuturuqsizligimiz uchun, toʻgʻrirogʻi, vijdonsizligimiz uchun bizni la’natlaydi. Toʻgʻri, ba’zi olimlarning oʻzi oq-qorani tanimaydi. Bu ham kechirilmas gunoh. Xullas, bunaqada tarixgayam hech kim ishonmay qoʻyadi...

Olimlarning gaplarini jim tinglab, oʻzining turli asboblari orqali yozib olayotgan EOT-2501 ning koʻzlarida qizil chiroq yondi. Rais xulosaga oʻta boshladi.
— Majlisimiz boshida hozir deyarli unutilib ketgan fan haqida gapirgan edik. Bu hammangizga ma’lum — mantiq fani. Mantiq — hozir olimlarni qiynaydigan eng qiyin fan boʻlib qoldi. Sizlarga shu fan asoslarini oʻrgata boshlaymiz.

Shunday deb, EOT-2501 ixtirochisi hay’atning uzun eman stoli ustida yotgan bir varaq oq va bir varaq qora qogʻozni doskaga ilib qoʻydi. Soʻng zalda oʻtirganlarga qarab, tantanavor gapirdi:
— Ertadan boshlab, hammamiz oqni oq, qorani qora deyishni oʻrganamiz...

Shiftdagilar odamlarning ishlariga tushunmasdan, ajablanib qarab turishardi.