OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMahmad Latif
Asar nomiOmadsiz odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Mahmad Latif
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMansur Abdusattorov (Turk tilidan)
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Omadsiz odam (hikoya)
Mahmad Latif

Toʻgʻrisini aytadigan boʻlsam, omadsizlik meni har yerda ta’qib etadi. Nega shunday ekanligini oʻzim ham bilmayman. Dunyoga balki omadsiz yulduzlar ostida kelgandirman. Xullas, hayotim davomida u mening doimiy hamrohim boʻlib keldi.

Esimda, Fransiyaga ishlashga borganimda bir odam bilan tanishgan edim. Uning soʻzlariga qaraganda, u ham men kabi omadsiz ekan. Omadi yurishmay bir necha bor qamoqda oʻtirib chiqqanmish. Bir kuni kechasi hamtovoqlari bilan bilmasdan politsiya boshligʻining uyiga oʻgʻrilikka tushishibdi va, shu-shu, boshi omadsizlikdan chiqmasmish. Qoʻlida italyanchasiga: «Pas de chance», ya’ni «omadsizman», degan yozuv ham bor. Mushaklarini qimirlatganda bu yozuv yanada yaqqol koʻrinardi, goʻyo uni oʻzi yozdirgan emas, ilohiy bir kuch tamgʻa bosgandek.

Oʻylab qarasam, men ham shunday «shior»ni yozib olishim kerak, shekilli. Chunki hamma deyarli men qilgan ishni qiladi, ammo negadir ularning ishi yurishadi, meniki esa yoʻq. Demak, kimdir meni yomon koʻradi va menga doimo yomonlik tilaydi. Nega shunday boʻladi?

Hammasi uylanganimdan keyin — qayinotamdan qarz olib, ishchilar mahallasida poyafzal yamaydigan kichkinagina ustaxona ochganimdan boshlandi. Oʻshanda men iqtisodiy jihatdan mustaqil boʻlmoqchi edim.

Bilamizki, xizmatchilar oʻz ish beruvchilariga yaxshi koʻrinish uchun doimo oyoq kiyimlarini durust holatda saqlashga harakat qiladilar. Shuning uchun, taxminlarimga koʻra, bu yerda ishim a’lo darajada ketishi kerak edi va shunday boʻldi ham. Oʻsha mahallaning oʻzida mendan boshqa bir yamoqchi ham bor edi. Yoshi anchaga borib qolganiga qaramay, otaxon yaxshi ishlardi. Orada raqobat boshlandi. Gʻalaba qozonish maqsadida men chora-tadbirlar koʻrdim. Eng asosiysi, xizmat haqqini kamaytirdim, ishlash sur’atim esa qariyanikidan ancha yuqori edi. Natija oʻzini uzoq kuttirib qoʻymadi, cholning deyarli barcha mijozlari men tomonga ogʻishdi. Ish shu tariqa davom etar, tirikchiligim kundan kunga oʻsib borardi. Bu orada birinchi farzandim ham tugʻildi. Men baxtli edim.

Foydani biroz oshirish maqsadida oyoq kiyimlarni ta’mirlashda charm emas, uning oʻrnini bemalol bosadigan sintetik charm ishlata boshladim. Bu ham arzon, ham ancha sifatli edi. Nam tortmasa, yirtilmasa, yana nima kerak? Agar, bir kuni kutilmaganda qattiq yomgʻir yogʻib, hammasini dabdala qilmaganda, hech kim bu sirimni bilmasdi. Mijozlarimdan birining oyoq kiyimi tovonidan uzilib, men tikkan sintetika koʻrinib qolibdi. Bilmayman, nega, u bu haqda darhol qoʻshnisiga aytibdi. Qoʻshni narigi qoʻshnisiga va ... shu yoʻsin butun mahallaga... Oldimga kelib rosa janjal qilishdi. Nega bizni aldaysanmish. Axir, hamma ham shunday qilyapti-ku!

Oxir-oqibat, bu hunarimdan voz kechib, doʻkonimni sotib ketishga majbur boʻldim. Omad mendan yuz oʻgirganini sezdim-da...

Yigit kishiga ming hunar ham oz deganlaridek, Fransiyada oʻrganib kelgan yana bir hunarim bor edi, ya’ni temirchilik. Boʻsh kelmay, bu gal shu ishga kirishdim. Eski uylarning tomlarini, teshilib qolgan quvurlarni, isitadigan pechkalarni bemalol tuzata olardim. Eski-tuski temir-tersaklarni sotib olib, shahrimizning eng chetki mahallasida ustaxona ochdim. Mahalla dengiz boʻyida joylashganligidan tomlari va quvurlari tez-tez ishdan chiqishini bilardim, shu sababli ish topish men uchun mutlaqo muammo boʻlmasligi turgan gap edi.

Rejalashtirganimdek, hammasi tez orada izga tushib ketdi. Hatto ba’zan dam olishga ham vaqt topolmasdim. Ertayu kech uyimga telefon qoʻngʻiroqlari boʻlardi. Mijozlarim tunu kun meni qidirishardi. Birining vannasida, birining tomida, yana kimningdir oshxonasida bir ishkallik chiqardi. Hamma meni chaqirardi.

Shu orada ikkinchi farzandim ham dunyoga keldi. Ishlarim yanada rivojlanib ketdi. Ammo, afsuski, kutilmaganda raqib paydo boʻldi. U yosh, chaqqon, epchil va shu bilan birga, ishni puxta qilardi. Tez orada mijozlarimdan ayrila boshladim. Bunga qarshi nimadir qilmasam, ulardan butunlay ajralib qolishimni sezdim. Shuning uchun oʻzimcha kichkinagina bir «tadbir»ni rejalashtirdim. Kimningdir uyida quvurinimi, tominimi tuzatayotganimda yonginasidagi boshqa bir jihoziga ozroq shikast yetkazib qoʻyaman. Qarabsizki, ishim besh. Hech qancha vaqt oʻtar-oʻtmas yana oʻsha mijozlarning oʻzi meni qidirib qolishadi. Shu tariqa, bir oʻq bilan ikki quyonni ura boshladim. Ammo baxtli kunlarim uzoqqa choʻzilmadi. Mijozlardan birining uyida gaz quvuri portlab, uyi yonib kul boʻldi. Surishtiruvlar natijasida qilmishim oshkor boʻlib qoldi. Oʻshanda qamalib ketishimga sal qolgandi.

Guvohi boʻlganingizdek, yana omadim chopmadi. Mahalladan sharmandalarcha haydaldim. Goʻyo oʻgʻrilar kabi kech tunda oilam bilan uyimizni tashlab, shaharning boshqa qismiga koʻchib oʻtdik. Hech narsani sotib ketishga ulgurmaganimiz tufayli pulimiz ham oz edi. Shu tufayli shaharning eng kambagʻal qismiga koʻchishga majbur edik. Taqdir meni va oilamni ayovsiz sinardi. Eh, ozgina omadliroq boʻlganimdami, balki hammasi boshqacha boʻlarmidi?

Ammo men taqdirga tan bermadim. Qoʻlimdan kelgan-kelmaganni ishga soldim. Boʻzchilik qilmoqchi boʻldim. Toʻgʻrisi, bu kasb menga butunlay yot edi. Qaynotam buni juda yaxshi bilardi. U umri boʻyi shu ish bilan shugʻullanar edi-da. U «Boʻzchilik qilib yomon boʻlmadi-ku, men ham kam boʻlmayman», degan fikr meni umidlantirardi. Er-xotin tunu kun ishladik. Ayolimni koʻrib yuraklarim ezilib ketardi, ikki bolasi bilan ishlab, qanday qiynalib ketganini koʻrsangiz edi.

Avvaliga ishimiz yaxshi ketmadi, chunki bu yerdagilarning hatto boʻz sotib olishga ham pullari yoʻq edi. Ammo kambagʻallarning matoga boʻlgan ehtiyoji vaziyatni butunlay oʻzgartirib yubordi. Bir soʻz bilan aytganda, ishlarim yana avvalgiday gullay boshladi. Doʻkon ochdik, boshqa qimmatbaho matolarni ham olib kelib, sotadigan boʻldik.

Shunda aqlimga bir yangi fikr keldi. Boʻz juda koʻp miqdorda sotilayotganligi uchun oʻlchovda ozgina urib qolsam, hech kim bilmaydi, daromadim ham oshadi, deb oʻylagandim. Yoʻq, boʻlmadi. Qoʻshnimizning bolasi bilib qoldi. Eh, Xudo nega boshqalar ayni shunday qilishadi-yu, menga kelganda omad yuz oʻgiradi?

Avvaliga bu sangʻi-daydi bola oʻlchovdan urib qolayotganim toʻgʻrisida hech kimga ogʻiz ochmadi. Hayron boʻldim. Keyinroq oldimga kelib: surbetlarcha «Menga pul kerak», desa boʻladimi. Niyatini tushunib, ta’mirgirni haydab yubordim.

U boʻlsa oʻsha kuniyoq butun mahallaga gullab qoʻyibdi. Tez orada, tushungan boʻlsangiz kerak, yana bir mahalladan «badargʻa» qilindik.

Bu gal gʻururim poymol qilingan edi. Taqdirimdan rozi emasdim. Tuzukroq yegulik olishga ham pulimiz qolmagandi. Xudoga shukur, ota-onam oʻlib ketgan boʻlsa ham, qaynota-qaynonam bor. Xotinim bilan bola-chaqamni ularnikiga tashlab, oxirgi pullarim bilan toʻgʻri folchiga yoʻl oldim. Zora, u menga yordam bera olsa, chunki doʻstlarimning aytishicha, ular ancha-muncha menga oʻxshagan omadsizlarning yoʻlini ochib bergan emish. Nega bu fikr menga ertaroq kelmagan ekan, deb rosa oʻzimdan jahlim chiqdi.

Folchining uyida odam koʻp. Hamma oʻz dardi bilan uning oldiga kelgan. Yaxshiyam ularga oʻxshagan odamlar bor. Dardingga darmon boʻladi.
— Qoʻllaringni ber, — dedi folchi. — Koʻrinib turibdiki, koʻplar senga yomonlik tilaydi. Qoʻrqma, faqat Tangriga ishon, uning yoʻlidan yurguvchilardan boʻl.
— Ha, oʻzim ham shunday deb oʻylagandim, hamma qoʻshnilarim hasadchi. Endi oʻzimni asrashim kerak ekan-da...
— Oʻgʻlim, shoshilma, eshit, — dedi folchi. — Oʻzingni asrashingdan foyda yoʻq. Sen, eng yaxshisi, vijdoningni, insofingni asra.

Buning iloji boʻlarmikan?