OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMahmud Olakosh
Asar nomiPeshonamdagi nur (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Mahmud Olakosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonGulbahor Abdulloh qizi (Turkchadan)
Hajm187KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Peshonamdagi nur (qissa)
Mahmud Olakosh

Koʻz oldimga insonlarni keltirdim. «Miyasiz» yashayotganlar koʻp edi, biroq baribir miyalari bor edi ularning. Hech ishlatilmagan «yap-yangi» miyalari!..

Men aljiray boshlagandim. Endi yotib uxlashim lozim...

Mehmonxonadan kunduzgi soat oʻn birlar atrofida chiqdim. Eng avval uyga borib bolalarimni koʻrishni oʻyladim. Ichimga chiroq yoqsa yorishmas darajada gʻamgin edim. Bu holatda bolalarimga koʻrinishni istamasdim. Shu bois avval doʻxtirga borishni ma’qul koʻrdim.

Kechagiga nisbatan ancha sokin holatda edim. Doʻxtirimning soʻzlarini diqqat bilan tingladim. Miyamdagi shish peshona tarafimda ekan. Shish oʻta qaltis yerda joylashganidan, uni operatsiya qilish imkonsiz emish. Hattoki Ovroʻpa va Amerika tibbiyoti ham bu muammo qarshisida ojiz ekan.

Men Ovroʻpagayam, Amerikagayam bormadim.

Avval Istanbulga, u yerdan Anqaraga oʻtdim. Bir hafta ichida mutaxassislar yordamida rentgen suratlarini chiqartirdim. Barcha professorlarning xulosasi Zakiybekniki bilan deyarli bir xil edi...

Shunday qilib, bir hafta davom etgan yugur-yugurlarimdan keyingi farq, qolgan olti oy umrimdan yana bir haftaning kamaygani edi!..

* * *

Izmirga qaytgach, soch-soqolimni tartibga keltirtirdim-da, bir dasta gul olib uyga yoʻl oldim. Oilamdagilarni kasalligimdan voqif qilishni istamasdim. Zakiybekni ham bu xususda ogohlantirib qoʻygandim. Eshik oldiga kelganimda esa yuragimning hayajondan potirlab urayotganini yanada qattiqroq his qildim. O’zimni qoʻlga olishga urinib bir muddat turib qoldim, soʻng qoʻngʻiroqni bosdim. Eshikni Shirin ochdi.
– Assalomu alaykum!..

«Assalomu alaykum» degach, «Xush kelibsiz, hayotim!..» deya sekingina shivirladi.

Jilmaydim. Qoʻlimdagi gullarni uzatar ekanman, «Xush koʻrdik!» dedim.

Gullarni olayotib koʻzlari quvonchdan porlab ketdi. U oramizdagi bunday iliq munosabatlardan behad sevinardi. Va buni mehr-muhabbat ifshosi deya qabul qilardi. Haqiqatda ham shunday edi. Ayolimga boʻlgan sevgimni shoirona shirin soʻzlar bilan ifodalashni uddalay olmaganimdan, menga ham gullar vositasida izhor qilish osonroq edi.

Endi kechki ovqatni yeyish uchun toʻplanib oʻtirishgan ekan. Birinchi boʻlib oʻgʻlim Qutsal peshvoz chiqdi. «Assalomu alaykum, polvon!» dedim. «Vaalaykum-assalom, dadajon!» deya qoʻlimni oʻpdi. U bilan shunday salomlashishni yoqtiraman. O’gʻlimda bobolarimizdan meros qolgan urf-odatlarimizni koʻrishni istardim.
– Assalomu alaykum, dadajon! Xush kelibsiz!

Bu mayin ovoz qizim Asmoniki edi. Suyukli onajonimning ismlarini qoʻygandik unga. «Xush koʻrdik sultonim!» deya bagʻrimga bosdim uni. Uyimizning sultoni edi u.
– Xoʻsh qandaysan, sulton?– erkaladim.

Javob bermadi. Shiringina jilmayib, meni oʻpib qoʻydi.

Birgalikda ovqatlanish xonasiga kirdik.

Bir-ikki luqma yeyish bilan kifoyalandim-da, bolalarimni kuzata boshladim. Ilgari bolalarimga qaraganimda kelajakka oid narsalar haqida xayol surardim.

Suyukli qizim katta boʻlsa, onasidek, hatto onasidan-da oqila beka boʻladi. Uni oʻzim turmushga uzatib, benihoyat goʻzal, shinam uy olib bermoqchi edim. Bir quchogʻimda nabiramni olib, ikkinchi qoʻlimda qizimni quchgancha sayrga chiqishni orzu qilgandim!..

Arslon oʻgʻlim Qutsalni esa, bilimli, tarbiyali ishbilarmon qilib yetishtirmoqchi edim. Barcha ishlarimni unga topshirganimdan keyin, ulkan bir yaxta qurdirib, dunyo boʻylab ikki-uch yillik sayohatga chiqmoqchi edim!.. Biroq, barchasi tugagandi!..

Bolalarimga qarar ekanman, olti oydan naryogʻini koʻra olmasdim!..

Olti oy soʻnggidagi manzara esa, mening orzularimni ostin-ustun qilib yuborgan edi. «Yuragim pora-pora boʻldi!..» deganlarning ahvoli menimcha xuddi shunday boʻlsa kerak, qalbim vayron boʻlgan edi. Roʻparamda ovqatlanayotgan ikki farzandimni emas, otalaridan erta ayrilgan sakkiz va oʻn bir yoshdagi yetimlarni koʻrardim!..

G’alati boʻlib ketdim. Boʻgʻzimga achchiq bir narsa tiqilib qolgandek tuyuldi. Butun yuzimga harorat yoyilgan, ich-ichimdan toshib kelayotgan qaynoq bir narsa koʻzlarimni toʻldirayotganini his qildim.

Yigʻlayotgandim!.. Ogʻzimni bekitgancha darhol oʻrnimdan turdim.

«Negadir koʻnglim behuzur boʻlyapti», deya oʻzimni vannaxonaga urdim. Eshikni bekitishim barobarida koʻz yoshlarim seldek quyuldi. Necha yillardir yigʻi ne ekanini unutgan meningdek baxtiyor inson toʻyib-toʻyib yigʻlardim... Ovozimni bosishga nechogʻlik urinmay, oʻkrab-oʻkrab yigʻlardim... Tashqariga eshittirmaslik maqsadida vannadagi joʻmraklarni oxirigacha ochib yubordim. Tepadan favvoradek otilib tushayotgan suvning ostiga kiyimlarim bilan kirar ekanman, nima qilayotganimni fahmlashdan ojiz edim... Shiddat bilan oqayotgan suv koʻz yoshlarimga qorishib yuzimni yuvardi.

Menga nima boʻldi, ne koʻyga tushdim?..

Ha, vannada ikki buklanib oʻtirgancha sel boʻlib yigʻlayotgan bu odam – koʻpchilik unga hasad qiladigan va uning oʻrnida boʻlishni istashgan bir janob, katta ishbilarmon kishi boʻlgan – Saljuqbey edim!..

Mashinamda G’oziyamirga, ya’ni fabrikaga qarab yoʻl oldim. Endi nima qilishim kerakligi haqida hali bir qarorga kelmagandim. Bunday qarorga kelgunimga qadar xuddi hech narsa boʻlmagandek, eski yashash tarzimni, odatiy boʻlgan ishlarimni davom ettirmoqchi edim.

Albatta bu tashqi koʻrinishim edi!..

Ichki dunyomda esa, allaqachon qiyomat qoʻpgan, qiyomatdan keyingi sukunat hukmron edi goʻyo!..

Istasam ham, istamasam ham toʻxtovsiz oʻlim va oʻlishim haqida oʻylar edim! Hamma narsaga ana shu oʻlim tushunchasi bilan yondashar, har bir narsani oʻlim tushunchasidan kelib chiqib mushohada qilar edim. Fabrikaga borgach, oʻzimdagi bu oʻzgarishni yanada aniq his qildim. Goʻyo boshqa birovning fabrikasiga kirgandek edim! Atrofimga boqarkanman, ish xususida hech qachon bunday begʻam, beparvo boʻlganimni eslay olmayman. Hech narsa qiziqtirmay qoʻygandi. Yetti ming besh yuz kishiga moʻljallangan Belchiqa buyurtmasi ikki kun oʻtgan boʻlishiga qaramay, hanuz tayyor emasdi. Sababini ham soʻrab oʻtirmasdan «hechqisi yoʻq», dedim.

Qoʻl ostimdagilarning hayrati koʻzlarida namoyon edi! Ilgari bunday holatda hattoki sababli boʻlsa ham oʻta talabchanligim tufayli xodimlarimni jazosiz qoldirmasdim. Fabrikada uzoq vaqt aylanib yurdim. Ilgari ishchilardan koʻra qilingan ishlarga koʻproq e’tibor berardim. Endi esa meni ish emas, ishchilar koʻproq qiziqtirar, ularni yaqinroqdan tanishga harakat qilardim. Hech biri boshqasiga oʻxshamas, har biri bir olam edi. Soʻnggi oʻn yil ichida insonlardan ancha uzoq yashaganimni his qildim.

«Ellikta ishchi, yuzta ishchi oling», derdim xodimlar bilan shugʻullanadigan yordamchimga. Buni gapirar ekanman, koʻz oʻngimda faqatgina bir guruh jonzotlar namoyon boʻlardi.

«Men uchun ishlaydigan hamda men tufayli kun kechiradigan bir guruh insonlar!»

Holbuki, har biri oʻzga bir olam edi ularning!..

Ishchilarimga nisbatan kishilik nazari bilan emas, ruhiyat e’tibori ila qararkanman, zehnimning oʻzga-oʻzga inson tiplari bilan toʻlganini his qildim. Ham fabrikani aylanar, ham oʻz-oʻzimga «Ishchilar juda koʻp ekan-ku!» derdim.

Ishlayotgan bir ishchidan soʻradim:
- Kim uchun ishlayapsan?

U bir muddat nima deyishini bilmay hayajonlanib turdi-da, soxtakorona bir kulgu bilan «Siz uchun, janob!..» deya javob berdi.

Benomus yolgʻonchi!.. Aytgan soʻzi toʻgʻri edi biroq, oʻzi yolgʻonchi edi. Uning javobini eshitgan bir necha ishchilar ham kulimsirashdi. Yuzida kulgu aks etmagan birgina ishchiga koʻzim tusharkan, uning yoniga borib soʻradim:
– Isming nima?

O’ylab ham oʻtirmasdan javob berdi:
- Ishchi.

Uning bu javobi mening kulgimni qistagan edi. Ayni savolni unga ham berdim:
- Sen kim uchun ishlayapsan?

Bagʻoyat xotirjam va jiddiy qiyofada javob berdi:
- Oilam uchun...

Bu javob menga nihoyatda ma’qul kelganidan bir ozgina oʻylanib turdim-da, boshimni qimirlatgancha «Juda soz» dedim.

Pastdan yuqori qavatga chiqarkanman, oʻrinbosarim halloslagancha yonimga keldi va:
- Janob, «Yulduz» guruhining vakillari kelishdi, siz bilan koʻrishmoqchi ekanliklarini bildirishyapti. Yangi sezonga oid shartnoma tuzishni maslahatlashishmoqchi ekan,– dedi.

Yangi sezongacha sakkiz oy bor edi!.. Yangi sezon boshlangan vaqtda men ikki oylik mayyit boʻlaman, men bilan qanday qilib shartnoma tuzishlari mumkin?! Qoʻlimni silkigancha «Qoʻyaver», dedim. O’rinbosarim hang-mang boʻlib qoldi. Sal oʻziga kelgach:
- Janob, oʻzingizga ma’lum, bu guruhning koʻrsatkichi juda yuqori,– dedi duduqlanib.
- Bilaman, senga qoʻyaver dedim-ku,– dedim beparvo ohangda.
- Ular bilan uchrashmaysizmi?
- Nasib qilsa, yangi sezonda!..

Biroq, nasib qilishidan hech ham umidim yoʻq edi. Eshikka yoʻnalarkanman, qoʻshib qoʻydim:
- Bu hafta ishchilarga hadya sifatida qoʻshimcha maosh tarqating.

Uning esi ogʻib qolayozdi. Chunki, qoʻshimcha maosh haqida uncha-muncha boshliq gapirish u yoqda tursin, xayolidan oʻtkazishni ham xohlamaydi. Ishchilarga beriladigan qoʻshimcha maosh hisobiga mahsulotning tannarxi oshishi aniq edi. Erkin raqobat bor yerda tannarxni oshirish esa, aqlga sigʻadigan ish emasdi.

Tashqariga chiqdim. Haydovchim mashina yonida kutib turardi. Mashinaga oʻtirmadim. Bir oz bogʻ aylanmoqchi edim. Avval qorovulning iti yoniga bordim. Qopogʻon ekani koʻrinib tursa-da, ajoyib itga oʻxshardi. Uch-toʻrt yil oldingi voqea yodimga tushdi. Dala hovlimiz bogʻida bir itimiz boʻlardi. Yetti-sakkiz oylik boʻlgan itga bejirimgina uya qurdirgandik. Itga bir necha bor ovqat berayotib, bogʻ devori osha qirq-qirq besh yoshlardagi kishining biz tomonga diqqat bilan qarab turganiga koʻzim tushdi.

Itga qarab turarmidi yoki pishirilgan goʻshtgami, bilolmadim. Ertasi kuni yana ayni manzaraga guvoh boʻldim. Uning yoniga borib, «Tinchlikmi?» deya soʻradim. Boshini sekingina yoniga eggancha «Shunday oʻzim...» dedi. Soʻngra iymanibgina:
- Janob, shu itning oʻrniga meni bogʻlasangiz, tun boʻyi to tongga qadar qoʻriqchilik qilaman. Zarra qadar xavf sezishim bilan ovoz beraman...– dedi.

Hayrat ichra unga qaradim. Koʻzlarimdan koʻzini olib qochdi. Xijolati ortganidan boʻynini bukdi. Soʻng past ovozda ilova qildi:
- Xohlasangiz, huraman ham...

Shundagina uning hazillashayotganini tushunib qoldim. Qah-qah urib kularkanman, hazilga hazil bilan javob bergim keldi:
- Itning uyasida joy yoʻq, biroq, tovuqxonadan topiladi. Tuxum qoʻya olasizmi?– dedim.U kulgidan ikki bukilib qoladi, deya taxmin qilgandim. Lekin, u hasrat toʻla koʻzlarila menga bir bor tikildi-yu, ortiga burilgancha ildamlab ketdi...

Ha... Har bir inson oʻzga bir olam.

Fabrikaning orqa tarafiga kelganimda koʻzim eng avval masjidga tushdi. O’n kun oldin ikki rakat namoz oʻqigandim unda. Yana Allohni esladim. Keyingi oʻn kun ichida qachon Allohni eslasam, darrov fikrimni boshqa tarafga burishga harakat qilar, Allohni eslashni istamasdim.

Allohdan xafamidim? Rosti, xafa boʻlgandim!.. Garchi, «Quyon togʻdan ranjibdi ammo, togʻ bundan bexabar emish», degan iborani bilsam-da, baribir Allohga qarshi isyon, norozilikka oʻxshagan tuygʻular ich-ichimda mavjud edi. Ochigʻini aytsam, boshimga tushgan bu dardni hech shubhasiz, Allohdan deb bilardim. Bu Allohning bir taqdiri edi!..

Yaxshi, biroq nimaga aynan shish, boshqa bir xastalik emas?

Va nimaga aynan men? O’z joniga qasd qilgan, yoxud oʻzini oʻldirishni istagan qanchadan-qancha odamlar qolib, nega aynan men?

Imonsiz, amalsiz shuncha insonlar boʻla turib, nega men?.. Ramazonlarda roʻza tutmaganmidim!.. Tarobeh namozlariga bormaganmidim!.. Faqirlarga yordam bermaganmidim!.. Aqlimni taniganimdan beri qaysi juma namozini qoldirgandim!.. Va qarshimda turgan shu masjidni ham dinimning, imonimning amri bilan qurdirmaganmidim!.. U holda, nega-nega endi men?

Bu savollar ostida ezildim. Ma’yus nigohlarimni yana masjidga tikdim. Behudaga masjid qurdirgan ekanman, degan fikr oʻtdi miyamdan!.. O’sha lahzada bu fikrni toʻgʻri ham, notoʻgʻri ham deyolmadim. Ammo, bu xato edi!.. Qaysidir sabab bilan bir kun baribir oʻlamiz. Bir masjid qurdirish va unda ikki rakat namoz oʻqish, pushaymon boʻladigan ish emasdi. Oxirat hayotida, hisob kunida oʻzimizga foyda beradigan amallar edi bular. Shularni oʻylarkanman, tahorat olishga va shu masjidda yana ikki rakat namoz oʻqishga qaror qildim. Tahoratga tayyorlanarkanman, ichimdan bir ovoz: «G’urursizlik qilyapsan. Boshqalarga oʻxshab, sen ham ojizlik qilyapsan!..» dedi.

Javob bermadim. Balki toʻgʻridir... Bir paytlar kimsan Saljuqbey boʻlgan mendek odamning endi oddiy odamlardan hech qanday farqi qolmagandi. Ortiq bu haqda oʻylashni istamadim. Ham «Har ishda bir hikmat bordir», deydilar. Balki, bu xastalikda ham men uchun bir xayr bordir...

Bu soʻzimga oʻzimning ham ishongim kelmasdi. O’limda qanday ham xayr boʻlsin?

Hulyoning oldiga bordim.

Keyingi kunlar ichida oʻylab koʻrib, u bilan ajrashishga qaror qilgandim. O’lmasimdan oldin unga bir narsalar qoldirib, keyin «umr daftarimning bu sahifasi»ni yopishni istardim.

Meni hayajon ichra ochiq chehra bilan kutib oldi. Toʻgʻrisi, hamisha shunday kutib olardi! Ishlarim bor ekanini, uzoq qololmasligimni aytdim. E’tirozli nigohlar bilan qaradi, ammo bir soʻz demadi. Gapirgani bilan hech narsa oʻzgarmasligini yaxshi bilardi. Chunki, qayerda, qancha qolishimga oʻzim qaror berardim. Choy damlab kelishini soʻradim. Choy icharkanmiz, oʻn besh-yigirma daqiqa u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirdik. Soʻngra, ohistalik bilan ajrashishimiz kerakligini aytdim.

Avval hayrat, soʻngra koʻz yoshlar... Haqiqatdan yigʻlardi, biroq, nima uchun yigʻlayotgani menga qorongʻu edi. Hulyodan farzandim yoʻqligidan ilk bora sevindim.
- Nega bunday qarorga keldingiz,Shirin opa shuni xohlayaptimi?..
- Yoʻq, bu gapni qayerdan olding? Axir u seni bilmaydi-ku!

Shirin rostdan ham bilmasdi. Bilmadim, negadir unga aytmagandim... Zotan, Hulyo bilan turmush qurganimizga ikki yil boʻlgandi. Nikohimizni oʻqigan imom domla bilan guvohlik qilgan bir nechta yaqinlarimiz bilardi, xolos. Boshqa hech kimga aytmagan, aytishni istamagandim.

Nikohimizni esladim. Shar’an uylanganim bois, shar’an ajrashishimiz lozim edi. Unga qaradim-da, «Sening javobingni berdim!» dedim. Bu soʻzni bir marta aytish kerakmidi, yoki ikki martami, aniq bilmasdim. Har ehtimolga qarshi yana bir bora takrorladim:
- Senga javob!

Koʻz yoshlarini artarkan, soʻradi:
- Bu nima deganingiz, nega menga javob boʻlarkan?– dedi.
- Biz shar’iy nikoh bilan turmush qurganmiz. Ana shu nikoh hozirgi aytgan soʻzlarim bilan buziladi. Endi mening xotinim emassan,– dedim.

Biroq, gaplarimga ahamiyat bermasdan, deraza osha olislarga tikilgancha xayolga choʻmdi. Menimcha, birga oʻtkazgan onlarimizni eslayotgan edi. Ikkimiz ham bu munosabatlarimiz muhabbatga emas, oʻzaro manfaatdorlik asosiga qurilgan ekanini bilardik.

Bu qaygʻuli ajralish onlarining uzoq davom etishiga toqatim yoʻq edi. Choʻntagimdan sotish vakolatnomasi bilan birga bankda uning nomiga ochdirgan hisob daftarini oldim-da, uzatdim va:
- Shu uy bilan mana bu hisob daftari senga,– dedim.

Bir muddat jim qoldi. Xafaligi bir oz tarqagandek edi. Soʻngra boʻgʻiq ovozda «Keragi yoʻq», dedi. Qoʻlimdagilarni stol ustiga qoʻyarkanman, «Men shuni xohlayman. Bir-birimizga koʻp haqqimiz oʻtdi», dedim.
- Nima, bu toʻlovmi? Birga oʻtkazgan yaxshi kunlarimizning badalimi?– soʻradi.

Qoʻlimning orqasi bilan yuziga urib yuborgim keldi. Fohishalarning gapini gapirgan edi. O’zimni qoʻlga olishga harakat qildim. G’azablanganimni bildi. Aqlini yigʻishtirishga urinarkan,»Kechiring, nima deganimni bilmay qoldim!..»dedi. Soʻngra bir fursat tin olgach davom etdi:
- Rostdan hammasi tugadimi?..
- Ha...
- Biroq, sababini hamon aytmadingiz!..
- Ha deb, takrorlayverma. Meni bilasan!..

Hammasini tushungandek, boshini qimirlatdi.

Ketishga tayyorlanarkanman, «Endi hecham koʻrishmaymizmi?» dedi. Boshimni sarak-sarak qilib,»Yoʻq!» dedim. Eshikni ochib, chetga oʻtdi. Mendan yana nimadir soʻramoqchi, ammo nima ekanini bilmayotganga oʻxshardi.
- Bundan keyingi hayotim haqida... biror maslahat bermaysizmi?..– dedi.
- Mutlaqo oʻlasan! Shuni e’tiborga olib yasha!..– javob berdim.

Yuz ifodasi bir onda oʻzgardi. Koʻzlarimga qoʻrquv bilan qaradi. Kim bilsin, qanday xayolga bordi. Uni oʻldirishim yoxud oʻldirtirishim mumkinligini oʻyladi, nazarimda.
- Tushunmadim?.. Nega bunday hukm chiqaryapsiz!..– dedi qaltirabgina.
– Bu hukmni men chiqarganim yoʻq, – koʻrsatgich barmogʻim bilan yuqoriga ishorat qildim-da,– yashatadigan ham, oʻldiradigan ham U!– deya javob berdim.

«Alsanjoq» koʻchalarida edim.

Hulyo haqida boshqa oʻylashni istamasdim. Ortimdan eshikni bekitgandan keyin, hech shubhasiz darhol hisob daftarini koʻzdan kechirgan va unda yozilgan mablagʻni koʻrar-koʻrmas, barcha iztiroblarini unutgan boʻlishi kerak. «Alloh hidoyat bersin. Yaratganning O’zi yordam bersin!..» deya pichirladim.

Lekin, lekin mening aybim nima edi!.. Barcha erkaklar yetishishni istaydigan Hulyodek goʻzal ayoldan uch-toʻrt ogʻizgina soʻz bilan vidolashgandim!.. Mayli, nima boʻlsa-boʻldi. Bir oz afsus chekdim, ammo qattiq qaygʻurmadim. Chunki, bu goʻzal ayolga nisbatan yuragimda hech qanday tuygʻu, rishta qolmagandi. Bir narsani yanada yaxshiroq anglab yetdimki, dunyoda bir qancha narsalar salomatlik tufayli, oʻlimni unutishlik bilan boshqacha ma’no kasb qiladi. Biroq, oʻlim bilan roʻpara kelish, oʻlim haq ekanini anglab yetish, ulkan bir oʻchirgʻich yangligʻ barcha ma’nolarni oʻchirib tashlaydi!..

Shundayki, soʻngra hech narsa qolmaydi! Qonuniy Sulton Sulaymon naqadar toʻgʻri aytgan:

»Yoʻq erur davlat jahonda,

Bir nafas sihat kibi...»

Yoki sal boshqacharoqmidi, unutdim...
- Amaki, yoʻl bering, oʻtaylik!..

Orqamga oʻgirildim. Ikki qoʻli bilan ikkita qizni quchib olgan yigitcha yoʻl boʻshatishimni soʻrar edi. Qizlardan birini qoʻyvorsa, bemalol oʻtib keta olardi. Biroq, bunday niyati yoʻqligi koʻrinib turardi. Yonidagi qizlarni koʻrsatib:
– Ularni qoʻyvorsang, qochib ketadimi?–dedim.

Qizlar kuldi. Yigit esa past ketmaslik maqsadida:
– Uydagi xonimchangga aql oʻrgatasan. Yoʻldan qochasanmi, yoki yordamlashib qoʻyaymi?– dedi.

Avval jahlim chiqqanday boʻldi. Soʻngra kuldim.»Men senga bundan ham osonroq yoʻlini oʻrgataman», dedim-da, qoʻynimdan ruxsat bilan olib yuradigan toʻpponchamni chiqarib:
– Shu qurol bilan meni ot-da, soʻng ustimdan oʻtib ketaver!– dedim.

Qizlar toʻpponchaga koʻzlari tushishi bilan dod solib qochishga tushishdi.

Yigit qoʻrqa-pisa ortiga odimlar ekan, bir qoʻlini koʻtargancha:
– Kechiring, oʻtinaman kechiring!..– derdi.

Xafa boʻldim.

Bunday qilmasligim kerak edi. Chetroqqa oʻtib yoʻl bersaydim, balki yaxshiroq boʻlarmidi.

Yoʻlimda davom etdim.

Bir paytlar men ham shu yigitga oʻxshardim.Ammo bizning zamonimizdagi yoshlar

katta yoshdagilarga hurmat va odob bilan munosabatda boʻlishardi. Ba’zi kattalarga tegajoqlik qilib, ular bilan aytishib qolardik. Ammo hozirgilar oʻzlarini bizga teng deb bilgan axmoq yoshlardir.

«Sevinch» qandolat doʻkoniga kelgandim.

O’tiraymi, oʻtirmaymi deb turganimda shomga azon aytila boshladi. Azon ovozi yetmish-sakson metrcha naryoqdagi «Alsanjoq» masjididan kelayotgandi.

Bir pas harakatsiz turdim!..

O’zimga-oʻzim «Borib bir shom namozini oʻqisammikin» dedim. O’z fikrimdan oʻzim yotsiradim!..Menga nima boʻlyapti, oʻlimdan qoʻrqqanimdan dindorga aylanyapmanmi? Bu tuygʻu, bu fikr menga xush kelmadi. Yaxshisi uyga ketaqolay.
-Hoy taksi...

Oradan ikki hafta oʻtdi.

Men hali ham bir qarorga kelolmagandim. Aqlimga birinchi boʻlib, dunyo boʻylab sayohatga chiqaman-da, yer yuzining narigi chekkasigacha boraman, degan fikr keldi. Jumladan, doktor Zakiybek ham xuddi shunday yashashimni tavsiya qilgandi. Oh, jonim sadqa boʻlsin! Shunaqayam bema’ni fikr boʻladimi?! O’limi yaqin ekanini bilgan qaysi odam bemalol yashay olsin! Tongda osilishini bilgan mahkum, tunni rohat-farogʻatda oʻtkazishi mumkinmi? Qatlga hukm qilingan mahkumlarning soʻnggi istaklari soʻralganda, ba’zilari goʻshtli ovqat berishlarini iltimos qilarmish!..

Fa subxonalloh!..

Ular yo, aqldan ozgan, yoxud dahshatdan oʻzlarini yoʻqotib qoʻygan boʻlishlari kerak. Bir necha soatdan keyin oʻlishini bilaturib, u ovqatni qanday qilib chaynay oladi, bu luqmani qanday yutaoladilar?!.

Dunyo boʻylab sayohat qilish tushunchasi juda tez fursatda jozibasini yoʻqotdi. Begona yurtlarda, notanish insonlar orasida oʻlib ketishni istamasdim. Shuningdek, boshqalarga oʻxshab Misr piramidalari yoki Amazonka oʻrmonlarini yoxud Bagam orollarini emas, bolalarimni koʻrishni, koʻproq ularning yonida boʻlishni xohlardim.

Men uchun dunyodagi eng aziz ikki narsa, Asmo bilan Qutsal edi.

Juda kichik boʻlgani uchunmi, nihoyatda shirin boʻlgani uchunmi bilmayman, qizimni qattiqroq yaxshi koʻrardim.»Oh mening sultonim!» dedim ichimda.

Xoʻsh, men endi nima qilishim kerak edi? Hech narsa boʻlmagandek, ishga borar va hech narsa bilmagandek uyga kelardim. Biroq, hech narsa boʻlmagani yoʻq edi-ku!

Hamma narsa, hamma narsa oʻzgargan edi. Atrofga qaradim, mol-mulkimni, butun boyligimni koʻz oldimga keltirdim. Barcha toʻplaganlarimning bozor qiymati kecha qancha boʻlsa, bugun ham xuddi shu qiymatini yoʻqotmagandek edi, biroq, bir xil emasdi! Hammasida bir ma’naviy oʻzgarish sodir boʻlgandi, goʻyo. Ilgarilari «Men, men», deganimda, ich-ichimda «tip-tirik» boʻlgan shu boyligim, davlatimni qasd qilardim. Va menligim shu boyligim bilan butunlashgandek, obroʻ-e’tibor qozongandek tuyulardi. Endi-chi? Endi esa, hammasi chappasiga aylanib ketgan, yoʻq-yoʻq, oʻlib bitgandi!..

Ich olamimda mol-mulkim, davlatimning jonliligidan asar ham qolmagandi. Endi, «Men, men» deganimda qasd qilgan narsam kichrayib-kichrayib, oʻlimga mahkum ojiz, parishon inson holiga kelgandi!..

O’zgargan men edim! Mening oʻzim oʻzgargan va men bilan birga hamma narsa oʻzgargan edi! Salgina vaqt oldin men yastangancha oʻtirgan qimmatbaho kursi hamon oʻsha-oʻsha edi, biroq unda oʻtirgan kishi oʻzgargandi.

Kursidagining koʻzlari ochilgan edi!

Kursida oʻtirgan Saljuqbey, uzoq yillardir qattiq ishonch bilan bogʻlangan va uni abadiy deya oʻylagan kursining dengiz uzra suzayotgan ikki boʻlak yogʻochdan boshqa narsa emasligini, u bilan birga oʻzi ham dunyo dengizida chayqalib turganini endi farqlab yetgandi!

Birgina toʻlqinga dosh berolmaydigan, bittagina toʻfon olib ketadigan kursi edi bu! Zero, zigʻirning urugʻicha keladigan kichik bir toʻlqin koʻzga tashlangan va soniya sayin yiriklashib, unga tomon tobora yaqinlashayotgan edi!..

Ha… Zigʻirning urugʻicha keladigan bu kichik shish hamma narsani ostin-ustun qilib yuborgandi!

Qoʻllarimga, oyoqlarimga qararkanman, ular koʻzimga goʻsht parchasi boʻlib emas, goʻyo tuproqdek koʻrinardi. Hozir tirik boʻlgan, qimirlab turgan qoʻlim, bir yildan soʻng tuproq boʻlar edi!.. Yuzimni va koʻzlarimni esa, oʻylashni, xayol qilishniyam istamayman! Moviy koʻzlarim zehnimda moviyligicha qolishini xohlayman!.. Garchi, buning iloji boʻlmasa-da.

Ogʻir bir yukning ostidan chiqib ketolmasdim. Butun jismim bilan tuproq boʻlishimni bilaman va men bilan birga bus-butun bir insonni yerga koʻmgan kichkina shishim ham tuproq boʻladi!..

Shish… Hatto nomi ham xunuk! Xuddi»O’lish» degandek eshitiladi!..

Shu onda u miyamda emas, qoʻlimda, hovuchimda boʻlsa edi, qoziq tishlarimla parchalab, oziq tishlarimda yanchib, soʻngra yerga tuflab tashlardim-da, oyoqlarim ostiga olib ezgan boʻlardim!.. Kaftimda ushlashim, siqib suvini chiqarishim mumkin boʻlgan kichik bir narsa hamma narsani oʻzgartirib yuborgandi!

Qiziq, shu darddan qutulolsam, oldingidek salomatligim qaytsa, yana avvalgi holimga qaytarmidim? Dunyo yana koʻzimga oldingi jozibasida koʻrinarmidi? Bu savol meni oʻylantirib qoʻydi! Haqiqatdan nima qilgan boʻlardim?

Ehh... Hayotim avvalgidek davom etishiga ishonmayman. Negaki, men oʻlim nima ekanini bir oz boʻlsa-da, anglab yetgandim. Olti oylik umrim balki, olti yil, balki oʻn olti yilga uzayishi mumkin, biroq natija oʻsha-oʻsha!..

Nega bu haqiqatni avvalroq anglamagan ekanman-a? Yoki ilgari oʻlishimni bilmaganmidim?

Bilardim, faqat oʻlimning nima ekanini anglayolmagan edim... Bu haqiqatni tushunadigan holatda emasdim.

Holbuki, onamni ham, otamni ham oʻzim koʻmgan edim!.. Otamni qabrga olib ketayotib, qalbdan otam uchun gʻam chekar, aqlim esa, fabrikaga kelgan oxirgi buyurtmaning tannarxini hisoblash bilan band edi!.. Qabristondan qaytayotganimda esa, barcha hisob-kitoblarni bitirib olgandim!..

Qayerdan ham bilibman? U paytlar oʻlimni oddiy, tabiiy bir holat deya qabul qilardim. Hamma «O’lganning ortidan oʻlinmaydi», derdi. Bu haqiqatdan ham juda toʻgʻri edi, qolganlar oʻlgan bilan birga koʻmilmaydi-ku!

E, voh!.. Men naqadar badbaxt odam boʻlgan ekanman...

O’lganning ketidan oʻlinmaydi, biroq undan olinadigan biror saboq, ibrat nahotki boʻlmasa? Otam singari oʻzim ham albatta bir kun kelib oʻlajagimni anglab, oʻlimning mutlaqo haq ekanini e’tibordan qochirmagan holda yashasam, bir qancha mazzularda badnafsimga nasihat qilsam, boʻlmasmidi?

Bechora onajonim!..

Bechora otajonim!..

Endi oʻylab koʻrsam, ichiga qaramasdan, balki qarashni xohlamasdan bir chuqurga koʻzimni yumgancha, tashlab yuborgan, koʻzimni yumib koʻmib yuboravergan ekanman, ularni!.. Na oʻlimning ne ekanini tushunganman, na oʻlishimni anglaganman...

Qabristonni va undagi qabrlarni boshqalarga taalluqli deya xayol qilgan ekanman. Minglab qabrlarning yonidan bir kun kelib mening ham qabrim joy olishini, men ham bir chuqurni toʻldirishim mutlaqo haqiqat ekanini oʻylab ham koʻrmagan ekanman!..

Olayotgan har bir nafasim, bosayotgan har bir qadamim meni oʻz chuqurimga tomon olib ketayotganini e’tibordan qochirib yashabman.

O’lim, men bilgan, ammo anglayolmagan, qanday ma’no kasb etishini his qilolmagan bir haqiqat ekan!.. Buni shu onga qadar zarracha boʻlsin, fahmlamagandim... Olovning ne ekanini bilaturib, haroratini his qilmaslik, balki uni bilaturib, sovuq deya xayol qilishdek axmoqlik, aqlsizlik ichra ekanman.

Xuddi shu insonlar singari:

«Albatta bir kun oʻlamiz», deyishlariga qaramay, hali oʻlimlariga juda uzoq vaqt bor, hali uzoq yashaymiz deya xotirjam yurgan;

shu xotirjamlik soyasida oʻlimni mutlaqo unutgan;

birni ikki, ikkini toʻrt, toʻrtni sakkiz qilish payida yurgan;

oʻlimsizlik daraxtining yagona mevasi oʻlaroq koʻrganlari pulni nima qilib boʻlsa ham qoʻlga kiritish maqsadida, boyigan sari(!) boyishga jahd qilgan;

Allohni mijozlarining cheklari bilan eslab, «Inshaalloh, natijasi boʻladi. Inshaalloh...» zikrini qilgan;

Shamolday shovullab, shosha-pisha uyoqdan-bu yoqqa yugurgan shu insonlar singari!..

Hayotni yeyish-ichish va faqatgina yaxshi yashashdan iborat deb bilgan bu gʻaflatga gʻarq boʻlgan insonlar hech shubhasiz, oʻlimning nima ekanidan mutlaqo bexabar edi.

Ana shu gʻaflat uyqusida boʻlganlardan biri men edim va uyqudan uygʻonib ketgandim. Uygʻongandim, biroq gʻaflatim mudroqlaridan hali butunlay xalos boʻlolmaganimdan, tasodifan boshidan zarba yegan kishidek oʻzimga kelolmasdim!..

Kecha bir muddat televizor tomosha qildim. «2000 yilda Dunyo» nomli bir koʻrsatuv bor edi. Meni qiziqtirmadi. 2000 yildan va 2000 yildagi dunyodan menga nima foyda?! Boshqa kanalda Fenerbagʻchening chempionligi haqida gapirilayotgan edi. Bu haftadagi matchdayam gʻolib chiqsa, chempionlikni qoʻlga kiritarmish! Necha yillardan buyon Fenerbagʻchening ashaddiy fanati boʻlishimga qaramay, bu xabar meni qiziqtirolmadi. Menga desa, havaskorlar bilan oʻynamaydimi, degan fikr oʻtdi, xayolimdan. Televizorni oʻchirdim.

Bu orada qizim yonimga keldi. Xomush koʻrinardi. Sababini soʻrasam, «Dadajon, ikki kundan buyon boshim ogʻriyapti», deya javob berdi. Turgan yerimda qotib qoldim! Ikki kundir boshi ogʻriyotganmish!.. «Negadir vahimaga tushdim», deyolmayman, chunki nega ekanini yaxshi bilaman. Darhol doktor chaqirdim. Tekshiruvdan soʻng, bir nechta dori yozib berdi va xastalik u qadar jiddiy emasligini aytdi.
– Doktor! Ogʻriqning sababi nima? – soʻradim, har xil xayollardan qutilolmay.
– Janob, bosh ogʻrishining koʻplab sabablari bor. Qizimiz bir oz shamollabdi, shunga ogʻrigan boʻlishi mumkin,– dedi.

Rostdan ham bosh ogʻrigʻining minglab sababi boʻlishi mumkin edi. Ammo mening aqlimga kelgani, meni qoʻrqitgani yagona, bittagina sabab edi.

Doktorning soʻzlaridan keyin ancha yengil tortganday boʻldim. O’zimni qoʻlga olishga urinarkanman, «Boshimdagi shishning menda emas, qizimda boʻlishini xohlarmidim?» deya oʻyladim. Bu xayoldan titragan yuragim qa’ridan bir faryod yuksaldi:

«Alloh asrasin!..» Bu faryod yuragimdan tilimga koʻchdi»Alloh asrasin!..» Qizimni, sultonimni mahkam bagʻrimga bosdim!.. Shishimni peshonamga, qizimni quchogʻimga olgancha, ich-ichimdan Tangri Taologa duolar qildim...

Koʻnglim toʻlib ketdi. Qalbimni yumshatgan narsa mehr-shafqat tuygʻusi edi. Otaning, onaning farzandiga nisbatan his qiladigan eng kuchli ikki tuygʻudan bittasi boʻlgan rahmdillik edi bu!..

Haqiqatdan ham bolalarimizni hatto oʻzimizdan ham qattiqroq yaxshi koʻramiz, ularga oʻzimizdan koʻra koʻproq achinamiz... Va bu tuygʻular haqiqatdan ham goʻzal edi.

Sevgi va mehr-shafqat!

Yaxshi, ammo bizlarga ana shu mehr-muhabbat tuygʻusini bergan Alloh-Taolo bizni sevmaydimi, bizga bizchalik rahmi kelmaydimi?! Agar haqiqatdan ham bizni sevsa, bizga marhamat koʻrsatsa, u holda peshonamdagi shu dard, baloni nega berdi menga? Axir men endigina oʻttiz yetti yoshdaman-ku! O’lib ketsam, ikki norasida bolam yetim boʻlib qolmaydimi? Suyukli ayolimni beva, shirin-shakar farzandlarimni yetim qilib qoʻyadigan bu Ilohiy taqdir, haqiqatdan ham marhamatli taqdirmi?

Agar men boʻlganimda edi, agar menda rahmdillik tuygʻusidan bir ozgina boʻlganda edi!..

Toʻxtadim! Toʻxtab qoldim... O’ylay boshladim!.. Xoʻ-oʻ-sh, men boʻlganimda,nima qilgan boʻlardim, men?! Bu yer abadiy qolinadigan dunyomi? Yoki, yaxshi bilan yomon ajratilib, yaxshilar rohatga yetishtiriladigan Jannatmi? Oxiratdagi Jannatni dunyoga koʻchirib, dunyoni abadiy manzil qilarmidim?! Bular naqadar ahmoqona xayollar edi!

Hamma narsani biladigan, har ishni iroda-idora qiladigan yolgʻiz Allohning O’zi!

U holda, nega Uning xohishiga qarshi chiqib, norozi boʻlyapman? Nega Uning taqdiridan xafa boʻlib, isyon qilyapman? Imon keltirganim, haqiqatdan ishonganim Alloh-Taolo bizlarga abadiy dunyo hayotini va’da qilgan. Va’da qilib, O’z va’dasidan qaytganmidiki, men Undan xafa boʻlsam!

Albatta yoʻq! Zotan Rabbimiz bizga bu dunyoning abadiy emasligini, hamma inson albatta bir kun kelib oʻlajagini bildirmaganmidi?! Shubhasiz, bildirgan edi, biroq bilgan bormi? Bilgan bilan anglagan bormi?

Shu insonlarga qarang!.. Olamlarning Parvardigori ularni yaratib qoʻyib, barchasiga «Albatta oʻlasiz», deya buyurmoqda, biroq tinglaydigan odam yoʻq! Chunki, odamlarga Allohning buyrugʻidan koʻra doʻxtirlarning gapi tezroq ta’sir qiladi, garchi ularning soʻzlari xato boʻlsa ham! Mabodo bir doʻxtir bir kishiga «Yaqinda oʻlasan!» desa, u xasta oʻsha zahoti salkam oʻlayozadi!

Va ana oʻshandagina anglaydilar, tushunib yetadilar oʻlimning nima ekanini!

O’ylayapman, bemorlar va shifoxonalar haqida fikr yurityapman. Xastalar hamda xastaxonada ular yotadigan oʻrinlarni koʻz oldimga keltiryapman! Yotogʻiga uzalgancha, dardining iztirobidan qiynalayotgan insonlarning ahvollarini tushunishga urinyapman. Ularni qanchalik anglasam, shunchalik achinyapman, bu bechora xastalarning holiga. Chekkan iztiroblaridan charchagan koʻzlarla shifokorga termulib, undan bittagina musbat soʻz eshitish ilinjida butun vujudi quloqqa aylanib, oʻzlariga berilgan dorini goʻyo obihayot ichayotgandek ixlos bilan ichayotgan bu bechoralar nima qilsa-qilsinlar, Ilohiy taqdirni oʻzgartirishga kuchlari yetmaydigan oʻlim mahkumlari edi ular!

Albatta, faqat ulargina emas, barcha-barcha insonlar ularnikiga oʻxshash dardlar, iztiroblar qoʻynida ayni oqibat sari odimlamoqdalar.

Hech narsa boʻlmagandek, hech narsa boʻlmaydigandek yashashda davom etayotgan bu insonlar xasta boʻlganda chekiladigan iztiroblarni, oʻlgandan keyingi azoblarni bilganlarida edi, shubhasiz dunyoga kelishni istamagan boʻlishardi. Chunki, shu insonlarga yetishadigan, shu insonlarga yetishishi mumkin boʻlgan shunday azoblar bor ediki, hatto qirq yil safo ichra yashash ham bu iztiroblarni chekishga arzimas edi!.. Dunyo hayotida qirq daqiqa safo surmay turib, shunday dardlarga giriftor boʻlgan minglab inson, millionlarcha bechora bor edi.

U holda bu dunyoga nega, nega keldik?!

Musulmonlarning, barcha musulmon insonlarning bu savolga beradigan javoblari ma’lum! Bu dunyo hayotini bir imtihon yeri deb biladigan barcha musulmonlar «Biz bu dunyo hayotiga Jannatni qoʻlga kiritish uchun keldik», deyishadi.

Toʻxtadim, jim boʻlib qoldim, oʻzimni yoʻqotayozdim!..

Ammo men bu soʻzni, bu javobni nega oʻzimga emas, mendan tashqari musulmonlarga nisbatan qoʻlladim? Holbuki, men ham musulmon edim, men ham xuddi shu javobni, xuddi shunday qat’iylik bilan berishim kerak edi! Yoki men bunga ishonmaymanmi?

O’zimni taftish qildim. Allohning borligiga qanday ishonsam, hech shubhasizki, Allohning va’dasi boʻlgan ushbu soʻzga ham xuddi shunday ishonaman. Biroq, ishonganim bilan unga keragicha ahamiyat bermasdim. Dunyoga nima uchun keldik, degan savolga beradigan yo beshinchi, yo oʻninchi javobim edi bu.

Juda soz, u holda oldingi toʻrtinchi yoxud toʻqqizinchi javob qaysilar edi? Ortiqcha qiynalmasdan topdim bu savolning javobini: bari pulga, hammasi moddiyatga, barchasi nafsiy orzularga oid narsalar edi.

Kuldim. Uch-toʻrt kungina oldin mutlaqo toʻgʻri deya marmarga oʻyilgan yozuvdek, qalbimga chuqur qilib yozib olganim javoblar, oʻlim haqiqatining yengilgina bitta shabadasida oʻchib ketgan edi!.. Naqadar bema’ni, qanchalar behuda javoblar ekan, ular. O’limning sovuq shamolida oʻchib ketmaydigan birgina javob bu «Jannatni qoʻlga kiritish uchun!..» boʻlsa kerak.

Bu toʻgʻri javobmidi?

Jannatga erishish, unga kirish uchun shunchalik iztiroblarga, azoblarga arzirmikin?! Yoshligimdan beri Jannat haqidagi eshitgan, bilganlarimni oʻylab koʻrdim.

Shunday bir hayot rostdan ham bormikin? Albatta bor!

Bu dunyoni hamda shunday ulkan koinotni yaratishga qodir boʻlgan Alloh taolo shubhasiz Jannatdek manzilni ham yaratishga qodirdir! Biz yashayotgan dunyo hayoti qanchalik haqiqat boʻlsa, Jannat hayoti ham shunday haqiqat. Chunki, har ikki dunyoni yaratgan Rabbimiz barcha musulmon bandalariga Jannatni va’da qilgan.

Jannat hayoti!..

U abadiy boʻlgan hayot. U yerda na dard bor, nada biror qaygʻu. Va u hayotda na shish degan balo bor, nada oʻlim! Har goʻzal narsaning eng goʻzal shaklini oʻz ichiga olgan bu hayot, hech shubhasiz haqiqiy baxtiyorlik, chinakam saodat hayoti edi!

Shularni oʻylarkanman, ancha yengil tortganimni, bu tushunchalar ta’sirida holatim oʻzgarganini his qildim. Shu vaqtgacha musulmon ekanimni bunchalik ahamiyatli deb oʻylamagan, musulmon ekanimdan bu qadar sevinmagan edim.

Men musulmon edim!..

Abadiy jannat hayoti bilan mujdalangan musulmonlardan bittasi men edim! Goʻyo jannat haqida endigina eshitgandek, hozirgina jannat xushxabarini olgandek edim!.. Qalbimning huzurga toʻlganini, yuragimning sevinchdan titraganini his qildim!

Abadiy jannat hayoti!..

Ha, faqat va faqat uning uchun yashash mumkin, faqat va faqat uning uchun oʻlish mumkin edi!..

Keyingi uch kun davomida oʻtgan hayotimning hisobini qildim. Gunohlarim bilan, savoblarim bilan butunicha hayotimni koʻz oldimdan oʻtkazishga harakat qildim. Avvallari oʻtmishimga qaragan vaqtimda eng quvonchli damlarimni, faxrlanishga arziydigan onlarimni, bajargan katta-katta ishlarimni, amalga oshirgan ulkan loyihalarimni koʻrardim. Endi esa, bunaqa dunyoviy ishlarimdan emas, oʻqigan namozlarimdan, bergan sadaqalarimdan sevinyapman. Kechmishimga qararkanman, oʻtkazgan hayotimda qiymatga ega boʻlgan biror marvarid yoxud yoqut donasidek koʻryapman bu amallarimni. Juma namozlarini aslo qoldirmagandim, ramazon roʻzasini ham deyarli tutardim, tarobeh namozlariga borar, shu kungacha juda koʻp faqirlarga yordam bergandim, imonim bor, hech qachon junub holimda yurmagandim, choʻchqa goʻshtini hattoki ogʻzimga yaqin keltirmagandim, ba’zi yoshlarni uylantirgan, bir nechta masjid inshooti uchun temir va sement kabi ashyolarni olib bergan, ikkita masjid qurdirgan, shunga oʻxshash yana qancha ishlar qilgandim...

Alhamdulillah!.. Rahmatli otamni muhabbat bilan xotirladim. Qilgan barcha xayrli ishlarimni uning nasihatlari, yoʻl-yoʻriqlari bilan amalga oshirgandim. Rahmatli onajonim ham hayotliklarida haqqimga qanchalar duolar qilgan, kim bilsin...

O’tmishimga qaraganimda albatta koʻrishni istamaganim, pushaymon boʻlganim amallar ham bor edi... Hayotim sahifasidan ularni oʻchirib tashlash uchun, nimalar, nimalar berishga tayyor emasdim! Ilgari Alloh hamma gunohlarni istasa, kechiradi, deya oʻylardim. Endi esa, oʻzim ham sababini bilmaydigan shubha va taraddud ichidaman!..

Ajabo, Alloh shuncha gunohimni afv qilarmikin?..

Meni tashvishga solgan bu shubhalardan qutilish maqsadida bir qancha imomlar, olimlar bilan uchrashdim. Ularga bir yaqin tanishimning xasta ekanini, besh-olti oydan keyin oʻlishi mumkinligini aytdim. Imonli inson boʻlgan bu tanishimning bir qancha diniy amallarni bajarganligini, lekin gunohlari ham talaygina ekanini bildirganimdan soʻng, Alloh taolo uning gunohlarini kechirishi mumkinmi, deya soʻradim.

Alloh rozi boʻlsin, ulardan!.. Menga shunday goʻzal javoblar berishdiki, sal boʻlmasa, oʻsha odam oʻzim ekanimni aytib yuboray, dedim. Ular menga oʻsha «tanishim»ning xayrli ishlarida yordamchi boʻlishimni tavsiya qilisharkan, Allohdan aslo umid kesilmasligi lozimligini «unga» yetkazishimni bildirishdi... Men albatta bu nasihatlarni oʻrniga qoʻyishimni aytib, xayrlashdim.

Ancha yengillashgandim!..

O’lim va oxirat haqidagi kitoblarni sotib oldim. Ularni bir necha marta diqqat bilan mutolaa qildim. Bu kitoblarni oldin oʻqiganimda hech shubhasizki, bu qadar anglayolmagan, hozirgidek ta’sirlanmagan boʻlardim.

Mavzuga oid oyati karimalar, hadisi shariflar meni rostdan ham toʻlqinlantirdi, qalbimni titratdi...

Garchi, oʻlim tushunchasini hamon yoqtirmasdim, ammo bu tushuncha meni oldingidek qoʻrquvga solmay qoʻygandi. O’limdan qochishning iloji yoʻq edi, barcha insonlar albatta oʻlajakdi. Mening ana shu insonlardan yagona farqim, oʻlimim haqida oldinroq xabar olganim va tez orada oʻlishimni bilganim edi. Yaxshi, ammo bu qanday farq edi? Bir kishining oʻz oʻlimi haqida xabar olishi, qachon oʻlishini aniq bilishi uning uchun biror qiymatga egamidi?

O’limning ne ekanini bilgan holda, oʻlimini koʻrgan holatda oʻlimga qarab yurish yaxshimi, yoʻqsa, oʻlimdan bexabar yasharkan, bir lahzada unga roʻpara kelishmi?

Bu savolga aniq bir javob topolmayman! Masalaga oxirat nazari bilan qararkanman, oʻlimning ne ekanini bilgan holda, oʻlim haq ekanini e’tibordan qochirmagan holatda yashashning oxiratdagi oqibati albatta yaxshi boʻladi, degan qanoatdaman. Chunki, biz yoqtirmasak-da, oʻlimga, oʻlimdan keyingi hayotga tomon bir-bir bosib bormoqda edik. Shu bois kun sayin, daqiqalar, soniyalar sayin yaqinlashib borayotganimiz oʻlimimizdan xabardor boʻlish, unga tayyorlanish, oʻlimning changaliga tasodifan tushgandan koʻra yaxshiroq boʻlsa kerak...

Biroq, insonlar bunga chiday oladilarmi, oʻlim xabarini koʻtara olisharmikin? Serqatnov shohkoʻchalar boʻylab noma’lum sel yangligʻ oqib ketayotgan shu odamlarning barchasi, hech shubhasiz, hammasi oʻlishi aniq. Ularning orasida albatta mendan avval oʻladigan kim qancha inson bor edi. Agar ana shu qachon oʻlishlarini bilmaydigan kishilarga qay payt oʻlishlari bildirilganda nima qilishardi? Yoki barcha odamlarga ba’zi hayvonlar singari, ma’lum bir yilgacha umr berilganda, oʻlishlariga bir necha yil, bir necha oy va yo kun qolganda, nima qilgan boʻlardilar?

Bunga qanday chidashardi, demayman! Chunki, chiday olishmasdi!..

Qoʻllaridan ba’zi mollari olib qoʻyilgan vaqtda jazavaga tushadigan, oʻzini u yoqdan-bu yoqqa uradigan necha insonlar, qoʻllaridan hayotlari olib qoʻyilganda hech shubhasizki, chinakam telba, haqiqiy jinniga aylangan boʻlardi!..

Dunyoga, boylikka hirs qoʻygan qancha insonga uch yildan keyin oʻlasan emas, oʻttiz uch yildan soʻng oʻlasan, deyilsa, oʻzgarishga harakat qilar, oʻlimiga oʻn yil qolganda dunyodan etagini silkigan boʻlardi!

Hayratlanarli emasmi! O’lishlarini, mutlaqo oʻlishlarini bilgan bu insonlarga, faqat qachon oʻlishlari bildirilsagina, hamma narsa, dunyodagi hamma narsa birdan oʻzgaradi. Chunki, oʻlimni bilib, oʻlimni koʻrib yashash, yoʻlbarslar kezib yuradigan oʻrmonda sayr qilishdek bir gap edi!..

Har lahzada ustingizga tashlanishi mumkin boʻlgan yoʻlbarslarni bila turib, xuddi hech qanday xavf-xatar yoʻqdek, gulxanda goʻsht pishirishingiz, oʻyin-kulgu qilishingiz mumkinmi?! Albatta yoʻq! U holda, bu insonlar oʻlimdan bexabar ekan, oʻlim ramzi boʻlgan yoʻlbarslarni koʻrmaganlari muddatcha, xatar yoʻqdek gʻoyat xotirjam, qaygʻusiz yashay oladilar, hattoki boʻyinlariga qoʻngʻiroq osib oʻyinga tushishlari ham mumkin!

Soʻngra, soʻngra esa birgina yoʻlbars boʻkirishi va ortidan bir necha lahzalik tipirchilash bilan qabr sari safar!..

Albatta, oʻlim bu qadar oddiy va oson kechmaydi! Aytilgan bir necha lahzalik tipirchilash, hech shubhasiz, bir necha umrlarga tengdek tuyuladi oʻlayotgan kishiga!.. Bilmadim, oʻlim onini tushuna olasizmi, anglay bilasizmi, uning dahshatini!..

Men uch-toʻrt hafta oldin eshitganim va sekin-sekin hazm qilishga uringanim oʻlim haqiqati bilan bir lahzada yuzma-yuz kelishingiz!..

Aqlingizni taniganingizdan buyon ichida yashaganingiz, birga yurib, birgalikda yugurganingiz tirik, tip-tirik vujudingizning bir onda tirgagi qulagandek, yerga yiqilishi!.. Necha yillardir ishlagan yuragingizning indamasdan toʻxtab qolishi, shu onga qadar temirchi sopqonidek tinimsiz nafas olib-nafas chiqargan oʻpkalaringizning boshqa nafas olmay qolishi!.. O’zingizni yoʻqotib, dahshatli qichqiriqdek yoyilgan vahima ichra qolishingiz!..

Siz ichida yashagan goʻsht yigʻindisining oʻlishi bilan, oʻzingiz ham oʻlim topishingizni bilib, dahshatga tushishingiz va vujudingizga qarab: «O’lma, oʻl-ma, oʻl-ma-a-a-!..» deya unsiz qichqirigʻingiz!..

Yuragingizni ishlatishga, oʻpkangizni nafas oldirishga urinishingiz!..

Harakatsiz qolgan vujud, tinchib qolgan jasad ichra parishon joningizning, tonnalarcha ogʻirlik ostida ezilgan, ezilgan sayin ogʻirlashgan tikanli bombadek, boʻgʻzingizga tiqilib qolganini his qilishingiz!..

Shu ongacha qoʻrquvni va qoʻrqinchli narsalarni tashqaridan izlagan koʻzlaringizning, ichkaridagi dahshatdan tashqariga otilib chiqishga urinishi!..

Hozirgacha koʻp ishlatganingiz «O’lim» kalimasini, shu paytgacha aslo qoʻllamaganingiz bir ma’no teranligi ila «O’lishim tayin!..»deya tan olishingiz!.. Charaqlab ochilgan koʻzlaringiz bilan atrofingizga boqib, siz oʻlib ketarkansiz, hech narsa boʻlmagandek davom etayotgan hayoti dunyoning qanchalar bevafo ekanini anglashingiz!..

Juda uzun deb hisoblaganingiz butun hayotingizni bir lahzada koʻz oldingizdan oʻtkazishingiz!..

Tugʻilishimdan, ulgʻayishimdan, yashashimdan, asosiy maqsad, oʻlishim ekan degan fikrga kelishingiz va «Shu uchun tugʻildimmi, shu uchun ulgʻaydimmi, shu uchun ishlab, shuning uchun yashadimmi?..» kabi savollarni xomush bir sukut bilan javobsiz qoldirishingiz!..

Ochilgan koʻzlaringizdan pardalarning koʻtarilishi va qarshingizda jon olguvchi farishtani koʻrishingiz!.. Jonni, jon berishni unutib, dahshatli bir hayrat bilan qoʻrquv ichra oʻlim farishtalarini kuzatishingiz!..

Shu paytgacha milyardlab insonning ruhini qabz etgan farishtalarning, cheksiz sokinlik ila qudrat qoʻllarini siz tomon uzatishlari!..

Qochishni istab, qocholmaganingiz, hattoki joyingizdan bir qadam qimirlayolmaganingiz oʻsha onda ikki barmoq orasida qolgan bechora chumolidek ojiz ekaningizni anglab yetishingiz!..

Qilt etolmasdan, «Shoshmang, nima qilyapsiz!..» deyolmasdan, qoʻrquvdan qalt-qalt titragancha boʻgʻzingizga tiqilib qolgan joningizning sugʻurib chiqarilishi!..

...Va oʻlishingiz, oʻlimning nima ekanini oʻlayotibgina anglashingiz!..

Soʻngra, soʻngra cheksiz bir sukunat!..

Yerda yotgan jasadingizga qaraysiz!..

Tirikligingizda «Mening qoʻlim, mening oyogʻim, mening boshim...» deya oʻzingizga nisbat berganingiz bu goʻsht toʻplamining sizdan ayri, sizdan farqli bir narsa ekanini endigina farqlab yetmoqdasiz!..

Ulovini yoʻqotgan suvoriyga oʻxshaysiz!..

Necha yillardir minib yurgan, u yoqdan-bu yoqqa yugurtirgan otingiz endi oʻldi!..

«Men, men...» derkan, qast qilgan narsangiz, aslida bu ot emas, otni boshqarib yurgan suvoriy ekanini fahmlaysiz, shunda!

Sizga omonat qilib berilgan shu otning, sizga omonat qilib berilgan jasadning Yaratuvchisi keladi aqlingizga!

«Allo-o-oh!..» deysiz shunda dahshat ichra...

Sizlarga shu vujudni bergan Allohning ushbu omonatiga tegishli buyruq va qaytariqlarini eslaysiz, ana shu onda! «Dunyo hayotida nima qilishim kerak edi, men nima qildim?..» degan savol otashtosh yangligʻ gursillab tushadi ustingizga...

Ezilib ketasiz! Biror harakat qilolmaysiz, hatto qilt etolmaysiz bu savolning ostida!..

Holbuki, siz javobini biladigan, juda yaxshi biladigan bir savoldir bu! Biroq, jim turishni, yaxshisi uning ostida jimgina ezilishni afzal koʻrasiz! Chunki, tilingizning uchida turgan javob, hattoki tilingizniyam uyaltiradigan javobdir!

Yana bir faryod yuksaladi menligingizdan:

«Allo-o-o-oh!..»

Soʻralgan va soʻralmagan barcha savollarning hamma javoblari yashiringan ana shu «Alloh» deyishingizda! Menligingizdan yuksalgan bu faryod, ming afsuski, koʻnglingizni xushnud qilgan sevgiliga yetishish sevinchini emas, Odil va Qahhor boʻlgan bir hisob soʻrovchi bilan yuzlashishning dahshatini aks ettiradi!.. Dunyo hayotida faqat soyasini, mavhum soyasini koʻrganingiz qoʻrquvning, aniq-tiniq haqiqati bilan, ochiq dahshati bilan yuzma-yuz kelasiz!

Vahimaga tushasiz... Bu dahshatlarning barchasidan qochishingiz, qocha olishingiz, oʻzingizdan qochishingizga, qocha olishingizga bogʻliq!

Biroq, qani edi buning iloji boʻlsa!

Sizga sizdan uzoq, sizga Undan yaqin hech narsa yoʻq, atrofingizda!..

O’zingizni chorasizlikning tikanli chohiga tashlab yuboraqolasiz! Pushaymonlik tuygʻusi olovda erigan bir ma’dan yangligʻ oqa boshlaydi ichingizga... O’zingizni parchalash istagida parcha-parcha boʻlib ketasiz!

Va jasadingizning tepasiga toʻplangan insonlarga qaraysiz!.. Sizga ming yildek uzoq tuyulgan shu bir daqiqalik muddat ichida sizga qarab, sizning holatingizni kuzatib turgan kishilarning, jagʻingizni bogʻlayotib, «Rahmatli indamasdan, qanday tinchgina jon berdi-ya!..» deganlarini eshitasiz!..

Boshqalarning oʻlimidan oʻlimning ne ekanini tanigan bu insonlarning oʻlimga qanchalar begona, undan qanchalar yiroqda ekanini ilk bora anglaysiz!

Ha... oʻlish mutlaqo boshqa bir narsa edi!

O’lim bilan hamma narsa emas, faqat bir narsa tugardi!.. Va ana shu bir narsaning tugashi bilan hamma narsa yangidan boshlanar edi!..

Oxirgi paytlar fabrikaga borishni unchalik istamasdim. Juda zaruriy hollarda borar, ish rivojini oʻrganib, kerakli koʻrsatmalarni berganimdan soʻng qaytardim. Bir qarashda men faoliyatim suratini deyarli toʻxtatayozgan edim. Biroq, fabrika tinimsiz ishlardi, ishlardi-yu, yugurishdan toʻxtab, ogʻir odimlarla yurayotgan insonga oʻxshardi.

«Yetar!» derdim oʻz-oʻzimga.

Shu zayl ishlashi ham menga koʻpdek tuyulardi. O’limli dunyoda juda koʻp ishlab, ortiqcha boyishning nima keragi bor? Holbuki, bir oy oldin boshqacha oʻylardim. Yengilgina kuldim. Dunyoning oʻtkinchi ekanini, oʻlimli dunyo ekanini tushunib yetgandim!

Fabrikadan vaqtli qaytib, gʻalati bir xohish bilan qabristonga keldim. Qabriston eshigida bir oz turib qoldim, soʻng ichkariga kirdim. Yaqin kunlarda tobutda keltirilishim aniq boʻlgan qabristonga hozircha oyoqlarimda yurib kelgandim...

Bu yer qabriston edi, bu yer hamma keladigan soʻnggi manzil edi!

Qabristonni ogʻir-ogʻir qadamlar bilan aylanishni boshladim. Atrofimga benihoya hayrat bilan qarar, hamma narsani koʻrishga, hamma narsani tushunishga harakat qilardim. Ilgari ishxona yoki fabrika qurish uchun moʻljallagan yerga kelib, uning hamma tarafini oʻrganib chiqardim. Endi esa, tamoman boshqacha fikrlar ichra boshqa narsalarni oʻrganish bilan band edim!..

Qabriston jim-jit yer edi!..

Qabrlar oralab yurarkanman, qabrdagilarni oʻylarkanman, tirik ekanimni ilk bora farqlayotganga oʻxshardim. Tiriklik hayratlanarli hol edi. Biror tepalikning xuddi tirikdek yurayotganini yoxud sakrayotganini koʻrsak hayratdan yoqa ushlab qolamiz. Suv, tuproq va tepalik singari moddalardan iborat boʻlgan insonning yurishini, yugurishini, gapirishini esa, oʻrganib ketganimizdanmi, tabiiy hol deya qabul qilamiz. Fikr tanballigi bilan esnab, «Joni bor yuradi, joni bor yuguradi, joni bor gapiradi..» deb qoʻya qolamiz.

Juda yaxshi, lekin ana shu jonning oʻzi nima? Tiriklik nima? Har qanday bir tepalikka jon kiritishga urinsak, jon berish u yoqda tursin, oʻsha bermoqchi boʻlganimiz jonning nima ekanini, qanaqa narsaligini bilamizmi?

Ih!..

Balki bu savolning javobini biz tiriklar emas, jonidan ayrilgan oʻliklar, mayyitlar yaxshi bilishardi. Ba’zi narsalarning nima ekani, borligida emas, balki yoʻqolgandan soʻng oydinlashadi. Qabristonni hamon ogʻir odimlarimla kezarkanman, qabrlarni va qabrdagilarni oʻylashda davom etardim. Na men ulardan, na ular mendan yiroq emasdilar! O’limga yaqin turgan bir inson sifatida qabrdagilarning ahvolini yaxshiroq tushunar, yana ham yaxshiroq his qilardim. Va bir muddat oʻtgach, qabrdagilarning nigohlari bilan tashqariga, tiriklarning nigohlari bilan qabristonga boqdim.

Hayhot!..

Hayratdan seskanib ketdim. Bir-biridan qanchalar farqli, qanchalar ayri qarashlar edi, ular!

Qaraganini koʻrayotgan, koʻrganlarini anglay olayotgan nigohlar shubhasiz qabrdagilarniki edi! Juda aniq, nihoyatda tiniq qarashlar edi! Tashqaridan qabristonga, qabr ichidagilarga qaragan insonlar koʻrish lozim boʻlganini emas, koʻrishni xohlaganlarini koʻrardilar! Ba’zilari qabristondagi daraxtlarni, ba’zisi marmar toshlarni, ba’zilari esa qabr ustidagi tuproqni koʻrishardi. O’zini teran oʻylayotganini his qilgan ba’zi birlari esa qabr ichiga kirib, kafanlangan mayyitni koʻrishardi!

Bu yaxshi, biroq kafanni ochib, uning ichidagiga qarashimiz lozim emasmi?

Goʻshtlari chirib ketgan u kalla suyagining nimasidan qoʻrqamiz? Boshimizga barmogʻimiz bilan urgan paytimizda «taq-taq» deya eshitilgan ovozlar bizning ham ayni oqibatga mahkum, xuddi shunday quruq boshga sohib ekanimizni eslatmayaptimi?!. Goʻshtlaridan ayrilgan u quruq kalla suyagida yolgʻonlardan tozalangan achchiq bir haqiqatni koʻrmayapmizmi?! Bosh suyagidagi koʻz chuqurlariga oʻz koʻzlarimizni qoʻyib, bir lahza narigi dunyoga, undan ham yiroqlarga nega qaramayapmiz?!.

Hamma yerga koʻz tashlarkan, bosayotgan tuprogʻimizga qararkan, borgan yerlarimizni yaxshilab koʻrishni istarkanmiz, qabrlarga, qabr ichidagilarga nega qaramaymiz?!

Kun sayin, daqiqalar sayin yaqinlashib borayotganimiz u manzildan nega yuzimizni oʻgiramiz, nima uchun qabristonlardan yiroqroq yuramiz! Agar yuzimizni dunyoga bursak, unda abadiy qolamiz, qabristonga umuman yaqinlashmaymiz, oʻlim nima ekanini bilmay baxtiyor yashaymiz, deya oʻylaymizmi?!

Bu savolga ham qabrdagilar javob berishadi:

«Ha, shunday deb oʻylaysiz! Biz ham xuddi shunday oʻylar edik!..»

Bu juda toʻgʻri javob edi! Zotan, qabristonda hech kim yolgʻon gapirmaydi! Hamma narsa, hamma rost gapiradi,bu yerda... Bu yer haqiqatan ham boshqa bir olam edi! Hamma narsa, sukutda, tiriklar olamidagi gʻala-gʻovur ovozlar yoʻq!.. Bu yerda hamma narsa shunday sokinlik bilan, shunday sassizlik bilan anglatiladi!

Ibratomuz bir sukunat, serma’no jimjitlik hukmron qabristonda...

Bu qabristonni toʻldirgan minglab insonlar hech shubhasiz, bir paytlar koʻcha-koʻylarni, bozorlarni toʻldirib, u yoqdan-bu yoqqa yelib-yugurgan odamlar edi! Bu yerga kelib yarim soat oʻtirar-oʻtirmas, siqilib-zerikkan, nima qilishlarini bilmasdan, tezroq qabristonni tark etishga shoshilgan shu insonlar, uzoq yillardan beri mana shu qabrlarida ayni shaklda, ayni sukunat ichra jimgina yotishardi.

Qabrlarga qaragancha, takror-takror oʻylay boshladim: «Ajabo, bu yerda yotgan mayyitlarning hech qanday tashvishi, gʻam-qaygʻusi yoʻqmikin? Shuni oʻylarkanman, har bir qabrga birma-bir qaradim. Savollarimning javoblarini yana shu qabr ostida yotganlardan eshitishni istardim!

Yoʻq, unday emas! Xudo haqqi, aslo! Ularning hech biri gʻamsiz, qaygʻusiz emasdi! Qabrdagilarning barchasi, qiyomatga qurilgan soat, mahsharga tortilgan kamon singari edi!..

Barchasi nafasini yutgancha, qimir etmasdan, oʻsha onni – qayta tiriladigan lahzalarini kutib yotishardi!..

Yuzlari va nigohlari bir-birinikidan farq qilardi! Qaysi birining soʻnggi tabassumi, qaysinisining oxirgi pushaymonligi, yana kiminingdir eng soʻnggi tomchi yoshi koʻzlarida qotib qolgan edi!!!

Barchasi ana shunday holatda kutishmoqda edi, Mahshar kunini!..

Ajabo, mening yuzim, mening soʻnggi koʻrinishim qanday boʻlar ekan?

Yuzimda eng oxiri qaysi ma’no, nigohlarimda qanday ifoda muhrlanar ekan?!..

Qoʻrqib ketdim, vahimaga tushdim... O’limdan emas, oʻlimdan keyingi vaziyatdan qoʻrqayotgan edim...

Allohni oʻyladim, boshim egilib, boʻynim bukilib qoldi... Oyoqlarimdan mador ketib, bir qabrning shundoq yonginasiga oʻtirib qoldim. Qanchalik ojiz, qanchalar chorasiz ekanimni his qildim... Xuddi yoʻrgakda qoʻl-oyogʻi bogʻlangan bechora bir goʻdakdek yigʻlay boshladim... Bilgan hamma narsamni; barcha insonlarni, barcha jumlalarni, barcha soʻzlarni unutgan edim. Xotiramda yolgʻiz bittagina jumla saqlanib qolgan va butun borligʻim shu jumlaga mahkam yopishgan edi: «Allohim, menga yordam ber!..»

Tinimsiz ushbu jumlani takrorlardim:»Allohim, menga yordam ber, Allohim, menga yordam ber!..»

Shu paytgacha Allohga juda koʻp duo qilgandim, ammo, oʻzimni Allohga, Allohni oʻzimga bu qadar yaqin his qilmagandim!.. Goʻyo har bir a’zom, har bir hujayram alohida -alohida qoʻllarga aylangan-u, men ana shu minglarcha qoʻllarim bilan Allohga uzalgancha, tinmasdan Unga yolvorayotgandim va bu duodan toʻxtashni, Allohdan yiroqlashishni aslo istamasdim: «Allohim, menga yordam ber!..»
– Yordam kerakmi?

Choʻchib tushdim! Eshitilgan bu ovozdan joyimga mixlanib qoldim. Bu ovoz yerdan eshitildimi, koʻkdanmi, bilmay qoldim... Yotgan yerimdan atrofimga qaradim. O’ng tarafimda sakkiz-oʻn metrlar uzoqlikda bir kishi turardi. Unga hayrat bilan qarayotganimni koʻrgach, sekingina «Assalomu alaykum!» dedi.

Bu qirq yoshlardagi soqolli bir kishi edi. Bir muddat jim boʻlib qoldim. Nima qilishimni, nima deyishimni bilmasdim. O’rnimdan turib, sekingina kiyim-boshimni qoqdim. U kishiga qarab «Vaalaykum-assalom!» dedim-da, toʻgʻri qabriston eshigiga qarab yura boshladim...

Yuragim siqilgandi... Hech istamaganim bir paytda, istamaganim bir shaklda qarshimda paydo boʻlgan bu jonzot, jonimni siqqan edi!..

Ichkilik ichishni tashlagan, besh vaqt namoz oʻqishni boshlagan edim. Avval boshida bundan koʻnglim toʻlmay yurdi. Bularning barchasini oʻlishimni bilganim uchun, oʻlimdan qoʻrqqanim uchun qilyapman, degan xayol menga tinchlik bermasdi. Menga aslo yoqmagan bu xayoldan qutulish maqsadida ancha vaqt u bilan ichimda kurashib yurdim.

Biroq, uni yenga olmadim... Negaki, aslida haqiqatdan ham shunday edi!.. O’lishimni bilganim uchun aroq ichishni tashlagan, oʻlimim yaqin qolgani bois, besh vaqt namoz oʻqishni boshlagandim. Keyinchalik buni tan oldim. Ham bu haqiqatni qanday qilib inkor qila olardim?! Zotan, Alloh taolo barcha insonlarga oʻlishlarini bildirgan, barcha insonlar har daqiqa oʻlimga tayyor turishlarini istagan edi! O’lishini bilgan holda ibodat qilish, barcha musulmon bajarishi lozim boʻlgan amal edi, zero...

Mana shularni oʻylab, meni bezovta qilgan, meni vasvasaga solgan shaytoniy xayollardan qutuldim. Shaytoni la’in nima qilib boʻlmasin, insonni yoʻldan urishga harakat qilardi! Shaytonning ta’sirida qolib ibodatni tark qilgan insonlar, boshlari va burunlari koʻtarilib, gʻoʻdayib qolgan, shuningdek, qabrlariga ham gʻoʻdaygancha kiradigan insonlar boʻlsa kerak.

Allohga beadad shukrlar boʻlsinki, oʻshanday bandalaridan qilib qoʻymadi!..

Biroq, toʻgʻrisini aytadigan boʻlsam, besh vaqt namoz oʻqish nafsimga bu qadar ogʻir keladi deb oʻylamagandim. Qayerdan bilibman, bu ish chekkadan qaragandagidek oson emas ekan!.. Namoz oʻqiyotgan paytlarimda ichim siqilganini, sababini oʻzim ham bilmaydigan bir ogʻirlik ostida qolganimni his qilaman. Salom berib, namozdan chiqqach, ancha vaqt suvning ostida qolib, keyin suv ustiga chiqqan odamdek chuqur bir «ohh...»tortaman.

Holbuki, juma namozlarida hech qachon bunaqa ogʻir ahvolga tushganimni eslay olmayman. Garchi shu ongacha oʻqigan juma namozlarida Allohdan koʻra koʻproq insonlarni, oʻzim ichida yashagan jamoani koʻproq e’tiborga olardim. O’zim uchun tanlagan bir «imij»im bor edi. O’z tarixiga ega, millatchi hamda muhofazakor imij edi bu. O’zimni ana shu imijim bilan tanitar, uning yoʻqolishini istamasdim. Jumladan, juma namozlariga borishim ham aynan shu imijimning majburiy bir xususiyati edi. Allohga ishonardim, imonim bor edi, biroq yolgʻiz Alloh uchun namoz oʻqimasdim...

Hozir esa, ahvol tamoman farqli!.. Endi na imijimni, na jamoaning boshqa hukmlarini inobatga olaman. O’zimni ustidagi libosi yonib ketgan insondek koʻryapman. Necha yillardan buyon asrab kelgan imijimni belgilagan shu kiyimlarimni shosha-pisha egnimdan yechib otarkanman, na jamoani koʻz oldimga keltiraman, na ular meni yalongʻoch holatda koʻrib qolishlarini!..

Bularning hech biri meni qiziqtirmaydi!

Endi men uchun yagona ahamiyatga loyiq bir borliq–Alloh taolo!

Men Allohning quliman va shu qullik nimani taqozo qilsa, barchasini bajarishga mukallafman! Bor-yoʻgʻi shu! Bundan boshqa hech narsa men uchun afzal emas! Nafsim xohlamasa ham, ibodatlar shum nafsimga ogʻirlik qilsa ham, boshqa musulmonlar singari namoz oʻqishga, boshqa musulmonlardek haromlardan qochishga harakat qilaman!..

Bundan tashqari, boshqa musulmonlardan mening nima farqim bor? Boy va boobroʻ ekanimmi? Kasal boʻlmasimdan oldin shunday deb oʻylardim. Tarozining bir tarafiga mingta ishchini, ikkinchi tarafiga oʻzimni qoʻysam, albatta men ogʻir kelaman, deya faxrlanardim! Ming ishchini qoʻl ostida ishlatgan, mingta ishchini moddiy jihatdan ta’minlagan bir inson, albatta ulardan ogʻir kelishi, ulardan ancha yuqori turishi tabiiy hol edi!

Biroq, xastalik xabari kelishi bilan hammasi oʻzgardi!..

Alloh bilan yuzma-yuz kelgan, Unga qaytishim muhaqqaq ekanini bir lahzada anglagandim!.. Shu tushuncha sabab taniganim yagona va eng muhim haqiqat, xalq ahamiyat beradigan boylik hamda obroʻ-e’tibor singari narsalarga barcha mulkning, butun koinotning sohibi boʻlgan Alloh taoloning qiymat bermasligi edi! Shu bois ham xalq nazdidagi e’tiborim Haq nazdida yakun topgan edi.

Haq nazdida yagona qimmatli narsa qullik edi!.. Qullikning qadrini joyiga qoʻyish edi! ..

Yana ham aniqroq e’tirof qilish lozim boʻlsa, Haq nazdidagi tarozining bir tarafiga menga oʻxshagan bir boshliqni, ikkinchi tarafiga Allohga goʻzal qullik qilgan bir ishchini qoʻysalar, hech shubhasiz, ana shu ishchi ogʻir kelgan boʻlardi! Shunday ekan, dunyoviy obroʻ-e’tibor bilan kibrlanishga, gʻururlanishga aslo hojat yoʻq edi! Nafsimga qanchalik ogʻir kelmasin, Allohga loyiq qullik qilishga, hatto besh ming mashaqqat bilan boʻlsa ham, besh vaqt namozni oʻqishga harakat qilaman! Mahkam tutganim bu ma’naviy arqonni aslo, aslo qoʻyvorish niyatim yoʻq!..

Keyingi kunlarda bosh ogʻrigʻim bir oz kuchaydi.

Bu ogʻriqlarning sababini bilmagan kunlarimda faqatgina ogʻriqni his qilar va ulardan tezroq qutilishni istardim. Endi esa bu ogʻriqlar ulkan bir daraxtning kichik tikanlaridek koʻrinardi koʻzlarimga.

Shifokorim Zakiybek esa, ahvol qanchalik umidsiz boʻlmasin, tibbiy muolajani boshlashimni istardi. Muolajaning boshqa taraflama ta’sirlarini oʻylab, bunga rozi boʻlmadim. Ba’zi yaqinlarimga bir ogʻaynimning xasta ekanini aytgandim. Giyohlardan dori tayyorlaydigan bir kishini tavsiya qilishdi. Ularning aytishicha, tabibning dorisidan koʻpchilik tuzalgan ekan. Tavakkal qilib, shu tabibga bordim. Miyamning rentgen suratlarini koʻrsatib, ahvolni tushuntirdim. U kishi menga Allohdan umid uzmaslik kerakligini, bergan giyohlarini ma’lum tartib bilan ichishim zarurligini bildirdi. Menga ham aynan mana shu tavsiya ma’qul kelgandi. Chunki, juda oz boʻlsa ham, meni umidlantiradigan biror chorani qoʻllashni istardim. Bundan tashqari bu giyohlarning boshqa kimyoviy dorilarga oʻxshab, zararli tomoni yoʻq edi. Tabibning aytganiga binoan, giyohlarni icha boshladim.

Tabiat bagʻridan yigʻilgan bu giyohlar dorixonadan olingan dorilarga nisbatan yaxshiroq koʻringandi, koʻzlarimga. Sogʻayishim uchun agar bir moʻ‘jiza lozim boʻlsa, bu moʻ‘jiza odamlarning qoʻli bilan tayyorlangan dorilarda emas, Alloh tomonidan yaratilgan ushbu oʻsimliklarda mavjud boʻlishi kerak edi.

Fabrikada kechadigan vaqtimning koʻp qismini asosan kitob oʻqishlik bilan oʻtkazardim. Bu yerda oʻzim uchun moʻ‘jazgina bir kutubxona tashkil qildim. Turli mavzulardagi qiziqarli kitoblarni sotib oldim. Eng menga manzur boʻlgan kitoblar esa, tasavvufiy rivoyatlarni anglatgan kitoblar edi. Bu dunyoga ne buyuk zotlar kelib-ketmagandi! Barchalarining bir-birdan goʻzal karomatlari bor edi. O’zlarini ziyorat qilish uchun kelgan odamlar bilan bir ogʻiz gaplashmay turib, ularning nima maqsadda kelishganini bilishar va ehtiyojlarini qondirishardi. Ana shunday hol ahli boʻlgan bir kishi bilan uchrashishni, unga yuragimdagi dardlarimni aytishni hamda uning haqiqatdan bahs etgan suhbatini tinglashni istardim.

Bunday insonlar, paygʻambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.)ning «O’lmasdan oldin oʻlingiz» degan tavsiyalariga amal qilib, har kun oʻlimning nima ekanini tafakkur qilib, oʻlimni eslab yashaydigan kishilar edi. O’layotgan bir odamning ahvolini har holda ular yaxshiroq tushunishardi.

Ajabo, bizning davrimizda ham shunday shayxlar, murshidlar bormikin?

Shunday oʻylar bilan oʻtirarkanman, xayolimga birdan Ismoil keldi. Doʻkondagi istarali sotuvchi! Barcha unga havas bilan qaraydigan kelishgan yigit. «Alsanjoq»ning shiddatli safobaxsh muhitidan oʻzini tortib ololgan edi. Tungi klublardagi qizlardan koʻra masjiddagi keksa kishilarning suhbatini afzal bilgan bu xushsurat yigit, samimiy harakatlari bilan ham atrofidagilarni ham meni hayratda qoldirgan edi!..

Lekin, u paytda Ismoilning bu harakatlari menga negadir erish tuyulgandi, yoshlik gashtini surmaydimi, deya oʻylagandim, toʻgʻrirogʻi...

Ismoilni tariqatga kirgan deb eshitgandim. Bu qanchalik toʻgʻri ekanini bilmayman. Suhbati shirin boʻlgan bu yigit bilan qayerda koʻrishib qolsak, har doim uzoq gaplashar, hazillashib turardik. Unga: «Nima gaplar, zamonaviy aqidaparast?» derdim. Biroq, bu hazilimdan hech xafa boʻlmasdi. Menga jamiyatning buzilganidan, tizimning adolatsizligidan, axloqiy me’yorlarga putur yetganidan soʻzlar, va: «Avval inson, keyin musulmon boʻlishimiz kerak», derdi.

Albatta, uning gaplariga koʻpam e’tibor bermasdim!..

Jamiyatda oʻrnini topolmagan bunday kimsalar albatta jamiyatga loy chaplaydilar. Men buni muvaffaqiyatsizlik natijasi sifatida koʻrardim. Shuning uchun nasihat qilishi va nasihatiga quloq solinishi kerak boʻlgan kishi, Ismoil emas men edim. Chunki uzoq yillar davom etgan sotuvchilikdan keyin, qancha mashaqqat bilan kichikroq bir doʻkon ochgan omadli inson Ismoil emas, men – akang qaragʻay edim. Soʻziga quloq solinishi kerak boʻlgan biror bir kishi boʻlsa, mendan boshqa kim ham boʻlishi mumkin!..

Ismoil haqida yana oʻyladim...

Hech ham ikkilanmasdan «Allohga qasamki, mendan aqlli ekan!»– dedim oʻzimga oʻzim. Yoshligidan nafsini jilovlash muvaffaqiyati oldida bir nechta fabrika egasi boʻlgan meningdek kishining muvaffaqiyati arzimas bir narsa edi.

Nima ham derdim, haloli boʻlsin!

Soat bir yarim...

Peshin namozini oʻqigandan keyin Qoʻnoqqa borib, Ismoilni – oʻzimizning zamonaviy «aqidaparast»ni bir koʻray!..

Yarim soatdan beri Ismoilning yonidaman. Meni samimiy hurmat bilan kutib oldi. O’tirdik, choy keltirishdi. Avval bir oz oʻtgan-ketgandan, oʻtib ketgan tanishlarimizni eslab, eski xotiralardan gaplashdik. Ularning ba’zilari dindan, ibodatdan yiroq holda yashagan va oʻsha ahvolda dunyoni tark etishgandi!.. Ismoil «Qoʻlimizdan nima ham kelardi...» degandek, nadomat bilan yelkasini qisdi. Yuzidagi ma’yus ifodadan imonsiz ketganlarga achinayotgani koʻrinib turardi. «Ular bilan koʻp marta gaplashdim, bilganlarimni anglatdim. Biroq, tushunishmadi, tushunishni istashmadi...» dedi siniq bir ovozda.

Soʻngra menga qaradi. Nigohidan «Sening ahvoling qanday?» degan savolni uqdim. Sekingina besh vaqt namoz oʻqishni boshlaganimni aytdim.

Yuzlarida, koʻzlarida, nigohlarida bir narsa «yarq!» etib ketgandek boʻldi. Quvonchdan oʻrnidan sakrab turib ketdi. «Kel, bir bagʻrimga bosay!» deya sevingancha meni quchoqlab oldi.

Men oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Bir kishi oʻzga birov uchun qanday qilib, shu darajada qaygʻurishi, quvonishi mumkin? Holbuki, namoz boshlaganimdan hattoki, oʻzim ham bu qadar sevinmagandim... Biroq, Ismoilning bu samimiyatini koʻrib, mamnun boʻldim.
– Qanday qilib?
– Nima qanday qilib?
– Namozni qanday boshlading?

Uning savolini tushungandim. Ismoil namoz oʻqishimga qanday voqea sabab boʻlganini, nima turtki berganini soʻrayotgan edi. Nima deb javob berishni bilmay ikkilanib qoldim. Chunki, ahvolimni hech kimga aytish, tashvishimga yaqinlarimni sherik qilish istagim yoʻq edi.
– Bir yaqin ogʻaynimning miyasida shish paydo boʻlgan ekan. Juda qisqa umri qolibdi. Shu narsa menga qattiq ta’sir qildi...

Ismoil pastki labini tishlagancha boshini chayqadi:
– Necha yoshda?
– Deyarli... deyarli men bilan teng...
– Nima ham deymiz, Saljuq!.. Bu oʻlimli, oʻtkinchi dunyo!.. Alloh taqdir qilgan hamma narsada xayr bor, beydilar!.. Inshaolloh, balki doʻsting uchun shu xastaligi biror xayrga vasila boʻlar!..

Boshim bilan tasdiq ishorasini qilib, «Inshaolloh» dedim.
– Ismoilbek!

Mijozlar chaqirishayotgandi. Ismoil yana bitta choy keltirishlarini soʻrarkan, mendan uzr soʻrab, oʻrnidan turdi. Kelgan mijozlar bir oila a’zolari edi. Ular menimcha, kuyov uchun toʻy libosini olishmoqchi edi.

Men kuyov deya taxmin qilgan yigit bir nechta koʻylakni kiyib koʻrdi, biroq, hech birini yoqtirmadi. Unga qarab turarkanman, «Soʻnggi libosing kafan boʻladi, ey yigit!..» dedim ichimda. Kafan kiydirilayotganda hech bir mayyit injiqlik qilolmaydi. Hozir koʻrib turganimdek, «Menga bunisi yoqmadi! Ranggi shunaqa, koʻrinishi bunaqa boʻlsin!..» deyisholmaydi.

Shu payt doʻkonga choʻloq bir kishi kirib keldi!

U oʻrta yoshlarda boʻlib, soqol qoʻygan, bir oz bechorahol koʻrinishga ega edi. Bir-ikki qadam tashladi-da, toʻxtab, atrofiga qaradi. Ismoilning xaridorlar bilan gaplashayotganini koʻrgach, men tomonga burildi. Nima qilishga qaror bergandek, choʻloqlangancha men tarafga kela boshladi.

Tilanchi boʻlsa kerak. Yuzidagi sokin ifoda bilan yonimga yaqinlashdi. Bir muddat taraddudlanib turganimdan soʻng choʻntagimni kavlab pul oldim-da, unga uzatdim. Toʻxtadi, pulga qarab turdi-da «Alloh qabul qilsin», degancha uni oldi. Keyin Ismoil turgan tarafga qarab, unga yordamlashayotgan sotuvchi qizni chaqirdi:
– Osmon xonim!

Yonimizga kelgan qiz tabassum bilan:
– Xush kelibsiz, Said domla! – dedi.

«Xush koʻrdik», degandan soʻng qoʻlidagi pulni uzatdi-da:
– Qizim, mana buni bir faqirga bering, iltimos!– dedi.
– Assalomu alaykum, ustoz! Xush kelibsiz!

Bu ovoz Ismoilniki edi. Ismoilga jilmaygancha boshini qimirlatgach, ularni hayrat bilan kuzatib turgan menga qarab »Assalomu-alaykum!» degancha yonimdagi kursiga oʻtirdi.

O’zimni arang qoʻlga olib, «Vaalaykum-assalom!..» dedim va darhol ilova qildim:
– Kechirasiz!..

Koʻzlarimga mayin bir tabassum bilan qarab:
– Astagʻfirulloh!.. Alloh uchun sadaqa berish, magʻfiratga, afvga vasiladir. Inshaolloh kechirilasiz!..– dedi.

Bu soʻzlarning ma’nosini toʻla tushunmagan boʻlsam-da, «Inshaolloh» dedim. Butun diqqatimni jamlab, bu gʻalati kishini koʻzdan kechirdim. Bu kishi Ismoildan kiyim olib kiymaganligi, yoxud uni Ismoil kiyintirmaganligi koʻrinib turardi. Kiyimlari bir oz eski edi, biroq top-toza edi. Soch-soqolining uchdan bir qismi oqargandi. Yuzi sokin, jiddiy va oʻta serma’no koʻrinishda edi.

Yaxshilab e’tibor berdim. Sotuvchi qiz «domla», Ismoil «ustoz» deya atagan bu kishi negadir menga juda tanish koʻrinardi!

Xuddi uni qayerdadir koʻrgandek edim. Nigohimni boshqa yoqqa qaratgancha, eslashga harakat qildim. Biroq, eslay olmadim!

Balki, bir paytlar qoʻlimda ishlagandir, yoki biror masjidda koʻrgandirman. Baribir emasmi!
– Ismim Saljuq.
– Tanishganimdan xursandman, meniki Said.

Xaridorlarni doʻkon eshigidan kuzatgan Ismoil yonimizga keldi. «Ustoz, yana bir bor xush kelibsiz!» degancha qoʻllarini siqdi. Yonimizga oʻtirgandan keyin bizlarni tanishtirdi. U kishini Qur’on ilmiga ega va bilganlariga amal qiluvchi muhtaram bir inson ekanligini bildirdi. Meni esa eski tanishi, doʻsti ekanimni aytdi. Qanday qilib besh vaqt namozni boshlaganimni aytishni ham unutmadi.

U kishi menga shunday nigoh bilan qaradiki, bu nigohlar juda oʻtkir va qat’iy boʻlib, unda chuqur ma’no va savol yashiringan edi. Boqishlaridagi savolga javob berdim:
– Ismoil aytgandek, ogʻaynimning ahvolini koʻrgach, barchamiz ertami-kechmi baribir oʻlishimiz muhaqqaq ekanligini tushundim...
– Qiziq!
– Nima qiziq, oʻlishimizni anglashimmi?
– Yoʻq! Ogʻayningizning xastaligidan shunday ibrat olishingiz! ..

Bir oz dovdirab qoldim:
– Tushunmadim?
– Hozirgi insonlar boshqa birovning hatto oʻlimini koʻrib ham hech qanday saboq olmas ekan, sizning harakatlaringizdan hayratda qoldim!

Nima ham deya olardim? Gapirilayotgan « ogʻaynim» mening oʻzim, deb ayta olarmidim?.. Masalani boshqa tarafga burish maqsadida: «Siz boshqalarning ahvolidan saboq olmaysizmi?» deya soʻradim.
– O’zgalarning ahvolini koʻrib, keragicha ibrat olganimda edi, boshqalardan ancha farqli inson boʻlgan boʻlardim.

Unga qaradim. «Boshqalarga umuman oʻxshamaysiz», demoqchi boʻldim, biroq indamadim. Suhbatimizni jimgina tinglab oʻtirgan Ismoilga oʻgirildim:
– Ismoil, Shohinbey yaxshi yuribdimi?

Shohinbey Ismoilning eski xoʻjayini boʻlib, nihoyatda ochkoʻz, badnafs tadbirkor edi. Ismoil kulimsirab javob berdi:
– Keksalik hamda xastaliklar Shohinbeyning qanotlarini sindirdi. Hozir surunkali parhez qilishga majbur. Kamgina ovqatga qanoat qilib yashamoqda.

Men ham yengilgina kulib qoʻydim. Balki mendan ham boy boʻlgan Shohinbeyning ahvoli, Ismoilga ham, menga ham kulgili tuyulgandir. Shunda goʻzal bir soʻzni xotirladim. Insonlar boshdan kechirgan tragediya, u haqda oʻylagan kishilarni kuldirib, his qilgan kishilarni yigʻlatarkan!.. Garchi, Shohinbeyning ahvoliga kulgan boʻlsam-da, ichimda xomush boʻlganimni yashirmayman.


– Ismoil, hech narsa salomatlikning oʻrnini bosolmaydi! Qonuniy Sulton Sulaymonning satrlari bor edi-ku, nima edi?

Ismoil bir oz oʻylagandan soʻng, Said domlaga qaradi. Ustozi javob berdi:

« Xalq ichinda moʻ‘tabar hech narsa yoʻq, davlat kibi

Boʻlmagay davlat jahonda, bir nafas sihhat kibi...»

Domlaga qaragancha «Ha, xuddi shu», dedim va qoʻshib qoʻydim:
– Nihoyatda goʻzal satrlar emasmi?
– Nimasi goʻzal?– dedi sovuqqina qilib.

«Befahm» deb yuborishimga salgina qoldi. O’zimni arang ushlab qoldim.
– Albatta ma’nosi.
– Ma’nosi qanday? Nima, nafas qiymatli-yu, davlat qadrsizmi?!

Bu odam yo meni imtihon qilayotgan, yoki sabrimni sinayotgandi. Jahlim chiqayotganini bildirmasdan javob berdim:
– Bir nafaslik sogʻlik, sihat, albatta ming davlatdan koʻra qimmatli!

Bergan javobimni goʻyo eshitmagandek, eshitsa ham ahamiyat bermagandek yuzimga qaradi. Balki bu odamning qalbi tozadir. Jilmaygancha «Tushunmadingizmi?» dedim. Tabassumimga tabassum bilan javob bermadi. Sokin bir ovozda «Tushunmadim, siz ham tushundingiz, deb aytolmayman» degandan soʻng qoʻshib qoʻydi:
– Bugun dunyoda sihatli holatda, sogʻ-salomat shaklda nafas olayotgan milyardlarcha inson bor. Menga ayting-chi, qaysi birining olgan nafasi, qaysi davlatdan qadrli?!

Jim boʻlib qoldim, oʻyga toldim, hayajonlandim!..

Bu gʻoyat mantiqli e’tiroz edi! Necha yillardan buyon, qancha asrlardan beri hamma toʻgʻri deb bilgan, ma’qullab kelgan soʻzga shunday e’tiroz bildirgan bu kishiga nima deb javob berishimni bilmadim. Eng yaxshisi, savolga savol bilan javob berish edi:
– U holda bu soʻz qanday ma’noga ega?
– Menimcha bu soʻzning tayin bir ma’nosi yoʻq. Ma’noga ega emas, ma’noga muhtoj bir soʻz!
– Qanday?
– ...Vaqtni qiymatli yoki beqadr qiladigan narsa, bu oʻsha vaqtning qanday oʻtkazilishidir, uni sarflash shaklidir. Ya’ni vaqt–umr qanday, nima amallar bilan oʻtkazilganiga koʻra baholanadi.
– Uning aytayotgan gaplari toʻgʻri edi. Buni tasdiqlayotganimni ifodalovchi nigohlar bilan unga qaradim. Soʻzida davom etdi:
– Har qanday bir narsaga badal qilib bergan vaqtimiz, oʻsha narsadan koʻra qimmatliroq emas. Chunki, haqiqatdan ham qadrli boʻlganida biz bu oldi-sotdiga rozi boʻlmagan boʻlardik. Shu bois, davlatni, mol-dunyoni hamda mansab-maqomni qoʻlga kiritish uchun sarflangan vaqt, xarj qilingan narsalardan koʻra qadrsiz holatga tushirilgan.

Uning aytayotgan soʻzlari meni teranroq fikrlashga undardi. Men uning xulosasini eshitishni istab «Alqissa?» dedim.
– Xulosa shuki, davlatga sohib boʻlishdan ham muhim, eng qimmatli boʻlgan nafas, mol-dunyodan koʻra qadrli bir gʻoya, yana-da qimmatliroq maqsad sari berilgan soʻnggi nafasdir.
– Ya’ni?

Hech narsa demasdan Ismoilga qaradi. Bu savolga uning javob berishini istardi. Ismoil menga kulimsirab qaragancha:
– Buning javobini sen ham oʻrgangansan. Allohni rozi etish uchun, Uning rizosi istiqomatida yashash,– dedi. Uning tabassumiga javoban jilmaygancha «Toʻgʻri» dedim va qoʻshimcha qildim:
– Ismoil, men buni bir oz kechroq oʻrgandim. Shunisiga ham Allohga beadad shukr!.. Buni bilmaydiganlar, hamon oʻrganolmaganlar juda koʻp!..
– O’sha ogʻayning biladimi?
– Qaysi ogʻaynim?
– Haligi xasta oʻrtogʻing-chi!

Ismoilning bu savolidan bir oz dovdirab qoldim. Xasta deb aytgan oʻsha oʻrtogʻimni, ya’ni oʻzimni qanday tanishtirishni bilmay ikkilanib qoldim.

Uning oʻzim ekanligidan kelib chiqadigan boʻlsam, oʻzim qanday boʻlsam, uni ham xuddi shunday tanishtirishim kerak:
– Yaqinda u ham besh vaqt namoz oʻqishni boshladi. Zotan, kichik yoshidan buyon juma namozlarini qoldirmasdan oʻqiydi. Savobtalab yaxshi bir oʻrtoq...

Ilgarilari suhbatlashgan kishilarimdek, «E, shunaqami? Mashaalloh, borakalloh!..» deyishlarini kutardim. Ammo hech narsa deyishmadi. Quvonchini yashirmasdan Ismoil Said domlaga qaradi. Yuzida hech qanday oʻzgarish koʻrinmagan domla menga oʻgirilib, soʻradi:
– Islomni biladimi?

Boshida savolni notoʻgʻri angladimmi, degan xayolda bir lahza oʻylanib qoldim. Yoʻ-oʻ-oʻq, toʻgʻri tushungan edim! Mendan uning dindan xabari bormi, deya soʻrayotgandi! Shunaqayam bema’ni savol boʻladimi? Unga aytadiganimni aytsammikan, yoki indamasdan oʻrnimdan turib ketvorsammikan, deb oʻyladim. Said ismli bu odamga takror qaradim. G’oyat sokinlik bilan mening javobimni kutib turardi. Jim turolmasdim:
– Bu nima deganingiz? Sizga uning besh vaqt namoz oʻqiyotganini aytdim, shekilli! Yoki eshitmadingizmi?!
– Eshitdim.

Bu yaramas mening jigʻimga tegayotgandi!
– U holda nega «Islomni biladimi?» deb soʻrayapsiz? Besh vaqt namoz oʻqigan odam bilmasligi mumkinmi?

Ismoil ham, Said ismli bu nusxa ham menga bir xilda qarab turishardi. Nigohlarida na bir hayrat, na bir hayajon bor edi. Tashqaridan qaralsa, goʻyo ular meni tushunib turishardi, ammo, ammo men ularni anglamayotgandim!

Javobni yana oʻsha Said deganlari berdi:
– Namoz albatta, dinimizning buyruqlaridan biri. Biroq, Islomga kirishning birinchi, ilk sharti namoz emas. Har qanday bir inson namoz oʻqib boshlagani bilan, Islom dinini bilgan, Islomga kirgan hisoblanmaydi.
– Siz namoz oʻqiydiganlar musulmon emas, demoqchimisiz?
– Yoʻ-oʻ-oʻ-q! Men bunday demoqchi emasman. Har bir musulmon albatta namoz oʻqiydi. Biroq, ming afsuski,bugungi kunda hamma namoz oʻqiyotgan kishini musulmon deya qabul qila olmaymiz!..
– Baribir hech narsa tushunmadim!

Mana diqqat qiling! Islom dini yangi kelgan paytlarda namoz dinning shiori edi. O’sha vaqtlarda namoz oʻqiyotgan bir kishini koʻrilganda, uning musulmon ekaniga shahodat keltirish mumkin edi. Chunki, u davrlarda mushriklar ham, kofirlar ham namozdan yiroq edi. Islomning boshlarida namoz oʻqigan kishilar faqat va faqat musulmon edi. Biroq, hozir bunday emas. Hozirgi vaqtda mushriklar ham namoz oʻqiydi. Albatta, buni namoz deyish mumkin boʻlsa!..


– Bir daqiqa shoshmang!.. Mushriklar qanday qilib namoz oʻqishlari mumkin? Axir Allohga ishonmagan kishi qanday qilib, masjidga borsin, nima uchun namoz oʻqisin?!
– Mushriklar Allohni inkor qilib «Alloh yoʻq» deyishmaydi. Allohga ishonishadi, faqat Allohga sherik qoʻshishadi!..

Masjiddagi ma’ruzalarda Allohga ishonmaydigan, Allohni inkor qiladigan kofirlarni koʻp eshitardim. Ammo, Allohga sherik qoʻshadigan mushriklarni hecham eshitmagan ekanman.

Odamzot naqadar gʻalati maxluq!

Ba’zilari inkor qilib, Allohning yagona Yaratuvchi ekanini qabul etmaskan, ba’zilari esa, Unga sherik qoʻshib, Allohning yakka-yu yagona Zotini ikkita-uchtaga chiqarisharmish!.. Astagʻfirulloh! Biroq, namoz oʻqiydigan kishilar ichida shunday botil ishonch egalari bormikan?
– Ham namoz oʻqib, ham Alloh ikkita-uchta deydiganlar bormi?
– Alloh ikkita-uchta deyish, yakka boʻlgan Zotida Allohga sherik qoʻshishdir. Masalan, «Allohning xotini, bolasi bor» deya Allohga sherik qoʻshadigan xristianlarda shunday shirk bordir. Xalqi musulmon boʻlgan oʻlkalarda shirkning bunaqa koʻrinishi uchramaydi. Bu oʻlkalarda mavjud boʻlgan shirk shundan iboratki, ular Allohning Zotiga emas, Uning sifatlariga hamda hukmlariga nisbatan sherik qoʻshishadi. Chin dildan «Alloh birdir, U yakka va yagona» deydigan bir qancha kishi bu ifodasi bilan Allohni Zotida bitta deb qabul qilishlariga qaramay, ming afsuski, ijtimoiy hayotlaridagi koʻplab yoʻnalishda, e’tiqodining koʻplab oʻrinlarida Allohning sifat va hukmlarida Unga sherik qoʻshadilar.

Boshim «shishib» ketgandi! Biroq, aytilgan soʻzlarning magʻzini chaqishni, ma’nosini anglashni xohlardim:
– Hozir gapirganlaringizni yana bir marta qaytaring, iltimos!..

E’tiroz bildirmadi. Gapirganlarini yana bir bor yana-da tushunarliroq qilib takrorladi. Nimalarnidir tushunganday boʻldim, biroq keragicha angladim deb aytolmayman. Faqat shu narsani bilamanki, bu odam aytayotgan soʻzlar nihoyatda muhim edi, har bir musulmon bilishi zarur boʻlgan narsalar edi. Uning gaplaridan yangi bir narsa oʻrganish bilan birga, oldindan bilgan narsalarimning ham oʻzgarganini his qilgandek edim. E’tiborimni tortgan bu kishi bilan koʻproq, uzoqroq suhbatlashishni istardim:
– Bu haqda menimcha, bemalolroq oʻtirib suhbatlashganimiz yaxshi. Mehmonimiz boʻlasizmi?

O’ylangancha yuzimga qaradi-da javob berdi:
– Men qishloqqa qaytishim kerak.

Ismoil gapga aralashdi:
– Ustoz Toʻrvaliga qarashli qishloqda yashaydi.

Toʻrvali Izmir-Oydin yoʻlida boʻlib, Izmirga kelib-ketayotganda G’oziyamir ustidan oʻtilardi.
– Yangi fabrikamiz G’oziyamirda. Ertaga Izmirga qaytsangiz, kirib oʻtishingiz mumkin,– dedim.

Bir muddat oʻyladi. Keyin javob berdi.:
– Inshaolloh, soat oʻnlar atrofida.

Men ham, «Xudo xohlasa», dedim-da, fabrikaning qayerda ekanini tushuntirdim. Soʻngra ruxsat soʻrab, ketishga chogʻlandim. Xayrlashdik. Ismoil meni eshikka kuzatib chiqdi. Undan soʻramasdan ketolmadim:
– Ismoil, bu qanday kishi?

U kulimsiradi:
– Bu savolni ertaga oʻzing javoblaysan. Biroq, uning soʻzlarini diqqat bilan tingla!..

Boshimni qimirlatgancha «Yaxshi» deya ishora qildim va qoʻshib qoʻydim:
– Yaxshi qol!..

Soat toʻqqizlarda fabrikaga keldim.

Kecha Said domla bilan boʻlgan suhbatimizning ma’nosini chaqishga harakat qilgan, nima qilishim lozimligini ancha oʻylagandim. Islomiy mavzularda yetarlicha bilim va tushunchaga ega emasdim.

Boshida biror ustoz yoki shayxni suhbatimizga chaqirishni oʻyladim. Chaqirsam, kelishi mumkin boʻlgan domlalar bor edi. Said domla bilan qiladigan suhbatimizni shu domla ham eshitishini, mohiyatiga e’tibor berishini istardim. Keyin fikrimdan qaytdim. Ustozlarni bir-biri orqali imtihon qilishdek tuyulardi bu harakatim. Ayniqsa, Said domlaga nisbatan odobsizlik boʻlardi. Eng yaxshisi, suhbatni magnit tasmasiga yozib olib, keyin biror shayx bilan birga eshitib, mulohaza yuritish edi.

Ha, mana shu eng ma’qul fikr.

Uydan olib kelgan magnitofonimni ish stolimning birinchi tortmasiga qoʻyib, yozuv tugmasini bosib qoʻydim. Keyin xonamning har tarafida yurgancha gapirib koʻrdim. Tasmani boshiga olgancha, ovozimni eshitib koʻrdim. Juda yaxshi, ovozimni nihoyatda tiniq yozgandi. Magnitofonni tortmada tayyor qilib qoʻygancha, domlani kuta boshladim.

Soat beshtakam oʻnda fabrikaga keldi.

Pastga tushib, uni birinchi qavatning eshigida kutib oldim. Birga yuqoriga chiqdik. Yon-veriga unchalik ahamiyat bermasdi. Avvalgi payt boʻlganda, unga fabrikaning hamma tarafini koʻrsatgan, ta’bir joyiz boʻlsa, bir oz «nafas oldirgan» boʻlardim. Hozir esa, bunday niyatim yoʻq. Chunki, bu ulkan binoning men uchun ham hech qanday ahamiyatli, qiziqarli yeri qolmagan edi!..

Said domla bir oz oqsoqlanib yurardi. Chap oyogʻi ozgina kaltamidi, qiyshiqroqmidi, bilolmadim. Choʻloqlanib, lekin ohista qadamlar bilan xonamga kirdi. Unga qulay bir oʻrinni koʻrsatdim. O’tirdi.
– Nima ichasiz?
– Choy.
– Achchiq boʻlsinmi?

Kulimsiradi:
– Farqi yoʻq.

Telefon tugmasini bosgancha, choy buyurdim. Darhol mavzuni davom ettirishni xohlardim. Magnitofon tugmasini sekingina bosib qoʻydim-da, ilk savolimni berdim:
– Kechagi suhbatdagi soʻzlaringizni oʻyladim. Faqat bittagina tushunolmaganim xusus bor. Siz har bir musulmon namoz oʻqiydi, biroq har namoz oʻqigan odam musulmon emas, dedingiz. Men anglay olmagan jihat, kecha siz kelmasingizdan avval Ismoilga yaqinda namoz oʻqishni boshlaganimni aytgandim. O’sha paytdagi Ismoilning quvonchini bir koʻrsangiz edi! Namoz oʻqish modomiki, Islomning shiori emas ekan, u holda Ismoil nega bunchalik sevindi?
– Alloh yoqtirmaydigan har qanday yomon amallarni tark qilib, namozni boshlash hech shubhasiz, har qanday bir insonning chin koʻngildan Allohga yoʻnalishi, Islomni talab qilishi demakdir.

Ismoilni sevintirgan jihat, sizning shu talabingiz boʻlsa kerak.

Uning bu izohida mantiq bordek tuyuldi. Demak, Ismoilni sevintirgan narsa mening Islomga kirishim emas, dinga yoʻnalishim, Islomni talab qilishim ekan! Albatta, Islomga kirgan-kirmaganligim borasidagi sharh, ana shuning sharhi edi. Mening esa, bu mavzuda hech qanday shubham yoʻq edi. Men aqlimni taniganimdan buyon Islom dinida edim. Ba’zi kamchiliklarimga, ba’zi xatolarimga qaramasdan, hech shubhasiz musulmon edim.
– Men tushunolmagan yana bir narsa bor. Kechagi suhbatimiz davomida besh vaqt namoz oʻqiydigan oʻrtogʻim haqida, u Islomni biladimi, deya soʻradingiz. Keyin esa, Allohga shirk keltirish haqida gapirdingiz. Siz bilgan bu narsalarni albatta, masjiddagi imomlarimiz ham, vo’izlarimiz ham bilishadi. Besh vaqt namoz oʻqiydigan oʻsha ogʻaynimni masjidga bormagan, biror marta ham xutba va ma’ruza eshitmagan, deb oʻyladingizmi?

Bir muddat jim boʻlib qoldi. Nazarimda yuzi sal gʻamgin koʻrinish olgandi. Endi ogʻiz juftlagan edi hamki, choy keltirishdi.

Yana toʻxtadi. Choylarimizni oldik. Choyiga ikki qoshiq shakar solgach, kursisiga suyanibroq oʻtirdi va koʻzlarimga tikilgancha soʻzini boshladi:
– Kecha biz juda qisqagina toʻxtalgan shirk masalasini barcha imomlarning, yoxud vo’izlarning bilish-bilmasligidan xabarim yoʻq. Men bilgan yagona narsa, ba’zi istisnolardan tashqari, koʻplab masjidlarda bu haqiqatning tushuntirilmasligidir. Shunday ekan, har qanday bir kishining namozni boshlagandan soʻng masjidga borishi, dinga oid hamma narsani, ayniqsa, shirkka taalluqli mavzuda toʻliq tushunchaga ega boʻldi, degani emas!

O-la-a! Bu odam oldin musulmonlarni ayblayotgan boʻlsa, endi masjidlarni va undagi imomlaru vo’izlarni ayblayotgan edi! Allohga shirk qoʻshishdek muhim mavzular xususida masjidlarda gapirilmas emish!

Bir nafas oʻyga toldim.

Bular bir firqa, guruh boʻlsa kerak! Masjidlarda oʻrgatilmaydi degan masalalari balki oʻzlariga oid masalalar, oʻzlarining tashviqotlari boʻlishi mumkin! O’z firqalariga, guruhlariga kirmagan kishilarni «kofir» deb ataydiganlar bor deb eshitgandim. Xuddi shunday bir firqa boʻlsa kerak bular!
– Sizning firqangizning nomi qanday?– deya soʻradim.

Kulimsiragancha javob berdi:
– Bizning hech qanday guruh yoki firqamiz yoʻq!..
– Juda soz, unda sizlarni kimlar deb atashadi?
– Islomdan xabari boʻlganlar bizni faqat musulmon, deya ataydi. Bilmaganlar esa, turli nomlarni bizga yopishtirishadi. Masalan, « aqidaparast» yoxud «fanatik»lar singari...

Ha, men shunday nomlarni eshitgandim. Demak, aqidaparastlar xuddi mana shular!

Choydan bir hoʻpladi-da, menga yuzlandi. Qisqagina bu suhbatdan keyin bezovta boʻlib, taraddudga tushganimni goʻyo sezgandek edi.
– Koʻnglinggizga biror yomon fikr kelgan koʻrinadi?
– ...Shunday desam ham boʻladi. Sizlar haqqingizda turli mish-mishlar yuradi...

Kulimsiradi.
– Boʻlishi mumkin. Xalqni olqishlab, ular oqqan oqimda oqqanimizda, balki biz haqimizda yaxshi gaplar gapirishgan, maqtashgan boʻlarmidi. Bizlar esa, faqat Haqni e’tiborga oldik, Haq tomon boʻldik...
– Haq deganda nimani nazarda tutyapsiz?
– Avalo Qur’oni Karim, keyin undagi hukmlar. Soʻngra esa, Paygʻambarimiz (s.a.v.) ning sunnatlari.
– Mana endi toʻgʻri gapirdingiz. Zero butun musulmonlarning fikri ana shunday.
– O’zlarini Islomda deb bilgan har bir kishining Qur’on va sunnat haqida gapirishini bilamiz. Agar soʻzlayotgan soʻzlariga amal qilib yashasalar, albatta oramizda hech qanday farq qolmaydi.
– Hamma sizga oʻxshab, aqidaparast boʻlishi kerakmi?
– Yoʻq, faqat musulmon!

Bu kishining musulmon degan soʻzni aytish ohangi menga umuman yoqmayotgandi. Bu kalimani shunday bir ma’noda gapirardiki, bu ma’nodan tashqarida qolganlarning barchasi kofir edi goʻyo!

Jim boʻlib qoldim. Nima deyishimni bilmasdim. U ham soʻzlashdan toʻxtadi. Menga shunday bir nigoh bilan qaradiki, koʻzlarida qaygʻuga oʻxshash bir ma’no bor edi.
– Saljuqbey! Men bu yerga siz bilan tortishish uchun, sizni ranjitish yoki dilingizga ozor berish uchun kelganim yoʻq!.. Allohning lutfi bilan koʻrishib turganimizdek, imon keltirganimiz haqiqatlar bor. Bir musulmon sifatida gʻoyat qadrlaganim bu ilohiy haqiqatlarni sizga tushuntirishni, siz bilan oʻrtoqlashishni istadim. Bu yerga kelishdan yagona maqsadim shu, xolos.

Chin koʻngildan aytgan bu samimiy soʻzlari menga nihoyatda yoqdi. Balki, ayb oʻzimdadir. Balki, uning soʻzlarini oxirigacha diqqat bilan tinglaganim yaxshiroqmidi?.. Uning koʻnglini koʻtarish maqsadida:
– Zero, men ham sizni xuddi shuning uchun chaqirgandim. Faqat, masjidlar haqidagi soʻzlaringizga qoʻshilmayman. Istisno tariqasida gapirganingiz bilan, koʻp masjidlarda bunday muhim mavzularga ahamiyat berilmasligini, oʻrgatilmasligini aytdingiz. Holbuki, barcha masjidlarimizda Islomning hattoki eng kichik mavzulariga ham hassoslik bilan yondoshiladi.
– Men masjidlarda dinning kichik masalalari oʻrgatilmaydi, demadim. Bular oʻrgatiladi. Bir qancha masjidlarda e’tibor berilmaydigan xusus, bilishimiz eng muhim boʻlgan tavhid hamda shirk masalasi.
– Bular oʻrgatilmayotganini qayerdan bilasiz?

Bu kishi nihoyatda sabrli inson ekanidan, e’tirozlarimni gʻoyat sokinlik bilan eshitib oʻtirardi.
– Qancha vaqtdan buyon masjidga borasiz?
– Kichkinaligimdan buyon.
– Albatta shuncha yil davomida bir qancha imomlar hamda vo’izlarning ma’ruzalarini eshitgansiz.
– Shunday.
– Endi aytadigan soʻzlarimga diqqat bilan quloq soling. Qur’oni Karimga imon keltirgan barcha domlalar, barcha olimlar Rasulullohni (s.a.v.) oʻzlariga oʻrnak deb bilishlari, u kishining sunnatlariga amal qilishlari kerak. Chunki, olimlar Paygʻambarimizning vorislaridir. Paygʻambarlar yashamagan, yoxud boshqa paygʻambar kelmaydigan davrlarda paygʻambarlarning nasihatlarini, da’vatlarini insonlarga yetkazish, ana shu paygʻambar vorislari boʻlgan olimlarning burchidir. Ana endi sizga bir savol, Rasulullohning (s.a.v.) va barcha paygʻambarlarning eng muhim da’vatlari qaysi edi, bilasizmi?

Bir oz oʻylab qoldim. Masjidlarda eshitganlarimni esladim. Javob naqd edi:
– Allohga qullik qilishga chaqirish.
– Juda toʻgʻri, biroq bu toʻliq javob emas!..
– Nega?
– Yarmi yoʻq, javobingizning.
– Tushunolmadim?
– Mana tinglang. Alloh Taolo Qur’oni Karimning Nahl surasida barcha paygʻambarlarning yuborilish gʻoyalarini ikki asosga bogʻlagan. Insonlarni togʻutdan va togʻutga qullikdan qutqarib, Allohga qullik qilishga da’vat etish. Endi menga ayting-chi, kichik yoshdan buyon tinglagan ma’ruza va xutbalarda togʻutning nima ekanini, va undan qanday saqlanish lozimligini oʻrgandingizmi?

...Togʻut! Bu soʻzni umrimda birinchi bor eshitayotgan edim! Balki, turkcha ma’nosini bilishim mumkindir, lekin, nima ekanini baribir tushunolmayman.
– Togʻut nima degani?

Jim boʻlib qoldi. Nigohlarida yana gʻam bor edi. Ana shu mahzunlik bilan javob berdi:
– Togʻut, insonlarni Allohdan va Allohga qullikdan uzoqlashtirib, oʻziga qullik qilishga chaqiradigan hamma narsa... Shakli zamon va makonga qarab oʻzgarishi mumkin. Insonlarning qarshisida ba’zan but, ba’zan Fir’avn, ba’zida bir dindor shaxs, ba’zan bir partiya, ba’zida esa, bir davlat tarzida namoyon boʻlishi mumkin!..

Hayratim ortgandi!
– Bizning oʻlkada qanday koʻrinishi bor?
– Ming afsuski, hamma turi, hatto ortigʻi bilan!..

Boshimni deraza tomonga burgancha, nigohimni olislarga tikdim... Bu odam togʻutdan soʻzlayotgandi!

Barcha paygʻambarlar insonlarin togʻutga qullik qilishdan qaytarish va yolgʻiz Allohga qullik qilishga da’vat qilish uchun yuborilgan!.. Bu tushunarli, lekin togʻut nima?..

Togʻut, insonlarni Allohga qullikdan qaytarib, oʻziga qul boʻlishlariga da’vat qiladigan narsa emish!.. O’lkamizda bir qancha turi bor emish!..

Tashqaridagilarni oʻylardim,

jamiyatni oʻylardim,

tariqatlarni oʻylardim,

davlatni oʻylardim, ammo, qancha oʻylamayin, hech qanday togʻutni koʻrmasdim!.. Bu diyorda insonlarni Allohga qullik qilishdan qaytaradigan nima ham boʻlishi mumkin?

Xohlagan kishi istagan masjidida namoz oʻqiy oladi!

Xohlagan paytda roʻza tutib, qurbonlik soʻya oladi!

Xoʻsh, unday boʻlsa, insonlarni Allohga ibodat qilishdan toʻsadigan narsa qayerda?

Shu xayol bilan Said domlaga qaradim:
– Aytgan hamma gaplaringizni tushundim, ammo siz aytgan oʻsha toʻsiqni hech qayerda koʻrmayapman. Bu oʻlkada insonlarni Allohga qullik qilishdan nima ham qaytarishi mumkin? Xohlagan kishi istagan masjidida namoz oʻqib, roʻzasini tuta bilsa. Kim toʻsqinlik qilishi mumkin?

Meni gʻoyat yaxshi tushungandek, boshini qimirlatdi.
– Gaplaringiz toʻgʻri. Bunga oʻxshash narsalarga uncha mone’lik qilinmaydi. Biroq, masalani bir oz kengroq tushuning. Togʻutning insonlarni Allohga ibodat qilishdan qaytarishi ikki turlidir. Birinchisi tajovuz hamda zoʻrlashdan iborat. Odamlarni qiynab, «Allohga qullik qilmaysan!» deya majburlashadi. Bunga tarixdan juda koʻp misollar keltirish mumkin. Masalan, ashobi uhdud, imonlaridan qaytmagan barcha moʻ‘minlarni olovli chuqurga tashlagan. Bu togʻutning birinchi koʻrinishidir. Ikkinchisi esa, birinchisidan koʻra yumshoqroq, lekin, oʻta tahlikalidir. Togʻutning bu turi birinchisidagidek, insonlarga «Allohga qullik qilmanglar!» deya zoʻravonlik qilmaydi. Ularni siz aytganingizdek, namoz oʻqish va roʻza tutish kabi ba’zi ibodatlariga toʻsqinlik qilmaydi. Insonlardan faqatgina bitta, yagona kutgan narsasi bor...

Jim boʻlib qoldi. Balki, bir oz tin olmoqchi boʻlgandir, biroq men kutolmasdim. Qiziqsinib soʻradim:
– U nima ekan?
– Ham Allohga, ham oʻziga qullik qilishlari!.. Chunki ularning aql oʻrgatuvchisi, vasvasa elchisi boʻlgan shaytoni la’in juda yaxshi biladiki, Alloh bilan birga boshqa bir narsaga qullik qilgan inson, mutlaqo va mutlaqo Allohga qullik qilgan, ibodat qilgan boʻlmaydi!.. Allohga qullik qilishning asosi tavhiddir! Chunki, Allohga qullik faqat va faqat Allohning yakka O’ziga qilingan qullikdir. Olamlarning Rabbi boʻlgan Janobi Haq, O’zi bilan birga boshqa bir narsaga qilingan qullikka aslo va aslo rozi boʻlmaydi! Va bunday qullikni qabul qilmaydi.

Said domla muhim deya ta’kidlayotgan narsa faqat va faqat Allohning O’zigagina qullik qilish edi. Alloh qabul qiladigan qullik, ana shunday qullik emish! Bunga kimning qanday e’tirozi boʻlishi mumkin?..
– Farzandingiz bormi?
– Ha, bir oʻgʻil va bir qiz.
– Allohning yoʻlida yuruvchilardan qilsin! Endi oʻgʻlingizni olaylik. Agar oʻgʻlingiz sizni ota demasa, sizning otasi ekaningizni inkor qilsa, jahlingiz chiqadimi, yoʻqmi?

Shunaqayam bema’ni savol boʻladimi?
– Albatta jahlim chiqadi!
– Allohga qullik qilishni inkor qilganlarni ham shunga oʻxshatish mumkin. Sal oldinroq aytganimdek, togʻutning birinchi koʻrinishi, ilk da’vati xuddi mana shudir. Inkor qildirish. Ikkinchi shakli esa, sizni «Ota» deb atashdan voz kechmagan oʻgʻlingizning boshqalarni ham «Ota» deyishiga oʻxshaydi. Mana shunday holatda siz qanday yoʻl tutgan boʻlardingiz? O’gʻlingiz ba’zi bir kishilarni ham «Ota» deb tursa, sizni «Ota» deyishining biror ahamiyati, ma’nosi bormi?

Qiziq oʻxshatish edi bu.

O’yga toldim. O’gʻlimning meni «Ota» deb tan olmasligi, mening otasi ekanimni inkor qilishi bilan men bilan birga yana kimlarnidir «Ota» deyishi deyarli bir-biriga yaqin tushuncha edi!..

Muhim boʻlgan narsa, mening ota ekanimni inkor qilmasligi va faqat meni «Ota» deb atashi edi.

Mendan javob kutayotgan Said domlaga «Yoʻq!» degan ma’noda boshimni qimirlatgancha:
– Hech qanday ma’nisi yoʻq! – dedim. U davom etdi:
– Alloh bilan birga boshqa narsalarga ham qullik qiladigan kishilarning ahvoli, otasi bilan birga boshqa kishilarni ham «Ota» deb ataydiganlarning holatiga oʻxshaydi. Farzandingiz ustida faqat otalik haqqingiz boʻlgani holda, bunday holatni qanday qabul qilmayotgan boʻlsangiz, insonlarining ustida Ilohlik haqqi boʻlgan, ularni yaratgan, odamzodni yashatgan Alloh taolo ham O’zi bilan birga boshqa narsalarga qullik, ibodat qilinishiga aslo rozi boʻlmaydi!

Kulimsiradim.

Faqat Allohga qullik qilish masalasini qanchalik goʻzal misol bilan tushuntirgan edi!
– Minnatdorman!

Nigohlarida xursandchilik aks etdi. Mamnun bir ovozda:
– Tushunganingiz uchun men sizga rahmat deyishim lozim.

Ha, men anglab yetgandim... Alloh bilan birga boshqa hech narsaga qullik qilmaslik kerak. Ham Allohga, ham togʻutga qullik qiladiganlar, Allohga emas, togʻutga sigʻingan kimsalar edi!

Togʻut!

Yana roʻpara keldim, shu soʻzga!..

Lekin, hamon ana shu togʻutning kim yoki nima ekanini, qayerda ekanini, insonlarni qanday qilib oʻziga sigʻinishga chaqirishini bilolmay hayron edim.
– Bu oʻlkada togʻutning nima ekanini, kimlardan iboratligini tushunolmayapman?

Boshini «Boʻldi», degandek qimirlatgancha:
– Inshaolloh buni tushunib olasiz, – dedi. Soʻngra oʻrnidan turdi. Ketishga chogʻlanganini koʻrib tursam-da, aslo ketkazgim kelmayotgandi.
– Hojatxonangiz qayerda?

Xursand boʻlib ketganimdan darhol oyoqqa turdim:
– Marhamat.

Unga hojatxonani koʻrsatganimdan keyin xonamga qaytdim. Magnitofon esimga tushdi. Darhol yozish tugmasini bosdim. Kasseta haliyam tugamagan ekan. Har ehtimolga qarshi boshqa yangi kasseta qoʻydim. Soʻngra oʻtirgancha Said domlaning soʻzlarini mulohaza qila boshladim.

Menga yangi, yap-yangi narsalarni bildirgan bu odamga nisbatan hurmat tuygʻusi uygʻongandi qalbimda. Uni yoqtirib qolgandim.

O’n daqiqalardan keyin kirib keldi.

Yuzi hamda sochlari hoʻl edi. Tahorat qilganligi bilinib turardi. Unga darhol bir sochiq uzatdim. Olarkan, rahmat aytdi. Kursimga oʻtirarkanman, yana sekingina magnitofon tugmasini bosib qoʻydim. Bu yashirincha harakatim oʻzimga ham yoqmayotgandi, biroq, na iloj?.. Alloh kechirsin!..
– Togʻut haqida bahs yuritayotgandik.
– Ha, har bir musulmon saqlanishi lozim boʻlgan togʻut haqida gaplashayotgan edik va siz oʻlkamizda mavjud boʻlgan togʻutlarni tanitishimni soʻragandingiz.
– Shunday.
– Bizning boshqa choy haqqimiz yoʻqmi?
– Kechirasiz, umuman xayolimdan koʻtarilibdi!..

Darhol ikkita choy buyurdim. Soatga qaradim. Peshin kirayozgandi. Telefon tugmasini takror bosdim:
– Mehmonim bilan shu yerda ovqatlanaman. Tayyorgarlik koʻring.

Said domlaga qaragancha soʻradim:
– Yeydigan hech qanday parhez ovqatingiz yoʻqmi?
– Parhezda emasman, lekin ishtaham yoʻqroq. Men uchun ovora boʻlmang.
– Iye, bu nima deganingiz, ovorasi bor ekanmi!

Shu onda choy keltirishdi. Xizmatdagi xodimimga minnatdorchilik bildirgancha, choyini oldi. Choyiga ikki qoshiq shakar soldi va aralashtirgach, kursiga suyanib oʻtirib oldi. Koʻzlarimga tikilgancha gapirishni boshladi:
– Saljuqbey! Din va Iloh tushunchalarining qanday ma’noni bildirishini anglab yetgan vaqtingiz, shubhasiz togʻutning ham nima ekanini, kim ekanini mutlaqo tushunib olasiz. Men avvalo din soʻziga toʻxtalaman. Din nima? Din degan paytimiz nimani tushunmogʻimiz kerak?

Bir lahza jim boʻlib qoldi!.. Javob berishimni emas, oʻylab koʻrishimni istayotgandek edi. Holbuki, oʻylanadigan nima ham bor edi! Hammamiz biladigan narsa emasmi? Din degan paytimiz barchamiz nimani nazarda tutishimiz ma’lum-ku. Allohni rozi qilish uchun U buyurgan ba’zi ibodatlarni bajarishimiz, ichkilik-aroq hamda choʻchqa goʻshti singari harom boʻlgan narsalardan saqlanishimiz. Bu javobni bilsam-da, hech narsa demadim. Javobini uning oʻzidan kutayotgandim.

Din, bir yashash shaklidir. Islom dini ba’zi kishilar oʻylaganlaridek,yigirma toʻrt soatimizning muayyan vaqtlarigagina emas, yashagan butun yigirma toʻrt soatimizga tegishli boʻlgan, oydinlatgan, umrimizning har bir daqiqasini taftish qilgan, tartibga solgan bir dunyoqarash, bir hayot tarzidir.

Jumladan, dinimizning asl manbasi boʻlgan Qur’oni Karimga qarasak, unda butun hayotimizni qamragan, hayotimizni toʻligʻicha taftish qilgan hukmlarning, qonunlarning borligini koʻramiz. Chunki, mana shu Dindir! Chunki, din keng doiradagi hayot tarzidir. Shunday ekan, din degan vaqtimizda shuni bilmogʻimiz kerak.

Har din bir dunyoqarash, bir hayot tarzi boʻlganidek, har dunyoqarash, har bir hayot tarzi ham bir dindir! Butparastlik bir dindir, majusiylik bir dindir, insonlarga ma’lum bir hayot tarzini in’om qilgan har bir gʻoya, har bir tuzum bir dindir.

Uning soʻzlarini jon qulogʻim bilan tinglardim. Aytganlarini tushunishga harakat qilar va anglar edim.
– Yer yuzida asosan ikki xil din keng tarqalgan. Haq din va botil dinlar. Bashariyatdan manba olgan barcha gʻoyalar, barcha dinlar botildir. Bir qancha botil dinlar bor boʻlishiga qaramay, bitta, faqat bittagina haq din bordir.

Mushohada qilib oʻtirmasdan gapga aralashdim:
– Islom!..

Soʻzini boʻlgandim, biroq jahli chiqmadi. Bir muddat koʻzlarimga tikilib turdi-da, soʻradi:
– Nega Islom?

Tavba qildim, savolni qarang! Bu odam meni yana taraddudlantirib qoʻygandi.
– Nega deganingiz nimasi? Islom dini insoniyat tarafidan oʻylab topilgan din emas. Alloh tarafidan yuborilgan haq dindir.
– Juda toʻgʻri. Biroq, izohlashingiz lozim boʻlgan bir masala bor. Musoviylik ham, Isoviylik – xristianlik ham samoviy ya’ni Ilohiy manbaga ega boʻlgan dinlardir. Shunday ekan, nega musoviylik yoxud xristianlik demasdan, Islom dini dedingiz?

Nima deyishimni bilmay oʻylanib qoldim. Bu toʻgʻri e’tiroz edi. musoviylik ham, xristianlik ham Ilohiy manbalarga tayangan dinlar edi. Biroq, bir daqiqa!.. Ammo ular dinlarini buzishgan edi!
– U dinlar ham Alloh tarafidan yuborilgan, ammo odamlar undagi Ilohiy hukmlarni oʻzgartirishgan, dinni buzishgan!..

Mayin tabassum bilan boshini ohista qimirlatdi. Soʻzlarimni tasdiqlayotgandi.
– Ha. Manbasi Ilohiy boʻlgani bilan, insonlar tomonidan oʻzgartirilgan, ba’zi hukmlari oʻchirilib, ba’zi yangi hukmlar kiritilgan dinlar ham botildir!

Bir oz jim turganidan soʻng soʻradi:
– Xoʻsh, musulmonman degan insonlar ham dinlarida yoʻq ba’zi narsalarni kiritib, Alloh buyurgan ba’zi bir amallarni tark qilsalar va nomini Islom deb atasalar, bu din haq din boʻladimi?

Nima deyishim mumkin? Javobi ma’lum...
– Boʻlmaydi...
– Ha, boʻlmaydi. Bularni aytishimning sababi, Islom dinini haq din qilgan unsur, bu dinning faqatgina samoviy boʻlishi, yoxud nomining Islom deyilishi emas.

Shunday ekan, biz yashayotgan dunyomizda oti Islom deb atalgan har qanday dinga, nomi Islom deb atalgan har qanday hayot tarziga haq dindir, deyolmaymiz. Chunki, nomi Islom boʻlishiga qaramay, insonlar tarafidan kiritilgan yangiliklar hamda yoʻl qoʻyilgan kamchilik va xatolar, ataylab yoki bilmasdan dinni buzish kabi holatlar mavjud boʻlgan din, asl e’tibori bilan Haq din boʻlgan Islom dini emasdir! Manbasi Ilohiy boʻlishiga qaramay, insonlar tomonidan bid’at, xurofotlar kiritilib, buzilgan dinning musoviylik yoxud xristianlik dinidan hech qanday farqi yoʻqdir.

Bir muddat tin olgach, davom etdi:
– Alloh Taolo nazdida yagona Haq din boʻlgan Islom, Qur’on va sunnat chegarasidagi Islomdir. Chunki, haq boʻlgan din, Haq oʻlchovlariga koʻra yashalgan dindir.

Men hayratda qolgandim! Bilaman deb hisoblagan masalamda qanchalik bilimsiz ekanimdan hayratlanayotgandim. Din soʻzining nechogʻlik keng va teran ma’nosi bor ekan!

Mening shu paytgacha mavjud boʻlgan din haqidagi tushunchamni qanday baholash mumkin?.. Shu paytgacha nomi Islomdan iborat hamma narsani haq deya qabul qilardim. Holbuki, haq boʻlgan Islom, Said domla ta’kidlaganidek, Haq oʻlchovlariga sodiq boʻlgan Islom ekan!

Uning soʻzlari nihoyatda toʻgʻri emasmi? Nomi Islom boʻlishiga qaramay, oʻzgartirilgan, buzib koʻrsatilgan bir dinning musoviylik yoxud xristianlikdan nima farqi bor? Bid’atlar kiritilib, Allohning haq hukmlari chiqarib tashlangan xristianlikni botil deymiz-u, ayni shaklda buzib koʻrsatishga urinilgan dinni oti Islom ekan deb, haq deya olamizmi?

Yaxshi, biroq Islom dini shunday bid’atlar bilan buzilganmi? Islom dini e’tiqodida ekanini bildirgan musulmonlar ham musoviylar yoki xristianlar singari dinlarini buzishganmi?
– Islom dinini ham oʻzgartirishganmi? U ham buzilgan botil dinmi?

Darhol qoʻlini koʻtargancha menga «Jim!» degandek ishora qildi. Koʻzlaridagi ma’no keskin oʻzgargan edi!
– Alloh asrasin, aslo! Islom dinini bunday tahlikadan Allohning O’zi asrasin! Bugungi kunda dunyoda haq boʻlgan Islomni, haq boʻlgan oʻlchovlariga asosan yashayotgan milyonlab musulmonlar bor! Bu musulmonlar tobe boʻlgan din, hech shubhasiz, haq boʻlgan Islomdir. Faqat, nomi Islom atalishiga qaramay, ba’zi firqalar, ba’zi guruhlar, ba’zi bir tariqatlar tarafidan buzilgan din, haq boʻlgan Islom emasdir! Men faqatgina mana shuni aytmoqchi, bildirmoqchi edim, xolos.

Masalani anglagandim.

Dunyoda haq boʻlgan yagona din Islom edi. Ammo, nomi Islom deya atalgan hamma din ham haq din emasdi. «Tushundim», degandek, boshimni qimirlatdim.
– Din mavzusida shu qisqa ma’lumot hozircha yetadi. Muhim boʻlgan narsa, dinning nima ekanini bilishimiz, haq va botil dinlarning asosiy mohiyatini tushunmogʻimizdir. Aslo unutmasligingiz kerak boʻlgan xusus, haq boʻlgan din, haq oʻlchovlariga sodiq boʻlgan din ekanligidir. Shu bois, haq boʻlgan Islom, Qur’on va sunnat chegarasida ta’riflangan hamda ayni chegarada yashalgan Islomdir.

Minnatdorchiligim aks etgan koʻzlarimla unga boqarkanman, « Hammasi tushunarli, ustoz!» dedim. Uni birinchi bor ustoz, deb atayotgan edim. Bu soʻzimdan hech qanday xijolat chekmadim. Bu inson haqiqatdan ham muhtaram bir kishi edi va ustozim hisoblanardi.

Telefon jiringladi. Goʻshakni koʻtardim.

Kotibam kimnidir ulamoqchi ekanini bildirdi. «Ulama, bandman», deya goʻshakni qoʻydim. Soʻngra Said domlaga qarab, «Marhamat, davom eting», deya iltimos qildim.
– Endi esa, Iloh tushunchasi ustida bir oz mulohaza yuritamiz. Iloh oʻzi nima?

Ozgina tin olgach, davom etdi:
– Iloh, Buyuk deya Unga sigʻiniladigan, yordam soʻraladigan hamda O’ziga ibodat qilinadigan Ma’bud, Tangri demakdir.

Axir bu men oldindan biladigan ta’rif bilan bir xil-ku! Zotan men ham Iloh deganda xuddi shunday tushunchaga ega edim. «Ha» degandek, boshimni qimirlatdim.

Soʻzini davom ettirdi:
– Shunday qilib, Islomning ya’ni dinga kirishning eng birinchi va eng muhim sharti, yagona Iloh Alloh ekanini bilish va tasdiqlash, faqat Ungagina qullik qilishdir. Xususan, shahodat kalimasida keltirilgan tavhid soʻzining ma’nosi mana shudir. «La ilaha illalloh» ya’ni, Allohdan boshqa iloh yoʻqdir, faqat Alloh bordir.

Bu ham gʻoyat tushunarli va aniq boʻlgan narsa edi. Barcha musulmonlar iloh oʻlaroq faqatgina Allohni qabul qilishadi. Said domlaga qarab, «Buni ham tushundim» dedim.

Jim boʻlib qoldi. Koʻzlarimga oʻychan-oʻychan tikilarkan, «Shoshilmang, hali yetarlicha tushundingiz, deb oʻylamayman», dedi. E’tiroz bildirmadim. Faqatgina kulimsirab qoʻydim. Biroq uning nigohlardagi jiddiyat oʻzgarmadi.
– Endi sizdan bir narsani soʻramoqchiman. Allohdan boshqa iloh yoʻq ekan, u holda nega Rabbimiz bizlarni tavhid kalimasini bilishimiz uchun qattiq qistovga olmoqda, tavhidga chaqirmoqda?
– Anglamadim?
– Mana eshiting, sizga bir misol keltiraman: Sal avvalroq oʻgʻlingizdan bahs etgandik. Siz biror marta oʻgʻlingizga «O’gʻlim, sening mendan boshqa otang yoʻq. Sening otang faqat menman», dedingizmi?
– Yoʻq!
– Albatta aytmagansiz. Chunki, bunday deyishingizning hech qanday hojati boʻlmagan.

Bir muddat jim qolgach, davom etdi:
– Yaxshi, siz oʻgʻlingizning yagona otasi boʻlganingiz holda bunga ehtiyoj tuymasdan, bashariyatning yagona Ilohi boʻlgan Alloh Taolo nega bunday soʻzni aytishni lozim deb bildi? Nima sabab, qayta-qayta «Sizning Mendan oʻzga Ilohingiz yoʻq. Sizlarning yagona Rabbingiz faqat Menman!» degan haqiqatni eslatmoqda?

Bu savol qarshisida jim boʻlib qoldim.
– Hayajonlanmang, masala siz oʻylaganchalik chigal emas. Endi tasavvur qiling, oʻgʻlingizga: «O’gʻlim, sening mendan boshqa otang yoʻq» deb qachon aytishingiz mumkin? Yoxud qanday vaziyatda bunday ta’kidga ehtiyoj tuyasiz?

Juda qiziq savol edi bu!

Men qachon oʻgʻlimga »Sening mendan boshqa otang yoʻq!» deyishim mumkin? Javob topishga qiynalmadim. Agar ba’zi kimsalar oʻgʻlimga uning otasi ekanliklarini aytib, yolgʻon iddaolarda boʻlishsa, tuhmat qilishsa, ana oʻsha paytda ularning soʻzlarini inkor qilish uchun bunga ehtiyoj tuyaman.
– Qachonki, yolgʻonchi kimsalar oʻgʻlimga uning otasi ekanliklarini iddao qilishsa, oʻshanda, – dedim.

Kulimsiradi.
– Juda oddiy! Xususan, tavhid kalimasiga chaqirilishimizning hikmati ham xuddi shu. Allohdan boshqa iloh yoʻq, ammo, bu dunyo hayotida bizga oʻzini «iloh» deya koʻrsatishga urinadigan, ilohlik da’vosini qilayotgan narsalar juda koʻp!

Parvrdigorimiz esa, bizlarning «La ilaha» deyishimizni va bu soʻzning ochiq haqiqati oʻlaroq bizlarga ilohlik iddaosida boʻlgan bu singari soxta ilohlarni inkor qilishimizni istamoqda.

Hammasini endi tushunib yetgandim. «La ilaha» deyish bilan bor boʻlgan yagona Allohni emas, ilohlik da’vosida boʻlgan barcha soxta ilohlarni rad qilishimiz kerak ekan! Endi men uchun anglashilmagan yagona narsa, soxta ilohlarning kim yoki nimalardan iboratligi edi!

Rasululloh (s.a.v.) zamonlarida butlar bor edi. Insonlar butlarga sigʻinishardi. Biroq bunday butlarning barchasi tarixda qolib ketgandi. Balki, Afrikada butlarga sigʻinadigan ba’zi qavmlar boʻlishi mumkin. Biroq ularning bizga, bizning jamiyatimizga qanday aloqasi bor? Bizning oʻlkamizda bunaqa butlar ham, butparastlar ham yoʻq-ku!
– Biz yashayotgan oʻlkada uni iloh deya sigʻinishimizni istagan, ilohlik iddaosida boʻlgan soxta ilohlar bormi?
– Qudratli Tangrimizning Ilohlik haqqini oʻzida koʻrgan har kishi, har ma’muriyat, yoxud har jamiyat insonlarga nisbatan ilohlikni iddao qilmoqda.

Toʻgʻrisini aytsam, umuman hech narsa tushunmagandim!
– Anglayolmadim?
– Rabbimizning barcha insonlarga oid Ilohlik haqqini tushungan paytingiz buni ham tushunib olasiz.

Uzoq sukut ichra koʻzlarimga tikildi.

Bu nigohlar nihoyatda jiddiy va ta’sirchan edi. Goʻyo menga yuqoridan, juda balandlardan qarayotgandek tuyulardi. Nega bunday qarayotganini anglayolmasdim!..

O’shanday holatda soʻzini davom ettirdi:
– Rahmon va Rahim boʻlgan Rabbimiz, bizlarni bu dunyoda oʻz bilganimizcha yashashimiz uchun yaratmagan. Evaziga yo Jannat, Yo Jahannam beriladigan imtihon dunyosidir bu! Bu imtihonning oʻlchovlari, aniqrogʻi chegarasi esa, ba’zi kimsalar oʻylaganidek, yoxud aytganlaridek, muayyan vaqtlarda namoz oʻqish va muayyan vaqtlarda roʻza tutishdan iborat emas! Yana ham ochiqroq ifodalaydigan boʻlsak, Alloh taolo, bu insonlarga «Muayyan vaqtlarda namoz oʻqing, bundan tashqari vaqtlarda xohlagan ishingizni qilavering», deya erkinlik bermagan, insonlarni oʻz bilganlariga tashlab qoʻymagan! Chunki, Islom diniga koʻra Allohga qullik, muayyan vaqtlarni emas, butun bir hayotni qamragan, inson umrini toʻlaligicha oʻz ichiga olgan qullikdir. Shu boisdan mehribon Parvardigorimiz biz insonlarga faqat namozga, faqat roʻzaga tegishli hukmlarni emas, butun hayotimizga, turmushimizga oid hukmlarni nozil qilgan. Jumladan Qur’oni Karimni ochib oʻqigan har inson, istiqomat ya’ni yashash tarzi bilan bogʻliq bu hukmlarni koʻradi.

Bir lahza tin olgandan soʻng, koʻzlarimga qiziqsinib qaragancha soʻradi:
– Insonlarni yoʻqdan yaratgan, xilma-xil ne’matlari bilan yashatib qoʻygan Allohning, insonlar hayotiga doir, ularning qanday yashayotganiga tegishli hukmlar qoʻyishga haqqi bormi-yoʻqmi?

Bu qanday savol boʻldi?!
– Albatta bor!

Ana shu bor deganingiz haq, Allohning insonlar va jamiyat ustidagi Ilohlik haqqidir.

Anglayotganimni koʻrgach, soʻzlarini davom ettirdi:
– Ilohlik haqqini tushunganingizdan keyin, ikkinchi masalani ham bilib olishingizga toʻgʻri keladi. Yaratgan Rabbimiz ana shu Ilohlik haqqini hech bir paygʻambarga, hech qaysi avliyoga, hech kimga, hech qaysi jamiyatga, hech qanaqa ma’muriyatga na-da hech bir davlatga bermagan! Insonlar hamda jamiyatlar ustidagi ana shu Ilohlik haqqi, faqat va faqat Allohga oid boʻlgan haqdir!

Juda aniq va loʻnda gapirgan Said domlaga qarab qoldim. Uning aytganlarini gʻoyat yaxshi anglagandim. Insonlar hamda jamiyatlar ustidagi Ilohlik haqqi faqatgina Allohga oid bir haq edi!
– Tushundim, ustoz!
– Agar tushungan boʻlsangiz, shu savolimga javob bering! Har qanday bir inson, har qanday ma’muriyat, harqanday davlat, Allohning Ilohlik haqqini oʻzida koʻrsa, shunday haq menda ham bor desa, oʻzini kimning oʻrniga qoʻygan boʻladi?

Darhol javob berdim:
– Iloh oʻrniga!
– Toʻgʻri, lekin ular ilohmi?
– Albatta yoʻq!

Soʻng soʻzlashdan toʻxtadi va boshini qimirlatdi.
– Insonlarning ilohiman, deya da’vo qilayotgan soxta ilohlar mana shulardir! Alloh taolo hukm qoʻygan bir masalada u hukmni inkor qilib, oʻzi hukm qoʻyishga urinadigan, Alloh harom degan narsani halol, halol deganini esa, harom deydigan har qanday inson yoxud davlat yoki har qanday jamiyat bilib-bilmay insonlarga ilohlik qilishga uringan hisoblanadi! Musulmonning burchi va musulmon boʻlishning sharti, oʻziga ilohlik qilmoqchi boʻlgan har qanday kuchni «La ilaha» deya rad qilishi, Iloh oʻlaroq faqat Allohni qabul qilishi, yolgʻiz Unga yoʻnalashidir!

Qotib qolgandim. Hayratga tushdim yoki boshim shishdi, demayman. Chunki, na hayron qolgan, na-da karaxt boʻlgandim.

Balki, aytilganlarni gʻoyat yaxshi tushungandim, biroq anglaganlarim muallaq turgandek edi. Fikrlarimni bir yerga jamlayolmayotgandim.
– Bir oz aniqroq tushuntirasizmi?
– Albatta. Masalan, Rabbimizning namoz mavzusidagi hukmlaridan biri, dunyoning qayerida, qaysi burchagida boʻlmaylik, Ka’baga yoʻnalmogʻimizdir. Endi har qanday bir kishi yoxud har qanday bir kengash, «Bundan keyin namoz oʻqiyotganda Ka’baga emas, Shvetsariyaga yuzlanasiz» desa, shunday bir qonun chiqarsa nima qilasiz?
– Nima deyishim ma’lum-ku, ustoz! Ularga, sizni ham, qonunlaringizni ham...

Qoʻli bilan ishora qilgancha meni toʻxtatdi. Va oʻzi davom etdi:
– Qisqasi bunday hukmni, qonunni rad qilasiz. Bu mavzuda hukm qoʻyish Rabbimning haqqidir va eng goʻzal hukm qilguvchi Uning O’zidir, deysiz. Shunday emasmi?
– Ha, – dedim.
– Muhim boʻlgan narsa shuki, Allohning ushbu hukmida koʻrsatgan musulmonga xos qat’iyatni, Janobi Haqning qolgan barcha hukmlarida ham koʻrsatishingizdir! Chunki, Parvardigorimiz bizga faqatgina namoz va roʻzani buyurmagan. Hukm va hikmat sohibi boʻlgan Rabbimiz, tugʻilganimizdan to oʻlgunimizga qadar butun bir hayotimizni qamrab oladigan hukmlarni buyurgandir. Bu hukmlarning bir qismi muhim, qolganlari ahamiyatsiz emas! Namozga tegishli hukmlar qanday muhim boʻlsa, uylanishga oid, oila hayotiga aloqador, ishimiz, tijoratimiz, jamiyatdagi oʻzaro munosabatlarimizga tegishli hukmlar ham xuddi shunday muhimdir! Bu hukmlarning barchasi, Allohga qulligimizning isboti oʻlaroq yashashimiz, amal qilishimiz kerak boʻlgan hukmlardir. Allohning bu mavzudagi hukmlariga zid hukmlar qoʻyib, insonlarni shu soxta hukmlarga itoat qilishga chaqiradigan har qanday shaxs yoki jamiyat, insonlarga ilohlik da’vo qilayotgan, insonlarni oʻziga qullik qilishlarini talab qilayotgan bir togʻutdir. Musulmonning burchi esa, O’ziga ilohlik da’vosida boʻlgan barcha togʻutlarni «La ilaha» deya inkor qilishi va togʻutlarga qullik qilishdan oʻzini asrashidir.

Ha!..

Togʻutning nima ekani eng oxirida aniq boʻlgandi. Allohning hukmi oʻrniga hukm qoʻyadigan, insonlarni ana shu hukmga amal qilishga da’vat qiladigan har qanday shaxs yoki jamiyat togʻut edi. Va paygʻambarlarning barchasi insoniyatni ana shu togʻutga qullikdan qutqarish uchun yuborilgandi!
– Zotan paygʻambarlar ham xuddi shuning uchun yuborilmaganmidi?

Koʻzlarida sevinch porlagancha boshi bilan tasdiq ishorasini qildi.

Said domlaning aytganlarini oʻylaganim sayin joyimda turolmay qoldim. Uning fikrlari, izohlari goʻyo har tarafni oydinlatib, nurga toʻldirib yuborgandek edi!

Xonada mendan boʻlak hech kim yoʻqdek, oʻrnimdan turdim. Derazaning yoniga borgancha tashqariga, olislarga koʻz tashladim.

Hamma narsa boshqacha, mutlaqo boshqacha koʻrinardi koʻzlarimga! Barcha narsaning yuzidan niqobi tushgan, haqiqiy basharasi namoyon boʻlgandi goʻyo!..

Allohning hukmlarini inkor qilib,

Allohning hukmlarini ....

Allohning hukmlarini oʻtmishga nisbat etib, bu ilohiy hukmlarga «eskilik sarqiti» degan tamgʻani urib, insonlarni oʻz hukmlariga bosh egishga da’vat qilgan yuzlab soxta ilohlarni, yuzlarcha togʻutlarni koʻrardim atrofda!..

«Voy, benomuslar, voy podalar!» degan bir haqorat yuksaldi ichimdan. Insonlarni qanchalik aldayotgan, qanchalar yoʻldan ozdirayotgandi ular!..

Shuningdek, meni ham, meningdek madaniyatli ishbilarmonni ham aldayolgandi ular!

Boʻgʻzimgacha, naq boʻgʻzimgacha bir shirk botqogʻiga botganligimni his qildim ana shu lahzada! Ilgari hecham koʻrmaganim, avvallari aslo farqlayolmaganim bir ifloslik edi bu!

Nima qilaman, endi nima qilmogʻim kerak, deya oʻylamadim. Chunki, bilardim, juda yaxshi bilardim nima qilishim, nima deyishim kerakligini!

La ilaha!..

Allohdan boshqa iloh yoʻqdir!.. Alloh haqqi yoʻq!

La ilaha!..

Insoniyatga ilohlik da’vosida boʻlgan barcha soxta ilohlarni inkor qilaman!

La ilaha illalloh!

Insonlarga ilohlik da’vosidagi barcha ilohlarni rad qilaman. Chunki, Allohdan boshqa iloh yoʻqdir! Faqat yagona Alloh bordir!

La ilaha illalloh! La ilaha illalloh!..

Eng goʻzal haqiqatni eng goʻzal shaklda ifoda etgan bu soʻzni goʻyo endigina oʻrgangan, bu soʻzning hikmat toʻla sirriga goʻyo yangidan voqif boʻlgandim!

Naqadar goʻzal va naqadar muhtasham bir soʻz edi bu!

Bu soʻzni har aytganimda, tashqarida koʻrganim soxta ilohlarning, tashqaridagi togʻutlarning iflosligidan uzoqlashganimni, pok, top-toza bir shaxsiyatga tomon yuksalganimni his qilardim!

Alhamdulillah!..

Minnatdorchilik toʻla koʻzlarimla Said domlaga qaradim. Indamasdan oʻtirardi.. Goʻyo hech narsa bilmagandek, hech bir ish qilmagandek!..

Aslida esa, shoxlari oʻsib, har tarafga tarvaqaylab ketgan ulkan bir daraxtni besh-oʻn daqiqalik suhbat yordamida butab qoʻygan va oʻrtada tekis va chiroyli bir shakl hosil qilgan edi!

Ochiq-ravshan bir haqiqat namoyon boʻlgan edi!

«Allohdan boshqa iloh yoʻq . Faqat ALLOH bordir».

Said xoʻja tushlikka pishirilgan ovqatdan bir-ikki luqma yegach, ketishga izn soʻradi. Uni mashinamda olib borib qoʻyishimni aytsam, rozi boʻlmadi. Men ham ortiqcha qistamadim.

Domla ketgach, peshin namozini oʻqish uchun masjidga tushdim va namozdan soʻng xonamga kirib, magnit tasmasidagi yozuvlarni takror-takror eshita boshladim.

Asr namozidan keyin yana suhbat tingladim.

Shom kirgandi.

Ularni necha bor tinglaganimni bilmayman, faqat har eshitganimda yanada yaxshiroq tushunar, tafakkur ufqim tobora kengayayotgandek tuyulardi...

Tasmadagi soʻzlar bor-yoʻgʻi uch kalima yoxud, uchta tushunchani ifodalar edi:

Din, Iloh, togʻut...

Faqat shu uchta soʻz, faqatgina shu uch tushuncha, barcha insonlar, ayniqsa va eng avval barcha musulmonlar bilishi lozim boʻlgan tushunchalar edi! Chunki buni bilmay turib, ularning qanday ma’no anglatishini tushunmay turib, faqat va faqat yagona Allohga qullik qilishimiz, qila olishimiz mumkin emasdi!

Bir paytlar oʻqiganim ikki misra xayolimga keldi:

O’ttiz uch yil soatim ishlabdi, men turibman,

Koʻk yuzidan bexabar men uchirma uchiribman!..

Adashmasam, bu she’r rahmatli Najib Fozil qalamiga mansub edi. Ushbu misralarni ilk bora oʻqiganimda, masalani Najib Fozilning shaxsiga tegishli deb baholagan, faqat uning gʻaflati haqida soʻz ketmoqda deya izohlagandim. Holbuki, bahs mavzusi boʻlgan gʻaflat, mening gʻaflatim, tilga olingan gʻaflat ulkan bir jamiyatning gʻaflati ekan!..

Allohga imon keltirgan, Unga qullik qilishni istagan qancha-qancha insonlar afsuski, bu haqiqatdan bexabar edi. Belini toʻgʻrilashdan ojiz boʻlgan bu insonlar, ham Allohning, ham togʻutning qarshisida egilishardi. Holbuki, musulmon degani faqat Allohning huzurida egiladigan inson degani. Chunki, Allohning dargohida qabul qilinadigan qullik, yolgʻiz Unga qilingan qullikdir!

Biroq bilishmasdi, anglashmasdi insonlar buning mohiyatini!

Ertasi kun fabrikaga kelgach, barcha ishchilarni ovqatlanish xonasiga toʻplab, barchasidan birma-bir »Din nima, Iloh nima, togʻut nima?» deya soʻragim keldi. Barchasiga bu haqiqatlarni bildirib, hammasini namoz oʻqishga chaqirishni istadim.

Soʻngra bu fikrimdan qaytdim. Bu suhbatni Said domlaning oʻtkazgani ma’qul edi. Istagimni unga yetkazishim lozim edi. Negaki, qoʻl ostimda ishlayotgan insonlarga nisbatan mas’ul edim. Ularning oldida bajarishim shart boʻlgan burchim, muhim vazifam edi bu!

Men shunday boʻlsa ham, peshin va asr namozlarini fabrikaning masjidida oʻqigan ishchilarni yonimga chaqirib, ular bilan suhbatlashgim keldi. Avval ularga savollar berdim. Barchasi bir-birining yuziga termulgancha, savolimga javobni yonidagining aftidan topishni istayotgandek, jim turishardi. Togʻut haqida soʻraganimda esa, mutlaqo hayratga tushishdi. Yoshi keksarogʻi esa, «Taqsir, u togʻut emas, tobut», deya mening xatoimni tuzatishga harakat qildi.

Togʻutning nima ekanini bilmasdan, tobut tomon odimlayotgan bu kishiga achinib qaradim... Uzoq yillardan buyon besh vaqt namoz oʻqiyotgan, necha ming martalab masjidga borgan bu kishining, togʻutni rad qilishi bir taraf, uning ne ekanini bilmasligi bir taraf edi...

Bir qancha masjid hamda ba’zi masjid imomlari haqidagi gaplar toʻgʻri edi. Alloh rozi boʻladigan dinni oʻrganish maqsadida masjidga borgan koʻplab insonlar, daraxt ekishning fazilatini oʻrganishardi, biroq Islomning fazilatini oʻrganisholmasdi. Islomga kirishning eng muhim sharti boʻlgan kalimai tavhidning ma’nosi nima ekanini, «La ilaha» deganlarida nimani inkor qilishganini bilishmasdi!

Qiziq, insonlarga bu haqiqatlarni oʻrgatmagan dindorlar bu holni qanday baholasharkan?! Yoki oʻzlari ham bilishmasmikan? Yoʻqsa, bila turib jim qarab turishganmikan?

Men uchun muhim boʻlgan bu savolning javobini oʻrganishni, hoziroq bilishni istardim!.. Eng yaxshisi, ularning oʻzidan soʻrash va javobni ularning ogʻizlaridan eshitish edi. Shunda aqlimga magnit tasmalar keldi. Ularni chaqirib, tasmadagi yozuvlarni birga eshitishimiz mumkin edi. Zotan, tasmalarni xuddi shu niyatda toʻldirgan edim.

Darhol ikkita imom domlaga sim qoqib, ularni tushlikka taklif qildim. Taklifimni qabul qilishdi va peshin namozidan keyin kelishlarini bildirishdi.

Masjidda peshin namozini oʻqib, yuqoriga chiqqanimda mehmonlarim ham yetib kelishdi. Ikkalasi ham koʻp yildan beri va’z oʻqirdi. Ikkisi ham hurmatga, obroʻ-e’tiborga ega vo’izlar edi.

Avval tushlik qilib oldik. Mendan xasta «oʻrtogʻim»ning ahvolini soʻrashdi. Hozircha hech qanday oʻzgarish yoʻqligini aytdim. Ular shu masalada chaqirgan, deya oʻylayotganlari bilinib turardi.

Ularga Said domlaning ismini aytmasdan, masalani qisqacha tushuntirdim. Soʻngra, mening bu mavzuda yetarli bilimim yoʻqligini, shu sabab magnit tasmalarni tinglaganlaridan keyin fikr bildirishlarini aytdim.

Ulardan biri menga shubha bilan qaradi. Soqoli bori esa: «Juda soz, Saljuqbey, eshitamiz!» dedi.

Qahva buyurgancha, birinchi tasmani magnitofonga qoʻydim. Tinglay boshladik. Ovoz gʻoyat tiniq yozilganidan, juda aniq eshitilardi. Ular mendan Ismoilning kimligini soʻrashdi. «Eski tanishim», dedim.

Eshitishda davom etishdi.

Said domlaning bir qancha masjidlar hamda ma’ruzachilar haqidagi gaplarini takror eshitmoqchi ekanliklarini bildirishdi. Orqaga qaytargancha, istaklarini bajardim. Soqolsizi yonidagisiga qaragancha, boshini ikki tarafga chayqadi. Bu harakatining ma’nosini tushunolmadim.

Said domlaning togʻut haqidagi soʻzlarini ham eshitganlaridan keyin ikkinchi kassetani qoʻydim. Bezovta boʻlayotganga oʻxshashdi. Soatlariga qaragancha, vaqtlari yoʻqligini, kech qolishayotganlarini aytishdi. Bu kassetaning qisqa ekanini bildirib, tinglashlarini soʻradim.

Istamaygina rozi boʻlishdi!..

Hech narsa demasdan ikkinchisini ham eshitishdi. Yuzlaridagi ifodadan, tasmadagi gaplarni hech ham xushlamaganliklari koʻrinib turardi! Magnitofonni oʻchirgancha, soqoli yoʻgʻiga yuzlanib soʻradim:
– Xoʻsh taqsir, qanday fikrdasiz?

Birdan javob bermadi. Bir oz jim turgach, oʻyga toldi. Soʻngra boshini qimirlatgancha, soʻz boshladi:
– Muhtaram Saljuqbey! O’zini domla deb ataydigan bunaqangi kishilarning gaplariga e’tibor bermang. Bular qayerda yashayotganini bilmaydigan, oʻtmishdan saboq olmagan kimsalardir. Turkiyada shuncha dinsiz bor ekan, shu dinsizlarni qoʻyib, dindorlar bilan tortishadigan bunday kimsalarni nima deb atashga ham hayronman! Men bular haqida bahslashishni istamayman. Eng yaxshisi, ularni Allohga havola qilishdir!

Men yana gapiradi degan fikrda kutdim. Ammo, boshqa bir ogʻiz ham soʻzlamasdan jim boʻldi. Hayratim oshdi!.. Said domlani Allohga havola qilish bilan ishni bitirgandi!
– Bir daqiqa shoshmang! Meni qiziqtirayotgan narsa, bu odamlarning kimligi emas, ularning soʻzlari. Aytganlari toʻgʻrimi yoki xatomi?
– Qaysi gapi?
– Togʻut haqida, din va iloh haqidagi gaplari.

Jim boʻlib qolishdi.

Avval bir-birlarining yuzlariga, soʻngra mening yuzimga termulishdi. Men esa javob kutayotgan edim. Soqol qoʻygani masalaga oydinlik kiritishni istadi:
– Eshiting, uning aytganlari toʻgʻri boʻlgani bilan, hamma toʻgʻri gapni duch kelgan joyda gapiraverish toʻgʻri emas. Bundan tashqari, bizlar hozircha davlat ishida mas’ul lavozimda boʻlsak!
– Davlat ishida ishlayotganingizning bunga nima daxli bor?

Jaholatimni koʻrib, kulishdi. Soqoli boʻlgani ayni tabassum bilan javob berdi:
– Saljuqbey! Bu oʻlkada qonunlar bor. Qur’oni Karimda kelgan hamma haqiqatni har yerda gapirolmaysiz!
– Hattoki masjidlarda hammi?
– Albatta masjidlarda ham!.. Chunki, masjidlarda ish yuritadigan birodarlarimiz ham davlat maoshi hisobiga ishlaydigan hukumat xizmatchisi. Hamma boshliqlar singari ular ham qonunlarni e’tiborga olishga majbur! Agar shunday qilishmasa, ham ishdan ayriladilar, ham ustlaridan jinoiy ish ochiladi.
– Tushunmadim?
– Nimasini tushunmaysiz? Masalan, masjidlarda ish olib boradigan har bir birodarlarimiz, Allohning hukmi bilan hukm qilmaganlarning kofir ekanligini juda yaxshi biladi. Biladi-yu, biroq buni masjidlarda aytolmaydi. Chunki, Qur’oni Karimda kelgani bilan, davlatni tanqid qilgan davlat ishiga tegishli oyati karimalarni kun tartibiga kiritish ma’n qilinadi. Bu qoidaga amal qilmagan bir qancha dindorlar, xalqni davlatga qarshi gij-gijlashda ayblanib, qamoqqa olingan.
– Qamoqqa olingan oʻsha insonlarning gaplari toʻgʻrimidi?
– Albatta toʻgʻri! Hammasi Qur’oniy haqiqatlar, barcha aytganlari rost.

Gapini davom ettirmoqchi edi, biroq. Yonidagi turtib qoʻygandan soʻng toʻxtab qoldi. «Nima deysan?» degandek unga qaradi. Ikkinchisi stolga qaragancha, magnitofonga ishora qildi!

Qotib qoldi! Magnitofonga tikilgan koʻzlari qoʻrquvdan yiriklashdi. Nigohlarini avval menga, soʻngra magnitofonga tikib, pichirlagan ovozda: »Magnitofon qoʻshilganmi?» dedi.

Uni tinchlantirgim kelmadi.

«Hamma gapingni eshitdim, kim ekaningni bilaman», degandek boshimni qimirlatgancha unga qaradim. Oyoqqa turib, magnitofonga qaramoqchi boʻldi. Magnitofonni stol ustidan olib, tortmaga solib qoʻydim.

Bir muddat oyoqda turgancha qoldi! Soʻng joyiga oʻtirdi. Qoʻrqqani, vahimaga tushgani bilinib turardi. Men esa qiyofamni oʻzgartirmasdan unga qarab turarkanman, endi nima qilishini, nima deyishini kutib turardim.
– Saljuqbey!.. Sizdan oʻtinib soʻrayman, bu gaplar oramizda qolsin. Uch yarim yildan keyin nafaqaga chiqaman. Iltimos!..

«Bu gaplar oramizda qolmaydi», dedim. Koʻzlari kattalashdi. Nima qilishini bilolmay, avval soqolini tutamlab turdi, soʻngra iyagini qashiy boshladi. Soʻzimni davom ettirdim:
– Mana shu suhbatimiz, ogʻzimizdan chiqqan har bir soʻz Mahsharda, Huzuri Ilohiyda yuzaga chiqadi!..

Ikkalasi ham baravar chuqur «Uhhh...» deb yubordi! Yuzlaridagi qoʻrquv va xavotir sekin-asta yoʻqola boshladi. Yengil tortishgani koʻrinib turardi!.. Ularga qaradim.

Allohning dinini oʻrganish uchun masjidlarni toʻldirgan shuncha inson Islomni mana shulardan, shularga oʻxshash dindorlardan oʻrganishadimi?! Hatto toʻrt devor orasida haqni, haqiqatni gapirishdan qoʻrqadigan bu insonlar, jamoatga ochiq maydonda qanday qilib haqdan gapirsin?!.

Oldiniga ularga achindim!.. Magnit yozuvlar qoʻrquvidan qarshimda qaltirab, bukilib oʻtirgan bu odamlarga avval toʻgʻrisi achinib ketdim. Soʻngra koʻz oldimga masjidlarni toʻldirgan milyonlarcha chorasiz insonlar keldi! Achinishim kerak boʻlganlar, hech shubhasizki, haq talabida masjidlarni toʻldirib, Islomni oʻrganishga intilgan insonlar edi!

Islom diniga tolib boʻlishlariga qaramay, haqiqiy Islomdan bexabar boʻlgan bechora insonlarga achinishimiz, ularga marhamat qilishimiz kerak edi! Ularni shu ahvolga solganlar esa, manavilar, shularga oʻxshagan dindorlar edi!

Toʻrt-besh soʻm maosh ilinjida haqiqatni bekitgan, nafaqa haqqiga koʻz tikaman deb, Ilohiy haqdan koʻz yumgan bu bechora insonlardan jirkana boshladim. Bir lahza nima qilishimni, ularga qanday munosib soʻz aytishimni bilmay oʻylanib turib qoldim. Ularga faqat «Yoʻqoling!» deyishim mumkin edi. Oyoqqa turgancha «Yoʻqoling!» deya hayqirgim keldi!

Faqat buning iloji yoʻq edi. Negaki, ular mehmonim hisoblanishardi. Bu soʻz ularga juda munosib edi, biroq mening ogʻzimga yarashmasdi. Bir amallab oʻzimni qoʻlga olishga, jahlimni zabt qilishga urinarkanman, ularga eshikni koʻrsatdim:
– Marhamat keting, endi keting!..

Bugun yakshanba.

Ayolim bilan bu tun uzoq suhbatlashdim. Bolalarni soat oʻnda uxlatganimizdan keyin zalda yolgʻiz qolgandik. Mening boshim ozgina ogʻriyotgandi. Choy bilan birga ikkita ogʻriq qoldiruvchi dori ichdim. Xotinim Shirin bu ogʻriqning sababi koʻp ishlaganimdan deb oʻylardi, oʻzim unga shunday degandim. Shuning uchun sal kamroq ishlashimni uqtirdi.

Shirin juda yaxshi ayol edi. Unga mehr va muhabbat bilan qaragancha soʻzlay boshladim. Eng avval unga imon keltirganimiz Zot Alloh haqida gapirdim. Allohga boʻlgan ishonchimizning har qanday shubhadan yiroq ekanini yana bir bor takrorladim. U ham mening soʻzlarimni samimiy tarzda tasdiqladi. Soʻngra paygʻambarlar haqida gapirdim. Paygʻambarlar insonlarni faqat Allohga qullik qilishga da’vat qilishganini va insoniyatga eng toʻgʻri haq dinni keltirishganini tushuntirdim. Din haqida ta’rif berib, haq hamda botil dinlar haqida qisqagina ma’lumot berdim.Agar insoniyat birinchi boʻlib kelgan paygʻambar hamda u olib kelgan haq dinni buzishmaganlarida, Allohning haq diniga oʻzgartirish kiritmaganlarida, ana shu bitta paygʻambar hamda bir din ularga yetarli boʻlishini bildirdim. Biroq, insonlar har kelgan yangi dinni buzishganini, shu sabab Alloh taolo har bir oʻzgarishdan keyin boshqa bir paygʻambar vositasida yana yangi din nozil qilganini tushuntirdim. Mana shu yergacha aytgan soʻzlarimni juda yaxshi tushundi.

Keyin esa, barcha paygʻambarlarning yuborilish gʻoyasi boʻlgan, insoniyatni togʻutga qullikdan qaytarib, Faqat Allohga qullik qilishga da’vat masalasini tushuntira boshladim.

Togʻutning nima ekanini Shirin ham yaxshi anglayolmadi.

Togʻutni qiyinchiliksiz tushunishi uchun, Iloh kalimasining ma’nosini hamda tavhidning nima ekanini anglatdim.

Haqiqiy Iloh bilan, insonlarga ilohlik da’vosida boʻlgan soxta ilohlarning, tavhid kalimasi bilan qanday qilib bir-biridan ayrilganini, soxta ilohlarning inkor qilinib, yagona Iloh oʻlaroq Allohning tasdiq etilishi kerakligini tushuntirdim.

U barcha aytganlarimni diqqat bilan tinglarkan, ma’nosini anglashga harakat qilardi. Soʻng koʻzlarimga tikilgancha:»Sal avvalroq togʻut deganingiz, insonlarga ilohlik da’vo qilgan soxta ilohlarmasmi?» deya soʻradi. Allohga hamd aytib:»Ha xuddi shunday!» dedim. Keyin, togʻutga misollar keltirib, tavhid kalimasini shu idrok bilan aytishi lozimligini uqtirdim.

«La ilaha illalloh» dedi. Soʻng bir nafas toʻxtadi-da, oʻylay boshladi. Boshini ohista qimirlatgancha, yana «La ilaha illalloh» dedi.

Bir muddat jim qoldik. Keyin mendan:»Juda soz, Saljuqbey! Endi nima qilishimiz kerak?» deya soʻradi. Xotinimning bunday samimiy gapirishi menga juda yoqqan, ham meni toʻlqinlantirib yuborgandi. Unga aniq bir javob berdim:
– Allohning dinini, kallamizga kelganiga koʻra emas, an’ana va urf-odatlarimizga koʻra yashashdan voz kechib, Allohning hukmlariga, buyurganlariga koʻra yashaymiz! Chunki, yolgʻiz Allohgagina qullik qilishning bundan boshqa yoʻli yoʻq!..

U nihoyatda aqlli inson edi. Bu gaplarimning qanday ma’no kasb etishini bilardi. Kulimsiragancha,»Ya’ni, shariatchi boʻlamizmi?» dedi.

Men ham jilmaydim:
– «Chi-chi» degan qoʻshimchalarni tashla!.. Zotan, «La ilaha illalloh» derkanmiz, yagona Iloh va hukm qoʻyuvchi Zot faqat Alloh deb qabul qilamiz.Allohning hukmlarini, ya’ni Uning shariatini inkor qilib, boshqa hukmlarga, boshqa shariatlarga yoʻnalishimiz albatta mumkin emas!

Boshini qimirlatgancha «Albatta!» dedi. Soʻngra jim boʻlgancha oʻylay boshladi. Nimani oʻylayotganini his qilayotgandek edim. Yanglishmagandim!
– Saljuqbey, oʻranamanmi?
– O’ranishni xohlamaysanmi?

Yana jim boʻlib qoldi. Karaxt ahvolda qolgandek edi!..
– Bilmadim!.. Juda gʻalati emasmi? O’ranishni oʻylaganimda xayolimga Alloh emas, atrofimizdagi insonlar, atrofimdagi ayollar kelyapti. Ular nima deb oʻylashadi, menga qanday qarashlarini oʻylayapman...

Hech narsa demasdan unga qaradim. Gapirgan soʻzlaridan qanday xulosaga kelishi meni qiziqtirardi. U bir muddat oʻylanib turdi-da: «Behuda, Xudo haqqi bari bekor!» deya oʻrnidan dast turdi. Shaxd bilan yotoqxonaga kirib ketdi.

Men esa, jimgina kutardim. Kutayotgan narsam, mujda bilan yakunlandi! Chunki, bir necha daqiqadan keyin yotoqxonadan chiqib kelgan Shirin oʻrangan edi!

Mavlidlarda boshiga oʻraydigan oppoq roʻmolini oʻrab olgancha: «Xudo xohlasa, bundan keyin faqat shunday!» deya yonimga oʻtirdi.

Unga qaradim!.. Koʻzlarimni uzolmay qoldim undan!.. Qarshimda haqiqatdan shirin, ship-shirin bir ayol turardi!.. Roʻmolga burkangan yuzi gʻoyatda nurli koʻrinardi.

Toʻlqinlanib ketdim!.. Koʻzlarimni qaynoq bir narsa toʻldirganini his qildim. O’rnimdan turgancha, uning yoniga oʻtirdim. O’ng qoʻlini qoʻllarim orasiga oldim. «Sendan Alloh rozi boʻlsin!» deya qoʻlini lablarimga bosdim... Qayta-qayta oʻpdim.

Hurkibgina, uyalibgina oʻzini tortdi. Qoʻlini qoʻllarimdan boʻshatib olarkan, mening qoʻllarimni tutgancha:»Sizdan ham Alloh rozi boʻlsin!» dedi.

Bir muddat shunday oʻtirdik. Bunday ayolning, bunday umr yoʻldoshining inson uchun naqadar goʻzal, naqadar bebaho bir ne’mat ekanini yanada yaxshiroq angladim!..

Bunday jufti halolning qimmati boylikdan ham, mol-dunyodan ham, davlatdan ham yuksakroq edi bir inson uchun!.. Menga ana shunday bebaho hayot yoʻldoshini nasib qilgani uchun Allohga shukronalar aytdim!..

«Men xuftonni oʻqiganim yoʻq», dedim. Kulimsiragancha «Men ham hali oʻqimadim», dedi. Namozni birga ado qildik. Ayolim baxtli, juda baxtiyor koʻrinardi. Bu tundagi suhbatimiz tufayli u yangi, yap-yangi bir dunyoga kirib qolgandek his qilardi oʻzini!..

Dushanba kuni birga mayda-chuyda xarid qilishga chiqdik. Bir nechta doʻkondan ba’zi narsalarni olganimizdan keyin, Ismoilning doʻkoniga bordik. Uning doʻkonida ayollarning liboslari juda koʻp va xilma-xil edi.

Ayolim sotuvchi qizning yordamida hijoblar hamda koʻylaklarni koʻzdan kechirarkan, biz Ismoil bilan birga oʻtirdik. Mendan Said domla bilan qilgan suhbatimiz haqida soʻradi. Qisqagina aytib berdim. Men uchun gʻoyat foydali boʻlganini bildirdim. Said domlaning suhbatlaridan nafaqat mening, balki juda koʻp musulmonlarning ham foyda koʻrganligini aytdi.

Men u kishi bilan yana qanday uchrashishim mumkinligini soʻradim. «Bilmadim, oʻzi bilan oldin gaplashishim kerak», dedi.

Shiringa qaradim. Ba’zi liboslarni tanlashda qiynalayotgandek koʻrindi. Uning yoniga borib, yoqtirgan hamma kiyimlarini sotib olishini aytdim. Jilmaygancha: »Unchalik koʻp kiyimning keragi yoʻq», dedi. «Men shuni xohlayapman, yoʻq dema!» deya qattiq turib oldim. Haqiqatdan ham shuni istardim.

Indamadi. Sotuvchi qizga qayrilib: «Osmon xonim! Yoqtirgan kiyimlarining hammasini oʻrab bering!..» dedim.

Ismoil telefonda gaplashayotgandi. Bir payt menga qarab: «Ertaga fabrikadamisan?» deya soʻradi. Ertaga nima qilishimni, qayerga borishimni oʻzim ham bilmasdim. Shunday boʻlsa-da, oʻylab oʻtirmasdan »Ha», dedim. Keyin oʻtirdik. Ismoil menga hozir Said domla bilan gaplashganini, aniq emas-u, ertaga peshindan keyin fabrikaga borishi mumkinligini aytdi. Mabodo biror oʻzgarish boʻlsa, Said domla oʻzi menga sim qoqarmish.

Ismoilga minnatdorchilik bildirdim, uning xabaridan juda sevingandim!.. Xaridni shu koʻtarinkilik bilan tugatdim. Peshin namozini Ismolning doʻkonida oʻqidik. Shirin yangi hijobini kiyib, boshiga uning ranggiga uygʻun roʻmol oʻrab olgandi. Ismoil bilan xayrlashib, ayolim bilan birga doʻkondan chiqdik.

Shiringa ajoyib bir tushlik olib berish niyatida edim. Kamaralti masjidining roʻparasida koʻmir choʻgʻida juda mazali doʻnar kabob pishirishardi. O’sha yerga qarab yura boshladim. Xotinim bilan ketarkanmiz, doʻkonlarning oynalariga qarardim – ikkimiz ham butunlay oʻzgargandik!..

Menda uch-toʻrt kunlik soqol bor edi.

Xotinim Shirin esa, butunlay boshqa bir xonim, tamoman oʻzga bir xonimafandi boʻlib qolgandi!.. Nima boʻlganda ham, ushbu yangilikdan begonasiramaganga oʻxshardi! Egnidagi yangi liboslari ichida eski, har doimgi bir rohat bilan yurayotgani bilinib turardi. Goʻyo, shu liboslar bilan tugʻilgan, shu kiyimlarda ulgʻaygandek rohatlanib oʻtirardi.

Ovqatlanayotib, yangi holatimizdan, yangi dunyomizdan suhbatlashdik.

Garchi, yana avvalgidek yeb-ichayotgan, sayr qilayotgan, yana dunyo ne’matlaridan foydalanayotgan boʻlsak-da, oldin barcha harakatlarimizni aqlsiz, fikrsiz bir shaxs oʻlaroq amalga oshirgan boʻlsak, endi Allohga tobe bir qul oʻlaroq bajarardik. Eng muhim oʻzgarish bizlarda sodir boʻlgan oʻzgarish edi.

Biz oʻzgargan, biz bilan hamma narsa oʻzgargandi, goʻyo!

Suhbatimiz soʻnggida bu dunyo hayotining abadiy emasligidan, va ertami-kechmi oʻlishimiz aniqligidan gaplashdik. Bir musulmon oʻlaroq, oʻlimga har lahza tayyor turishimiz kerakligini ta’kidladik. Rafiqam meni tinglash bilan birga, soʻzlarimni aniq va serma’no fikrlari bilan toʻldirardi. Uning bu holati hamda oʻlim haqidagi gʻoyat teran soʻzlari qarshisida lol qoldim. Unga xastaligim haqida bildirish mavridi yetganmikin, degan oʻyga toldim... Bu savolimning javobini uning sokin va nurli chehrasidan, haqiqatga tik qarayolgan koʻzlaridan izlardim.

U benihoyat baxtiyor edi. Shu bois fikrimdan voz kechdim. Uning yangi dunyosidagi yap-yangi baxtiyorligiga soya solgim kelmadi. Xastaligim haqida unga keyinroq, fursati bilan aytishga qaror qildim.

Peshingacha umuman telefon ovozini eshitishni istamadim. Har qoʻngʻiroq ovozi kelganda ajabo, Said domla kelolmasligini bildirib qoʻngʻiroq qilayotganmikin, degan xavotirda oʻtirdim. Lekin, soat oʻn bir yarim boʻlganda u kirib keldi. Uni yana eshik tagida kutib oldim. Yuqoriga chiqishda qiynalmasligi uchun, pastdagi katta xonaga taklif qildim.

Qisqagina hol-ahvol soʻrashganimizdan soʻng, oʻtgan galgi suhbat uchun minnatdorchilik bildirdim. Va bu suhbatimiz men uchun gʻoyatda foydali boʻlganini bildirdim. Bundan tashqari, uning suhbatini ruxsat soʻramasdan magnit tasmasiga yozib olganim uchun kechirim soʻradim. Hech qanday e’tiroz bildirmasdan, «Zotan, barcha soʻzlarimiz qayd qilinib borishligini, yelkamizdagi farishtalar orqali amal daftarimizga yozib qoʻyilayotganini his qilgan holda, e’tiborga olgan holda gapiramiz», dedi.

Bu soʻzlari menga yoqdi.

Kassetani eshittirganim boshqa domlalar xayolimga keldi. Said domla bilan ular orasida qanchalar katta farq bor edi!.. Said domlaga ular haqida va ularning soʻzlari haqida aytib berdim.

Biroq, ularni kamsitadigan, haqoratlaydigan biror soʻz demadi. Faqatgina, barcha imom-domlalar bunday emasligini, ularning ichida haqni gapirishdan qaytmaydigan mard insonlar ham borligini bildirdi.

G’oyatda bosiq kishi edi u! Uning soʻzlari nihoyatda teran va purma’no edi. Ilgari har qanday kishi bilan suhbatlasharkanman, u bilan nima haqida qancha gaplashishimni oʻylar, oʻzimga ma’lum bir chegara qoʻyardim. Said domla bilan suhbatlasharkanman, bunday chegaraga aslo hojat tuymasdim. Goʻyo har qanday masalada, hamma muammoni bemalol gaplasha olish mumkin boʻlgan bir inson edi u!..

Va birdan xastaligim esimga tushdi!.. Hech kimga aytolmagan dardim, xastaligimni aytishim mumkin boʻlgan birdan-bir inson, shu domla edi. Uzoq oʻylab oʻtirmasdan, «portladim»:
– Ustoz, miyasida shishi bor boʻlgan oʻsha «ogʻaynim» oʻzimman!.. Shuni aytganimdan keyin ancha yengil tortganimni his qildim. Domlaning yuzlarida na bir hayrat, na bir hayajon izlari koʻrinmadi. Bir lahza, «Ajabo, yoki avvaldan bilganmikin?» degan fikr oʻtdi xayolimdan.
– Xayrlisi boʻlsin!..

Javob bermadim. Ichimda sekingina «Omin!» derkanman, bu xastalikda qanday ham xayr boʻlishi mumkinligini oʻyladim.
– Qachon bildingiz?
– Bir yarim oyga yaqinlashdi.

Jim boʻlgancha nimanidir oʻylay boshladi. Yuzi hamda nigohlari shu tushuncha bilan yuvinayotganga, shu tushuncha ta’sirida titrayotganga oʻxshardi. Toʻlqinlangani bilinib turardi. Ich-ichidan kelayotgan hazin bir ovozda gapira boshladi:
– Paygʻambarimiz (s.a.v.) oʻlim haqiqatiga ishora qilib: «Nasihat oʻlaroq oʻlim yetarlidir», deya marhamat qilganlar. O’limni bilish, oʻlmasdan avval oʻlim haqiqatini tanish haqiqatdan ham buyuk bir nasihatdir. Insonlarga bu nasihatni ba’zan bir musulmon, ba’zida bir paygʻambar beradi.

Bir muddat tin olgach, davom etdi:
– Sizga esa, bu nasihatni Alloh taoloning O’zi beribdi. Sizga oʻlmasingizdan oldin oʻlajagingizni bildirib, shu haqiqat sabab uygʻonishingizni, oʻzingizga kelishingizni istabdi.

Titraganimni his qildim!..

Hozirgacha bu xastaligimning Allohdan ekanini bilardim, ammo uni Allohning bir nasihati deb emas, bir musibati oʻlaroq qabul qilgandim!.. Holbuki, ahvol men oʻylagandek emasdi!.. Said domla juda toʻgʻri aytgandi, meni eski istiqomatim ichida har lahza oʻldirishi mumkin boʻlgan Rabbim menga rahmatini ne’mat qilgan, oʻlmasimdan oldin oʻlajagimni bildirib, olti oydan iborat uzoq bir muhlat bergan edi!.. Shu oʻylar bilan sevinganimni va menga marhamat koʻrsatgan mehribon, eng rahmdil boʻlgan Rabbimni yanada koʻproq yaxshi koʻrishimni his qildim.

Said domlaga ohista boshimni qimirlatib, «Gaplaringiz gʻoyatda toʻgʻri!» dedim va qoʻshimcha qildim:
– Shu xastalik sababli oʻzimni bir foniy ekanimni nihoyatda yaxshi anglab yetdim.
– Oldin-chi?
– Ilgari oʻlimning ne ekanini bilardim, biroq oʻzim bilan oʻlim oʻrtasida jiddiy bir munosabat bor deb oʻylamasdim. Toʻgʻrirogʻi oʻlimni, oʻlishimni his qilmasdim. O’limni his qilmay turib, albatta oʻlim haqiqatini anglash mumkin emas. Bilmadim, goʻyo dunyoda abadiy yashaydigandek tuygʻu bor edi ichimda.
– Bu tuygʻuni hech oʻylab koʻrdingizmi?
– Qaysi tuygʻuni?
– Abadiylik tuygʻusini.
– Harholda botil va ahmoqona tuygʻu boʻlishi kerak!..
– Men bunday fikrda emasman.
– Nega?
– Menimcha, bu botil tuygʻu emas. Fitratimizda boʻlgan haqiqiy tuygʻu bu!..
– Tushunolmadim?
– Tinglang, Saljuqbey! Insonlarning dunyo hayotini abadiy deb bilishi, albatta shaytoniy vasvasadir. Men aytmoqchi boʻlayotgan narsa, shu vasvasaga moyil boʻlgan fitratimizda, shunday bir tuygʻuning haqiqatdan bor yoki yoʻqligi!..
– Bormi?
– Albatta bor! Agar Rabbimiz bizlarni abadiylik bilan tanishtirmaganida edi, biz abadiylikning qanday ma’noga ega ekanini bilmasaydik, shaytoni la’in, dunyo hayotini insonlarga abadiy oʻlaroq koʻrsata olmasdi!..

Yana boshim shishib ketganga oʻxshadi.
– Aniqroq tushuntiring,– dedim.
– Masalan, shaytoni la’in insonlarga turli vasvasalar berib, ularni ochlik va qashshoqlik bilan qoʻrqitadi, toʻgʻrimi?
– Toʻgʻri.
– Agar Tangri taolo bandalariga qoʻrquv sifatini bermaganida, insonlarning fitratida bu haqiqat boʻlmasaydi, ular qoʻrquvning nima ekanini bilishmasaydi, shaytoni la’in odamlarni qoʻrqita olarmidi?
– Qoʻrqitolmasdi!
– Abadiylik tuygʻusini ham xuddi shunday tushunmogʻimiz kerak.
– Alloh taolo abadiy hayot haqida bizga xabar berib, bizni shu tuygʻu bilan tanishtirmaganida, shaytoni la’in qanday qilib, bizga dunyo hayotini abadiy qilib koʻrsata olardi?
– Koʻrsatolmasdi!

Bergan javobimdan oʻzim ham hayajonlangan, bergan javobimning qanday ma’no kasb etishini oʻylay boshlagandim. Haqiqatdan ham koʻrsata olmasdi! Bu toʻgʻri javob edi. Qoʻrquv ne ekanini bilmaydigan bir jonzotni qoʻrqitish mumkin boʻlmaganidek, abadiylik nima ekanidan bexabar jonzotni ham abadiylik xabaridan voqif qilish, unga begona boʻlgan bu tuygʻuni singdirish imkonsiz edi.

Qoʻrquv vasfi fitratimizdan qanday joy olgan boʻlsa, bu tuygʻu ham xuddi shunday edi. Albatta! Insonlar bilan abadiylik haqida bahslashilganda, hech bittasi: «Abadiylik nima oʻzi, u qanday tuygʻu?» deyishmasdi! Goʻyo barcha biladigan, hammaga tanish bir tushuncha, har kim his qila oladigan haqiqat edi u!

Biroq, bulardan qanday ma’no, xulosa chiqarish mumkin? Yoʻqsa, inson abadiy borliq deganimi bu?..
– Ustoz, bularning barchasidan qanday xulosa chiqarasiz?
– Alloh taolo bizlarni abadiylik bilan tanishtirgan! Alloh haqiqati fitratimizda qanday bor boʻlsa, abadiylik haqiqati ham fitratimizda xuddi shunday bordir. Biz fitratan biladigan, bizga aslo begona boʻlmagan haqiqatdir bu!..

Bir lahza tin oldi. Soʻng davom etdi:
– Va shayton atalgan la’nati borliq, insonlarni ularning fitratlarida bor boʻlgan mana shu haqiqat bilan aldab qoʻyadi!.. Shaytonning hiylasiga aldangan insonga dunyo hayotini abadiy qilib koʻrsatadi va uni ishontirishga urinadi!
– Shayton insonlarni shu bilan aldasa, Alloh taolo insonning fitratiga nega abadiylik tuygʻusini jo qildi?!.
– Albatta, bu shaytoniy vasvasaga aldanib, dunyo hayotini abadiy deb bilishlari uchun emas! Qoʻrquv sifatini qandayki, faqatgina Uning O’zidan qoʻrqishimiz uchun bergan boʻlsa, bu haqiqatni ham abadiy boʻlgan oxirat hayotini yanada yaxshiroq anglashimiz, his qila olishimiz uchun bergan! Abadiy Jannatning hamda abadiy Jahannamning nima ekanini idrok qilishlari uchun!..

Ha... Ana endi hamma narsa ravshan boʻlgandi.

Demak, koinotni cheksiz, dunyo hayotini abadiy deb oʻylagan insonlar, fitratlarida bor boʻlgan abadiylik va cheksizlik tushunchasini, haqiqatini notoʻgʻri izohlagan, toʻgʻrirogʻi, bu sifatlarni yanglish narsalarga nisbat qilgan insonlar edi!.. Abadiylik deb ataladigan bir haqiqat bor edi, biroq bu haqiqat bu dunyoga emas, oxiratga nisbat edi, oxirat hayoti abadiy edi! Fitratlarimizdagi bu abadiylik tuygʻusi abadiy hayotning borligiga ochiq dalil edi!

Azaliy boʻlmagan va azaliylik tuygʻusiga begona boʻlgan biz insonlar, abadiy hayot haqidagi xitobdan boxabar boʻlganimiz uchun, abadiylik tuygʻusiga umuman begona emasdik.

G’alati boʻlib ketganimni his qildim!.. Abadiy hayotni koʻrgandek, u bilan yonma-yon turgandek edim. Shu tuygʻular ichida ekanman, oʻlimni oʻyladim.

O’limning ham mohiyati oʻzgargandi ichki dunyomda!.. Ilgari hayotni tugatuvchi bir nuqta, ulkan bir nuqta deb bilganim oʻlim kichik, juda kichkina bir vergulga aylangandi onggimda!..
– Nimani oʻylayapsiz?

Said domlaga qaradim. Nigohlarida qaynoq bir munosabat, ichki bir samimiyat bor edi. Tuygʻularim bilan, fikrlarim bilan oʻrtoqlashishni istayotgandek edi. Mayin tabassum bilan «O’limni», dedim va qoʻshimcha qildim: «Zero, bir yarim oydan beri eng koʻp oʻylayotgan narsam!..»
– O’limdan qoʻrqasizmi?

Darhol javob bermadim. Berolmasdim ham!.. Chunki, bu mavzuda ancha farqli tuygʻular, ancha farqli oʻy-fikrlar ichida edim.
– Bilmadim. Faqat kishining qachon oʻlajagini bilishi, gʻalati va mushkul bir tuygʻu...
– Qachon oʻlishingizni bilasizmi?
– Uzogʻi bilan toʻrt-besh oydan soʻng!..
– Nimaga bunday deb oʻylayapsiz?
– Aytdim-ku, shish deb. Umidim yoʻq...

Kulimsiragancha boshini ikki tomonga chayqadi.
– Yoʻ-oʻ-oʻq, sizni oʻldiradigan shish emas, Alloh!.. O’lim hukmi faqat va faqat Allohning qoʻlida. Istasa toʻrt oy, istasa toʻrt yil, agar istasa qirq toʻrt yil! Kasalim jiddiy, deyapsiz. Lekin hech bir kasallik Hazrati Ayyub alayhissalomning xastaligichalik jiddiy emas. U kishining vujudlaridagi yaralar qurtlab, goʻshtlari toʻkila boshlagandi! Hazrati Ayyubning (a.s.) oʻsha holatlarini bizning davrimizdagi tibbiyot xodimlari koʻrishganda edi, chidash u yoqda tursin, shunday ahvolda yashaganlarini koʻrib, hayratdan lol boʻlib qolishardi.

Soʻng bir lahza tin oldi. Yengilgina kuldi.
– Hazrati Ayyub ( a.s.) oʻsha holatda yotgan paytlari bir narsadan jahllari chiqib, xotinlariga nima deganlarini bilasizmi?
– Nima deganlar?
– Tuzalganimdan keyin seni qirq darra uraman!.. O’ylab koʻring! Hattoki, shunday ogʻir ahvolda ham sogʻayishdan umid uzmaganlar! Jumladan Alloh taolo O’zidan umid uzmagan qulini sogʻaytiradi. Dardini bergan Alloh, davosini, darmonini ham beradi.

Domlaning soʻzlarini jon qulogʻim bilan tinglardim. Bu goʻzal qissaga qanday ajoyib sharh bergandi!
– Shuningdek, umidim yoʻq, dedingiz!.. Sizning ahvolingiz, baliqning qornida qolgan Yunus alayhissalomning ahvollaridan ham ogʻir, umidsizmi?!.
– Tushunmadim?
– Toʻfonli havoda kemadan dengizga tashlangan va bir baliq tarafidan yutib yuborilgan inson haqida nima deysiz! Qutilishiga umid bormi?

«Yoʻq», demoqchi edim, indamadim. Chunki, Hazrati Yunus alayhissalom qutilgan edi! Kulimsiragancha boshimni qimirlatdim.

Said domla toʻgʻri gapirayotgandi.

Hattoki eng umidsiz, ogʻir holatlarda ham Allohdan umid uzmasligimiz kerak edi. Hamma narsa Allohning amriga, Uning xohishiga bogʻliq edi.
– Siz haqsiz, ustoz! Hech qachon umidimizni uzmasligimiz lozim.

« Shunday» degandek boshini qimirlatdi. Keyin qoshlarini chimirgancha qoʻshib qoʻydi:
– Albatta, bularning barchasini hattoki «sakarot-ul mavt» ya’ni, oʻlim shiddati, jon chiqar holatda yotganda ham oʻlishlarini xayollariga keltirmaydigan, sogʻayishlariga qattiq ishongan kishilarga oʻxshashingiz uchun aytmayapman. Mutlaqo oʻlasiz, barchamiz oʻlamiz!.. Faqat qachon, qayerda va qay holatda oʻlishimizni yolgʻiz Alloh biladi. Toʻrt-besh oy dedingiz, balki toʻrt-besh kun, balki toʻrt-besh yildir!.. Alloh biladi. Muhim boʻlgan narsa, har lahza oʻlimga tayyor turish, oʻlimga doimo tayyor holda yashash!..

Unga qaradim. Nihoyatda toʻgʻri hamda goʻzal soʻzlardi. Aytayotganlari haqiqat edi, biroq oʻzi shu gaplarining ma’nosini his qila olayotganmikin? O’limning va oʻlim tuygʻusining nima ekanini menchalik anglay olar, his qila olarmikin?
– Ustoz, siz mening ahvolimda emassiz. Shunda ham oʻlim va oʻlim tushunchasi nima ekanini his qilyapsizmi? Bu tuygʻuni anglay olyapsizmi?
– Bir doʻstimning goʻzal bir soʻzi bor. Haqiqiy tafakkur egasi, koʻrlarni oʻylagan vaqtida koʻzlari koʻrmaydigan kishidir. Miyamiz orqali oʻylaganda, bilamiz, qalb bilan anglashimiz esa, his qilishimizni ta’minlaydi. O’lim tushunchasi miyamizdan qalbimizga koʻchgan paytda, bu haqiqatni yashayotgandek, boshimizdan kechirayotgandek his qilishimiz mumkin. Bundan tashqari holatlarimiz orasida muhim farq ham yoʻq. Barchamiz oʻlimga toʻgʻri ketyapmiz. U manzilga kim oldin borishini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Balki men sizdan oldin, ancha avval oʻlarman.

Bu qup-quruq, bekorchi soʻzlar emasdi.

Said domla anglaganini his qiladigan, his qilganini anglatadigan bir inson edi. Unga hurmat bilan qaradim. Menga bir narsalarni tushuntirish uchun, menga nimalarnidir oʻrgata olish uchun tinmay harakat qilgan bu insonni rostdan hurmat qilar, haqiqatdan yaxshi koʻrardim!..

Shu bois uning uchun nimalardir qilgim, uni sevintirgim keldi. Bir muddat oʻylaganimdan soʻng aqlimga kelgan birinchi fikrni unga aytishga qaror qildim:
– Ustoz, sizga minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Men bilan shugʻullandingiz, juda koʻp va muhim narsalar oʻrgatdingiz. Uzoq yillar davomida oʻrgangan bilmingizdan meni bahramand qildingiz, bilganlaringizni men bilan boʻlishdingiz...

Bir lahza tin olgach, davom etdim:
– Mening esa, uzoq yillik mehnatim evaziga erishgan narsam – dunyo moli. Izn bersangiz, men ham shu qoʻlimdagi boyligimni siz bilan boʻlishmoqchiman. Yuqoridagi seyfimda ishlatmaydiganim, men uchun ortiqcha boʻlgan ancha pulim bor. Shuni iltimos, qabul qilsangiz!..

Indamadi.

Hech narsa demasdan koʻzlarimga tikildi.

Nimanidir koʻrishni,nimalarnidir tushunishni istayotganga oʻxshardi!..

Men esa, qoʻrqmadim, men esa uyalmadim bu nigohlardan. Chunki niyatim xolis edi, chunki samimiy edim. Pulga qiymat berib, pulni ahamiyatli deb bilganimdan buni taklif qilmagandim. Faqatgina kichkina bir istagimni, kichik bir orzuimni tilimga chiqargandim.

Men anglayolmaydigan bir yuz ifodasi bilan « Bu bilan ikki marta boʻladi», dedi.
– Nima ikki marta boʻladi?
– Meni ikkinchi bor qashshoq deya hisoblayapsiz. Ehson qilish albatta goʻzal fazilat. Ammo kimlarga ehson qilishingiz lozimligini ham oʻrganing!..

Nima deyishimni ham bilmay qoldim. Men bu soʻzlarni, bu dashnomlarni koʻtara olmadim. Bir oz jahlim chiqqanini, bir oz kayfiyatim tushganini his qildim.
– Said domla, meni notoʻgʻri tushundingiz. Buni chin koʻngildan qilgandim. Men bilmagandim!..Sizga nimadir berib, oʻz minnatdorchiligimni izhor qilmoqchi edim!.. Bundan boshqasi qoʻlimdan kelmasdi!..

Boqishlari oʻzgardi, bir oz hovuridan tushdi.
– Qoʻlingizdan keladigan, berishingiz mumkin boʻlgan boshqa narsa bor edi!..
– Nima bor edi?

Mayin tabassum qilib, gapira boshladi:
– Eshiting, sizga bir hikoyat soʻzlab beraman. Ogʻilidagi sigirining orqasidan kun kechiradigan bir kishi bor ekan. Nimadir boʻlibdi-yu, mol-dunyoga hirs qoʻygan bir kishi uning qandaydir ishiga qarashib yuboribdi. Dunyoparastning shu kichik yordami oldida qarzdor boʻlib qolishni istamagan oʻsha odam, bir oz oʻylanib turgandan keyin unga shunday debdi: «Alloh rozi boʻlsin desam, bu sen uchun kamlik, men uchun koʻplik qiladi. Yaxshisi ogʻildagi shu sigirim bilan buzogʻini olib ketaqol!..»

Vo-ohhh!.. U odamga va uning «Alloh rozi boʻlsin!» duosiga bergan bahosiga qarang!..

Domlaga qaradim. Bu qissani nima sababdan menga anglatganini tushundim. U mendan xuddi shu «Alloh rozi boʻlsin!» degan duoni kutgandi. Men esa, unga sigir bilan buzogʻini emas, bor-yoʻgʻi kichkina bir «buzoqcha»ni tuhfa qilmoqchi boʻlgandim!..

Kulimsiragancha unga qaradim va «Ustoz, aybga buyurmang», dedim. Soʻngra «Alloh rozi boʻlsin!» duosining ma’nosini anglagan holda, uning bebaholigini his qilgan holda:
– Sizdan Alloh rozi boʻlsin! – dedim.
– Inshaolloh, sizdan ham Alloh rozi boʻlsin! – degancha oʻtirgan yeridan turdi.
– Ustoz, ketyapsizmi? – deya oyoqqa turarkanman, qoʻlimni tayab turgan kursim bilan birga yerga yiqilib tushdim. Nima boʻlganini, bu qanday yuz berganini oʻzim ham bilmay qoldim!..
– Yordam kerakmi?

Tushgan joyimda qotib qoldim.

Men bu soʻzni, bu ovozni oldin ham eshitgandim! Ha, bu qabristonda eshitgan ovozim, qabristonda eshitgan soʻzim edi! Said domlaga yotgan yerimdan hayrat bilan boqdim. Koʻzlarim aldamayotgandi, men qabristonda koʻrgan kishi edi bu!

Nima deyishimni, nima qilishimni bilolmay qoldim. Ajabo, u ham meni taniganmidi? Sal oldinroq qabristonda uchrashganimizni bilarmikin?

Yuz ifodasidan, nigohlaridan biror narsani ilgʻash mushkul edi. O’rnimdan turarkanman, menga iliq tabassum bilan qarab turgan domlaga javoban men ham tabassum qildim:
– Alloh rozi boʻlsin! Zotan yordam berdingiz!..

Bugun uyga bir oz vaqtliroq keldim.

Rafiqam Shirin bolalar bilan oʻtirar, ularga sura yod oldirayotgandi. Ularning bu harakatidan gʻoyat sevindim. Shunda yana oʻlim haqida, oʻlimim haqida oʻyladim. Allohga shukrlar boʻlsinki, koʻzimni xotirjam yumishim mumkin edi. Rafiqam, hayotim yoʻldoshi haqiqatdan ham yaxshi inson, oqila ayol edi!.. Bolalarimni ham yaxshi xulqli insonlar qilib yetishtira olardi.

Oldinlari oʻzimga katta baho berar, Shirin uchun buyuk bir ne’mat va nihoyatda bebaho er deb bilardim oʻzimni. Endi esa, Shirin men uchun Allohning ulkan bir ne’mati ekanini angladim.

Qutsal menga yangi kitoblarini koʻrsatdi. Paygʻambarlar haqidagi qissalar hamda diniy hikoyalardan iborat edi. Shiringa qaradim. U bugun bolalar bilan bozorga borganligini, ham oʻziga ham bolalarga kerakli diniy kitoblar sotib olganligini aytdi. «Juda yaxshi ish qilibsizlar», dedim.

Paygʻambarlar haqidagi qissalar alohida-alohida kitoblar holida ekan. O’gʻlimni yonimga oʻtqazib oldim-da, kitoblarni birgalikda koʻra boshladim. Asmo ham darhol bu yonimga oʻtirib olgancha ularning nomini oʻqiy boshladi. Goʻzal qizim, sultonim oʻqishni ancha oʻrganib olganidan, uni isbotlashni xohlayotgandi. Hazrati Ayyub alayhissalom hamda Yunus alayhissalom haqidagi kitoblarni koʻrganimda Said domlaning soʻzlarini esladim. Imon keltirganimiz Alloh taolo hamma narsaga qodir edi. Har ishga qudrati yetadigan Allohdan esa, hech qachon, har qanday holatda ham aslo umid uzilmasdi.

Hazrati Ibrohim alayhissalom haqidagi kitobni koʻrarkanman, yana Yaratganning qudrati haqida tafakkur qildim. Hazrati Yunusni (a.s.) baliqning qornidan qutqargan Alloh taolo hazrati Ibrohim alayhissalomni ham olovdan qutqargandi! Muhimi, Allohdan umid uzmaslik hamda Unga keragicha tavakkul qila bilish edi!

Ovqatdan soʻng soat oʻngacha bolalar bilan oʻtirdik. Ham suhbatlashdik, ham hazillashib birga oʻynadik. Bolalarni uxlatganimizdan keyin Shiringa kasalligim haqida soʻz ochdim. Boshim ogʻrishining sababi, miyamda paydo boʻlgan kichik bir shish tufayli ekanini bildirdim. Koʻzlari kattalashdi. Hayratga tushdi!
– Shishmi?..
– Ha... Faqat xavotirlanishingga hojat yoʻq, kichkina shish...

Bir nafas jim boʻlib qoldi. Soʻng menga qaradi. Men gʻoyat sokin edim. Nigohlarimda na bir vahima, na bir qaygʻu bor edi. Soʻzlarim bilan holatim orasida bir bogʻliqlik koʻrishga urinar, lekin koʻrolmasdi!..
– Doktorlar nima deyishyapti?
– Shish ekanligini hammasi tasdiqlashdi. Hayotiy xavf bor-yoʻqligi borasida esa, fikrlari turlicha.
– Masalan qanday?
– Ba’zisi olti oydan soʻng xavf boshlanadi deyishsa, ba’zilari olti yildan keyin deyishmoqda. Ya’ni aniq bir fikr yoʻq.!..

Koʻzlariga yosh toʻldi. Titroq bir ovozda:
– Olti oymi?.. – dedi.

Xastaligimdan koʻra koʻproq uning ahvoliga achindim. Shamolda qolgan kichik bir maysadek, nafis bir chechakdek titrardi...
– Shirin, hayotim, bu bor-yoʻgʻi bir doktorning fikri xolos. Axir aytdim-ku, balki olti oy, balki olti yil deb. Kim bilsin, balki oʻttiz olti yildir!.. Insonning qachon oʻlishini faqat Alloh biladi. Shuningdek biz musulmonmiz. Har lahza oʻlimga tayyor turishimiz kerakmasmi?

Boshi bilan «Ha», degan ishorani qilarkan, oʻksib-oʻksib yigʻlay boshladi. Uning ahvolini koʻrib, men ham yigʻidan oʻzimni arang tiydim. Yoniga oʻtirgancha, boshini koʻksimga bosdim. Bir qoʻlim bilan boshini silarkanman, ikkinchisi bilan koʻz yoshlarini arta boshladim.
– Meni tingla, azizam!.. Sen bilan bu dunyoda juda baxtiyor umr kechiryapmiz. Alloh sendan rozi boʻlsin! Sen nihoyatda mehribon rafiqa, tushunadigan turmush oʻrtogʻimsan. Ammo bu birgalikdagi hayotimiz abadiy jannatda ham davom etsa, yanada goʻzal boʻladi. Umid qilamanki, biz buni Allohning koʻmagi ila amalga oshiramiz, inshaolloh. Koʻksimga qoʻyilgan boshini oʻzimga qaratdim. Yoshlangan koʻzlariga muhabbatla boqdim. O’ng qoʻlim bilan oʻng qoʻlini sekingina siqib: «Gapirsang-chi, buni amalga oshiramizmi?»dedim.

Bir muddat tutilib qoldi. Koʻzlarimga tikildi.

Nigohlarimiz bir-biriga qadalgandek edi goʻyo. Bir-birimizning nafaqat koʻzlarimizga, balki koʻzlarimizning ichiga qarayotgandek edik. Ayol bilan erkak birlashdi deganlari shu boʻlsa kerak.

Qoʻlimni sekingina siqib: «Inshaolloh, inshaolloh amalga oshiramiz», dedi.

Shu zayl yana bir necha soat oʻtiribmiz.

Unga Said domla haqida gapirib berdim. Ismoilning doʻkonida u bilan uchrashganimizni hamda qilgan ba’zi suhbatlarimiz haqida aytdim. Bugun unga kattagina miqdorda pul bermoqchi boʻlganimni, biroq qabul qilmaganini bildirdim. Shirin hayron qoldi. «Hayratlanarli yeri yoʻq, u kishi bizdan koʻra boy», derkanman, puli koʻp kishilar emas, haqiqiy qanoatli insonlar boy ekanliklarini tushuntirdim. Soʻzlarimni samimiyat bilan tinglagach, domlani biror kun uyimizga mehmonga taklif qilishimni soʻradi. «Inshaolloh», dedim.

Suhbatimiz yakunlangach, xufton namozida qoim boʻldik, soʻng uyquga yotdik. O’ng tomonimda indamasdan yotgan xotinim uxlayotganmidi, yoʻqsa oʻzini uxlaganga solib yotganmidi, bilmasdim. Biroq men uxlayolmay yotgandim. Said domla bilan qabristonda uchrashgan oʻsha kunni va oʻsha damdagi ahvolimni oʻylardim.

U kun goʻzal, gʻoyat goʻzal tuygʻular ichida edim. Hech qachon oʻzimni Allohga oʻsha kundagidek yaqin his qilmagan, hech qachon oʻsha kunda qilganimdek sidqidildan duo qilmagan edim. Qalbimdan yuksalgan bir iltijo bilan «Allohim, menga yordam ber, Allohim menga yordam ber!..» der edim. Soʻngra, soʻngra eshitganim oʻsha ovoz!..

«Yordam kerakmi?»

Bu tasodif boʻlishi mumkin emasdi. Avval oʻqigan ba’zi tasavvufiy hikoyalarni esladim. Muridlariga yordamga yetishgan murshidlar haqida yozilgandi ularda. Toʻgʻri-da, zotan men Ismoilning doʻkoniga uning murshidi haqida soʻrash uchun borgandim. Va u yerda yana ayni insonni, qidirganimni topgandim!.. Ya’ni Said domla edi. Bularning hech biri tasodif emasdi. Hayajonlanganimni his qildim. Goʻyo bir moʻ‘jizaga, haqiqiy moʻ‘jizaga roʻpara kelgandek edim. Said domlaga boʻlgan fikrim, munosabatim oʻzgara boshlagandi. U oddiy kishilardan emasdi!..

«Allohim, Senga sigʻinaman, faqat O’zingga sigʻinaman», deya duo qilardim. Nega bunday duo qilganimni oʻzim ham bilmayman. Harholda, bunday nozik mavzuda yanglishishni, xato qilishni istamasdim.

Qayta-qayta Allohga sigʻindim, Unga tavakkul qildim va tavakkul tuygʻusi ichra uyquga ketdim.

Said domlaning oldiga boryapman.

Uning yoniga borib, yaxshilab suhbatlashmoqchi, masalaga oydinlik kiritmoqchi edim. Toʻrvaliga kelganimda shoshib qoldim. Chunki uning qayerda yashashini bilmayman-ku! Mashinadan tushib, mahallalarni aylana boshladim. Yoʻl yoqasida bir qashshoq kishiga koʻzim tushdi. Borib sadaqa berdim. U sadaqani olgandan soʻng, menga qarab:»Huv anavi yerda turgan oq avtobusga chiqasiz», dedi. Uning gaplaridan hayratga tushdim, lekin unga hech narsa demasdan ayrildim. Toʻgʻri u aytgan avtobusning yoniga bordim. Qayerga borishini soʻramasdan avtobusga chiqdim.

Avtobus xuddi mening chiqishimni kutib turgandek, darhol qoʻzgʻaldi. Toʻrvalidan chiqib, togʻli bir yoʻldan keta boshladik. Qayerga, qaysi manzilga ketayotganimizni

bilmasdim, ammo ichki bir tuygʻu bilan Said domlaga yaqinlashayotganimni his qilardim.

Atrof birdan qoraydi. Bir muddat bu yerosti yoʻlining tugashini kutdim. Faqat bu uzun qorongʻu yoʻlning hech poyoni yoʻqdek edi. Tashqaridan odamlarning ovozlari, faryodlari kela boshladi!.. Dahshat bilan tashqariga qaradim. Shunda bu qorongʻu yoʻlning gʻira-shira burchaklarida guruh-guruh boʻlib turgan turli odamlarga koʻzim tushdi. Ba’zilari gaplashib oʻtirishardi, ba’zilari sharob-ichkilik ichishar, yana qaysi birlari raqsga tushishardi!..

Qichqiriqlar, u qoʻrqinchli faryodlar shularniki edi, biroq oʻzlari buning farqiga borishmasdi!..

Bu vahima uygʻotuvchi faryodlar oʻzlariniki ekanidan mutlaqo bexabar holda tinmay soʻzlashar, kulishar, oʻyinga tushishardi!..

Avtobus toʻxtadi.

Chiptachi eshikni ochgancha, tashqariga qaradi. Yoʻlovchi olmoqchiga oʻxshardi. G’ira-shira burchaklardagi insonlarga qayta qaradi. Soʻngra oʻng qoʻlini qulogʻiga tekkizgancha azon chaqira boshladi.

Hayratdan qotib qoldim!..

Koʻz oʻngimda sodir boʻlayotgan holatni angraygancha kuzatib turardim. Tashqariga qaradim. Juda koʻp inson azon ovozini eshitmasdi. Azon ovozini eshitgan ba’zi birlari esa, bir harakat bilan oʻtirishlarini sal tuzatar, soʻng yana gapirishda, kulishda davom etishardi.

Azon tindi!..

Hech kim kelmadi, hech kim avtobusga chiqmadi!..

Nimadandir xafa boʻlganimni, kayfiyatim tushganini his qildim. Va avtobus oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Chiptachiga qaradim. Orqadagi oʻrindigʻiga oʻtirgancha tasbeh oʻgirar, nimalardir deb pichirlardi. Tashqaridagi qichqiriq va faryodlar yana-da yuksaldi!.. Koʻzlarim avtobusning eshigiga tushdi-yu, dahshatdan seskanib ketdim!.. Eshik lang ochiq edi!.. Balandlikdan qoʻrqadigan kishi, yuksak bir yerdan turib, jarlikka qaraganda qanday qoʻrqsa, xuddi shunday vahima bilan ochiq qolgan eshikdan koʻz uzolmasdim!.. Goʻyo, qandaydir bir mavhum kuch meni shu eshikka tomon tortayotgandek edi!..

O’tirgan oʻrindigʻimga mahkam yopishib oldim.

O’rindiqning qoplamasini changallab olgan qoʻllarimni ozgina boʻshatsam bas, shamol uchirgan bir pardek avtobusdan tashqariga chiqib ketishimni, otilib ketishimni his qilardim. Chiptachiga: «Hoy birodar, eshikni yopsangiz-chi!» deya hayqirgim keldi. Baqirish uchun ogʻzimni katta qilib ochdim, hayqirish u yoqda tursin, ogʻzimdan hattoki bir tovush, sas-sado chiqmadi. Goʻyo ogʻzim ulkan bir boʻshliqdan iboratdek edi. Bu boʻshliqda na nafas , na-da bir havo bor edi.

Goʻyoki fazoda edim. Havosiz boʻshliqda gapirishning ilojsizligini endi farqlayotgandek edim!.. Koʻzlarimni moʻltiratib chiptachiga qaradim. U ham menga qarab turar, lekin indamasdan tasbeh oʻgirishda davom etardi!.. Shu qoʻrquv, shu vahima ichida yakka-yolgʻiz qolgandim. Ahvolimdan oʻzim ham achinib ketdim. O’zim uchun, chorasizligimdan oʻkinib yigʻlay boshladim.

Shunda aqlimga birdan Rabbim keldi!.. Darhol, Allohni eslashim bilan, «Yo Rabbim, yordam ber!..» deya hayqirdim. Ovozim barcha tovushlarni, faryodlarni bosib ketdi, butun chinqiriqlarni toʻxtatdi!..

Bundan oʻzim ham hayratda qoldim. Hozirgina haydovchi yordamchisiga gapirmoqchi boʻlib, bir tovush chiqmagan ogʻzimdan, bunday gumburlagan ovoz qanday chiqishi mumkin?!.

Chiptachiga qaradim. Hayqirigʻimni eshitgan boʻlsa kerak, u ham menga jilmaygancha boqib turardi. Shunda yonimdan, shundoq yonginamdan bir ovoz keldi: «Yordam kerakmi?»

Allohim!.. Yana oʻsha tanish ovoz edi! Yana xuddi oʻsha soʻz edi!

Tosh qotib qoldim!..

Otash boʻlib yonayotgan vujudimni hayotbaxsh suvga kirgandek his qildim shu lahzada. Butun jismim rohatlangandek boʻldi. Sevindim deyishim, bir oz quyiroq ta’rif boʻlib qoladi. Chunki sevinishning qanday yuksak tuygʻu ekanligini his qildim! Goʻyo har bir hujayram sevinch ichra harakat qilardi!

Boshimni sekin-asta ovoz kelgan tarafga bura boshladim. Boshimni burganim sayin atrof yorishar, avtobusning ichi oydinlashib, yerning ustiga chiqib borardi.

Shundoq yonginamda oʻtirgan kishi Said domla edi!.. Hech bir soʻz demasdan menga qarar, jilmayib turardi. Yuzidan taralayotgan nur, avtobusning ichini yoritib yuborgandi goʻyo!.. Nigohlari esa, umuman boshqacha edi. Menga juda olisdan, boshqa bir olamdan qarayotgandek koʻrinardi.

Bu muborak koʻzlarga tik qarab gapirolmasdim!.. Tuygʻularimni birgina harakat bilan izhor qilish maqsadida qoʻllari tomon egildim. Bu muborak insonning qoʻlini oʻpmoqchi, qayta-qayta oʻpmoqchi edim. Shu paytgacha hech bir kishiga bunday munosabatda boʻlmagandim. Biroq endi shunday qilmoqchi edim, qilishim kerak edi!.. Chunki Said domla hech kimga oʻxshamagan muborak bir inson edi. Ichimdagi tuygʻularim, hissiyotlarimni bilib turganga oʻxshardi!..

Hurmat bilan egildim, egildim, egildim!..

Biroq, gʻalati bir holat roʻy berdi!.. Men domlaning qoʻliga qanchalik egilsam, qoʻl mendan shunchalik uzoqlashardi. Goʻyo cheksiz bir boʻshliqqa egilayotganga oʻxshardim! Biroq nima qilib boʻlmasin, men bu qoʻlni oʻpishim kerak edi. Koʻzlarimni yumgancha oʻsha cheksiz boʻshliqqa, undagi qoʻlga tomon talpindim.

Mana nihoyat uning qoʻlini tutdim!.. Darhol lablarimga bosgancha oʻpa boshladim. Biroq, yana hayratim ortdi. Men qoʻlni oʻpganim sayin qoʻl qattiqlashib borardi!..

Koʻzlarimni ochdim. Tubsiz bir jarlikning labida turardim!.. Ushlagancha oʻpayotganim qoʻl esa, haykalning qoʻli edi. Sochi koʻpikka oʻxshaydigan qandaydir bir odamning haykali edi bu!..
– Bu yoqqa kel!..

Ovoz kelgan tarafga oʻgirildim. Said domla sal nariroqdagi bir daraxtning tagida oʻtirardi. Ayb ish qilib qoʻygan boladek uning yoniga bordim. Nigohlari oʻtkir va gʻazabnok edi!.. O’ziga yaqinroq yerni koʻrsatgancha, «O’tir!» deya ishora qildi. O’tirdim.

Bir oʻralgan kichik qogʻozni oldimga tashladi va: «Buni ol, bu meni tanishing uchun!» dedi.

Hayrat ichra qogʻozni olarkanman, soʻradim:
– Bu nima?
– Faqatgina men qilgan bir ish...

Qoʻlimdagi gʻijimlangan qogʻozga qarab turar, ochishga jur’at qilolmasdim. Moʻ‘jizaga, aniq bir moʻ‘jizaga roʻpara kelaman, deya oʻylardim. Bu kichik qogʻozning ichida nima ham boʻlishi mumkin?.. Olmosmi, yoqutmi? Bu oliyjanob, bebaho inson yoʻqsa, bir oddiy toshni yoqut holiga, olmos holiga keltirganmikin?..

Qoʻllarim titragancha ocha boshladim. Nihoyat ochdim. Tilim aylanmay qolgandek boʻldi!.. Negaki, qoʻlimdagi qogʻozning ichida bir najas, yongʻoqdek kattalikda inson najasi turardi!.. Ham hayrat ham jirkanish bilan unga qarab turarkanman, Said domlaga oʻgirilgancha: «Bu inson najasi-ku!..» dedim.
– Ha, mening najasim.
– Uni nega menga berdingiz?..
– Bir maxluq ekanimni, men ham Allohning seningdek bir bandasi ekanimni bilishing uchun!..

Nima deyishimni bilmay qoldim. Bir soʻz demasdan unga termulib turarkanman, yana nigohlarida keskinlik va gʻazab namoyon boʻla boshladi:
– Men senga togʻutni, meni togʻut oʻrniga qoʻyishing, menga sigʻinishing uchun tanitganmidim? Yaxshiyamki, paygʻambarlarni va ularning moʻ‘jizalarini koʻrmading! Yoʻqsa, ularga sajda qilgan boʻlarding!

Allohim!.. Bu odam nimalar deyapti?! Ulkan bir uyat tuygʻusining ostida ezilganimni his qildim. Yer yorilmadi, kirib ketmadim!..

Ahvolimni anglagandek, holimga achinganidan bir oz yumshoq ohangda gapira boshladi:
– Menga qara, ey yigit! Insonni hamma yerda koʻrib turadigan, har yerda eshitadigan va barcha duolarni ijobat qiladigan faqatgina yolgʻiz Allohdir. Duolarni qabul qiluvchi Parvardigor, O’ziga iltijo qilgan Nuh alayhissalomni kema, Hazrati Yunus alayhissalomni esa, baliq orqali qutqardi. Hazrati Nuhning qutilishini kemadan deb bilishimiz qanchalik ahmoqlik boʻlsa, Yunus alayhissalomning qutilishini baliqdan deb bilishimiz ham xuddi shunday aqlsizlikdir! Yagona qutqaruvchi, qutilish vasilalarini yaratgan Allohning O’zidir! Qutilishlarini sababdan deb bilganlar esa, oʻsha sabablarni ilohlashtirgan gumrohlar, johillardir. Tushundingmi?

Tushundim degandek, boshimni qimirlatdim. Bu harakatimdan qanoatlanmagandek, takror soʻradi: «Angladingmi?» Sekingina «Tushundim», dedim. Bu safar baqirgancha soʻradi: »Tushundingmi deyapman!» Men ham «Ha, tushundim, tushundim!» deya baqirgancha javob berdim. Va oʻzimning ovozimdan, hayqirigʻimdan uygʻonib ketdim.

«Angladim!..»

Ikki-uch hafta koʻrgan tushimning ta’siridan chiqolmay yurdim. Hech kimsaga bu tush haqida gapirishni, hech kimdan uning ta’birini soʻrashni istamadim. Chunki, bu tush men uchun gʻoyat aniq va tushunarli edi. Faqat shu tushga tegishli boʻlgan «Asmo-ul husna» ya’ni Rabbimizning goʻzal ismlarini, goʻzal sifatlarini anglatgan kitobni sotib oldim. Bu kitobni oʻqirkanman, koʻrgan tushimni va undagi voqea-xabarlarni yana ham aniqroq, yaxshiroq anglardim.

Basir boʻlgan, Sami’ boʻlgan, Hodi boʻlgan, Qodir boʻlgan, Molik boʻlgan faqat va faqat Rabbimizdir! Buyuk boʻlgan Parvardigorimizning har qaysi sifatidan birini bir insonga, bir maxluqqa nisbat etish, u insonning gʻaybni koʻrishini, gʻaybni bilishini gumon qilish, hech shubhasiz, oʻsha insonni, oʻsha maxluqni ilohlashtirishga urinishdir!..

Ham nega, nima sababdan bunday qilishga ehtiyoj tuyamiz? Bizni zotan har yerda koʻradigan, har yerda eshitadigan, yashirin-ochiq har amalimizni haqqi bilan bilgan, biladigan bir Ilohimiz, yagona Rabbimiz bor emasmi?!.

Va shu bir Ilohimiz, yagona Rabbimiz bizga yetmaydimi?

O’z-oʻzimcha kulimsiradim. Kimni ayblayotgan edim?! Shu yanglishlikka tushgan, haq yoʻldan adashgan kimsalardan bittasi oʻzim emasmidim?! Qadrli bir kishi boʻlgan, bebaho musulmon boʻlgan Said domla haqida turli xil xato fikrlarga borgan men edim. Hattoki, tushni koʻrgandan, tushimda ochiq xabarni olgandan keyin ham, bir lahza, bir muddat bu tushni Said domladan degan vasvasaga borgandim!..

Tangrim meni kechirsin!..

Hech shubha yoʻqki har xayr, yaxshilikning yagona sohibi boʻlgan Allohdandir. Biz musulmonlar, har yaxshilikni Allohdan deb bilishimiz, har xayrni faqat yagona Allohdan kutishimiz kerak.

Rabbimga hamdlar boʻlsin, shukrlar boʻlsin!..

Allohga boʻlgan ishonchim, e’tiqodim ba’zi xurofotlardan tozalangandan soʻng, bunday sof e’tiqodning musulmonlar uchun qanchalik muhim, qanchalik bebaho ekanini yana ham yaxshiroq anglab yetdim. Biz yashayotgan bu dunyoda millionlarcha, milyardlarcha inson bor. Allohga imon keltirish muhim, juda muhim, biroq ana shu ishonchni qadrli qiladigan unsur, e’tiqodning har turli bid’at-xurofotdan, har turli shirkdan uzoq boʻlishi edi.

Hamma narsaning yagona egasi, hamma narsaning yakka Hokimi Allohdir!..

Inson uchun eng ulkan daraja, shon-sharaf, shirk qoʻshmasdan Unga qul boʻlishi edi!

Haqiqiy sharaf va izzat mana shudir!.. «Sen kimsan, kimning kimisan?» deya soʻraganlarida, koʻzlari bilan Arshga ishora qilib, «Men Arshning sohibi boʻlgan Allohning quliman!» deya olishi edi!..

Va men, Saljuq Allohga hamd boʻlsin-ki, hamdimni eshitgan Rabbimning quliman.

Endi yolgʻiz, endi chorasiz emasman!.. Chunki, har ishga Qodir, hamma narsaga Hokim boʻlgan bir Rabbim bor! Ana shu Rabbim shunchalar marhamatli va shunchalar shafqatli ediki, menga, meningdek ojiz-notavon bir maxluqqa aziz bir vakil boʻlishi mumkinligini va’da qilayotgan edi!

Allohning bir moʻ‘minga, bir musulmonga vakil boʻlishi!.. Hatto tuklarimni tikka qilgan, vujudimning zarra-zarralarigacha ta’sir qilgan, izzat bergan bir ne’mat edi bu! Olamlarning Rabbi boʻlgan Allohga yoʻnalib, «Hasbunallohi va ne’mal vakil» degan Saljuq endi yolgʻiz ham, endi chorasiz ham emasdi!..

Rahmon va Rahim boʻlgan bir Rabbim bordir! Meni har yerda, hamma vaqt koʻrib turgan, menga mendan koʻra yaqin boʻlgan ana shu Rabbim bilan birgalikda yurar, birga oʻtirar, birga yashardim!..

Senga Sen loyiq boʻlganingdek hamd boʻlsin, Senga Sen loyiq boʻlganingdek shukrlar boʻlsin ey Rabbim!..

Va oradan ancha kunlar, ancha oylar oʻtdi.

O’tgan hafta roppa-rosa olti oy toʻlgandi. Bir necha xil dorilar bilan birga giyohlarni ham ichishda davom etayotgandim. Bosh ogʻrigʻimda kuchayish yoki sezilarli bir oʻzgarish boʻlmadi. O’tgan shu olti oylik vaqt ichida faqat menda va mening oilamda oʻzgarish sodir boʻlgandi, oila hayotimiz oʻzgargandi.

Top-toza, nurday porloq bir hayot ichiga kirgandik. Bu dunyoga nima uchun kelganligimizni bilardik va shu e’tiqodga koʻra, shu idrokka koʻra yashay boshlagandik. Bizlarni tiriltirgan va hayotimizga oydin ma’noni onggimizda uygʻotgan bir idrok edi bu.

Xotirasini yoʻqotgan bir inson uzoq yillar shu ahvoda yashagandan soʻng, yana xotirasi tiklanganda nimani his qilsa, men ham xuddi shuni his qilayotgandek edim. Shu xastalik vasilasi bilan moziyimni, shu dard tufayli «qolu bala»ni, shu kasallik vasilasidan Rabbimni va Rabbimga bergan ahdimni eslagandim.

Kim ekanim, nima boʻlganim ma’lum edi endi. Ilgarilari sohib boʻlganim barcha «etikitka»larni, barcha sifatlarni tark qilgan, faqatgina bitta sifatga, faqat bir shaxsiyatga mahkam yopishgandim.

Menga sharaf bergan, menga izzat bergan bu shaxsiyat Allohga qul boʻlish shaxsiyati edi!..

Bu orada Said domlani yana ikki-uch marta koʻrdim. Yana diydorlashdik, yana suhbatlashdik, yana iymonlashdik!.. Fabrikaga ikki marta kelib, barcha ishchilarga nihoyatda goʻzal nasihatlar va tushunchalar berdi. Koʻpgina ishchilar bilan samimiy va yaqin munosabatlar oʻrnatdi. Goʻyo ularga mendan koʻra yaqinroq, ularni mendan koʻra koʻproq sevayotgandek tuyuldi. Ammo, qizgʻanmadim! Unga boʻlgan hurmatim va muhabbatim yanada ortdi. Qanday goʻzal inson, qanchalar yaxshi musulmon edi u!..

Shifokorim Zakiybek esa, oʻtgan oyda avtomobil halokatidan vafot qilgandi... U menga mening oʻlimim xabarini berayotganida, shubhasiz oʻzining mendan oldin oʻlishini bilmagandi!..

Rafiqam Shirinning qistovi bilan, peshonamdagi shishning holatini oʻrganish uchun qaytadan rentgen qildirdik. Aslini olganda men buni umuman xohlamagandim. Shish kattalashdimi, kichiklashdimi, men uchun buning ahamiyati yoʻq edi.

Butun diqqat-e’tiborimni, qiziqishimni Allohga qaratgandim. Hayot tomirim Allohning qoʻlida edi. U xohlagan paytida, xohlagan shaklida, istagan yerida bu tomirni qirqishi mumkin edi.

Hatto, hozir, shu lahzadayoq kesib yuborishi ham mumkin edi.

Rabbim shohid boʻlsinki, bu oʻy menga hech qanday qoʻrquv yoki xavotir bermayotgandi. Aksincha qalbimda umid toʻla xushnudlik uygʻotgandi. Chunki musulmoncha yashash qanday goʻzal boʻlsa, musulmoncha oʻlish ham xuddi shunday goʻzal va xush edi!..

Rabbimning oldida boʻynim egilgan, yuzim yorugʻ edi.

Hamma narsaning mutloq sohibi, mutloq Hokimi oʻlaroq faqat va faqat yagona Rabbimni koʻrar, shu imon-e’tiqod bilan yoʻnalgan, Rabbimga shu ishonch bilan qullik qilishga harakat qilardim.

Shunday holatda oʻlish demak, inshaollohu taolo Rahmonning rahmatiga qovushish deganidir.Cheksiz marhamat sohibi boʻlgan Rabbimning meni haqiqiy musulmon shaxsida oʻldirishi, menga «Ey bandam, endi Men sendan roziman! Endi sen uchun imtihon, sinov tugadi!..» deyishi edi!..

Muhimi bu shaxsni, eng ahamiyatli boʻlgan narsa, bu samimiy va shijoatli musulmon shaxsiyatini boy bermasdan, Azroil (a. s.) bilan salomlashish va oʻlim bilan quchoqlashish edi!.. Chunki shunday holatda kelgan oʻlim, Jannatga va Jannatning Sohibiga yetishish degani edi!..

Inshaolloh, inshaolloh yo Rabbi!..

Shirin bilan takror shifokorga bordik. Tushirilgan rentgen natijasiga koʻra, shish olti oy oldin qanday boʻlsa, shundan aslo kattalashmagandi. Shifokorlarning fikriga koʻra, uning xavfli bosqichi oʻtgan boʻlib, sekin-asta yoʻqolib ketishi ham mumkin ekan.

Bu xabarni eshitib, na sevindim, na xafa boʻldim. Balki sizga gʻalati tuyular, lekin miyamdgi bu shishning yoʻqolib ketishini sirayam istamasdim. Chunki peshonamdagi bu shish ma’dan konlarida ishlovchilarning peshonasidagi yoritgich yangligʻ yoʻlimni yoritgan, toʻgʻri yoʻlni topishimga vasila boʻlgandi!..

Negadir bu shishni yaxshi koʻrib qolgandek edim. Uni shish deb emas, peshonamdagi nur deya qabul qilgandim!..

Qasida

Arshning qubbalariga nomi nurla yozilgan,
Ismi samoda Ahmad, yerda Muhammad boʻlgan,
Yetti qavat osmonda Haq jamolini koʻrgan
Avval-oxir yoʻlboshchi, yo hazrati Muhammad!
Sizga nur yomgʻirlari yogʻarkan, yetti qatdan
U tunda siz, din kelgan azal qadar uzoqdan.
Malaklar har zarraga mujda berarkan, Haqdan
U tunda siz tugʻilgan, yo hazrati Muhammad!
Quyosh ham u kechaning nuriga sajda qildi!
Yulduzlar behud boʻlib, koinot vajda qildi!
Hamdu sanolar bari Yaratganga oʻqildi,
U tunda siz tufayli, yo hazrati Muhammad!
Ka’bada shirk toshlari – butlar yerga qularkan,
Jaholat bayroqlari bari bir-bir sinarkan,
Ming yillik kufr olovi abadiyan soʻnarkan
Qutlugʻ qadamingizdan, yo hazrati Muhammad!
Shu tunda Sa’va koʻli moʻ‘jizayla yoʻq boʻldi!
Kisro saroylarining ustunlari yiqildi!
Arzdan Arshgacha olam rahmatingizga toʻldi!
- U kecha siz, din kelgan, yo hazrati Muhammad!
Goʻdaklik yoʻrgagingiz oq bulutdan oʻralgan,
Tugʻilib-tugʻilmasdan, sajda amri berilgan,
Boshingizda olamga rahmat toji koʻrilgan!
Koinotning sarvari, yo hazrati Muhammad!
Sizning goʻzal xulqingiz, axloqning namunasi,
Goʻzal sabr bobida basharning eng a’losi!
Ul Jannat makoningiz, faqirlarning xonasi!
Koʻngillar xazinasi, yo hazrati Muhammad!
Sizga shohid haq soʻzlar azaldan beri har on,
Sizga shohid oyatlar har zarrada bitilgan!
Sizdan ayro qolmoqqa qanday chidasin, bu jon?!
Siz har jonda jononsiz, yo hazrati Muhammad!!!
Me’roj tunida bir-bir, ochildi sizga koʻklar,
Salom bilan qarshilab, har qavat paygʻambarlar!
Shunday bir on keldi-ki, toʻxtab barcha malaklar!
Haqqa yolgʻiz bordingiz, yo hazrati Muhammad!
Koʻngil koʻzi koʻr inson, jon koʻzini naylasin!
Dunyoda doʻnmagan til, Mahsharda ne soʻylasin?!
Mavlo butun basharni ummatingiz aylasin!
Bayrogʻingiz ostida, yo hazrati Muhammad!!!
Haq bilan qul visoli, u ilohiy bir toʻyda,
Hech kimdan hech kimsaga foyda boʻlmagan kunda
Xayru-sharrni xos tortgan, u tarozu oʻnggida
Siz shafoatchim boʻling, yo hazrati Muhammad!
Bilamizki, hukmi yoʻq, bu dunyo ne’matining,
Koʻngildir sarmoyasi, oxirat sarvatining
Sizga salovot-salom yoʻllagan har ummatning
Jannat shohidi boʻling, yo hazrati Muhammad!!!
Jannat sari yetaklang, yo hazrati Muhammad!
Jannatlarga yetaklang, yo hazrati Muhammad!