OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Mahmud Ozay. Qochoq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMahmud Ozay
Asar nomiQochoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Mahmud Ozay
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
Hikoyat Mahmudova


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qochoq (hikoya)
Mahmud Ozay

Biz tagiga elak qoʻyilgan mis patnis ustida turgan kattakon tovoqdan loviyali yovgʻon shoʻrva ichib oʻtirardik. Ikki bosh piyoz toʻrt boʻlakka boʻlingandi. Biz yeyayotgan piyoz boʻlaklari ishtahamizni qitiqlardi. Onam menga tovoqdan kattagina goʻsht boʻlagini olib, non ustiga qoʻyib berdi. Biz ovoz chiqarmay ovqatlanardik. Nihoyat, tovoq boʻshadi va biz qoshiqlarimizni qoʻydik. Amakim ovoz chiqarib: «Xudoga shukur»,— dedi-da, soqolini artib, stoldan nari ketdi. Onam idishlarni yigʻib, dasturxonni oshxonaga qoqqani olib chiqib ketdi. Amakivachcham Solih togʻora bilan kuvacha olib kelib amakimning qoʻliga suv quyib, sochiq tutdi. Keyin ustida lampa chiroq osiqlik turgan yozuv stoliga yaqinlashdi. Stol oʻrnida kerosindan boʻshagan tunuka bidon joylashgan yashik toʻnkarib qoʻyilgandi. Bidonga yo tuya, yo qoʻtosning rasmi chizilgandi (dehqonlar uchun bunday yashik eshakning ustiga ortishda juda qoʻl kelardi). Men Solihning yoniga kelib oʻtirdim.

Solih kechagi gazetani ochib, amakim belgilab bergan matnni koʻchira boshladi. Daftariga hammasini koʻchirib boʻlganidan keyin, yozgan narsasini ovoz chiqarib oʻqib berdi. Qarz tilxatining toʻgʻroli markasiga qoʻl qoʻyishdan boshqa na yozishni va na oʻqishni bilmaydigan amakimning amaliy ta’lim haqida oʻzining shaxsiy uslubi mavjud edi. U odatda oʻgʻliga: «Mana bu yerdan bu yergacha hammasini koʻchirasan!»—derdi. Amakimning topshirigʻi koʻpincha qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish hamda boʻlish problemalariga taalluqli boʻlardi. Mazkur misollarda koʻpincha okka va dirxamlar haqida gapirilardi (bu vaqtda hali kilogramm hamda grammlar qoʻllanilmasdi) va albatta pora va kurushlar ham esdan chiqmasdi, axir, oldi-sotdi pulsiz bitmasdida «Palonchi tovardan shunchadan-shuncha okka olamiz. Bir okkani munchaga sotamiz. Bizda mana shuncha tovar qoladi. Shunda bizga qancha foyda qoladi? Bugun qancha va nima sotding? Qaysi tovar qancha foyda keltirdi? Doʻkonni berkitayotganingda daromading necha kurushni tashkil qildi? Amakim amakivachchamga beradigan masalalar shulardan iborat boʻlib, Solih terga botgancha ularni yechishga urinib yotardi. Negaligini oʻzim ham bilmaymanu, lekin unga yordam bermasdim.

Onam moʻ‘jazgina patnisda ikkita likobchada qahva olib kirdi. Biz amakivachcham bilan bir-birimizga yoqimli ishtaha tilab, bir likobchadan qahvani maza qilib ichib oldik. Shu vaqt amakim yoʻtaldida, soqolini silagancha onamga murojaat qildi.
— Kelin, anavi ishga kelsak, men oqsoqol Ahmad afandi bilan gaplashdim. U yigitchani ishga olib, ish oʻrgatadigan boʻldi. {Yigitcha, bu demak, men.) Bir-ikki yil gumashta boʻlib ishlab turadi. Kirim-chiqim ishlarini oʻrganadi. Ozroq sarmoya qoʻshsak, keyin oʻzi mustaqil ish yurita boshlaydi
— Kim u ish ochadigan? — deb gapga aralashdim.
— Siz men haqimda gapiryapsizmi? Oʻzaro gaplashib, hammasini hal qilib qoʻya qoldinglarmi? Mendan soʻrashni esa unutdinglarmi? Men oʻqishni xohlayman Axir, mening muallimlarim har doim: bola oʻqishi kerak, deb ta’kidlashmaganmidi? Sizningcha, men Ahmad afandi qoʻlida gumashta boʻlishim kerakmi! Ish oʻrganishim kerak ekanda! Axir, men maktabni a’lo baholar bilan bitirdimku! Bitiruvchilar ichida eng birinchisi ham oʻzim-ku!

Albatta, men oʻzimni anchayin beadab tutdim. Onam menga ta’nali qarab qoʻydi. Solih boʻlsa ruchkasini engahiga tiragancha indamay oʻtirardi. Amakim avval indamadi, keyin jilmaygancha:
— Men,— dedi,— albatta, sening bexato yozishing, a’lo darajada hisoblay olishingni bilaman, oʻgʻlim. Sen oʻqishni takror-takror davom ettirishni xohlaysan. Kim ham shunday boʻlishini istamaydi, deysan? Lekin bilim olish uchun ham pul kerak. Sen otangga bir qaragin-a: sharti ketib parti qolgan! Akang boʻlsa, oʻqishini tashlab qoʻzgʻolonchilarga qoʻshilib ketdi, shunday, oʻzicha qaror qildi-yu, ketdi-qoldi. Hozir qayerdayu nima qilyapti, dom-daraksiz. Shunday ekan, onangni kim boqadi, axir? Hech kim tortishayotgani yoʻq, qani endi iloji boʻlsa, oʻrta maktabda oʻqisang. Lekin erkakning burchi.

Ulardan yordam kutishning foydasi yoʻqligini darhol sezdimu gap ohangini oʻzgartirdim.
— Bepul internatga imtihon topshiraman, deb aytmoqchi edim. Men oʻzimga oʻzim umid bogʻlagandim! Hech kimdan hech qanaqa yordam kutmayman ham! Menga muallimlar bepul internatga imtihon topshirishimni mas-lahat berishgandi. Men albatta topshiraman!
— Hozirgi kunda eng muhimi, oʻgʻlim, kundalik tirikchilik uchun pul topishdir,—deya e’tiroz bildirdi amakim.
— Bilim olish, albatta, yaxshi narsa, lekin savdo-sotiq ham chakki ish emas. Men senga qisqa va eng toʻgʻri yoʻlni koʻrsatyapman. Axir qarab turmasmiz. ozmi-koʻpmi pul ishlaganingdan keyin, onangga ham qarasharding.

U oʻrnidan turib, qahva ichish uchun yoʻnaldi. Onam ogʻir xoʻrsindi. Men qovogʻimni solgancha indamay oʻtirardim. Solih yumushini bajarib boʻlgach, yana amakimning boqqollik doʻkonida «ishlashimiz»ga toʻgʻri keladi, shekilli. Bu demak, masalan, elliktalik chekiladigan qogʻoz pachkasidan kamida beshtasini sugʻurib olish kerak YOKI qutidagi gugurtni toʻkib, tagiga kichkina-gina karton boʻlakchasini solish kerak. Shunday qilinganda beshta, ba’zida oʻn dona gugurt choʻpini tejab qolish mumkin boʻladi. Amakim keyin sugʻurib olingan qogʻoz hamda qolgan gugurtni nima qiladi, bilmayman. Onam uning ortidan qarab qolarkan, gʻamgin ohangda shunday dedi:
—Toʻgʻri ish qildingmi-a, oʻgʻlim? Nega amakingga gap qaytarasan? Axir, u bizga faqat yaxshilik tilay-di-ku. Sening odam boʻlib, yoʻlga tushib olishingni xohlaydi. Agar men sening oʻrningda boʻlganimda.
— Agar u menga yaxshilikni xohlaganda, oʻqishga yuborgan boʻlardi! Maktabni bitirib, bir ixtisoslikni egallaganimda uning sarf-xarajatlarini oqlagan boʻlardim! Axir, men xayr-sadaqa soʻramayapman-ku!

Men oʻzimni tutolmay juda keskin gapirardim. Onam boshimni silagancha: «Xoʻp, mayli, yaxshi, oʻzimning aqlliginam.»—deb erkaladi.
— Otamning oldiga, uyga boraman!—deya baqirdimda, oʻrnimdan sakrab turib koʻchaga chopib chiqib ketdim.

Gʻazabdan butun tanam larzaga kelgandi. Esimda, boshlangʻich maktabni tugatganimdan keyin bir yarim oycha amakimning boqqollik doʻkonida ishlashga toʻgʻri kelgandi. Gap shundaki, bizning uyimizni yunonlar yoqib yuborishgandi. Urush tamom boʻlgandan keyin, biz mazkur shaharga koʻchib kelgandik. Amakimning sarmoyasi naqd boʻlgani uchun darrov doʻkoncha ochdi, hovli-joy sotib oldi, savdo-sotiq ishlarini boshlab yubordi. Lekin bizning omadimiz yurishmadi. Otam shahar qabristoni yonidan boʻsh hujra topib, nomigagina ta’mir qildi. Lekin onam bunday hujrada yashashni xohlamadi. «Tirikligimda qabristonda yashashni xohlamayman!»— dedi u va amakimnikiga ketib qoldi. Amakimning xotini oʻlib ketgan boʻlib, u oʻgʻli bilan yolgʻiz qolgandi. Amakivachcham Solih mendan uch yosh katta edi — u haqda eslatib oʻtgandim. Onam ularnikida xoʻjalikni boshqarardi: kirchirlarini, idish-oyoqlarini yuvar, xonalarni orasta tutardi. Ertalab esa, otamning kulbasiga kelib uni sarishtalar, ovqat tayyorlardi, tushdan keyin yana amakimnikiga qaytib kelardi. U yerda hammamiz birgalashib ovqatlanardik, keyin men otamning oldiga yoʻl olardim, onam esa amakimnikida qolardi. Qorongʻi jinkoʻchalardan oʻtib, qabristonga olib boradigan yoʻlga chiqib oldim. Negadir koʻnglim notinch edi. Uyga borganimda otamni uygʻotib, bugungi suhbat haqida u bilan maslahatlashsammikin? Yeki oʻzim qabul qilgan qat’iy qaror haqida aytsammikin? U albatta yana oʻzining Hofiz, shayx Sa’diy haqidagi uzundan-uzoq gapini boshlaydi. Bularning menga nima keragi bor? Men qat’iy qarorga kelib boʻldim, hatto otam ham yoʻlimdan qaytarolmaydi! Qanday qilib boʻlmasin oʻqiyman! Uydan qochib ketaman. Ertagayoq qochib ketaman onamdan, amakimdan, hattoki otamdan ham.

* * *

Men ohista eshikni ochdim. Otam karavotda yotardi. Toʻnkarilgan tunuka quticha ustida kerosin lampa xira yonib turardi. Men chiroqning piligini bir oz koʻtardim. Otam koʻzini ochib:
— Keldingmi, oʻgʻlim? — dedi.
— Ha, dada. Uygʻotib yubordimmi!
— Hechqisi yoʻq. Ertaga eski qabristonga borib yogʻoch kesib kelsakmikan, deb oʻylab yotgandim. Bir chekkaga tashlab qoʻysak, qurib turadi. Qishgacha eshagimizga ham ogʻilxona qilib berishimiz kerak, boz ustiga, xashakni qoʻyadigan joyimiz ham yoʻq. Keyin uyga yondashtirib oshxona qursak boʻlardi, devorlarini novdalardan toʻqib, ichidan oqlasak olam guliston. Albatta, oying ham jon, deb bunday oshxonada bekalik qilgan boʻlardi. Bu turgan gap! Hovliga devor olinsa, yanayam yaxshi boʻlardi.

Oʻtin haqida qaygʻurmasak ham boʻladi. Eski qabristonda qayragʻochlar toʻlib yotibdi! Xohlagan vaqtda kesib kelsa boʻlaveradi.

Aftidan, dadam yotib uzoq vaqtdan beri bu loyihalarni miyasida pishirgan va endi oʻz rejalarini men bnlan oʻrtoqlashmoqchi boʻlgandi.
— Yota qolay, dada. Negadir uyqum kelyapti. Chiroqni oʻchiraymi?
— Ha, mayli,— deb javob qildi u.— Xayrli tun, oʻgʻlim!
— Yaxshi uxlab turing, dadajon.

Men ham oʻrnimga yotdim. Dadam u yoqdan-bu yoqqa agʻdarilib yotib-yotib, keyin bir maromda, chuqur nafas ola boshladi, nihoyat, uxlab qoldi, shekilli. Devorlari ortida qabristonu zim-ziyo tun hokim boʻlgan kulbada faqat bir mengina uygʻoq edim. Amaqimning taklifi albatta koni foyda. Dadam, aftidan, bu gaplardan voqif boʻlganu, lekin vaqti-soati yetmaguncha men bilan gaplashishni istamagan. Otamda ham turli-tuman rejalar toʻlib-toshib yotardi: kulbani tartibga keltirib olgandan keyin yana biron-bir ish topilib qoladi. Ehtimol, oqsoq eshagimizga turli-tuman attorlik mollari toʻldirilgan chamadonni ortvolib qishloqma-qishloq chorbozorchilik qilishga otlanib qolar. Men ham u bilan birga joʻnasammikin? Yoʻq, men oʻqishni xohlayman. Qanday kasbga oʻqisamikin? Xohlasam, doktor, injener, ofitser boʻlishim mumkin yoki masalan, dori tayyorlovchi, balki ximik yo oʻqituvchi. Boshlangʻich maktabda menga doim: «Oʻqisang, katta odam boʻlib yetishasan!» — deb uqtirishardi.

Sakarya boʻsagʻasidagi gʻalaba sharafiga oʻtkazilgan yigʻinda munitsipalitet balkonidan shahrimiz ahliga qarata nutq irod etganim hali-hanuz yodimda. Odamlar meni kamoli diqqat bilan eshitishgandi, ularning koʻzlari quvonch hamda umidla balqib turganini unutish mumkinmi, axir. Keyin menga qizgʻin tashakkur bildirishganichi! Xalq maktablarinitsg tantanali ochilishida soʻzga chiqqanimdan keyin kap-katta odamlar ham ishtiyoq bilan qoʻlimni qisganlari esimda. Axir, oʻshanda men emasmidim, vatanning uygʻonishiga faqat ilm-ma’rifat orqaligina yoʻl ochish mumkin, degan? Men boshlangʻich maktabni a’lo bitirdim. Mana, shahodatnoma ham buni tasdiqlashi mumkin! Ushanda menga hech kim yordam bermagandiku! Internatga imtihon topshirib, kirib olganimdan keyin oʻzimni-oʻzim ta’minlay olaman! Qaror qat’iy, ertagʻa azonda qochib ketaman! Qoʻshni shahardagi opamnikiga boraman. Mening rejalarimdan uning xabari bor. Kichkinalik vaqtimda u menga har tomonlama yordam berishga harakat qilardi, maktabni muvaffaqiyatli tugatishimda ham uning hissasi bor. Uning eri jandarm mahkamasining boshligʻi. Demakki, shaharda oʻziga yarasha obroʻ e’tibori bor.

Oʻsha viloyatda yozda anjirqoqi sotib oladigan olibsotarlar borligi esimga tushib qoldi. Ularning omborlaridagi anjirlarni ishchi ayollar saralab sarxillab qoplarga solishadida, keyin temir yoʻl orqali Izmirga joʻnatishadi. Albatta, bu olibsotarlarning oʻz kotib hamda mirzalari bor, lekin, balki umidli dunyo degandek, mening ham bilimlarim asqatib qolar. Men tez hisoblayman, husnixatim ham qoyilmaqom! Agar pochcham ulardan birortasiga bir ogʻiz bir narsa desa, rad etishga botinisholmaydi, nega desangiz, jandarm boshligʻi bilan janjallashib boʻlmaydi! Kirish imtihonlarigacha bir oy-yarim oy ishlab, yoʻlkiraga pul yigʻamanda, eng zarur ba’zi bir narsalarni sotib olaman, yana mayda xarajatlar uchun ham qoladi.

* * *

Kechasi bilan mijja qoqmadim. Mana shunday oʻy-xayollar bilan tongni kutib oldim. Xoʻrozlar qichqirib, tong boʻzara boshladi. Otam ertalabki namozni oʻqish taraddudida oʻrnidan turdi. U ustimdagi koʻrpani toʻgʻrilab, koʻrpa ustidagi qoʻlimni ohista berkitib qoʻydi. Men oʻzimni uxlaganga solib yotardim. U ketishi bilan sakrab oʻrnimdan turib, tezda kiyindim. Chamadondagi shalvarim, koʻylagim va boshqa mayda-chuydalarni olib, hammasini tugunga tugdim. Keyin eskigina sariq konvertni olib, unga maktab shahodatnomasini, metrikamni solib kostyumimning chap tomonidagi ichki choʻntagiga solib, tugmalarini qadadim. Matematika uchun tutgan eski daftarimdan bir varaq yirtib oldimda, katta harflarla: «Dada! Men oʻqishga ketdim. Xavotirlanmang, Izmirdagi bepul internatga imtihon topshiraman. Natijasi haqida yozib yuboraman. Dada, agar dilingizni ogʻritgan boʻlsam kechiring. Meni qochib ketdi, deb oʻylamang. Baxtli boʻling, dada!» deb yozdim.

Xatchani dadam kelgan zahoti koʻrsin, deb chiroqning tagiga qistirib qoʻydim. Qoʻltigʻimga tugunchani qistirgancha uydan chiqdim Koʻhna zaytun daraxti ostiga eshagimiz Oqsoq bogʻlab qoʻyilgandi. U dadam yangigina yulib tashlagan oʻtni ishtaha bilan kurtillatadi. Men uning yagʻrinini siladimda, mayin qulogʻidan ushladim. Nazarimda, u ortimdan gʻamgin qarab qolganga oʻxshab tuyuldi. Bexosdan oyim bilan toʻqnash kelib qolmaslik uchun bogʻ orqali aylanma yoʻl bilan ketishga qaror qildim. Katta yoʻlga chiqib olganimdan keyin, xudojoʻylardan biri qoʻyib ketgan katta koʻzadan tagi teshik krujkada suv oldim. Krujkaning teshigidan oqayotgan suv Topidji Sulaymon afandi amakim maktabni a’lo bitirganimga sovgʻa qilgan sariq botinkamni rasvo qilmasin, deb jonim xalak edi. Ertalabki poyezdning joʻnashiga atigi yarim soat qolgandi. Shoshilishga toʻgʻri keladi, vagonda dam olarman. Albatta, poyezdga soʻnggi daqiqadagina yetib olaman. Hechqisi yoʻq, ishqilib, turtkilashmasa, xalaqit berishmasa boʻlgani!