OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMahmud Rajab
Asar nomiYoʻlovchilar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Mahmud Rajab
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm29KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻlovchilar (hikoya)
Mahmud Rajab

Uch kunlar boʻldiki havo dim. Yoʻq, balki bir hafta boʻlgandir, balki bir oydir, balki... anigʻini bilmaymanu, xullas anchadan buyon havo isib-isimaydi, sovub-sovimaydi. Erinchoq bahor bulutlari ustimizga yoqar-yoqmas suzib keladi-da, yogʻishga shaylanadi-yu, negadir shashtlaridan qaytib oʻz yoʻlida davom etaveradilar. Bulutlar ketidan bulutlar keladi. Biri-biridan zerikarli bulutlar. Hammalari yogʻmoqchi boʻlib koʻradi, ammo yogʻmaydi. Bunaqa havoda boʻgʻilib oʻlasan kishi. Qani endi momoguldirak yeru koʻkni titratib bir gumburlasayu yomgʻir sharros quyib bersa. Shamolga toʻshingni tutib toza havodan toʻyib-toʻyib nafas olsang. Afsus, qovoq-tumshugʻini osiltirib olgan bulutlar manguga yogʻmaydigandek.

Toza havoni juda sogʻindim. Nega desangiz shu kunlarda xuddi shalogʻi chiqqan avtobusda diqqinafas boʻlib olis safarga ketayotgan odamdek karaxtman. Hozir ana shu shalogʻi chiqqan avtobusga chiqishim kerak, ammo chiqqim yoʻq. Bekatda oʻttiz-qirq chogʻli odam va men avtobus kutardik. Ular avtobusning nogahon kelmay qoʻyishidan, men esam uning kelib qolishidan xavotirda edik.

Ammo u keldi. Peshonamga yozilgani shu ekan. Noiloj chiqdim. Ulovning bu turini jinim suymasdi. Avtobusda oʻtgan umrimning eng koʻp qismi talabalik yillarimga toʻgʻri keladi. Kattalarga joy berish majburiyati oʻsha paytlardan meros. O’sha yillari qaysi yoshdagilarga joy berishim kerakligi miyamga qattiq oʻrnashib qolganligidan hozir bunday yoshdagilar mendan kichikligini aqlimga sigʻdira olmasdim. Har gal «kattalar» oʻrnashib olishiga oʻzim yoʻl qoʻyib berardim. Mening sustkashligim ularga yoqardi. Bu gal oʻtirib ketishni qanchalik istagan boʻlsam ham eski odatim menga sodiq qoldi.

Oftobda qizib ketgan bu temir uychaga bir-birlarini itarib-turtkilab yopirilib kirgan odamlar shundogʻam siqiq, dim havoni bittar aynitib yubordilar. Bulutlar orasidan moʻralagan quyosh avtobusning chap qator oʻrindiqlarini rosa qizdirib qoʻygan ekan. Ba’zi ayollar oʻng oʻrindiqlar tomon tipirchilab qolishdi. O’rnashib olishgach, yelpinib oʻtirgan chapdagilarni hazil-mazax qilishdi. Na’ra tortib oʻrnidan qoʻzgʻalgan avtobus chayqala-chayqala oldinga intildi. Bir necha daqiqadan keyin esa avtobus yoʻnalishini oʻzgartirdi-yu, quyosh chapdan oʻng tomonga oʻtib oldi. Chap oʻrindiqdagilar boshlariga kelgan soyadan ancha sergak tortishdi. Hamma chakagiga erk berib yuborgan, ayniqsa chap qulogʻim tagidagi bir xotinning jagʻiga barakat bergan ekan:

– Boy ham boyga, Xudoy ham boyga deydi. Puli borlar hamma yerlarni sotib olib qoʻysa, bizga oʻxshaganlar zor qaqshab qolaveradimi? Hozir fermerlarning oshigʻi olchi. Qoplonday ikki oʻgʻlim va bir qizim bor. Hammasi ishsiz. Hali oʻgʻil uylantirganim yoʻq.

– Kolxoʻzda ishlating! – dedi sherigi.

– Kolxoʻz pul beradimi? Hali oʻzimning ololmay yurgan qancha pulim bor. Undan keyin kolxoʻzning ishi ogʻir. Shuncha yil mening ishlaganim yetar. Endi bolalarim yengilroq, moyliroq ish topsa deyman. Soʻloqmonday yigit bel koʻtarib yurishga or qiladi.

– Mening oʻgʻlim besh yildan beri bel koʻtarib beli qayishgani yoʻq. Ishdan horib kelding, damingni ol desam, «Be-ee, brigadir ishga bormadi, chelda oʻtirib karta oʻynab qaytdik» deydi.

Kimdir gapga aralashdi.

– Kolxoʻz pul bermasa fermerga yuboring.

– Siz ham mening tilimni qichitasiz. O’tgan yili fermer qarindoshimiz (qarindosh boʻlmay ketsin) kichik oʻgʻlimni soʻrab keldi. Mugʻombir. «Uyda mollarga qarab yursa, oyiga oʻn besh ming beraman» dedi. «Hoy, ogʻzingga qarab gapir. Koʻhna joyning oʻrnini oʻzingniki qilib olding, indamadim. Endi oʻgʻlim senga xizmatkor boʻlib, mollaringning tagini tozalaydimi», dedim. It terisini boshiga qoplab, uydan haydadim.

– O’gʻlingiz biron narsaga qiziqadimi oʻzi?

– Fudboʻl desa jonini beradi. Piskultura bor kunlarigina maktabga boradi. Yoshligida koʻp kasal boʻldi, erkaroq oʻsdi. Birinchi sinfga borganida har kuni partasida birga oʻtirib qaytardim...

Yoshi elliklarga borgan ziyolinamo kishi oʻziga oʻzi gapira boshladi.

– Ilgarilari ota-onalar bolalarini maktabga berayotib oʻqituvchiga: «Mana shuni odam qiling, yaxshi oʻqisin, oʻqishdan boʻyin tovlasa hohlaganigizcha urib-soʻkavering» deyishardi. Eng bolajon ayollar ham ikki-uch shapaloqqa ruxsat berardi. Hozirgi xotinlarning ogʻzidan faqat bir xil gap eshitasan: «Mening bolamga qattiq gapirmang, shaytonlab qoladi. Xushomadini yetirmasangiz, gapingizga kirmaydi. Yuqori baho qoʻymasangiz, maktabga borishdan bosh tortadi. Sizdan iltimos, bolamni birov xafa qilib qoʻymasin, unga koʻz-quloq boʻlib tursangiz, «papka ziyofati» bizdan.»

– E, qoʻying oʻsha zamonni. Xotinlar itday tugʻib ketavergan-da. Bolasiga qaygʻurmagan, hukumat qaygʻursin, deb. Mana men kecha-kunduz shu bolalarim uchun yuguraman. Birovdan kam boʻlmasin deyman. Hozir sal past ketsang odamlar ustingga chiqib olishadi. Hali birovga yalinganim yoʻq. Qizimning tugʻilgan kunida oʻsha fermer qarindoshimizning qizi qimmat baho koʻylak kiyib kelgan edi. Qizim sal oʻksinganday boʻldi. «Xafa boʻlma, qarz etsam ham senga undan yaxshisini olib beraman», dedim. Keyin bilsam, u ham birovnikini kiyib kelgan ekan. Xudoga shukur, men qizimga «oyroti» kiydirmadim. Qiynalsam ham oʻzim yugurib-elib oldi-sotdi qilib bir amallab yetkazib turibman. Biroq pul topish kun-kundan qiyinlashib ketayapti.

– Tugʻilgan kunga pul topibsiz-ku!?

– Aa-ay, soʻramang! Hammasini nasiya oldim. Uyda guruch qolmabdi. Darrov xorozga borib ikki qop guruch chiqartirdim. Bir qopini qoʻshnilardan olgan guruchlarning oʻrniga tarqatishni moʻljallab, ikkinchi qopdan tugʻilgan kunga yetguday guruch qoldirib, qolganini sotdim. Qizim tugʻilgan kunida bir quvonsin deb nasiyaga olib yashirib qoʻygan roʻmolning pulini toʻlashim kerak edi. Guruchning puli roʻmolning qarzidan qutqarmasligini bilib, xorozchiga «Xoroz haqini qarz daftaringga yozib tur, Xudo hohlasa kelgusi safar sholi keltirganimda avvalgilarini ham qoʻshib, hammasini bir etib toʻlab ketaman. Agar «yoʻq» desang, qaytib sening xorozingga kelmayman, «Oq koʻylagim lalangir, sen boʻlmasang yenam bir» – boshqa xoroz koʻp, deb poʻpisa qildim. Xorozchi ilojsiz rozi boʻldi.

Mana ikki oy boʻldiki, mayda-chuyda xarajatlarning qarzidan qutuldim. Faqat aroqning puli qoldi.

– Qizingizning chiqonlari aroq ham ichishadimi?

– Yoʻq, aroqni mening chiqonlarim bilan erimning joʻralari ichishdi.

– Asosan, erimning joʻralari deng!

– Hozirgi erkaklar aroq icha oladimi oʻzi? Ikki piyola bersang agʻdarilib tushadi. Keyin mehmonlarga tuni bilan xotinlar xizmat qilaveradi. Aroqni mening chiqonlarim suvday simirishdi.

– Qizingiz bahonasida oʻzlaringiz bir miriqibsizlar-da, a?!

– Avvallari bunday narsalarni men ham yoqtirmasdim. Keyin bilsak tugʻilgan kunlar dam olish uchun tayyor bahona ekan. Ish-ish deb bir kuni oʻlib ketasan. Qolaversa, tugʻilgan kunlar boʻlmasa qarindosh-oshnoni yoʻqlab borishga fursat topolmaysan.

– Yarim qop guruchning hammasi ketdimi? – soʻradi kimdir. Aftidan shaharlik boʻlsa kerak.

– Yetmay qoldi.

– Toʻyday qilib yuborgandirsiz-da.

– Qayda, oxirida kelgan uch odamga palov yetmadi, faqat shoʻrva bilan ketmasin deb goʻsht qovurtirdim. Ular boshqa bir yerdan toʻyib kelgan ekanlar, ovqatga qoʻl ham urmadilar. Lekin ertasiga koʻrsa-ak, tovoqlarda qolgan palovga mollarning yem qozoni toʻlibdi.

Avtobus bir maromda iylanib ketib borardi.Jizzaki xotin oldidagi kattakon sumkalardan birini titkilab, eskirib qolgan koʻk daftarini topdi.

– Mana shu daftarda uch yildan beri qarzini uzolmay yurganlar bor. Shular vaqtida toʻlaganda men hozir senga oʻxshab bu yarim-yorti avtobusda chang yutib oʻtirmasdim.

– Chiqon, sal oʻzingni bos. Bunday qarz daftar hammamizda ham bor. Qarzga bermasang hech kim sendan narsa olmay qoʻyadi.

– Qoʻyinglar-ey, uyat boʻladi.

– Boshqa gapdan gaplashinglar! – Har kim har tomondan vaziyatni yumshatishga harakat qildi.

Haydovchi goh yoʻlga, goh peshoyna orqali yoʻlovchilarga qarab qoʻyardi. Avtobus ichini benzin hidi tobora qamrab borar, kimdir tuynukni ochib tashqaridan kirayotgan havoga tumshugʻini tutsa, kimdir «Bolamni doktorga olib ketayapman, shamollab qoladi, tuynukni yop!» deb baqirardi. Tuynuk oldidagi uzun boʻyli yigitga qiyin boʻldi. Ochdim deganda yopadi, yopdim deganda ochadi. Bir necha kishini tushira solib endi tezlikni oshira boshlagan avtobusni yoʻlda turgan kimdir qoʻl koʻtarib toʻxtatadi. Uni mindirib gazni bosdim deganda haydovchini yana kimdir tushib qolish uchun bezovta qiladi. Xullas avtobus bir yurib, bir toʻxtaydi.

– Avtobusmi bu, yo eshakaravami? Qachon yetamiz Urganchga? Bu borishda bugungi kunimiz avtobusda oʻtadimi deyman? – noliy boshladi zerikib ketgan bir yoʻlovchi.

Kashandalarni bir necha marta siquvga olishdi. «Bizga oʻxshab nos chekinglar, tutuni chiqmaydi». «Tutuni ichingga qarab ketadi». «Men sharoitga qarab ikkoviniyam chekaveraman». «Ikkoviyam sogʻliqqa zarar, undan koʻra semichka chaqinglar, ovqatni yaxshi hazm qildiradi». «Qoʻysang-a, oʻzi qornim och, ovqatni yaxshi hazm qildirmaydigan xilidan yoʻqmi?« degan gaplar bilan avtobusdagi besh-olti dudkash, oʻn-oʻn besh noskash va yigirmatacha semichka chaquvchi taraf-taraf boʻlib bahslashardi. Bir yigitga hozirgina sigaret sotgan xotin uch yashar qizchasi dimogʻi oldida suzib yurgan tutunlarni qoʻli bilan haydayotib, bosib-bosib chekayotgan yigitga qarab: «Mayli, zarari yoʻq-zarari yoʻq» deb qoʻydi va bahsga aralashdi: «Mening otam hozir salkam toʻqsonga bordi. Umr boʻyi ogʻzidan sigaret tushmagan. Kim kimdan oldin ketishi yolgʻiz Xudoga ayon.»

Semichkaning «chirt-chirt» etgan ovozlari tinmasdi. Oyoq ostlari semichka qobigʻiga toʻlib ketdi. Bir necha bor ogohlantirishi hech kimga ta’sir qilmagach, haydovchi avtobusni shartta toʻxtatib:

– Yaxshi gapga tushunmas ekansizlar, chaqmanglar degandan soʻng chaqmanglar-da! – deb bor ovozi bilan baqirgan zahoti hamma jim-jit boʻldi. Avtobus toʻxtashi bilan barobar toʻxtagan jagʻlar, avtobus yurishi bilan yana ishga tushdilar. Qoʻllar bilan ogʻizlar bir-birlariga mutanosib ravishda yashirin xarakat qilar, koʻz bilan quloq esa haydovchining xatti-harakatlaridan koʻz-quloq boʻlib turardi. Faqat koʻzoynakli pakana kishi pinagini buzmay semichka chaqardi. Haydovchi unga oʻgirilib: «Sen oʻzbekchaga tushunasanmi oʻzi?» degan edi, haligi pakana hayron boʻlib: «Chego?» dedi. Shundagina hamma uning koreys millatiga mansub ekanini payqadi. Haydovchining birdan popugi pasayib qoldi. Esankiraganidan zoʻrgʻa «ne nado... chimichka chaqmoq» deya oldi xolos. U gapining ruscha jumlasini baland, oʻzbekchasini esa pastgina ohangda aytdi. Pakana gap nimadaligini payqab: «Meniki kagazga chakadi» dedi bamaylixotir.

Shlyapa kiygan ziyolinamo kishi dardini yordi:

– Men Germaniya shaharlarini avtobusda aylanganimda yonimda oʻtirgan oʻzbek hamrohim konfet qogʻozini gʻijimlab avtobus derazasidan otib yuborganida, buni koʻrib qolgan haydovchi avtobusni shartta toʻxtatib haligi qogʻozni oldi va manzilga yetgach, axlat qutiga tashladi. Bu bizga katta saboq edi. Biz qachon shunday madaniyatga erishamiz?

– Kim boʻlib ishlagansiz? – soʻradi undan hamrohi.

– Koʻ-oʻp ishlarda ishladim. Oxiri maktabga direktor boʻldim. Koʻpchilik kasbdoshlarim oʻzlarini savdoga urib ketishdi. Bozorda narsa sotishga mening gʻururim yoʻl qoʻymadi. Ishlayverdim. Ishlab-ishlab pensiyaga bir yil qolganda ishdan boʻshab ketdim.

– Boʻshatishdimi?

– O’zim boʻshadim.

– Nega?

– A-ay, bir sabablar bilan.(Bir xoʻrsinib qoʻyib sekin gap boshladi.) Kecha-kunduz maktab deb yugurib-yoʻrtaman, sira birim ikki boʻlavermadi. Erta ketib kech qaytaman, uy ishlariga foydam tegmaydi. Olgan maoshim majlisga qatnash, daftar-qogʻoz olish va komissiyalarni mehmon qilish bilan ketib qoladi. Joʻralarim ziyofatlarda «nomi ulugʻ, suprasi quruq» deb menga tekkizib gap aytadilar. Alamimdan shartta ariza yozdim. Qoʻl qoʻyishmadi.

– Bizga qolsa kolxoʻz yaxshi edi, – deya toʻsatdan gap boshladi malla telpak kiygan kishi.

– Kolxoʻzning nimasi yaxshi? Shuncha yil bizni qiynagani yetar. Endi uni tugatish kerak! – fikr bildirdi yangi suhbatdosh.

– Yana qadimgiday boy-kambagʻal boʻlaylikmi?

– Ular insofsiz boy boʻlishgan, biz insofli boy boʻlamiz. Xoʻsh, kolxoʻzning nimasini yoqtirib qoldingiz?

– Avvallari men ham xuddi senday fikrlar edim. Kolxoʻzni tugatib yerlarni xususiylashtirib olsak boyib ketamiz deb oʻylab yurardim. O’tgan yili bir gektar yerni ijaraga olib sholi ekdim. Olgan hosilim chiqargan xarajatimga yetmadi. Yana shuncha mehnatim zoe ketdi. Kolxoʻzda boʻlsa xoʻjakoʻrsinga ishlab yuraverasan. Yerni oʻzlari suradi, oʻzlari ekadi. Urugʻlikni, oʻgʻitni, yoqilgʻini oʻzlari topib keltiradi. Paxtaga texnika bilan oʻzlari ishlov beradi. Biz boʻlsak qovun-tarvuzdan tortib sabzigacha paxtaning ichiga ekib olaveramiz.

– Brigadirlar indamaydimi?

– Brigadirlarning yashirin yerlari bor. Shuning uchun inday olishmaydi.

– Rais-chi, u ham indamaydimi?

– Kolxoʻzchilarga ish haqi topib bera olmagandan keyin rais nima deya oladi. Dalaga borib quruq boʻyingni bir koʻrsatib kelsang boʻldi, ishlagan hisoblanasan. Kuzda mollarni paxtaning chetiga – tap-taqir yerga arqonlab qoʻysang ham semirib ketaveradi.

Boʻyinbogʻ taqqan muxbir yigit chidab turolmadi:

– Boʻldi, bas. Kolxoʻz senga oʻxshagan ishyoqmaslar uchun yaxshi edi. Endi har kim oʻzi uchun oʻzi yuguradigan zamon keldi. Hamma senga oʻxshab fikrlasa allaqachon oxirzamon boʻlardi. Shunday latifa bor: «O’tgan asrda gʻarblik bir siyosatchi qaysidir orolga borib abgor bir qabilani demokratik yoʻl bilan farovonlikka olib chiqmoqchi boʻlibdi. Saylov haqida tushuncha berib oʻz yurtiga qaytibdi. Bir yildan soʻng borib qarasa, hamma avvalgidan besh battar och-yalangʻoch, toʻs-toʻpolon boʻlib yotgan ekan. Ma’lum boʻlishicha, ular hamma ishlarini ovoz berish yoʻli bilan hal qilishibdi. Sodda, yuvvosh yaxshi bir odamni koʻrsatib: «Shu kishini boshliq qilib saylasak, nima deysizlar?» – deb soʻrashgan ekan, hamma bir ovozdan ma’qullabdi. «Kim ishlaydi?» deb soʻrasa, hech kim qoʻl koʻtarmasmish. «Kim non yeydi?» desa, hamma qoʻl koʻtararmish. Natija esa yuqorida aytganday boʻlibdi. Mana shunaqa, joʻrajon. Aftidan senga oʻxshaganlarni oʻsha orolga surgun qilishsa kerak.

– O’zingni namuncha toza qilib koʻrsatmasang. Men ham bir vaqtlar halollikda sendan zoʻrroq edim. Komsoʻrg boʻlganman. Afgʻonga yuboring deb ariza berganman. Odamlar meni masxaralab «kommunist» deb chaqirar, men esa bundan faxrlanardim. Naq farishtaning oʻzi edim. Komsomoʻllik koʻkrak nishonini taqmay yurgani uchun eng yaqin doʻstlarimni ham koʻchada koʻrib urishardim. Hukumat bir tiyin bersa, shu bir tiyin halol, boshqasi harom deb bilardim. Ahmoq ekanman. Endi koʻzim ochildi. «Men ham edim sendek, sen ham boʻlarsan mendek!»

Hamma «gur» etib kuldi. Sobiq «komsomoʻl» tobora qizishib borar, otdan tushsa ham egardan tushmasdi. Chunki u mingan qizil ot davlatniki, egar esa oʻziniki edi. Raqibi gapirmoqchi boʻlib ogʻiz juftlar, qiziqqon yigit esa sira gap bermasdi:

– Men sen bilan bahs boylashaman. Hozirgi davrda pora olmaydigan yoki pora bermaydigan biron-bir odamni topib berolasanmi menga? Hamma narsa faqat pul bilan oʻlchanadi. «Nima qilib boʻlsa ham pul top!» degan zamon hozir. Hatto oʻz ota-onang ham qancha koʻp pul topsang, shuncha yaxshi koʻradi. Pul topolmasang oʻqrayib qarashadi. Kambagʻalning arzi hech qaerda tinglanmaydi. Men bunga yuzlab misollar keltiraman. Qani sen birgina misol bilan soʻzingni isbotlab ber-chi! Mana meni haydovchilikka oʻqiganimda imtihondan joʻrttaga yiqitishdi. Keyin bitta melisa joʻramni oraga solib bir qop guruch bilan toʻgʻirlab oldim. O’sha tanishim boʻlmaganda men umrbod guvohnomasiz qolardim. Sen joʻra, faqat gazeta oʻqiyverib hayotdan uzilib qolgansan. Qani shu gaplarni biron joyga yozib koʻr, oʻzingni qamoqqa tiqadi. Sen oʻzing muxbir boʻlib haqiqatni yozolmaysan!...

– Shoshma-shoshma! Birinchidan imtihondan oʻtish darajasida yaxshi oʻqimagansan. Mana men shunday guvohnomani bir tiyinsiz oldim...

– Birinchidan bir tiyinsiz olganingga kim ishonadi. Ikkinchidan sen muxbirsan. Xohlasang ularni maqtab yozishing mumkin, xohlasang, tanqidlab yozolmasang ham «yozaman» deb xiralik qila olasan. Sening imkoniyating oldida mening bilimim bir pul.

– Bilimingga ishonasanmi, men senga ham bir tiyinsiz guvohnoma olib beraman.

– Yoʻgʻ-e, ikkita guvohnomani nima qilaman?

– Hozirgina mendan misol soʻrayotgan eding-ku. O’zingga oʻzing misol boʻlib yurasan!

– ...

– Endi menga qara! Bir qop guruchni kimga berganingni yozib bera olasanmi? Men senga shu guruchingni ham qaytarib beraman.

– Qoʻying-ey! – sobiq komsomoʻl sizlashga oʻtdi. – Melisa doʻstimga gap tegib qolsa mendan xafa boʻladi. Keyin men yaxshilikka yomonlik qilgan boʻlaman. Toʻgʻrisi, biz guruchni toʻyga qa’da sifatida olib borganmiz. Toʻy egasi bizni zoʻr siyladi. Umrimda bunaqangi hashamatli toʻyni koʻrmagandim. Bir miriqib dam oldim shu kun. Bir kun osh yegan joyingga qirq yil salom ber degan.

– Demak yozib berolmaysan, shundaymi?

– Ha... endi oʻzbekchilik, yuz-xotir deganday...

– «Muxbirlar haqiqatni yozolmaydi» degan gapingda jon bor. Chunki senga oʻxshaganlar bu gapga hamisha jon ato etib turadilar. Koʻrdingmi biz nima uchun haqiqatni yozolmaymiz. Chunki hamma senga oʻxshab gapidan tonadi. Senga qolsa yeringni kolxoʻz surib bersa, uyingni melisa qoʻriqlab yotsa, kasallansang doʻxtirlar oʻzidan-oʻzi davolayversa, magazinlarda joningga ne kerak boʻlsa hammasi muhayyo va arzon narxda tursa. Sen boʻlsang salgina ishladim deb oyogʻingni uzatib yotaversang! Endi bunaqasi ketmaydi, doʻstim...

Avtobus eshigining «chass...-chuss...» qilaverishidan bezor boʻlib ketdim. Tik turishga madorim qolmadi. O’tirib olish ilinjida «kim tushar ekan» deya har bir oʻrindiq egasiga olazarak boʻlib qarayman. Lekin buning uchun menga oʻxshab boʻsh joy poylayotgan yoʻlovchilardan chaqqonroq chiqishim kerak. Yangibozorgacha ikkinchi oʻrindiqda oʻtirgan chol yonidan jilmadim. Chunki uning Yangibozorda tushib qolishini bilardim. Qarasam chol hali-beri tushadiganga oʻxshamadi. Tagʻin bir oʻrindiqdagi ayol sumkalarini yigʻishtirayotganini koʻrib, darhol uning yoniga borgan zahotim chol oʻrnidan turdi va boʻshagan oʻrniga yoshgina bir qiz oʻtirib oldi. Tik turganida chiroyli koʻringan qiz, oʻtirganidan soʻng koʻz oʻngimda ancha xunuk tortdi. Alamimdan endi shu joyimni oʻzgartirmaslikka qaror qildim. Bu orada qancha oʻrindiqlar necha marta boʻshab, necha marta toʻlishdi, Xudo biladi. Bir soatlik vaqt nazarimda bir yilga choʻzildi. Alyumin quvurdan yasalib, uzundan-uzoq mustahkam qilib oʻrnatilgan tutqichga mahkam yopishib olgan talaba yigitning qoʻlidagi soat naq peshonamga roʻbaroʻ boʻlib qoldi. Soatga qancha tez qarasang vaqt shuncha sekin oʻtarkan. Koʻzim ilinib uyquga ketaman. Seskanib uygʻonaman. «Yarim soatcha uxladim» deb oʻylab qarasam, bir daqiqa, ba’zan uch daqiqa oʻtgan boʻladi. Qulogʻim shangʻillay boshladi.

Buni bir necha kunlardan beri uxlamaganimning oqibati deb oʻyladim. Shu kunlarda negadir uyqusizlik kasaliga duchor boʻlganman. Har xil narsalar koʻzimga koʻrinadi. Xuddi hayotimning soʻnggi lahzalarini yashayotgandekman. Hech kimni xafa qilgim yoʻq. Yaxshi soʻzlar aytib hammaning koʻnglini olsam deyman. Odamovi boʻlib qolganman. Duch kelgan odamga yaxshilik qilaveraman. Axir inson hayotining soʻnggi daqiqalari odamlar onggida qattiq muhrlanib qolishini oʻylab, men haqimda yaxshi soʻzlar aytilishini juda-juda istayman. Eng yaqin kishilarimning bir nechtasi yorugʻ olamni ketma-ket tark etganidan soʻng men shunday holatga tushib qolganman. Endi bu holatdan sira chiqa olmayapman. Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar oʻtib borayapti. «Soʻnggi daqiqalar»ning sira poyoni koʻrinmaydi. «Soʻnggi daqiqalar»ni yashayverib charchadim. Odamlarga soxta yaxshi inson boʻlib koʻrinishdan toʻyib ketdim. Qilgan yaxshiliklarim evaziga ular meni yolgʻondakam maqtashardi. Men oʻlgandan keyin men haqimda qaygʻurishga ularning vaqtlari boʻlmasligini, hamma turmush tashvishlari ichiga shoʻngʻib ketishini oʻylab battar siqilaman. Nahotki yuz yillardan soʻng hech kim seni eslamasa. Dunyoga kelib ketganingni hech kim bilmasa. Tubsiz bir qoʻrquv vujudimni kemiradi.

...Bir payt qoʻlimga chivin kelib qoʻndi. Diqqatim boʻlindi. Asta oʻzimga kela boshladim. Nega men oʻzimni buncha nochor his qilishim kerak? Chivinlar ham yashayapti-ku biz bilan birga. Chivinning xatti-harakatini koʻrib qoyil qoldim unga. O’limga chap berish san’atini puxta egallagan shu mitti jonivordan nega saboq olmaymiz? O’lim bilan boshqalarning rahmini keltirish loʻlilik va xudbinlik ekanini oʻylab oʻzimdan oʻzim uyalib ketdim. Nogiron va oʻksik odamga oʻxshab birovdan marhamat soʻrashga moyillik mening tabiatimda borligini va buning illat ekanini hozir payqadim. Har bir odamning mukammal insondan bir joyi kam boʻlishi ehtimol. Buni aniqlashning hech qiyin joyi yoʻq – «birovdan kam joyim bormi?» deyishning oʻzi kifoya.

Yoʻlovchilarning gap-soʻzlariga mening qulogʻim muhtoj boʻlmasa-da, gap-soʻzlar qandaydir quloqlarga muhtoj edi. Koʻzni yumish mumkin boʻlsa-da, quloqni yumish mumkin emasligidan koʻz yumib boʻlmaydi. Tovushlar lashkarini miyadan haydab chiqarishning iloji yoʻq.

Shundoqqina oldimda semiz xotin bilan ozgʻin juvon suhbatlashardi. Juvon hasratini toʻkib-soldi:

– Qaynonam oʻlmadi, men qutulmadim. Erim onasining chizigʻidan chiqolmaydi. Ona-bola ikkovlari bir boʻlib allanimalarni tez-tez gaplashadi. Bir necha marta poyloqchilik qilib koʻrdim, foydasi boʻlmadi. Qayoqdanam tushib qoldim shu oilaga. Bir vaqtlar hamma meni kelin qilaman deb holi-jonimga qoʻymasdi. Ne-ne yerlardan sovchilar kelishmadi. Hammasini qaytardim. Dilshodga tegishimni eshitgan tanishlarim menga nasihat qilishdi: «O’zi yaxshi yigit-u, onasi sal chatoqroq, seni chiqishtirmaydi» deganlarida ham men: «O’gʻli yaxshi boʻlsa boʻldi, onasini menga qoʻyib beringlar» deganman. Men oʻzimga qattiq ishonardim. Chunki men har qanday yomon odam bilan ham inoqlasha olardim. Pazandalikmi, tikuvchilikmi, gul oʻstirishdan tortib joʻja boqishgacha hamma ishlarda yoshi kattalar ham mendan maslahat olishardi. Onamning ham mendan koʻngli toʻq edi. «Borgan joyingni boʻston qilasan sen, qanday oilaga tushsang ham til topisha olasan» derdi. Osmonlarda yurgan ekanman. Mana endi oʻtiribman bandi zindon boʻlib. Bu oilada hamma qargʻab-soʻkib gaplashar ekan. Hamma narsa kir-chir. Idish-tovoq degani sira yuvilmas ekan. Besh oʻgʻil va bir erkatoy qiz har xil vaqtda ovqatlanadi. Kim ishdan kelsa darhol ovqat qoldigʻidan hidlanib ketgan laganlardan yaxshirogʻini sovuq suvda chala-chulpa chayib, shunga ovqat solib beriladi. Roʻzgʻorda dastasi singan bir pichoq, teshilgan elak, dastaning oʻrniga oʻqlov tiqilgan eski bolta, kajkardga aylangan bir necha oʻroq va shunga oʻxshaganlarni hisobga olmaganda deyarli hech nima yoʻq. Iloji boricha hech nima sotib olinmaydi, qoʻshnilardan soʻraladi. Kecha-kunduz tinim yoʻq. Kuni bilan dalada ishlaymiz. Kechqurun ovqatlanib, yana dalaga eshakaravada ketamiz.

– Kechasi dalada nima qilasizlar?

– Kolxoʻz hosilini yigʻib olgan yerlardan makkajoʻxorimi, qovun-tuynakmi, lavlagimi, pomidormi, xullas, nima toʻgʻri kelsa shuni yigʻib kelamiz-da, ayvonchaga bosaveramiz. Kechasi bilan ishlab charchaganimdan ba’zan tongda uxlab qolaman. Shunda qaynonam baqirib-chaqirib eshikni tepa boshlaydi: «Tur, kunoʻrta boʻlib ketdi. Sasib yotaversang, hamma yugurganda yugurmasang, shu kunlarda u-bu narsa yigʻib qolmasang, qishi bilan tuvakdagi gullaringni yeysanmi?»

Yorilib ketgan qoʻllarim tikuvchilikni ham unutib yubordi. O’stirgan gullarim «koʻzga kuyuk» boʻlib turibdi.

– Yiqqan narsalaringizning hammasini qishda yeb ulgurasizlarmi yoki bozorda sotasizlarmi?

– Qaynonam ziqna, bahorda yeysizlar deb oʻlchabgina beradi. Bahor kelishi bilan bosilib yotgan narsalar irib-chirib ketadi. Hammasini oʻzimiz yigʻib olgan dalaning shundoq yonginasidan oʻtgan zahkash yoqasiga chiqarib tashlaymiz. Buzogʻi oʻsmay qoladi deb sigirniyam sogʻdirmaydi qaynonam.Tovuqning tuxumini yedirmay, bozorga sottiradi.

Erim onasining oldida gerdayib menga doʻq urishni yaxshi koʻradi. Buni oʻzi uchun emas, qaynonam uchun qilishini men yaxshi bilaman. Kuni bilan menga «doʻq urgan» erim bechora tuni bilan oyoq-qoʻllarimni uqalab chiqadi.

...Oyogʻim ogʻrib ketganidan bir qadam nariga siljidim. Avtobusdagi har bir soʻz miyamga oʻqday sanchiladi. Boshimni qayoqqa tiqishni bilmayman. Qani endi bu gʻildirakli bahaybat temir sandiqdan bir sakrab tushib qolsam. Boshim loʻqillab shunaqangi qattiq ogʻriyaptiki, avtobusning har bir silkinishidan yuragim zirillaydi. Miyam oʻrniga xuddi qoʻrgʻoshin quyulgandek. Hech kim menga yoqadigan gap gapirmaydi. Yaltiroq va yolgʻon boʻlsa ham miyaga taskin boʻladigan soʻzlarni sogʻindim. Ammo bu yerda hech kim yolgʻon toʻqimasdi. Shu payt haydovchi oldidagi radiodan yoqimli bir qoʻshiq yangradi. Bunchalar orombaxsh boʻlmasa bu qoʻshiq. Darvoqe, qoʻshiqdagi barcha soʻzlar yolgʻon edi. Men istagan yoqimli yolgʻon mujassam edi bu qoʻshiqda. Biz qoʻshiqlarni yolgʻon boʻlgani uchun ham yoqtiramizmi yo... Nega hayotda yolgʻonlar buncha koʻp? Menga oʻxshagan yolgʻonga oʻchlarning koʻpligidanmi?

Avtobusdagi har bir bashara menga tanish boʻlib qoldi. Qachonlardir xuddi shu avtobusda aynan shu vaziyat aniq takrorlanayotganga oʻxshardi. Har bir voqea ikkinchi marta takror yuz berayotgandek edi. Ha-ha! Hamma narsa tanish. Ana hozir nimadir sekin surilib kelib birdan tushib ketadi. Oldin ham shunday boʻlgan edi. Eslaganday boʻlayapman. Rostdan ham avtobus shiftidan bir qarich pastroqqa oʻrnatilgan yuk qoʻygichdagi plyonkadan ishlangan oq sumka «pot» etib oyoq ostiga tushdi. Qoʻrqib ketdim. Vujudimni vahima bosdi. Allaqanday tushuniksiz vahima. Har bir voqea menga boʻysunmay yuz berardi. Voqealar qarshisida men butunlay ojiz edim. Ojiz ham gapmi, umuman «nol» edim. Qoʻlimni, barmoqlarimni qimirlatib koʻrmoqchi boʻldim. Tutqichga yopishib qotib qolgan va oqarib ketgan panjalarimga qaradim. Barmoqlarim sekin qimirladi. Ularni aslo men qimirlatganim yoʻq. Men barmoqlarimning qimirlashini istadim, xalos va ular oʻz-oʻzidan qimirladi. Vujudimning hech bir a’zosi menga boʻysunmas, har biri alohida mustaqil harakat qilar, mening esa tomosha qilishdan boshqa choram qolmagandi. Shundagina men, mening ichimda yana bitta men borligini, qoʻl-oyogʻim menga tegishli emasligini sezib qoldim. Shundagina men «oʻzimdan oʻzim xafa boʻldim», «oʻzimdan oʻzim quvondim», «oʻzim bilan oʻzim qoldim». Shundagina men «oʻzimdan ketib oʻzimga keldim». Shundagina men har bir vujudda ikkita odam yashashini anglaganday boʻldim. Dunyodagi hamma narsa: har bir odam, har bir buyum, har bir voqea menga tanish va qadrdon boʻlib qoldi. Men uchun notanish yoki begona narsaning oʻzi qolmadi.

Qulogʻimga eshitilayotgan xilma-xil tovushlar asta-sekin oʻz shamoyillarini yoʻqotib hammalari umumiy bir tusdagi tutunsimon shamolga aylanib, quloqlarim ostidan shuvillab oʻtib turardi. Hatto ana shu shuvillash ham menga juda tanish edi.

...Avtobus manzilga yetib kelganida, hamma lash-lushlarini yigʻishtirib, oʻrnidan tura boshladi. Qoidaga binoan, yoʻlovchilar faqat oldingi eshikdan pattalarini koʻrsatib tushishlari talab etildi. Ochiq qolgan orqa eshikdan avtobusga chiqqan boʻydor yigit: «Pullaringizga ehtiyot boʻlinglar, oʻgʻrilar bor!» – dedi-da, kimlar qaysi choʻntagini xavotirlanib ushlab qoʻyayotganini koʻzlari xonasidan chiqib kuzatdi. Shu paytda uning sherigi oldingi eshik yonida ataylab tushirib yuborgan tiyinini enkayganicha oʻrindiqlar tagidan axtarib, yoʻlovchilarning tushishlariga xalaqit berardi. Hamma bir-birlarini itarib bor kuchi bilan oldinga intilar, orqadagi yigit esa: «Nimaga siljimayapsizlar, tezroq tushaylik. Qani, surildik!» – deya qisilib qolgan yoʻlovchilarni battar siqib kelardi. Avtobus ichida endi gʻala-gʻovur oʻrnini qiy-chuv egallab olgan, hamma bir-birini ayblab baqirar edi...