OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMahmud Yoʻldoshev
Asar nomiBobojon… (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Mahmud Yoʻldoshev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bobojon… (hikoya)
Mahmud Yoʻldoshev

Dunyo ishlarini uning poygasida chopganda bilar ekansan, degan iboraga unchalik ishongim kelmay turipti. Axir qadimiy aksiomalardan biri toshbaqani quvib yetolmaslikku. Shunday ekan, harqalay, orqaga qarab, yomon yashamabman, deya olaman. Ya’ni, insonlik ma’nosidan kelib chiqqanda uncha chopmapman, hamda, toshbaqani ham juda koʻp berilib quvmapman. Shunga qaramasdan, men yetgan marralar ham yoʻq emas.

Bugun xayolga botar ekanman, bunga sabab, erta tongda kelib soqolimni oʻynagan holda nevaramning ukasi haqida bergan savoli boʻldi.

Ota, nega Baxtiyor guu, guu deydida gapirmaydi, hamma narsani ogʻziga soladi (bizda dadaning otasi, buvani nevaralar ota deydi) deyishi boʻldi.

Bobojon, shoshmang, u ham sizga oʻxshab tezda gapira boshlaydi, dedim. U yana sabri chidamay, qachon, deb savolini davom etdirdi. Bola shirin, ular bilan gaplashishdan shirinroq muloqotning oʻzi yoʻq. Yillar oʻtib oʻz otamdan, dadamdan oʻrgangan odatlarim va chiqargan xulosalarimdan biri shu boʻlsa kerak. Buni hayotim davomida juda yaxshi tushunb yetdim, deya olaman.

Shu oʻrinda koʻpchilikning nevaralar haqida ba’zan aytadigan yana bir fikriga unchalik qoʻshilmayman, goʻyoki «poʻchogʻidan magʻzi shirin» emish. Birinchidan, oʻz bolang poʻchoq emas. Ikkinchidan, bunday fikrni oʻz bolasini unchalik sevib katta qilmagan kishigina aytishi mumkin. Bizning avlod- avlodimiz oʻz bolalarini sevib, oilaviy suloladagi an’analarimizni bola ruhiga singdirib katta qilishadi. Shu jumladan men ham yaxshi ma’noda, shu oilaning erkatoyi boʻlib katta boʻlganman.

Ha, nevara juda shirin, ammo «Men bolam deganda bolam der bolam», axir uning ham oʻz dada, oyisi bor.

Shunday der ekanman, xayolim qochdi. Bu hol meni oʻz otam bilan yetaklashib ilk bor qishloq koʻchalariga chiqqanimni eslatib yubordi. Tushunishimga qaraganda mening shunday (keyinchalik odamlarning aytishicha) shiddatli, uddaburon, bilimdon, oʻz-oʻzini yetarli hurmat qilib katta boʻlgishimga aynan otamning xizmatlari katta boʻlgan ekan.

Dadam oddiy qishloq ziyolisi, oʻqituvchi edi. Ammo otam toʻgʻrisida u kishi oddiy dehqon, oddiy kolxoz raisi boʻlgan yoki shunga oʻxshash boshqa «oddiy» tasnif va sifatlarni keltirib cheklana olmayman. U odam oʻz hayoti davrida necha bor urinib suringan, necha bor sovetlar dastidan hayotini boshidan boshlagan. Birda oddiy kolxozchilik qilgan boʻlsa, boshqa payti oddiy «zek» – Moskvaning metrosini qazgan, birda olibsotarlik qilgan boʻlsa, boshqa payti vazirga muovinlik qilgan.

Ha, menga ham hayotni bir necha bor boshidan boshlashga toʻgʻri keldi. U tashvishlar, yoʻqotish va topishlar meni xuddi otamday chiniqtirdi, irodamni tobladi, hayot kurashi oson kechmasligini, yon atrofdagi odamlar «oddiy» emasligini oʻrgatdi.

Ma’lum sabablarga koʻra hayot tashvishlarini kolxoz paxtasiga suv qoʻyishdan boshlab, turli mavqedagi sobiq ittifoq va respublika lavozimlarida koʻplab odamlarga buyruqlar berishgacha yetib borish, albatta, oson boʻlmadi.

Shu holatlarni oʻylab koʻrsam koʻpchilikning ruhidagi, ongidagi boylik, lavozim, baxt tushunchalari ularning buyruqni bajarishdan koʻra buyruq berish ancha qiyinroq ekanligini bilmasliklaridan, degan xulosaga olib keladi meni.

Haet falsafasi juda qiziq narsa ekan. Birovga yaxshilik qilish, uning huquqini himoya qilish uchun koʻpincha aslida aynan oʻsha odamning ba’zi huquqlarini paymol qilishdan, burchlarini esa eslatishdan boshlashingga toʻgʻi kelar ekan.

Xuddi shu chalkash falsafani tushunmaslik juda koʻpchilik iqtidorli odamlarning katta lavozimlarga erishmasligiga, oʻz shaxsiy faoliyatida hatto baxt, baxtli hayot tushunchalarini anglab yetmasliklariga sabab boʻladi, deb ayta olaman, endi bu yoshga yetib.

Hayotning quvonch va tashvishlaridan chiqargan xulosalarim anchagina. Ulardan birinchisi, oddiy ishchi, kolxozchi boʻlib ishlab yurganlarimda shu boʻlganki, oʻz uyim, sevgan oilam boʻlishi shart. Ayni shu xulosa keyinchalik katta lavozimlarda ishlab shaharma shahar yurganlarimda yana bir tushuncha bilan toʻldiki, qay darajadagi imkoniyat va vaziyatlar boʻlmasin, oʻz oilang, bola chaqangdan uzoq vaqt ayrilib yashamasliging kerak ekan.

Bu xulosaga ham aslida oddiy, hayotiy bir voqea sabab boʻlgan.

Sobiq ittifoq respublikalaridan biriga katta lavozimga ishga tayinlandim. Biron narsadan kamchiligim yoʻq. Yonimdagi shotirlarim aytganim uyoqda tursin, koʻnglimga kelgan narsalarni tayyorlaydi. Oilam boshqa shaharda, nimagadir oʻsha paytlari yoshligim avji paytimidi, ularni yonimga olib kelishni xohlamadim. Kundalik ish, maishat, ancha et boylaganman, orqaga qarab qoʻyish xayolga ham kelmaydi, koʻngilga kelgan ma’qul va noma’qulchilikni qilib yashab yurar edim.

Bir kuni toʻsatdan, bunday ishlar doim toʻsatdan boʻladi, bir kishining ta’ziyasiga borish kerak boʻldi. Rasmiylar qatorida turibman, besh-olti kishimiz, marhumning yoshi, hurmati katta boʻlishiga qaramasdan tobut atrofida na bolalari, na qarindosh urugʻi, na ayoli, ulardan hech kim yoʻq. Surishtirsam u ham boshqa shahardan kelgan, uning vafoti toʻgʻrisidagi xabar barcha qarindash urugʻlariga yuborilishiga qaramasdan, hech kimi kelmagan. Qarangki, marhum atrofida uning boyligi, obroʻsi, keyin bilsam, turli xil lavozimlarda ishlab yurgan bola chaqalari borligiga qaramasdan, biron qatra koʻz yosh chiqaradigan odamning oʻzi yoʻqligi menga qattiq ta’sir qildi.

Marhumni uch-toʻrt soldat, ikki-uch xizmat kishilari mashinaga ortib qabristonga olib ketishdi. Biz rasmiylar har birimiz oʻz mashinamizda, vujudga kelgan noqulaylikni tezroq orqada qoldirish maqsadida shoshilib-surinib tarqaldik. Shu voqea sabab boʻldiyu, hayotim toʻgʻrisida qattiq oʻyga toldim. Bolalarning yil davomida maktablarini almashtirmaslikni bahona qilib yurgan odam, ularni zudlik bilan Toshkentga koʻchirishga buyruq berdim va oʻzim ham suyanchiq va tayanchiqlarimni ishga solib yangi lavozimga tayinlanib yetib keldim. Ish joyining, lavozimning, oilaviy sharoitning va boshq bir qancha muhitning, ayniqsa dunyoqarashimning oʻzgarishi meni yon atrofimdagilarga, oila a’zolarimga, umuman inson sha’niga boshqacha qarashga olib keldi. Men uchun dunyo emas, uning mohiyati oʻzgardi. Otam, dadamdan oilada olgan saboqlarim yodimga tushdi, yaxshi ma’noda aytadigan boʻlsam, yillar davomida har xil lavozimlarda yurib unutayozgan oʻzligim oʻzimga qaytdi. Oilamdan issiqroq joy, bolalarimdan yaqinroq insonlar yoʻqligini qaytadan anglab yetdim.

Azalar - qaygʻuli holat, toʻylar - hayot lazzatlarini anglatadigan paytlar ekanini kundan kn koʻproq tushuna boshladim.

Mendagi bu oʻzgarish birinchi oʻrinda oʻzimga ijbiy ta’sir qildi. Ichki bir ruhiy xotirjamlik, hayotning har bir onidan alohida bir lazzat oladigan boʻldim. Yillar davomida mansabdorlik faoliyatidan shaxsiy xususiyatimga kirib ulgurgan, oʻzim bilmagan holda olingan qoʻrsliklarim ichki asl xulqimdan ajralib chiqqanday boʻldi. Yon atrofimdagilarning e’tibori menga nisbatan oʻzgardi, odamlarning muomala va munosabati kundan kun yaxshilanib ular yanada koʻproq menga intiladigan boʻlishdi. Shu payti pensiyaga chiqish qarorim koʻpchilikni hayratga solib, ba’zilarni shoshirib qoʻydi. Axir, sening lavozimu obroʻyingdan foydalanib yuradiganlar har doim va har joyda topiladida. Rasmiy lavozimdan ketgan bilan ijtimoiy muhitdan ajralmasdan jamoat tashkilotlaridan birida faol ishlab yuribman, har kuni oilam va nevaralarim bilan hayotning yoshim mavqeidagi lazzatlaridan xoli emasman.

Sulolamizdagilarga oʻxshash oʻzimning nihoyatda bolajon inson ekanligimni farzandlarimning mehridan, nevaralarimning chugʻur-chugʻur qilib yonimdan ketmasligidan sezaman va bu hayotning shirin mevasiday alohida lazzat beradi. Bolalarim va nevaralarim bilan boʻlgan ba’zi suhbatlarimda nevaralarimga qarata «bobojonlar», meni oxirgi yoʻlga kuzatishda qattiq-qattiq yigʻlab toʻnlaringizning etagida qabrimga tuproq toʻkishni unutmanglar, deb qoʻyaman. Bunday holatlarda bolalarim «dada, nimalar deyapsiz» deb qolishsa, yoshlik gashtini surayotgan nevaralarim oʻz oʻyinlari bilan mashgʻul holda bu gaplarga hali unchalik e’tibor ham berishmaydi.

Ishonchim komil, oilamiz an’analarini davom etdiradigan bolalarim men yetishgan hayot falsafasini kenggaytirsa kenggaytiradi, toraytirmaydi. Nevaralarim ham bolajon insonlar, oʻz oilaviy baxtlarini hamma hayot lazzatlaridan ustun qoʻyadigan boʻlib yetshadi va meni kuzatish paytida butun jamoa oldida qattiq-qattiq yigʻlab, toʻnlari etagida qabrimga tuproq toʻkishadi.