OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMahmud Yoʻldoshev
Asar nomiDunyoni oʻzgartir (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Mahmud Yoʻldoshev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dunyoni oʻzgartir (hikoya)
Mahmud Yoʻldoshev

Gʻalla ortgan ogʻir mashinalar har kuni tinmay oʻtadigan katta koʻcha tizza boʻyi chang. Ogʻir mashinalar yoʻlning tuprogʻini Barchin opamning upasidan ham mayinroq qilib yuborgan. Oyoq suqsang, avvaliga kuydirganday, soʻng olam-olam huzur bagʻishlaydi.

Uzoqdan kelayotgan mashina, albatta Sayyor akaniki boʻlishi kerak. Bilaman, ertalabki reysdan endigina qaytib kelyapti. Mashina orqasidan chang erinibgina koʻtariladi va shu zahotiyoq yoʻl boʻyiga ohista choʻkmoqda. Sayyor aka charchagan, shuning uchun mashinani sekin haydab kelyapti.

Mashina yonimga kelib toʻxtadi. Changdan qochib yoʻlning narigi tomoniga oʻtgan edim.
— Oftobda nima qilib oʻtiribsan, — dedi Sayyor aka eshikni ochishim bilan.

Men shosha-pisha oʻrindiqqa joylashdim.
— Sizni kutyapman..

Mashina upaday mayin tuproq ustidan suvda suzganday bir maromda guvillab yurib ketdi. Men boshqa indamadim. Sayyor aka ham ter bosgan yuzini yelkasidagi roʻmolcha bilan arta-surta ketaverdi.

Qishlogʻimiz katta emas, yigirma-oʻttiz xonadon, hammasi bir qatorda tepalik etagida, oftobroʻyada joylashgan. Oldingi qatorda uchta imorat, Doʻnan boboning (asli ismi Joʻraboy) uyi, kichkina kansorol va eski maktab. Qiziq, ular nimagadir qishloqning old qatoriga yastangan.

Hozir maktab binosida gʻalla shtabi joylashgan, kansorolga gʻalla toʻkilgan. Bu gʻallalar kansorolning oldidagi hovlida ham toʻkilib yotipti. Ularni keyinroq topshirishsa kerak, buni men bilmayman. Ammo hozir hamma oʻrilgan bugʻdoyni markazga, elevatorga olib ketishyapti.

Sayyor aka gʻalla oʻrimi boshlangandan buyon shu yerda, kansorolda yotib har kuni gʻalla tashiydi. Indamas odam, koʻp gapirmaydi, meni mashinasiga mindirib oladi-da, soatlab gapirmay yuraveradi. Mening bergan savollarimga «ha«, »yoʻq» deb javob qaytaradi, xolos. Ammo bizning suhbatimiz tuzukkina qovushadi. Buning sababi, Sayyor akaning mening gaplarimga quloq tutishi, suhbatimning tuturugʻi boʻlmasa-da, tinglashi menga yoqsa kerak. Men boʻlsam ancha sergap.

Oyim gʻallachilarga non yopadi, men oyimga onda-sonda yordam beraman, qolgan vaqtim Sayyor akaning mashinasida kezib yurganim yurgan. Qishlogʻimizdagi maktab toʻrtinchi sinfgacha. Yuqori sinf bolalari boshqa qishloqqa borib oʻqishadi. Men oʻqimasam kerak. Yoz oʻtsa Sattor akaning choʻponlariga choʻliq tushaman-ov. Katta otam shunday deyapti. Katta otam, bu buvam, bizda buvani katta ota deyishadi. Oyim boʻlsa ba’zan yigʻlab-yigʻlab, oʻqiysan, dadang boʻlganda albatta oʻqitar edi, deydi. Men dadamni yaxshi bilmayman. Men uch yasharligimda u kishi qamalgan, keyin qamoqda kimlardir urib oʻldirib qoʻyishgan.

Oyim meni oʻqishga borasan deyapti, shuning uchun choʻliqlikka yubormadi. Bundan foydalanib yoz boʻyi Sayyor akaning mashinasida oʻzimcha yordamchi boʻlib yuribman.

Oʻtgan yili ham gʻalla oʻrimi paytida gʻalla tashigan mashinalarda yurar edim. Meli akaning mashinasi yangigina boʻlsa ham negadir koʻp buzilar edi. U men javob bermasam ham har xil narsalarni gapiraverar, mendan maslahat soʻrar, yosh boladay negadir biror gapni bir necha bor takrorlayveradigan odam ekan. Bu yil negadir kelmadi. Kelmagani ham yaxshi, mana Sayyor akaning mashinasi eski boʻlsa ham buzilmaydi, buzilmasa ham negadir Sayyor aka kechqurunlari mashinaning u yer bu yerlarini kovlagani kovlagan. Men kattalarday nimasi buzildi, desam, indamasdan, oʻn yettini olib ber, latta qani, ha ana, berib yubor, deb men bilan indamas suhbat quradi-da, ikkimiz mashina tuzatamiz. Katta otam mening Sayyor akaning yonida oʻralashib yurganimni koʻrgan paytlari, Sayyor, shunga mashinani oʻrgat, zora senday shopir boʻlsa, oʻqishga ham endi bormaydi, deb qoʻyadi.

Mana, bugun ham kechqurun mashinaning allaqaerini Sayyor aka ikkimiz tuzatdik. Kech kirganda men uyga ketdim. Sayyor aka yana dalaga, kombaynchilarga non olib joʻnadi.

Kechasi yulduzlarga qarab yotishni yaxshi koʻraman. Ular jimir-jimir qilishadi, biri oʻchib biri yonadi. Yaqinda yulduzlar orasida birovining yurib ketayotganini koʻrib qoldim. Yulduzlar yurmaydi-ku, oyi, huv anavi yulduz yurib ketayapti, qarang, qarang desam oyim ham hali uxlamagan ekan, yoʻq, u yulduz emas, raketa boʻlsa kerak, dedi.

Oʻshandan keyin «Fan va turmush» jurnaliga xat yozib yubordim. Oʻsha tundagi qanaqa raketaligi bilan qiziqdim. Xatni Sayyor aka markazdagi pochtaga tashlagan, javobi keladi.

Yoz ham oʻtib ketyapti, yaqinda bitta echkimiz yoʻqolib qoldi, oyim ancha yigʻladi. Meni ham urishdi. Men nima qilayin, podada yoʻqolibdi.

Qishloqdagi uziq-yuliq gaplardan xabar topib yuradigan, kim biladi, balki oʻzi chiqargan Shokir gʻilay kecha meni Sayyor akaning yonida yana koʻrdi-da, ha bola, akang bilan gʻalla tashiyapsanmi, oʻrganaver, akang yaqinda dadang boʻlib qoladi, deb oʻtib ketdi.

Sayyor aka Shokir gʻilayga biron nima demadi, mashinaning allaqaerinidir tuzatib boʻlib qoʻlini lattaga artib turgan edi, Shokir gʻilayning bu soʻzlaridan keyin lattani mashina eshigidagi tirqishga asabiylashib qistirdi-yu eshikni qarsillatib yopdi. Men kabinada edim. Sayyor aka indamasdan mashinani yurgizdi-da, dalaga qarab haydadi. Menga qarab sen qolmaysanmi, dedi. Boraman, dedim. Lekin mashina kansoroldan oʻtib bizning uyga yaqin kelganda Sayyor aka mashinani toʻxtatib, tush, issiqda nima qilasan, uyga borib damingni ol, dedi-da, e’tirozimga qaramasdan meni tashlab ketdi.

Men ham hech narsa demasdan tushib qoldim, qarasam Sayyor akaning avzoyi ancha buzuq. Uyga kelib biroz uyoq-buyoqqa yurdim. Ish boʻlmasa nima ham qilardim. Uyimiz orqasiga oʻtsam, koʻchada bolalar oshiq oʻynayotgan ekan. Men ham oshiq oʻynadim, ammo oʻyinni boy berdim, yana uyga qaytdim.

Kechroq oyim Sayyor akang bilan yana dalaga borsang Zarif bobongdan bir-ikkita qovun olib kelgin, dedi. Bu menga yaxshigina bahona boʻldi-da, koʻchaga chiqib qadrdon mashinani kuta boshladim. Sayyor aka markazdan qaytib kelayotgan ekan. Meni koʻrib toʻxtadi. Oyim Zarif boboning paykalidan bir-ikkita qovun olib kelgin dedi, deb kabinaga kirib eshikni yopdim.

Dalaga qarab ketyapmiz, chang orqamizdan quvib yetolmaydi, bugun sal shamol bor. Mashina orqasidan koʻtarilgan chang mening orzularimday poʻrtana-poʻrtana boʻlib uzoqlarga borib yotayapti. Kabinadan boshimni chiqargancha sochlarimni toʻzgʻitib ketyapman, — Sayyor aka,— dedim. Shamoldan va boshim kabinadan chiqib turgani uchun tovushimni Sayyor aka eshitmadi. U tomon yuzlandim.
— Sizga sovchi boʻlsam maylimi?
— Mayli,qanday qilib sovchi boʻlmoqchisan?
— Siz oyimni olsangiz biz ham rayonga koʻchib ketar edik, men sizga oʻgʻil boʻlib oʻsha yerda oʻqir edim.
— He, ukam, sen sovchi boʻlolmaysan, katta otang sening aytganingni qilmaydi. Bu dunyoning sen bilan mening tishim oʻtmaydigan oʻzgarmas ishlari koʻp, biz ularni oʻzgartirolmaymiz.
— Sayyor aka, qoʻlingizni bering.

U kishi mashina moyida qorayib ketgan qadoq qoʻllarini men tomon uzatdi. Bosh barmogʻini ushlab koʻrdim.
— Eh attang, siz Xoʻjayi Hizr emas-da. Bilasizmi, katta otam biron nima kerak boʻlsa, Xudodan oʻnta soʻrasang beshtasini beradi, deydi.
— Balki, — deb kulib qoʻydi Sayyor aka.
— Sayyor aka, agar men bir dumalab Dev boʻlib qolsam, oʻshanda bu dunyoning koʻp ishlarini oʻzgartirgan boʻlardim.

Sayyor aka men tomon oʻgirilib, sochlarimni silab qoʻydi. Negadir hoʻrligim keldi. Oʻkirib yubormaslik uchun bosh barmogʻimni qattiq tishladim. Biroq baribir koʻzlarimdan yosh chiqib ketdi.