OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMahmudjon Eshonqulov
Asar nomi«Karikaturaga e’tibor zarur»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Mahmudjon Eshonqulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi (2006)


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Karikaturaga e’tibor zarur»
Mahmudjon Eshonqulov

Aslida shunday odam bilan bir davrda, bir shaharda yashayotganimni xayolimga ham keltirmagan ekanman. Mahmudjon Eshonqulov yigirma yetti xalqaro mukofot sovrindori, Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda oʻtkazilgan karikatura tanlovlarida gʻolib boʻlib qaytgan. Qaysidir ma’noda bu hajvchi-rassomsiz oʻzbek karikaturachiligini tasavvur qilib boʻlmaydi.

«Oltin qalam» mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida hammasidan xabar topdim-u, tezroq u kishi bilan suhbatlashishga oshiqdim. Shu niyatda qahramonimizga qoʻngʻiroq qildim. Salomimga berilgan alik, gapirishga navbat bermay ahvolimni soʻrayotgan ovoz xushchaqchaq va samimiy edi. Uyining manzilini oldim-u, tezroq uchrashishga chogʻlandim. Koʻz oldimga kelgan muhtasham binoni koʻp izladim. Manzil boʻyicha borib, faqat chogʻroq uyga duch kelgandim-da. Nihoyat, kichik uyning kichik xonasida, kichik stol atrofida katta suhbat oʻtkazdik va uning bir qismi qogʻozga tushdi.
— Albatta, xalqaro konkurslarda ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni olishning oʻzi boʻlmaydi. Rasmlari­ngizning yuqori baholanishiga asosiy sabab nima deb oʻylaysiz?
— Hammasi avvalo Ollohdan. Yutuq olgan rasmlarimga kelsak, hech narsa sababsiz boʻlmaydi. Shunday ekan, buning koʻpgina jihatlari mavjud. Birinchidan, karikaturada tanlangan mavzu dolzarb va original boʻlishi, ikkinchidan, rasmda yumor kuchli tasvirlanishi kerak. Shu qoidalarga amal qilgan har qanday rassom katta yutuqlarga erishishi tabiiy. Endi oʻz ishlarimga toʻxtalsam, unda, asosan, global mavzular: ekologiya, terrorizm hamda siyosiy masalalarni aks ettiraman. Bosh­qalarni oʻz kashfiyotingizga tez jalb qilishning birdan bir yoʻli shuki, insonlarning ayni damdagi ijtimoiy hayotini ochib berish zarur. Bu kabi mavzularni topish uchun zamon bilan hamnafas yashash muhim. Xoʻsh, mavzu topildi. Endi uni qogʻozda aks ettirish uchun gʻoya kerak boʻladi. Qanday uslubda, qanday holatda chizish muammosi tugʻiladi. Buning uchun kitob, jurnal, gazeta oʻqiyman. Badiiy adabiyotga boʻlgan qiziqishim yoshligimdanoq oʻzgacha edi. Yiliga uch-toʻrt, juda berilib ketsam olti-ettitagacha roman oʻqiyman. Karikaturaning rang-barangligi va muvaffaqiyatga erishishimga sababchi boʻlgan asosiy omil bu – mutolaa.
— Tanlov haqida ham...
— Portugaliyada dunyo matbuot karikaturasi (World Press Cartoon) markazi bor. Bu tashkilot har yili dunyo boʻyicha faqat vaqtli matbuotda nashr qilingan karikaturalar koʻrgazmasini va tanlovini oʻtkazadi. Ular original karikaturalarni, gazeta yoki jurnal bilan birga qabul qiladi. 2005 yilgi koʻrgazmada Oʻzbekistondan ham rassomlar qatnashdi va rasmlari saralangan asarlar roʻyxatiga kiritilib «World Press Cartoon 2005» albomida nashr qilindi. Husan Sodiqov, Shavkat Muzaffar «Mushtum» jurnali bilan, men «Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi bilan qatnashdik. Tahririyat va rassomlar albom, sertifikat bilan taqdirlandilar.
— Xorij matbuotlarida karikaturaga katta e’tibor beriladi?
— Chet davlatlarda, ayniqsa, Yevropada matbuotni karikaturasiz tasavvur etish qi­yin. Har qanday gazeta, jurnal, xoh siyosiy, xoh huquqiy yoki hajviy boʻlsin, karikatura uchun, albatta, joy ajratadi.
— Bizning matbuotimizda bir tushuncha mavjud. Goʻyoki karikatura faqat «Mushtum» yoki «Afandi»ga xos.
— Tasviriy san’atda karikatura jumlasi bor. Bu matbuot rassomchiligi degani. Respublikamizdagi matbuot nashrlari bilan bevosita muloqot qilamiz. Ba’zilarida karikaturalar onda-sonda berib turiladi, lekin ularga shunaqangi silliq rasmlar kerakki, ozgina tanqidiyroq boʻlsa chop etishmaydi. Chunki sensatsiyaga toqatlari yoʻq.
— Gazeta va jurnallarda hajviy rasmlar uchramasligining boshqa sababi yoʻqmi? Balki yana nimadir toʻsqinlik qilayotgandir?
— Yaxshi savol boʻldi. Xuddi shu masalani kimgadir ayt­moqchi boʻlib yurgandim. Jurnalistika fakultetlarida matbuot rassomchiligi haqida mutlaqo oʻrgatishmaydi. Natijada oʻquv yurtini tugatib, muharrirlik darajasiga yetgan jurnalistlar oʻz-oʻzidan karikaturaga e’tiborsiz boʻlishadi. Biroq oʻquvchi birinchi nav­batda gazetadan karikatura qidirishini, agar mavjud boʻlsa, uni tahlil qilishini bilmaymiz. Karikatura mohiyatini toʻla anglab yetmagan muharrirlar unga befarq boʻlib turaveradi. Sababi yana shunga borib taqaladi – oʻqish jarayonida oʻrgatilmagan.
— Balki, hajvchi-rassomlarning oʻzlari matbuot bilan hamkorlik qilishni xohlamayotgandir.
— Nega endi? Masalan, siz, xoh katta boʻlsin, xoh kichik, gazetada birorta maqolangiz chiqishini istamaysizmi? Maqolangiz tahrir boʻlib, oʻzgarib ketsa ham, ism-sharifingizni koʻriboq quvonasiz, shunday emasmi? Biz ham xuddi siz kabi bir xursandchilik uchun boʻlsa-da, karikaturamizni gazeta yoki jurnalda koʻrishni xohlaymiz.
— Demoqchimanki, gonorar puli qoniqtirmayotgandir.
— Matbuotimizda gonorarning kamligi sir emas. Ba’zi nashrlarning tiraji kam boʻlgani uchun ham bu borada anchayin oqsab qolgan. Xavotirlisi, matbuot ba’zi mutasaddi rahbarlar uchun biznes manbaiga aylanib qolgan.

Chet ellik hamkasblarim bor, xat yozishib turamiz. Faqat bitta gazetaga karikatura chizib bergani (oq-qora) evaziga kun kechiradi. Mashina, uy-joy, hamma-hammasiga birgina gazetadan berilgan maoshi yetib ortadi...
— Matbuot xodimlariga aytar soʻzingiz?

— Ba’zida birgina rasmni tahririyatga berib ketish uchun soatlab kutishga toʻgʻri keladi. Gonorarni qoʻya turing, hatto nega kelding, deb soʻramaydigan muharrirlar ham bor. Aslida bizga gonorar emas, biroz e’tibor berilsa bas, hamkorlik hilishga tayyormiz.