OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Majdiddin Bagʻdodiy. Ruboiyot
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMajdiddin Bagʻdodiy
Asar nomiRuboiyot
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/qadimgi adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Majdiddin Bagʻdodiy
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Ruboiylar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonЭргаш Очилов
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/16
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ruboiyot
Majdiddin Bagʻdodiy

1

Sham boʻlsa yuzing, koʻyida parvona oʻzim,
Dardingga qarindosh dil-u, begona oʻzim.
Boʻyningda uzalgan oʻsha soch zanjirini
Tashla meni gardanimga — devona oʻzim!

2

Ishq shabnamidan xoki bashar gil boʻldi,
Yuz fitnayu shoʻr[1] jahonda hosil boʻldi.
Jon tomiriga urdilar ishq nashtarini,
Tomdi-yu bir qatra, oti — dil boʻldi[2].

3

Koʻnglimda firoq tufayli ming qaygʻu bu kun,
Umr iggiga charx soldi tugun uzra tugun.
Gʻam ustiga gʻam qoʻshma buzib ahdni yana,
Koʻnglimda firoq tufayli ming qaygʻu bu kun.

4

Ul bahri muhitga kirmak istar koʻnglim,
Yo choʻksam-u, yo injuga toʻlsa qoʻynim.
Etsaydim ado — ishing xatarli garchi,
Ishq rangiga evrilsa yuzim yo boʻynim...

5

Dunyosi tugab, qorongʻulik kelsa siqib,
Boshlar koʻtarilganda mazorlarni yiqib,
Bechora shahid tanim ham oʻz qoniga gʻarq,
Toʻzoni qiyomat ichra kelmasmi chiqib...

6

Yor kokilining kufridan[3] iymon yogʻilar
Qam noʻshlabidan[4] chashmai hayvon[5] yogʻilar.
Ul kakligi xushxirom kabi ra’nosan,
Yursang, qadamingning changidan jon yogʻilar![6]

7

Ey, oʻzini ishq ichra biluvchi yakto,
Ta’n etma koʻrib tirikligimni, zero,
Mavjudligim ishq tufayli, jonni etdim —
Ul yorni mushohada qilay deb paydo.

8

Zulfi[7] deya ming dilda qiyomat qoʻpdi,
Bir torini kim topdi-yu, tutdi, oʻpdi:
Har kimsaki, topdi — topdi davlat buyuk,
Har kimsaki, topmadi — oʻshal dard topdi...

9

Yor xasta koʻngilni begumon xohlaydi.
Soʻrdim: ne uchun oʻshal chunon xohlaydi?
Ul damki, koʻzimni yoʻliga tiksam zor,
Keltirdiki mujda: oʻsha jon xohlaydi...

10

Ishq yoʻlida kim boshni fido deb bilmas,
Mot etmasa ushshoqni — oʻshal komilmas.
Koʻyingda aniq rutbasi[8] boʻlmas kishining,
To boshdan-oyoq amallaringni qilmas.

11

Pok etgali tiynatimni[9] mashgʻul esame,
Koʻk kiyguchilarga[10] boshu bedil esame,
Mayxoʻrga boʻlibman endi bir doʻsti asir,
May sotguchilarga koshki bir qul esame!

12

Bir tiygʻi jafo qolgan emas, zebo yor,
To urmagan oʻlsa uni dilga ming bor.
Men tavba etarman ishqidan har lahza,
Ming tavbani bir noz ila aylar bekor.

13

Soʻyla, ey koʻngil, anglamish asrorini kim?
Soʻyla, ey quloq, tinglamish guftorini[11] kim?
Koʻrsatsa-da ma’shuq kecha-kunduz husnin,
Soʻyla, ey nigoh, ilgʻamish diydorini kim?[12]

14

Charx, oyu kun orzuyi visolingda sening,
Sarvu gulu lola quldir oldingda sening,
Pokiza malaklarning arvohi mudom
Abjad oʻqishar lavhi xayolingda sening[13].

15

Ey, nusxasisan ilohiy nomani oʻzing,
Haq husnining oyinasidir nurli yuzing.
Yoʻq hech ne jahrnda sendan tashqarida,
Har ne tilasang, oʻzingdadir — koʻrsa koʻzing.

16

Gar yor meni oʻz itim, deya lutf etar,
Yo inidan uchgan oʻz qushim, deb atar.
Har nom ila tilga olsa-da, xushholman,
Oʻzimniki degan shu soʻzi menga yetar!

17

Ishq oldi mendan dilni ham, dunyoni ham,
Aqlim-ku yoʻq erdi, qoʻymadi savdoni ham.
Dedim: dilu dunyo boʻlmasa, din bordir,
Oʻlim seli oqizdi-yu-ketdi oni ham...

18

Sobit kishilarki, ostoningda yashar,
Yoʻlingda shahid boʻlishsa, joningda yashar.
Ul obi hayot ham bu qadar tirguzmas,
Ishqingdan olib jon, doʻstlar yoningda yashar.

19

To jonim bor — boʻlay sening posboning,
Manzilu makon menga aziz ostoning.
To bir kuni sodiq itlaring zumrasida
Olsang meni tilga, bas, bu jon qurboning!

20

Yor zulfi aro tushsa agar bitta tugun,
Yuz bitta jarohat paydo dilda shu kun.
Ul dilda-yu, dil qoni koʻzimda qotmish,
Ul baxt guli kuksimda yuz ochmaydi nechun?!

21

Ey yor, bilasanmi, dedim, oshiqlik ila:
Bechora kuzim mening nega yoshga toʻla?
Paydo boʻladi ikki koʻzimning qa’ridan
Shirin labing orzusida daryo bir yoʻla.

22

Har kimsaki, boʻlsa bandalikdan ozod,
Boʻlmas gʻamdan gʻamgin-u, shodlikdan shod.
Koʻngilni nazargoh, aylagan Ollohdan —
Ayri tushib, u umrini etgan barbod.

23

Kim boʻlsa agar yaxshi-yomondan ogoh,
Har yaxshi-yomondan qoʻlini tortar, oh.
Dil bor edi-yu ilgari, ming andisha,
Endi barisi «lo iloha illalloh».

24

Lutfingdan emasdir noumid hech inson,
Kim topsa seni mangu hayotdir ehson.
Qay zarraga bir lahza lutf etgan esang,
Yuksaldi u zarra ming quyoshdan chandon[14].

25

Zar xavfi yiroqdir bu jahon darveshidan,
Tigʻ dahshati lozim emas oshiq kishidan.
Ey, bosh olishimdan choʻchiysan muncha —
Qaq oshigʻi xolimasmi bosh tashvishidan?!

26

Jon ichra men ishqingni nihon qilganman,
Dardingni sevib, mahrami jon qilganman.
Dunyo gʻamndan kechmasa, bu dil birlan
Sen haqda musohiba qachon qilganman?!

  1. Shoʻr — gʻavto, toʻpolon.
  2. Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga xam nisbat beriladi.
  3. Kufr — tasavvufda bu dunyo zulmati. Yana: vahdatning kasratda mahv boʻlishi. Haqiqiy kufr abadiy fanodir xam deydilar.
  4. Noʻshlab — shirinlab; mahbuba.
  5. Chashmai hayvon — tiriklik bulogʻi, obi hayot.
  6. Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga xam nisbat beriladi.
  7. Zulf — ishqdagi eng yuqori imkon darajasi, erishish nihoyatda qiyin boʻlgan ilohiy xaqiqat. Zulf yana kufr zulmatiga ishora.
  8. Rutba — unvon, martaba, daraja.
  9. Tiynat — xulq, fe’l.
  10. Bu yerda koʻk kiyguvchilar deganda tariqatda muayyan darajaga yetishgani belgisi sifatida koʻk xirqa kiyib yuradigan soʻfiylar koʻzda tutilgan.
  11. Guftor — soʻz, soʻzlash, gapirish.
  12. Bu ruboiy Abu Ali ibn Sinoga ham nisbat beriladi.
  13. Misraning ma’nosi: Har lahza oshiqlik darsini oʻqishadi.
  14. Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga ham nisbat beriladi.