OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMaks Frish
Asar nomiBir halokat hisoboti (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Shvetsariya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Maks Frish
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShohsanam
Hajm33KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Tafakkur» jurnalidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Bir halokat hisoboti (hikoya)
Maks Frish

Yoʻl aslida uniki edi, binobarin, u aybdor emas. Monpele yaqinida chap tomondan tirkamali yuk moshinasi chiqib qoldi. Tush mahali edi, quyosh charaqlab turardi, yoʻlda moshina siyrak...

Marlis – sochi kalta qirqilgan oqquva juvon, qansharida poʻrim binafsharang koʻzoynak, shimidagi serbar kamar jez toʻgʻali. Oʻttiz besh yoshlarda, oʻzi Bazeldan, oʻta zukko, hozirjavob. Tanishganlariga bir yil boʻlay deb qolgan.

«Men haydasam-chi?» degan gap halokat sodir boʻlishidan oldin ayolning ogʻzidan chiqqan soʻnggi iltijo emas edi (ammo nimagadir keyin unga doim shunday tuyulaveradi); moshinada yurgan kezlarida shoʻrlik nuqul «men hayday, men hayday» deb Viktorni hol-joniga qoʻymasdi.

Avinonda, Marlis hali uyqudalik chogʻida, Viktor vannaga qamalib olib, bosh qotira-qotira uzil-kesil qarorga kelgan: bas, yetar! Nonushta payti (adi-badi aytishib oʻtirmay), «Boʻldi, shu yerdan orqaga qaytamiz, vassalom», deydi. Shunday boʻlgani ma’qul chamasi.

Ular Viktor ishlaydigan kasalxonada tanishgan. U – vrach, omon qolgani uchun ayol undan bir umr minnatdor; shu xaloskorini deb eri bilan ham ajrashgan.

Bemor boshida oʻtkazilgan behalovat tunlar, me’morlik obidalarining qaysi uslubga daxldor ekani borasidagi bahslar (gotikami yoki roman); oʻtgan har kun bamisoli bir imtihon: modomiki Avinonda ekansan, papalar tarixini bilmogʻing shartdek. Bilgan-bilmagan narsalarini ayol shu qadar oʻjarlik bilan soʻrab-surishtirardiki, nodonligini oʻylab Viktorning hatto oʻzidan koʻngli qolib ketardi. Axir, bu ayolni rostdan ham XIV asrda Rim papasi Avinonga nega hijrat qilgani qiziqtirsa, buni har qanday ma’lumotnomadan bilib olsa boʻladi-ku. Lekin gap papalar tarixida emas ekan. Keyinchalik hamtoʻshak boʻlganlarida ayol unga oʻshanda boy bergan ishonchini qaytargandek boʻldi.

U boʻydoq, uylanmagan.

Bu galgi sayohatdan ayol behad mamnun. Muttasil yomgʻir yogʻib turgan Genuya¬dan bu yogʻiga nuqul shu gapni takrorlaydi. Bora-bora kun ochilib ketdi. «Yoʻlga andarmon boʻlib tevarak-atrofdagi ajoyibotlardan bebahra ketyapsan-a», deb qoʻyadi ayol gohida. Ayniqsa, u Provans degan manzilga maftun boʻldi; moshinada ketaturib ba’zan xirgoyi ham qilib qoʻyadi.

U– tepakal, buni oʻzi biladi.

Uning nazarida ham Eks-an-Provans xiyla koʻrkam joy, hatto juda xushmanzara deyish mumkin. Ammo bu gapga ayolning ensasi qotadi, chunki ikki koʻzi yoʻlda boʻlib u hech qayoqqa qaramayotgan, hech narsani koʻrmayotgan emish.

Shaharchaning nomi Kaviyon emas, Kavayon ekan, u sarsabil ekiladigan katta-katta maydonlari bilan dong taratgan. Darvoqe, kecha ayol unga shu haqda gapirgan. Gapi rost chiqadi: sal oʻtmay yoʻl chetida «Kavayon» degan lavha koʻzga tashlanadi. U churq etmaydi va qizil chiroqni «bosib» oʻtadi.

Mehmonxonadagi yotoq toʻshagi keng-moʻlgina ekan. Ayol darhol shunga choʻzilib olib «Figaro literer» gazetasini oʻqimoqqa tutinadi, uning esa bunaqa narsalarga «tishi oʻtmaydi». Ayol – roman filologiyasi boʻyicha mutaxassis, fan doktori.

Kechki taomni ular Nitstsada doʻstlari davrasida qilishadi, ziyofat koʻngilli oʻtadi (bouillabaise[1]), ammo ayol keyin unga oʻtirish chogʻi nuqul ovqat haqida gapirding, deya dashnom beradi. Yaqin odamingizga shunday tanbeh berishingiz mumkin, albatta. Viktor boʻlsa shundan soʻng ovqat toʻgʻrisida ogʻiz ochmaslikka qaror qiladi va hatto tushlik mahali Marlis taomdan soʻz boshlaganida (bu hol ayniqsa, Frantsiyada taomilga aylangan) u atay gapga qoʻshilmay miq etmasdan oʻtiraveradi.

Bu ularning ilk sayohati emas. Ayol sogʻayib ketganidan keyin ular dastlab Elzasga borishgan. Ilgarilari u ancha xushchaqchaq edi, vrachligimga uchib men bilan yuribsan, deya hazillashib Marlisning jigʻiga tegib ham qoʻyardi.

U hali biror marta oʻsalroq yoʻl halokatiga uchramagan, shunga qaramay, agar Marlis ehtiyot kamarini taqib olsa, ayni koʻnglidagi ish boʻlardi. Aksiga olib u hech qachon kamarni taqmaydi – Viktor battar tez haydaydi deb qoʻrqadi. U esa endi sekinroq yuraman, mana koʻrasan, deya ishontirmoqchi boʻladi. Sekin yuradi ham. Kanndan bu yogʻiga. Ammo Marlis indamay ketayotgan boʻlsa-da, spidometrga koʻz tashlab-tashlab qoʻyayotganini sezadiyu unga gap qoʻshgisi ham kelmay qoladi. Viktor oʻzining diqqinafas odam ekanini oʻylab «uf» tortadi.

Avinonda vannadan chiqiboq, u ayolga «Pastda kutaman» dediyu jadal eshik tomon yoʻnaldi. Nima boʻldi ekan? Marlis hayron. Toliqib qoldimikan yo?

Marlis aqlli odamlarga, ayniqsa, erkaklarga tan beradi, negaki ularni ayollardan koʻra zakovatliroq deb biladi. Birov haqida gapirganda ham «Ha-a, u kallali odam» yoki «Uni aqlli deb boʻlmaydi» deb qoʻyadi koʻpincha. Ammo biror kimsaga uni nodon sanashini aslo sezdirmaydi. Ba’zi davralarda u Viktorga nisbatan teranroq mulohaza yuritib qolsa, oʻzi xijolat chekadi va buni ham muhabbatdan deb biladi.

Viktor uylanishdan gap ochay demaydi hech.

«Mana, endi tezlikni bir yuz qirqqa chiqarib yubording!» Marlis goʻyo shu gapni aytishi tayin edi. «Iltimos, menga baqirma!»deydi-ya u yana. Avvalo, Viktor baqirgani yoʻq, undan aynan shunday gapni kutganini aytdi, xolos. Axir, Marlis yoʻl boʻyi spidometrdan koʻz uzmay oʻtiribdi-ku? Ana koʻrinib turibdi – roppa-rosa 140 tezlikda ketyapti. Marlis ham shuni aytyapti-da. Kecha u 160ga qoʻyib ham haydagan (Kann va Sen-Rafael oraligʻidagi yoʻlda), hatto bir gal spidometr 180ni ham koʻrsatgan va oʻshanda Marlisning boshidan durrachasi uchib ketgan. Shundan keyin ular kelishib olgan: eng katta tezlik – 140, undan oshirmaymiz. Endi boʻlsa, Marlis «Tez haydayapsan», deb yana tixirlik qilyapti. Holbuki, xashaki bir «folksvagen» ham ularni changida qoldirib ketdi. «Toʻgʻrisini aytsam, nimagadir meni qoʻrquv bosyapti», deydi Marlis. Viktor gapni hazilga burmoqchi boʻladi: «Kecha 140da yurgan edik, bugun – 120, shu tarzda ketaversak, Bilbaoga borguncha tezlikni 30ga tushiramiz. Ke, qoʻy shu mashmashani!» Shunday deydi-yu, hazili oʻziga ahmoqona tuyulib ketadi, lekin Marlis buni sezmasin-da, degan oʻy oʻtadi xayolidan. Ayol endi xirgoyi qilmay qoʻyadi, Viktor ham quva-quvni bas qiladi, ikkalasi-da mum tishlagandek ketaveradi.

Ayolning eri (oldingisi) – ximik.

Marselda kutaverib Viktorning toqati toq boʻlganidan ayol oyoq kiyim sotib ololmadi; lekin jahl ham qilmadi, tuflisi oyogʻini siqayotganini aytdi, xolos. Arlda esa, Viktor har qancha kutganiga qaramay, Marlisning oyogʻiga loyiq poyabzal topilmadi.

Toʻgʻrisi, u jon-jon deb yolgʻiz nonushta qilgan boʻlardi. Sababi boʻlsa oʻziga ham qorongʻi. Vaholanki, Marlisdan boshqa biror ayol bilan nonushta qilishga xushi yoʻq. Buni Marlis ham yaxshi biladi.

Marlis shu qadar ziyrakki!

Hamma gap Marlisda, ha, Viktor adashayotgani yoʻq.

Ertalab uygʻonganidayoq bugun bir falokat roʻy berishini koʻngli sezgandek edi-ya; Avinonda chinor tagida oʻtirganlarida ham shunday bir xavotir bezovta qilib turgan...

Ayol biror narsa xarid qilganda xuddi yosh boladek quvonchi ichiga sigʻmay ketadi; oladigan narsasi boʻlmasa-da, gapdan toʻxtab, doʻkonlarning oynavand peshtaxtalari oldida turib qolish odati bor. Albatta, uning oʻrnida boshqa ayol boʻlganda ham shunday qilardi.

Viktor – temiryoʻl xizmatchisining oʻgʻli, Kur degan shaharchada tugʻilgan, institutni a’lo baholar bilan tamomlagan, tez orada bosh vrach lavozimiga tayinlansa ajab emas.

Loʻlilar toʻdalashib yuradigan mashhur joy Saintees Maries sur Mer emas, Saintees Maries de la Mer deb ataladi. Marlis Viktorga bu haqda lom-mim demaydi. Yana uning xatosini toʻgʻrilash boʻlmasin deb, hatto joy nomini tilga olmaydi. Viktorning oʻzi buni fahmlab olar, deb oʻylaydi.

Ayol uni Vik deb ataydi.

U Viktordan biror jihati bilan ustun koʻrinishni istamaydi – erkaklarga yoqmaydi bu, ayniqsa, Viktor bunga toqat qilolmasligi aniq; jarroh-da, odamlar unga hayotini ishonishiga koʻnikib qolgan, bir vaqtlar Marlisning oʻzi ham ishonmaganmidi?

«Shunga ishonching komilmi?» deb soʻrash Marlisga odat boʻlib qolgan. Biror masalada fikringni aytgudek boʻlsang, darrov «Ishonching komilmi?» deb qoladi.

Avinonda chinor tagida oʻtirib Marlisni kutar ekan, Viktor oʻzini huv avvallari – hazil-mutoyibaga moyil chogʻlaridagidek xushvaqt his etadi. Quyosh charaqlab turibdi, shamol esayotir, toʻzonga aylanishi ham mumkin. Balki bugun havo ancha yaxshi boʻlar. Marlisga uyga qaytish toʻgʻrisida soʻz ochmaydi. Rosti, bu endi aqlga sigʻadigan ish emas. U chinor ostidagi toʻgarak stol yonida oʻtirib Guide Michelin[2] ni varaqlaydi, Monpelega qaysi yoʻldan borgan ma’qul – shuni bilmoqchi.

U 42 yoshda.

Bir vaqtlar, talabalik davrida Viktor Provansda boʻlgan, bir hafta chamasi. Arlga yaqinlashib qolganlarida Marlis Guide Michelindan u yerdagi mashhur arenaning diametri, oʻrindiqlari soni, inshootning balandligi, qurilgan vaqti va shunga oʻxshash ma’lumotlarni ovoz chiqarib oʻqiy boshlaganida u, men oʻsha arenangni koʻrganman, deydi. Marlisning qoʻlidagi kitobcha (yoʻl ma’lumotnomasi) frantsuz tilida, Viktor frantsuzchaga tushunsa-da, bu tilda gapirilsa oʻzini doim imtihondan oʻtayotgandek his qiladi, ammo bunga Marlis aybdor emas, albatta. Kitobcha bilan boʻlib ayol spidometrga deyarli qaramaydi. Talabaligida Viktor bu yerga gamburg¬lik bir qiz bilan kelgan; oʻsha sayohatdan hozir devor boshiga chiqib oʻtirganlariyu arena manzarasigina yodida qolgan. U oʻzicha arenani tasvirlay ketadi... Arlda farahbaxsh oqshom, Viktor har doimgidan koʻra joʻshib-toʻlqinlanib gapiradi. Bu hol Marlisga xush keladi. Ular sharob hoʻplab oʻtirishadi (Viktor ishdalik vaqtida ichkilikni ogʻziga ham olmaydi). Ertasi kuni ular tongdan Arl arenasini tomosha qilishadi – kecha Viktor Nim arenasini gapirgan ekan, Marlis farqiga bormadi-yu, ammo uning oʻzi sezdi.

Marlis qaddi-qomati raso ayol. Tishlari yirik, doʻrdoq lablari doim nim ochiq boʻlganidan, kulmasa-da tishlari koʻrinib turadi. Latofatini e’tirof etib, parvona boʻladiganlarga u chandon parvo qilmaydi; ammo uni farosatli ayol deb bilgan erkaklarga yoqmoq uchun bor jozibasini ishga soladi.

Shaharni tark etganlaridan bir soatlar oʻtgach, Viktor Arl arenasini Nim arenasi bilan chalkashtirganini ochiq tan oladi.

Viktor uni kutyapti, buni Marlis biladi. Ammo hali vaqt bemalol deb hisoblaydi. Nega u doim uchrashuvga barvaqt kelib olarkan-a? Mana, endi kutib oʻtiradi. Marlis tez kiyinib, tez pardoz qilishga oʻrganmagan. Hamisha ahvol shu. Chinor ostidagi toʻgarak stolga joylasharkan, Viktor ham nega bunday yugurib kelib olaman, ayb oʻzimda, deb oʻylaydi. Marlis aytmoqchi, Avinonni tomosha qilib, huzurlanib oʻtirsa boʻladi-ku, axir. U tevarak-atrofni kuzata boshlaydi. Chinor barglari orasidan quyosh nurlari yogʻilmoqda. Marlis, Viktor kutayotganini bilaturib, yana doʻkonning oynavand peshtaxtalari yonidan jilolmay qoladi. Viktor ham hechqisi yoʻq, ozroq chidarman, deb qoʻyadi. Marlis kelasolib Avinondan ham oʻzimga loyiq poyabzal topolmayman shekilli, boz ustiga, egnim ham yupunroq, deydi norozi ohangda. Ispaniya issiqroqmikan-a? Viktor oʻzicha shunday boʻlsa kerag-ov deya tusmollaydi-yu, lekin indamay qoʻya qoladi – yanglishishi ham mumkin-da, balki rostdan ham hali Ispaniyaga borishga toʻgʻri kelar. U dabdurustdan «Briosh yeysanmi?» deb soʻraydi-da, negadir boshqa taom buyuradi. Buni oʻzi ham sezadi, ammo xatosini toʻgʻrilab oʻtirmaydi, chunki Marlisning xayoli boshqa yoqda, uning gapini eshitgani ham yoʻq. Viktor endi har qanday ikir-chikirga e’tibor beradigan boʻlgan. Oʻziga shunday tuyuladi. Shunga qaramay, deylik, Marlis chekmoqchi boʻlgani va uning olov tutishini kutayotganini baribir payqamay qoladi. Keyin «Kechirasan!» deya darrov olov tutadi. «Kechirasan». Takrorlash endi ortiqcha.

Bazelda Marlis erining uyida yashamaydi, Viknikida ham turmaydi, negaki bu qoʻydi-chiqdi asnosida mojaroga sabab boʻlishi turgan gap.

Chaqmoqtoshni chiqillatib yoqarkan, u Marlisga norozilik bilan emas, befarq, xuddi bir buyumga qaragandek tikiladi. «Boʻynimdagi zanjircham yoqmadimi senga?» deb soʻraydi ayol undan. U goʻyo eshitmagandek «Garson!» deb chaqiradi. Keyin Marlisning yanogʻini silab qoʻyadi, ammo bundan muddaosi nima – anglash qiyin. Besh qadamgina naridagi stolni artayotgan xizmatkor bola negadir ularning yoniga kelmaydi. Vik yuzini silab qoʻygani ayolni taajjubga qoʻyadi. Viktor tetik, bamaylixotir koʻrinishga harakat qilayotgani aniq. «Havo qanday ajoyib-a!» deydi u. Marlis esa «Hali hisob-kitob qilmadingmi?» deb soʻraydi. Uning gapida ta’na ohangi sezilmaydi. Vik qoʻlidagi tanga bilan stolni cherta boshlaganida, Marlis «Garson!..» deya chaqiradi. Xizmatkor yugurib keladi. Viktor hisob-kitob qilayotganida, Marlis undan Monpelega borish yoʻlini ijikilab surishtiradi. Nega uning bu ishi Vikning gʻashini keltirishi kerak? Hech-da... U yoʻl xaritasini qunt bilan oʻrganib chiqqanini Marlis qayoqdan bilsin! Nihoyat, garson nari ketgach, «Tushundingmi?» deydi Marlis unga qarab.

U nimadan xavotirda oʻzi?

Bir kuni (bu sayohatda emas, oldingisida) Marlis yarim hazil ohangida «Sen endi menga doʻxtir emassan, Vik, bilib qoʻy shuni» degan edi.

Garajda moshina yuvuvchiga u «moy» demoq oʻrniga «benzin» deydi; nima farqi bor, har gapiga luqma solib turadigan Marlis bu yerda boʻlmagandan keyin. Moymi, benzinmi, ishqilib, oʻziga kerak narsani oldi – boʻldi-da.

Bazeldaliklarida hammasi boshqacha edi.

Safar chogʻi bir martagina, Kannda Marlis uni «ovsar» degan edi, chunki javrashlariga qaramay Vik bir yoqlama qatnovli yoʻlga chiqib ketdi-da. Nima, bu Vikka ogʻir botdimi? Ana shundan keyin u doim Marlisning galdagi «ta’rif»ini kutadigan boʻldi.

Ispaniyaga boramiz deb Marlis oʻzida yoʻq xursand edi.

Axir, Marlis roman tillari boʻyicha... filolog boʻlganidan keyin ba’zan Viktorning frantsuzcha talaffuzini silliqlab qoʻysa, buning nimasi yomon, aksincha, rahmat aytmaydimi unga?!

Avinonda Marlis ul-bul xarid qilib yurganida Viktor moshinaning tepasini ochib qoʻyib, tamaki tutatgancha uni kutib oʻtiradi. Vaqt bemalol. Ta’tilda yurishibdi. Chekaturib u Marlisga mehribonroq boʻlishga qaror qiladi. Juvon qaytib kelganida oʻzini xuddi chinakam xushtordek tutadi: moshinadan tushib unga eshik ocharkan, «Koʻzoynagingni topdim. Oʻrindiq tagiga tushib qolgan ekan», deydi. Marlis esa «Ana, koʻrdingmi!» deydi oʻsha koʻzoynakni (shu sayohatdagi ikkinchisi) goʻyo Viktor yoʻqotgandek ta’navor ohangda. Marlis boshqa tirnoqegovlagich sotib olmoqchi edi, topilmadi, lekin olgan oyoq kiyimi Viktorga ma’qul boʻldi. Unda nega Marlisning kayfiyati chatoq? Hozir, mana hozir Viktorning sabri tugaydigandek tuyuladi unga doim. Xuddi huv Marseldagidek. Jomadonining yarmi poyabzal boʻlaturib, nima uchun Marlis nuqul (Marseldan boshlangan bu savdo) oyogʻini siqadiganini kiyib yuribdi ekan? Yana Marsel orqali ketaylik, deganida Viktorning gapida hech bir kinoya yoʻq edi, ammo Marlis shunga ham ogʻrindi. Xullas, ikkovining ham ta’bi tirriq.

Hayhot, kasalxonadagi oqshomlar endi ortda qolgan!

Mancha deganlari, Marlis ta’kidlaganidek, Madridning shimoliy qismida joylashmagani barchaga ma’lum; shunday boʻlsa-da u nonushtaga chiqqunicha Viktor xaritani qayta koʻzdan kechirdi. Unga aytish uchungina emas, shunchaki, oʻzi yana bir bor ishonch hosil qilmogʻi uchun.

Viktor moshinani yeldek uchirmaslikka qat’iy soʻz bergach, tepa qopqasini ochib ketishdi. Axir, roʻldagi odam bilan uning yonida oʻtirganning farqi bor-da. Aslini olib qaraganda, hech kim bilan quvlashmay (Kann va Sen-Rafael oraligʻidagi kabi), hatto shaloq yuk mashinasi ortidan ham sudralib yurish kulgili-ku; keyinchalik oʻshanda rosa xudbinlik qilganman, deb oʻylaydi Viktor.

Viktor oti uning oʻziga yoqmaydi, Marlisning Vik deb atashini, ayniqsa, qoʻshni stolda oʻtirganlar buni eshitib qolishini esa asti xohlamaydi.

U Yevropa yagona pul birligiga oʻtishi kerak va oʻtib toʻgʻri qiladi deb hisoblaydi; Marlis bunga shubha bilan qarasa-da, e’tiroz bildirmaydi. Nega uning birdan jahli qoʻzidi? Marlisni gapiga ishontirolmagani uchunginami?

Marlis butunlay sogʻayib ketgan.

Ayol indamay qolsa, Viktor yana oʻzini malomat qila boshlaydi. Shu tobda Elzasdagi sarsabildan gap ochishning nima keragi bor edi (yana ovqat!), bundan koʻra Monpelega borish yoʻlini tuzukroq bilib olsa boʻlmasmidi? Ayol koʻzoynagini taqadi-da, «Lionga boradigan yoʻl-ku bu!» deb qoʻyadi. Viktor miq etmagach, «Men seni Monpele taraf yurmoqchisan deb oʻylabman», deydi yana. Viktor oʻzini xotirjam koʻrsatmoq uchun chap qoʻlini moshina oynasidan chiqarib oladi. Roʻparada – «Toutesles directions»[3] degan yozuv koʻrinadi. Endi-endi bir-biriga koʻngil qoʻygan chogʻlari ilk bor Elzasga sayohat qilishganida Marlis uning gapirgan gapiga ishonar edi-ya. Yoʻldan «Toutesles directions» degan yana bir lavha chiqadi. Biroq Viktor baribir xatosini tan olgisi kelmaydi.

U hazilni bopladim deb oʻylaganida Marlis koʻpincha tishining oqini koʻrsatmaydi, lekin ba’zan u hecham kulgili deb bilmaydigan gaplarga qaqqos urib kulib yuboradi.

Marlis tirnoqegovlagich oʻrniga sotib olgan durrachasini boshiga oʻrab oladi, «Xoʻsh, yoqdimi?» deganidagina Viktor buni payqaydi. U dabdurustdan «Sen haqsan!» deb qoladi. Xuddiki «Bir vaqtlar choʻlu biyobon boʻylab Bagʻdoddan Damashqqa qarab sensiz moshinada yoʻlga chiqqanman va yetib ham olganman» degan gapiga Marlis nimadir deya mingʻirlab qoʻygandek. Yana, tomdan tarasha tushgan kabi, «Qaerdamiz emish! Katta xolangnikidamiz, bilding!» deydi u. Marlis angrayib qoladi – bunaqa muomala uning tabiatiga zid-ku. Viktor xo-xolab yuboradi – bamisoli Avinoning qoq oʻrtasidan ikkiga ajraladigan antiqa koʻprigi ustida turgandek; holbuki, hozir ular bir korxona hovlisida «Passage interdit»[4] degan yozuv qarshisida edilar. U moshinaning orqaga qaytish chirogʻini yoqadi, ayol «Asabiylashma», deb qoʻyadi shoshib. Shunga oʻxshash «xato»lardan keyin Viktor moshinalar shovqin-suronida har qanday ovsar ham adashmay topishi mumkin boʻlgan yoʻlga tushib oladi. Ammo Viktor hanuz Marlisning yangi durrachasi yoqqan-yoqmaganidan soʻz ochmaydi.

Marlis oqila ayol, hech bir dalil-isbotsiz ham ayon bu.

Agar hozir Viktor oq xalat kiyib olganida bormi, hammasi birdan boshqacha boʻlib ketardi; faraz qiling-a, u oq xalatda Provansdan oʻtib Ispaniyaga yoʻl olmoqda...

Nega u ogʻziga suv solib olgandek churq etmay ketyapti?

Nima, u avtohalokat nimaligini bilmas ekanmi? Marlis bundan bexabar, albatta – ancha eski gap-da bu. Oxiri baxayr boʻlgan. Oʻzi hatto unutib yuborayozgan. Shularni xayolidan oʻtkazarkan, u Marlisga koʻz qirini tashlaydi – hozirgina «treyler»ni quvib oʻtdi, Marlis esa miq etmadi va goʻyo shu bilan oʻsha halokatni yodiga solgandek boʻldi.

Plexus nima degani – bir-biriga ulashmi? U – jarroh-ku, shuni ham bilmasa, uyat boʻlar. Bu ham kamdek, hozir Marlis «Ishonching komilmi?» deb soʻraydi. Lekin negadir u sukutda. Viktor eng yaqin yoʻl Egyu-Mort orqali oʻtishini aytgandagina, u «Ishonching komilmi?» deb qoʻyadi odatdagidek.

Marlis oyoqyalang oʻtiribdi, tuflisi oyogʻini siqyapti, ammo buni sezdirmaydi. Viktorning unga rahmi keladi, biror narsa gapirib bersamikan?

Qiziq, nega qoʻlini ayolning tizzasiga qoʻydi?

Antibda nega Marlisga baqirib berdi, sababini oʻzi ham eslolmaydi. Keyin esa, nohaq boʻlsa-da, jahldan koʻkarib-boʻzarib kechirim soʻragandek boʻldi: «Boʻpti, boʻpti, uzr endi!»

Marlisni maftun etgan bu tekislik Provans deyiladimi yoki Kamargmi, ochigʻi, nima farqi bor? Nega Viktor Kamarg deb turib oldi? Balki haq boʻlib chiqar...

Egyu-Mortga yetguncha churq etmay ketishdi.

Marlis ogohlantirganiga qaramay, Viktor (u oʻzini eshitmaganga solgan edi) toʻppa-toʻgʻri chogʻroq bir toʻxtash maydonchasiga chiqib ketadi. Moshina beshikast va hatto ularni odatdagi tekis yoʻldan ketyapti deyish ham mumkin. Bemalol. Yuz qadamlar boʻm-boʻsh maydon boʻylab, yana salqingina deng. Ammo Marlis bunday boʻlishini tush koʻribdimi? Shuning uchunmi, u yana indamay qoʻya qoladi.

Ayol shaharchani tomosha qilib yurganida, Viktor chinor ostida yol¬gʻiz oʻzi yaxna sharbat ichib oʻtiradi. Birdan u oʻzining ta’tilda yurganini eslab qoladi. Chinor barglari orasidan taralayotgan yogʻdu va yana allambalolar...

Viktor hech qachon omon qolgani uchun Marlis mendan qarzdor deb hisoblagan emas. Bu ham silliqqina oʻtishi tayin boʻlgan odatdagi operatsiyalardan edi. Hoynahoy, Marlis ham shunday deb oʻylar...

Shu yerda qolsalar ham boʻlardi. Soat endi oʻn bir boʻpti, tushlikka hali erta. Ha, bu yerda qolsa boʻladi. Qadim qal’a devorlari – shamolpana. Hali Marlis qaytsin, u oʻzini boshqacha tutadi: quvnoq, xotirjam; axir, hamma gap oʻzida qolgan-ku.

Ba’zan u Marlisdan farzandli boʻlishni xohlaydi.

Viktor nega hadeb Antibdagi kabi janjal qoʻzgʻayverishiga Marlis hayron. Avvaliga baqirib berib, keyin uch yulduzli «Bonne auberge»[5] restoraniga boraylik, deya qistab qolgani-chi! Marlis shu yulduz-pulduz deganlariga uncha ishonmaydi. Viktor esa oʻjarlik qilib gapida turib oladi. Bu taklifi bilan ma’shuqasining koʻnglini topolmaganidan achchiqlanib, boʻlmasa, Antibingda tentirab yuraver degandek bir soatlar chamasi uni yolgʻiz tashlab ketadi. Endi bir oʻzi nima qilsin? Birga boʻlishsa, qaerda tushlik qilish masalasida yana kelishisholmaydi, yana har doimgi bahslar... Darhaqiqat, shu yaqin atrofda bundayroq restoranlar ham boʻlaturib, nega endi «uch yulduz»ligiga borishimiz kerak, deya e’tiroz bildiradi Marlis. Ular yoʻl olgan tomonda restoran borligi ham dargumon; nihoyat, toqati toq boʻlgan Marlis «Ishonching komilmi oʻzi?» deydi, u boʻlsa yana indamay ketaveradi, keyin bir muyulish chiqadi, keyin esa «Bonne auberge» degan lavha koʻzga tashlanadi. Bosh ofitsiant ularni «janoblarining oʻzi bir soatlar oldin tanlab ketgan» bahavo ayvondagi stol tomon boshlaydi. Shinamgina bu joy ayni choqda xiyla salqin, ichkarida xilvatroq boʻlmalar, milliy libos kiygan ofitsiantlar; taomlari ancha qimmat boʻlsa-da, oʻrtamiyona, lekin bularning nima ahamiyati bor? Bir soatcha oldin Viktor unga baqirib berganiga qaramay Marlis oʻzini vaqtichogʻdek koʻrsatyapti; uni ayagani uchundir.

Mistral degan shoir oʻtganini Viktor biladi. Mistral deb ataladigan shamol esa, Marlis oʻylaganidek, dengizdan esmaydi. Bu anchayin bir shamol. Toʻgʻri, Marlis aytganidek, «Tegirmondan chiqqan maktublar»ni Mistral emas, shubhasiz, Alfons Dode yozgan, Viktorga bu maktab davridan ma’lum. Xullas, bahslashib oʻtiradigan gap emas. Aslini olganda, Marlis ham «Mistral – shoir-ku, oʻzing bilasan» degan edi, xolos.

Ular Viktorning «Porshe» moshinasida sayohatga chiqqan.

Egyu-Mortda chinor ostida oʻtirarkan, u pasporti bor-yoʻqligini bilmoq boʻlib kamzulining choʻntagiga qoʻl tiqadi. Viktor shu choqqacha biron marta ham pasportini yoʻqotmagan. Yuragi shuv etib ketadi: pasport yoʻq; keyin birdan eslaydi – axir, moshinada qolgan edi-ku. Ha, esida, aniq: uni qoʻlqop gʻilofiga oʻzi solib qoʻygan, shunday boʻlsa-da, tekshirib koʻrgan ma’qul. Harqalay, koʻngli xotirjam boʻladi.

Avinonda vannada oʻtirib kelgan qaroriga koʻra oʻsha kuniyoq uyga qaytishganidami, hozir Leonda boʻlishardi, kechqurun Bazelga yetib borishardi, lekin bu yerlar shu qadar maftunkorki: chinor barglari orasidan yogʻilayotgan quyosh nuri, chor-atrof... Hali Marlis kelsin, dengiz boʻyiga sayrga taklif qiladi.

Marlis oyogʻiga loyiq poyabzal topsa edi...

Halokatdan bir soatlar oldin Egyu-Mortda chinor ostida oʻtirarkan, uning achchiqqina qahva ichgisi kelib qoladi. Qattiq toliqqan, moshina hayday olarmikan? Chinor barglari orasidan yogʻilayotgan nur uni butkul maftun etadi... Sen-Liu haykali atrofida kaptarlar kukulaydi. Marlis yoʻlga tushaylik endi, deydi, uning qorni ochmabdi, chanqamabdi ham. Ammo, Viktorning nazarida, vaqtlari bemalol, shoshilmasa boʻladi. Ularning oldidan qoʻltigʻiga uch dona uzunchoq baton non qistirib olgan bir chol oʻtadi.

Ispaniyaga borish fikri Marlisdan chiqqan edi.

Viktor oʻzini xudbin hisoblamaydi. Biror kimsani baxtli qila olishiga koʻzi yetsa, oʻzi ham baxtiyor boʻlib ketadi. Agar bu ish qoʻlidan kelmasa, umidsizlikka tushadi, oʻzini oʻzi yanimoqqa boshlaydi.

Ularni chetdan kuzatgan odam Marlisning «Le provansal» gazetasini oʻqiyotganini, Viktorning esa uzun oyoqlarini yoʻlakkacha choʻzib olib qahva ichayotgani va moʻ‘jiza kutayotganini (goʻyo buni mana shu kukulashayotgan kaptarlar sodir etadigandek) odatdagi manzara deb hisoblaydi. Shu tobda Viktor uylanmoqqa ham rozi. Hazilni tushunish ham bir fazilat. «Nima, qoqqan qoziqdek shu yerda oʻtiravermoqchimisan?» deydi Marlis betoqatlanib. «Kechirasan-u, men emas, sen bemalol gazeta oʻqib oʻtiribsan,» deya javob qiladi Viktor. Ammo gapirgan gapi koʻnglidagidek chiqmaydi; keyin esa u, goʻyo hech narsa boʻlmagandek, chinakam oshiq yigit qiyofasiga kirib uning sumkasini koʻtarib olishini Marlis biladi. Shunday ekan, moʻ‘jiza kutishga hojat yoʻq.

Ibodatxona yaqinidagi galereyani tomosha qilaylik, deb Viktor qoʻymadi. Roman uslubida qurilgan. Marlisning esa tomoshaga tobi yoʻq.

Ular qoʻl ushlashib ketadi.

Birinchi marta Viktorning oʻzi har qadamda toʻxtashni, hammayoqni astoydil tomosha qilishni xohlab qoladi. Meva-sabzavot bozoriga kirishadi. Qiziq, Marlisning nima qidirayotganini bilmay turib, Viktor «Sen axtarib yurgan poyabzal shu yerda!» deydi.

Ispaniyaga borishlari shart ekanmi?

U muyulishda qarab turadi – Marlisning durrasi esidan chiqibdi; Viktor aslida uni kutayotgani ham yoʻq. Oʻzi yolgʻiz boʻlsa nima qilardi? Marlisning bu tomon kelayotganini, yana doʻkon peshtaxtasi qoshida turib qolganini koʻrib, Viktor «Gerald tribyun» gazetasini sotib oladi – qani, olamda nima gaplar ekan? Bir vaqt gazetadan bosh koʻtarib qarasa, Marlis gʻoyib boʻlibdi...

Sayyohlar tushlik qilmoqda.

Saldan keyin kelib Marlis undan uzr soʻraydi. U antiqa bir kepka xarid qilibdi. «Senga oldim», deydi kulib. Kayfiyati zoʻr. Viktor moshina eshigini ochayotganida u yana «Men haydasam-chi», deydi. Viktor koʻnmaydi. Nega moshinani doim u haydashi kerak? Viktor qarorida qattiq turib oladi. Endi bu gaplar kimga kerak? «Nima, yoqmadimi?» Olib kelgan ola-chipor kepkasini aytyapti. Yoʻlga tushish oldidan Viktorni ilk bor vahm bosadi.

Marlis xuddi yosh bolaning oʻzi.

Pasporti chindan ham qoʻlqopning gʻilofida ekan.

«Ke, hadeb tumshayaverma», deya Marlis uning boshiga ola-chipor kepkani qoʻndirib qoʻyadi: «Mana, yarashdi-qoʻydi!» Marlis ehtiyot kamarini bogʻlab oladi. Qiziq, aytmasdan turiboq. Viktor, boshida haligi kepka, motorni oʻt oldiradi, biror nimaga tegib ketmayin degan xayolda orqaga qarab oladi. Ishqilib, endi xato qilib qoʻymasin-da...

Egyu-Mort deganlari mana shu ekan-da.

Marlisning oʻgʻli bor, maktabda oʻqiydi; uning oʻzi Parijda oʻqigan, boshi ochiq, u endi yosh bola emas, kap-katta ayol.

Kamargda ot minishlari mumkin... Gaplari uncha qovushavermaydi. Yaxshiyamki, shosseda moshina onda-sonda uchraydi. «Odam qachon murda hisoblanadi?» deya jarroh sifatida fikr yurita boshlaydi u. Yurak koʻchirib oʻtkazish qiyin ish. Keyin birdan «Ertaga moshinaning moyini almashtirish kerak!» deydi koʻnglidan kechayotgan oʻylar tiliga chiqmasligi uchun shosha-pisha. Masalani chigallashtirishga uning toqati yoʻq.

Bir vaqtlar bolaligida Marlis ot mingan ekan.

U bir belgiyalikning bahaybat furgoni izidan shoshilmay ketaveradi; nihoyat, uni quvib oʻtayotganida urilib ketishiga bir bahya qoladi. Marlis churq etmaydi.

Qoʻlidagi bemorlar uni bamisoli bir avliyo deb biladi: ogʻir-vazminu xotirjamligi, oʻziga ishonchi, nekbinligi va shunga oʻxshash xislatlari uchun.

Ola kepkani endi Marlisning oʻzi kiyib oladi. «Senga hamma narsa yarashadi!» deydi Viktor yoʻldan koʻz uzmay. Marlis yoʻl ma’lumotnomasini ovoz chiqarib oʻqib boryapti: hali Altamir gʻorlaridagi gʻaroyib manzaralarni koʻrib koʻngli koʻtarilsin, moy almashtirish haqida oʻylayvermasin, bejiz aynan Altamirga qarab yoʻl tortmaganlarini bilsin degan niyatda. Ammo Viktor quloq solayotganmikan? Marlis yarashmoqchi, yana avvalgidek apoq-chapoq boʻlmoqchi...

Boshqalar bilan qiyoslaganda Viktorning doim omadi chopgan – ishda ham, sogʻliq bobida ham, Buin choʻqqisini zabt etgan alpinist sifatidagina emas, yoʻq, har jihatdan...

«Sen yana ovqat haqida oʻylayotgan boʻlsang kerag-a?» deydi Marlis. U esa hech narsani oʻylayotgani yoʻq, yoʻlga tikilib ketyapti, xolos; «Monpele, 12 km.» degan yozuvni koʻrib shu toʻgʻrida nimadir demoqchi boʻlib turgan edi, vassalom. Endi gapirmagani ma’qul.

...Viktor yengilgina jarohatlanadi – chakkasi yorilibdi, ul-bul yeri tirnalgan, ammo u tirkamali yuk moshinasini hech eslay olmaydi. Monpeledagi kasalxonaga yetay deb qolganda Marlisning joni uziladi. Hatto bu falokat qaerda roʻy bergani, agʻdarilgan oʻsha la’nati tirkama hozir chinorzorning qay goʻrida yotgani ham Viktorning xotirasida qolmagan; halokat roʻy bergan joyni tekshirish chogʻida u oʻzini bu chorrahani endi koʻrib turgandek his etadi; keyin uni shu yerning oʻzida soʻroq qilishadi (frantsuz tilida) va yoʻl aslida uniki boʻlgani, binobarin, uning aybi yoʻqligini aytishadi.

Keyinchalik u bosh vrach etib tayinlanadi.

Monpele yoʻlidagi oʻsha avtohalokat toʻgʻrisida oʻn yillar badalida u hech kimga ogʻiz ochmaydi; bu fojia qanday sodir boʻlganiga hanuz aqli bovar qilmaydi.

Ba’zi tanishlari oʻzlaricha bir nimalarni tusmollab yuradi, xolos.

U endilikda klinika boshligʻi, ikki farzandning otasi, sayohatga koʻp chiqadi, ammo Ispaniyaga hech koʻngli chopmaydi.

Jarrohning operatsiya arafasida oʻzidan gap ochishi noravo, albatta – buni u yaxshi biladi; lekin shu tobda u negadir Frantsiyada, Monpele yaqinida sodir boʻlgan oʻsha falokatni yodga oladi: «Hammasi aytdi, yoʻl seniki edi deb, demakki, aybsizman...» «Biz nega bu haqda gaplashyapmiz oʻzi?» deydi u bir ozdan keyin. Bemor ham hayron. Nega doʻxtir yoʻliga xayrli tun tilab, odatdagidek, «Uxlashga harakat qiling, hech uxlolmasangiz, navbatchi hamshirani chaqirarsiz» deb qoʻya qolmadi. Darvoqe, bu gapni u oldinroq aytgan edi. U tumbochka ustida yotgan kitoblardan birini olib muqovasiga koʻz soladi-da, qaytib joyiga qoʻyadi. Aslida, u bemorga xavotirga oʻrin yoʻqligini, ertaga operatsiyani oʻzi qilmasa-da, unda albatta ishtirok etishini, xullas, xotirjam boʻlish lozimligini aytmoqchi edi, xolos.

U oʻshandan keyin hech qachon yoʻl halokatiga duch kelmagan.

Umidsizlikka tushgan bemor boʻlsa nima sababdan uni bosh vrachning oʻzi operatsiya qilmasligini soʻrashga botinolmaydi.

«Ishonching komilmi?» deb soʻrardi Marlis har doim...

Bu falokat toʻgʻrisida u qaytib hech kimga ogʻiz ochmadi.

Oʻshanda yaqinlashib kelayotgan beoʻxshov yuk moshinasini birinchi boʻlib Marlis koʻrgan, ehtiyot boʻl degan, Viktor esa koʻraturib toʻxtamagan – yoʻl uniki edi-da, axir! Ehtimol, u yanayam tezroq haydagandir, oʻziga ishonchini namoyish etmoq uchun. Marlis birdan qattiq chinqirib yuborgan. Monpele jandarmasi Viktorni aybsiz deb topgan. Vassalom.

Tarjimondan

«Ezgulik matlabida dardu hasrat cheka bilish ham insondagi noyob fazilatdir» deb yozgan edi shveytsariyalik mashhur adib Maks Frish. «Hasrat» iborasini Frish va uning izdoshlari yaratgan deyarli barcha asarlarga nisbatan qoʻllash mumkin. Zero, oʻtgan asrning yetmishinchi-saksoninchi yillarida Shveytsariya adabiyotida shu ijodkorlar boshlab bergan yangicha yoʻnalish aynan inson qalbini taftish etishi, uning tafakkurida sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar, psixologik kechinmalar – ichki tugʻyonlar, «aybsiz aybdorlik» hissi, muxtasar aytganda – insoniy hasratni ifodalashi bilan e’tibor qozongan edi.

Inson hech kimni oʻzini bilganchalik bilolmaydi, tushunolmaydi, bu – imkonsiz. Shundanmi, Maks Frish ijodida oʻzini oʻzi «fosh etish» – avtobiografik tamoyil ustunlik qiladi. Soʻzga gʻoyat tejamkor adib hikoyalari ilk qarashda anchayin bir tasvir, etyud, yoʻl-yoʻlakay qoralangan qaydlarga oʻxshaydi; aksariyati yozuvchining kundaligida dunyoga kelganining boisi ham shunda. Koʻpincha janr talablaridan yiroq, tayin yechimga ham ega emasdek koʻringan bu asarlar, aslida mazmun-mohiyatning salmogʻi, psixologik yondashuvning teranligi bilan kitobxonni oʻziga jalb etadi.

Koʻplab qissa va romanlar muallifi Maks Frishning ana shunday oʻzgacha bir uslubda bitilgan ushbu hikoyasi jurnalxonlarimizni ham befarq qoldirmas degan umiddamiz.


  1. Sarimsoqpiyoz va ziravor qoʻshib tayyorlangan baliqshoʻrva, Frantsiyaning janubida keng tarqalgan taom (frans.).
  2. Yoʻl ma’lumotnomasi.
  3. Barcha yoʻnalishlar boʻyicha harakatlanish mumkin (frans.).
  4. Harakat taqiqlanadi (frans.).
  5. Mashhur qovoqxona (frans.).