OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMamatqul Hazratqulov
Asar nomiChoʻli Iroq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Mamatqul Hazratqulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Choʻli Iroq (hikoya)
Mamatqul Hazratqulov

Muhabbat erini uygʻotmoqchi boʻlib uyga kirdi-yu, miriqib uxlayotganini koʻrib fikridan qaytdi. Shirin uyqusini buzgisi kelmadi. Astagina stulga oʻtirdi. Baxtiyor xuddi yosh boladek pish-pish qilib beozor uxlardi. Uning orasi ochiq qalin qoshlari pirpirab qoʻyadi. Muhabbat erining qoshlariga termulib, oʻyladi: «Muncha orasi ochiq. Eskilarning gapida hikmat koʻp. Qoshlarining orasi ochiq yigitlar uzokdan uylanadi, ularning koʻngli ham ochiq boʻladi, deganlari rost ekan. Yetti uxlab tushimga kirmagan... U-chi? U oʻylabdimi menga uylanishni?»

Ularning toʻyi oʻtganiga endigina bir oy boʻldi. Toʻydan oldin bir-biriga juda yaqin, sirdosh edilar, hatto tortinmas, uncha-muncha gaplarni bemalol aytishardi. Nikoh kunidan boshlab ikkalasining ham koʻnglida gʻalati bir kayfiyat tugʻildi. Bir-biriga koʻrinmas iplar bilan chambarchas bogʻlanganini his qilganlari sari uyalish, tortinish tuygʻulari joʻsh urardi. Yolgʻiz qolgan kezlari kuyovning ham, kelinning ham tiliga soʻz kelmas, goʻyo bir-birovini endi koʻrayotganday jim oʻtirishadi. Onda-sonda aytiladigan gaplari oʻzlariga ham erish tuyuladi. Qiziq, nega shunday ekan? Toʻydan oldin esa ikkovi ikki yoqda qachon birga boʻlishni, miriqib suhbatlashishni, bir-birining diydoriga qonishni orzu qilardi. Visol onlarida biri koʻyib, ikkinchisi gapga tushardi. «Sevasizmi?». «Sevaman». «Siz-chi?». «Men ham». Shu kabi bir xil soʻzlar qayta-qayta takrorlanar, ammo na yigitning, na qizning gʻashiga tegmas, aksincha, yana eshitgisi, yana soʻragisi, yana eshitgisi kelardi.

Endi-chi? Qiziq, nega endi bunaqa? Yoʻq, ular bir-biriga toʻyib qolgani yoʻq! Oshiq-ma’shuqlik yoʻrigʻi boʻlak ekan. Unda birga boʻlishlariga qanchalik ishonsalar-da, bari bir hali amalga oshmagan shirin orzu edi bu. «Yutganim oʻzimniki, chaynaganim gumon», degan gap bor. Nikoh bu gapni ularning koʻngillaridan chiqarib tashladi. Yoʻq, oʻzaro qandaydir «yotsirab» qolishi bundanmas. Ular hamon bir-biriga tashna, hamon intiq. Faqat endigisi boʻlakcha... Nikoh har kimning ham hayotini boshqa izga solarkan. Negadir odam oʻzini salobatli, vazmin sezib qolarkan. Oldingi shoʻxliklar, hazil-huzullar endi...

Muhabbat erining yuzlarini, sochini ohista silay boshladi. Baxtiyor koʻzini ochdi. Yuzlari sutga chayilganday oppoq, shundanmi, qosh-koʻzlari yana ham qoraroq koʻringan farishtasifat Muhabbat oʻtiripti. Uning ipakdek mayin qoʻllari Baxtiyorning silliq yuzlarini siladi. Bir tutam quyosh yogʻdusi sahnadagi balerinani quvlab yurgan projektor nuridek uning yuziga tushib turibdi. Kelin-kuyov bir-biriga unsiz uzoq termuldi. Keyin koʻzlar bir-biriga yaqinlashdi, yana va yana yaqinlashdi...

Muhabbat ohista boshini koʻtardi. Uning yuzlari loladek qizarib ketgan. Erining koʻzlaridan koʻzini olib qochib, uning yuziga astagina shapatiladi. Bu shapatining ta’sirini na kuyov sezdi, na kelin.
— Yomonsiz, — dedi Muhabbat.
— Sen yaxshisan, — dedi Baxtiyor. Ikkalasi ham unsiz jilmayishdi.
— Turmaysizmi endi.
— Hali vaqtli shekilli... Bugun dam olish-ku.
— Shunday boʻlsayam-da... Bitta-yarimta kelib qolishi mumkin.
— Kim ham kelardi? Hamma oʻz ishi bilan ovora hozir.
— Bilib boʻladimi? Axir har yakshanba kimdir keladi-ku, esingizdan chiqdimi, — dedi Muhabbat kulib.

Chindan ham toʻylaridan keyin ularnikiga har dam olishda birov kelardi. Goh kelinning urugʻlaridan, goh kuyovning qarindoshlaridan, yoki ularning toʻyiga kelolmagan doʻstlari muborakbod etgani kelishardi. Shunga ular koʻnikib qolishgan, biror yakshanba mehmon kelmasa, nimadir yetishmayotganday tuyulardi.
— Ha-ya, rost aytasan. Sakkiz yarimning kontsertimi? Yoz qiziq-da, soat sakkizda choshgoh boʻlib ketgandek koʻrinadi. Qishda shu paytda tong otmagan boʻlardi hali.

«Endi Turgʻun Alimatov ijrosida satoda «Choʻli iroq»ni tinglang». Diktorning e’loni Muhabbatning diqqatini tortdi.
— Toʻxtang, Baxtiyor aka, eshitaylik shu kuyni. Juda yaxshi chaladi-da. Sato tilga kirdi. Baxtiyor shiftga termulib yotar, Muhabbat erining nayzadek oʻtkir, uzun va qalin kipriklari qurshab olgan juda tiniq, hayotidan mamnunlik sezilib turgan chaqnoq koʻzlaridan nigohini uzmaydi, ammo xayoli parishon. Sato torlari ingrar, goh hazin, goh baland pardada nola qilardi. Goho nafasi jim boʻlib qolar, lekin orqada — xuddi togʻlar aks-sado qaytarganday uning nolasi zirillab turardi. Musiqa goʻyo asta-sekin kishi yuragiga kirib borar, uning pardasini hozir... hozir yirtib yuborguday boʻlardi.

Muhabbat oʻzini tamoman yoʻqotib qoʻygan, yuragi yonib ado boʻlayotgan sham misoli titrayotganini sezmasdi. U hali umrida hech koʻrmagan joylarni hozir shu tobda xayol koʻzlari bilan yaqqol koʻrib turardi: Ana poyonsiz sahro, qum, qum... Issiqdan oyoq kuyadi. Karvon ketidan borayotgan oʻn yetti yashar sohibjamol qizning madori qurigan. Tili tanglayiga yopishadi. U bor kuchini toʻplab «suv» demoqchi boʻladi, lekin tili aylanmaydi, u juda ogʻir, xuddi shishib ketganday. Atrofda biron jonzot yoʻq. Oldinda ketayotgan nortuya boʻynidagi qoʻngʻiroqning mayin, yurakni ezuvchi sasi keladi quloqqa. Sahro — non yopishdan oldin oqartirilgan tandir. Bu tandirga bordiyu ilohiy kudrat bir tomchi suv tashlasa, kiprik qoqquncha oʻtgan fursatda qurib qoladi. Tuya arqoniga bogʻlanganicha borayotgan goʻzalning oppoq yuzlari issiqning zoʻridan boʻgʻriqib ketgan, toʻq jigarrang tusga kirgan. Endi loaqal koʻzini ochishga ham quvvati yetmaydi.

Tonggi shabnamdek begʻubor bu goʻzalni taqdir qayoqlarga olib ketmoqda? Uni kimlarning shafqatsiz panjasi ostiga tashlaydi. Buni kim biladi? Hech kim! Hech kim!.

O, shoʻrlik qiz! Qanday jafolar kutmoqda seni. Madorsizlik, tashnalik qizning xayollarini algʻov-dalgʻov qilib yuboradi. «Qachon yetamiz? Qaerga boramiz? Mushtipar onam, dasti kalta otam! Qaylarda qoldingiz?». Lekin buni hech kim bilmaydi, uning qismati ogʻir, yoʻli yiroq. Juda yiroq... qum, qum, qum...

Kuy oʻtmishdaga ana shu gʻam-gʻussa hakida soʻzlamoqchi boʻladi, lekin gapirolmay yigʻlaydi. Bu gʻamni hatto sato torlari ham koʻtarolmay oʻpkasi toʻlib ketadi. Ingrab, ezilib yigʻlaydi, yigʻlaydi.

Baxtiyorning yuziga issiq bir tomchi tushdi. U shart xotiniga qaradi.

Muhabbatning xiyol qisiq, ammo har qanday yurakni bir koʻrishdayoq oʻrtovchi tim qora koʻzlariga yosh toʻlgan, kipriklari orasidan sizib chiqardi.
— Senga nima boʻldi, Muhabbat?

Muhabbat yoshli koʻzlarini javdiratib eriga termuldi-yu, indamadi, gapirmadi.
— Senga aytayapman? Nima gap oʻzi? — Bu safar Baxtiyorning ovozida bir oʻktamlik zohir edi.

Muhabbat chuqur xoʻrsindi.
— Kuyi shunday boʻlsa gʻamning oʻziga qanday chiday olgan ekan odamzot?!
— Qoʻysang-chi azizam, har kuy eshitganingda bunaka ezilaversang, oʻzingni oʻzing ado qilasan-ku.
— Yoʻq, Baxtiyor aka, — Muhabbat erining sochlarini mehr bilan siladi, — hamma kuyga ham yigʻlayvermayman. Bilasiz-ku, «Choʻli iroq»ni yaxshi koʻraman. Shu kuyni eshitishga oʻzimning ham yuragim yoʻq, bezillab qolganman. Lekin chalganda oʻchirib qoʻyolmayman, eshitmay turib ketolmayman, jur’atim yetmaydi.
— Boʻldi! — Baxtiyor chaqqon sakrab turdi oʻrnidan. — Odam degani bunaqa pessimist boʻlmaydi. Yarashmaydi! Qani, choy-poyingni olib kel!

Bu — Baxtiyorning xotiniga boshqa erkaklar kabi buyruq ohangida ilk gapirishi. Buni Muhabbat ham sezdi, lekin u qadar e’tibor bermadi. Qachondir, bir kun borib shunday boʻlishini bilardi.

Oʻsha kuni kechgacha Baxtiyorning chiroyi ochilmadi, koʻngli gʻash boʻlib yurdi. Muhabbatning yigʻlagani sababini oʻzicha tahlil qilar, turli xayollarga borardi. «Nega buncha ezildi u? Yigʻidan oʻzini tutolmadi. Nega? Xoʻsh, kuyni yaxshi koʻrsa nima boʻlibdi? Men yomon koʻramanmi? Yoki shunchalik toshbagʻirmanmi? Yoʻq! Kuyni yaxshi koʻrgan odamning hammasiyam yigʻlayvermaydi-ku. Biron sabab borki, yigʻlaydi, eziladi shunchalik. Ehtimol, shu kuy bilan bogʻliq bir gap bordir? Albatta, menga aytarmidi...» U oʻylagan sari xayoliga turfa fikrlar kelar, goʻyo izlagan narsasini hozir topadigandek tuyulardi: «Balki huv anavi gapi bekorgamasdir: «Qandaydir bir ashulachimi-ey, sozandami-ey menga uylanmoqchi boʻlib yurardi. Lekin ota-onam unga ikki dunyoda ham bermasdi. Oʻzim-ku oʻldirsa ham tegmasdim». Ehtimol, bu bilan qoʻrqqan oldin musht koʻtarar qilgandir. Harkalay bir gap bor. Oʻzi ertalab, oʻrnimdan turmasimdan kelib erkalanishidan yuragim shigʻillovdi-ya. Xotin kishi yo yomon tush koʻrib chiqsa, yoki harom yoʻlga qadam qoʻysa, hech boʻlmasa oldingi jazmanini oʻylab yuragi siqilsa, erini erkalashga, unga suykalishga tushadi, deyishardi. Shu gap rostga oʻxshaydi. Shamol boʻlmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Odamlar ming yillik tajribalaridan keyin bir xulosaga keladilar.

Bu fikrlar Baxtiyorning ichini sichqondek kemirar, yuragi gupillab urardi. «Xotin zotining eng soddasi ham ayyorlikda tulkiga dars beradi». Bularni oʻylagan sari qaysidir oʻrtogʻidan eshitgan ana shu gap yodiga kelar va unga oʻzini oʻzi ishontirardi.

Baxtiyor vajohatini bosolmadi. Hozir xotinini chaqirib, ochiq-oydin gaplashib olmoqchi boʻldi. «Temirni qizigʻida bosgani ma’qul».
— Muhabbat!

Oshxonadan Muhabbatning ovozi eshitildi.
— Labbay.
— Menga qara... Buyoqqa kel!

Muhabbat kirdi. U peshband tutib olgan, qiya qilib oʻralgan yaltiroq roʻmoli yarashib turardi. Muhabbatning yonoqlari issiqdan qizarib ketgan, qayrilma qoshlari qaldirgʻoch qanotidek ingichka, quralay koʻzlari oʻtdek yonib turardi. Roʻmoli ostidan toshib chiqqan qop-qora sochlari oppoq boʻynida erkalanib yotardi.

Qorongʻu joydan birdan yoruqqa chiqsa odamning koʻzi qamashadi. Baxtiyor ham ana shunday holga tushdi. U hozirgina oʻrik oʻtin choʻgʻidek yonib, kuyib turuvdi. Muhabbat bilan yuzma-yuz boʻldi-yu, koʻzi jimirlab, dami ichiga tushib ketdi.

O, goʻzallik! Sening oldingda kimlar tiz choʻkmagan! Ne-ne bahodiru pahlavonlarni lol qoldirmagansan? Sening mehru sehringta ne-ne azamatlar asir boʻlmagan!
— Chaqirdingizmi? — Muhabbatning tabassumi Baxtiyor qalbidagi alangaga suv sepdi.

U xotiniga qarab turib simobdek erib ketdi.
— Ha chaqiruvdim. Gugurt bormi?
— Gugurt, ha, bor. Mana, — u peshbandining choʻntagidan gugurt olib berdi.
— Rahmat...

* * *

— Baxtiyor uyga kelsa, Muhabbat yigʻlab oʻtiribdi.
— Yana nima boʻldi?
— Hech nima. Oʻzim shunday.
— Yashirma mendan, bari bir bilib olaman. Keyin xafa boʻlasan.
— Nimani yashiraman sizdan, Baxtiyor aka. Eshityapsizmi, musiqa, «Choʻli iroq».

Baxtiyor battar tutoqdi.
— Eshitayapman. Shuning uchun soʻrayapman-da. Xoʻsh, «Choʻli iroq»ni yaxshi koʻrsang nima boʻpti? Shunga yigʻlaysanmi? Axir bir marta boʻlmasa, ikki marta boʻlmasa... har doim shu axvol. Turmush qurganimizga bir yil boʻlayapti-yu hamon shu kuyni eshitsang yigʻlaysan. Boʻldi-da, endi.
— Turmush qurishimizning nima aloqasi bor bunga. Ilgari ham shunaqa edi. Bundan keyin ham...
— Demak... kuy zamirida kimdir bor. Uni eshitganingda oʻshani eslaysan... «Choʻli iroq» yaxshi kuy emish. Bildik yaxshiligini...
— Baxtiyor aka! Nimalar deyapsiz? Nahotki... nahotki meni...

Muhabbat oʻzini Baxtiyorning koʻksiga otdi.
— Aldama meni. Laqillataman deb oʻylama. Sen oʻylagan laqmalardan emasman.

Muhabbat koʻzlarida gʻilt-gʻilt yosh bilan eriga termuldi.
— Oʻtinaman sizdan, bunaqa fikrlarni xayolingizdan chiqarib tashlang. Axir bu men uchun haqorat-ku. Sizdan boʻlak biron kishi aqalli qoʻlimni ushlagan boʻlsa, til tortmay oʻlay!
— Qasam ichma!
— Ishonmasangiz nima qilay axir? Hech narsani, hech kimni eslamayman. Bilmadim, nimaga unday? Shu kuyni eshitsam yuragim siqilib, yigʻlagim kelaveradi...
— Boʻldi. Bas qil kuy-puyingni.

Muhabbat piq-piq yigʻlar, oʻzini bosmoqchi boʻlgani sari battar oʻpkasi toʻlib kelardi. Baxtiyor ayvonga chiqdi-da, sigaret tutatdi.

* * *

Kuni bilan Baxtiyorning kayfiyati boʻlmadi. Yuragi xijil, koʻngli xira. Boshligʻidan eshitgan dashnomi yaraga tuz sepganday boʻldi. Ishxonadan ertaroq chiqdi-da, bufetga burildi. Odatiga qarshi u yerdan bir stakan aroq olib ichdi. Gazak ham qilmadi.

Uyga kelsa xotini hali ishdan qaytmabdi. Qorongʻi tushish pallasini - gʻira-shirani yoqtirmasdi u, yuragi siqilib ketadi. Shuning uchun hovtida oʻtirolmadi. Ichkari kirib yechinmasdanoq karavotga choʻzildi. Yotgan joyida sigaret tutatdi.

Radioda kontsert boʻlayapti. «Endi «Choʻli iroq»ni tinglang». Baxtiyor radioni oʻchirmoqchi, sugʻurib olib hovliga irgʻitmoqchi boʻldi. Lekin qandaydir kuch, iroda uni bu fikridan qaytardi. «Radioda, kuyda nima ayb. Oʻchirganim bilan...» Sigaretni bosib-bosib tortarkan, kuyning sehrli toʻriga ilinib qolganini — berilib tinglayotganini oʻzi ham sezmasdi. Satodan taralayotgan mungli kuyni sigaret tutuniga qoʻshib ichiga yutayotganday, bu ohang yurak pardalarini zirillatayotgandek boʻldi. Endi kuy sadolari ichidan eshitilayotganday tuyuldi.

O, sehrli kuy! Necha asrlardan buyon qancha-qancha odamlarning yuragini zirqiratasan? Ne-ne toshbagʻirlarni mumday eritmading! O, buyuk xalq! Ona xalqim! Sening betimsol dahongga ta’zim! Ming bor tasanno! Shu kuylaring, shu sehrkor moʻ‘jizalaring boʻlmaganda, farzandlaring ham shu qadar muloyim, odamoxun, bagʻri keng boʻlarmidi! Ming bor qulluq senga, ona xalqim!

Kuyning koʻz ilgʻamas toʻri Baxtiyorni mahkamroq siqib borardi. U nigohini bir nuqtadan olmay tubsiz oʻyga gʻarq boʻldi. Kitoblarda oʻqigani, kinolarda koʻrgani, raxmatlik buvasidan eshitganlari — Oʻtmish, gʻamli, alamli oʻtmish koʻz oldiga keldi. Kuy oʻsha uzoq moziy haqida, uning yuraklarni silqituvchi dardlari hakida yigʻlab, faryod solib hikoya qilardi. Olisdan, juda olisdan kimningdir nolakor, ammo shiddatli, isyonkor, mardona ovozi chalindi kulogʻiga:

Baski qoʻydim men falakning yelkasiga gʻam yukin,

Kiydi motam toʻniniyu, boʻldi qaddi ham duto.

Eshik kars ochilib Muhabbat kirdi. Chiroqni yokdi. U erining bu ahvolda yotganini koʻrib qoʻrqib ketdi.
— Sizga nima boʻldi?

Baxtiyor gapirmadi. Faqat «jim» degandek qoʻlini koʻtardi-da, radioga ishora qildi. Shundagina Muhabbat kuyni eshitdi. U eriga qaradi. Qaradi-yu uning koʻzlarida elektr nurida yaltirab turgan yosh tomchilarini koʻrdi. Bu hol uni haykaldek qotirib qoʻydi. Kuy tindi.
— Sizga yarashmas ekan, — dedi Muhabbat ogʻir tin olib.

Baxtiyor indamay oʻrnidan turdi. Sekin kelib xotinini quchoqladi. Yuz-koʻzlaridan oʻpdi. Bu boʻsalar Muhabbatga hammasidan — toʻydan oldingi oʻgʻrincha boʻsalardan ham qaynoqroq, mehrliroq tuyuldi...