OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Maqsud Qoriyev. Akam qissasi
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMaqsud Qoriyev
Asar nomiAkam qissasi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Maqsud Qoriyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Akam qissasi
Maqsud Qoriyev

Yozuvchi Maqsud Qoriyevning akasi haqida yozgan esdaliklarini oʻqib chiqdim. Hayotiy va oʻqishli qissa boʻlibdi. Eng muhimi, bu yerda ortiqcha, yolgʻondakami toʻqima gaplar yoʻq. Oʻsha ogʻir, fojiali urush yillaridagi odamlar qismati soddagina qilib chizib berilgan.

Siz esdaliklarni oʻqiy boshlaysizu, voqealar ketidan ergashib ketaberasiz va nihoyat qissa oxirlagach, uni tezroq tugab qolganligidan achinasiz. Maqsudning mazkur esdalik qissasi akasiga va mening qadrdon doʻstim Ma’rufga yaxshi yodgorlikdir.

Said Ahmad, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

1942 yil yanvar oyining oxirlari, qahraton qish. Akam armiyaga joʻnaydigan boʻlib qoldi. Butun oilamiz, akamning doʻstlari bilan kuzatish uchun vokzalga chiqdik. Tumonat odam. Onam tinmay yigʻlar, koʻzlaridan shashqator yosh oqardi. Chunki toʻngʻich oʻgʻli, ishongan bogʻi, suyangan togʻi xatarli safarga ketmoqda. Undan umidlari katta edi. Boshimda doʻppi, sovuqdan junjikib quloqlarimni ishqalayman. Shu fojiali, qahraton qish kechasida sen yosh bola nima qilib yuribsan, deydigan odam yoʻq. Men boʻlsam gʻururim kuchli, akam goʻyo Vatanimizga xujum qilmoqchi boʻlgan yovuz dushmanni daf etish uchun ketayapti, degan fikr miyamdan chiqmasdi. Qani endi yoshim katta boʻlsa-yu, akam bilan birga ketib, dushmanlarni tirqiratib quvsam, deb oʻylayman.
— Hoy bola, sen nima qilib yuribsan, undan koʻra soʻlagingni artib ol, — deydi bir kishi.

Roʻmolcham yoʻq, yengimning uchi bilan burnimni artib, menga dashnom bergan qoʻpol odamdan jahlim chiqib, unga oʻqrayib qarayman.

Koʻzim akamda. Ajoyib shoir, dilbar yigit. Jingalak sochlari oʻziga yarashgan. Yozgan qoʻshiqlari elga manzur. Hov anavi sersavlat, sochlari oʻziga yarashgan yigit musiqachi, akamning she’rlariga kuy bastalagan mohir sozanda Mamadaziz Niyozov degan bastakor. Akamni jon-dildan yaxshi koʻradi. Anovi magʻrur turgan yigit esa akamning qadrdon doʻsti shoir Turob Toʻla, u ham ajoyib shirinsuxan yigit. Oppoqdan kelgan, xushbichim yigit boʻlsa, raqqoslar ustasi Ali Ardobus, akam u bilan kolxoz-sovxoz teatrida birga ishlardi. Ular koʻpincha bizning Sebzordagi uyimiz bolaxonasida yigʻilishardi. Oʻsha yerda ijodiy uchrashuvlar, she’rxonliklar, xonaki mushoira kechalari oʻtardi. Anavi burni katta, boʻyi baland, qaddi-basti kelishgan yigit boʻlsa Said Ahmad degan yozuvchi. She’r yozmaydi. Ammo doʻstlar doirasida hammani kuldirib, qiziq-qiziq hangomalar toʻqib tashlayveradi. Men ham uning hazil-huzul gaplarini yoqtiraman. Qiziq-qiziq hikoyalar aytadi-yu, oʻzi kulmay turaveradi. Uning turishi ham, yurishi ham qiziq.

Qarang endi, shu qadrdon, vafodor doʻstlar akamni safarga kuzatgani, shu qishli-qirovli kechada vokzalga chiqishgan. Bir-birlaridan ayrilisha olmaydi. Bularning taqdiri ne kecharkin? Yana qaytib uchrasha olisharmikin? Koʻnglimni oʻksituvchi bir alamni tuyaman. Gʻamgin xayollar boshimda aylanadi.

Shu vaqt kelishgan bir qiz qoʻlida bir dasta gul koʻtarib, xovliqqancha kelib qoldi. Uni koʻrib akamning chehrasi ochilib ketdi, bexosdan «voy, Yulduz keldi», deb yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi. Hammaning koʻzi Yulduzda, hayron, shundoq qahraton sovuq, kechada gul koʻtarib kelgan bu oshuftahol qiz kim boʻldi ekan oʻzi? Kuzatishga kelganlarning diqqat-e’tibori Yulduzda. Ular akam bilan ikkalasi soʻzlashmasdan bir-birlariga qaragancha sukut saqlashar, goʻyo shu jimjitlik soʻnggida katta bir ichki tugʻyon, sogʻinchli firoq yotgandek. Koʻzlari giryon, yulduzdek miltillaydi, ayriliq dardiga zoʻrgʻa chidab uchib ketay, deb turibdi, iloji boʻlsa lip etib poezdga chiqib olsa...

Urushning oʻsha ogʻir yillari, bunday oʻylab qarasam, akamning kuch-quvvatga toʻlib, ijod maydoniga dadil kirib kelayotgan davrlari edi. Qarangki, oʻsha nozik, xalqchil, tabiat va inson muhabbati, sadoqatini, ona Vatan madhini kuylovchi dilbar qoʻshiqlari, endi mash’um urush mavzulariga aylanib ketadiganday tuyulardi menga. Akam ketgandan keyin dastlabki xatlari Bessarabiyadan kelgani yodimda. Koʻpincha onam nomiga maktub yoʻllar edi. Ularning ichiga yurakni toʻlqinlantiruvga she’rlar ham qoʻshib yuborardi.

Mana oʻsha xatlardan biri:

«Aziz onajon, adajon, siz azizlarimga, mehribonlarimga uzoq oʻlkalardan salom yoʻllayman. Bu yerlarga kelib qolishimni sira-sira oʻylab koʻrmagan ekanman. Qarangki, qancha azob-uqubatlar bilan bir dashti-biyobondek joyga olib kelib tashlashdi. Sovuq qurgʻur joningni oladi, hartugul kelishimiz bilan issiq kiyimlar berishdi.

Havo sovuq, kelayotgan shumxabarlar undan ham sovuq. Gʻarbiy Ukraina bilan Gʻarbiy Belorusiyani zabt etib, erta-indin bizga urush boshlar emish, degan noxush xabarlar yuribdi. Nega urush boʻlar ekan, u kimga kerak? Axir, bizning Oʻzbekistonimiz kimga xavf solayotgan emish, tushunmayman.»

Maktubning soʻnggida menga yozilgan toʻrt enlik xat va akamning «Toʻrt tomchi koʻz yoshi» degan nihoyatda ta’sirli she’ri ham bor edi. «Uni sen aziz doʻstim shoir Turob Toʻlaga olib borib ber, hozir u radioda ishlamoqda. Agar iloji boʻlsa, she’rlarimni «Qizil Oʻzbekiston» gazetasiga yetkazsin. U yerda tanishlari koʻp», deb yozgan edi.

Men «Toʻrt tomchi koʻz yoshi» she’rini oʻqib chiqqanimda, she’rning boshlanishidagi bir joyiga e’tibor berdim.

Esingda bor boʻlsa nigorim, jonim,
Kuzatish uchun deb vokzalga chiqding.
Shu daf’a koʻzingda sevimli yorim,
Koʻp emas, toʻrt tomchi yoshingni toʻkding?..

Bu oʻsha, vokzalga kuzatish uchun chiqqan Yulduzga qaratilgan satrlar edi. Keyin ancha vaqtgacha xat kelmay qoldi.

Xatlarim ichida Ma’ruf akamning Donetskdan yozgan bir maktubi saqlanib qolgan ekan.

«Ogʻir damlar, Inson qulogʻi eshitmagan yovuzliklar.

Tinch zamonlar qayda qoldi, nega men shu doʻzaxga tushib qoldim.

Koʻzimning nuri Onajon. Shunday ogʻir damlarda Sizlarni eslayman, sogʻinaman, mehrli qarashlaringiz, kuyib-yonib yurishlaringiz koʻz oldimda namoyon boʻladi. Uyga kelganimda bir kosa issiq palovni mehr bilan keltirib qoʻyishlaringiz hech yodimdan chiqarmidi! Mehribon dadajon, oʻzingizni ehtiyot qiling. Opalarim, ukalarim, sizlardan iltimos, mening yoʻqligimni bildirmay, oyimga, otamga yaxshi qarab turinglar. Bu yerda Oʻzbekistondan kelgan ajoyib yigitlar bilan tanishib qoldim. Shoir Nazarmat, Mahmud Musaev degan taxtapullik yigit, Vali Umarov, yana front gazetasida Toʻgʻon Ernazar degan shoir bilan doʻstlashib qoldik.»

Maktub bilan yana bir dasta she’r. Uni men radioga olib borib berishim kerak. «Donetskdan xat» degan she’r shunday boshlanardi:

Yana koʻklam, sogʻintirar bahor onlaring,
Bahor koʻrking, bahor zavqi armugʻonlaring.
Jilvalaring, gulzorlaring mushtoqidurmen,
Amal olsin orzularing va armonlaring.

Akam menga yozgan bir xatida oʻsha Toshkent vokzalida kuzatuvga chiqqan Yulduz degan qizning nomiga yozgan xatini qizning manzili bilan qoʻshib yuborgan ekan. Ma’ruf akamning topshirigʻi bilan qidirib, qizning uyiga bordim. Afsuski, Yulduz allaqachon turmushga chiqib ketgan ekan. Keyin men akamga bu haqda hech narsa yozmadim. Istiholaga bordim, xafa boʻlmasin deb.

Bir safar akam yuborgan she’rlarni shoir Turob Toʻlaga olib borib berganimda, boʻlgan voqeani soʻzlab berdim. Aftidan, Turob aka frontga yoʻllagan xatida Yulduz haqidagi gaplarni yozgan boʻlsa ham ajab emas. Chunki akam keyingi xatida bu haqda biror marta yozmadi, eslamadi ham.

Ushbu mavzuga yana qaytadigan boʻlsak, akam urush tugagach, ta’tilga kelganida, birgalashib bir qadrdon doʻstimiznikiga mehmonga bordik. Doʻstimning tugʻilgan kuni boʻlgani uchun anchagina qadrdonlari yigʻilishgan ekan. Uyning toʻrida barchaning e’tiboriga tushib yosh, doʻndiqqina bir ayol eri bilan oʻtirardi. Ayol koʻzimga juda tanish koʻrinardi. Kimnidir eslatardi. Xayollarim toʻzgʻib, akamga qaradim, u koʻzlarini bir nuqtaga tikkancha oʻtiribdi.
— Aka, ovqatlardan olib oʻtiring, — deyman. Lekin Ma’ruf akam yana jim, quyilgan aroqdan ketma-ket ichardi, ammo ovqat yemasdi, xayol daryosiga choʻmib, miq etmay oʻtira berdi.
— Aka, anavi ayolni qaerdadir koʻrgandayman, ammo eslay olmayapman, — dedim.

Shu vaqt pastroqda oʻtirgan bir kishi qadah koʻtarib:
— Aziz doʻstlar, shu qadahni kechamizning aziz mehmoni Sodiq akamiz va ul kishining rafiqalari sevimli Yulduzxon opamizning salomatligi uchun koʻtaraylik, — deb qoldi.

Esimga tushdi, bu oʻsha, ha, urushning oʻsha ogʻir damlarida akamni vokzalda koʻz yoshlari bilan kuzatib qoʻygan Yulduz... Bir akamga, bir ayolga qaradim. Toshkent vokzali, oʻsha qahraton qish, bir-biridan ajralolmay turgan, ilk muhabbat lazzatlari bilan sarmast qalblar, mehrli-sevgili koʻzlar koʻz oldimdan oʻtdi. Akam sukutda, ayolga qaradim, koʻzlarida oʻsha toʻrt tomchi koʻz yoshi aks etgandek koʻrindi menga. Taqdir ekan, qonli urush inson hayotiga, qismatiga qanday ta’sir koʻrsatganligi koʻrinib turibdi. Bunda hech kimni ayblab ham boʻlmaydi.

Oʻshanda akam gapdan-gap chiqib, menga frontda birga jang qilgan, necha bor oʻlimga tik borib, birga qon kechgan, xuddi aka-ukadek qadrdonlashib ketgan bir doʻsti haqida yana bir hikoyani soʻzlab berdi:
— Men Umarali Vohidov bilan birinchi bor front shtabida koʻrishib qoldim. Keyin u bilan bir qismda jang qilishga toʻgʻri keldi. Juda ajoyib, xushchaqchaq yigit oʻzi. Urushning ogʻir damlari edi. Oʻshanda kuni-kecha soppa-sogʻ yurgan jangchidan bir zumda ajralib qolish hech gap emas edi. Jang oldidan ikki doʻst quchoqlashib, oʻpishib xayrlashardik, bir-birimizga sihatlik, omad, gʻalaba tilardik. Bir kuni Umarali jangga ketib, qaytmadi. Men xavotir olib surishtirsam, yarador boʻlib, yaqindagi dala gospitaliga tushib qolibdi. Oʻsha kuniyoq gospitalga bordim, salomat ekanligini koʻrib, oʻzimda yoʻq quvondim. Keyin har kuni boʻsh vaqt topib, doʻstimning hol-ahvolidan bir bor xabar olib kelardim. Umarali Vohidov har borganimda koʻziga yosh olib, sogʻ-omon qolganligi uchun ming-ming shukur qilardi. Ikki haftadan keyin Umarali tuzalib chiqdi. Doʻstimning sihat-salomat kelganligi uchun ot goʻshtidan bir amallab osh qildik.

Jang tobora keskin tus olar, mamlakat uchun gʻoyat ogʻir payt, hayot-mamot jangi bormoqda edi. Qattiq janglarning birida Umarali Vohidov yana ogʻir yarador boʻldi. Men uni oʻq yomgʻirlari ostida jang maydonidan ne-ne azoblar bilan olib chiqib, keyin zudlik bilan gospitalga joʻnatdim. Shunda ham koʻnglim boʻlmay, orqasidan tezda oʻzim ham yetib bordim, Umarali jarroh xonasida ekan. Meni tanib: «Rahmat, umrbod unutmayman sizni», — dedi pichirlab.

Jarroh bir gurji ayoli ekan. Doʻstimni saqlab qolishni undan yolvorib soʻrayman. Ayol: «Koʻp xavotir boʻlmang, tuzalib ketadi», — dedi meni ishontirib.

Bu voqea 1942 yilning avji qish chillasida roʻy bergandi. Dushman koʻp talofat koʻrsa ham, hujumni kuchaytirmoqda, biz bir necha shahar va qishloqlarni boʻshatib, vaqtinchalik orqaga chekinmoqda edik. Shu toʻpolon ichida gospital ham boshqa joyga koʻchib, Umarali Vohidovni yoʻqotib qoʻydim. Keyin qancha qidirmay, surishtirmay, doʻstimni topa olmadim. Faqat 1944 yilning boshlarida toshkentlik quroldosh oʻrtogʻim gvardiya mayori Mahmud Musaevdan xat oldim. Umaralini tanirdi, men bilan qadrdonligimizni ham bilardi. U oʻz xatida doʻstim Umarali Vohidov Toshkentda ministr lavozimida ishlayotganligini bildirgan edi.
— Boʻlmasa, oʻsha ministrlikka bora qolaylik, — dedim akamga.

Oʻsha kuniyoq akamning qadrdon doʻstini soʻroqlab ministrlikka bordik. Yoʻl-yoʻlakay ikki doʻstning samimiy uchrashuv daqiqalarini tasavvur qilaman, koʻz oldimdan ana shu boʻlgʻusi quvonchli damlar oʻta boshladi.

Ministrlik qabulxonasi odamlar bilan toʻla. Men akamga imo qilib, qabulxona kotibasiga murojaat qilishni aytdim. Akam juda kamtar, sodda yigit boʻlganligi uchun mening imo-ishoramga e’tibor ham qilmay, indamasdan borib, boʻsh stulga oʻtirdi. Men ham akamning oldida odob saqlab, uning yoniga choʻkdim. Qabulxona kotibasi «nimaga keldinglar», degandek qarayverdi. Keyin borib: «Bu kishi Umarali Vohidovning quroldosh oʻrtogʻi, agar iloji boʻlsa ministrga kirib aytsangiz», deb akamning ismi sharifini yozdirib qoʻydim.

Kotiba oʻsha zahotiyoq ministrning xonasiga kirib ketdi. Yuragim betinch, gup-gup uradi. Xayollarim toʻzgʻigan... Oʻzim ham oʻlgudek xayolparastman-da! Kotiba kirib ketgach, shu asnoda boʻlgʻusi uchrashuvni xayolan shunday tasavvur etaman...

«...Ministr xonasining eshigi ochiladiyu, ichkaridan xovliqqancha Umarali Vohidov chiqib keladi. Ministrni koʻrib qabulxonada oʻtirganlarning hammasi oyoqqa qalqqancha, qoʻllarini koʻksiga qoʻyib tantanavor turishadi. Akam ham jangovar doʻstini koʻrib, ikkovlon quchoqlashib koʻrishib ketishadi. Ular endi hamma narsani unutganday, bir-birlariga toʻymay, hatto soʻzlashishga ham oʻrin qolmaganday bagʻirlarini bagʻirlariga bosishadi.
— «Aziz doʻstim, qadrdonim, dunyoda bor ekansan-ku, seni yoʻqotib qoʻygan edim, hartugul sihat-salomat ekansan. Oʻzing ham jonon yigitsan-da, oʻrtoq kapitan. Qara, nishonlar muborak. Jangovar «Qizil yulduz»-a, barakalla, qandingni ur! Butun Ovruponi aylanib chiqibsan-a, jahongashta yigit.

Ministrning soʻzlariga hamma turganlar chapak chalib yubordi. Men ham.»

Shu yerga kelganda xayollar tasmasi uzildi.

Besh-oʻn daqiqa oʻtgach, ichkaridan koʻzoynakli basavlat bir kishi chiqib ketdi. Qoʻngʻiroq chalindi. Kotiba yondaftarni koʻtargancha kirdi-yu, orqasiga qaytib chiqib, «kiringlar» deb, bizga ishora qildi. Boʻlajak uchrashuvni oʻylab, yana yuragim gup-gup ura boshladi.

Biz ministr huzuriga kirib borayotirmiz-ku, xonadagi boʻlajak uchrashuv yana oʻsha kino tasmasining davomidek, yana koʻz oʻngimdan oʻta boshladi:

«Akamning doʻsti xonaning oʻrtasida quchoq ochib qarshi oldi. Jangovar doʻstlar bir-birlarini oʻpishib, yalab-yulqab ketishdi. «Eson-omon keldingmi, doʻstim, qadrdonim, seni juda sogʻinib ketdim-ku!» «Koʻrinishlaring yaxshi, tuf-tuf, koʻz tegmasin, tagʻin jangovar nishonlaring muborak boʻlsin, chiroyli nishonlar ekan, qara-ya, Varshava, Buxarest, Belgrad, Berlin... Eng muhimi sogʻ-salomat ekansan, biz uchun ana shunisi muhim...» Keyin u akamni yana quchoqladi.»

Bu, albatta, mening fikrim koʻzgusidagi shirin xayollarim. Oʻzimcha tafakkurimdagi kino desam ham boʻladi...

Umarali Vohidovning xonasiga kirganimizda, u telefonda kim bilandir gaplashayotgan edi. Keyin bizga yuzlanib:
— Ey, doʻstim-ey, ketaman degin-a, yana diydoringga toʻymay qolarkanman-da. Men gʻaribni kimlarga tashlab ketasan, rahmsiz?!

U ogʻir judolikka uchrayotgandek qaygʻuli bir alfozda, xayr azizim, kutaman, sabrsizlik bilan kutaman, dedi yigʻlamsiraganday.

Soʻng u xayrlashmoq uchun qoʻl uzatdi. Akam sovuqqina qoʻlini berdi-yu, eshik tomon ketdi.

Akam uyga borguncha churq etmadi. Keyin armiyadan boʻshab kelgandan keyin ham quroldosh oʻrtogʻi haqida biror marta ham soʻz ochmadi...

Endi oʻylab qarasam, oʻsha sobiq totalitar tuzum davrida amaldorlikni oʻzlariga abadiy berilgan, deb biladigan ayrim rahbarlar doʻstlik, qadrdonlik degan narsani faqat odamlarning mavqeiga, darajasiga qarab belgilar ekanlar. Axir, amal kishilarga abadiy berilmaydi-yu, «Qush osmonga uchgach, albatta yerga qaytib tushadi», deydi bobokalonlarimiz.

Biz Toshkentning Sebzor mahallasidagi bolaxonali uyda turardik. Bahor boʻldi deguncha Yunusoboddagi dala bogʻimizga koʻchib, to kech kuzgacha oʻsha yerda yashardik.

1943 yilning bahor oyida birdan shahardagi uyimizga harbiy libosdagi bir qiz kirib keldi. Xushqomat, chiroyli. Moviy koʻzlari dengizga oʻxshaydi. Koʻkragida «Qizil Yulduz» nishoni, bir qancha nishonlari...

Kirib onam bilan quchoqlashib, bagʻriga bosib koʻrishdi.
— Menya zovut Natasha Arxipova. Ya ot Ma’rufa, vashego sыna, on vam bolshoy privet peredaval, — dedi mayin jilmayib.

Onamga uning gaplarini tarjima qilib berdim.
— Voy oʻlmasam, bolamni oldidan keldingmi, oʻzi sogʻmi-salomatmi, qani oʻgʻlimni koʻrgan koʻzlaringdan bir oʻpay, deb oyim qizning koʻzlaridan, yuzlaridan oʻpa boshladilar.

Xullas, shundan soʻng darhol dasturxon yozilgan, onaizor emasmi, yoʻq yerdagi narsalarni keltirib dasturxonga toʻkib soldilar. Bir pasda choy ham qaynab kelaqoldi. Men boʻlsam tarjimon.
— Seni koʻrib, «qizimka», oʻgʻlimni koʻrgandek boʻldim, boʻyi-bastingdan oʻrgulay seni, — deb biroz koʻz yoshi ham qildilar.

Qiz onamning soʻzlariga uncha tushunmas, ammo onaizor nima deyayotganini dilidan sezib turardi.

Onam shoʻrlik frontdan xushxabar keltirgan qoʻgʻirchoqdek bu koʻhlik qizni qayga oʻtkazishni bilmas, nima qilsam shu ayolga yoqar ekanman, degandek uni yetaklab xonalarga olib kirar, devorda osigʻliq turgan akamning rasmini koʻrsatib: «Xoʻp ajoyib oʻgʻlim bor-da, oʻzi ham yigitmisan yigit, hali toʻylar qilamiz, eson-omon kelsa uylantirib qoʻyaman, bir yaxshi qiz ham topib qoʻyganman, ha, senga oʻxshagan chiroyli», deb harbiy qizni yana bagʻirlariga bosib quchoqlardilar.

Onam keyin sandiqni ochdilar-da, undan keliniga atab qoʻygan sarupolardan ichki kiyim va bitta xonatlas koʻylakni olib Natashaga berdilar. «Ma, kiyib ol, mana bu urush kiyimlaringni yechib tashla, tanang biroz dam olsin», dedilar ayolga mehri yana ham tovlanib ketib.

Natasha onam bergan kiyim-boshlarini oldi-da, yuvinish xonasiga kirib ketdi. Bir necha daqiqadan soʻng yuvinib-taranib, haligi xonatlas koʻylakni kiyib chiqqan edi, onam hayratdan lol boʻlib qoldi:
— Voy oʻlmasam, kelin poshshaning oʻzi boʻlding-ku, atlas koʻylak biram yarashibdiki, oʻzing ham ukparga oʻxshaysan, oppoq qizim...

Natasha onamning gaplariga tushunmas, kulgancha koʻylagining uyoq-buyogʻini tuzatgan boʻlar, keyin kelib qarshisida zavq bilan turgan mehribon ayolni quchoqlab yuz-koʻzlaridan oʻpa boshladi. Keyin onam menga ba’zi bir bozor-oʻchar ishlarini buyurdilar-da, oʻzlari qilgan saxovatli ishlaridan xursand boʻlib oʻchoq boshiga borib, kechki ovqatga unnadilar.

Kechqurun ovqatdan soʻng Natasha jomadonini ochib, mayda-chuydalarni saranjom-sarishtalay boshladi. Onamga jundan toʻqilgan issiq koʻylak, boshiga chiroyli shohi roʻmolcha soldi. Menga boʻlsa zobitlar taqadigan soat berdi, ustidan kanop bilan boylangan karton qutini ochib, bir kostyum olib «Dadamga ber» deb tayinlagan, dedi. Keyin opalarimga koʻylak, roʻmol, turli taqinchoqlarni olib qoʻydi. Soʻng jomadon choʻntagiga ehtiyotlab solib qoʻyilgan, onam va otam nomiga bitilgan xatni tutqazdi. «Buni akangiz berib yubordilar. Unda hamma gap yozilgan», deb qoʻydi.

Xatni ochib, ovoz chiqarib oʻqiy boshladim va yoʻl-yoʻlakay tarjima qilib berdim:

«Mehribon onajonim, aziz otajonim. Salomdan soʻng sizlarga ma’lum boʻlsinki, ushbu xat olib borguvchi Natasha Arxipovani men uchun eng qadrdon, sevimli ayol deb bilursizlar. Toʻgʻri gapni aytsam, men unga uylandim. U meni bir necha bor oʻlim va ofatlardan qutqarib qolgan. Uni ranjitmay, oʻz farzandingizdek qabul etgaysizlar. Omon-eson qaytib borsam, el-yurtga katta toʻy qilib berurman.

Onajon, xafa boʻlmang, nega oʻgʻlim beruxsat uylanibdi deb, Natasha juda ham odobli, mehnatkash qiz. Meni qanday koʻrsangiz, unga ham shunday mehr bilan qarang. Oʻz qizingizday...

Sizlarga hurmat-ehtirom bilan sogʻinib qolguvchi oʻgʻlingiz Ma’ruf, 1943 yil, oktyabr.»

Onam xatni boshdan-oyoq eshitdilaru, ranglari dokadek oqarib ketdi. Kipriklari pir-pir uchar, lablari gapga kelmay titrardi. Tillari soʻzga kelmas, yigʻlashni ham, quvonishni ham bilmasdilar.

Onamning nafaslari ichlariga tushib ketganday edi. Boshlariga oʻrab olgan sovgʻa roʻmolni yechib, yostiq ustiga tashladilar. Keyin jazavalari tutdi:
— Bu nima qilgani, soʻramay-netmay. Endi kunim shunga qolibdimi? Esi yoʻq akang nima ish qilib qoʻydi-a? Qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnilar oldida ne degan odam boʻldim. Men uni tilini tushunmasam, zotini bilmasam. Astofurullo, astofurullo! Endi menga shu tashvish ham bor ekanmi?

Onam koʻzlariga yosh oldilar.

Onamning soʻzlariga uyalib ketdim. Yaxshiyam Natasha oʻzbekchani bilmaydi, gaplarini tushunmaydi. «Nima boʻldi oʻzi, oyim nega yigʻlayapti», deb ularga yaqinlashib koʻngillarini koʻtarmoqchi boʻlar, onam boʻlsa unga qarab: «Nari tur, suykalma menga, bor oʻsha oʻgʻlimning yoniga», deb teskari oʻgirilib oldilar. Natasha oʻngʻaysiz ahvolda edi, ne qilarini bilmay bir oyimga, bir menga qarar, keyin peshayvon chekkasidagi qoziqqa ilib qoʻyilgan shinelini kiyib, bir chekkada ochiq turgan jomadoniga mayda-chuydalarini pala-partish sola boshladi. Asabi buzilganligidan qoʻllari titrardi. Shoʻrlik, shunchalik boʻlishini koʻz oldiga keltirmagan boʻlsa kerak. Keyin menga qarab:
— Mayli, onamga tushuntiring, koʻp xafa boʻlmasinlar, men ketaman, — dedi-da eshik tomon yuraboshladi.

Endi mening ham jahlim chiqib, oʻzimni tutolmadim:
— Oyyi, nima qilib qoʻydingiz, axir, endi butunlay ketib qoladi-ku! Akamga nima deymiz?

Endi oyim ham qiziq bir holatda, nima qilishlarini bilmay arosatda turar edilar.

Menga yuzlanib:
— Boʻlmasa nima qilay, axir! Agar xotini boʻlsa, anavi tepadagi akangning oʻzi yotadigan uyga kirib turaversin, — dedilar biroz jahldan tushganday.

Xursand boʻlib ketdim, chopa borib: «Hech qaerga ketmaysiz, onam shunday dedilar, shu yerda turasiz», — deb, qoʻlidagi jomadonini olib, akam turadigan uyga qoʻyib chiqdim.

Natasha ham onamning holatini tushundiyu, oʻzi gap boshladi:
— Oyijon, aslo xafa boʻlmang, Ma’ruf eson-omon qaytib kelsa... ungacha birga turaveramiz, hammasi yaxshi boʻladi, agar qachon ket desangiz, ketaveraman, — dedi kulimsirab.
— Yana irshayadi-ya, birov oʻlay desa, birov kulay dermish, ana oʻsha bolaxonaga kirib turaver, — dedilar onam yana xonani koʻrsatib.

Shundan keyin bir necha kun oʻtdi. Hammayoq joyiga tushganday. Natasha kelgach, xonadonimizga goʻyo fayz kirganday edi. Qarovsiz boʻlib qolgan uy-hovlilar ancha tartibga tushdi. Natasha bozordan ohak olib kelib hammayoqni oqladi, devorlarni suvoq qildi. Oʻzi harbiy Komissariatga borib, vaqtinchalik ishga ham joylashdi.

Oʻsha yili kuzda men ham Toshkent davlat huquqshunoslik institutiga oʻqishga kirib olgan edim. Bir kuni oʻqishdan qaytib kelsam, oyim uyda bir oʻzlari oʻtirgan ekanlar. Salom berib yonlariga choʻkkaladim. Qani kelinlari haqida nima der ekanlar deb, ogʻizlarini poyladim, lekin oyim anchagacha bu haqda ogʻiz ochmadi. Oxiri oʻzim gap boshlashga majbur boʻldim:
— Qalay endi, keliningizdan xursandmisiz?
— Aylanay bolam, yana keliningiz deysan-a, men senga aytsam, baribir boʻlmaydi, akang qaytib kelganda naq onasi oʻpmaganni olib beraman.
— Axir, Natashaning nimasi sizga yoqmayapti?
— Sen menga hadeb bunaqa savol beraverma, bu qizni yomon deyapganim yoʻq. Oyoq-qoʻli chaqqon, oʻzi juda mehribon, vaqti kelsa ustimda oʻlib qoladi. Ishdan charchab kelsa ham kechasi bilan uy tozalaydi, kir yuvadi. «Hay, qizimka, uxla endi», desam ham qayoqda deysan...
— Ana, koʻrdingizmi, siz boʻlsangiz...
— Ey, baribir oxiri voy, boʻlmaydi, — dediyu, onam yer ostidan menga qarab qoʻydilar.
— Tushunolmadim, oʻzingiz maqtaysiz-ku, keyin yana boʻlmaydi, deysiz? Bu qanaqasi?
— Ey bolam, nega hadeb menga unaqa deysiz, bunaqa deysiz, deyaverasan! Axir, men uni yomon, deyapganim yoʻq-ku! Mana, kuni kecha ishxonasidan maosh olibdi, hammasini qoʻlimga olib kelib tutqazdi, — dedilar va roʻmolchaga tugib qoʻygan bir dasta pulni olib menga koʻrsatdilar.
— Ana, koʻrdingizmi, bunaqa kelinni qaerdan topasiz?

Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar oʻtdi. Bir kuni Natasha ishdalik vaqtida Ma’ruf akamdan xat kelgan ekan, oyim meni chaqirib qoldilar.
— Oʻqib ber-chi, nima deb yozibdi. Hammasini oʻqi. Anavi Natashaga yozganini ham oʻqi, nima degan ekan?..

Natashaga atalgan joyini oʻqib bermadim. Xatning soʻnggida: «Onajon, Natasha sizdan juda xursand, xuddi oʻz qizingizdek mehribonlik koʻrsatibsiz, buning uchun katta rahmat», deyilgandi.
— Ha, xursand ham boʻlmasinmi? Axir, suqsurdek oʻgʻlimni berib qoʻyganimdan keyin...

Shundan bir oycha vaqt oʻtgach, bir kuni hovlida mayda-chuyda ishlar qilib yurgan edim, onam kelib:
— Hoy, bolam, anaviga bir balo boʻldimi? Ikki kundan beri ishga bormaydi, yotoqchilagani yotoqchilagan. Kasalga oʻxshaydi. Doktor chaqirib bersangmikan, — dedilar.

Natashaning xonasiga kirdim. Uning rangi ancha ketib qolgan. Katga yonboshlab, oyogʻiga issiq grelka qoʻyib, kitob oʻqib oʻtirardi.
— Nima boʻldi, ishga ham bormabsiz?
— Ta’tilga chiqdim, — dedi xiyol kulimsirab.
— Ishga kirganingizga bir yil boʻlgani yoʻq-ku, darrov ta’til berishdimi?
— Ha, berishdi, gapning rostini aytsam, dekret ta’tiliga chiqdim, — dedi uyalibgina.

Men Natashaning yonidan chiqib, hamma gapni onamga yotigʻi bilan tushuntirdim.

Onam bu xabarni eshitdilaru, chopgancha Natashaning xonasiga kirib ketdilar. Juda ham qoʻrqib ketdim, onam yana janjal boshlasalar nima boʻladi, deb hadiksiradim. Keyin onamning orqasidan yurib, eshikka yaqinlashgan edim, ichkaridan hayajon bilan gapirayotgan ovozlari eshitildi:
— Voy bolam tushmagur-ey, shundoq ekan, bir ogʻiz aytsang boʻlmaydimi? Axir, men begona emas, onangman-ku! Xudoga shukr, nevara ham koʻradigan boʻlibman! Bolamning bolasi...

Bahor boʻlishi bilan biz Sebzordagi shahar hovlimizdan Yunusoboddagi dala bogʻimizga koʻchib ketdik. Otam jamoa xoʻjaligida ferma mudiri boʻlib ishlar edilar. Men, onam, Natasha dala bogʻimizda yashay boshladik. Oʻshanda Natashaning oy-kuni yaqinlashib qolgan edi. Dalaga koʻchib borganimizdan keyin kelinposhsha qoʻchqordek oʻgʻil tugʻib berdi. Otam unga Bahodir deb nom qoʻydilar.

Ammo akam urushdan keyin ham harbiy xizmatdan boʻshamadilar. Xizmat qilishni davom ettirdilar. Oʻgʻillari Bahodir bir yoshga toʻlgan, juda shirin, yoqimtoy bola boʻlgan edi.

Bir kuni Natasha kechqurun oila davrasida suhbatlashib oʻtirgan chogʻimizda:
— Yurtimni, ota-onamni sogʻindim, Ma’ruf hali kelmaydiganga oʻxshaydi, agar ruxsat bersangizlar, ota-onam oldiga ketsam, — deb qoldi.

Hammamiz bir boʻldik, uning oʻzi bir soʻzda turib oldi. Rozilik berishdan boshqa ilojimiz qolmagan edi.

Akam armiyadan qaytib kelgach, dastlab Yunusoboddagi oʻrta maktabda muallim boʻlib ishladi. Zamon taqozosi bilan oʻsha maktabning muallimasi Safuraxon Hakimovaga uylandi. Bu ota-ona amri bilan boʻldi. Keyin Ma’ruf akam oʻqituvchilikdan Oʻzbekiston Radio eshittirishlari davlat qoʻmitasiga ishga kirdi. Akamning yana ijod maydoniga kirishi ana shu davrdan boshlandi.

Hayotning hech kim bilmas, oʻziga xos qonuniyatlarini qarangki, akam vafotidan bir necha yil oʻtgach, Natashalar xonadonidan xushxabar keldi. Oʻgʻillari Bahodir oʻz ukalariga sovgʻa-salomlar yuboribdi. Akamning farzandlari — Goʻzal, Alisher, Gulnora, Hamza, Feruz va Gulyorani oʻz yurtiga mehmonga chaqiribdi. Ma’lum boʻlishicha, Bahodir katta tijoratchi boʻlib ketgan emish. Uchta farzandi bor ekan — Ma’ruf akamning nevaralari...

Biz uchun qardoshlik iplari olis Ukrainada ham tomir otayotganligi, doʻstlik rishtalari naqadar mustahkam bogʻlanayotganligi yana ham quvonchli edi.