OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMaqsud Qoriyev
Asar nomiBir oyda oʻlasiz (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Maqsud Qoriyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir oyda oʻlasiz (hajviya)
Maqsud Qoriyev

Ahmad polvon oʻtirsa tura olmas, tursa oʻtira olmasdi. Eh-he, uni koʻrsangiz hayron qolasiz, koʻchada kelyapti-yu, xuddi togʻ yurayotganday vahimali. Oʻzi ham yuz ellikdan ortiq. Aslida mahalladagi eng semiz odam shu. Gavdasiga yarasha biror joyda kurash tushsa ham mayli edi, qayda deysiz, hatto ish qilishga ham yaramaydi, ovqat boʻlsa bas, koʻrdim demaydi. Toshkentning qaerida osh borligini odamlardan soʻrab bilib oladi. Tong saharlab Oʻrdaga, keyin «Nur»ga, harsillab, «Navroʻz»ga chopadi. Qani endi oʻzi bemalol sigʻadigan mashina boʻlsa-yu, hamma oshlarga ulgursa...

Kechqurun televizor qarshisida yumalab yotsa, birdan ekranda reklama berib qoldi: «Uch kunda ozdiramiz», «Superozish "50 kilogacha», «33 sekundda ozdiramiz», «Bir haftada 3-5 kilo ozdiramiz», «Qorningizdagi yogʻni yoʻq qilamiz», «Yangi yilgacha ozdiramiz», «Qorningizni yoʻq qilamiz, kuch-quvvatingizni ham»... Xullas, oynai jahonda reklamachilarning telefon nomerlari ham berildi. Ammo Ahmad polvon shoshganidan telefonlarni yozolmadi. Yonida qalam-qogʻozi ham yoʻq edi. Dardiga davo topilganidan oʻzida yoʻq xursand. "Tavba, «Umrbod ozdiramiz», «Bir soatda ozdiramiz», deyishayapti. Qoyil-ey! Bir zumda sumbatdek yigit boʻlib qolsam-a? Olovuddinning sehrli chirogʻi ham shunchalik ajoyibotga qodir boʻlmasa kerak.

Sevinganidan muzlatgichni ochib, kechqurundan qolgan moshkichirini, sovuq boʻlsa ham, butun non bilan tushirdi. Bankadagi sovutib qoʻyilgan yaxnani bir simirishda tinchitdi. Keyin nafsi qonib, koʻngli joyiga tushdi-yu, ayiqday lapanglab, xonasiga kirib uxlab qoldi.

Tushida oʻsha odamlarni ozdiradigan joyga borganmish. Borsa, choʻpdek ozib ketgan bir chol oʻtirgan ekan. Ozgʻinligidan soʻzlashga darmoni yetmas emish.
— Nega bunchalik ozib ketdingiz? — deb soʻrabdi polvon.
— Bu yerda savolni biz beramiz, siz bugundan boshlab «ozdirxona»ga bemor etib qabul qilindingiz, — debdi-yu, chol qoʻngʻiroq tugmasini bosgan ekan, boʻyi shiftga yetadigan ikkita ozib-choʻzilib ketgan, qora xalatli kishi polvonni qoʻltigʻidan sudrab katta hovuz boʻyiga olib borishibdi. Qarasa, hovuzda muz aralash suv emish. Ichida qandaydir qurbaqaga oʻxshagan xunuk mahluqlar suzib yurganmish. Shunda haligi ikki kishi uni qoʻltigʻidan sudrab olib kelib, hovuzga otib yuborishibdi. «Dod» deb yuborgan ekan, oʻzining ovoziga uygʻonib ketibdi. Hartugul tushi ekan. Biroz oʻziga kelib, oʻrnidan turib, chiroqni yoqib, soatga qarasa, yetti boʻlibdi. Darhol koʻkchalik bir qadrdon doʻstiga telefon qilibdi:
— Hoy, Boqivoy, biror bir ozdiradigan joyning telefonini bilasanmi?
— Senga nima boʻldi, polvon, saharlab ozging kelib qolibdi?..
— Kecha televizorda koʻrsatgandi. Shu telefon raqamini yozib ulgurolmadim.
— Menga qara, qaysi bir gazetada juda koʻp e’lon beradi... Ha, aytgandek, «Tasvir»ni qara, ozdiradigan joyning telefoni oʻshanda boʻladi...

Ahmad polvonning ishi yurishmadi. Nonushtani qildi-yu, zerikib, odati boʻyicha eshik yoniga chiqib, oʻziga alohida qilingan taxta oʻrindiqqa joylashgan ham ediki, mahalla oqsoqoli kelib qoldi:
— Ha, polvon, ta’bingiz xira koʻrinadi.
— Yaxshi kelib qoldingiz, — dedi-yu, polvon arz-dodini soʻzlab ketdi.
— Ey, qiziq ekansiz, Taxtapulda Dadavoy degan moshpurush bor. Shunga borsangiz, davo topasiz. Zoʻr tabib.

Keyin uning uy manzilini sinchiklab tushuntirib berdi.

Polvon peshinga yaqin moshpurushning uyini topib bordi. Moshpurush kichkinagina odam ekan. Qizigʻi shundaki, polvon tushida koʻrgan ozdiradigan joydagi oʻsha jikkak kishiga juda oʻxshab ketarkan. «Tushimmi yo oʻngimmi», deb hayron boʻldi polvon.
— Xoʻsh, keling polvon, xizmat? — dedi moshpurush.

Ahmad polvon boʻlgan voqeani soʻzlab berdi.

Moshpurush sinchkov koʻzlari bilan polvonga boshdan-oyoq qarab turdi-da, «Boʻlmaydi, vaqt oʻtgan, essiz...», deb pushaymon boʻlgandek kallasini likillatib qoʻydi.
— Boʻlmaydimi? — dedi rangi quv oʻchib ketgan polvon qarshisidagi najotkoriga ma’yus termulib.
— Toʻgʻrisini aytaymi? — dedi tabib qat’iylik bilan.
— Ayting, — sekingina soʻzladi polvon.
— Bir oydan keyin oʻlasiz, — dedi tabib polvonning koʻzlariga tik qarab.

Ahmad polvon oʻrnidan turdi-yu, tabibga: «Ahmoq odam ekansiz», deb xonadan oʻqdek chiqib ketganini oʻzi ham bilmay qoldi. Uyiga bordi-yu, kechgacha mukka tushib yotdi. Xotini uning koʻngliga yoqadigan ovqatlar tayyorlab berdi, polvon boʻlsa ozgina yeydi-yu, negadir u yogʻi tomogʻidan oʻtmay qoladi. Vaqti-vaqti bilan koʻchaga chiqib, yoʻq boʻlib ketadi, doʻkondan nimalarnidir sotib olib, uyga keltirib, oʻzining kiyim shkafiga berkitib qoʻyadi.

Bir kuni ertalabki nonushta vaqtida xotinidan:
— Zarop, oʻgʻling necha yoshga kirdi? — deb soʻrab qoldi.
— Sakkizga, nimaydi?
— Shunchaki soʻrab qoʻydim-da. Bugun alogʻ-chalogʻ tushlar koʻrdim. Yur, bir oyimlarni koʻrib kelaylik, sogʻinib ketdim, — dedi.

Xotini hayron. Erining ruhi tushib, xafa boʻlib yurganini sezardi. Ba’zan gaplari poyma-poy, bir yoqqa ketadigan odamday gʻalati qiliq qilardi.

Xullas, ruhan tushkunlikda yurgan bir oy ham oʻtib ketdi. Aytilgandan bir kun, ikki kun, bir hafta oʻtdi. Oʻlmadi, aksincha, ahvoli ancha yaxshi boʻlib, ilgarigidek harsillashlari yoʻqolgandek edi.

Oʻsha kuni koʻchaga otlanayotgan edi, xotini:
— Bu kostyumingiz oʻzingizga katta kelib, xalpillab qolibdi, mana bunisini kiying, — deb boshqa xonadan kuyovligida kiygan kostyumini, koʻylagini olib chiqib berdi. U kiyimlarini kiydi-yu, shosha-pisha tabibnikiga bordi. Tabib uyida ekan. Uni koʻrishi bilan soʻka boshladi.
— Sen ablah, sen iblis, nega meni aldading, tabib emas, yolgʻonchi, battol ekansan. Bir oydan beri na uyqumda, na ovqatimda xalovat bor. Asabim tamom boʻldi-ku. Sen menga tuhmat qilding, sudga beraman seni, aldoqchi kazzob.

Tabib esa jimgina polvonga qarab kulib turardi.
— Nega kulasan, birov oʻlay desa, boshqasi kulay dermish...
— Polvon, sizni koʻrib xursand boʻlyapman, hartugul tuzalib ketibsiz, endi oʻlmaysiz, — dedi.
— Nima, rostdan ham oʻlmaymanmi? Xuddi dori berganday gapirasan.
— «Bir oyda oʻlasiz» degan «dori»ni berganman-da!

Ahmad polvon ham tabibga qoʻshilib kulib yubordi.